G‘ulom Zafariy o‘zbek sovet adabiyotining yuzaga kelishiga, uning hayot talablariga ko‘ra davr kishilarining ma’naviy ehtiyojlarini qondirish ishiga munosib hissa qo‘shgan so‘z san’atkorlaridan biridir. Ijodini Ulug‘ Oktyabr g‘alabasigacha boshlagan bu adib she’r va piyesalarida davrning qoloq tomonlarini, ayniqsa, yoshlar hayotida uchrovchi g‘ayri axloqiy ko‘rinishlarni tanqid qilish orqali ta’limtarbiyaviy mavzularni olg‘a surdi.
G‘ulom Zafariy 1919 — 1921 yillarda Karl Marks nomli truppa bilan birgalikda Orenburg frontida, Buxoro va Samarqand shaharlarida o‘tgan ijodiy safarlarda qatnashdi va 1923 yili Moskvadagi o‘zbek bilim yurtida o‘qish sharafiga muyassar bo‘ldi. U poytaxtdan qaytgach, o‘qituvchilik qila boshladi, xalq ijodini, uning kuy-musiqasini to‘plashga qunt va chidam bilan kirishdi. Farg‘ona viloyatidan, Termiz va uning atrof joylaridan ko‘pgina rang-barang manbalar to‘pladi. Uning bunday zahmatli ishlaridan bir qismi Mashriq Yunusov (Elbek) bilan birgalikda «El adabiyotidan namunalar» oynaso‘zi ostida nashr etilgan «Ashulalar» (1925) to‘plamidir.
G‘ulom Zafariyning muhim va adabiyotimizda o‘chmas iz qoldirgan ijod qirralaridan biri uning dramaturgiyasidir. U dastlab davr talablariga mos tushadigan tashviqiy sajiya (xarakter)dagi jajji sahna asarlari yozishga va ularda zamonaning yetakchi g‘oyalarini ifodalashga alohida e’tibor berdi. Bu fikrning isbotini G‘ulom Zafariyning bolalarga bag‘ishlangan qator sahna asarlaridagina emas, balki kattalarga mo‘ljallangan sahna asarlarida va piyesalarida ham kuzatamiz. Shu maqsadda u yangi davr ruhiga mos, ma’naviy ehtiyojni qondirishga xizmat qiluvchi bir pardali operalar librettosi yaratish ustida alohida bosh qotirdi. Uning bunday asarlaridan biri «Yorqinoy» (1922) edi. Muallif uni bir pardali musiqali opera deb izohlaydi. Bundagi «musiqali» aniqlovchisi ortiqcha albatta. Ammo madaniyatimiz uchun mutlaqo yangi va Hamza tashabbuskor bo‘lgan opera namunalari yaratish sohasidagi intilishda yozuvchining davr talablariga hamnafas ijodkorlar safida borganligi qimmatlidir. Dramaturgning «Erk bolalari» (1922) nomli bir pardali musiqali opera librettosi ham yuqoridagi asar ruhiga yaqin. Unda yangi zamonada baxtga erishgan yigit qizlar quvonch shodiyonasi kuylanadi.
O‘zbek sovet adabiyoti va san’ati tarixida G‘ulom Zafariyning dramaturg sifatida tutgan o‘rnini belgilashda uning «Halima» musiqali dramasi alohida ahamiyatga molik. Bu asarning dastlabki nusxasi 1919 yilga mansubdir. Piyesa dastlab Karl Marks nomli truppa tomonidan 1920 yilning 14 sentyabrida tomoshabinlarga taqdim etilgan. Shundan keyin u uzoq vaqt boshqa teatrlarda hamda havaskorlik to‘garaklarida qo‘yildi. Uning xiyla mukammallashgan, jumhuriyat teatrlarida sahnaga qo‘yilib, xalqimiz orasida keng tarqalgan nusxasi 1926 yilga to‘g‘ri keladi.
G‘ulom Zafariy asarga maktabdalik chog‘idan bir-biriga muhabbat qo‘ygan ikki yoshning qismatiga daxldor hodisalarni asos qilib oladi. Kambag‘al kosibning o‘g‘li Ne’mat bilan uning seviklisi savdogar qizi Halima o‘rtasida eski urf-odat va iqtisodiy tengsizlik tufayli o‘tib bo‘lmas «xitoy devori» paydo bo‘ladi: Halimaning otasi sinib borayotgan savdogarlar vakili Muslim katta pul-qalin evaziga qizi Halimani kariya Ortiqboyga uzatishga qaror beradi. Muallif shu negizda yuz bergan fojiani ustalik bilan rivojlantiradi va sahna asari uchun zarur bo‘lgan keskinlikni, dramatik mohiyatli harakatni ta’minlay boradi. Buni birinchi parda so‘nggida Halimaning: «Ne’mat aka, so‘zim-so‘z, men sizdan ajralib, boshqaga o‘lsam ham tegmayman», deyishi bilan dramatik kolliziyaning qattiq tugilishidan boshlab kuzatamiz. O‘rtada yuz bergan keskinlik keyingi sahnalarda yanada zo‘rayadi. Bunday o‘rinlarda Halima o‘z ishqidan voz kechishni xayoliga keltirmaydigan sadoqatli ma’shuqa, adolatsizlik, erksizlik va tutqunlik iskanjasida ilojsiz fig‘on chekuvchi mas’uma ayol sifatida individuallashadi. Uning erkka erishuvi yo‘lida, dramatik harakatni kuchaytirishda Zokirning o‘z singlisi Halima tarafini olib, otasi istagiga norozilik bildirishi, onasi Roqiyaning shunday kayfiyatga moyilligi jiddiy turtki bo‘ladi. Biroq o‘z ahdida qat’iy turishiga qaramay, Halima uni qurshagan zolim muhit qarshiligiga dosh berolmaydi va Ortiqboy xonadoniga kelin bo‘lib tushgan kuniyoq o‘zini halok etadi — erk sari talpinish, chin sevgiga sadoqat tuyg‘usi o‘lim xavfidan ham ustun chiqadi. U sevgiga sadoqatli bo‘lganligi uchun shu yo‘lni tanlagan edi. Biroq sevgan yigiti Ne’mat sajiyasidagi tubanlikni alohida ta’kidlashga to‘g‘ri keladi. Ne’mat o‘z ishqi yo‘lida dadil harakat qilmaydi, adolatsizlikni la’natlashdan, zorlanib, ezilishdan nariga o‘tmaydi. U muhabbat dardida kasallikdan ozor chekib, sevgan yorini boylik evaziga tortib olishlaridan darg‘azab bo‘ladi, buning ijtimoiy boisiga tushunib yetmaydi, o‘z baxtsizligini boyning axloqidan — insofsizligidan deb biladi.
«Halima»ning teatr sahnalarida keng tomoshabinni o‘ziga jalb qilishi uning hayotiy zamini, realizmidan tashqari, yana ikki muhim alomat bilan aloqadordir. Birinchidan, muallif o‘zbek xalqining milliy-etnografik urf-odatlarini, kelin tushirishdagi rasm-rusumlarni, uning bilan bog‘liq dabdaba va chirkin ko‘rinishlarni chuqur va xalqchil yumor bilan sahnabop usulda yorqin gavdalantiradi. Ikkinchidan, G‘ulom Zafariy xalqimizning asriy an’anaga molik boy, kishi ruhining murakkab, xilma-xil va nozik kechinmalarini ifodalashga qodir rang-barang kuy-qo‘shiqlariga mos matn ijod qilgan va ularni butun drama syujetiga mohirona singdirib yuborgan. Shu ma’noda G‘ulom Zafariy bu asarida bastakor zimmasidagi vazifani ham sharaf bilan ado etgan. U ham dramaturg, ham bastakor sifatida «Halima» bilan san’atimizda musiqali drama janriga asos soldi. O‘zining g‘oyaviy-badiiy fazilatlari, dramatizmga boyligi, realistik kuchi jihatidan bu asar 1926 yildan M. Qoriyoqubov rahbarlik qilgan kontsert-etnografik truppa asosida tashkil etilgan musiqali teatr (1927) repertuaridan mustahkam o‘rin egalladi…
Tabiatan ko‘p qirrali ijodkor G‘ulom Zafariy o‘zbek sovet bolalar adabiyoti poydevoriga, xususan, dramaturgiyasiga asos solganlardandir. U ijodiy-tarbiyaviy sohaning bu muhim jabhasini jonlashtirishga qaratib, 20-yillarda bolalar uchun maxsus tashkil etilgan «Bolalar yo‘ldoshi» (1919), «Bolalar dunyosi» (1921), «Sharq chechagi» (1923) singari jurnallarda o‘nlab asarlari bilan faol qatnashdi. Uning «Bahor», «Binafsha» tipidagi bir pardali piyesalari dastlab shu jurnallarda bosildi. O‘zining «Ko‘klam tomoshalari» (1926) kitobi orqali adib 20-yillar boshlaridanoq go‘zal tabiat quchog‘ida yayrab, undan bahra olayotgan shartli romantik va realistik personajlar shodu hurramligini kuylash orqali bolalarni tabiat hodisalari bilan oshno qiladi. Adibning bolalar obrazini gavdalantirishga qaratilgan va alohida nashr etilgan piyesalaridan biri «Patimboy ota» (1926) ham bir ko‘rinishli bo‘lib, unda axloqiy-tarbiyaviy masala, chunonchi, birlashish, mehnatsevarlik, ko‘pdan — kollektivdan ajralmaslik ko‘nikmalarini yoshlikdan singdirish targ‘ib qilinadi. Ochig‘i, asarda maqsadni obrazli ifodalashga nisbatan uni illyustratsiya qilish, ramziy obrazlar vositasida ko‘rsatish kuchli. Lekin uning bolalarga bag‘ishlanganligini va yaratilgan davrini hisobga olsak, tarbiyaviy ahamiyati oydinlashadi. Yuqorida aytilganlarning o‘ziyoq G‘ulom Zafariy o‘zbek sovet bolalar adabiyotini boshlovchi, uning negizini yaratuvchi so‘z san’atkorlaridan biri bo‘lganligini tasdiqlaydi.
G‘ulom Zafariy ilmiy tadqiqotchi, teatr san’ati rivojiga munosib hissa qo‘shgan ajoyib adibdir. Uning boshiga shaxsga sig‘inish davri kulfat toshlari xiyla erta yog‘ildi. Uni dastlab 1923 yilda Irtish bo‘yidagi Tara shahriga surgun qilishdi. U 1934 yilda ozodlikka chiqib, qaytib keldi. Biroq 1937 yili quturgan stalinizmning mash’um bo‘roni uni qayta o‘z qa’riga tortib ketdi. 1944 yili uning vafot qilganligi to‘g‘risida Tara shahridan qayguli xabar keldi.
G‘ulom Zafariyning asarlarini topib, to‘plab, nashr ettirib, haqiqiy egalariga topshirish hozirgi avlod zimmasida uzilmagan qarz bo‘lib turibdi.
Berdiali Imomov, filologiya faplari doktori, professor.
«Guliston» jurnali, 1990 yil, 4-son