Rustam Shokirov. Sirasini aytsak… (1990)

Abu Ali ibn Sino: «Agar havoda changu g‘ubor bo‘lmasa edi, inson ming yil yashagan bo‘lurdi», degan ekan. Inson hayot ekan, bu hikmat hech qachon o‘z qimmatini yo‘qotmaydi. Chunki umrimiz, sog‘-omonligimiz barcha yaxshi-yomon jihatlari bilan bizni o‘rab turgan tabiatga va unga bo‘lgan muomala madaniyatimizga bog‘liq. Tabiatni mehribon ona desak, inson shu ona qalbining yoniq bo‘lagi, tabiat bamisoli to‘kin dasturxon bo‘lsa, inson undan o‘z nasibasini oluvchi mehmonga o‘xshaydi. Shubhasiz, farzandning ham, mehmonning ham har xili bo‘ladi. Shu boisdan ham hozirgi paytda tabiat bilan inson o‘rtasidagi munosabat zamonning muhim muammolaridan biriga aylanib qoldi. Tabiatni unutganligimiz aslida o‘zimizni unutayotganligimizdir.

Xo‘sh, bu «unutish» nimada namoyon bo‘ldi? Dastlab, tabiatga bo‘lgan muomala madaniyatimizning sayozligida. Ayniqsa, dehqonchilik ishida tabiat o‘z-o‘zini tartibga solib turuvchi tabiiy jarayon ekanligini unutdik. Buyruqbozlik, kaltabinlik usuli dehqonni ham o‘z holi-joniga qo‘ymadi. Dehqon tabiatning o‘zini tabiatga qarshi qo‘yib, manfaat hosil qilish san’atini qadimdan yaxshi bilgan, bundan tabiat ham, insonning o‘zi ham ozor chekmagan. Qushlar, chuvalchang, qirqoyoq kabi jonzotlarning ko‘payishi zaminni yumshatish, boyitish uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Azaldan dehqon uchun chuvalchangning ko‘pligi zaminning sog‘lomligi, yomg‘irga qo‘shilib qurbaqa yoqqani esa arzonchilik belgisi hisoblangan. Bizning «zo‘rlab undirib olish» yo‘liga tushib qolgan dehqonchiligimiz esa, keyingi yillarda o‘zining «kimyoviy tig‘i» bilan zaminning ham ostki, ham ustki qismidagi jonivorlarga keskin hujum qildi. Ayrim sanoat korxonalarimiz esa(o‘z chiqindilari bilan goh yerdan, goh osmondan «yordamchi zarbalar» uyushtirdilar. O‘tmishga ham, kelajakka ham e’tiborsiz holda tabiatga ustma-ust zug‘umlar qilindi.

Yana bir aybimiz betejam va ayovsizligimizda namoyon bo‘ldi. Tabiat har qancha to‘kin dasturxon bo‘lmasin, u tejamga muhtoj. Bir tishlab uloqtirishga Hotamning davlati ham chidamaydi. Biz esa olgan nasibalarimizning o‘rnini to‘ldirishni xayolimizga ham keltirmadik. Tabiat bag‘ridagi boyliklarni ayovsiz sochib tashladik. Ayniqsa, iqtisodiy foydani hamma narsadan ustun qo‘yuvchi kaltabinlar ko‘proq bu ishning tashabbuskori bo‘ldilar. Ayovsiz konlar qazidik, «zangori olov»lar yoqdik, haybatli mo‘rilardan zaharli tutunlar o‘rlatdik. Shovqin ustiga shovqin, g‘ubor ustiga g‘ubor qo‘shdik, yana ko‘nglimiz joyiga tushmadi. Suvga tupurish uvol deb bilgan otalarning farzandlariga nima bo‘ldi o‘zi?! Turli-tuman kimyoviy zaharlar — fosfatlar, nitratlar, gerbitsit va pestitsidlar… Suv tanqisligi, toza havo tanqisligi, osudalik tanqisligi va yana allaqancha tanqisliklar yuzaga keldi. Hatto atmosferaning ozon qatlamini ham zaharlay boshladik. Nihoyat,bularning barchasi to‘planib «salomatlik tugulligivni hosil qildi. Bugun yaxshiroq o‘ylab qarasak, bunday pala-partishlik faqat tabiatga emas, insonning ma’naviyatiga ham daxldor ekanligi aniq bo‘lib qoldi. Bu — eng dahshatli hodisa. Shunday bemulohazaliklarimiz tufayli ham hozir mamlakatimiz har yil tabiat muhofazasiga 70 milliard so‘m sarflamoqda. Bu kam mablag‘ emas. Lekin loqaydligimiz tobora xuruj qilaversa, sog‘-omon yashab qolishimiz oldida bu mablag‘ juda kamlik qilib qolishi ham mumkin. Tabiatga muomala madaniyatimizning nochorligi bizni jar yoqasiga tomon surib ketmoqda, lekin hamon oyog‘imiz ostiga tuzukroq qaramayapmiz.

