Muhammad Solih. Dildagi o‘ylar (1989)

Biz, o‘zbek yozuvchilari adabiyotni bugunning eng muhim masalasi deb ayta olmaymiz. Atrofda kechayotgan voqealarni ko‘rmaslik, eshitmaslik uchun haqqoniy hayotni mavhumlashtirishga bizning kuchimiz yetmaydi.

Bizni qiynayotgan o‘ylar adabiy o‘ylar emas. Keyingi yillar davomida boshimizdan o‘tgan voqealar bizni andak dovdiratib qo‘ydi. Mamlakatimiz xalqlarini katta faoliyatga undagan qayta qurish biz uchun imtihonga aylandi.

Qayta qurishda biz qanday xizmat qilmoqdamiz?

Estonlar iqtisod, madaniyat, maorif, til sohalarida o‘z fikru-qarashlarini muhokamaga qo‘yishdi. Eston tilini davlat tili deb e’lon qilishdi, Litva va Latviya xalqlari ham shunga erishdilar. Moldaviya, Belorussiya, Gruziya va Ukrainada ham xalq ijtimoiy harakatlari vujudga keldi va ular o‘z milliy manfaatlarini himoya etib maydonga chiqmoqdalar.

Biz-chi? Biz nima bilan mashg‘ulmiz?

Yaqinda Moskvada o‘qib yurgan bir talaba menga qo‘ng‘iroq qilib, «Biz bu yerda o‘zbeklar nomusini himoya etish uyushmasini tuzdik», dedi. Uyushma-ku yaxshi, lekin uning nomi g‘alati tuyuldi. Nega endi «Nomusni himoya etish uyushmasi» bo‘lar ekan? Nega madaniyat emas, til emas, Orol yoki tabiatni himoya qilish uyushmasi emas? «Nomus»ning qayta qurishga nima aloqasi bor?

Moskvada o‘qiyotgan talaba qaysi nomusni himoya qilmoqchi edi? Men bu haqda o‘ylar ekanman, uch-to‘rt yil muqaddam kechgan voqea yodimga tushdi.

Sakson beshinchi yil respublikada madaniyat sohasida qandaydir vulgar harakatlar boshlandi. Bu harakatning boshida O‘zbekiston Kompartiyasi Markazqo‘mining ideologiya bo‘yicha sobiq kotibi R. Abdullayeva turdi. U o‘z faoliyatini machitlarni qulatishdai boshlab, Navro‘z bayramini taqiqlash bilan tugatdi. O‘ttiz yettinchi yillarni, ya’ni eski o‘zbek imlosida bitilgan kitoblar qabristonga ko‘milgan yillarni eslatguvchi bir zamon boshlanganday tuyuldi. Yozma tarzda ham, og‘zaki tarzda ham «xudo» so‘zini ishlatish taqiqlandi. Hatto tarjima kitoblarida ham «xudo» so‘zini «falak»ga almashtirishga majbur bo‘ldik. Endi «falak» «xudo» mazmunini oldi. Lekin falakning o‘zini nima deb aytamiz, deb hayron bo‘lib qoldik. «Sinonimini topinglar!» degan javob keldi. «Falak»ka shukurkim, o‘zbek tili boy ekan, sinonim topildi!

Lekin bu siyosat hammaga ham ma’qul kelmadi. Respublikada Abdullayeva siyosatiga qarshi xat yozib, Moskvaga yuborishga jur’at etgan yigirma besh erkak va bir ayol topildi. Ular sakson beshinchi yilning may oyida bu qilmishlari uchun Abdullayeva huzurida tik turib javob berdilar. Ideologiya kotibi ularni darrov «qora ro‘yxat»ga tirkadi. Bosmaxonaga tushib ketayotgan kitoblari ushlab qolindi… Faqat to‘qqiz oydan so‘ng, kotibaning mansab kursisi ancha liqillab qolgandan keyingina, tazyiq to‘xtadi.

Ammo haqorat og‘rig‘i bosilmadi.

