Nazira Yo‘ldosheva. Zarafshonmi, Zorafshonmi? (1989)

Zarafshon! Ba’zan yarim kechalari uyqum qochib, uning haqida o‘ylab ketaman. Uning zorlanish aralash ovozi shamol bilan birga derazamdan oqib kirib, yostig‘imga singiydi: uyimning zangori devorlarida jonlanib, so‘raydi: Men volidai muhtaramangning sog‘ligi kabi kundan-kunga orqaga ketib, yo‘q bo‘lib borayotirman, sen esa poytaxtda yashab turib, jimsan, faryod ko‘tarmaysan. Axir ertaga sasigan ariq holiga tushib qoladigan bo‘lsam, suvimdan bahramand bo‘lib kelgan aholining, jonivorlar, tabiat dunyosining holi nima kechadi?

«Agar u tugaydigan bo‘lsa…» — Ko‘hna minoralari, Labihovuz bo‘yidagi ming yillik ko‘hna chinorlari tilga kirib, ko‘z oldimda paydo bo‘ladi sirli Buxoro.

«Agar u tugaydigan bo‘lsa…» — eshikni ohista ochib kirib keladi ko‘z yoshlari osmondagi yulduzlarday yiltirab, hayratu nafosat yurti — Samarqand.

«Agar u tugaydigan bo‘lsa…» — sahifalarining qadimiyligi bilan ajralib turuvchi Karmana, jozibador me’morchiligi bilan ko‘pchilikni maftun etgan Navoiy shahri, Zarafshon sohillari bo‘ylab tor yo‘lakda qad ko‘targan, qumlik orasida Buxoro bilan Karmanani halqa bo‘lib tutashtirib turuvchi Hazora qishlog‘i bor bo‘y-basti bilan kirib keladi, boshidan o‘tgan kechmish haqida hikoya boshlaydi. Bu hikoyalarga qaraganda, eramizdan necha asrlar avval Zarafshon va Oloy tog‘ tizmalari birikkan joyda tabiat osmonday cheksiz va baland muzlikni kashf qilib ulgurmagan davrlarda Movarounnahr deb atalmish zamin majnunlar adashgan cho‘lu biyobon bo‘lgan. Farhod va Shirin, Layli va Majnun, Alpomish, Go‘ro‘g‘li haqidagi o‘nlab xalq afsonalari xuddi mana shu yerlarda yaratilgan. Agar Zarafshon Zarafshonligini yo‘qotadigan bo‘lsa, ana shu gullab-yashnab turgan vohalar yana o‘sha asl holiga qaytishi, sahroga aylanishi tabiiy bir hol. Negaki, bu vohalardagi mo‘jizalarning hammasi ona daryoning sahovati tufayli bunyod bo‘lgan. Xaritaga nazar tashla — bu vohalarning to‘rt tomondan qum sahrolari bilan o‘rab olinganini ko‘rasan.

Kitob javonimdan bu daryo haqida to‘xtab o‘tilgan adabiyotlarni yana qayta ko‘zdan kechiraman.

«Hozirda Buxoro o‘rnashgan bu mavze, — deb yozadi IX asrda yashab ijod etgan buxorolik tarixchi olim Narshaxiy o‘zining «Buxoro tarixi» deb nomlangan kitobida, — ilgari botqoqlik bo‘lib, uning ba’zi yerlari to‘qayzor, daraxtzor va ko‘kalamzorlarni tashkil etgan joylari shunday bo‘lganki, biron, hayvon ham oyoq qo‘yishga joy topa olmagan. Buning sababi shuki, Samarqand tomondagi viloyatlarda, tog‘larda qor erib, suvi oqib kelib, o‘sha joyga yig‘ilib qolgan».

Abul Hasan Abdurahmon Nishopuriy «Hazoin ul-umum» kitobida: «Samarqand tomonida bir katta daryo borki, uni «Rudi Mosaf» — Mosaf daryosi — (Zarafshon) deb ataylar. U bir talay yerlarni yuvib, o‘pirib, ko‘p loyqalarni surib kelgan va, natijada, bu botqoqliklar to‘lib qolgan. Suv oqib kela berdi. Loyqalarni to Bitik (Chorjo‘ ro‘parasida, Amudaryo bo‘yida joylashgan qishloq) va Forobgacha surib kela berdi. So‘ng suv toshib kelishi to‘xtadi. Buxoro o‘rnashgan joy asta-sekin to‘lib, tekis yerga aylandi va shunday qilib, u katta So‘g‘d va bu loyqalar bilan to‘lgan mavze Buxoro bo‘lib qoldi, har tomondan odamlar yig‘ilib, obod bo‘ldi.