Keyingi yillarda jumhuriyatimizda Navoiy kimyo kombinati va tsement zavodi, Qo‘qon kimyo zavodi, Buxoro grafit-gips kombinati, Olmaliq, Chirchiq korxonalari kabi zahar sochuvchi «pahlavonlar» bunyodga keldi. 1988 yilda jumhuriyatimizda 110 ta sanoat korxonasi atmosferaga me’yoridan ortiq zaharli moddalarni chiqarib turdi. Ulardan tarqalayotgan zaharli moddalarning salomatlikka ta’sirini endilikda ro‘y-rost aytayapmiz. Lekin bu ta’sirlar inson uchun qanchaga tushayotganligini hali hech kim hisoblab chiqqani yo‘q. Tabiat tobora insonning zavoliga aylanayotgan ekan, bunga aslida odamlarning o‘zlari bu ishning kaltabin tashabbuskori bo‘layotirlar. Ha, tabiat katta donishmand: unda hamma narsa hisobli, hamma narsaning qat’iy o‘rni bor. Shu boisdan F. Engelis aytganidek, tabiat bizdan nojo‘ya xatti-harakatlarimiz uchun qasos olmoqda.

Biz hozir ham yerga zaharli moddalar solish odatimizdan ko‘ngildagidek qutula olganimiz yo‘q. Har yili Qoraqalpog‘iston jumhuriyati, Xorazm viloyati, qo‘shni Turkmanistonning ayrim joylarida har gektar yerga «Orol sahrosi»dan ko‘tarilgan 500 kilogramm sho‘r-qum yog‘ilib turibdi. Ha, endilikda Orol qirg‘oqlari 70—80 chaqirim ichkariga chekinib, 2 million gektardan oshiq maydon ochilib qolganligi uni sahro deyishga asos beradi. Bu joyda o‘simliklar va hayvonlarning qanchalab turlari qirilib ketdi. Kulfatlarning asosiysi yana kelib inson boshiga tushdi. Uning salomatligi bilan bir qatorda qadr-qimmatiga ham e’tibor susayib ketdi. Insonning ijtimoiy, ma’naviy ehtiyojlari chetga surib qo‘yilib, ko‘pincha unga faqat mehnat qiluvchi kuch sifatida qarashga o‘rgana boshladik. Farovonlik inson uchun emas, aksincha inson farovonlik uchun xizmat qildi. Ana shu loqaydliklar sababli ham SSSR bir yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi jihatidan Yaponiyadan 5 marta, AQSh, Angliya, GFRdan esa 2,5 marta o‘zib ketdi. O‘zbekistonda bir yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi salmog‘i har yili 33 ming nafarga yetdi. Kasalxonalar, vrachlarimiz ko‘p bo‘lsa-da, salomatligimiz mustahkamligi bilan maqtana olmaymiz.

Hozir SSSRda o‘rtacha umr uzunligi 69 yoshni tashkil etadi va bu sohada mamlakatimiz jahonda o‘ttiz ikkinchi o‘rinni egallaydi. Turkmanistonning Ashxobod viloyatidagi ilg‘or paxtakor kolxozlardan birida tekshirish o‘tkazilganda 14 yoshgacha bo‘lgan 368 nafar boladan bor-yo‘g‘i 3 nafari to‘la sog‘lom deb topildi. Qozog‘istonning Chimkent viloyatida tekshirish o‘tkazilganda har ming bolaga 33,7, shu viloyatning paxtakor nohiyalarida esa, har ming bolaga 47—50 o‘lim to‘g‘ri kelmoqda. Bulardan keyin O‘zbekiston haqida gapirmasak ham bo‘ladi. Zaharli moddalar ta’sirida, odamlarimizda ayniqsa jigar, oshqozon, o‘pka, yurak kasalliklari xuruj qilib ketdi. Hozir Buxoro jumhuriyatda jigar kasalligi eng ko‘p uchraydigan viloyat bo‘lib qolmoqda.

Ana shu fojialarning ko‘pchiligida paxta yakka ziroatchiligi sabab bo‘ldi. Keyingi yillarda «oq oltin»dan tog‘lar yasashga chunonam kirishib ketdikki, hatto o‘zimizni ham unutayozdik. Samolyotlar zahar sochdilar, ichimlik suvlarimiz tuzga, lazzatli mevalarimiz og‘uga aylana boshladi — parvo qilmadik. «Hurmatli zotlarining «dono rahbarligi»da plan ketidan itoatkorona chopaverdik. Bunday «kimyoviy qirg‘in» davrida shifokorlarimizning xavotirli ovoziga ham hech kim quloq solmadi. 80-yillarga kelib jumhuriyatimizda havo havzasini ifloslantiruvchi sanoat chiqitlarining o‘rtacha yillik hajmi 1,5 million tonnadan, suvni ifloslantiruvchi oqovalar esa 500 million kub metrdan oshib ketdi.