Men bu og‘riqni Moskvadan sim qoqqan o‘sha talabaning tovushida tuydim. Bu dardni biz nomus degan balandparvoz bir tushuncha ila ta’riflaymiz. Shu yo‘sin bizning sha’n-nomusimizga birinchi zarbani moskvalik emas, balki o‘z odamimiz berdi.

Qayta qurishni biz, ta’bir joiz bo‘lsa, tahqirlangan nomus ila qarshiladik. Biroq bu tahqir qayta qurishga ishonmog‘imizga xalal bergani yo‘q! Inchunin, qayta qurish bizda kadrlarni qayta ko‘rishdan boshlangan edi. Bu hol bizni qattiq umidlantirdi, holbuki, biz o‘sha mahal kadrlarni yangilash hali qayta qurish emasligini bilmas edik.

Poraxo‘rlar va oshirib yozganlarni fosh etish boshlandi. Nihoyat, adolat tantana qildi! — deb biz butun Ittifoq bilan birgalikda quvondik. Holbuki, o‘sha mahal biz, fosh etilgan va qamalganlar orasida mingdan ortiq begunoh inson borligini bilmas edik.

Matbuot so‘zidan quvondik, biroq poraga sotilish hodisalarini yoritayotgan bizning matbuotchilarimiz haqiqatga chuqurroq kirmasliklarini, xalq hayotining qatlamlariga teranroq qaramasliklarini biz xayol ham qilmas edik.

Bizning jarohatlarimizni ochib tashlayotgan jurnalistlar eng muhim nuqtani — mehnatkash xalq hayotini ko‘zdan yashirdilar. Va go‘yo bu illatlar turg‘unlik deb atalgan hodisaning oqibatlari emas, balki, sal bo‘lmasa, milliy xususiyatlardir degan taassurot uyg‘otildi.

Bizda o‘g‘rilar yo‘q demoqchi emasman. O‘g‘rilarning miqdori umumittifoq me’yoridan ortiq emas, demoqchiman.

Yaqin-yaqingacha biz, Sotsialistik Mehnat Qahramoni, Oliy Sovet deputatlari bo‘lmish ayrim baxtiyor zotlarning suratlarinn butun dunyoga namoyish qilib, mana shular O‘zbekiston xalqi deb aytar edik. Lekin bu xalqqa qilingan tuhmat edi. Zero, xalq hech qachon suratga tushib qolish uchun yaltoqlangani yo‘q, qolaversa, suratkash ham uni qidirgan emas.

Endi, o‘sha nishondor qahramonlar jinoyatchi bo‘lib chiqqanda ham bizga es kirmadi. Biz tag‘in o‘z diqqat-e’tiborimizni o‘sha «qahramonlar» sari qaratdik. bizning ko‘nglimizda endi zavq emas, dahshat qo‘zg‘ab yana gazetalarimiz sahifalarida o‘sha ismlar jilvalana boshladi. Xalq esa xuddi avvalgidek, yana suratlar ortida qolaverdi.

«Odilovlar»ni fosh etish quyunining g‘uborlari bizga shu qadar yopishdiki, hatto O‘zbekiston to‘g‘risida yozgan mualliflar ichida eng samimiy bo‘lmish Chingiz Aytmatov ham respublikadagi poraxo‘rlikni «milliy fojia» deb atashdan boshqa iloj topolmadi. («Pravda», 1988 yil, 13 fevral).

Yo‘q, milliy fojia bu emas!

Fojia boshqa yoqda: bizda bolalar o‘limi hamon tashvishli bo‘lib turibdi. Yigitlarimizning o‘ttiz besh foizi jismoniy jihatdan harbiy xizmatga yaroqsiz. Kimyoviy dorilardan buzilmagan yer, zaharlanmagan suv deyarli qolmadi. Har yili ikki yuzdan ziyod xotin-qizlarimiz o‘z-o‘zlarini yoqib o‘ldirmoqdalar. Biz Orol dengizini va hosildor yerlarimizning eng yaxshi qismlarini yo‘qotdik.

Mana, bizning fojiamiz.

Poraxo‘rlik esa, bu fojiaga qanchalik yordam qilmasin, u «bizning fojia» yoki, «milliy fojia» bo‘la olmaydi.