Odamlar Turkiston tomondan kelar edilar. Suv va daraxtlar, ov qilinadigan jonivorlar ko‘p bo‘lganidan, kishilarga bu viloyat xush kelib, shu yerda joylashdilar. Avval ular chodir va o‘tovlarda turar edilar, so‘ng vaqt o‘tishi bilan odamlar yig‘ilib, imoratlar qurdilar».

Ulug‘ bobokalonimiz Mir Alisher Navoiy hazratlari esa o‘zlarining «Saddi Iskandariy» dostonlarida bu daryo haqida quyidagilarni yozadilar: «Dunyo shohi Iskandar sa’y-harakat qilib, Xuroson o‘lkasida shu shahar (Hirot)ni bino aylagach, yana manzil-bamanzil yurib, Amudaryodan ham o‘tdi va u yerda ham Firdavs monand kishvarni ko‘rdiki, bu yerning suvi ham, havosi ham xuddi jannatdagidek yoqimli edi. Latofat va go‘zallikda jannatdan qolishmaydigan bu joyning ismi Movarounnahr deyiladi. Shu oraliqdagi masofa esa, yuz og‘ochni tashkil qilar edi. Movarounnahr deb atalgan yerning sharqiy chegarasidan Sirdaryo, g‘arbiy chegarasidan Amudaryo oqib o‘tar edi. Bu oraliqda faqat shu ikki daryogina emas, bundan boshqa har biri Aras nahridek keladigan o‘n-o‘n besh nafar soylar ham bor. Bu nahrlardan ko‘p ariqlar ajralib chiqib, har qaysisi bir qancha shaharlarni obod qilardi.

Va lekin bu zamonda — Zarafshon degan bir daryo borki, uni jannat nahri desak, hech kim shak-shubha qilmaydi. Uning suvidan darmonsiz odam ichsa, quvvatga kirib ketadi. Zarafshon kishi umridek tez oqardi».

Turkiston va Zarafshon tizmalari oralab o‘tgan baland va tik ko‘tarilgan vodiyda bu daryo hozir ham azalgiday shiddat bilan oldinga chopadi. Yo‘l-yo‘lakay yuksak muzliklardan erib tushayotgan son-sanoqsiz irmoqlar qo‘shilishib, daryo o‘zani kengayib, pishqirib oqadi. Suv betida to‘lqinlar mavjlanib, quyosh nurida xuddiki o‘zidan oltin sochayotganday jimirlaydi. Uzunligi 781 km. bo‘lgan daryoning boshlanish qismida (Tojikiston SSR, Leninobod oblasti) yashovchilar uzoq umr ko‘radilar, suvdan yuqadigan har xil og‘ir kasalliklar, darmonsizlik nima ekanligini bilmaydilar. Yetishtiriladigan mahsulotlarining ta’mi og‘zingizda qoladi. Dunyodagi eng chiroyli, sayroqi qushlar daryo tepasida charx urib, sohillardagi butazorlarda bazm qurishadi. Yuzlab turdagi yirik-yirik baliqlar to‘da-to‘da bo‘lishib, suv betida suzib yurishadi. Daryo suvi shu qadar chuchuk, musaffoligidan, ichib to‘ymaysiz.

Uncha uzoq emas, atigi 20-30 yillar oldin daryoning quyi oqimida ham manzara mana shunday ko‘zni quvontirarli edi. Negaki, u yillarda hali Samarqand, Kattaqo‘rg‘on, Navoiy shaharlarida sanoat bugungiday keng rivojlanmagandi. Daryo suvi dehqonchilikka hamda ichimlik suv sifatida ishlatilar, bu vohalarning suvga bo‘lgan ehtiyojlarini baholi qudrat qondirib kelardi.

