Sherali Turdiyev. Shoir Elbek (1990)

Inqilobdan keyingi dastlabki yillarda shoir Elbek (Mashriq Yunusov) ham Abdulla Qodiriy, Hamza, Ayniy, Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Avloniylar qatori yangi o‘zbek maorifi, madaniyati, adabiyoti, matbuoti, tilini rivojlantirish ishlariga kirishib ketdi. U 20—30-yillar orasida «Armug‘on» (1920), «Ko‘zgu», «Yolqin yer» (1925), «Bahor» (1929) kabi sherlar to‘plamlari; «Oyxon» (1920), «O‘rnak» (1924), «Qo‘shchi Turg‘un» (1925) kabi hikoyalar to‘plamlari; «Go‘zal yovg‘ichlar» (1925), «Bilim» (1927), «Boshlang‘ich maktabda ona tili», «Lug‘at va atamalar» (1924) kabi o‘quv kitoblari va til darsliklari, «Laparlar» (1922), «Ashulalar to‘plami», «Bolalar qo‘shiqlari» (1934—1935 yillar), og‘zaki ijod asarlarini to‘plab nashr ettirdi, A. S. Pushkinning «Baliqchi va baliq haqida ertak», «Pop va uning xizmatkori Balda haqida ertak»larini tarjima qildi (1937), «Pushkin ijodida xalq adabiyoti va o‘zbekcha tarjima» (1937) kitobini yozdi.

U yoshligidanoq og‘ir bolalik yillarini boshidan kechiradi. Tug‘ilgan qishlog‘idagi moddiy va ma’naviy qiyinchiliklar, Toshkentda kechirgan og‘ir kunlari, darbadarlik va sarson-sargardonlik, ma’rifatga bo‘lgan o‘ta chanqoqlik va qiziqish ijod yo‘lidagi mashaqqatlarni mardonavor yengib o‘tishga da’vat etdi.

Elbek shoirning adabiy taxallusi bo‘lib, uning ismi Mashriq, otasining oti Yunusdir. Shoir Mashriq Yunusov (Elbek) 1898 yili hozirgi Toshkent viloyati

Xumson qishlog‘ida kambag‘al oilada tug‘ildi. Shoir keyinchalik bolaligini eslab shunday yozadi: «1905 yilda kishlok eski maktabiga kirib o‘qidim. Bu maktabda 4 yil o‘qib, o‘quv-yozuvni o‘rgandim. Otamning mendan boshqa ham bolalari bo‘lgani uchun bizni boqa olmasdi. Men yoshlikdan dehkonchilik ishlariga berildim. 1910—1911 yillarda juda qiyinchilik natijasida, boshqa aka-ukalarim kabi men ham uyni tashlashga majbur bo‘ldim.

Toshkentga 1911 yilda 6irinchi marotaba keldim, bunda bir kishida qarol bo‘lib ishladim. Shu yilda eski shahar Devonbegi mahallasidagi «Xoniy» maktabiga o‘qishga kirdim. O‘qishga kirish meni ko‘p sevintirdi, lekin moddiy yoqdan ko‘p siqilganlik ancha xafa qilardi. Hatto qish kunlari oyoqyalang koldim. Yotar yer yo‘q. Ba’zan o‘rtoqlarim uyida, ko‘pincha maktab xujrasida eski namat orasida o‘ralib yotib qish o‘tkazardim» (qarang: J. Sharifiy. Adabiyot xrestomatiyasi, II kism, T., 1935, 73-bet).

Bunday uzluksiz qiynalishlar uning asablarini ham bo‘shashtiradi va dars vaqtlarida muallimlar bilan bo‘ladigan munosabatlarida ham kelishmovchiliklar keltirib chikaradi, shu tufayli intizomsizlikda ayblanib maktabdan haydaladi. Shunday qiyinchiliklarga karamay Elbek 1914 yili shahardagi «Namuna» maktabiga kirib o‘qiydi, muallimlik ham qiladi, keyinchalik sho‘ro davrida o‘qituvchilar tayyorlov kurslarida o‘qib, mustaqil ravishda ma’lumotini oshirib boradi. Elbekning yoshlik yillarida o‘z boshidan kechirgan bu xo‘rlik-zorliklar keyinchalik uning «O‘tmishim» (1929) dostonida ham aks etadi.

Shoirning «Qo‘shchi Turg‘un», «Batrak Qoravoy» hikoyalarida asosan o‘zbek dehqonlarining o‘tmishdagi og‘ir hayoti, boylar qo‘lida ezilishi, ularga qarshi olib-borgan norozilik harakatlari qalamga olindi. Bu ayniqsa uning «Qo‘shchi Turg‘un» hikoyasidagi Turg‘unning o‘z xo‘jayini Muhammadamin dalasida o‘zi kabi xizmatchilarga qarata aytgan ushbu so‘zlarida ochiq ko‘rinadi: «Biz shul xo‘jayinlarning ishlarini ishlaguvchi kishilarmiz, biz yil-o‘n ikki oy ishlaymiz-da, orttirgan narsamizg‘a qornimiz yolchib to‘ymaydi, tanimiz esa yaxshiroq kiyim ko‘rmaydir. Biz ishlab turib to‘ya olmasak… Biz ham ulardek bir odam. Nechun biz xo‘jayinimizg‘a beraturg‘on narsangiz oz, ko‘proq bering, deb aytmaymiz. Basharti yolg‘iz aytishga qo‘rqqanimizda, nechun to‘planib turib so‘ramaymiz? Agar to‘planib turib aytsak, ular nima qiladilar? O‘zlari qo‘shning qulog‘ini tutib yer haydarlar, deb aytasizmi… Biz ishlamasak, bular och qoladilar, och qolganlaridan so‘ng, albatta, biz bilan kelishishga majbur bo‘ladilar».