Poraxo‘rlik internatsional fojiadir.

Faqat, poraxo‘rlik bizda paxtaning qaymog‘i bilan, paxta esa xalqimizning tanasi bilan oziqlanib keldi.

Akademik Yanshinning «Literaturnaya gazeta»dagi bu masalaga tegishli mulohazasini mustasno qilsak, na markaziy matbuotda, na respublika matbuotida, barcha baxtsizliklarni keltirib chiqargan bu muammoga bag‘ishlangan bironta ham maxsus maqola chiqqani yo‘q. Biroq biz «Oltin ustidagi ilonlar»ga doir, maxfiy jinoyatchi to‘daning boshlig‘i Odilovga oid maqolalarni xo‘p to‘yib o‘qidik! Butun mamlakatda ommaviy shov-shuvlar va hayajonlar avj oldi. Jinoyatchi o‘zbeklarni tutib berguvchi yangi Sherlok Xolms paydo bo‘ldi. «O‘zbekiston ishi» ham emas, aynan «o‘zbek ishi» degan atama vujudga keldi.ADIB VA JAMIYaT

Bularning bari jamoat fikriga ta’sir etmay qolmasdi. Va bu fikrga qarama-qarshi o‘laroq, o‘zbek nomusini himoya qilishga bel bog‘lagan o‘zbek talabasi paydo bo‘ldi.

Baxtga qarshi, bularning hammasi mantiqan bir-biriga bog‘langandir.

Bunday vaziyat odamda kelajakka ishonchsizlikni tug‘diradi. Kishilar ijtimoiy jihatdan yanada sustroq bo‘lib boradilar. Birlik beparvolikdan, loqaydlikdan, ishonchsizlik va hafsalasizlikdan yemirilib boradi. Bunday favqulodda vaziyatni biz so‘nggi ikki yil ichida o‘z respublikamiz misolida kuzatdik. Bunday holat o‘ziga xos ruhiy iqlimni yaratdi: ya’ni, odamlarni sizlar xo‘jalikni boshqarishda qiynalib qolibsizlar, bas shunday ekan, boshqa respublikalardan yordam so‘ramoq zarur, deya ishontirish oson edi.

Bir joydan ikkinchi joyga ishga kelgan kishi, albatta, yaxshi niyat bilan, ta’bir joiz bo‘lsa o‘z internatsional burchini ado etish uchun keladi. Biroq ular o‘zlari uchun mutlaqo yangicha sharoitlarda tabiiyki, qiyinchiliklarga duch keladilar, xo‘jaligimizning o‘ziga xos qirralarini o‘zlashtira olmaydilar.

Siz, paxtani faqat to‘y-tantana albomlaridagina ko‘rgan kishini tasavvur qiling. Ha, xuddi shunday kishilardan biri partiya chaqirig‘i bilan O‘zbekistonga keladi va birdan respublika suv xo‘jaligi ministri bo‘lib qoladi. Axir, suv xo‘jaligini boshqarish uchun u hech bo‘lmaganda «O‘rta Osiyo yerlarining sug‘orish tarixi»ni to‘liq o‘rganishi zarur-ku. Lekin eng muhimi, u o‘zi sug‘orishi lozim bo‘lgan tuproqni, o‘zgartirishi lozim bo‘lgan iqlim va manzarani yaxshi bilmog‘i darkor. Bu ish esa ko‘p yillarni talab etadi. Bundan tashqari, rahbar odam shu zaminning bir parchasi bo‘lmog‘i, hech yo‘qsa, shu tuproqda tug‘ilmog‘i kerak-ku. Birgina suv xo‘jaligi ministri emas, savdo ministrimiz haqida ham shu gaplarni aytish mumkin.

«Bobil xo‘jaligi Tigr va Yefrat daryolari suvidan sug‘orilar edi. (Bizning misolimizda Amudaryo va Sirdaryo — M. S.) Oqava suv esa Tigr orqali dengizga (bizning misolimizda Amudaryo orqali Orolga — M. S.) chiqib ketardi. Bu ma’qul sistema edi».