O‘quvchilik yillarim har yili yozgi ta’til boshlanishi oldidan maktabimizdan to‘rt chaqirim olisda bo‘lgan bu daryo bo‘ylariga sayohatga chiqardik.

«Zarafshon — zar sochuvchi daryo, — hikoya qilardi geografiya o‘qituvchimiz nurlanib oqayotgan to‘lqinlardan ko‘z uzmay. — Shu daryo sabab o‘tmishda asrlar davomida Samarqand bilan Buxoro raqobatlashib kelishgan. Ba’zan Movarounnahrda Samarqand poytaxt bo‘lgan. Atrofi odamlar uchun torlik qilib, yangi qishloqlar vujudga kelgan, kanallar qazilib, Zarafshon suvidan ko‘proq foydalanilgan. Buning natijasida daryoning quyi oqimida suv

kam oqib, Buxoro atrofidagi bog‘-rog‘larni sho‘r bosgan. Keyinroq Buxoro poytaxt deb atalgach, uning hukmdori Samarqandga o‘z miroblarini yuborib, Buxoroga ko‘proq suv ochtirgan. Oqibatda Samarqandda suv taxchilligi boshlanib, dasturxondan rizqu ro‘z, bozorlardan meva-cheva tortilib qolgan. Daryo suvini talashib to‘kilgan qonlardan lolazorlar paydo bo‘lgan. Eh-ha, ne-ne so‘zlab bo‘lmas fojialarning shohidi bo‘lmagan deysiz bu daryo. Uning har bir hovuch suvida ne-ne afsonalar mujassam, ne-ne sir-asrorlarni asrlar davomida bag‘rida yashirib keladi u. Hozirgi paytda ba’zi xo‘jalik rahbarlari tomonidan talon-toroj qilib kelinayotgan mana shu suv qizlarga qalin o‘rnida berilgan zamonlarni, u to‘lib oqsa quvongan, qurisa motam tutgan elni ko‘p ko‘rgan. Masalan, Buxoro amiri Shohmurod davrida to‘g‘on boshida suv sotiladigan har xil ko‘zachalar turgan.

Eng kichik ko‘zachadagi suv bir qo‘y bahosiga, katta ko‘zachadagi suv esa bir ot bahosiga sotilganini ko‘rgan. Daryosining suvi billurday toza, shaffof vatanning odamlarining yuragi ham yomg‘ir tomchisiday musaffo, deb kuylangan qo‘shiqlarni tinglab, o‘ziga sig‘may to‘lib-toshgan damlari behisob bo‘lgan.

U — hammamizning munis, mehribon onamiz.

U keyingi paytlarda bizning yordamimizga muhtoj bo‘lib qolmoqda. Uning kelajakdagi musaffoligi bizning qo‘limizda…»

…Yuragim zirqiraydi, uzoqdan yiltirab ko‘zga tashlanguvchi sarobga aylanib borayotgan o‘zanga boqib, ko‘zlarimdan duv-duv yosh to‘kiladi. Yerga, osmonga, shular o‘rtasida yashayotgan odamlarga yolvorgim keladi.

MA’LUMOT

— Ifloslangan suv og‘ir kasalliklar manbai bo‘lib qoladi, — deydi akademik N. V. Novikov. — Bunday kasalliklar ayniqsa bolalarniig mayib-majruh bo‘lib qolishiga, hatto o‘limiga sabab bo‘lishi mumkin. Chunonchi, qorin tifi, bezgak, sariq, ich ketish, vabo, suyak-bo‘g‘in, gijja, brutsellyoz kasalliklari, ingichka ichak va jigarni lyambliyalar bilan shikastlaydigan kasalliklar avvalo odamlarga ifloslangan suv manbalaridan o‘tadi.

Bundan bir necha yil oldin mutaxassislar tomonidan daryo suvining tarkibi tekshirib ko‘rilib, ichishga yaroqsiz deb topildi. Asosan, Samarqand, Kattaqo‘rg‘on, Navoiy shaharlarida ishga tushirilgan sanoat korxonalarining o‘z oqavalarini yarim tozalab-tozalamay daryoga tashlab yuborishlari navoiyliklarni toza ichimlik suvdan mahrum qildi-qo‘ydi.

