Ismatulla Abdullayev. Ma’rifat va tarbiya (1989)

Partiya XXVII s’ezdi va partiya XIX konferentsiyasi medeniyat va tariximizni to‘g‘ri, ro‘y-rost o‘rganish, bu sohada yo‘l qo‘yilgan xatolarni tuzatish uchun yo‘l-yo‘riqlar berdi.

O‘rta Osiyo xalqlari, jumladan, o‘zbek xalqi o‘zining juda qadimiy boy tarixi va madaniyatiga ega. Madaniyatimiz durdonalari asosan uch: arab, forsiy va turkiy (qadimgi o‘zbek) tillarida yaratilgan. Shu bilan birga bu yerda 1300 yil davomida islom dini hukmron davlat dini bo‘lib, qonun-qoidalar, o‘quv yurtlari bo‘lmish maktab va madrasalar ana shu dinga itoat ettirilgan. Tarix, adabiyot, qonunshunoslik va umuman, hayotning hamma jabhalari shu hukmron din bilan chambarchas bog‘lanib ketgan. Diniy adabiyot, uning qonun-qoidalari bilan ilmiy adabiyot qorishib ketgan, buni ajratib o‘rganish, birini olib tashlab, ikkinchisini tahlil qilish qo‘pol xatoliklarga olib kelishi mumkin. Buni bir butun manba sifatida marksizm-leninizm ta’limoti asosida ilmiy o‘rganish va davrimiz talabiga javob beradigan tarzda xalqimizga yetkazishimiz kerak.

Oktyabr inqilobidan keyin V. I. Lenin imzosi bilan dinni davlatdan ajratish haqida dekret e’lon qilindi. Reaktsion din arboblari yangi tuzumga xuruj qilishga ojizlik qilardi, dekret ularni cheklab qo‘ydi. Dindorlarni butunlay qirib, yo‘q qilib yuborish, xalq mablag‘i, mehnati bilan yaratilgan me’morchilik san’ati obidalari bo‘lgan masjid va madrasalarni buzib tashlash haqida dohiy imzo chekkan dekretda hech qanday ko‘rsatma berilmagan edi. Stalinizm davrida O‘zbekistonda juda mudhish, kechirib bo‘lmaydigan ishlar amalga oshirildiki, hozir buni esga olsak, so‘zsiz ko‘zimizga yosh keladi.

O‘rta Osiyodagi madrasalar oliy o‘quv yurti, universitet darajasida bo‘lgan. Uchta til (arab, forsiy va turkiy) mukammal o‘rgatilgan. Ularda huquq, ilmi nujum, axloq, falsafa, mantiq, adabiyot, jo‘g‘rofiya, tarix, tabobat, tariqat ilmlari o‘qitilgan. Arab va forsiy tillar orqali yerli xalqlar dunyoning bir qancha boshqa xalqlari tarixi, madaniyati, ilm-fani va adabiyoti bilan tanishish imkoniga ega bo‘lgan. O‘qitish usullari nihoyatda murakkab va qiyin bo‘lgani uchun madrasani hamma ham muvaffaqiyatli tugatolmagan. Iste’dodli, ilmga chanqoq talabalar ochlik, qiyiichiliklarni yengib, 10—20 yillab «madrasa tuprog‘ini yalab», uni muvaffaqiyatli tugatgan. Ular o‘z shahri va qishlog‘iga borib, tezda domla nomi bilan hurmat qozongan («domla» so‘zi haqida «O‘qituvchilar gazetasi»ning 1988 yil 14 may sonida mukammal ma’lumot berganmiz). Madrasalarni oddiy xalq, kosib, xunarmand va dehqon bolalari mahorat bilan tugatgan. Boy va mansabdorlar bolalari esa maishat qilish bilan kun o‘tkazgan. Ustozim arabshunos V. I. Belyayev «Til o‘rgatishda madrasa bergan ilmni hech bir boshqa institut berolmaydi», deb bir necha marta takrorlagan edi. Hozirgi vaqtda uchta tilni mukammal egallagan, shu tillardagi qadimiy qo‘lyozma va bosma manbalarni bemalol o‘qib, tahlil qiladigan mutaxassislarni na ToshDUning Sharq fakulteti va na O‘rta Osiyo va Qozog‘iston diniy boshqarmasi qoshidagi islom instituti tayyorlab beroladi.

