Gulsara Ismoilova. Chokar she’riyati (1990)

Ijodining asl mohiyatini, bosh mavzuini xalq taqdiri bilan bog‘lagan ijodkorlar o‘z asarlari bilan hamisha el xizmatidadirlar. Madaniy harakat ancha jonlangan, adabiy guruhlar faoliyati hayotga sezilarli ta’sir o‘tkaza boshlagan bir davr — XX asr boshlari Xorazm o‘lkasida ilg‘or fikrli bir qancha ijodkorlar yetishib chiqdi. Madaniy omillarga nisbatan moyil bo‘lgan Muhammad Rahimxon — shoir Feruz xonligi davrida bu faoliyat biroz samarali bo‘ldi. Ana shunday ijodkorlardan biri Chokar bo‘lib, uning adabiy merosi adabiyotshunoslarimiz tomonidan juda kam o‘rganilgan. Yunus Yusupov, Farog‘at Musamuhamedova, Nurmamat Qobulovlarning tadqiqotlarida shoirning Oktyabr inqilobiga qadar va undan keyingi ijodidagi mavzu va shakl yo‘nalishlari haqida muhim fikrlar yuritilgan bo‘lsa-da, biroq bu tadqiqotlar shoir ijodi ko‘lamini to‘la qamrab ololmaydi. Chunki Chokardan bizga boy adabiy meros qolgan bo‘lib, uning she’rlari jamlangan uchta devon hamda qirqdan ortiq katta-kichik bayozlar tadqiqotga muhtojdir.

Chokar she’rlaridan namunalar dastlab «O‘zbek adabiyoti» besh tomligining II kitobida hamda F. Musamuhamedovaning 1974 yilda chop ettirgan «Tanlangan she’rlar»ida e’lon qilingan va ular miqdor jihatidan juda kam. Masalan, «Tanlangan she’rlar»da 57 ta, «O‘zbek adabiyoti» kitobida 22 ta she’r berilgan, ikkala kitobdagi she’rlarning takroran kelishini hisobga olsak, Chokarning hammasi bo‘lib 70 ta she’ri e’lon qilingan xolos.

F. Musamuhamedova o‘z izlanishlarida shoir adabiy merosining deyarli barcha jabhalarini ko‘zdan kechirib chiqadi va fikrlarini shoirning butun merosi asosida bayon qiladi. Biroq bu kuzatishlarda shoirning faqat sof ijtimoiy mazmunni ifodalovchi hamda lirik mavzudagi she’rlarigina tadqiqot doirasida qamrab olingan. Holbuki, shoir merosida ishqiy yo‘nalishda yoki mistik qobiqqa o‘rab, an’anaviy diniy bag‘ishlov tarzida boshlangan, aslida ilg‘or fikrli qarashlarni ifodalovchi bir qancha she’rlar ham borki, ularning asl mohiyatini va unda ko‘zlangan maqsadni ilg‘ab olish qiyin emas.

Har bir asarni chuqur o‘rganib, uning asl bahosini berish va o‘rnini belgilash, keng jamoatchilik hukmiga havola etish lozim. Zero, Chokar adabiy merosini qayta ko‘zdan kechirish, uning tarixiy va madaniy taraqqiyotga sezilarli ta’sir ko‘rsatuvchi asarlarini e’lon qilish kun tartibida turgan vazifalardandir.

Shu maqsadda Chokar she’rlari jamlangan devon va qo‘lyozma bayozlarni ko‘zdan kechirar ekanmiz, uning ijtimoiy ahamiyatga molik ko‘plab she’rlariga duch kelamiz. Shuni ham aytish lozimki, mazkur devonlarda shoirning sof diniy xarakterdagi va madhiya ruhida yaratilgan she’rlari ham mavjud. Biroq bu taxlit she’rlar Chokar ijodining ijtimoiy ahamiyatiga soya tashlay olmaydi. Shunday she’rlar ham uchraydiki, garchi ularning ilk misralari diniy mazmun va ruhda boshlansa-da, aslida asar mag‘zini nasihatgo‘ylik tashkil etadi. Misollarga murojaat qilaylik. 901 raqamli devonning 109-betida shunday misralar bor:

Olloh, qil o‘zing lutfu karam miskin gadolarga.
Ki, to zor o‘lmasun onlar jahon ichra ag‘niyolarg‘a.