Daryoning tozalik darajasini kuzatishni Kattaqo‘rg‘on shahri yaqinidan boshlaydigan bo‘lsak, Kattaqo‘rg‘on Yog‘-moy kombinati olayotgan suvning tarkibi ham mutlaqo yaroqli bo‘lmay, unda Samarqand viloyati korxonalari, ayniqsa Kattaqo‘rg‘on Go‘sht kombinati quyqalarini ko‘plab ko‘rish mumkin. Shahar sanoat korxonalari har sutkada tarkibida yuqori darajada organik moddalar bo‘lgan 10 ming kub metr oqava suvlarni daryoga tashlaydilar. Shaharda 1976 yilda oqavalarni biologik qayta ishlash inshooti qurilishi planlashtirilgan edi. Ammo o‘tgan yillar davomida martabali shaxslarga qanchadan-qancha saroylar qurib berildi. Suvni qayta ishlash inshootini barpo etish zarurligi muammosi esa, oblast rahbarlarini tashvishlantirmadi. O‘zbekiston tabiatni qo‘riqlash jamiyati sobiq Navoiy oblast bo‘limi, sobiq Navoiy oblast qamda Navoiy rayon SESlarining bosh vrachlari, sobiq oblast sog‘liqni saqlash bo‘limi Kattaqo‘rg‘on Yog‘-moy, Go‘sht kombinati rahbarlari nomiga daryo suvini ifloslantirmaslik chora-tadbirlarini ko‘rishlarini so‘rab, ogohlantirib yozilgan xatlarning hammasi ham javobsiz qoldirildi. Chunki buning uchun javobgarlikka tortilmasliklarini ular bilishardi. Umuman, bizda daryoning zilol suvini bilib turib ifloslantirish jinoyat hisoblanmaydi, shuning uchun ham daryoning suvini har kim xohlagancha ifloslantirib kelmoqda. Barcha sohalardagi kabi suvni muhofaza qilish qonunlari qo‘pol ravishda buzib kelindi.

Navoiy Sement zavodi atrof-muhitga har yili 22,8 ming kub oqavani tozalamasdan tashlab yuboradi.

Navoiy Elektroximiya zavodi esa 29,50 ming kub ifloslangan oqavani tozalamasdan atrofga tashlab yuboradi. Bu suvlardan 20 gektar maydonni egallagan sun’iy suv havzasi hosil bo‘lgan. Bu havzadan suv bir necha bor toshib ketib, «Qizil O‘zbekiston» kolxozi, «SSSR 60 yilligi» sovxoziga katta ziyon yetkazdi.

«Qizil O‘zbekiston» kolxozi yerlarida mazkur zavodning 6 ta zaharli oqavalar tashlanadigan havzasi joylashgan. Ular usti ochiq holda saqlanmoqda. Bu havzalar ustidan qush uchsa ham o‘lib tushadi. Odamlar esa… Havzalar shundoq paxtazorlar bilan yonma-yon. Zaharli oqavalar yer osti suvlariga singib, daryo suvlariga qo‘shilib, meva-cheva, ekin-tikinga qiron keltirmoqda, giyoh ham o‘smaydigan maydonlar ko‘paymoqda. Har yili tabiat muhofazasi uchun million so‘mlab mablag‘ sarflanishiga qaramay, suvning ifloslanish darajasi kamayayotgani yo‘q.

Masalan, 1986 yilda yuqori tashkilotlarning tabiatni muhofaza qilish borasidagi harakatlari tufayli 30 ga yaqin tadbir amalga oshirildi. Bu ishlarga 1 million 760 ming so‘m, shundan suv resurslari muhofazasi uchun 960 ming so‘m sarflandi. Ammo ahvol hamon o‘sha-o‘sha… Daryo daryoga o‘xshamaydi. Ko‘proq shaharning chiqindilari oqadigan ariqni eslatadi. Yashashdan tamom umidi uzilgan, a’zoyi badani qaqshayotgan bemordek to‘lg‘onadi.

