Paydo bo‘ldimmi, bas, qarshimda qator
Eshiklar taqa-taq yopilur faqat…
— Odamlar, hoy, shoshmang, sizda gapim bor,
Odamlar… bir nafas sabru qanoat!..
Men pul so‘ramayman, so‘ramayman mol,
Non ham so‘ramayman… Oshiqmang uncha!..
Bir savol so‘rayman, faqat bir savol,
Kishi savoldan ham qo‘rqarmi shuncha?..
Uyqu — o‘lim, deb bekorga aytishmaydi, ya’ni o‘lim mashqi. Kishi umr bo‘yi har kecha uxlab, o‘limni mashq qiladi. Va oxir-oqibat bir kun uyquga ketadiyu boshqa uyg‘onmaydi. Bu gapni bir yerda o‘qiganmanmi yoki o‘zim o‘ylab topganmanmi — bilmayman. Lekin aqidam shunaqa. Shuning uchun har tong uyqudan uyg‘onganimga shukr qilaman… Shukr qilib, dunyoga va sarvari koinotga salom beraman:
— Assalomu alaykum va rahmatulloh…
So‘ng o‘zimdan sekin hol-ahvol so‘rayman:
— Xo‘sh, o‘zlaridan so‘rasak?
— Shukr…
— Demak, nasibada shu kun ham bor ekan-da?
— Bor ekan…
— Xo‘sh, bu yog‘i nima bo‘ldi endi?
— Bu yog‘i — qayta qurish..
— Xo‘p, gapni aylantirmasdan, rostini ayt-chi, shu qayta qurishga ishonasanmi o‘zi?
— Ishonaman ham, ishonmayman ham…
— Iye, bu qanaqasi bo‘ldi?
— Shunaqasi, ishonmayman ham…
— Bundoq tushuntirib gapirsang-chi?…
— Tushuntirib gapirsam, og‘ayni, o‘zing bundoq o‘ylab qara: qayta qurishning rahbari — partiya va uning yo‘liga g‘ov bo‘lib turgan kuch — butun mamlakat bo‘ylab tomir otgan ma’muriy-buyruqbozlik apparati. Shundoqmi? Balli. Endi shu byurokratik apparatni sindirish yoki eng kamida undan oshib o‘tish kerak. To‘g‘rimi? Barakalla. Xo‘sh, o‘sha — ma’muriy-buyruqbozlik apparati, degani nima o‘zi? Birinchi galda raykom, gorkom, obkom, ya’ni, partiya organlari emasmi? Demak, bundan chiqdiki, partiya rahbarligida partiyaning ma’muriy-buyruqbozlik apparatini sindirishimiz, yengishimiz kerak… Bu — mening rahbarligimda menga qarshi kurash degan so‘z… Xo‘sh, mening rahbarligimda menga qarshi kurashga men qo‘yarmidim? Ahvolning naqadar jiddiyligi va nozikligini payqayapsanmi? Qayta qurishga ishonmasligim, ma’yusligimning sababini endi tushungandirsan? Endi qayta qurishga ishonaman, deyishimga bois shuki, unga ishongim keladi, ishonmasam bo‘lmaydi, negaki bo‘lak choram yo‘q… Noumid shayton, deyishadi-ku, zora, insofga kelishsa…
— Kim?
— Kim bo‘lardi? Byurokratlar-da.
— Sodda ekansan. Bir rivoyat eshitganman. Rivoyat — majoz… Birovni bor dunyodan ajratib, o‘n yillar chamasi qamoqda tutishibdi. Atrofida qavat-qavat devorlar emish. Oxiri tutqunning sabri tugab, eshikka yopishibdi. Baqirib — chaqiribdi, yelkasi bilan itarib, oyog‘i bilan tepibdi. Nogahon eshik ochilib ketibdi… Qarasa, qarshisida yana bir devor turganmish, eshigi qulflog‘lik emish… Uni ham bir balo qilib ochibdi. Qarasa — tag‘in bir devor va tag‘in tanbalangan eshik… Xullas, undan ham o‘tib, eng so‘nggi devorga yetibdi, tepibdi, boshi bilan uribdi… Befoyda!.. Eshik ochilmabdi… Holdan toyib, o‘tirib qolibdi. Bir payt nafasini rostlab, yaxshiroq tikilib qarasa, qarshisida eshikmas, tutash devor turganmish… Faqat unga… eshikning suvrati solib qo‘yilganmish… Shunda sho‘rlikning ko‘ksidan achchiq bir faryod otilib chiqibdi… «Dunyo! — deb qichqiribdi u joni halqumiga tiqilib. — Meni eshityapsanmi, dunyo!..»