Lekin, deydi tarixchi, Bobil podshohi yerli xalq vakili emas, buning ustiga u Misr malikasiga uylanib qo‘ydi. Malika bilan birga Bobilga tashabbuskor injenerlar keldi. Bu injenerlar malikaga yangi kanal qurib, ekin yerlarini ko‘paytirishni tavsiya etdi. Malika esa o‘z navbatida bu fikrni shohga yetkazdi. Shoh kanal qurdi. Oqibatda Yefrat sekin oqa boshladi. Yerlar sho‘rlandi, dehqonchilik bo‘hronga yuz tutdi va eramizning boshiga kelib, Bobilda hayot tugadi. Agar Bobil hukmdori yerli odam bo‘lganda edi, u o‘z vatandoshlari bilan maslahatlashgan bo‘lardi va ular ichida sug‘orish ishlarini tushunadigan odam topilardi, deb yozadi tarixchi. (Lev Gumilev. «Etnogenez i biosfera zemli». VINITI — 1979 — Leningrad 138-139 b.).

Bobil o‘sha kanal qurilgandan keyin yana besh asr yashadi, chunki uni almashlab ekish quvvatlantirib turdi. Bizning Orol va yerlarimiz bir asr doirasida halokatga uchrayapti. Chunki uning halokatiga monokultura «yordamlashayapti». Ammo, yana ta’kidlash mumkinki, bu ikki halokatning sababi bir: noto‘g‘ri sug‘orish sistemasi, bizning misolimizda markazlashgan boshqaruv oqibatidir.

Biz shuning uchun ham Sibir daryolarini O‘rta Osiyoga burishga qarshi turgan rus ziyolilarini qo‘llaymiz. Bu loyihani kim tuzgan? Sibir xo‘jaligini boshqarish uchun «chetdan chaqirilgan o‘zbek rahbari» bo‘lmasin tag‘in?!

Urushgacha O‘zbekistonda 27 ming mayda qishloqlar bor edi, xutor sistemasini tugatish bayrog‘i ostida bu qishloqchalarning 20 minggi yo‘qoldi. O‘rniga shaharlar emas, paxta plantatsiyalari barpo etildi. Dehqonlar oyiga 30-40 so‘m maosh oladilar, ammo ishdan keyin o‘z tomorqasida ishlasalar, «qo‘shimcha daromad» keladi. Agar ular o‘z farzandlarini erkalatib qo‘ymay, oila pudratida ishlashga majbur etsalar, yanada ko‘p pul olishlari mumkin. Aks holda nafaqat rangli televizor, hatto oddiy oynai jahonga ham pul topish qiyin.

Ba’zi gazetalar dehqonlar go‘sht yemaydilar, deb yozayapti. To‘g‘ri gap. Dehqonlar parhezdalar. Chunki go‘shtning o‘zi yo‘q , go‘sht beradigan chorvachilnk yo‘q, chorvani boqadigan yaylovlar yo‘q — yaylovlarga ham paxta ekilgan.

«Pravda» gazetasida bosilgan «V ponedelnik posle pyatnitsi» («Pravda», 1988 yil 13 fevral) maqolasida misli ko‘rilmagan bir voqea, Jumabozor qishlog‘i ahli militsiyaga, hatto respublika hukumati raisiga qarshilik qilganligi tasvirlanadi. Bu dehqonlar nima uchun junbushga keldi? O‘z mehnatining qadr-qimmati uchunmi? Turmushlarini yaxshilash uchunmi? Yoki o‘z bolalarini mehnatdan ozod qilish uchun shunday qildilarmi?

Yo‘q, ular yer talashgan edilar.

Men bu dehqonlarning suratini ko‘rdim: ajin bosgan yuzlar, charchagan nigohlar, xo‘mraygan qiyofalar. Agar kiyimlari bo‘lmasa ular xuddi o‘tgan asrdan qarab turganday ko‘rinardi. Suratga qarab bo‘g‘zimga tosh tiqildi…

Rossiyada qishloqlar bo‘shab qolayapti. Rus dehqonlari o‘z uylarini tashlab shaharlarga ketmoqdalar. Bizda esa aksincha. Quvonish kerakmi, yig‘lashmi, bilmayman.

