Xurshid Davron. Vatan chegarasi (1990)

Eramizdan oldin yashagan yunon adibi Lukianning «Vatan sha’niga» nomli asarida shunday so‘zlar bor: «Mening bu gaplarim g‘oyat eski gaplardir. Lekin haqiqat shundaki, o‘z otasini sevmagan farzand o‘zganing otasini ham hurmat qila olmaydi, o‘z Vatanini sevmagan kishi o‘zgalar Vatanini ham qadrlay bilmaydi». Ikki ming yildan ortiqroq vaqt o‘tgan bo‘lsa ham Lukian uchun juda eski bo‘lib tuyulgan bu gaplar naqadar zamonaviy jaranglayapti.

Vatan deganda nimani anglash kerak?

«O‘zbek tilining izohli lug‘ati»ga binoan, «Vatan — 1) Kishi tug‘ilib o‘sgan va o‘zini uning grajdani hisoblagan mamlakat, ona yurt; 2) Kishining tug‘ilib o‘sgan o‘lkasi, shahri yoki qishlog‘i, yurt, diyor; 3) Turar-joy, boshpana, makon, uy».

Abdulla Avloniy esa «Turkiy guliston yoxud axloq» kitobida bu haqda shunday yozadi: «Har bir kishining tug‘ilib o‘sgan shahar va mamlakati shul kishining vatani deyilur. Har kim tug‘ilg‘on, o‘skon yerini jonidan ortiq suyar. Hatto bu Vatan hissi-tuyg‘usi hayvonlarda ham bor. Agar bir hayvon o‘z vatanidan — o‘z uyuridan ayrilsa o‘z yeridagi kabi rohat-rohat yashamas. Maishati talx bo‘lib, har vaqt dilining bir go‘shasida o‘z Vatanining muhabbati turar.

Biz turkistonliklar o‘z vatanimizni jonimizdan ortiq suydig‘imiz kabi, arablar Arabistonlarini, qumlik, issig‘ cho‘llarini, eskimo‘lar shimol taraflarini, eng sovuq qor va muzlik yerlarini boshqa yerlardan ziyoda suyarlar. Agar suymasalar edi, havosi yaxshi tiriklik oson yerlarga o‘z vatanlarini tashlab, hijrat qilurlar edi.

Bobolarimiz: «Kishi yurtida sulton bo‘lguncha, o‘z yurtingda cho‘pon bo‘l,» demishlar».

Buyuk mutafakkirimizning fikricha, biz tug‘ilgan yurtimizdan uzoq ketsak, bizni «tortib kelaturg‘on quvvat o‘z vatanimizning, ona tuproqning mehru muhabbatidur».

Biz «Vatan» so‘zini ne-ne so‘zlarga qo‘shib ne-ne qadriyatlarga nom topamiz: Vatan tuprog‘i, Vatan adabiyoti, Vatan tuyg‘usi, Vatan tarixi…

Hijratda Vatanni sog‘insak, ko‘z o‘ngimizga xaritada sarhadlar bilan belgilangan ma’lum jug‘rofiy makon emas, albatta uyimiz yonida o‘sib turgan olcha daraxti, shu daraxt yonida jildirab oquvchi loyqa ariqcha yoki qishloq chetidagi, bir zamonlar, bolalik fasllarida biz varrak uchirgan qadimiy qo‘rg‘onlar xarobasi — ulkan tepaliklar, onalarimizning mungli ko‘zlari, farzandlarimizning kulguli qilmishlari yodga tushadi.

Juda ko‘plar o‘sha jug‘rofiy xaritadagi makonni, uning bayrog‘iyu gerbini, davlat idoralarini vatan deb anglaydilar. Ular pasportlariga bosilgan muhrga binoan o‘zlarini muayyan Vatan fuqarosi deb biladilar. Ular qayerda yaxshi yashash uchun qulay sharoit bo‘lsa o‘sha yerni vatan qiladilar. Asl vatanparvar esa o‘z xalqi bilan, vatan tuprog‘i, bu tuproqdagi har bir chechak bilan uyg‘unlashgan ma’naviyatli odamdir.

