Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Andijon: Birdamlikka da’vat (1991)

Bismillahir rohmanir rohim.

Alhamdu lillahi robbil a’lamiyn, val aqibatu lil muttaqiyn vas solatu vas salamu ala rasulihi Muhammad. Va ala alihi va ashabihi ajma’iyn.

Hurmatli azizlarimiz! Muhtaram ulamolarimiz!

Diniy idoramiz Ulamolar Kengashining navbatdagi yig‘inini ochiq deb e’lon qilishga ijozat bergaysiz. Bu yerda to‘planishimizdan maqsad diyorimiz mo‘min-musulmonlari hayotida oxirgi paytlarda bo‘lib o‘tgan ba’zi bir voqealarni muhokama qilib, kelajak yumushlarimiz rejasini tuzib olishdir.

Shu boisdan ijozat bersangiz, so‘nggi voqealardan ozmi-ko‘pmi xabardor bo‘lganim uchun sizlarga axborot bersam va ularni ko‘plashib muhokama qilsak.

Barchamizga ma’lumki, Haj mavsumida diyorimiz mo‘min-musulmonlari boshidan katta musibat o‘tdi. Bularning hammasiga o‘zimiz guvohmiz. Eng qizg‘in nuqtalarida sizlarning o‘zlaringiz ishtirok etdingiz. Bu voqealarning hikmatini Alloh taoloning o‘zi biladi, lekin biz ham qosir aqlimiz yetganicha muhokama qilmog‘imiz kerak.

O‘zingizga ma’lumki, keyingi davrda yurtimiz mo‘min-musulmonlari hayotidagi ijobiy o‘zgarishlar mehnatkash xalqimizni xursand qildi, uning quvonchiga sabab bo‘ldi. Shu bilan birga oramizda bo‘layotgan bu ezgu ishlarni ko‘rolmaydigan, bundan ko‘ngillari nihoyatda g‘ash tortayotgan kishilar ham bor. Ular uzoq-yaqindan, bildirib-bildirmay siz bilan bizning harakatimizga to‘sqinlik qilishga, odamlarimizni dinga yaqinlashtirmaslikka harakat qilishadi. Jumladan, ularning so‘nggi urinishi shu bo‘ldiki, idoramiz mo‘min-musulmonlarining ko‘pchiligi Hajga ketgan paytda, asosan, hukumatning ba’zi bir mas’ul kishilari boshchiligida siz bilan bizning harakatimizga qarshi ig‘vo, fitna uyushtirishdi. Ularga sodiq bo‘lgan, ularning chizgan chizig‘idan chiqmaydigan, xohlagan paytida dinni ham, iymonni ham sotishga tayyor ba’zi bir kishilarni chaqirib, topshiriqlar berdilar va qo‘poruvchilik ishlarini amalga oshirdilar: Hajdan qaytgan kunimizning ertasiga 5 iyul kuni Toshkentdagi Tilla shayx masjidida to‘polon uyushtirishdi.

Ular qilayotgan bo‘hton-tuhmatlar, asosan, ikki nuqtaga kelib taqaladi: birinchisi – muftiy Qur’oni Karimni sotib, pulini o‘z gumashtalari bilan bo‘lishib olgan.

Ikkinchisi – Haj. Demak, Hajga borishda muftiy ham, idora xodimlari ham pora olganlar. U yerdan yuborilgan yordamlardan yeb qolishgan kabi asossiz va ig‘vogarona da’volar. Bu fitna va fasodning ildizlari o‘rganib chiqilsa, quyidagi manzara namoyon bo‘ladi: birinchisi Qur’oni Karimni podshoh hadya qilganidan so‘ng juda ko‘p mas’ul idoralar va shaxslar to‘sqinlik qildilar. Kitoblar bir yil kelmay turib qoldi. Biroq Gorbachevning aralashishi va boshqalar tufayli dushmanlarimizning ixtiyorlariga qarshi o‘laroq Qur’on keldi.

