Hayvonlarda va hashoratlarda xar xil muloqotlar, munosabatlar mavjud.
Bu jumboq ham ko‘pdan beri odamlarni qiziqtirib keladi. Hayvonot olamida nimalarni kuzatish mumkin? Yaxshisi, hikoyamizni eshiting.
Qarag‘ay ipak qurtlari oziq qidirganlarida saf tortib yuradilar. Ketma-ket ergashib boruvchi qurtlarning tuklari bir-birinikiga tegib turadi. Qurtlar o‘rgimchak tolasi kabi juda nozik tola chiqaradi, bu tola orqada boruvchi hamrohlari uchun yo‘l ko‘rsatuvchi rishta vazifasini o‘taydi. Yo‘l boshlovchi «sarkarda» qurt och qolgan qurtlar galasini qarag‘ay tepasidagi yangi «o‘tloq»qa boshlaydi.
Mashhur frantsuz tabiatshunosi Jon Fabr «sarkarda»ning boshini qatorning eng oxiridagi qurtning «dumi»ga yaqinlashtirgan ekan, «sarkarda» darhol yo‘l ko‘rsatuvchi rishtaga yopishib olib, bir pastda «oddiy soldat»ga aylangan va shu qurtga ergashib boravergan. Shunday qilib qurtlar safining boshi bilan oxiri ulangan, binobarin, tutash halqa hosil bo‘lgan va ipak qurtlari bir joyda gandiraklab aylana boshlagan. Hissiyot (instinkt) qurtlarni bu noqulay vaziyatdan chiqarishga ojizlik qilgan. Yonlariga oziq keltirib qo‘yilganda qam qurtlar bunga e’tibor bermay, bir joyda aylanaverganlar.
Oradan soatlar, kunlar o‘tgan, lekin qurtlar go‘yo sehrlangandek, aylanishni davom ettirganlar. Bir haftadan keyingina saf buzilgan: qurtlar sulayib, joylaridan ham qimirlay olmaganlar…
Sahrolarimizda keng tarqalgan go‘ng qo‘ng‘izini ko‘p kishi ko‘rgan bo‘lsa-da, lekin uning go‘ngdan soqqa tayyorlashini kamdan-kam kishi biladi. Bu qo‘ng‘iz go‘ngdan soqqa tayyorlaydi-da, uni keyingi oyoqlari bilan itarib dumalatadi: ba’zida soqqa oldinga qarab dumalaydi, qo‘ng‘izning o‘zi esa, uni keyingi oyoqlari bilan itarib, orqasi bilan yurib boradi. U soqqani eng yomon go‘ngdan yasaydi va shu go‘ng (soqqa) bilan oziqlanadi. Qo‘ng‘iz soqqani iniga olib kelgach, ko‘mib qo‘yadi, inida uni bir necha kun yeb yotadi. Uni yeb tugatgandan keyingina inidan chiqadi. Qo‘ng‘iz bolalari, ya’ni g‘umbak qurtlarini oziqlantirish uchun go‘ngning yaxshisini — odatda qo‘y qumalog‘ini tanlaydi.
Qo‘ng‘izlar qo‘y qumalog‘ini, qoramol tappisini talashib, ko‘pincha jiqqamusht bo‘lishadi. Orada zo‘r jang ketadi, kuchlisi soqqani tortib oladi, hatto bir-birining qumalog‘ini o‘g‘irlashadi ham. O‘z soqqasini saqlab qolgan (yoki qo‘shnisinikini tortib olgan) qo‘ng‘iz uni zudlik bilan dumalatib, iniga olib ketadi. Qo‘ng‘izning kuchiga, epchilligiga hayron qolsa bo‘ladi: vazni ikki grammdan oshmaydigan qo‘ng‘iz deyarli qirq grammli soqqani bemalol dumalatadi.
Ingliz olimi, qiziq odatlar tadqiqotchisi R. U. Xingston go‘ngqo‘ng‘izning «aqliy qobiliyati»ni bunday tekshirgan: qo‘ng‘iz soqqani iniga dumalatib olib kelayotganida olim inga kiritiladigan yo‘lini qalin qog‘oz bilan to‘sgan, qog‘ozning cheti inining og‘zidan faqat ikki santimetr chetga chiqib turgan. Shunday holatda qo‘ng‘izlar qog‘ozni teshib o‘tmoqchi bo‘lishgan — birontasi uni aylanib o‘tishga urinib ko‘rmagan, bunga ularning fahmi yetmagan. O‘tkazilgan tajribalarning hammasida qo‘ng‘izlar uch kun qatorasiga qog‘ozni zo‘r berib itarib teshmoqchi bo‘lishgan. To‘rtinchi kuni ularning ayrimlari inga to‘g‘ri yo‘l topishdan umid uzib, ketib qolganlar, lekin ayrim qo‘ng‘izlar behuda urinishni boshqa kunlari ham davom ettirganlar.