— G‘alati rivoyat ekan… Ammo men bundan ham g‘alatisini bilaman. Mana, eshit… 1965 yil. O‘zbekiston SSRga navbatdagi Lenin ordenini topshirish uchun Brejnev Toshkentga keladi. Kunduzi — rasmiy tantanalar, chapakvozlik, kechqurun Oliy Sovet bog‘ida oliy mehmon sharafiga shohona banket, ziyofat. Qadahlar, tabriklar… Bir payt Brejnev bir oz kayfi oshib, o‘rnidan turibdi-da, tikka yurib, sahnaga chiqibdi… Raqs etayotgan qizlar «duv» etib tarqalishibdi… Sahnada yolg‘iz Brejnev emish. Hamma jim, hamma hayron: «Ne istaydi?.. Nima qilmoqchi?..» Ma’lum bo‘lishicha, u boya nutq so‘zlaganiga qaramay, yana nutq so‘zlamoqchi ekan. Endigisi — kayf ustida… «Tovarishi,— debdi u dabdurustdan,— znayete li vы, skolko u menya karmanov?» Bunday savolni kutmagan bizning kazo-kazolar jim qotib turishaveribdi… Shunda Brejnev cho‘ntaklarini bitta-bittalab sanay ketibdi: — Vot karman… vot karman… verxniy karman… zadniy karman… So‘ng yana savolga o‘tibdi: — A znayete li vы chto, vse moi karmanы polnыm polno zolota?». Yana hamma jim turaveribdi, odamlar «znayem» deyishga ham, «ne znayem» deyishga ham hayron emish… «Otkuda eto zoloto? — so‘rashda davom etibdi notiq va o‘z savoliga o‘zi javob beribdi: «Eto — uzbekistanskoye zoloto». So‘ng u kutilmaganda qiziq yakun yasabdi: «Uzbekistan yest zolotoy karman Sovetskogo Soyuza!.. Davayte je, tovarishi, vыpem za zolotoy karman Sovetskogo Soyuza!» Shunda hamma «gurr» etib o‘rnidan turib, qadahlarni jarang-jurung urishtirib: «Za zolotoy karman Sovetskogo Soyuza!.. Za zolotoy karman Sovetskogo Soyuza!»— deyishib, bahamjihatlik bilan ichishibdi…
«O‘zbekiston — Sovet Ittifoqining oltin to‘la cho‘ntagidir!».. Qoyil!.. Bundan oshirib aytib bo‘lmaydi!.. Baraka topgur Brejnev o‘shanda mastlik-rostlik qilib, gapning po‘stkallasini aytib qo‘ya qolgan ekanda… Xo‘sh, nega endi biz buni hammaga eshittirib, baralla aytmadik? Xalqdan, jamoatchilikdan yashirdik? Balki, aytganimizda «O‘zbekiston — boqimanda, birovlarning hisobiga kun ko‘ruvchi tirik tovon» degan ta’na-dashnomlarni eshitmasdik. Chala haqiqat — yolg‘ondan yomon, deb shuni aytishadi-da. Ha, chala haqiqat — g‘aflatning uyasi… Chala haqiqat eshitaverib, g‘aflatga botdik. Biz haligacha o‘zimiz yetishtirayotgan mahsulotlarning jahon bozoridagi asl narxlarini bilmaymiz. To‘g‘ri, bir tonna paxta tolasi jahon bozorida 5 ming dollar, ya’ni, 30 ming so‘m turishini Odil Yoqubovning shu yil «Yosh leninchi» gazetasining 1 yanvar sonida bosilgan suhbatidan bilib oldik. Lekin qorako‘l-chi? Gaz, oltin, marmar-chi? «Davlat monopoliyasi» deb qo‘limizdan qoqib olib ketishyapti. Meva va sabzavotning jahon bozoridagi narxi nechuk? Men tasodifan pillaning narxini eshitib qoldim: bir kilogrammi jahon bozorida 136 so‘m baholanar ekan. Jahon bozori nari tursin, boshqa raspublikalarda pillaning qiymati qanchaligini ham yaqin-yaqingacha aytishmasdi. Eshitib hayron bo‘lib qoldim: bizniki bilan qiyoslaganda, oradagi tafovut ancha-muncha… «Mamlakatning yetmish foiz pillasini berayotgan O‘zbekistonning gunohi ne ekan?..» deb beixtiyor o‘ylab qolasan kishi.