Qur’oni Karim kelib musulmonlarimizning uyiga kirdi. Ular bu muazzam va ulug‘ dasturimizni mutolaa qila boshlagandan so‘ng kommunistlarning yetmish yil davomida olib borgan yovuz va adolatsiz siyosati puchga chiqdi. Bunga ular chidasharmidi? Yo‘q, albatta. Ana shundan keyin tazyiq uyushtira boshlashdi. Ig‘voning to‘xtovsiz avj olishi boisi shundaki, ularning xom aqidasiga ko‘ra, bu hol davom ettiraverilsa, jonidan to‘ygan muftiy Qur’on keltirishdan bosh tortadi. Ikkinchisi, Haj masalasi.

1989 yili O‘zbekiston jumhuriyatidan Hajga ikki nafar kishi borgan xolos. Bu yil, esa, Allohga shukurlar bo‘lsinkim, ikki ming odam bordi. O‘rta Osiyo bo‘yicha undan ham ko‘p. Ikki ming odamning og‘zini yopib bo‘lmaydi. Ular chin musulmon olamida ko‘rgan-kechirganlarini bu yerga kelib gapirib beradilar. Bu hol dinimiz dushmanlariga juda katta zarba bo‘ladi. Shu boisdan ham ulug‘ ayyomdan oldin Hajga boruvchilar sonini 600 ga tushirishga harakat qilishdi. Demak, boshimizga yog‘ilayotgan fitna va malomat toshlaridan yana bir muddao – Haj yo‘lini to‘sishdir. Ana shuning uchun ham ular o‘z malaylariga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatishga o‘tishdi va to‘polon, ur-sur bilan diniy idorani bosib olishdi. Idora eshiklarini qulflab, odamlarimizni haydab chiqardilar, moshinlarni taqsimlab mindilar. Bu fitnalar ma’sul shaxslarning guvohligida va ishtirokida amalga oshirildi. Yigirma kishidan iborat komissiya tuzildi. Komissiya a’zolarining to‘rt nafari hukumatning ma’sul odamlari. G‘arazli bu jamoaning muddaosi tezda ayon bo‘ldi. Biz ularga qarata ochiqchasiga aytdik: «Taftish qilmoqchi bo‘lsangiz, ilgarigi taftish natijalarini xalqqa yetkazing. Taftish talab qilganlarni nohaq da’volari uchun javobgarlikka torting. Bizga, idoraga bosqinchilik qilganlar va uyushtirganlar ham qonun oldida javob bersin. Undan so‘ng taftishni boshlayvering. Biz taftishdan qo‘rqmaymiz…»

O‘sha ma’lum davlat to‘ntarishi ro‘y bergan kuni (19 avgust) moliya vazirligidan taftishchi keldi. Biz ijozat bermadik. Taftishchi ertasiga, bu gal prokuror bilan keldi. Keldi-ketdilardan muddao ayon: bizni yana yetmish yil ortga qaytarish, xalqimizni gumrohlik va jaholat botqog‘ida tutib turish.

Ana shu tariqa, ig‘vo va bo‘htonlar to‘rt tomondan yog‘ila boshladi. Buning pirovard nuqtasi shu bo‘ldiki, ular diniy idoramizni bo‘lib tashlash payiga tushdilar. 11 sentyabr kuni Toshkentdagi Yakkasaroy masjidida yig‘in o‘tkazishdi. Unda Toshkent shahridan yetti masjid, viloyatdan besh masjid ishtirok etdi. Yuqori idoralarga yuborilgan hujjatga oltmish masjid ishtirok etdi deb qayd qildilar va o‘z homiylari tashabbusi bilan Toshkent viloyati huquqiy bo‘limidan ro‘yxatdan o‘tdilar. Toshkent shahri va viloyati alohida diniy idora bo‘ldi, deb butun olamga jar soldilar. Alhamdulillah, bu fitnaga boshqa masjidlar bosh qo‘shmadi. Ularning imomlari jamoatlari bilan: «Biz bu fitnaga qo‘shilmaymiz. Diniy idora bilan qolamiz», deb qat’iy aytishdi. Yuqorida qayd qilingan voqealar jarayonida ko‘plab viloyatlarga farmon yuborilgan. Farmonning mazmuni quyidagilardan iborat: har bir viloyat o‘zining mustaqil diniy idorasini tashkil qilsin. Idora (ya’ni O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlarining diniy idorasi) tarqatib yuborildi. Va hokazo.

