Mustaqil bo‘la olmaydigan shaxs ham, davlat ham yo‘q. Hayotning necha ming asrlik achchiq-chuchugini totigan O‘zbekiston nega mustaqil bo‘la olmas ekan! Faqat… biz ildizlari tarixdan qo‘porib olingan, tavalludi sun’iy ravishda 17-yildan boshlangan O‘zbekistonda yashayapmiz. Sotsializm va’da qilgan tuzum afzalliklaridan kelib chiqsak, hozir mustaqil yashayotgan hisoblanamiz-ku. U holda «O‘zbekiston mustaqil bo‘la oladimi?» degan savol nega bugun tillarga qalqib chiqdi? «Mustaqillik deklaratsiyasi» mustamlaka diyorlarda qabul qilinishini e’tiborga olsak, demak, jumhuriyatimiz mustaqil yashamayotgan ekan-da?!
Afsuski, shunday! Men «shunday edi» demadim, chunki biz hali mustaqillikka erishganimizcha yo‘q, deklaratsiya qabul qildik, xolos. Ya’ni, niyat qildik. Vaholanki, shu paytgacha niyat ham qilmasdik, ozodlik haqida niyat qilish ko‘nikmasi ham juda-juda taqchil edi. Mana, g‘isht qolipdan ko‘chdi, qog‘ozda bo‘lsa-da tarixiy ko‘chish bo‘ldi bu!
Endi navbat uning amaliga. Amalda mustaqillikka erishish qaror e’lon qilish, deklaratsiya qabul qilishdan chandon qiyin, u bir kunlik ish emas, u — jarayon, uzoq davom etadigan jarayon.
Bu jarayonda qanday hodisalar kechmog‘i kerak? Jumhuriyatimizning har bir fuqarosi, har bir oila, har bir jamoa, har bir urug‘, elat o‘z qadr-qimmatini anglamog‘i zarur. Qadr-qimmatni anglash o‘z haq-huquqini anglashdan boshlanadi. Har bir fuqarodan boshlab sanab o‘tilgan birliklar o‘zligini anglagani sayin oxir-oqibatda jumhuriyat qadr-qimmati anglanadi, mustaqilligiga zamin yaratiladi. Anglash shu darajada oliy maqomga ko‘tarilsinki, toki O‘zbekiston xuddi bir komil ShAXSga aylansin!
Bunday kamolotga erishish keng dunyoqarashni, saviyani, iymon-e’tiqodni taqozo etadi. Yevropa mamlakatlarida, Sovet Ittifoqi hududidagi jumhuriyatlarda yuz berayotgan siyosiy-ijtimoiy voqealarni kuzatsak, XXI asr bo‘sag‘asida mustaqillikka erishishda o‘ziga xoslik ko‘rinadi: bu — muzokaralar yo‘li bilan, ijtimoiy o‘zgarishlarning zaruratini ongli ravishda anglash yo‘li bilan, aql-idrok yo‘li bilan yangilanish! Mojariston, Chexoslovakiya, sobiq GDRdagi osoyishta o‘zgarishlar, turmush farovonligiga erishish o‘sha yerlik xalqning saviyasidan, madaniyatining yuqoriligidan dalolatdir. Shu ma’noda Ruminiyada bo‘lgan to‘ntarish — u mustaqillik, adolat o‘rnatish istagida amalga oshirilgan taqdirda ham — feodal yovuzliklari sifatida XX asr kishisiga yotdir!
Biz ana shunday yangilanishlardan hushyor bo‘lmog‘imiz kerak. Farg‘onadami, Parkentdami, O‘shdami yo Andijondami — qayerda ekanligidan, qaysi millat vakili ekanligidan qat’i nazar, bironta odamning qoni to‘kilish evaziga, bironta go‘dakning achchiq ko‘z yoshlari evaziga bo‘lar ekan — portlash yo‘li bilan erishiladigan mustaqillikdan voz kecha olish, unday mustaqillikka erishishdan sabr qilish ham insoniylikdandir!
«G‘alaba qurbonsiz bo‘lmaydi» degan da’volar bilan yashayotganlar oz emas, yo‘q, hamonki, «madaniyatimiz yuksak xalqmiz» deb ko‘ksimizga uryapmizmi, marhamat qilib mustaqillikka madaniyat bilan erishish chorasini topaylik, litvalik hamfikr birodarlarimiz singari «kuylovchi inqilob» yo‘llarini har bir fuqaro ongi va qalbiga singdira olaylik. Ana shundagina mustaqillik tatiydi, ana shundagina qachonlardir emin-erkin yashayotganimizda behuda va noo‘rin to‘kilgan qonlar uvoliga qolmaymiz, shahidlar ruhi bizlarni bezovta qilmaydi.
Jumhuriyatimizdagi hozirgi vaziyatda kishilarda botiniy mustaqillik sari qadam tashlash yo‘lida yana bir xavf sezilmoqda. Bu shaxs va hokimiyat o‘rtasidagi munosabatlarda ko‘rinmoqda.
Jumhuriyat Prezidenti, hukumati keyingi paytlarda amalga oshirayotgan — xalq farovonligini yaxshilashga qaratilgan tadbirlarning nechog‘li tahsinga loyiqligini e’tirof etgan holda shuni ham unutmaslik kerakki, o‘tkazilayotgan tadbirlar Prezident yoki hukumat faoliyatini xalq nazarida ilohiylashtirib yubormasligi lozim. Bunga yo‘l qo‘yish, birinchidan, voqealarni hali teran idrok etolmaydigan fuqarolar orasida sig‘inish kasalligini uyg‘otsa, ikkinchidan, odamlar qalbida o‘zimiz istayotgan mustaqillik tuyg‘usini yana bo‘g‘ishga olib keladi. Boshqacha aytganda, «sen hozirgi markazdan boshqarishdagi adolatsizliklardan xolisan, erkinsan, bu yog‘iga sen bizlar tufayli mustaqilsan, o‘zimizga bo‘ysunaver» degan mazmun kelib chiqadiki, bu ham to‘laqonli erkka olib bormaydi.
Xullas, kishilar qalbida, shuurida kechadigan mustaqillikka tashnalik jarayoni birlashib umumxalq maqsad-muddaosiga aylansa, u jumhuriyatdagi siyosiy hokimiyat tomonidan to‘g‘ri yo‘naltirilsa va bu ezgu intilishlarimizni yaratganning o‘zi qo‘llab-quvvatlasa, O‘ShA KUNLARGA yetar axir bizning ham avlod…
“Yoshlik” jurnali, 1990 yil 9–son