Zarafshon daryosidan Xatirchi, Navoiy, Konimex, Navbahor, Qiziltepa rayonlari hisobidagi jami 84 ming 849 gektar ekin maydoni suv ichadi. Bu yerda aholi sonining tobora o‘sib borayotganligi pesh qilinib, respublika suv xo‘jaligi ministrligining yo‘l-yo‘rig‘i bilan har yili Qizilqumning bir qismi bo‘lgan O‘rtacho‘ldan 3 ming gektar yer o‘zlashtirilib kelindi. Shu o‘rinda respublika Suv xo‘jaligi Davlat komiteti adresiga o‘z e’tirozlarimizni aytib o‘tishni istar edik. Negaki, mana shu idora mutasaddilarining mavjud muammolardan ko‘z yumib ish yuritishlari natijasida keyingi yillarda O‘rtacho‘l va Qarnab cho‘lidan 10 ming gektar yer o‘zlashtirildi. 40 million so‘mdan ortiqroq mablag‘ faqat kapital qurilish ishlariga sarf bo‘ldi. Butun ishchi kuchi, texnika ana shu cho‘llarni o‘zlashtirishga safarbar etildi. Azaldan dehqonchilik qilib kelingan Navoiy, Navbahor, Konimex rayonlari yerlari esa qarovsiz qoldi. Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, bog‘-rog‘larni asrab qolishga harakat qilinmadi. Oqibatda Karmana atroflarini sho‘r bosdi, mevali daraxtlar, ekinlar qurib qolmoqda.

Daryo yoqalab uning quyi oqimi tomon borar ekansiz, har to‘rt-besh chaqirim masofada zaxariqlarning sho‘r, zax suvlari daryoga kelib tushayotganini ko‘rasiz. Masalan, yuqorida nomlari tilga olingan rayonlar territoriyasining o‘zida 1289 kilometrli 25 ta kollektor o‘z suvlarini Zarafshonga quyib kelmoqda. Ekin maydonlarning zaxini qochirish uchun qazilgan bu kollektorlarning suvi Zarafshonga kelib tushib (!), yana qayta ekin maydonlariga taralmoqda, hatto ichimlik suv sifatida ham ishlatilayapti! Mana sizga Ona zaminga, insonga munosabat! Aslida bu kollektorlarning suvlari qoidaga muvofiq alohida maxsus ko‘llarga tashlanishi kerak edi. Zaxariqlarning suvini saqlash uchun 1970-yillarda Xatirchi rayon territoriyasidan katta maydon ajratilgan, ish ham boshlanish arafasida edi. Biroq u amalga oshmay qolib ketdi. O‘zSSR Suv xo‘jaligi Davlat komiteti bu tadbirlarning bajarilishiga yordam u yoqda tursin, hatto ishning borishini ham nazorat qilmadi. Navbahor rayonining 80 foiz, Narpay sovxoziningJaloyir zonasi, «Qizil Oktyabr» kolxozi yerlari sho‘rlab bo‘ldi.

Odatda kollektorlar har besh yilda, xo‘jalik territoriyasida bo‘lgan kollektorlar har uch yilda tozalab turilishi kerak. Texnika yetishmasligini bahona qilib, bu yerlarda kollektorlar hatto o‘n yillab ham qayta qazilayotgani yo‘q. Oqibatda kollektorlardagi buloqlarning ko‘zlari yopilib, suv kam oqadigan bo‘lib qolgan, bor kollektorlardan ham samarali foydalanish borasida bosh qotirilmaydi.

Mana shular ta’sirida Zarafshon daryosidan suv ichadigan aholi qo‘rg‘onlarida ichimlik suv muammo bo‘lib kelayapti. Sho‘r, zax suv hamda zaharli ximikatlar, kimyoviy o‘g‘itlarni hudabehuda qo‘llash natijasida nafaqat oqar suvlar, balki yerosti suvlarining tarkibi ham buzilib bormoqda. Bu suvlar tarkibida nitratlar har qachongidan ko‘payib ketgan.

