Rivojlanish, kashfiyot doimo insonni hayratga solib kelgan. Tabiiylik qonuniga ko‘ra hayrat bilan boshlangan yangilik biroz vaqt o‘tgach hayotning odatiy tarkibiy qismiga aylanib qoladi. Insoniyat tarixida hayrat cho‘qqisida eng uzoq turgan kashfiyotlardan biri bu kompyuter va internet bo‘lsa ajab emas.
Kompyuter texnologiyalari bugun hayotga shiddat bilan kirib kelayapti. Yangi narsa esa yosh avlod uchun doim qiziqarli. Lekin o‘sha yosh avlod mazkur sohani ipidan ignasigacha mukammal egallashga harakat qilayaptimi yoki uning quliga aylanib borayaptimi, buni ajratib olish mushkul.
Agar bolaning o‘ziga qo‘yib bersangiz, u soatlab va hatto kunlab ana shu mashina oldida muk tushib o‘tirishi mumkin. “Bu yaxshi emas!” ligini barchamiz bilamiz. Lekin bunga baribir to‘sqinlik qilolmaymiz. Buning sabablari juda ko‘p. Birinchidan, bolani har qadamda nazorat qilishning imkoni yo‘q yoki bunday ishning oqibati bolaga nisbatan ishonchsizlik va uni bezdirib qo‘yish bilan tugashi mumkin. Ikkinchidan, katta avlodning kompyuter texnologiyalari borasidagi bilimlari yetishmasligi. Ular bolaga bu borada o‘rnak bo‘lolmaydi yoki yo‘l-yo‘riq ko‘rsata olmaydi. Uchinchidan, axborot tabiiy ravishda ko‘payib boraveradi. Bu jarayonni esa faqat bolani, qo‘pol tushuntirganda, qamab qo‘yibgina to‘xtatib turish mumkin.
Kompyuter ekrani qarshisida o‘tirgan bola, kuzating, agar o‘yin talabi shunday bo‘lsa, u odamlarni (o‘yindagi) xotirjam turib otib tashlaydi. Bankni o‘maradi, mashinani olib qochadi, xullas shu o‘yin nimani buyursa o‘shani qiladi.
Xo‘sh bolalarga buning nimasi yoqadi?
Kompterdan ko‘zini ololmay niqtalib qolgan bolakaylarning birini bezovta qilishga to‘g‘ri keldi.
– Nima o‘ynayapsan?
– GTA.(Bu o‘yinning to‘liq nomi GTA: san Andreas).
– Qanaqa o‘yin o‘zi bu?
– Zo‘r o‘yin. (Keyingi savolni berishga ehtiyoj qolmadi). Xohlagan narsezni qisez bo‘ladi. Mashinaga, vertalyotga chaqasiz. Kiyimlarizni almashtirsez bo‘ladi. Ovqat yesa bo‘ladi. Kazinoga kirib poker o‘ynisiz. Basketbol, bilyard. Mashinaga bamper, spayder qo‘ysa bo‘ladi. Ko‘p odam o‘ldirvorsez politsiya orqezdan tushadi. Qizlar bilan uchrashuvga chiqadi. Milli (o‘yin qahramonlaridan biri) bilan bankka o‘g‘rilikka tushish uchun tanishadi. Karol Jonson asosiy kahramoni. To‘rt yil oldin Los Santasdan ketgan. O‘yin u qaytgandan keyin boshlanadi.
Dahshat. Odam o‘ldirish, uchrashuvlar, poker. Qarang, bola birorta ham “gul”, “quyosh”, “kamalak” ka o‘xshash so‘zni aytmadi. U ta’kidlagan hamma so‘zlar nafs bilan bog‘lik, go‘zallik yoki yaxshilik bilan emas.
O‘zMU psixologiya kafedrasi katta o‘qituvchisi Liliya Sultanova o‘zining ana shunday o‘yinlar bozori bilan qiziqqanini ta’kidladi: – Bilasizmi, kompyuterda o‘ynash uchun mo‘ljallangan o‘yinlar (disklar) turini o‘rgandim. Ma’lum bo‘ldiki, bozorda disk ko‘rinishida sotilayotgan o‘yinlarning deyarli 95 foizi qotillik, o‘g‘rilik, zo‘ravonlik va shu kabi xatti-harakatlar asosiga qurilgan ekan. Doimiy kopyuter o‘yinlarini o‘ynash bolada ko‘nikish paydo qiladi va asta-sekin eng dahshatli jinoyatlarni ham u oddiy holdek qabul qiladi. Bola dunyoqarashiga katta ta’sir o‘tkaziladi: unda bir urib ko‘rsam, mushtlashsam degan fikrlar paydo bo‘ladi. U bu dunyo shafqatsiz, unda faqat kuchlilargina g‘olib chiqadi, deb o‘ylay boshlaydi. Shuningdek, o‘yinlarda ayrim davlatlarning ramzlari qo‘llanadi. Bolaga ularni tanlash taklif etiladi. Va ana shu vosita orqali bizning turmush tarzimiz eng zo‘r, bizdan ibrat oling, degan g‘oya sezilarsiz tarzda singdirib boriladi. Bu juda jiddiy g‘oyaviy ta’sirdir. Lekin bolaga o‘yin o‘ynashni taqiqlash ham noto‘g‘ri. Negaki tafakkurni rivojlantirishga yordam beruvchi, til o‘rganishga ko‘maklashuvchi o‘yinlar mavjudligini inkor qilolmaymiz. Faqat ularni me’yorida o‘ynash lozim. Deylik, o‘smirlar uchun kuniga bir soat (har bir narsaning me’yorida bo‘lgani yaxshi) o‘yin yetarli.
