O‘ljas Sulaymonov. Shafqatsizlik meros emas (1989)

SSSR xalq deputati, yozuvchi, Qozog‘iston SSR Yozuvchilar uyushmasi hay’atining birinchi kotibi O‘ljas Sulaymonovning SSSR xalq deputatlarining s’ezdidagi nutqi

Biz, adabiyotchilar, gullar haqidagina emas, ko‘proq hosillar haqida ham gapiramiz. Qayta qurishning ko‘p jihatlari ichida men uchun eng muhimi — mustamlakachilikdan xalos bo‘lish jarayonidirki, bu jarayon 20-yillarda to‘xtatib qo‘yilgan edi. Mana endi u ushbu jarayonga xos barcha tomonlarini yuzaga chiqarib davom etyapti.

Tarixiy voqelikning o‘ziga xosligi shundaki, sobiq metropoliya — Rossiya boshqa respublikalar bilan bir qatorda o‘zi Markazning mustamlakasiga aylanib qoldi. Biz o‘rganish bo‘lib qolgan narsalarga yangicha nuqtai nazar bilan qarayapmiz. Davlat manfaatlari doimo xalq hamda shaxs manfaatlaridan yuqori bo‘lib keldi. Men qadim tarixiy an’analarga ega bo‘lgan yerda, Semipalatinsk viloyatidan saylanganman. Bu yerda qozoq xalqining ulug‘ shoirlari dunyoga kelganlar, bu tog‘lar va dashtlar — biz uchun Yasnaya Polyana, Mixaylovskoye, Tarxan bilan barobardir. Ha, aynan mana shu yerlarda atom sinov maydoni ishlab turibdi.

Qo‘shma Shtatlarda sinov maydoni — bitta, Xitoyda — bitta, boshqa mamlakatlar zaryadlarini o‘z yerlaridan minglab chaqirim narida, okeandagi orollarning aholisiga tovon to‘lab sinovdan o‘tkazadilar. SSSRning esa bir qancha sinov maydonlari bor. Ularning eng eskisi — Semipalatinskda. Eng faol ishlaydigani ham shu: bir yilda 18 marotaba portlash o‘tkaziladi. Amalda u mamlakatning hoh yuragiga joylashgan. 15 yil yerda va havoda ochiq sinovlar o‘tkazildi. Bu joyda eng odmi hisob-kitobga ko‘ra jami umumiy quvvati 2,5 ming Xirosima bombasiga teng zaryad portlatilgan. Bu sinov maydoni atrofidagi yerlarda yashaydigan aholining sog‘lig‘iga asar ko‘rsatmadimikan? Hatto rasmiy mutaxassislar buni tasdiqlab, ha, — deb javob bersalar-da, biz bunga ishonmaymiz. Nevada — Semipalatinsk jamoatchilik harakatining mutaxassislari boshqacharoq, dahshatliroq ma’lumotlarga egadirlar. SSSR Sog‘liqni saqlash ministrligining Uchinchi bosh boshqarmasi tekshirish materiallarini sir saqlamoqda.

Xirosima va Nagasakida o‘rtacha umr ko‘rsatkichi hozir dunyoda, chamasi, eng yuqori o‘rinda turadi — bu shaharlarda va ular orqali butun Yaponiyada sog‘likni saqlash va maishiy hayot darajasini uzluksiz ko‘tarib borish tufayli shunga erishilgan. Tan olish kerak, bizning davlatimiz o‘z grajdanlariga juda oz marhamat va hurmat-e’tibor ko‘rsatdi. Qirq yil sinov o‘tkazilgan bo‘lsa, shu vaqt mobaynida sinov maydoni atrofidagi rayonlarda Markazning hisobidan bironta ham sog‘liqni saqlash punkti qurilgan emas, bironta qishloq kasalxonasi ta’minlangan emas. Boshqa narsalarni qo‘ya turaylik. Ochiq portlatishlarning oqibatlari mamlakatning sog‘ligiga hali uzoq zamonlar ta’sir ko‘rsatib turadi.

1963 yilda nihoyat bir necha qatlamlarda sinovlarni to‘xtatish haqida bitim imzolandi. Adolat yuzasidan aytib o‘taylikki, hukumatni shunday bitimni imzolashga ko‘ndirgan olimlar va ayniqsa, akademik Saxarov tutgan yo‘lga tan berishimiz kerak. Bu 60 megatonnalik eng qudratli vodorod bombasi portlatilgandan so‘ng ro‘y berdi. Olimlar ixtirolari dunyoni ne qiyomat kunga solishi mumkinligini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdilar. Bu kashfiyot o‘zida ham daho, ham dahshatli yovuzlikni jam qilgan, yovuzlik salmog‘i esa chandon ortiqroq edi. Ushbu tazodli hol endilikda hatto shunda ham ko‘rinadiki, Semipalatinsk sinov maydoni tashkilotchilari qilib Kurchatov hamda Lavrentiy Beriya buyurilgan edi.