MA’LUMOT

«Ichimlik suv»ning GOST — 2874—73 Davlat standarti normativi bo‘yicha suvda nitratlarning eng minimal darajasi qancha bo‘lishi ham belgilab berilgan. Ya’ni har litr suvda nitratlar miqdori 2—11 mg/dan oshmasligi kerak. Hozirgi zamon meditsina xulosalariga binoan odam ichaklaridagi nitratlar unda (ichakda) yashovchi bakteriyalar ta’sirida nitratlarga aylanadi. Bu nitratlar so‘rilishi medgemoglobinning vujudga kelishiga, kislorod — ya’ni gemoglobinlar aktivligining birmuncha yo‘qolishiga olib keladi. Shu tariqa medgemoglobin ta’sirida organizmda kislorodga ochlik vujudga keladi. Bu holat birinchi navbatda bolalarda, ayniqsa emizikli chaqaloqlarda ko‘proq namoyon bo‘ladi. Ular ona suti bilan emas, sun’iy boqilganda — ya’ni sut talqoni nitratli suv bilan aralashtirilganda yoki shu suv ichirilganda ko‘proq kasallanadilar. Agar suv tarkibidagi nitratlar miqdori bir litr suvda 50-100 mg/dan ortiq bo‘lsa, qondagi medgemoglobin darajasi keskin ko‘payib ketadi.

Ba’zan ichimlik suv tarkibida sho‘r va oltingugurt kislotasi (xloridlar va sulfatlar) ko‘p uchraydi. Ular suvga sho‘r va achchiq ta’m bag‘ishlaydi. Bunday suvlarni iste’mol qilish oshqozon-ichak faoliyatini izdan chiqaradi. Bir litr suv tarkibida xloridlar 350 mg/dan ko‘p bo‘lsa, sog‘liq uchun zararli hisoblanadi.

Suv tarkibidagi kaltsiy va magniy tuzlari uning qattiqligini belgilaydi. Har xil tuzlar bilan to‘yingan suv ko‘plab noqulayliklarni keltirib chiqaradi. Bunday suvda sabzavot va go‘sht sekin pishadi. Choynak va qozonlarda ko‘plab ishqor qotib qoladi. Vodoprovod quvurlarini har xil ishqorlar ishdan chiqaradi. Qattiq suvni iste’mol qilish bilan ayrim kasalliklarning keng tarqalishi o‘rtasida muayyan aloqa mavjud.

Navoiy rayon territoriyasiga yetib borgan Zarafshon suvining 64 foizini sanoat korxonalari yutoqib simiradi. Bu suvning 90 foizini «Navoiyazot» hamda Navoiy Elektroximiya zavodining tsexlari ho‘playdi va oqava holida tozalab-tozalamay yana daryoga tashlaydi. Mana shular oqibatida daryo suvining 1965 yildagiga nisbatan qattiqligi 7,2 mg/l. dan 13,9 mg. ga, achchiqligi 1,2 mg/l. dan 344 mg/l.ga, xloridlar 25 mg/l.dan 56,7 mg/l.ga, sulfatlar 190 mg/l.dan 310—618 mg/l.gacha, sho‘rlik darajasi 560 mg/l.dan 1140 mg/l.gacha oshib ketgan.

Daryo suvini ifloslantirishda yana 29 ta tashkilot «faoliyat» ko‘rsatib keladi. Bular: Paxta tozalash zavodi, G‘isht zavodi, ximikatlar saqlanadigan omborlar, rayonlararo bo‘rdoqichilik bazasi, cho‘chqachilik fermalari, Navoiy rayon RayPOsi chorvachilik bazasi, sut-tovar fermalari va hokazo. Ular sanitariya normalariga xilof ravishda daryo o‘zanidan 20 metrdan 100 metrgacha masofada joylashgan.

Daryo ana shu tashkilotlarning ham chiqindilari, najaslari bilan bulg‘anib oqmoqda. Karmana shahar suvni biologik usulda tozalash inshootining bunday chiqindilarni tozalashga quvvati yetmay qolmoqda. Ana shunday antisanitariya holatidagi suv — kasalliklar manbai aholiga, kasalxonalarga yetkazib berilmoqda.