Mana, o‘zingiz solishtirib qarang: bir kilogramm a’lo nav pilla: RSFSRda — 28 so‘m 50 tiyin, Ukrainada — 24 so‘m 75 tiyin, Gruziyada — 15 so‘m, Moldaviyada — 22 so‘m 50 tiyin, Qozog‘istonda — 18 so‘m 80 tiyin, O‘zbekistonda esa — 12 so‘m 80 tiyin.
Bir kilogramm birinchi nav pilla: RSFSRda — 24 so‘m 80 tiyin, Ukrainada — 21 so‘m 95 tiyin, Gruziyada — 13 so‘m 50 tiyin, Moldaviyada — 19 so‘m 50 tiyin, Qozog‘istonda — 15 so‘m 50 tiyin, O‘zbekistonda esa — 10 so‘m 70 tiyin.
Bir kilogramm uchinchi nav pilla: RSFSRda— 13 so‘m 30 tiyin, Ukrainada— 11 so‘m 55 tiyin, Gruziyada — 7 so‘m, Moldaviyada — 10 so‘m 50 tiyin, Qozog‘istonda — 7 so‘m 50 tiyin, O‘zbekistonda — 6 so‘m…
Xullas, chala haqiqat — yolg‘onning akasi, bo‘htonning ukasi, deb bekorga aytishmagan. Chala haqiqat g‘aflatga, dunyodan bexabarlikka boshlaydi, g‘ofillar dunyodan bexabarlar esa chala haqiqatlarga ishonib yurishaveradi.
Ahmad Donish o‘tgan asrning oxirlarida: «O‘zidan ham, dunyodan ham bexabar, avomidan ulamosi, ulamosidan avomi battar bo‘lgan bu xalqning boshiga hali ne kunlar tushgay…» deb ko‘z yoshi to‘kkan edi. Undan beri oradan yuz yildan ko‘proq vaqt o‘tdi. Bizning o‘zimizdan va dunyodan xabardorligimiz ne darajada? O‘zgarib qoldikmi? O‘zimizni, o‘zligimizni taniymizmi? Tariximizni bilamizmi? Dunyodan nechuk xabardormiz?.. O‘zimizni tanisak, tariximizni bilsak, ikki turk — ikki musulmon Farg‘onada qon to‘kisharmidik? Va bu fojeaning sabab va oqibatlari haqida aytilgan va aytilayotgan chala haqiqatlarga ishonib o‘tirarmidik?
Turklar bilan o‘zbeklar, qirg‘izlar bilan tojiklar o‘rtasida qo‘zg‘algan nizolar birovlarga kamlik qilyapti, shekilli. Yaqinda Moskvaga «Bilim» jamiyati faollari ishtirokida o‘tkazilib, markaziy televideniye orqali ko‘rsatilgan bir suhbatda Trapeznikov degan olim o‘ylamay-netmay, Qirg‘izistonda qirg‘iz tilining davlat tili deb e’lon etilishi O‘sh shahrida yashovchi o‘zbeklarning haq-huquqlarini cheklaydi, O‘zbekistonda o‘zbek tilining davlat tili deb e’lon etilishi esa Samarqand va Buxoroda yashovchi tojiklarning haq-huquqlarini kamsitadi, deb aytdi. Bu O‘rta Osiyo xalqlari orasiga nizo-nifoq solish, ularni bir-biriga qarshi gij-gijlash emasmi? Holbuki xalqaro huquqda uch muqaddas tushuncha bor: xalq huquqi, aholi huquqi, inson huquqi. Nomidan ham ko‘rinib turibdiki, ularni teng qo‘yib bo‘lmaydi, birining qanoti ostida ikkinchisi yashaydi. Ular chetlab o‘tilarkan, janjal, to‘polon chiqadi. Bizdagi janjal, nizolarning ko‘pchiligi ana shu huquqlarning chetlab o‘tilishi tufayli yuz bermayaptimi? Farg‘onada yillar bo‘yi mahalliy yoshlarning shahar korxonalariga ishga olinmagani — xalq huquqini chetlab o‘tish emasmi? O‘zbekistonda bir million ishsiz qayoqdan paydo bo‘lib qoldi? Chetdan keltirilgan bir million ishchi hisobiga emasmi? Yerli xalqning haq-huquqini nazar-pisand qilmay, hadeb chetdan ishchi kuchi olaverib, bugun misli ko‘rilmagan ishsizlik balosiga duchor bo‘lib o‘tiribmiz-ku… Demokratiya va qonun chinakam qaror topgan mamlakatlarda xalq huquqiga ham, aholi huquqiga ham, inson huquqiga ham qat’iy rioya qilinadi. Bu huquqlarning doiralari bir-birini kesib o‘tmaydi. Shunga ko‘ra, Qirg‘izistonda yashovchi o‘zbeklar — Qirg‘izistonning o‘zbek xalqi emas, o‘zbek aholisi sanaladi va qirg‘iz xalqining manfaatlariga mos tushuvchi