Uning ko‘pgina she’rlarida bugungi kun uchun ham dolzarb bo‘lgan ekologik masalalar: tabiat go‘zalliklari, o‘simlik va hayvonot dunyosiga mehru muhabbat, tabiatning inson hayoti va bolalar tarbiyasiga ko‘rsatadigan bitmas-tuganmas manaviy ta’sirlari shavq-zavq bilan kuylanadi («Bizning qishloq», «Turnalar», «Qaldirg‘och», «Lolazorda», «Ko‘klam» va boshqalar).

Elbek o‘zbek tili va og‘zaki ijodi sohasida ham qalam tebratgan ma’rifat sohibidir. U professor G‘ozi Olim Yunusov, Xodi Zaripov, Buyuk Karimov, M. Solihov kabi tilshunos-folklorshunos olimlar bilan birgalikda o‘zbek xalq tili va og‘zaki ijod namunalarini yig‘ish va nashr etilishida, atamalar lug‘atini tuzishda, imlo muammolarini hal etish ishlarida ham faol qatnashdi. U 1919 yil boshlarida Fitrat rahbarligida tuzilgan «Chig‘atoy gurungi»ning faol a’zolaridan biri sifatida ishtirok etib, keyinchalik Shokirjon Rahimiy, G‘ozi Olim Yunusovlar bilan birga o‘zbek ilmiy komissiyasi rahbari ham bo‘lib ishladi. Cho‘lpon, G‘ulom Zafariy va boshqalar bilan birga Farg‘onadan minglab xalq maqol va matallari, xalq qo‘shiq va laparlarini, etnografiya materiallarini to‘plab keladi. Hozirgi zamon o‘zbek tilida kam qo‘llanadigan «O‘zbek xalqining izohli lug‘atiga materiallar» degan ish yozdi, o‘zbek tilining mukammal izohli lug‘atini yaratish uchun muhim manba bo‘la oladigan «O‘zbek folklori lug‘ati»ni tuzishga ham kirishadi (qarang: «Sovetskiy folklor», Leningrad, 1936, № 2—3, 444-bet). U xalq ijodining durdonalaridan bo‘lgan qo‘shiq (laparlar)ni kechiktirmasdan to‘plash va nashr qilishning birinchi jonkuyari sifatida bong uradi: «Adabiy qimmatni o‘z ichiga olg‘an chuqur ma’nolari bilan ko‘ngilni o‘ziga tortaturg‘on matal, ertak, cho‘pchak, jumboq va laparlarimiz bugun o‘z-o‘zidan yo‘kolib boradir.

Bularning kundan-kun yo‘qolib ketmakda ekanini ko‘rib turg‘on biz o‘zbeklarning albatta jim turmay, bularni to‘plashg‘a va kitob ravishda bosdirib tarqatishg‘a harakat etmagimiz tegish edi.

Bu kunlarda shu tilakni ilgariga surib harakat qilg‘uvchi O‘zbek bilimi hay’ati va Bilim kengashi ipmiy o‘rinlar bor esa-da, bir tomondan bularni to‘plash ishiga qiziqqan kishilarning bo‘lmaslig‘i, 2-nchidan xalq adabiyotining eng yuksalgan o‘rinlarining tinchsiz bir holda qolib turg‘onlig‘i bu harakatlarg‘a to‘siq bo‘lib turmoqdir» (Elbek. Laparlar. «Bilim o‘chog‘i» jurnali, 1922, 1-son, 96-bet).

Uning «Imlo va til qurultoyining chaqirilishi oldidan» (1920), «O‘lka o‘zbek imlo qurultoyi va uning qoldirgan ta’siri» (1921), «Turk tillarining qonunlari to‘g‘risida» (1922), «Til darsligi» (1923), «Tilimizdagi yangiliklar» (1924), «Yana til, imlo masalasi» (1925), «Imlomiz ustida bir necha so‘z» (1927), «Til — imlomiz ustida» (1929) kabi bir qancha maqola va qo‘llanmalari ham shoir Elbekning til va imlo masalalari bilan asosli ravishda shug‘ullanganidan dalolat beradi.

Shoir va pedagog, masalchi va folklorchi, tarjimon ham tilchi Elbek 1937 yil Stalin shaxsiga sig‘inishning og‘ir yillarida o‘zining bir kator zamondosh do‘stlari, olim va yozuvchilar: Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Otajon Hoshim, M. Solihov, Olim Yunusov va boshqalar qatori milpatchilikda ayblanib, qoralana boshlandi. O‘sha davr matbuoti hech qanday dalilga asoslanmagan holda unga millatchi ayblarini taqib shunday yozdi: «Fitratning eng sodiq shogirdi Elbek aksilinqilobchilarning qonli lagerida turib, partiyaga va sovetlarga qarshi zaharli she’r, masal, maqollar yozdi. Aksilinqilobchilarning gazeta, jurnallari ko‘pincha Elbekning she’risiz chiqmas edi. Elbek o‘zining istar o‘tmishda, istar hozirgi ijodi bilan sovetlarga qarshi dushman tegirmoniga aktiv ravishda suv quyib keldi («Elbekning ijodi haqida», «Yosh leninchi», 1937, 20 avgust).

Buning natijasida marifatli va madaniyatli qalam sohibi Elbek ham sotsialistik qonunchilikning buzilishi qurbonlaridan biri bo‘ldi. Uning adabiy va ilmiy merosi, tarjimachilik va folklor sohasidagi ishlarini to‘plash va o‘rganish, nashr etish bugungi qayta qurish davrida adabiyotchilarimiz oldida turgan muhim vazifalardan biridir.

«Guliston» jurnali, 1990 yil, 11-son