Bu ishlarni ko‘rgan odam, qo‘ng‘izlar farosatsiz, befahm-ku deyishi mumkin. Lekin yerni qazib in qiladigan tukli arilar bajaradigan ishlar uchun favqulodda «aql» kerak bo‘ladi. Bu arilar turli hashoratlarni (ko‘plari o‘rgimchakni ham) ovlaydi. U o‘ljasiga nashtar urib, shol qiladi-da, so‘ngra iniga tortib ketadi, inida «konserva» qilingan hashorat yoki o‘rgimchakning tanasiga avvalo tuxum qo‘yadi, keyin uni ko‘madi. R. X. Xingston bunday abjir «jarroh»lar ustida oddiygina tajriba o‘tkazib, hissiyotning ko‘rligini isbot qiladi: olim arining ko‘mgan o‘ljasini qazib oladi, uning tanasiga qo‘yilgan tuxumlarni ham olib tashlaydi. Ari shu payt inning og‘zini suvab berkitish payida yurgan edi. Xo‘sh, u o‘ljasini va tuxumlarini yo‘qolganini bildimi? Bilmadi: u go‘yo hech narsa yuz bermagandek, bo‘m-bo‘sh inining og‘zini berkitib tashladi. Shunday tajribalardan birida inining og‘zini berkitmoqchi bo‘lib yurgan ari o‘z inidan chiqarib tashlangan va o‘sha yerdayoq yotgan o‘ljasiga e’tibor bermagan. Garchi in bo‘shab qolib, u behuda urinayotgan bo‘lsa-da, pinagini buzmay inining og‘zini berkitgan.
Arilarning ba’zi turlari daraxtga in qo‘yadi va uni ustalik bilan daraxtning po‘stlog‘i rangiga bo‘yab niqoblaydiki, keyin po‘stloqdan farq qilib bo‘lmaydi. Ba’zida bu arilar uyning ichida pechka (kamin)ning, devorining sirlangan koshiniga yoki jilo berilgan yog‘och bezagiga in qo‘yadi. Bu holda inni odatdagicha niqoblashning foydasi yo‘q, chunki uning rangi qalin yoki jilo berilgan yog‘ochning rangidan farq qilib ko‘zga tashlanib turadi.
Shunday vaqtda inni odatdagicha niqoblash mumkin emasligiga ularning fahmi yetmaydimi? Yo‘q, albatta. Ularda fahm, farosat nima qilsin! Ular tabiiy instinktga bo‘ysunib, inini odatdagicha niqoblaydi, shunga ko‘ra in ko‘zga yaqqol tashlanib turadi.
Niqoblash, shuningdek, drolin degan qisqichbaqa (krab)larning ham odatidir. Ular umr bo‘yi «niqoblovchi libosi»ni yechmaydi. Ba’zi qisqichbaqalar dengiz tubida yotgan bo‘sh chig‘anoq topib, ichiga kirib joylashadi, boshqalari esa orqasini bulut (gubka) bilan bezaydi. Shunday qisqichbaqalar ham borki, ular suv o‘tlari (gidropoliplar)ning shox (butoq)larini qisqichlari bilan qirqib oladi-da, doimo orqalab yuradi, tushib ketmasligi uchun shoxlarini keyingi oyoqlari bilan ushlab turadi. Qarabsizki, qisqichbaqa bir pasda «buta»ga aylanadi-qoladi.
Akvariumda o‘sib turgan suv o‘tlari, suv o‘tlari bo‘lmaganida ham qisqichbaqa suvdagi has-cho‘plarni to‘plab, orqasiga joylab oladi va, yuqorida aytilgandek, o‘zini niqoblaydi. Agar akvariumda rango-rang, hatto qizil latta-puttalar bo‘lsa, qisqichbaqa shu narsalar bilan ham o‘zini bezaydi, bunda u niqoblanish o‘rniga, ko‘zga yaqqol tashlanib turadigan bo‘ladi, lekin buni sezmaydi.
Ko‘pgina qushlarni osongina gangitish mumkin. Buning uchun ular uyasidan uchib ketgandan keyin uya chetroqqa ko‘chirib qo‘yilsa bas. Qush qaytib kelgandan keyin uyasini ilgarigi joydan izlaydi, atigi bir yoki yarim metr chetroqqa surib qo‘yilgan o‘z uyasiga e’tibor ham bermaydi. Uya ilgarigi joyga qaytarib qo‘yilsa, u pinagini buzmay, yana uyaga joylashib oladi. Agar uya o‘rniga qaytarib qo‘yilmasa, qush yangi uya quradi.
Parrandalar o‘z tuxumlarini deyarli tanimaydilar. Masalan, burgut, tovuq, o‘rdak tuxumiga o‘xshaydigan har qanday dumaloq narsani bosib o‘tiraveradilar. Oqqushlar uyadagi tuxumlar o‘rniga qo‘yilgan shishachani, baliqchi qushlar esa hatto koptokchasi va konserva bankalarini, tosh parchalarini ham tuxumdan farq qilmay, bola ochish uchun bosib o‘tiraveradilar…
Moyqutning uyasidagi tuxumlari boshqa sayroqi qushning tuxumlariga almashtiriladi. Shundan keyin moyqut yana bitta tuxum qo‘yadi. Shu keyingi tuxum boshqa tuxumlardan farq qilardi, albatta. Moyqut boshqa tuxumlarga o‘xshamayotgan bu «shubhali» tuxumni uyasidan chiqarib tashlaydi.