Bu farmon borganidan so‘ng, alhamdulillah, imom-domlalarimiz, bosh xatiblarimiz juda katta jasorat ko‘rsatishdi. Dinimizga astoydil xizmat qilishdi. Bu shum farmon musulmonlar uyushgan ayrim mintaqalarga tarqatilgani yo‘q. Chunonchi: Namangan, Andijon, Xorazmga bu xabar yetib bormagan. Musulmonlarni mahalliy mintaqalarga taqsimlash haqidagi farmonni dastlab bizga Mustafoqul hoji og‘amiz yetkazdilar va xushyorlikka chaqirdilar. Boshqa imomlarimiz ham xuddi shu fikrni bildirishdi. Termiz shahar masjidining bosh imom xatibi Abdulhafiz og‘amiz xuddi shu farmonni yetkazgan mas’ul vakilga shunday javob berdilar: «Siz O‘zbekistondan ajralib chiqing, biz ham diniy idoramizdan ajralaylik…» Qolgan viloyatdagilar ham xuddi shu javobni berganlar. Bu tazyiqlar yuqori idoralar tomonidan uyushtirilayotgani ma’lum bo‘lganidan so‘ng, biz ularga qarshi musulmonlarni oyoqqa ko‘tarishga majbur bo‘ldik. Bunga, alhamdulillah, Farg‘ona vodiysi ulamolari, shu yerda o‘tirgan azizlarimiz va boshqa mo‘min-musulmonlar bosh qo‘shishdi. O‘ttiz, qirq ming va undan ziyod musulmonlar ishtirok etgan yig‘inlarda bu fitna-fasodlarning homiylari sha’niga asosli gap-so‘zlar bo‘ldi. Boshqa viloyatlarda ham shu holatda turli xil yig‘inlar bo‘lib, fitnaga qarshi norozilik bildirildi. Buning oqibatida ig‘vogarlar oqimi birmuncha susaygandek bo‘ldi. Ammo bu aslida zohiriy alomatdir.

Bu yerda nomlari zikr qilingan va qilinmagan juda ko‘pchilik musulmonlarimiz dinimiz uchun fidokorlik namunasini ko‘rsatishdi. Alloh taolo barchalariga o‘z ajru savobini beradi. Bundan keyin ham ularning himmatlariga himmat, g‘ayratlariga g‘ayrat, shijoatlariga shijoat qo‘shilishini Alloh subhonahu va taolodan so‘rab qolamiz.

Azizlar, eng ulkan imtihon, eng katta mashaqqat Tojikiston jumhuriyatida yuz berdi. Hammamizga ma’lum, Tojikistonda juda yaxshi rivojlanib kelayotgan erkinlik harakatini kommunistlar to‘sib, avvalgi holatga qaytarmoqchi bo‘ldilar. Tojikiston musulmonlari va ularga hamqadamlik qilgan ziyolilar, barcha demokratik kuchlar ig‘voga qarshi faol kurashga qo‘zg‘aldilar. Bu xayrli ishga Tojikiston musulmonlarining qozisi hoji domla Akbarjon To‘rajonzoda bosh bo‘ldilar. Alloh taolo bu kishiga shijoat va g‘ayrat bergan. Ana shu shijoatni juda o‘rnida ishlatib, butun dunyoning zikriga tushadigan mehnatni amalga oshirdilar. Tojikiston musulmonlari ko‘rsatgan jasorat, g‘ayrat va chidam, inshoalloh, asta-sekinlik bilan hammayoqqa tarqalajak. Zahmatkash xalq erki va haq-huquqini himoya qilib maydonga chiqqan musulmonlar sakkiz kun tinmay yoqqan yomg‘ir ostida ham ruhiy tushkunlikka tushmadilar. Bir qadam ham ortga qaytmadilar. Sakkiz kunlik yomg‘ir ostida ustlari ochiq holda namozni ado etib, ro‘za tutdilar. Alloh taolodan fath-nusrat tiladilar. Norozilik namoyishi yana yetti kun davom etdi. Qozi domlaning padari buzrukvorlari To‘rajon buvamiz va boshqa azizlarimiz: «Bu maydonda bir soat turish yuz rakaat nafl namozi o‘qish bilan barobar», deb fatvo chiqardilar. Musulmonlar ana shu yo‘l bilan kommunistlarning navbatdagi ig‘vogarona fitnasiga qarshi keskin bosh ko‘tardilar va juda katta jasorat ko‘rsatdilar.