Vatan deganda faqat o‘zi tug‘ilgan shahar-qishlog‘ini, ular atrofidagi qadimiy bog‘larni, dilga yaqin dalalarnigina nazarda tutmay, shu bilan birga, cheki yo‘q paxtazorlarda qora mehnatdan umri xazon bo‘lgan bolalar, zax va dim xonalarda sarg‘ayib, chang bosib yotgan qo‘lyozmalar, yo‘l topolmay o‘t ichiga kirayotgan ayollar, quriyotgan dengiz, bulg‘anayotgan daryolar qismati tufayli dilda og‘riq, yuzda uyat sovug‘ini tuygan odamgina vatanparvardir.

Vatanni, unda yashash qulay va bozorlarida arzonchilik bo‘lgani uchun tanlamaydilar. Vatan bizni tanlaydi. Vatan muhabbatiga yetishish oson emas. Buning uchun kuchli qalb egasi bo‘lmoq kerak. Kuchli odamgina Vatanni seva oladi, ojizlar esa hamisha sevilish istagida bo‘ladilar.

Ibn Arabiy «har bir inson o‘z yaratganini sevadi» degan ekan. Naqadar haqqoniy so‘zlar. Biz bandai ojizlar bu hikmatni «Sen sevgan odam seni yaratadi» deb tushunishimiz ham mumkin. Agar shunday tushunsak, demak Vatan ishqi bizni yaratadi, tilimizni, dilimizni yaratadi. Muhabbat hech qachon zulm, yovuzlik, jaholat mahsuli bo‘lgan emas. Jaholat hukmron bo‘lgan qalb hamisha tanazzulga yuz tutadi.

Vatan deganda nimani anglash kerak?

Ona tuproq Vatanmi? Hijratda jon berayotgan musofir ko‘ksida necha yillar davomida yashirib yurgan dil to‘tiyosi — bir hovuch tuproqni boshi ostiga qo‘yishni vasiyat qiladi. O‘ljas Sulaymonovning she’ri esingizdami? Oddiy tuproqmikan Vatan tuprog‘i? Qancha qonu qancha qora ter, qancha ko‘zyoshu qancha ona suti to‘kilgan bu tuproqqa. Ko‘zimizni osmondan uzmay yashaymiz-u, vujudimiz shu tuproqniki… Bu tuproq bobolaru momolarimizning muqaddas xoki. Umri imorat tiklash, paxsa urish bilan o‘tgan keksa ustalarimiz albatta loy qorish oldidan xoki turobga aylangan ajdodlar ruhini yodlab, ulardan yo izn, yo kechirim so‘ragandek muqaddas kitobdan oyatlar o‘qiydilar.

Tilimiz ham Vatanimizdir. Axir yurt tuprog‘idagi har bir gulning, har bir maysaning, har bir og‘ochning, har bir parrandayu darrandaning, har tog‘u bog‘ning nomi bor — Nomni tilga olar ekanmiz, ular «yarq» etib butun zalvori bilan ko‘zimiz o‘ngida gavdalanadilar. G‘ala-g‘ovur begona shahar ko‘chalarida to‘satdan ona tilimizda gapirgan odamni uchratsak, dilimiz orziqib ketadi, uni to‘xtatib suhbatlashgimiz keladi. Shoirlar she’ridagi yurtimiz madhi dillarimizda mehr uyg‘otadi.

Umrimizning har bir lahzasi Vatanga bo‘lgan munosabat bilan belgilanadi. Vatan — umrimizning mazmuni, maqsadimiz g‘oyasi. Losos degan baliq bor. U umrining so‘ngida necha¬ necha dengizu daryolarni oshib, toshlar ustidan hatlab, qachonlardir o‘zi ko‘z ochgan kichik va tinch o‘zanga qaytarkan. Har bahorda uyingiz peshtoqida in qurgan qushlarni ko‘rasiz. Ular uyingizni adashmay topib keladilar. Inson tafakkuri ham yillaru kulfatlar osha o‘zining ibtidosi — Vatanga qarab intiladi. Bu intilish abadiydir…

Davlat chegarasidan o‘tayotgan poyezd xonasida o‘tirgan odam derazadan tashqariga qanchalik ziyrak boqmasin, davlat chegarasi ustunini ko‘rmaguncha, chegaradan qachon o‘tganini bilishi qiyin. Zero atrofdagi dalalar bir-biriga ulanib ketgan, bu dalalardagi chechaklar, og‘ochlar bir xil bo‘yoqda gurkirab yashnaydilar, kuzda bir xil xazon to‘kadilar, qishda bir tarzda qorga ko‘milib yotadilar.

Shuning uchun ham Vatanning tabiiy chegarasi hech qachon uning asl chegarasi bo‘lolmaydi. Vatanning asl chegarasini uning daho farzandlarining umri, ijodi va jasorati belgilaydi. Har bir daho o‘z iste’dodining qudrati, o‘z ma’naviyatining yuksakligi bilan Vatan chegaralarini kengaytirib boradi. Ibn Sino, Beruniy, Xorazmiy, Farobiy, Ulug‘bek, Navoiy, Mahmud ibn Vali, Ismoil Buxoriy dahosi Vatan chegaralarini shu qadar yuksaklikka olib chiqdilarki, ba’zan jonimizni hovuchlab, o‘yga tolganimizda, boshimiz bobolarimiz yulduzlariga tegib ketarkan, bu oliy yuksaklikni bir qarich ham ko‘tarolmaganimizni o‘ylab, bizni muzdek ter bosadi.

Vatan chegaralarini unda yashayotgan xalq san’atining darajasi, adabiyotiming qudrati belgilaydi. Samarqand, Buxoro, Xiva, Ko‘hna Urganch, Shahrisabz, Turkiston, Qo‘qon, «Devon-ul lug‘atit-turk», «Alpomish». «Kuntug‘mish», «O‘tgan kunlar» yurtimiz sarhadlarini shu qadar kengaytirdilarki, biz — ularning noshud farzandlari hanuzgacha bu bepoyonligu kengliklar aro dovdirab, adashib yuribmiz.

Vatan chegarasini farzandlar tilaklari, orzu-intilishlari kengaytiradi. Shoh Bobur o‘z diyoriga sig‘may begona yerlarda bir saltanat tuzdikim, uning chegaralari shaksiz va cheksiz edi. Biroq, shoir Bobur o‘z qalbi sarhadlarini shu qadar kengaytirdiki, yurakka siqqan bu diyor jahonga sig‘maydi. Shoh Bobur saltanati asrlar o‘tib, zamonlar bo‘hronlariga dosh berolmadi, shoir Bobur diyori esa barqaror qoldi. Shu boisdan uning dushmanlari shoir Boburni yengishga kuch quvvatlari yetmasligini, fitnalari daho oldida ojiz bo‘lishini bilib, shoh Boburga yopishadilar. Ular daho shoirning asrlar sherdek g‘ajigan etaklarini itdek g‘ajiydilar. Ular bilmaydilarki, etak bo‘m-bo‘sh, ruh esa yuksakda — sarhadi yo‘q koinotda uchib yuribdi.

Vatan sarhadini uning man-man deb, tarix yo‘llaridan chang ko‘tarib o‘tgan, «urho-urho»yu qarsaklarga ko‘nikkan, o‘z xalqini aldab, ko‘kragiga nishonlarni marjon qilib taqqanlar emas, yuragida e’tiqod tuyg‘usi uyg‘oq farzandlar kengaytiradilar. Vatan chegaralarini To‘maris, Shiroq, Najmiddin Kubro, Spitamen, Temurmalik, Nomoz, Qurbonjon ona, Bobon botir ko‘ksida yashayotgan, alamdek bezovta, muhabbatdek abadiyat mezoni bo‘lmish e’tiqod kengaytiradi. Bu e’tiqod nomi — ozodlik!

