Qayta qurish, oshkoralik sharofati bilan o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilishi shunchaki rasmiy hol emas, balki tilimizga bo‘lgan muhabbatimizning yorqin namunasi hamdir. Endilikda tilimiz to‘la mustaqillikka erishishi va ijtimoiy hayotimizga amaliy tadbiq qilinishi uchun har kim o‘z hissasini qo‘shmog‘i lozim.
Mana bir necha oydirki, ona tilimizga doir bo‘lgan barcha muammolar nufuzli idoralar, matbuot, radio-televideniye, dorilfunun-saboqxonalarda turli muhokamayu munozaralarda o‘rtaga tashlanib, yechimlari qidirilayotir. Xayriyatki, lug‘atimiz xazinasidagi e’tibordan chetda qolgan, uzoqni ko‘rolmaydigan ayrim tilshunos olimlar ta’biri bilan aytganda, «eskirgan», «o‘z xususiyatini yo‘qotgan», «tarixiy so‘zga aylangan» so‘zlarimiz «tilga» kirib, zabonlarimiz yangicha ruhda jaranglamoqda. Bu holni, ayniqsa, kundalik matbuot, radio-televideniye orqali berilayotgan xabarlarda kuzatish mumkin. Ammo hali oldinda yechimini kutayotgan muammolar talaygina.
Shunday muammolardan biri — talaffuz masalasidir. Bir necha yillardan beri «yangi» so‘zlarga quchoq ochib, o‘z so‘zlarimizni yo‘qotayotganligimiz kamdek, o‘z talaffuzimizga loqaydlik bilan qarab keldik. Ya’ni, iste’molga kirgan «baynalmilal» va boshqa xorijiy so‘zlarni qanday bo‘lsa (ham og‘zaki, ham yozmada) shundayligicha qabul qilib, chiroyli nutqlarda, badiiy adabiyotlarda ommalashtirib yubordik. Masalan, «rayon», «komitet», «oblast», «professor» kabi. To‘g‘ri, ba’zi hollardagina (suhbat, muloqotlarda) o‘z lahjamizda iste’mol qilamiz, biroq tarixga, namunaga aylangan yozuvlarimizda-chi? Oqibatda o‘z talaffuzimizni yo‘qotib qo‘ydik.
Shu o‘rinda rus xalqidan o‘rnak olsak arziydi. Ular chetdan olingan hech bir badhazm so‘zni shundayligicha qabul qilib olmaydilar, darrov o‘z talaffuzlariga moslashtirib oladilar. Bunda kuchanishga, ortiqcha harakatga, tashviq qilishga hojat ham qolmaydi. Birgina sirg‘aluvchi «j» harfiga portlovchi «d» harfini qo‘shish orqali talaffuz qilishlarini misol qilib olish mumkin: «Jalil — Djalil», «Olimjon — Alimdjan», «Odiljon — Adыldjan», «Jo‘ra — Djura», «Jabbor — Djafar» va hakozo. Bu hol boshqa harflardan tashkil topgan so‘zlarda ham uchraydi: «G‘ayrat — Gayrat», «G‘iyos — Giyas», «Yoqub — Yakub», «Qosim — Kasыm», «Eldor — Ildar», «Yo‘ldosh — Yuldash», «Yo‘lchi — Yulchi», «Mohira — Maxira», «Hoshim — Xashыm», «To‘ra — Tura», «Qashqadaryo — Kashkadarya», «Sirdaryo — Sыrdarya», «Farg‘ona — Fergana», «Marg‘ilon — Margilan», «Jizzax — Djizak», «Toshkent — Tashkent» kabi. Nafaqat bizning so‘zlarimizga, xorijiy so‘zlarga ham shunday munosabatdalar: «Jek — Djek», «Jon — Djon», «Eron — Iran», «Tehron — Tegeran», «Iroq — Irak», «Hindiston — Indiya», «Afg‘oniston — Afganistan», «Tojikiston — Tadjikistan», «Mo‘g‘uliston — Mongoliya», «Xitoy — Kitay», «Yoqutiston — Yakutiya», «Turkiya — Turtsiya» va hokazo. Bir paytlar biz ham «olmon», «farang», «maskov», «o‘rus» deb ishlatganimiz kabi ular ham o‘z talaffuzlariga tushmaydigan bunday so‘zlarni osongina hazm qilolmaydilar. Sababi, ularning lug‘at boyliklarida bizda, boshqa mamlakatlarda mavjud bo‘lgan harflar, ohanglar, talaffuzlar yo‘q. Bundan tashqari bunday pala-partishlikka milliy g‘ururlari ham yo‘l bermaydi. Bizda-chi? Tilimizga xos talaffuz, ohanglarimiz bo‘lsa-da, hamon turg‘unlik yillari merosi — «baynalmilal» chilikdan, rus tilida «tiniq va ravshan» so‘zlashuv uslubidan haligacha qutulganimiz yo‘q. To‘tiqush kabi bir maqomda «sayrash»dan zerikmayapmizu, ammo milliy talaffuzlarimiz borasida yetarlicha bosh qotirmayapmiz. Ayniqsa, ayrim «baynalmilal»chi tilshunos olimlarimiz tilimizni xalta ko‘chaga kiritib, o‘zlari hamon til tishlab o‘tirishlariga toqat qilib bo‘lmaydi. Shu og‘riqdan qutulmay turib, yangicha so‘zlashuv ohangiga moslashish osonmi?