qonunlar mazkur aholining haq-huquqini cheklamaydi. Xuddi shuningdek, Samarqand va Buxoroda yashovchi tojiklar — O‘zbekistonning tojik xalqi emas, tojik aholisi hisoblanadi va o‘zbek xalqining manfaatlariga mos tushuvchi qonunlar ushbu aholining haq-huquqlarini kamsitmaydi… Bu gaplardan moskvalik olim nahot bexabar bo‘lsa? Shunisi g‘alatiki, Trapeznikovning bu «xirgoyisi»ga «Ozodlik» radiosida ishlovchi ba’zi birovlar jo‘r bo‘lishdi. Mazkur radiostantsiyaning ruscha bir eshittirishida aytilishicha, Samarqand va Buxoro tojiklarniki emish… Nadomatlar bo‘lsinki, bu gaplarga ishonib, laqillab yuruvchilar bor. Tabiiyki, ular o‘zlaridan ham, dunyodan ham g‘ofil, bexabar. Masalan, Samarqand va Buxoro faqat tojiklarniki, yoki bo‘lmasam, faqat o‘zbeklarniki, deyish uchun kamida tarixdan bexabar bo‘lish kerak. Tarixdan ozmi-ko‘pmi xabardor kishi bu gapni aytmaydi. Tarix esa, bilamizki, rosa chuvalashtirib yuborilgan. Ammo fikri ochiq, aqlu idroki butun kishi uchun uning yetakchi yo‘llari, asosiy dovonlari «mana, men!» deb ko‘zga tashlanib turibdi.
Keling, «Samarqand, Buxoro aslida kimniki?»degan masalani olib qaraylik. Bilamizki, Samarqand — ikki ming besh yuz yildan ortiqroq tarixga ega bo‘lgan shahar, Rimning tengdoshi. — Ayting-chi, uning qaysi xalqqa tegish yoki tegishmasligini tayin etganda ana shu uzoq va hududsiz tarixini hisobga olmay bo‘ladimi? — U jahon tarixiga ilk bor Turon poytaxti sifatida kirgan. Ma’lumki, Turon — turklar mamlakati degani. Samarqand o‘shanda «Semizkent» deb atalgan. Afrosiyob — Alp Ertongli (yoki Alp Erto‘nga) podsho bo‘lgan. Samarqandni shahar sifatida tarixga va tarix orqali dunyoga tanitgan birinchi ma’lumot — mana shu. So‘ng tizilishib, zamonlar ketidan zamonlar o‘tadi. Navbat o‘n to‘rtinchi asrga yetadi. Tarix sahnasiga Amir Temur chiqadi. U «Turon sultoni — Temur» deb o‘ziga muhr o‘ydiradi, Samarqandni poytaxt qiladi, shaharni boshdan-oxir qaytadan kurib, ovozasini olamga taratadi. «Samarqand — sayqali ro‘yi zamin» degan ta’bir o‘shanda paydo bo‘ladi. Temur va temuriylar (masalan, Mirzo Ulug‘bek) tarix kitobida Samarqandga ikkinchi nafas bag‘ishlaydilar. Ular qurdirgan imoratlar hamon shaharga husn va hashamat bag‘ishlab turibdi. Samarqandning uchinchi bor 1924 yilda poytaxt bo‘lishi — bunga ilova. Bu tarixiy faktlarni istisno etadigan bo‘lsak, u yerda biz talashadigan nima qoladi? Xullas, Samarqandsiz Turon tarixini tasavvur etib bo‘lmaydi. Lekin bu bilan men, Samarqand — faqat turkiylarniki, hozirgi ta’bir bilan aytganda, o‘zbeklarniki, demoqchimasman. Samarqand — hammamizniki, turoniylarniki. Turoniylar — faqat turkiylar emas, aslan forsiyzabon bo‘lsa-da, tarixiy-jug‘rofiy shakllanish e’tibori bilan tojiklar ham — turoniy qavm, ya’ni, Turon zamin farzandlari, Erondamas, Turonda shakllangan xalq. — Samarqandni bobolarimiz yelkama-elka turib, bahamjihat bunyod etishgan: biri loy qorgan bo‘lsa, biri g‘isht uzatgan. Va yelkama-elka turib dushmanlardan himoya qilishgan. Bugun uni bo‘lishib o‘tirishga hojat yo‘q…
Buxoro xususida ham shunday. O‘zim buxorolik bo‘lganim uchun bu tuproqning tarixini bir oz bilaman. Muhammad Narshaxiyning «Buxoro tarixi», Muhammad Nishopuriyning «Xazoin ul-ulum» asarlarida Buxoroga doir qadim ma’lumotlar bor. Ularda aytiladiki: Buxoro tuprog‘i boshda qamishzor, to‘qayzor yerlar edi, Turkiston tomondan kelgan qavmlar bu joylarni obod aylab, shahar barpo qilishdi, turklar podshosi Qorajo‘rinning o‘g‘li Buxoro shahristonini bunyod etdi. Arablar hujum qilganda Turkon xotun Buxoroda podsho edi. Tabariy uni «Qabaj xotun», erini «Bidun» deb ataydi. Bidun hozirgi ark ustida Yetti og‘ayni yulduzlari shaklida qasr qurdirdi… Arablardan so‘ng podsholik Somoniylarga o‘tdi. Tarixdan ma’lumki, somoniylar ota tomonidan — eroniy, Siyovush avlodiga, ona tomondan — turoniy, Afrosiyob qizining zuryodiga borib tutashadi. Ularning saltanatiga forsiylar qancha voris bo‘lsa, turkiylar ham shuncha merosxo‘r. Somoniylarning suyanchig‘i — turk qo‘shini bo‘lgani, ular shu qo‘shinga suyanib, davlat boshiga kelgani va mamlakatni idora etgani bejiz emas. Somoniylardan so‘ng Buxoroda ming yillar davomida — to kecha kunga qadar saltanat qurgan sulolalarning hammasi turkiy: g‘aznaviylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar, temuriylar, shayboniylar, ashtarxoniylar, mang‘itlar… Xo‘sh, ayting-chi, xalqsiz saltanat yoki saltanatsiz xalq bo‘ladimi? Shundoq deb o‘ylash mantiqsizlik yoki anoyilik emasmi? Buning ustiga, Buxoroni jahonga mashhur qilgan qadim imoratlar, osori atiqalarni qurdirganlarning nomlari tarix sahifalariga bitta-bittalab yozib qo‘yilgan, ularni o‘chirib bo‘lmaydi. Masalan, Buxoroning ramzi bo‘lmish, hozir Minori Kalon deb atalayotgan obidaning asl tarixiy nomi — Arslonxon Qorabug‘raxon minorasi… Chunki uni podsho Arslonxon Qoraxoniy qurdirgan. Toqi Zargaron, Toqi Sarrofon, Toqi Telpakfurushon gumbazlari, ko‘plab tim va madrasalarning bunyodkori — Abdullaxon Shayboniy. Bu ro‘yxatni yana davom etdirish mumkin. Tag‘in boyagidek savol tug‘iladi: ana shu tarixiy qiymatlar istisno etilsa, Buxoroda nima qoladi? Tap-taqir yer… Ma’lumki, tap-taqir yerning birinchi egasi o‘zbek ham, tojik ham emas Odam Ato bo‘lgan…
Endi Buxoro shahrida ko‘proq tojikcha gapirilishi masalasiga kelsak, buning ma’lum sabablari bor. Avvalo bu yerda faqat tojiklar emas, o‘zbeklar ham tojikcha gapirishadi (Asrlar davomida Buxorodagi yuzlab madrasalarda ta’lim-tarbiya an’anaviy arab va fors tillarida olib borilganini unutmaylik). Keyin shaharda eroniylar, mahalliy yahudiylar, lo‘lilar ham yashaydi, ularning tili ham tojikiy. Mana shular tufayli bu yerda tojikcha so‘z quloqqa bir qadar ko‘proq uriladi. Endi o‘zbeklarning shaharda bir muncha kamayib ketish sabablarini ham aytish kerak. Inqilob yillarida o‘n minglab oilalarning Buxoroni tark etib, xorijga ketishganini keksalar hali-hamon eslashadi. Ularning avlodlari hozir Pokiston, Hindiston, Afg‘oniston, Saudiya Arabistoni, Turkiya kabi mamlakatlarda yashab turishibdi. 1937 yilda Fayzulla Xo‘jayev «xalq dushmani» deb e’lon etil-, gach, o‘rta va quyi tabaqalarga mansub yana o‘n minglab kishilar uning «dumi» hisoblanib, mash’um «troyka» vositasida qirib tashlandi. Omon qolganlarning bir qismi qishloqlarga qochdi. Bu jabru jafolarning asosiy og‘irligi, ma’lum sabablarga ko‘ra, yana o‘zbeklarga tushdi…
O‘zbeklar bilan tojiklar — azaldan etu tirnoq, jonu jigar. O‘tmishda qaysidir buvisi tojik bo‘lmagan o‘zbekni topish qiyin. Yoki qaysi bir bobosi o‘zbek bo‘lmagan tojikni ham topish mahol. Qonimiz qonimizga, jonimiz jonimizga tutashib, chatishib ketgan.