Gazetalar «Qishloqda ishchi kuchi ortiqcha, o‘zbekning yerga mehri zo‘r, bu milliy psixologiya, o‘zbek hech qachon shaharga bormaydi, uni zavod, fabrikalarga chorlashning foydasi yo‘q», deb yozadilar.

To‘g‘ri, agar biz uni «chorlaganda» ham u shaharga kela olmas edi. Chunki uni «mehr» emas, moddiy nochorlik yerga bog‘lab qo‘ygan. Bog‘lab emas, zanjirband qilib qo‘ygan. U shaharga kelmog‘i uchun ko‘proq pul jamg‘arishi kerak. Ammo paxtaga to‘lanadigan haq hech vaqoga yetmaydi. Demak, dehqonni yerga bog‘lab qo‘yib, u shaharga kelmayapti, zavodda ishlamayapti, deyish kulgilidir. Nihoyat odam o‘zining og‘ir mehnatiga yarasha haq talab qilmog‘i uchun uning ong-saviyasi balandroq bo‘lmog‘i kerak. Lekin paxta yakkahokimligi (monokultura) shunday ajdahoki, u dehqonning nafaqat moddiy hayotini, balki ongini ham o‘z changalidan qo‘yib yubormayapti.

Paxta hokimligi paxtakorni mehnatga hurmat ruhida emas, shaxsiy tomorqaga muhabbat ruhida tarbiyalaydi. Paxta monokulturasi xudbinlikni, johillikni, mahdudlikni odamlarning qoniga singdiradi.

Paxta degani nima o‘zi? Paxta nimaligini bilamizmi o‘zi?

Samarqand oblast «Leninskiy put» gazetasida bosilgan «Ditya solntsa» («Quyosh farzandi») maqolasining muallifi Yu. Fedorov O‘rta Osiyoga paxta urug‘ini Fors hukmdori Kirning askarlari olib kelgan, deb yozadi.

Ha, barcha buyuk bosqinchilar kabi Kir ham bizga madaniyat olib kelgan. To‘g‘rirog‘i, madaniy o‘simlik — paxtani olib kelgan. Ammo u kelajakda paxtaning O‘rta Osiyo xalqlari uchun asosiy «madaniyat belgisi» bo‘lib qolishini xayoliga ham keltirmagan, albatta.

«Turkiston Rossiyaga qo‘shib olinganidan keyin, — deb davom etadi o‘z maqolasida Yuriy Fedorov, — chor hukumati Amerikaga qaram bo‘lmaslik uchun Turkistonda paxta yetishtirishni avj oldirishga qaror qildi».

Ha, faqat Stalin, Xrushchev, Brejnev emas, chor hukumati ham Amerikaga qaram bo‘lishni istamagan ekan. Lekin biz chor hukumati davrida bor-yo‘q paxtani Rossiyaga jo‘natar edik va bu usul mustamlakachilik usuli deb atalardi. Bugun biz paxta xomashyosini o‘nlab marta ko‘proq tashqariga chiqarayapmiz va bu usulni nima deb atashni bilmay o‘tiribmiz. Ustiga ustak, bizni boqimandalar deb atashayapti…

«Kommunist Uzbekistana» jurnalining 1988 yil 11-sonida V. Osminin bunday deb yozadi: «Hisoblarga ko‘ra, O‘zbekistondan olib ketilayotgan bir yillik paxta tolasidan 25 milliard so‘m milliy daromad olinadi» (25-bet). Bu pul bizga dotatsiyaga (davlat tomonidan beriladigan yordam puli) berilayotgan puldan deyarli o‘n baravar ko‘p-ku! Shumi, bizning boqimandaligimiz?

Faqat O‘zbekistondagina emas, qardosh Tojikiston va Turkmanistonda ham dehqonning ahvoli achinarli — u eng og‘ir mehnatni bajarib, eng arzon haq olmoqda. Paxtakor g‘allakorga nisbatan o‘nlab soat ko‘proq mehnat qiladi. Lekin ish haqi g‘allakornikidan to‘rt baravar kamdir. Bu ham yetmaganday dehqon faqat paxta eksagina farovon yashashi mumkin deya ishontiradilar.