902-raqamli devondan ham bunday misollarni ko‘plab keltirishimiz mumkin, masalan:

Riyosiz sunniy eshon qolmadi olam aro, anglang,
Bu ishlar bor qiyomatdin alomat, ey musulmonlar.

Anglashiladiki, «miskin gadolar», «riyosiz eshon» birikmalari shoirning ko‘zlagan maqsadini va uning davr muammolariga bo‘lgan munosabatini belgilab turibdi. Biroq, afsuski, mazkur misralarda shoirning murojaati, iztirobi ifodasida atigi xitob sifatida jaranglayotgan «Olloh» va «ey, musulmonlar» so‘zlarining qo‘llanilishi bu taxlit she’rlarning mistik mazmundagi she’rlar tarkibiga kiritilishiga va oqibatda shu paytgacha nazardan chetda qolib ketganligiga sabab bo‘lgan. Hatto Chokarning e’lon qilingan she’rlari orasida diniy so‘zlar uchragan baytlar ham bus-butunicha tushirib qoldirilgan. Masalan, 902-raqamli devondagi «Xivaq» radifli she’rning quyidagi ikki bayti Chokar «Tanlangan she’rlar» kitobida uchramaydi:

Jahon ofatlaridan gar salomat qolsang tong yo‘qdur,
Erur o‘rtasida langar oning Polvon ota, Xivaq.
Haz deb har kishi ixlos ila qilsa talab anda,
Agar bo‘lsa gado, qilguvsi behad ag‘niyo Xivaq.

Xorazm viloyatida Polvon Pir degan muqaddas joy bo‘lib, ko‘p zamonlardan beri odamlar uni ziyorat qiladilar. Naql qilinishicha, biror armoni, dardi bor odam bu dargohga ziyoratga kelib, hovuziga tanga tashlasa yoki daraxtlariga oq chit bog‘lasa, ko‘nglidagi niyatiga yetarmish. Yuqoridagi baytda ana shunga ishora bor va mazkur baytlardan voz kechilganining sababi ham shundadir.

«Tanlangan she’rlar» kitobining 13-betida «Ne ahvol» sarlavhasi bilan uning bir she’ri keltiriladi:

Jahonga, bilmadim, bo‘lmish ne ahvol,
Qilur har kunda paydo o‘zga bir hol,—

misralari bilan boshlanuvchi va davr ziddiyatlaridan nolish ruhida yaratilgan bu she’rning qo‘lyozmadagi oxirgi bayti tushirib qoldirilgan. 902-raqamli devonning 301-betida joylashgan mazkur she’rning xulosa bayti shunday:

Qiyomatni alomati bu, Chokar,
Ki, tez chiqgusi tongla emdi dajjol.

Rivoyatga ko‘ra, dajjol qiyomatga yaqin kelib, xalq boshiga turli ofatlarni solarkan. Chokar ushbu she’rida ana shu afsonaga ishora qiladi va buning yordamida o‘z davri illatlarini ochib beradi. Garchi baytda diniy mazmun berilayotgan bo‘lsa ham, biroq undan kelib chiqadigan xulosa ijtimoiylik kasb etadi, ya’ni mazkur misralar shoirning davrga nisbatan hukmini ifodalamoqda.

Shuningdek, shoirning e’lon qilingan she’rlari orasida diniy atamalarning o‘zgartirilgan holda berilganini ham kuzatamiz. 902-raqamli devonning 294-betidagi «Nasihat manga berma…» deb boshlanuvchi she’ridagi:

Malomat qilursan mudom haq elin.
Agarchi o‘zing xumsai moda shayx,

baytidagi «haq» so‘zi «O‘zbek adabiyoti» kitobida «ishq» tarzida o‘zgartirib berilgan. «Tanlangan she’rlar»da esa bu bayt butunlay tushirib qoldirilgan. Ko‘rinib turibdiki, mazkur misralar da diniy atamalar qo‘llanilgan bo‘lsa-da, biroq she’r mohiyati mistikadan yiroq, aksincha, ularda ilg‘or fikrlar mavjud.

Bu fikrlardan shunday xulosa kelib chiqadiki, XX asr boshlari Xorazm adabiy muhitiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan Muhammad Yusuf Xarratov — Chokarning Oktyabr inqilobigacha bo‘lgan ijodi ustida boshlangan tadqiqot ishlari davom ettirilishi lozim.

Gulsara Ismoilova, Bobur nomidagi adabiyot instituti ilmiy xodimi

«Guliston» jurnali, 1990 yil, 11-son