Erosti portlashlari ham xavfsiz emas, shu yil 12 fevraldagi radioaktiv gazlarning otilib chiqishi shundan darak beradi. Ilgari ham shunday voqealar bo‘lib turgan, misol uchun, o‘tgan yili yozda. Minglab bolalar bir kun ichida shosha-pisha qo‘yilgan ORZ diagnozi bilan yotqizildi. Ularning burunlaridan qon kelar, boshlari aylanar va boshqa shunga o‘xshash belgilar zohir bulardi. Ma’lumki, bular tumovgagina xos belgilar emas.

Dunyo o‘zgaryapti. G‘arbda ham, Sharqda ham dushmanlarimiz soni kamayayapti, demak, mudofaa xarajatlari ham ozayadi. Sovet jahon aslahaxonalari to‘lib-toshib yotibdi. Buyuk davlatlarning yadro qalqonlari shu qadar kattayib ketdiki, endi o‘z himoyasida turganlarni ham yo‘q qilib yuborishga qodir. Mixail Sergeevich Gorbachevning Londonda Giltxollda turib, mamlakat parchalovchi moddalar ishlab chiqarishni to‘xtatadi, deb bergan bayonoti XXI asr yadrosiz asr bo‘lajagiga umidimizni oshirdi, davlatimiz tinchlikni ko‘zlagan davlat bo‘layotganiga ishonchimizni mustahkamladi.

Mamlakat yangi voqelik ichiga kirgani, Markaz bizni eshitayotgani haqida yana shundan ham hukm chiqarsa bo‘ladi. Nevada — Semipalatinsk harakati tug‘ilganligi tufayli sinovlar vaqtincha to‘xtatildi. Sinov maydonlari mana to‘rt oydirki sukutda. Omonat sukunat. Umid qilamizki, hukumat va atom klubidagi mamlakatlarning yadroga qarshi jamoatchilik harakatlari bizni eshitadi, tushunib yetadi va qo‘llab-quvvatlaydi, sinovlarni barcha qatlamlarda barobar taqiqlovchi tugal bitimni imzolash uchun shart-sharoit yaratadi.

XIX partkonferentsiyadan so‘ng endilikda shu narsa ayon bo‘lib qoldiki, bizning o‘sishimiz xalq bilan davlat o‘rtasidagi oshkora fikr almashuv darajasiga ko‘proq bog‘liq bo‘lib qoladi. Ushbu jarayonda turli-tuman nuqtai nazarlar yetuklik kasb etib boradi. Mamlakatning sho‘rishlari 20-yillarning ikkinchi yarmida boshqacha fikrlashni ta’qib qilishdan boshlanganligini hech qachon unutmasligimiz kerak. Demokratlashuv va oshkoralik davom etsin desam, boshqacha fikrlashga davlat munosabatini qonun yo‘li bilan ifodalash juda zarurdir. Boshqacha fikrlashni yotsirab emas, ijodiy hodisa deb tan olmoq kerak.

Rezolyutsiyalar yoki alohida hujjatlar qabul qilib, ularda stalinchi to‘dalarning sotsializmga qarshi jinoyatlari, xususan, boshqacha fikrga ega bo‘lganlarni qirib tashlashlarini qattiq qoralash darkor. Changi chiqqan ma’lum islohotlarning sur’at va usullarida ko‘ringan so‘lchilarning «shiddatli o‘sish» nazariyasi hamda amaliyotni jinoyatkorona deb e’lon qilmoq lozim. O‘zgarishlarning sarin, toza shamollari necha-necha martalab mana shu kabi «jadallatish»lar tufayli hammayoqni vayronaga aylantirgan dovullarga do‘nmadi deysiz.

Qozoqlar urushda 350 ming jonni yo‘qotdilar. «Shiddatli odim» yillarida esa — 4 milliondan ortiq odam boy berildi. Har bir xalq o‘z tarjimai holidan bunday voqeani eslashi mumkin. Agar tarixning tajribalari saboq bo‘lmas ekan, ular bema’nilarcha takrorlanaveradi, Va, nihoyat, barcha respublikalarning ma’lumotlarini o‘z ichiga olgan stalincha zo‘ravonlikning «oq» kitobi, to‘g‘rirog‘i, «qora» kitobini nashr etmoq payti keldi.

Biz butun tariximizdan ko‘r-ko‘rona voz kechmoqchi emasmiz. Axir qoraliklardan tashqari unda umumiy ruhiy qadriyatlar ham yetishdi, qayg‘uli narsalar qatorida foydali tajribalar ham bo‘ldi, ularni asramoq va davom ettirmoq joizdir. Lekin aynan shuning uchun ham pok narsalarni qonli narsalardan ajratmoq kerak. Shunday, millionlab odamlar xat-xabarsiz g‘oyib bo‘ldilar. Bugun ular xotirasi faryod solmoqda, bugun biz zo‘ravonlikni qoralash imkoniyatiga egamiz. Bu axloqimiz hamda huquqiy ongimizning o‘sayotganidan dalolatdir.