Vaholanki, 1987 yilda bir gektar kartoshka 2983 so‘m, bir gektar sabzavot 6379 so‘m, bir gektar «oq oltin» esa bor-yo‘g‘i 2400 so‘m daromad keltirgan. Bu raqamlarni qiyoslaylik-da, dehqonga rahmimiz kelsin.

«Paxta mustaqilligi» asoratlarini tan olish payti keldi, Respublika hukumati buni yaxshi biladi. Ammo sukut saqlaydi.

Nahotki, mahalliy hukumat loaqal qishloq ahli hayotini yaxshilash uchun, uning sog‘ligini mustahkamlash va turmush madaniyatini ko‘tarish uchun biron tadbir ko‘rmayotgan bo‘lsa, degan savol tug‘ilishi mumkin. Tadbirlar ko‘rilayapti, albatta. Ular orasida biz tushunmagan bir tadbir — oilani planlashtirish degani ham bor. Bu tadbir avvaliga to‘g‘ridan to‘g‘ri «tug‘ishni kamaytirish» deb atalgan edi. Faqat keyin, shart-sharoitni hisobga olib, bu nomni «yumshatdilar». Chunki mamlakatning bir qismida tug‘ilishni rag‘batlantirib, ikkinchi qismida «qisqartirishni» targ‘ib etmoq bema’nilik ekanini tashviqotchilar anglab qoldilar. Lekin keyingi o‘ylab topilgan «planlashtirish» ham avvalgi ibora mohiyatini o‘zgartirolmadi. Iqtisod, demografiya (aholishunoslik) sohasi bilimdonlari «uch yil oralatib tug‘ish» tamoyilini olg‘a surdilar. Go‘yo shunday qilinsa, boshqa muammolar ham o‘zicha hal bo‘lishi mumkin ekan. Ya’ni, birinchidan, ayollarning sog‘ligi tiklanar emish. Ikkinchidan, bolalar o‘limi kamayar ekan. (To‘g‘ri, bola tug‘ilmasa, u hech qachon o‘lmaydi). Uchinchidan, aholi soni ko‘paymaydi. bu esa o‘z navbatida ishsizlik muammolarini, ya’ni iqtisod va demografiya o‘rtasidagi nomutanosiblikni yo‘q qilar emish.

Qarang, bizning ayollarimiz qanchalik davlat ahamiyatiga molik masalalarni «hal qilib» yuborishlari mumkin! Agar ular buni xohlasalar! Lekin ular «uch yil oralatib tug‘ishga» ko‘narmikanlar?

Iqtisodchi R. Ubaydullayevaning guvohlik berishicha, Namangan oblastida istiqomat qiluvchi ayollar bu mas’ul ishga tayyor emas ekanlar. Ular «nechta farzand ko‘rishni istaysizlar?» — degan savolga bir xilda: «Qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi», deb javob beribdilar. («Pravda Vostoka» 1988 yil, 9 fevral).

Ehtimol, biz demografiya fanini tushunmasmiz. «Nima qilasanlar bilmagan sohangizga aralashib, romaningizni yozib yuravermaysanlarmi», deyishayapti-ku! Lekin raqamlarni biz ham bilamiz. O‘zbekistonda uch va to‘rt boladan ko‘p tuqqan ayollar protsenti yil sayin kamayib borayapti. Bu ko‘rsatkich 1956 yil 75 foyiz bo‘lsa, 1970 yilda 65 foyizga, 1980 yilda 51 foyiz, 1985 yilda esa 49 foyizgacha kamayib ketdi. «Bu holatda, — deb yozadi taniqli demograf A. Kvasha, — demografik siyosatni shunday yuritish kerakki, toki, O‘rta Osiyo xalqlarining asosiy qismi kam bolalik oilalarga aylanmasin», (A. Kvasha «Chto takoye demografiya?», Moskva, 1985 yil).