Madaniyat va tariximizning buyuk siymolari, jahon ilmu fani xazinasiga beqiyos hissa qo‘shgan Muhammad al-Xorazmiy, Kasir Farg‘oniy, Ibn Sino, Beruniy, Ulug‘bek, buyuk sharq shoirlari Xo‘ja Hofiz, Nizomiy, Shayx Sa’diy, Jomiy, Navoiy, Bedil, demokratik shoirlar Furqat, Muqimiy, Zavqiy kabilar madrasalarda tahsil olib, yuksak darajaga erishgan kishilar edi.

Madrasalarni tugatgan, zamonasining olim va o‘qimishli kishilari hisoblangan ziyolilarning bir qismi inqilobdan oldin xalqni ma’rifatga chaqirish, savodli qilish, Yevropa madaniyati bilan tanishtirish maqsadida jadidlik (yangilik)ni targ‘ib etdilar. Yangi usulda maktablar ochdilar, gazeta va jurnallar chiqardilar. Bular o‘z davrida yangilik tarafdorlari edi va xalq orasida ma’rifat tarqatish, savod o‘rgatishda anchagina ijobiy rol o‘ynagandi. Inqilobdan keyin madrasada tahsil olgan ziyolilarning ko‘pchiligi sovet hokimiyatini yoqlab, turli tashkilot va muassasalarga ishga o‘tib ketishdi, maktablarda o‘qituvchilik qilishdi, ba’zilari hunarmandchilik, dehqonchilik kabi ishlar bilan shug‘ullandi.

Biroq, ming afsuski shaxsga sig‘inish davrida qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yildi. Madrasalar «tuprog‘ini yalagan» ziyolilarning bir qismi jadidlikda ayblanib yo‘q qilindi, bir qismi aksilinqilobchi, deb hibsga olindi va qirib yuborildi. Qolganlari diniy arbob sifatida qoralanib, «domla», «ruhoniy» yorliqlari ostida surgun va qirg‘in qilindi. Ular o‘z zamonida o‘qimishli olim, ma’rifat tarqatuvchi, xalq hurmatiga sazovor ziyolilar ekanligi butunlay inkor etildi. Ularni xalq bekorga ulamolar (olimlar) deb atamagan-ku!

Shunday qilib, madaniyat va tariximizning 300 yil davomida arab, forsiy va qadimgi o‘zbek tillarida yaratilgan boy xazinasini o‘qiydigan va xalqqa yetkazib beradigan kamyob mutaxassis olimlar deyarli tugatildi, ayrim mashhur rus olimlari shaxsga sig‘inish davrida Yevropa va Amerika davlatlariga boshpana qidirib, turli yo‘llar bilan o‘tib ketgani kabi, Qashqariya, Afg‘oniston va Arabistonga o‘tib ketdilar. Ularni biz vatan xoinlari deb atadik, farzandlarini ta’qib ostiga oldik.

1918 yili Toshkentda Turkiston Sharq instituti tashkil etilib, keyin O‘rta Osiyo davlat universiteti sharq fakultetiga aylantirilgan edi. 1931 yili bu fakultet ham tugatildi. 1929 yili lotin, 1939 yili esa rus alifbosiga o‘tib ketildi. Arab xatidagi qadimgi o‘zbek tilini o‘rganish ham barham topdi. Ba’zi buning uddasidan chiqadiganlar nihoyatda qo‘rqoq bo‘lib, ular og‘ziga muhr bosib, qo‘liga kishan solingan edi. Doim xavf ostida turar edi. O‘zFA Sharqshunoslik institutida 40 yilga yaqin ishlagan, Ibn Sino, Beruniy, Al-Xorazmiy asarlarini arab tilidan tarjima qilgan mashhur sharqshunos, uchta til bilimdoni Abdufattoh Rasulev o‘z tarjimai holida yozadi: «Men noto‘g‘ri siyosat tufayli 1924 yilda o‘qituvchilikni tashlab, 20 yil davomida g‘isht teruvchi va suvoqchilik qildim. Shunday qilmaganimda, meni ham yo‘q qilishgan bo‘lardi».

Shu tariqa 40-yillarga kelib, na arab, forsiy va turkiy tillarni bilgan mutaxassis olimlar va na bunday mutaxassislarni tayyorlaydigan ilm o‘chog‘i qolgan edi. 20-yillardan boshlab 50-yillar davomida bu uch tildagi aniq fanlar, adabiyot, tarix va tilga oid birorta manba o‘zbek tiliga ag‘darilmadi. Fan, madaniyat va tariximizni o‘rganish deyarli to‘xtab qoldi.

1944 yili O‘rta Osiyo davlat universiteti qoshida sharq fakulteti qayta tiklandi. Ancha-muncha kadrlar yetishib chiqa boshladi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi huzurida xuddi shu yili Sharq qo‘lyozmalari (hozirgi Sharqshunoslik) instituti tashkil etildi.

1950-yillardan boshlab Ibn Sino, Beruniy, Xorazmiy, Forobiy, Saolibiy, Ulug‘bek kabi siymolar asarlari o‘zbek va rus tillariga tarjima qilinib, tadqiqot va izohlari bilan nashr qilina boshlandi. Lekin bu ish til bilgan kadrlar yetishmasligi tufayli nihoyatda sust bormoqdaki, minglab noyob asarlarni xalqqa yetkazish uchun agar shu taxlitda borilsa, yana miig yillar vaqt talab etiladi.

Bundan tashqari 10-15 yilda mashaqqat bilan tayyorlangan bir manbani nashr etishda ko‘p to‘siqlar mavjuddir. Bunday tadqiqiy ilmiy ishlarni faqat bitta «Fan» nashriyoti bosadi. G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va sai’at nashriyoti, «O‘zbekiston», «O‘qituvchi» nashriyotlari ilmiy kitoblarni chop etishmaydi. «Fan» nashriyotida tiraj chegaralangan: 1000 dona. Yana bir tomoni, shu tirajni ham kitobni tayyorlagan olimning o‘zi to‘plashi kerak. Bu olim turli joylardan tanishlar orqali zayavkalar berdirib, kitob tirajini mingga yetkazadi. Natijada kitob eng kerakli o‘quvchilarga yetib bormay keraksiz joylarda chang bosib yotadi.

Akademiya institutlarida limitning kamligi tufayli nashr planiga kiritish mushkul. Ba’zan mashaqqat bilan tayyorlangan manba o‘n yillab nashr planiga kirmay yotadi. Nashriyotga ham yetib bordi deylik. «Kitobni qisqartirasiz, mana bu joylarini olib tashlaysiz, bular diniy gaplar», — degan buyruqlar boshlanadi. «Axir bu manba, ming yil avval yozilgan, uni qisqartirib bo‘lmaydi», — deb o‘tinib iltimos qilishlar, afsuski, ko‘pincha foyda bermaydi.

Fikrimning dalili uchun misollar keltiray: sharqda mashhur «Qobusnoma» kitobi 1968 yili «O‘qituvchi» nashriyotida o‘zbek tilida qisqartirib nashr etildi. Uning 1—4, 15—23 boblari, ya’ni olti bobi tushirib qoldirilgan. Vaholanki, shu asar 1958 yili Moskvada «Vostochnaya literatura» nashriyotida to‘la nashr etilgan edi. Ibn Sino, Beruniy asarlarining din bilan bog‘liq sahifalari ham tushirib ketilgan. Ustozim V. I. Belyayevga Beruniyning «Qonuni Ma’sudiy» kitobini olib borib berganimda, «Bu muallifni tahqirlash, kim sizlarga manbani buzib nashr etishga ruxsat berdi?» — degani yodimdan chiqmaydi. Sharq adabiyotining yana bir mashhur durdonasi «Hotamnoma» kitobi ham (G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1988) ko‘p joylari olib tashlab nashr etildi. Mashhur «Ming bir kecha» ertaklarining ham ko‘p joylari o‘zbek tiliga tarjima jarayonida olib tashlangan. Men o‘zim mashhur olim Saolibiyning (961 — 1038) 124 O‘rta Osiyo va xurosonlik shoirlarni o‘z ichiga olgan «Yatimat ad-dahr» («Zamona durdonasi»), nomli nodir asarini 10 yil mobaynida o‘zbek tiliga tarjima qilib, qiyinchilik bilan planga kiritib, «Fan» nashriyotiga olib keldim. Avval yarmini qisqartirasiz, degan to‘siq, keyin «ana u yeri, mana bu yerini olib tashlaysiz, bo‘lmasa bosmaymiz», degan tahlika. Shulardan bittasi Buxoroning o‘sha davrdagi qarovsizligi, iflosligini tanqid qilib yozilgan hajviy she’rlar edi. «Axir, bu asar bundan ming yil avval yozilgan, shoirlar Buxoroning o‘sha davrdagi iflosliklarini hajv qilayapti», — desam, «Yo‘q, Buxoro obkomi sekretari bizning oldimizga shikoyat qilib kelishi mumkin», — deb o‘sha she’rlarni chiqarib tashlashdi va asar 1976 yil nashr etildi. Saolibiyning ikkinchi bir muhim asari «Latoif al-maorif» («Ajoyib ma’lumotlar») kitobini chop etish undan ham mashaqqatliroq bo‘ldi. Asarning birinchi bobida dunyoda u yoki bu narsani birinchi kim yaratgan, degan diniy ma’lumotlar, boshqa bir bobida ayrim arab xalifalarining buzuqliklari, bachchabozliklari haqida juda kamyob ma’lumotlar berilgandi. «Fan» nashriyotining o‘sha vaqtdagi bosh muharriri A. Qosimxo‘jayev tish-tirnog‘i bilan bu nodir asarni nashr qilishdan bosh tortdi, men bir yil ovora bo‘ldim, nashriyot direktori H. Bektemirov ham uni qo‘llab-quvvatladi va nihoyat, kitob nashriyot planidan chiqarib tashlandi.

Asar 1987 yili akademiya vitse-prezidenti E. Yu. Yusupov tashabbusi bilan chop etildi. Afsuski, asar dumi yulingan tovuq holiga keltirilgan edi.

Men yana bir narsa haqida to‘xtab o‘tmoqchiman. Alisher Navoiy asarlari orasida «Chihl hadis» («Qirq hadis») degan ruboiylari bor. Bunday ruboiylar Jomiyda va boshqa juda ko‘p Sharq shoirlarida ham mavjud. Muhammad payg‘ambarga nisbat berilgan bu hadislarda deyarli diniy gaplar yo‘q, asosan, aql-odob, ilmga muhabbat, ota-onaga hurmat, iisoniylik kabi dunyoviy g‘oyalar ko‘zda tutilgan. Hozirgacha «Chihl hadis» asari Navoiy to‘plamlariga kiritilmagan. ba’zilari olimimiz A. Qayumov tomonidan «Navoiy manzumalari» sarlavhasi bilan «Toshkent oqshomi»da e’lon qilindi. Yana bir misol A. S. Pushkin Qur’on suralari asosida o‘zining 15 she’rini yozgan. Bu «Pushkinning mashhur taqlidlari» nomi bilan uning asarlariga kiritilgan. Shoir Abdulla Sher Pushkin taqlidlaridan bir nechasini o‘zbek tiliga tarjima qilib, «Yoshlik» jurnalida berdi. Agar Abdulla Sher o‘zi Qur’onga taqlid qilib she’r yozganda, hech ham bosmagan bo‘lardik.

Yana bir achinarli narsa, «Fan» nashriyoti va 3-bosmaxonadan boshqa bosmaxonalarda arab va lotin harflarini teradigan mashinalar yo‘q. 1300 yil davomida yaratilgan fan va madaniyatimiz boyliklari ikki-uchta kitob xazinalarida saqlanmoqda, bularni xalqqa o‘z nusxasida yetkazish kerak. Hozirgacha Navoiy asarlari tanqidiy matni tayyorlangani yo‘q. Ozarboyjon, Tojikistonda mashhur olim va shoirlar asarlari tanqidiy matnlari arab xatida nashr etilmoqda. O‘n yil davomida lotin harfida yozilgan asarlar taqdiri ham xuddi shunday. Bu ham kechiktirib bo‘lmaydigai muammolardan biri.

Ko‘rib turibmizki, arab, forsiy tillaridan tarjima qilish va qadimgi o‘zbek tilida yozilgan manbalarni xalqqa yetkazish juda og‘ir, mashaqqatli ishdir. Uch tilni bilgan olimlar bizda barmoq bilan sanaladigan qoldi. Bularning o‘rnini to‘ldirish amri mahol. Hech bo‘lmasa, o‘rta maktablarning ma’lum qismida qadimiy o‘zbek tili, arab va forsiy tillarini majburiy programma asosida o‘qitish kerak. Axir, biz uchun adabiyotimizda 1000 yillar davomida ishlatilgan arab, forsiy tillarini o‘rganish zarur emasmi? Universitet va pedinstitutlar filologiya fakultetlarida esa majburiy ravishda qadimgi o‘zbek tili o‘rgatilishi kerak. Oliy ma’lumotli adabiyot o‘qituvchisi, dotsent va ayrim professor Navoiy asarlarini asl nusxada o‘qiyolmasligi va tushunmasligiga toqat qilib bo‘ladimi? ToshDU sharq fakultetida arab, forsiy, hind, xitoy tillari bilan bir qatorda qadimgi o‘zbek tili ham o‘qitilishi kerak. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik, Til va adabiyot, Qo‘lyozmalar institutlarida aspirantura yo‘li bilan mutaxassislar tayyorlashni keng yo‘lga qo‘yish, bu iistitutlar uchun nashriyot limitlarini ko‘paytirish, tiraj to‘plash, degan bema’nigarchilikka xotima berib, tarix va madaniyatimiz durdonalarini xalqqa borib yetadigan tirajda chop etish kerak.

Men yana fan va madaniyatmiz ravnaqiga ulkan hissa qo‘shayotgan yetuk olimlarimizni ularga qarshi ba’zi asossiz xurujlardan asrab, ehtiyot qilishni ham ta’kidlamoqchiman. Ijtimoiy fanlar sohasida nafaqat respublika, balki Ittifoqda dong taratgan, tariximiz, fan va madaniyatimizning tinmas tadqiqotchisi, SSSR FA muxbir a’zosi E. Yu. Yusupovni ko‘zda tutayapman. U kishi haqiqiy interiatsionalist, qayta qurishning jonkuyar tashviqotchisi, xalq sevgan hassos olim va insondir. Afsuski, bunday olimni ko‘rolmagan ba’zi shaxslar unga asossiz xurujlar qildilar.

Olimlarga g‘amxo‘rlik yetarli emas. Biror ko‘zga ko‘ringan olim, fan doktori yoki professor 60 yoki 70 yoshga yetsa, uning haqida matbuotda hech narsa yoritilmaydi. Ilm ahli, zahmatkash olimlarning tiriklikdagi qadr-qimmati shumi?

Men yana yozuvchi va shoirlarimiz tomonidan badiiy asar, kino va teatrlarda o‘zbek xalqi o‘tmish hayotini nihoyatda buzib ko‘rsatishdek an’anaviy ko‘zbo‘yamachilikni aytib o‘tmoqchiman. Qaysi bir asarni o‘qimang, teatr va kinoni ko‘rmang, o‘zbek xalqi yalang oyoq, kiyimlari yupun, qashshoq, savodsiz, qoloq qilib tasvirlanadi. Besh-o‘nta yupun qalandarlar yoki darveshlar qoringa kashkulni osib olib, «yo ollohu yo olloh, haq do‘st yo olloh», deb ko‘chama-ko‘cha yurgani yurgan. SSSRdagi ko‘pchilik xalqlar o‘tmishi, albatta, hozirgiday bo‘lmagan. Lekin har bir xalqning o‘z madaniyati, adabiyoti, tarixi, urf-odatlari bo‘lgan.

Rus tilida chop etilgan «O‘zbekiston tarixi» kitobida yozilishicha, 1894 yili Turkistonda maktab va madrasalar 6 ming 445 ta, 1913 yilga kelib 7 ming 665 taga yetgan. 1911 yili O‘zbekistonda 105 ta rus-tuzem maktabi bo‘lgan. 1887 yili rus-tuzem maktablarida yerli millatlarning 245 farzandi ta’lim olgan. Bulardan tashqari yuzlab xotin-qizlar o‘qitiladigan maktablar bo‘lgan. Bulardan qanchalab Nodira, Uvaysiy, Mahzuna, Anbar Otin kabi shoira, adiba va olimalar yetishib chiqqan. Respublikamiz territoriyasida 20 dan ortiq shoira nomi aniqlandi. Hozirgacha biz «otinlar» deb salbiy baholayotganimiz o‘zbek ayollari qisman arab tilini, forsiy va qadimgi o‘zbek tilini esa juda yaxshi bilgan, klassik shoirlar asarlarini bemalol o‘qib, tahlil qila oladigan, tarix va tabobatdan xabardor ziyoli ayollar bo‘lgan.

Yirik shaharlarda ma’lum bir feodal va kiborlar oilasi hashamatli hayot kechirgan, lekin xalqning ko‘pchiligi: ilm ahli, hunarmand, savdogar, kosiblardan iborat bo‘lgan. Ularning hayot tarzi, odob-axloqlari, urf-odatlari, adabiyot va san’ati o‘z zamonasi ilg‘or an’analarini aks ettirgan. Ichkilikbozlik, o‘g‘irlik birovning haqiga xiyonat qilish xalq hayotida deyarli uchramaydigan hodisa bo‘lib, halollik, e’tiqod, imon odamlar hayotida asosiy axloq normasi bo‘lgan. Afsuski, badiiy adabiyot, kino, teatr va televideniyeda bu olijanob fazilatlar ko‘rsatilmaydi.

Qishloq aholisi esa qo‘l mehnati bilan oddiy, halol hayot kechirgan, bir-biriga muruvvat kuchli bo‘lgan. Xotinlar qishloq xo‘jaligida xuddi hozirgiday erlar bilan yonma-yon mehnat qilgan. Ularning hayot va turmush tarzida odob-axloqlari yuksak darajada bo‘lib, pok va halol yashashgan. Ularda paranji-chachvon bo‘lmagan, erkin va mag‘rur qadam bosgan. O‘zini yondirish, zaharlash, osish ayollar hayotida deyarli uchramagan. Ayollarimizning o‘tmishdagi bu xislatlari ham yozuvchilarimiz asarlarida aks ettirilmaydi. O‘tmishni qoralash, yomonlash, haqoratlash qalamkashlar uchun bayroq bo‘lib qolgan. Sovet davrida yaratilgan butun tarixiy va adabiy asarlarda hozirgi O‘zbekistonda faqat 2% xalq savodli bo‘lgan deb yozib kelinmoqda. Bu rus-tuzem maktebida o‘qiganlar haqida bo‘lsa kerak. Maktab va madrasalarni bitirganlar savodlilar qatoriga qo‘shilmasa kerak. 30-yillarda savodsizlikni bitirish uchun kurash boshlanganda arab xatida o‘qiydiganlarni savodsizga chiqarilgan edi.

Ijodi saroy adabiyoti, diniy aqidalar bilan bog‘liq bo‘lgan anchagina iste’dodli shoirlar haqida hozirgacha qo‘rqib yozmay keldik Umarxon saroyida yashagan «Tazkirai shuaro» kitobini she’r bilan yozgan, zamonasining malikush shuarosi Fazliy Namangoniy, kambag‘alparvar va yetimparvar, zolimlar va boylarni she’riyat tig‘i bilan beamon urgan Ahmad Yassaviy, so‘z ustasi, badiiy san’atkor, aql-odob, ilm-fan targ‘ibotchisi So‘fiy Olloyor («Qolibsan tanga deb ahvoli tanga», «Uyalma ma’rifatni o‘rganurdin, tanur joying bo‘lur qolsang tanurdin»), chuqur bilimdon shoir Hoji Muhiy kabi o‘nlab iste’dodli, xalqning obro‘-hurmatiga sazovor bo‘lgan shoirlar ijodini o‘rganish vaqti yetmadimikan? Pushkin saroy shoiri emasmidi, Jomiy, Navoiy, Gogol, Tolstoy dindor bo‘lishmaganmi?

KPSS XXVII s’ezdidan keyin Sovet davlatining dinga nisbatan siyosati ancha o‘zgardi. V. I. Lenin ko‘rsatmalariga amal qilina boshlandi. Ibodat qiluvchilarning ko‘pchiligini urush va mehnat veteranldri, o‘z qishlog‘i va mahallasida obro‘ qozongan o‘rta va oliy ma’lumoti mo‘tabar qariyalar tashkil qiladi. Ular orasida yoshlar ham anchagina. Yoshlarni tarbiyalash, mahallalarda tozalikni saqlash, ichkilikbozlik, haromxo‘rlik, zinokorlik kabi islom qattiq qoralagan jirkanch illatlarga qarshi kurash, oilalarni mustahkamlash kabilarda bu qariyalarimizdan foydalanishimiz kerak. Masjidlar ilgari vaqtlarda faqat ibodat qilish maskani bo‘lmay, boshlang‘ich maktab vazifasini o‘tagan, mahalla xalqining to‘planib, turmush masalalarini — urishgan qo‘shni, aka-uka va eru xotinni yarashtirib qo‘yish, to‘y-ma’raka tadbirlari, bolalarni tarbiyalashga oid, ko‘chalarni iflos qilmaslik, non va suvni e’zozlash, ota-onani hurmatlash, hasharlar uyushtirish kabilar hal etilgan. Masjidlarning hovuz, chinor va terak daraxtlari, uzumzor va mevazorlari bo‘lib, shinam so‘rilarda o‘tirib, she’rxonlik va kitobxonlik qilishgan. Agar mabodo dindorlarga biror joyni ko‘rsatib, masjid qurib olinglar deyilsa, 5—6 oyda binoni bunyod etishadi. Nima uchun ulardagi shu tashabbuskorlikdan foydalanmaymiz? Bog‘cha, maktablarni tuzatish, bog‘-xiyobonlar tashkil qilish — obodonchilik masalalarida ulardan foydalanish kerak. Imom-xatiblar orqali davlat siyosati, qayta qurish muammolariga oid masalalarni ibodat qiluvchilarga yetkazish kerak. Chunki ibodat qiluvchilar ko‘proq xatiblar gapini e’tiborga oladi: «Domla bugun bu gapni aytdilar», «Falon joyda bunday dedilar», degan gaplarni doim eshitamiz.

Xullas, qayta qurish juda keng sohalarda amaliy ishlarda namoyon bo‘laversin.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 5 may