Olmaota studentlari va ishchilari mamlakatda birinchi bo‘lib ruxsat etilmagan namoyishlarga chiqdilar. Agarda 1986 yil dekabr oyidagi Olmaota voqealari demokratik tarzda keng muhokama qilinganda va tushunilganda edi, ehtimol Tbilisida 9 aprel hodisalari ro‘y bermasdi. Men Olmaota fojiali voqealari sabablarini yangi insonparvarlik nuqtai nazaridan qarab chiqilsa, to‘g‘ri bo‘ladi, deb hisoblayman. Barcha xatlar hamda telegrammalarni Oliy Sovetning tegishli komissiyasiga topshiraman, u yerda shu masalada doklad qilishga ham tayyorman. Barcha yurtdoshlarim — qozoqlar, ruslar, nemislar, ukrainlar, uyg‘urlar, koreyslar, turklarni, ne-ne sinovlarni boshdan kechirgan Qozog‘iston xalqini hozirgi holatning g‘oyatda jiddiyligini anglashga chorlagim, agarda biz matonat ko‘rsatib, umumiy manfaatlarimizning qadr-qimmatini tushunsak, unda adolat ro‘yobga chiqishi mumkinligiga ishontirgim keladi.

Qanchadan-qancha dard-alam yig‘ilib qolgan mamlakatda, u qanchalar kuchli aks sado bermoqda. Ongida jarohatlardan qon silqib yotmagan bironta xalq yo‘q. Ko‘plarimizning qo‘llarimizda mesxeti turklari, qrimtatarlari, abxazlar, ingushlar, chechenlar, gagauzlarning nolakor talabnomalari turibdi. Oliy Sovet Millatlararo munosabatlar komissiyasi oldida ulkan vazifalar bor, kelasi s’ezdgacha o‘sha qiyinchiliklarning jillaqursa ayrimlari hal qilinishi zarur. Qorabog‘ tuguni tobora qattiq chandilmoqda, bu ishga borgan sari etnik, diniy va boshqa salmoqli jihatlar ko‘proq tortilmoqda. Akademik Lixachev millatlararo tortishuvlarda madaniyatning ahamiyati haqida haqqoniy gaplarni aytdi.

Masalaning tarixini har tomonlama, to‘la bilmasdan turib, buning ahamiyati cheklangan holda qoladi. Halqlar ko‘p zamon biryoqlama yo‘nalishdagi bilimlar bilan tarbiyalandilar va xuddi ana shu narsa juda ko‘p milliy xafagarchiliklar va dag‘dag‘alarning sababchisidir. Mana shu qiyin mavzularda to‘plamlar, hujjatlarning maxsus turkumlarini nashr etish joyizdir. Madaniyat o‘zaro peshvoz qadam tashlamoqni talab qiladi. Bunday to‘plamga xolis tarixiy ma’lumotlar bnlan birgalikda Sumgaitning shafqatsiz haqiqatini, Bokudan havoga ko‘tarilgan tayyoraning halokati sabablarini ham kiritish kerak. Zotan, o‘sha tayyorada zilziladan talofat ko‘rganlarga o‘z jafokash qo‘shnilariga madad berish uchun 50 ozarboyjon jangchi yigitlar uchishgan edi. Yigitlar do‘stlik rishtalarini qayta bog‘lash uchun o‘z hissalarini qo‘shmoqchi edilar. Hayhotki, bu ishga jonlarini qo‘shdilar, qo‘llaridan kelgani shu bo‘ldi. Ularga haykal qo‘yilmadi. Matbuotda ularning nomlari tilga tushmadi. Ularning dog‘i-firog‘i ota-onalarigagina ma’lum. Bunday izsiz, olijanob hodisalar oz emas, ular haqda doim yozish kerak.

Bir-birimizga shafqat bilan qaraydigan bo‘laylik. O‘zbekistondagi voqealar tasodif emas. Boshqirdiston ham tasodifmas. Bu dahshatli, zil-zambil majoz, bashorat va biz uni o‘qimog‘imiz shart. Bir narsa ravshan, mamlakat ilma-teshik quvurlar bilan to‘lib ketgan ekan, yana bosimga zo‘r berish aqldan emas. Milliy va ijtimoiy norozilikning quyuq yonilg‘isi bolalar tushgan poyezdlar ketayotgan yo‘llarga qarab oqmoqda. Bolalarimiz va nabiralarimizga shafqatsizlikni meros qilib qoldirmaylik. Biz haq qozondik, ular esa saodatli bo‘lmay asti ilojlari yo‘q.

Ibrohim G‘afurov tarjimasi

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 16 iyun

O‘xshash maqolalar: