Ittifoqimizga birlashgan millatlarning hammasi teng huquqqa ega. Biroq shaxsga sig‘inish va turg‘unlik davrida lenincha milliy siyosatimiz printsiplari buzildi. Urush yillari Qrim tatarlari, Volga bo‘yi nemislari, qalmoq, Kavkaz turkiy xalqlariga nisbatan zo‘ravonlik ishlatildi. «Do‘stlik», «baynalmilal» degan tushunchalar ham ko‘pincha bir yoqlama talqin etildi. Majlislarda ona tilimizda gapirishdan ham cho‘chidik.
Tasavvur eting — bir yig‘ilishda yuz kishi o‘tiribdi Ulardan faqat 5—6 kishigina o‘zbekchani tushunmaydi. Shunga qaramay majlis o‘zbek tilida olib borilmasdi.
Aslida hamma illat o‘zimizda. Ona tilimizni kamsitayotgan ham o‘zimiz. Ziyolilarimiz orasida shunaqa toifadagilari ham borki, oilada bolalari bilan o‘z tilida gapirishni ep qo‘rishmaydi. Bunday oilalarda ulg‘aygan bolalar ona tilimizni mensimaydigan, kamsitadigan bo‘lib o‘sishadi. Ular Ona tilimizni bilmasliklaridan mag‘rurlanishdan ham toymaydilar.
Holbuki, til xalqning ruhi, joni: xalqning xalq bo‘lib qolishi asosiy shartlaridan biri. Tilini yo‘qotgan xalq millatini ham, tarixi va madaniyatini ham yo‘qotishi turgan gap. Shu bois xalqimiz asrlar bo‘yi ona tilimiz ravnaqi yo‘lida mardonavor kurashib keldi. Ne-ne istilochilarning alangalarida yonsa-da, jonajon ona tilimizni saqlab qoldi va uni milliy madaniyatimizning eng qimmatli merosi sifatida bizga yetkazdi. Binobarin biz ham tilimizni ko‘z qorachig‘iday asrab, kelajak avlodlarga meros qoldirishimiz shart. Bu zimmamizdagi tarixiy burch, qarz! Buning uchun imkoniyatlarimiz yetarli.
Endilikda tilimiz, madaniyatimiz, xalqimiz taqdiri haqida jiddiy o‘ylaydigan, milliy g‘ururimizni qadrlaydigan zamon keldi. Qayta qurishning hayotbaxsh shabadasi o‘zining tarixiy mohiyati bilan bir butun sotsial inqilobga teng ulug‘vor ishlarni boshlab yubordi. Endi dardlarimizni ro‘y-rost aytaveraylik — o‘zbek tili davlat tili huquqiga ega bo‘lishi kerak. Tarixiy jarayon, qayta qurish — sotsial inqilobning bizga in’om etgan hukmi shu! Tilimizning huquqlari qonuniy kuchga kirmas ekan, milliy til erkinligi, tengligi haqidagi balandparvoz so‘zlar hech narsa bermaydi, shunchaki gapligicha qolaveradi.
Ikki tillilik haqida so‘z borganida, avvalo shuni aniqlab olish lozimki, ikki tillilikni ma’qullayotganlar rostdan ham tilimizning ravnaqini, siyosiy mavqeini amalda tiklashmoqchimi yoki xalqimizning taqdiriga aloqador juda o‘tkir bu muammoni shunchaki, xaspo‘shlab, hammasini avvalgiday qoldirish niyatidalarmi?
Ikki tillilik qonun kuchiga kirsa, tilimizning mavqei foydasiga nimalar o‘zgarishi mumkin? Pardozlamay, to‘g‘risini aytganda, bu hozirgi mavjud tilimiz maqeining aynan o‘zi, ya’ni o‘zbek tilini respublikamiz doirasida ikkinchi til bo‘lib qolaverishini qonunlashtirish emasmi? Davr ruhi, xalqimizning obro‘ e’tibori, tilimiz mavqei shuni taqozo etadimi?
Va nihoyat, o‘zbek tilining davlat tili huquqini olishini butun yozuv-chizuvlarimizning yoppasiga o‘zbek tiliga ko‘chishi deb talqin etish, masalani o‘rinsiz bo‘rttirib, hislarni qayrash emasmi?!
Shamol qaysi tomondan esishiga qarab odim tashlaydiganlar doim bo‘lgan, hozir ham bor. Ular hamma narsadan voz kechishlari mumkin, faqat bir narsadan — ta’magirlikdan aslo umid uzisholmaydi. Tilimiz taqdiri ham ular uchun ikkinchi darajali ish. Ularning mustaqil fikrlari yo‘q, faqat tarozining pallasini kuzatib turishadi. Xuddi shundaylarning qilmishi o‘laroq ona tilimiz uzoq yillar kamsitildi. Hatto, uni kundalik oddiy muomalalarimizdan ham siqib chiqara boshladik. Hozir «ruscha gapiring, o‘zbekchaga tushunmayman» deydiganlarni ham uchratib turamiz. Bu gapni boshqa millat kishisi gapirsa, alam qilmasdi. Afsuski, bu so‘zlarni cho‘ntagida «O‘zbek» degan pasporti bor kishilardan eshitish…
Til xalqning eng nodir boyligi, ruhi, qanotidir. Xalq nimaki yaratgan bo‘lsa, faqat ona tili tufayli muyassar bo‘lgan. Axir, Al-Xorazmiy «Al-jabr»ni arab tilida yoza turib, oldin o‘z ona tilida tafakkur yuritmadimikan?.. Foniy taxallusida ham jo‘shib asarlar yaratgan Navoiy oldin hammasiii o‘z ona tilida miyasida pishirib keyin forschaga ko‘chirmadimikan?..
Zero, qalbimizdagi hislarni, miyamizdagi fikrlarni biz avvalo ona tilimizda ifodalaymiz. Ona allasi jismimizga singgan soatlardan boshlab fikrlashga o‘rganamiz. Lekin, ming afsuski, hozirgi yosh onalarimizning aksariyati alla aytishni bilishmaydi. Qanday bid’at, qanday ko‘rgulik bu? Bu haqda Oydin Hojiyeva «Ruhimizga yong‘in tushmasin» degan maqolasida juda to‘g‘ri yozdi. Menimcha ham inson hayotidagi talaygina narsalar «Alla»dan boshlanadi. Ammo o‘zlari savodsiz bo‘lsa ham ertadan kechgacha alla aytib, beshikdagi go‘dagini erkalaydigan, aziz kishisidan judo bo‘lganida jild-jild kitoblarga teng mersiyalarni ayta oladigan onalarimiz qani? Nega endi ular yil sayin kamayib ketayotir? Hislarimiz nechuk bunchalik qashshoqlashib qolayotir? Hislar qashshoqligining ma’naviy qashshoqlikka daxli yo‘qmikan?..
Hislarga boy onalarimiz bo‘lmaganida Navoiy bizga nasib etarmidi? Ulug‘bekdek daho osmonimizni yoritarmidi? Shunday ona, momo «alla»larini, ertaklarini eshitmaganida Hamid Olimjondek iste’dod voyaga yetarmidi? Daholarning dunyoga kelishiga oddiygina «Alla» ham daxldor emasmikan?
Ona tili qudratli mo‘jiza — uni ardoqlamoq bizning farzandlik burchimiz. O‘zimiz ham ona tilimiz tufayli sanoqda bormiz. Ona tilimiz, san’atimiz nafosatidan zavq-shavqqa to‘lib-toshish baxtiga muyassar bo‘lolmaydigan kishilar haqida o‘ylaganingda ko‘z o‘ngiigda nihoyatda ma’naviy qashshoq, baxtsiz inson namoyon bo‘ladi..
Shaharlarimizni kezgan chet ellik sayyoh bog‘-xiyobonlarimizni, maydon ko‘chalarimizni ko‘rib «Evropaning biror shahriga kelib qoldimmi?» desa, hayratlanmang. Bizning tariximizga aloqasi bormi, yo‘qmi, qat’iy nazar, shaharlarimizda qanaqa nomlarni uchratmaysiz. Ammo, bu nomlar ichida xalqimizning keksa o‘tmishiga, grajdanlar urushi va sovet hokimiyati yillariga aloqador qahramonlarimizning, fan, madaniyat arboblarining nomlarini qariyb uchratmaysiz. Tarixiy joylarimizning nomlari ham, shaharlarimizning milliy qiyofasi ham yil sayin yo‘qolib borayotir. Bular ham tariximizga, milliy madaniyatmizga beparvoligimizning asoratidir.
Tilimizga beparvoligimiz yozuvimizda ham o‘z ifodasini topdi. Mening yoshimdagi avlod o‘z umrida uch marta savodsiz qoldi. Arab alifbosi — sal avval isloh qilingan o‘zbek arab alifbosi, lotin va nihoyat slavyan alifbosi.
Shubhasiz, arab alifbosidan voz kechish bizning milliy madaniyatimiz uchun og‘ir yo‘qotish bo‘ldi. Biz qariyb bir yarim ming yillik davrni ichiga olgan milliy boyligimizdan birdan mahrum bo‘ldik. Bu masalalar hal bo‘layotganida bizda milliy ong yetishmadi. Milliy ongni xalqqa tashiydigan ziyolilarimiz va xalq vakolatiga ega bo‘lgan kishilarimiz uzoqni ko‘risholmadi yoki «millatchi»ga chiqish xavfidan cho‘chishdi. Boshqalar o‘z milliy madaniyati haqida ro‘y-rost fikr bildirishga jur’at etishdi, biz jur’at etolmadik. Bundan tashqari, bizda donishmandlik ham yetishmadi. Xalqimiz yaratgan ne-ne asarlar gulxanlarda yondi, tuproq tagida, daryo, qo‘llar suvida chiridi. Bular milliy fojialarimiz.
Biz endilikda arab alifbosida yaratilgan ko‘p asrlik merosimizga ega bo‘lishni istaymiz. Faqat buning uchun mazkur alifboni mukammal egallashimiz lozim. Bu o‘rinda «Yana bir avlodni savodsiz koldirmaymizmi? Yetmish yillik merosimiz nima bo‘ladi?» degan shubha-gumonlarga, ikkilanishlarga hojat yo‘q. Biz savodsiz bo‘lib qolmaymiz. Rus alifbosida o‘qish-yozish huquqimizni hech kim chegaralamaydi. Yetmish yillik merosimiz ham o‘zimizniki, hech yerga ketmaydi. Biz faqat unutilgan ko‘p asrlik milliy boyligimizga ega bo‘lmoqchimiz, xolos. Bu tadbir madaniyatimizni yanada boyitadi, degan fikrdamiz.
Biroq bu yengil ish emas. Boz ustiga arab alifbosining lotin va rus alifbosiga nisbatan ancha murakkabligi, hagtto konservativligi ham bizni o‘ylatadi. Lekin bir narsani unutmaylmk. Gruzin, arman yozuvlari ham osonmas. Nega ular oson yo‘ldan ketishmadi? Sababi shundaki, bu qardoshlarimiz ko‘p asrlik milliy meroslaridan voz kechishni istashmadi. Biz esa yengil yo‘lni tanladik, oqibatda tubsiz g‘orga qulab tushganday bo‘ldik. Axir, hazilakam meros haqida so‘z ketayaptimi? Milliy madaniyatimiznang faxri bo‘lgan qancha-qancha daho asarlar shu alifboda yozilmaganmi?
Oddiy kishilarni qo‘ya turaylik, hatto, o‘z sohasining pirlari — matematiklar, fizik va astronomlar, mediklar, tarixchi va adabiyotshunoslar, adiblar, faylasuflar ham o‘tmish merosimizdan yaxshi xabardor emaslar. Shu boisdan Sharafiddin Ali Yazdiy, Abdurazzoq Samarqandiy, Mirxond, Xondamir, Abulg‘ozi Bahodirxonlardan qolgan qo‘lyozmalarni o‘qiy olmaymiz. Hatto Bedil, Alisher Navoiy bobolarimizni anglashimiz uchun bizga qo‘shimcha izohli lug‘atlar kerak. Qadimgi o‘zbek tilini umuman bilmaymiz. Bilish uchun urinayotganimiz ham yo‘q. Nashriyotlarimizda ming bir xil asarlar bosilayapti. Lekin tariximizga oid asarlarga navbat kelmayotir. Milliy merosimizning chang bosib yotishi faqat bizni emas, boshqa xalqlarni ham undan bebahra qilib qo‘ymayaptimi?
Aslida-ku, hech kim bizga «Alifbongdan voz kech!» deb tazyiq o‘tkazmagan. Uni o‘zimiz rad etganmiz va xotirasiz, milliy merossiz qashshoq olomonga aylanib qo‘ya qolganmiz. Xo‘sh, bu «himmat»imizni nima deb ta’riflash mumkin? Kaltabinlik debmi yoki o‘rinsiz hotamtoylik debmi? Biz loaqal ming ofatlardan saqlanib qolgan asarlarimizdan ham foydalanmayapmiz. Ular kutubxonalarda «fond»ligicha turibdi. Ularga «tishi o‘tadigan» keksa avlodlarimiz esa yil sayin siyraklashayotir. Afsuski, bu ahvol bizni tashvishga solmayotir.
Mana, bir misol: Samarqand Davlat dorilfununi kutubxonasining «Sharq qo‘lyozmalar fondi»da ajoyib tarixiy asarlar saqlanmoqda. Bu yerda o‘z ishini jon-dildan sevgan, na ilmiy darajasi, na unvoni bor — nuroniy otaxon Abduhamid Po‘lotiy ishlaydi. U shirimsuxan, doim chehrasi ochiq, bag‘ri keng, dilkash odam. Ba’zan suhbatini tusab oldiga kirib turaman. Fonddagi nodir qo‘lyozmalarning qariyb hammasi yagona nusxada. A. Po‘lotiy ularning talayginasini odamlardan sotib olib, gard yuqtmrmay ko‘z qorachig‘iday asrab kelayapti. Faqat uni bir savol iztirobga soladi. «Mendan keyin bu asarlarning holi nima kechadi», degan xayol mudom qiynaydi. Axir xavotirlanmay bo‘ladimi — qo‘lida shuncha bebaho boylik saqlansa-yu, foydalanadiganlar bo‘lmasa…
Bu ahvol faqat Samarqand Davlat dorilfununigagina xos bo‘lsa koshki edi…
Xo‘sh, nima qilmoq kerak? Eski alifboni o‘rganmasak, masalaning bu tomoni nima bo‘ladi? Asrlar davomida xalqimiz yaratgan milliy merosimizdan mahrum bo‘lib qolaveramizmi?
Arab alifbosi asosida maktab o‘quv programmalari butunlay qayta ko‘rib chiqilsa-chi? Ya’ni, o‘zbek o‘rta maktabini bitirgan har bir kishi bemalol arab alifbosida o‘qish, yozishni bilib, merosimizning egasi bo‘lsa-chi?
Rus alifbosi, rus tili madaniyatimizning ajralmas bo‘lagidir. Rus tili hamisha bir-birimizni anglatadigan xalqaro til bo‘lib qolaveradi. Bu tilni o‘rganaveramiz, shu alifboda yozaveramiz. U bizning hayotimizdan chiqib ketmaydi. Ayni paytda barchaning arab alifbosini egallashi biz uchun noma’lum bo‘lgan dunyo eshigini ochib qo‘ygan bo‘lur edi. Ko‘p asrlik milliy madaniyatimizning «fond»larda chang bosib yotgan xazinasiga haqiqiy ega, merosxo‘r topilardi. Buning ustiga madaniyatlarimiz, an’analarimiz bir-birlariga yaqin bo‘lgan, bir-birlarini boyitgan qadimgi Sharq madaniyatiga, Sharq xalqlari qalbiga sehrli kalit topgan bo‘lardik. Dunyoni idrok etish ufqlarimiz ham kengayardi.
Tabiiy, eski tilimizni o‘rganish yo o‘rganmaslik bu xalq irodasiga bog‘liq masala. Bunday katta ishni burungilarday ura-urasiga hal qilib bo‘lmaydi. Nimaga azmu qaror qilayotganimiz xalq ongiga borib yetishi kerak. Bu esa ziyolilarimizning, jamoat tashkilotlarining zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi.
Eng muhimi, qayta qurishni xalq hal etadi. Xalq taqdiriga daxldor masalalarni xalqning o‘ziga, irodasiga qo‘yib beraylik. Xalqimiz tarixiy jarayonda o‘zligini ko‘rsatishi uchun milliy ongimiz ham davr talablari darajasida bo‘lishi kerak. Buning uchun milliy ongni rivojlantirish, o‘z o‘zini anglash, qadrlash, qayta qurishda aktiv ishtirok etish lozim. Butun umidimiz shunda.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 26 may