Qiziq, nega «Kolya» degan ismni o‘z talaffuzimiz, ohangimizda osongina qilib, «Koliya», «Olya»ni «Oliya», «rayon»ni «rayon», «oblast»ni «o‘blis», «doktor»ni «do‘htir», «obraz — o‘braz», «Amerika — Omriqo», «Frantsiya — Farangiston», «Germaniya — Olmoniya», «Evropa — Ovrupa», «Gretsiya — Yunoniston», «Xitoy — Chin», «Yaponiya — Yoponiyon», «Rim — Rum», «Nyu-York — Nyu-York», «Nigeriya — Habashiston», «Gruziya — Gurjiston», «avtomobil — aftomabil», «tonna — to‘nna» deb atashimiz va shundoqligicha yozishimiz mumkin emas?! Axir biz o‘zlashtirilayotgan so‘zni so‘zlaganda yoxud yozganda (ayniqsa matbuot, radio-televideniyeda) uni o‘z lahjalarida osongina hazm qila olmayotgan yurtdoshlarimizni ham unutib qo‘ymasligimi? kerak-ku! Birgina tilshunoslikdagi atamalarni-ku qo‘yaverasiz, riyoziyot (matematika), handasa (geometriya)dagi tenglamalarga o‘xshaydi — tushuniksiz. Eng og‘ir sharti — ularni yodlash zarurati.
Ana shunday muammolarni chigallashtirib turgan, talaffuzlarimizga putur yetkazayotgan sabablardan biri, bu hozirgi rus alifboimizdagi «» — yumshatish belgisi hamda «ts» harfidir va ular ishtirok etgan so‘zlar yig‘indisidir. «» yumshatish belgisi ruscha-baynalmilal so‘zlardagi yumshoq undoshdan keyin qo‘yiladi. Bu belgi so‘zlarimizdan butunlay olib tashlansa ham hech narsa yutqazmagan bo‘lamiz — «dunyo», «daryo», «hadya» so‘zlaridan «’» — ayirish belgisi tushirib qoldirilgani kabi. Ba’zan zarurat tug‘ilganda, o‘zlashtirib olish ham mumkin: «film — filim», «batalon — bataliyon», «pochtalon — pochtaliyon», «medalon — medaliyon» singari.
Endi alifboimizdagi (rus alifbosida ham 24 inchi harf) 24 inchi harf — «S» hisoblanadi. (Nima uchundir harflarni aynan rus alifbosidagidek o‘rni o‘rnida joylashtirishni, aynan qardoshlarimiz bosgan izdan bosishni juda-juda xohlaymiz). Ushbu harf ishtirok etmagan o‘zimizdagi o‘zlashgan so‘zlarni qo‘llash o‘rinli bo‘lmasmikin? Masalan, inqilobdan avval ham «Sarskaya Rossiya»ni «Chor Rossiyasi» deb o‘zlashtirilgan; «tserkov» esa «cherkov» deb olingan. «Sirk» so‘zini hech ikkilanmay o‘zimizning «tomoshaxona» so‘ziga almashtirish mumkin. «Seyf» so‘zi o‘rnida (bizda «tseyf» deb aytiladi) o‘zimizdagi «qimmatbaho narsalar saqlanadigan quticha» izohini beruvchi «zarf» (Ogahiy asarlaridan) so‘zidan foydalanish mumkin (Balki «seyf» so‘zining o‘zagi aslida «zarf» so‘zidan kelib chiqqandir). Qolgan so‘zlarni ham osongina o‘z so‘zlarimizga almashtirish mumkin: «tsirkul — pargar» (axir mana shu so‘z iste’molimizda bo‘lgan-ku), «tsivilizatsiya — taraqqiyot», «tsellofan — suvqog‘oz» va hokazolar.
Qorishiqli «j» harfi (sirg‘aluvchi «j» va portlovchi «d» harfidan yasalgan) ham baribir bizning talaffuzimizga tushmay qolavergan: «pojar — pajar», «projektor — prajektir»; rus alifbosidagi «щ» ni «shch» shaklida, «ы»ni «i» shaklida olsak-da, baribir o‘z lahjamizda umrbod yashab qolmadi: «ovoщ» — «ovish», «щyotka — cho‘tka»; «vыmpel — vimpel», «pыlesos — pelasos» kabi.
Alifboimizga zo‘rma-zo‘raki «baynalmilalchilik» ruhi bilan kiritilgan «» yumshatish belgisi hamda «ts» harfi o‘rnini yo‘qolib ketgan «ng n+g =ң, «o‘ – ye» va boshqa harflarimiz hisobiga to‘ldirishimiz lozim.
Davlat qonuni o‘zbek tilini har tomonlama rivojlantirishga, shakllantirishga, erkin qo‘llashga undar ekan, biz ana shu harf va so‘zlarimizning asl talaffuzlariga e’tibor berib, milliy til g‘ururimizni tiklab olishimiz zarur. Bu ishda tilshunoslarimiz faollik ko‘rsatib, tilimizning ravnaqiga ravnaq qo‘shuvchi yo‘qolib ketgan so‘zlarimiz, talaffuzlarimiz,harflarimiz asosida lug‘atlar, darsliklar, qo‘llanmalar, adabiyotlar yaratishlari va ularni xalqqa taqdim qilishlari lozim. Toki tilimiz mustaqilligi, serjiloligi oynaday ravshan bo‘lib tursin.
«Guliston» jurnali, 1990 yil, 3-son