Noaniq rejalar talabiga yolg‘on javoblar aytib «qutulib» keldik, lekin salomatlik ishida yolg‘on ketmas ekan. Kasalni yashirganing bilan isitmasi oshkor qiladi. Yer zaharlangan, havo zaharlangan, oziq-ovqatlarimiz ham zahar-olud bo‘lganidan so‘ng salomatlik haqida qanday gap bo‘lishi mumkin.

Bir dehqon: «Erning ko‘pi, qo‘yning ozi charchatadi», degan edi. Bu hikmat xalqimizga qadim-qadimdan ayon ekanu, biz goh jadal, goh favqulodda jadal taraqqiyot ketidan chopuvchilar xalqning qalbiga tuzukroq quloq ham tutmadik. Cho‘lquvarlar bo‘lib, yashil yaylovlarni yemirdik. Oqibatda qo‘ylar kamayib ketib, cho‘ponni holdan toydirdi. Natijada go‘sht va sutni kam ko‘rib, kam yeydigan bo‘lib qoldik. Ma’lumotlar jon boshiga taqsimlanganda yiliga mamlakatda 62—64 kilogramm go‘sht va go‘sht mahsulotlari iste’mol qilinganligini, jumhuriyatda esa bu 29—30 kilogrammga to‘g‘ri kelishini ko‘rsatdi.

Yaylovlar hisobidan ko‘paytirgan yerlarimiz esa, dehqonning sillasini quritdi. Namangan, Sirdaryo, Farg‘ona viloyatlari va shuningdek, boshqa nohiyalar xo‘jaliklarida ozuqa ekinlari maydonining 4—5 ming gektariga paxta ekilganligi aniq bo‘ldi. Umuman, jumhuriyat bo‘yicha ozuqa maydonlari uchun ajratilgan yerlarning 40 ming gektariga qo‘shimcha chigit ekib yuborildi. Holbuki, har bir gektar yerga ekilgan ingichka tolali paxta — 4 ming 136 so‘m, oq paxta — 2 ming 400 so‘m, sabzavot — 6 ming 379 so‘m, kartoshka esa 2 ming 983 so‘m daromad berishi ba’zilarga yaxshi ayon edi. Lekin ular ham millionlar ketidan quvib, buyruqlar kuchi bilan dehqonni faqat paxta ekishga majbur qildilar.

Shuning uchun ham mamlakatda meva va sabzavot iste’mol qilish o‘rta hisobda har yili jon boshiga 260—270 kilogrammga to‘g‘ri kelgani holda, jumhuriyatimiz aholisi atigi 170—173 kilogramm meva va sabzavot iste’mol qildi. Jumhuriyat meva, uzum, sabzavot va qovun-tarvuz yetishtirishda umumittifoq ahamiyatiga ega bo‘lsa-yu, dehqon og‘zi to‘lib meva yeya olmasa?! Ba’zi mas’ul xodimlarning fikricha, sabzavot yetishtirish birdan ko‘payadigan bo‘lsa, uni saqlaydigan quvvatlar yetishmas emish! Mehnatkashning oilaviy ombori bo‘m-bo‘sh turgani holda meva-sabzavot saqlaydigan joy muammo bo‘lib qoladi, deyishga qanday asos bor? Meva va sabzavot kamchiligining sabablarini asosan, uning kam ekilayotganligidan hamda saqlashda isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilayotganligidan izlashimiz lozim.

Xo‘sh, bu fojialardan qanday xulosa chiqardik, kelajakda nimalar qilmoqchimiz? Modomiki, fojialar paxta yakka ziroatchiligi bilan bog‘liq ekan, almashlab ekishni joriy qilmasdan, kasallanib yotgan zaminni davolamasdan, dehqonning yelkasidan tog‘dek bosib kelayotgan planlarni hayotiy andazaga solmasdan turib, xalq na o‘z salomatligini tiklay oladi, naqadr-qimmatini. Bu — masalaning bir tomoni. Ikkinchidan, jumhuriyatda, umuman butun mamlakatda keng miqyosli atrof-muhitni muhofaza qilish rejalarini ishlab chiqishimiz lozim. Tabiiy muhitga zaharli moddalar chiqaruvchi korxonalarni yopib qo‘yish, hech bo‘lmaganda ularning sonini cheklash, chiqindilarni tozalash yordamida ekologik jihatdan toza ishlab chiqarish jarayonini hosil qilishimiz zarur. O‘simliklarni himoya qilishda biologik usullardan foydalanishni kuchaytirish, suvning tozaligini muhofaza qilish, mahalliy o‘g‘itlardan unumli foydalanishimiz kerak.

Tabiatga zug‘um qilishdan ko‘rgan talofatlarimiz biz uchun achchiq saboq bo‘lsin. Sog‘-omonligimiz ham, farovonligu baxtimiz ham, hammasi tabiatga bo‘lgan muhabbatimiz bilan o‘lchanadi. Ha, ona tabiatga mehr ko‘rsatmay, undan marhamat kutish insonlik sha’niga noloyiqdir.

Rustam Shokirov, falsafa fanlari nomzodi

«Guliston» jurnali, 1990 yil, 2-son