Parrandalarni anoyi deymizu ancha komil jonivor hisoblanuvchi sigir ham endigina tug‘ilgan buzog‘ini qo‘pol yasalgan buzoq tulupidan farq qila olmaydi. (Lekin keyinchalik o‘z buzog‘ini yaxshi tanib oladi). Britaniyalik tabiatshunos Frenk Leynning shu to‘g‘rida gapirishiga ko‘ra, bir sigirni buzog‘idan ajratishgan. Sigir buzog‘ini qo‘msab kecha-kunduz ma’rayvergan. Sigirni tinchitish uchun yoniga buzoq tulupi qo‘yishgan. Shundan keyin sigir tinchlanib, buzoqni onalik mehri bilan yalay boshlagan. To‘xtovsiz yalayverganidan tulupning terisi teshilib, yorilib, ichidagi somoni to‘kilgan. Sigir esa somonni bemalol yeya boshlagan va sekin-asta butun «buzoq»ni iste’mol etgan.
Kalamush eng «fahmli» kemiruvchi hisoblanadi. Lekin uning «fahmi» qanchalik past ekanligini quyidagi qiziq voqeadan bilib olasiz. Qafasdagi oq kalamush in qura boshlaydi, inga berilib ketadi va qafas ichida izg‘ib yurib, in uchun qo‘l keladigan qurilish materiallari izlaydi. To‘satdan o‘zining uzun dumiga duch keladi va uni tishlab, iniga olib keladi. Keyin yana material izlab ketadi: tabiiyki, dumi o‘zi bilan birga yuradi. Kalamush tag‘in dumini topib olib iniga olib boradi. U shu tariqa o‘z dumini o‘n ikki marta topib, o‘n ikki marta iniga olib borib «tashlaydi»!
Nihoyat, hayvonot olamida aqlli maxluqqa duch kelgandek bo‘lamiz. Amerikadagi o‘rmonlarda Neotoma degan kichkina kalamush yashaydi. Biron bir yirtqich hayvon uning iniga tumshug‘ini tiqishga jur’at etolmaydi: g‘ovni kalamushning o‘zi quradi. U kaktusning tepasiga chiqib, tikanlarini uzib (g‘ajib) oladi va inga kiraverishda devorchalarga ularni shunday ustalik bilan qadaydiki, tikanlar uchi nayzadek tepaga qarab turadi. Bu aqllilik emasmi!
Lekin kaktusning tikanlari o‘rniga shisha, to‘g‘nog‘ichlar yoki mayda mixlardan ham foydalanish mumkin. Biroq bunga kalamushning fahmi yetmaydi.
Aytaylik, to‘satdan abjir yirtqich — sassiqqo‘zan paydo bo‘ladi-da, uni ko‘rgan kalamush o‘z ini tomonga yuguradi. Lekin ini uzoqda. Shu payt u orqasiga qaytadi-da, tikanli butazorlar ichiga sho‘ng‘ib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi. Bu nimasi? Haligina o‘zining fahm-farosatsizligini namoyish qilgan jonivor xavf tug‘ilgan paytda qutilishning eng to‘g‘ri yo‘lini topa oladi.
Jonivorlarning xatti-harakatidagi bu soxta nomuvofiqlikni faqat rus fiziologi Ivan Petrovich Pavlov tushuntirib bergan. Olim oliy xilga mansub hayvonlarning xatti-harakatini instinktgina boshqarib qolmay, ularga shartli refleks ham yordam berishini aniqladi. Umurtqali hayvonlar va ba’zi umurtqasiz jonivorlarda hayotiy tajriba natijasida orttirgan qiliq (odat)larni eslab qolish qobiliyati bor ekan. Kalamush ham bir vaqtlar tasodifan tikanli kaktuslar orasiga bekinib g‘animidan qutilgan bo‘lsa kerak. Ana shundan keyin u shunday pana joy izlaydigan bo‘lib qolgan. I. P. Pavlovning izohlashicha, kalamushning miyasida shartli paydo bo‘lgan tikanli buta yirtqich hayvondan yaxshi himoyalay olishi uning xotirasida o‘rnashib qolgan.
Xulosa qilib aytganda, shartli reflekslar hayvonlarning doimo o‘zgarib turadigan yangi sharoitlari moslashuviga yordam beradi. Ularning boshdan kechirganlari, ko‘rganlari esida saqlanib qolishi, uning o‘zgaruvchan sharoitda ahvolni yaxshiroq tushunib, fahmlab olishiga imkon beradi.
Tilov Yodgorov, biologiya fanlari nomzodi
«Guliston» jurnali, 1989 yil, 11-son