Bolaga o‘yinda odam o‘ldirganligi uchun, mashina o‘g‘irlagani uchun pul berishadi. Bu unga yoqadi, u g‘olib bo‘ladi.
Bola miyasi “nusxa ko‘chirish”ga juda usta. Xo‘sh, uning hayotda ham ana shunday g‘olib bo‘lgisi kelib qolmasligiga kim kafolat beradi. Kopyuter, internet, ayniqsa, kichik oilalardagi bolalarni alohida olamda yashashga o‘rgatib qo‘yadi. U voqealarni o‘zi mushohada qiladi va o‘zi qaror chiqaradi. «To‘g‘ri» yoki «noto‘g‘ri» degan tushunchalar uning ongida istalgan shaklda rivojlanishi mumkin. Bu quruq vahima emas. Bizda endi-endi rivojlanayotgan jarayonning taraqqiy etgan davlatlarda oqibatlarini ko‘rishimiz mumkin.
Kanadalik 25 yoshli Kimvir Jill 20 kishini jarohatlab, 18 yoshli qizni o‘ldirgan, keyin esa o‘zini ham otib tashlagan. Mutaxassislar uning Internetdagi yozishmalarini izlab topishgach, ma’lum bo‘ldiki, u pochta xodimlari tomonidan sodir etiluvchi be’mani qotilliklar asosiga qurilgan «Postal» o‘yinining ashaddiy ishqibozi bo‘lgan. Bu o‘yinlar oqibatida Moskva sinagogida ham Aleksandr Koptsev tomonidan qirg‘in amalga oshirilgan. Yigitchalarning jinoyat olamiga umuman dahli yo‘qligini ham ta’kidlash kerak.
Umuman olganda, so‘nggi vaqtlarda bu kabi odam joniga qasd qilgan o‘quvchilar, yoshlar haqidagi xabarlar oqimi ko‘payib qolgan. Kompyuter o‘yinlariyu internet tarmog‘iga haddan ortiq bog‘lanib qolishni mutaxassislar kasallik, deya baholashmoqda.
Garchi buning qay darajadagi ruhiy xastalik ekanligi noma’lum bo‘lsa-da, lekin yuqori texnologiyalarsiz “yasholmayotganlar” soni o‘sib bormoqda. Amerikada 2,5 ming kishi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, 70 foiz odam internetsiz umuman yashay olmasligini bildirgan. Ularning 14 foizi butunjahon tarmog‘isiz hayot kechirishlari mushkul kechishini aytgan. 12,3 foiz odam o‘zini bu tarmoqda ishlashdan tiyishga urinayotgan ekan. 8,7 foiz kishi esa Internetga bo‘lgan qiziqishini do‘stlari, hamkasblari va oila a’zolaridan sir tutishga urinadi.
– Ko‘pchilik yoshlarning axborotga nisbatan ehtiyoji yuqori, – deydi psixologiya fanlari nomzodi, dotsent Abdumo‘min Rasulov. – Axborot olish imkoniyatlarining yuqoriligi bois internet ularni o‘ziga ko‘proq jalb etmoqda. Biroq ular ma’lumotlar ahamiyatini ajrata olishmayapti. Shu bois tajovuzkor o‘yinlar, axloqsizlikni targ‘ib qiluvchi saytlar bilan band bo‘lib qolishyapti. Buning oqibatida ular real hayotdan ajralib qoladi, virtual olamga o‘tib yashaydi. Lekin buni ularning o‘zlari his qilmaydi. Yoshlarning ehtiyojini qondiradigan axborot kam bo‘lishi mumkin. Ular uydan, auditoriyadan, do‘stlari orasidan o‘z his-tuyg‘ulari uchun qoniqish ololmaydi. Buning oldini olish uchun ularga real hayotiy shart-sharoitlarni yaratish kerak. Deylik, kutubxona, dars, yana boshqa vositalar orqali o‘smir hayotiga yangi mazmun olib kirish mumkin.
Jahon tibbiyoti tajribasida kompyuter oldida o‘tirib vafot etganlar ham uchragan. Bugun monitor oldida o‘tirganlarning aksariyati bolalar va yoshlar. Shu sababli ham odamlarni kompyuterdan “ajratib olish” muammosi ko‘plab mamlakatlarda kun tartibidagi masalaga aylangan.
Masalan, Buyuk Britaniya maktablarida joriy yildan o‘quv dasturiga yangi fan kiritildi. Bu Baxt darsidir. Ushbu fanning asosiy vazifasi bolalarni o‘ziga ishonish, tashqi dunyo murakkabliklariga bardosh berishga va tushkunlikka tushmaslikka o‘rgatishdir. Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi paytda ingliz maktablari o‘quvchilari orasida tushkunlik (depressiya)ga tushish hollari haqiqiy epidemiyaga aylangan. Shuning uchun ham barcha davlat maktablarida psixologlar maxsus ishlab chiqilgan dastur bo‘yicha baxt darslarini o‘tishga qaror qilishdi.
Hatto globallashuv jarayoni avj olib, XXI asr texnik yuksalishlar asri bo‘lsa-da, bolaga samimiy tuyg‘ular, go‘zal narsalar, axloq me’yorlari haqida gapirish kerak. Ularga o‘zingizning iqtisodiy muammolaringiz, ijtimoiy mavqeingiz nuqtai nazaridan emas, endi dunyoni anglab, unga nisbatan muayyan munosabati shakllanayotgan shaxs sifatida e’tibor berish kerak bo‘ladi. Shunda bolalarning ham alohida olamlarga o‘tib o‘z qobig‘iga o‘ralib yashashlariga hojat qolmaydi.
Nargiza To‘xliyeva,
«Ma’rifat» muxbiri