Inqilobdan oldin hech kim «Buxoro o‘zbeknikimi yoki tojiknikimi?» deb so‘ramagan. Shunday savol berish bema’nilik, uyat, hattoki, gunoh sanalgan. Zero, xalq orasida «O‘zbekmisan yoki tojikmisan?» degan gapning o‘zi bo‘lmagan. O‘zbeklar tojikcha, tojiklar o‘zbekcha gapirishavergan. Ajralish, ajralish keyin paydo bo‘ldi. U ham ko‘pchilik xalq o‘rtasida emas, bir hovuch kaltabin ziyolilar orasida. Suvni hozir loyqalatib yurgan o‘shalar. Buxorolik bir qariyaning afsus-nadomatlar chekib, aytgani yodimda:
Bud zamone, mo hama muslim budem,
Shud zamone, o‘zbegu tojik shudem…
Ya’ni: bir zamonlar hammamiz musulmonlar edik, endi o‘zbegu tojik bo‘lib qoldik…
Gapning xullasi, Buxoro ham, Samarqandga o‘xshab — hammamizniki. Eskichasiga aytganda — turoniylarniki, yangichasiga aytganda — O‘rta Osiyoliklarniki. Bugun bu yoq — O‘zbekiston, nariyog‘ — Tojikiston deb atalayotgan ekan, bu — zamonaning zayli. O‘zbeklar Tojikistonda o‘z ona yurtida yashayotganidek, tojiklar ham O‘zbekistonda begona tuproqda emas, o‘z ona yurtida yashaydi. Yurt talashish bizga yarashmaydi. Bobolarimiz yurt talashmagan. Amir Temur o‘zining oliy farmonlarini hamisha: «Mening turk va tojik umarolarim!» deb boshlagan. Ana shuni esga olaylik va shunga sodiq qolaylik. Hushyor bo‘laylik: armanlar bilan ozarboyjonlarni Qorabog‘da jiqqamusht qilganlar bizni ham shunga undamoqdalar, bu yo‘lda ular hattoki «Ozodlik» radiosini ham ishga solishyapti.
Ma’lumki, Qozog‘istonning Chimkent va Turkiston, Qirg‘izistonning O‘sh, Jalolobod, O‘zgan, Tojikistonning Xo‘jand va Dushanbe, Turkmanistonning Chorjo‘y va Toshovuz shaharlarida o‘zbeklar ko‘p yashaydi. Faraz qiling, shuni dastak qilib, ba’zi birovlarga o‘xshab, orti-ketini o‘ylamay, biz ham «shu shaharlar siznikimas, bizniki!» deb oyoq tirab olsak, oqibati nima bo‘ladi? Butun O‘rta Osiyoni nizo-nifoq olovlari qurshab olmaydimi? Bu ba’zi birovlar uchun ayni muddao emasmi?.. Yo‘q, biz bu yo‘ldan bormaymiz, qozoqlar ham, qirg‘izlar ham, tojiklar ham, turkmanlar ham — begona emas, bitta tuproqda azaliy unib o‘sgan, o‘z tug‘ishgan birodarlarimiz. Ular bilan hech narsani bo‘lishmaymiz, hamisha birlashib yashaganmiz, birlashib yashayveramiz. Biz dunyodagi barcha insonlar bilan qo‘lni qo‘lga berib yashashni xohlaymiz. Jumladan, chet ellardagi o‘zbek muhojirlari bilan ham yaxshi madaniy-iqtisodiy aloqalar o‘rnatishni, bordi-keldi qilishni istaymiz. Zero, ruslar, ukrainlar, yahudiylar, armanlar, estonlar, latishlar, gruzinlar shunday qilishmayaptimi? Ular xorijdagi qavmlari bilan samimiy, insoniy munosabatlar qurishyapti. Hattoki, oq gvardiyachi general Denikinning kundaliklariyu, Kerenskiyning kitobini bostirib chiqarishga hozirlik ko‘rishyapti. Bu — zamon talabi, yangicha tafakkur takozosi, ya’ni, o‘z-o‘zicha ravshan bir haqiqat. Lekin…