Alhamdulillah, bu harakat zafar va nusrat bilan tugadi. Musulmonlarning deyarli hamma talablari qondirildi. Ba’zilari maslahat uchun qoldirildi. Inshoalloh, ular ham yaxshilik bilan yakunlanadi, deb umid qilamiz.

Mo‘min-musulmonlarni kim ustiga chiqib tepsa ham indamasdan turaveradigan zamonlar o‘tib ketdi. Ular ham haq-huquqlarini talab qila boshlaganliklarini butun dunyo ko‘rib qo‘ydi.

Bu musibatlar hammamiz uchun bir sinov bo‘ldi. Alloh taolo hech bir ishni behikmat qilmas ekan, bu hodisalar avvalo mo‘min-musulmonlarimizning birlashuviga sabab bo‘ldi. Tojikistonda ham xuddi shunday nizolar chiqib, bir-birlari bilan kelisholmay turgan toifalar sinov paytida birlashdilar. Bu esa, dinimiz dushmanlari qalbiga qo‘rqinch soldi. Buning uchun Alloh taologa ziyoda hamdlar aytamiz.

Ikkinchidan, ichimizda yurgan munofiqlarni ajratib olishga ana shu voqealar sabab bo‘ldi.

Uchinchidan, o‘zimizning kuch va qudratimizni his qildik. Xohlagan narsamizni Alloh taolodan so‘rasak, uyushgan holda harakat qilsak, imkon borligini anglab yetdik.

Xuddi shu vaziyat barchamizni bir yoqadan bosh chiqarib, bahamjihat bo‘lib, istiqbol rejalarimizni belgilashga va o‘tgan voqealarni ijtimoiy-siyosiy sharoit ko‘zgusiga solishga da’vat etadi. Shuning uchun O‘rta Osiyo va Qozog‘iston jumhuriyatlari musulmonlarini birlashtirish maqsadida yirik bir anjuman o‘tkazishga qaror qildik. Bu anjumanda bo‘lib o‘tgan voqealarga baho beraylik, oldimizda turgan vazifalarni belgilab olaylik. Mo‘min-musulmonlarimiz o‘rtasidan ixtilof va nizo ko‘tarib, Parvardigorimizning hikmati bilan vahdat – birdamlik, yakdillik yuzaga kelganini e’lon qilaylik. Hukumatga o‘z talab va e’tirozlarimizni rasmiy tarzda taklif etaylik.

Azizlar, bugungi yig‘inimizni katta anjumanning debochasi, deb bilishingizni so‘rayman. Anjumanda ko‘riladigan masalalar g‘oyatda muhim. Ulamolarimizning fikricha, hal qilinishi lozim bo‘lgan masalalardan biri – mo‘min-musulmon farzandlariga bog‘chadan tortib oliy o‘quv yurtigacha, umuman, barcha o‘quv-ta’lim o‘choqlarida diniy tarbiyani yo‘lga qo‘yish, haftaning juma kunini musulmonlar uchun hordiq deb e’lon qilish, radio, gazit va jo‘rnollar hamda oynai jahon ko‘rsatuvlarida musulmon ulamolariga keng yo‘l berish, xalq ma’rifatini oshirishda ulamolarimiz tajribasidan yetarlicha foydalanish va hokazo, va hokazo…

Bugun mo‘min-musulmonlar o‘z istak va talablarini qattiq turib talab qiladigan paytdir.