Vatan chegaralarini uning tili, bu tilning ravnaqi kengaytiradi. Ona tili o‘rnini bosa olguvchi ikkinchi til yo‘q bu jahonda! O‘z ona tilini unutgan o‘zbek bor ekan, u hech qachon o‘zbek emas, o‘zbek bo‘lolmaydi ham. Chunki u bu tilda kuylolmaydi, o‘ylolmaydi, illo, sevolmaydi. Har bir odam «Ona tilim — ulug‘ tilim!» deb hayqirish huquqiga ega.

Vatan chegarasini uning tarixi, uning madaniy merosi belgilaydi. O‘tmishni bugun yaratib bo‘lmaydi, o‘tmish bugunni yaratadi. Tarixdagi har bir ijtimoiy yuksalish jamiyatning o‘z merosiga, o‘z o‘tmishiga bo‘lgan munosabatini isloh qilishdan boshlangan. O‘tmishga bo‘lgan har qanday ijobiy murojaat esa hamisha inqilobiy o‘zgarishlarga zamin tayyorlagan, o‘tmish aqidalari bugun uchun xizmat qilgan. Biroq, o‘tmishga murojaat qilishdan avval unga bo‘lgan munosabatni halol, to‘g‘ri yo‘lga solish kerak.

Ming afsuskim, bugun o‘tmishni qaytadan yaratmoqchi bo‘lganlar, daholarni taroziga o‘tqazib, bozorga solayotgan kimsalar ham biz bilan yonma yon, hamnafas yashamoqda. Soat millarini orqaga burgan bilan Vatan — tarixini qaytarib, yoki to‘xtatib bo‘larmikan, sarhadi yo‘q falakda uchib yurgan buyuklarning ruhlarini o‘q uzgan bilan o‘ldirib bo‘larmikan?

Vatan dushmanlari, o‘tmish ag‘yorlari yurt sarhadlarini kengaytiradigan odamlardan qo‘rqadilar. Shuning uchun umri va dahosi Vatan sarhadining ustunlariga aylangan xalq farzandlariga, Alpomish, Navoiy, Bobur, Qodiriy, Behbudiy, Cho‘lpon, Fitrat, Usmon Nosir, Fayzulla Xo‘jayev, Ibrohim Mo‘minov kabilarga hujum qiladilar, ularning ruhini ta’qib qiladilar.

Ammo xalq ularni — o‘z bolalarini ko‘ksiga yashiradi: dushmanlar Cho‘lpon she’rlarini gulxanda yoqadilar, bilmaydilarki bu she’rlar allaqachonlar xalq ko‘ksida O‘rxun-Enasoy toshlariga bitilgan bitiklardek abadiyan muhrlangan. Bu ko‘kraklarni ochadigan kalit — e’tiqod, bu e’tiqod — Vatan ishqi, Vatan ozodligi!

Vatan qo‘ynida yashayotgan har bir inson o‘z muhabbati bilan Vatan sarhadlarini kengaytiradi. Muhabbatsiz yurakka Vatan sig‘maydi. Har bir go‘dak, har bir qariya o‘z dardi bilan Vatanni bepoyon etadi. Dardsiz yurakka Vatan sig‘maydi. Vatan dardi, Vatan muhabbati yashagan yurakgina insoniyatni sevadi, insoniyat uchun kuyinadi. O‘z yurtini, o‘z xalqini sevmagan, o‘z ona tilini alqamagan odam hech qachon boshqa tilni, o‘zga elni sevolmaydi, begona tuproqqa ham mehr qo‘yolmaydi.

“Yoshlik” jurnali, 1990 yil 1-son