Shu yil yanvar oyida «Sovet O‘zbekistoni» gazetasida Darvish Ali imzosi bilan bir maqola bosildi. Unda bultur sentyabr oyida Istambul shahrida Turkiston muhojirlarining butundunyo qurultoyi o‘tkazilgani xabar kilinib, qurultoy qatnashchilarining fikr‑mulohazalari tanqid etiladi. Muxoliflar bilan bahs‑munozara yuritish, ularning noma’qul fikr-mulohazalarini tanqid etish darkor. Bu — tabiiy. Zotan ular: «Turkistonni ozod qilish kerak»! deb endi aytishayotgani yo‘q. Bunga o‘xshash gaplarni bugun muhojir ruslar ham, muhojir ukrainlar ham, muhojir armanlar ham, muhojir estonlar ham aytishyapti. Masala bunda emas. Darvish Ali ana shu bahonada «panturkizm» degan eski matohni yana maydonga suribdi. Masala shunda. O‘qidimu seskanib ketdim… Panturkizm— biz uchun, tariximiz uchun — qonli so‘z, qora tamg‘a!.. Bu turkiy xalqlarning birlashib, kelajakda butun dunyoga hukmronlik qilishi, degan ma’noni bildiradi. Maktablar, oliy o‘quv yurtlarida bizga shunday deb o‘rgatishgan. O‘ninchi, yigirmanchi yillarda ba’zi birovlar shu so‘z bilan dunyoni qo‘rqitmoqchi bo‘lishgan. O‘ttizinchi yillarda shu tamg‘ani bosib, shu aybnoma bilan minglab, o‘n minglab insonlarning yostig‘ini quritishgan. O‘sha jinoyatlar uchun hali javob berishgani yo‘q, hali jazo ham olishgani yo‘q. Shunisi g‘alatiki, o‘shanda ham matbuotda — «Turkestanskiye vedomosti» va «Turkestanskiy kurer» sahifalarida «Darvish Ali» degan kimsa faollik ko‘rsatgan. Hozirgi Darvesh Ali o‘shaning nabirasi emasmikin? Mayli, gap bunda emas. Masala, boya aytganimdek, panturkizmda, ya’ni, turkiy xalqlarning birlashib, kelajakda dunyoga hukmronlik qilishi xususida. Xo‘sh, ayting-chi, hozir aqlga sig‘adigan gapmi shu? Magar Turkiya bilan Turkiston xalqlari, boshqa xalqlarga o‘xshab, o‘zaro yaxshi munosabatlar o‘rnatishsa, bu narsa dunyoga tahdid soladimi? «Arab dunyosida nima gap?» deb yozamiz, bu «panarabizm» sanalmaydi, lekin «Turk dunyosi» desak, bu «panturkizm» bo‘ladimi? «Panslavizm» degan so‘z-ku, ko‘pdan ishlatilmaydi. Kechagi kunga qadar «Sionizm — bugungi fashizm» deyish odat edi, endi bu so‘z ham oqlandi, Moskvada sionistlarning tashkiloti tuzilib, ko‘plab madaniyat arboblari unga a’zo bo‘lib kirishdi, bu haqida «Pravda» gazetasi xabar berdi. Xo‘sh, shunday sharoitda, butun dunyo xalqlari qo‘lni qo‘lga berayotgan hozirgi kunda «panturkizm»ni yana o‘rtaga solish joizmi? Panslavizm, panarabizm, paneronizm, va nihoyat, panislomizm eskirganda, panturkizm eskirmadimi? Takror aytamanki, bu so‘z birovlar tomonidan to‘qib chiqarilgan o‘lik tushuncha, ko‘p yillar davomida turkiy xalqlarni bir-biridan ayirishga xizmat qilgan qurol. Ba’zi kimsalarning noma’qul gaplari uchun uni tag‘in yalang‘ochlash xalqaro do‘stlikka, mamlakatlar o‘rtasidagi yaxshi munosabatlarga xizmat qilarmikin?.. Tabiatda tosh toshga, qush qushga intiladi. Jamiyatda inson insonga, xalq xalqqa talpinadi. Butun dunyoda ruslar — ruslarga, armanlar — armanlarga, yahudiylar — yahudiylarga, estonlar — estonlarga intilayotgan shu kunlarda turkiy xalqlar ham bir-biriga intilsa, ne ajab… Gazetalarda «panturkizm» deb yozaversak shu so‘z bilan o‘zimizni ham, o‘zgalarni ham qo‘rqitaversak, xalqimizni bundan ham ko‘proq mahdudlikka, dunyodan bexabarlikka mahkum etmaymizmi? Shusiz ham dunyo ilgarilab ketdi, biz orqada qoldik. Umr bo‘yi chala haqiqatlarni aytib kelganimiz uchun orqada sudralib yuribmiz. Bugun iqtisodiy taraqqiyot bo‘yicha — 69‑o‘rinda, uzoq umr ko‘rish bo‘yicha — 59‑o‘rindamiz. Mana, yillar bo‘yi har turli «izm»larni takrorlayverib, biz qo‘lga kiritgan natija!..