Azizlar, bu takliflar orasida O‘zbekiston prezidentligiga namzodlarga musulmonlarning munosabati, Islom dinini rasman tan olish kabi qator siyosiy muammolar ham bor. Biz ana shu muammolarni ham birgalikda hal qilmog‘imiz kerak. Zero bugun siyosatsiz din ham, mafkura ham bekordir. Biz o‘z talab va xohishlarimizni boshimiz ustida turgan hukumat bilan, u qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, kengashar ekanmiz, shuning uchun o‘zi siyosatdir. Bizga ma’lumki, ba’zi bir davlatlarda Islom rasman tan olingan. Ammo shu narsa ham ma’lumki, tan olingan din keyin hukumatning qo‘lidagi qo‘g‘irchoqqa aylanishi hech gap emas. Hukumat dinni tan olgan taqdirda mo‘min-musulmonlar uchun manfaatli bo‘ladimi yoki yo‘qmi? Biz ana shu savolga javob berishimiz lozim bo‘ladi. Din mo‘min-musulmonlarni yo‘lga solib turuvchi hukumat ilkidagi bir vosita bo‘lmasligi kerak. Ulamolarimiz «Savod ul a’zam» xayriya jamiyatini rasmiylashtirish fikrini o‘rtaga qo‘yishyapti. Bu jamiyat Toshkent va Farg‘ona vodiysida bir-muncha ishlarni amalga oshirdi. Andijonda ellik mingdan ziyod a’zosi bor. Namanganda undan ham ko‘p. Bu xayriya jamiyati biz mo‘min-musulmonlar uchun nihoyatda zarur ekanini aytib o‘tirmasa ham bo‘ladi. Ma’lumki, katoliklarning «Tereza» nomli xayriya jamiyati bor. Ana shu jamiyatning to‘rt nafar rohiba vakilasi Tojikistonga keladi. O‘z rusumida kiyingan va masihiy dini qonun-qoidalarini puxta egallagan bu rohibalar beva-bechora, nogiron, kimsasiz kishilarning uyiga borib ularga xolis yordam ko‘rsata boshlaydilar. Bemorlarga g‘amxo‘rlik qiladilar. Tabiiyki bu hol mahalliy xalq mehrini qozonishga qaratilgan tadbirdir. Bu mehr oxiri uning diniga kirish bilan xotima topadi. Ularning esa maqsadi shu. Buni ko‘ring: ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri kelib: «Qani, mening dinimga kirlaring!..» – deyishmaydi. Indamay, bekas-bechoraning pinjiga kiradi, uni suyaydi, joniga malham bo‘ladi. Ko‘ribsizki, sekin-asta ko‘ngil tublarida unga nisbatan, uning timsolida diniga nisbatan e’tiqod bo‘y ko‘rsata boshlaydi. Toshkentda ham, Dushanbeda ham turfa dinlarni qabul qilgan talaygina birodarlarimiz borligi hech kimga sir emas. Biz qilishimiz lozim va shart bo‘lgan, dinimiz shunga chaqirgan xayrli ishlarni o‘zgalar qilsa, uning ortidan yurgan musulmonlar dindan chiqsalar, bu gunoh siz va bizning bo‘ynimizdadir. Umid qilamizki, «Savod ul a’zam» uyushgan bir jamiyat sifatida katta quvvatga ega bo‘ladi va og‘ir ahvolda qolgan mo‘min-musulmonlarga, beva-bechoralarga,etim-esirlarga, bekas va benavolarga pusht-panoh bo‘ladi, ularni qo‘llab-quvvatlaydi.

Zamon o‘zgargan sayin siz bilan bizga nisbatan bo‘lgan talablar ham o‘zgarib boryapti. Bundan keyin ham o‘zgarishi tayin. Hammamiz uyushgan holda hamqadamlik bilan ishlashimiz zarur.

Tajribalar ko‘rsatdi va o‘zimizga ayon bo‘ldiki, dinimiz dushmanlari avvalo oramizdan ixtilof chiqarib, bir-birimizni yomonotliq qilishga harakat qilishadi. Ularning nizomi shunaqa. Bu kecha yoki bugun paydo bo‘lgan emas. «Orasini bo‘lib tashlab, hukmronlik qil», degan mazmundagi nizomlari bor.

Azizlar, Alloh subhonahu va taolo birdamlik va hamjihatlik yo‘lida qilayotgan xayrli ishlarimizni qo‘llayein. Omin.

Hijriy Robiul-soniy oyiniig 5-kuni (1991 yil, 14 oktyabr) O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlarining vakillari bilan Andijondagi uchrashuvda so‘zlangan.

«Movarounnahr musulmonlari» majalasi, 4-son, 1991 yil.