Baxtiyor TOShTEMIROV: Navoiy rayon suv resurslari boshqarmasining boshlig‘i:

— Zarafshon daryosi sohillaridan bo‘rdoqichilik bazalarini ko‘chirish haqida qancha gap bo‘lgani, mutasaddi tashkilotlarga bu borada jiddiy ko‘rsatmalar berilganligiga qaramay, Karmana shahar matlubot jamiyati o‘zining bo‘rdoqichilik bazasini daryo sohiliga yaqinda qurib oldi. Biz ularni necha bor ogohlantirmaylik, quloq solishmadi. Xalqqa faqat daryo emas, go‘sht, chorva ham kerak deb og‘zimizga urishdi. Qarshilik ko‘rsatishimizga qaramay, yana yangi fermalar qurilayapti. Tabiat muhofazasi qonunlariga xilof ravishda ish tutayotganliklari uchun hech kim ularni jinoiy javobgarlikka tortmasligini ular yaxshi bilishadi. Bu sohillarning xo‘jayini, himoyachisi yo‘q. Kim nimani xohlasa shuni qurayapti. Suvni kim qanday xohlasa, shunday ifloslantirayapti. Xatirchi rayonidagi 17 ta sut-tovar fermasidan 16 tasida mollarning najasini daryoga tushishdan saqlaydigan to‘siqlar yo‘q. Chiqindilar ariqchalar orqali daryoga oqiziladi!

O‘zbekiston SSR Suv xo‘jaligi Davlat komiteti 1982 yilda chorvachilik fermalari daryoga yaqin yerda qurilmasin, deb necha bor yumshoq xatlar yuborgan, ammo rayon ijroiya komitetlari bunday fermalarning rahbarlariga nisbatan hech qanday chora ko‘rolmayaptilar. Odamlarni suvni ifloslantirmaslikka qanday o‘rgatish kerak? Buning uchun ularda insof, vijdon, o‘zi tug‘ilib o‘sgan joy tabiatiga nisbatan mehr uyg‘otish — hammaning burchi. Agar ular bu vazifalarga vijdonan vatanparvarlik burchim, deb qaramas ekanlar, daryo halokatga, balki aholiga talofat keltiruvchi Zahardaryoga aylanishi shubhasiz.

Xullas, sobiq Navoiy oblasti territoriyasidan o‘tadigan 59 kilometrli Zarafshon daryosi o‘zaniga 61 ta zaharli irmoq kelib qo‘shiladi. Bular xo‘jaliklardan chiqadigan, shuningdek dehqonchilik qilinadigan yerlarning sho‘rini yuvishdan chiqadigan oqava suvlardir. Bu suvlarning tarkibidagi ximiyaviy moddalar barcha tirik jon uchun xavf tug‘diradi. Mana shuning uchun ham navoiyliklar daryo suvini ichib, bir kun qoramollar o‘layotganini, ikkinchi kun baliqlar qornini yuqoriga ko‘tarib, to‘da-to‘da bo‘lib oqib o‘tayotganini ko‘rib dahshatga tushish u yoqda tursin, ajablanmaydilar ham. Negaki, bunday ko‘rguliklarni ko‘rib, ko‘zlari pishib ketgan. Hozircha xo‘jaliklarning sho‘r suvlari, sanoat oqavalari, zax suvlar, bo‘rdoqichilik bazalarining axlatlari Zarafshonga tashlanaverar ekan, bundan boshqacha bo‘lishi mumkin emasligini biladilar.

…Daryo yoqalab borar ekansiz, faqat chorva fermalarigina emas, paxta maydonlarining ham daryo o‘zaniga taqalib kelganligini ko‘rasiz. Bundan yigirma yillar muqaddam bu sohillar serildiz butazorlar, yulg‘unzorlar bilan qoplangani, yam-yashil o‘tloqlardan odamlar bahra olishganiga, daryoning esa o‘zaniga sig‘may pishqirib oqqaniga ishongingiz kelmaydi. Ikkala qirg‘oqni buldozerlar bilan tekislash, tabiat libosining astar-avrasini chiqarib paxta ekish, chorva bazalari qurish hozirgi kunda ham jadal davom ettirilmoqda. Go‘yo bunday tashkilotlarga daryo kerak emas, suv kerak emas, jon kerak emas.

To‘lqinlar yig‘laydi, gullar yig‘laydi.
Bo‘tqa suv betida qorni to‘ntarig‘,
Baliqlar yig‘laydi, dillar yig‘laydi.
Tiriklik o‘ladi sohillarida,
Bu ne ko‘rgulikdir, yurtim, onajon?
Suv topib berolmay ohulariga,
Mungli-mungligina bo‘zlar Zarafshon.

«Guliston» jurnali, 1989 yil, 5-son