Dunyoning savollari meni qurshab oladi…
Dunyoning savollari meni qiynaydi…
Ular butun mamlakat ustiga yopirilgan…
Ayniqsa, Turkiston ustida ularning buluti quyuq… Qoraygan, qo‘rqinch bulutlar — alamli, achchiq savollar… Ular — mening yuragimda. Mana, eshiting: Zulfiya — tog‘amning to‘ng‘ich qizi edi. Ertalab sigir sog‘ayotganda samolyot ustidan zahar quyib o‘tdi. Uch kun deganda sigiri, uch oy deganda o‘zi o‘ldi. Olti bola, oltita jo‘ja-birday jon chirqillab, yetim bo‘lib qoldi… Aeroportda o‘lim telegrammasini kassir xotinga uzatsam, «Menga nima!» deb yuzini teskari o‘girdi… Ne mashaqqat bilan qishloqqa yetib borsam, qarindoshlar aytib berishdi: Zulfiyani chiqarishayotganda obkomda ishlaydigan bir amaldor tasodifan aylanib, kelib qolibdi. Bir oz kayfi bor ekan… «Odamlar ish paytida nega dalada emas, bu yerda to‘planishib turibdi?» deb do‘q uribdi… Men buni qandoq unutay?.. Bu— jinoyat, bu— qabohat, bu — haqorat emasmi?..
— Ey, mayda-chuydasini qo‘yib, katta-kattasidan gapirsang-chi…
— Mayli! Avvalgi o‘n yillar davomida ustimizga yopirilgan haqsizliklarni aytmay qo‘ya qolay, so‘nggi o‘n yillikda chekilgan kulfatlarni aytay… Mayda‑chuydasinimas, katta-kattasini… Mana, ular: Orol dengizining qurishi… Bolalarning yalpi o‘limi… Xotin-qizlarning o‘z-o‘zini yoqishi… Xalqimiz ustiga ayovsiz sepilgan zahar-zaqqumlar… Yer usti va yer osti suvlarning zaharlanishi… Kasalliklar… Behisob mayib-nogironlar… Xazon bo‘lgan sanoqsiz umrlar… Yemirilib borayotgan obidalar… Tariximizga doir to‘qib-pichilgan yolg‘onlar… «O‘zbeklar ishi» qabilidagi bo‘htonlar… Gdlyan, Ivanov guruhi tomonidan xalqimizning yalpi qirg‘in — genotsid qilinishi… Farg‘onada ikki qardosh xalq orasida sharmandali xunrezlikning tashkil etilishi… Bu ham yetmagandek, «Boqimanda» deb kamsitishlar, «bolasi ko‘p» deb aybsitishlar… Go‘yo boshqa joylarda poraxo‘rlar yo‘qdek, Moskva televideniyesi orqali «poraxo‘r o‘zbeklar»ni dunyoga doston etishlar… Bir xalqning boshiga ozmuncha ofat, ozmuncha falokatmi bu!..
Tilimga so‘nggi savol keladi:
— Bu ofat, bu falokatlar uchun kim javobgar?..
Hech kimdan sado chiqmaydi…
— Ayting, bu savdolar uchun kim javob beradi?..
Hech kim churq etmaydi, kimdir tomoq qirib, yo‘taladi, yana jimjitlik.
— Kim javob beradi, deyapman?!
Birov g‘ulduraydi, yana sukunat…
Tushunaman, odamlarga bu gaplarmas, go‘sht, kartoshka, sovun kerak. Ammo mening ham boshqa ilojim yo‘q. Beixtiyor boshimni devorga urib, qichqirgim, faryod solgim keladi:
— Hoy, dunyo!.. Meni eshityapsanmi?.. Men ham inson — umid bilan kelgan xalqman!.. Bu qabohatlarning cheki bormi?.. Insof bormi o‘zi?.. Meni eshityapsanmi, dunyo!..
“Yoshlik” jurnali, 1990 yil 6–son