Ona tabiatning o‘zi «qisqartirayotgan» paytda biz ham qaychimizni olib chopmaylik. Demografiyaga qiziqish esa faqat bizning jumhuriyatda paydo bo‘lgani yo‘q. Masalan, Amerika va Leningrad shahri o‘rtasida o‘tkazilgan telesuhbatda bir rus yigiti Rossiyada tug‘ilish kamayib borayotganini hayajonlanib gapirdi. Biz uning dardiga hamdard edik. Ammo u «rus xalqi kichik millatga aylanib qolishi xavfi bor», deganida, shaxsan men o‘ylanib qoldim. «Kichik millat» bo‘lish shunchalik qo‘rqinchlimi? Unday bo‘lsa uzoq Shimolda yashayotgan chukcha xalqi matonatiga qoyil qolish kerak. Unday bo‘lsa, «kichik millatlar» latish va eston xalqlariga tasanno! O‘zbeklar son jihatdan ularga «og‘a» bo‘lishi mumkin-ku, deb o‘zimga taskin bermoqchi bo‘ldim, ammo taskin topolmadim…

Xullas, «katta xalq»qa ham, «kichik»ka ham qiyin ekan. Moskvalik bir do‘stim «katta xalqqa qiyin, u barcha kichik xalqlar uchun javob beradi» degan edi. Bu haqiqat. Do‘stimning so‘zini boshqacha ham qurish mumkin: «Kichik millatlarga ham oson emas, ularni o‘zi uchun javob berishga qo‘yishmaydi».

Bizning ajdodlarimiz milliy mansublik to‘g‘risida bahslashmagan edilar. Bu masalada Jomiy bilan Navoiy bahsini tasavvur qilish qiyin. Biror janjal chiqib qolsa, janjal ham uni boshlagan odam kabi mayda bo‘lgan. Afsuski, bugun qayta qurish niqobi ostida do‘stligimizga rahna solishga intilayotganlar ham yo‘q emas.

Bizga nima bo‘ldi o‘zi? Azaldan bir daryodan suv ichib, bir diyorda yashab kelayotgan edik-ku. Bayramlarimiz bir edi, birga to‘ylar o‘tkazardik. Qiz olib, qiz berib qondosh xalqlarga aylangan edik. Dushman kelganda millat surishtirmay, hamma bir tanu bir jon bo‘lib vatan himoyasiga otlangan.

O‘tgan yil Markaziy televideniyedan berilgan «Pozitsiya» ko‘rsatuvida Samarqandni o‘zbeklar qurgani yo‘q, deyishgacha borib yetdilar. Bu ham mayli, ba’zi olimlar O‘zbekistonda milliy rayon, milliy shaharlar tashkil qilish kerak degan taklif bilan chiqdilar. Bunaqasini anchadan beri ko‘rganimiz yo‘q edi.

1924 yili Turkistonni bir marta bo‘lgan edilar, shuning o‘zi yetarli emasmikin?

Ikki xalq o‘rtasida «bahs» uyg‘otayottanlar tarixga bir nazar solsalar yomon bo‘lmasdi. Masalan, Peterburgni Brejnev qurgani yo‘q. Uni Ulug‘ Pyotr qurgan. Bu tarixiy fakt. Shuningdek, Samarqand ham Rashidov buyrug‘i bilan bino bo‘lmagan. Unga Amir Temur asos solgan. Bu ham tarixiy fakt. Uni soxtalashtirish uyatdir.

O‘zbekistonda yuzdan ziyod millat vakillari yashaydi. Shu kungacha ular bilan o‘zbeklar o‘rtasida janjal chiqqani yo‘q. Chiqmaydi ham! Ammo o‘zbeklarning internatsionalizmi ularda milliy tuyg‘u yo‘q ekan, degan xulosaga olib kelmasligi kerak. Bu tuyg‘u, hamma millatlar kabi, o‘zbeklarda ham bor. Uni haqorat qilmaslik lozim.

Bular meni qiynagan muammolar. Ularni imkonim darajasida tahlil etdim. Fikrimcha, ularni yechish payti keldi. Bu masalalar bevosita milliy masalaga borib taqaladi. Milliy masala esa iqtisod kabi, bugungi kunda eng dolzarb masaladir.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 17 mart