Inson bir umr o‘zi bilib bilmagan holda ertasidan nimadir kutib yashaydi. To tomirlarida qon qaynab turar ekan, bu umid uni tark etmaydi. Chin millat kishisi keng doirada mushohada yuritadi, o‘tmishiga suyanib, kelajagiga ishonib amaliya ko‘rsatadi.
Kechagina «zo‘rlik bilan qilinadigan zulm o‘rnini pora olgan, ijtimoiy xalqimizning eng asosiy vositasi qilich emas, pul bo‘lib qolgan» (Marks, Engels) bizning davrda bugun qayta qurish mevalariga haqiqat, adolat ziyolariga tashna millatimiz vakillari ona tilimiz taqdiri uchun kurashmoqdalar. Uning mustaqilligi uchun jon fido qilishga ham tayyor holatdalar. Zero, millatning millat sifatidagi birinchi alomati TIL! Buni Sharq fozilu donish — faylasuflari ham, G‘arb marksistlari ham birdek tan olishgan.
«Irqiy, qavmiy, jug‘rofiy, siyosiy, irodiy kuchlardan ustun keladigan va ularga hukm o‘tkazadigan, bizni millat so‘ziga bog‘lab turgan nadir?» — deb savol beradi buyuk shoir va olim Ziyo Ko‘kalp. Va bu savolga o‘zi shunday javob keltiradi: «Sotsiologiya ilmi shuni ta’kidlaydiki, bu bog‘lab turgan narsa — tarbiya, madaniyatda, ya’ni tuyg‘ularda ishtirok jarayonidir. Inson eng samimiy, eng ichki tuyg‘ularini pok tarbiya paytida oladi. To beshikda ekan, eshitgan allalari-la ona tilining ta’siri ostida o‘sadi. Natijada eng kuchli sevganimiz til — ona tilimizdir. Ruhimizga vujud bergan butun din, axloq va go‘zallikni o‘sha til vositasi-la olganmiz».
Millatning, xalqning kelajagi birinchi galda faqat ona tilga bog‘liqligini so‘zi boshqa, amaldagi ishi boshqa «mustabid shoh» I. V. Stalin ham rad etmaydi. U «Milliy masala va leninizm» asarida «… millionlarcha xalq ommasi madaniy, siyosiy va xo‘jalik taraqqiyoti bobida faqat ona tilida, milliy tilda yangidan-yangi muvaffaqiyatlarga erisha oladi», deb yozadi.
Tarixdan ayon: qancha-qancha millatlar yo‘qolib ketganlar. O‘tmishidan nom-nishon qolmagan. Bunday xalqlarning uzoqlarni ko‘zlagan hayotiy g‘oyalari bo‘lmagan, buyuk sarvarlari bo‘lmagan, hamjihatliklari, totuvliklari bo‘lmagan. Kuch esa hamisha birlikda! Kuch bir-birini izzat-hurmat qilishda, sevishda, xalq sifatida o‘zini tarbiyalab boraverishda! Kamolotga intilmagan xalq — xalq emas!
Albatta, men bu borada xalqning ma’naviy faoliyatini nazarda tutayapman. Qaysi bir xalq dunyodan yo‘qolib ketgan ekan, birinchi galda o‘sha xalqning ona tilisi yo‘qolgan!
Bunga misol tariqasida insoniyat tarixidan hozircha bizga ma’lum bo‘lgan eng qadimiy Shumer davlatini ko‘rsatish mumkin. Bu serquyosh o‘lka Mesopotamiya yerlarida joylashgan bo‘lib, Osiyoning ikki ulkan daryosi Dajla va Furotning suvi bilan ta’minlangan, unda olti ming yil avval qadimgi davrning buyuk tsivilizatsiyasi — Shumer davlati vujudga kelgan. Shumerlar tsivilizatsiyasi assiriylar, bobillar, okkadlar tsivilizatsiyasidan keksaroqdir, san’ati, adabiyoti, yunonlarnikidan qadimiyroqdir. Pifagor teoremasini shumer matematiklari o‘sha paytdayoq isbot qilgan.
Ana shu shumer xalqi tilidan bizga faqat «sopol kitob»larga bitilgan afsonaviy Nuh, aniqrog‘i, «Bibliya»dagi Nuh hamda Gilgamish haqidagi she’riy parchalargina yetib kelgan.
Turkiy, ya’ni hozirgi tilimizning qadimiyligi haqida ko‘p gapirib o‘tirmayman. Va lekin Qutayba bosqinlaridan keyin ona tilimiz kelajagi uchun kurashgan buyuk tilshunosimiz Mahmud Koshg‘ariy nomini eslamay o‘tish nojoizdir. «Xudo davlat quyoshini turklar burjida yaratdi. Falakni ham shular mulkiga moslab aylantirdi. Ularni turk deb atadi, mulkka ega qildi, ularni zamonamizning xoqonlari qilib ko‘tardi. Zamon ahlining ixtiyor jilovini shular qo‘liga topshirdi, xalqqa bosh qildi, bularni to‘g‘ri yo‘lga yurishga qodir qildi. Bularga qarashli kishilarni g‘olib qildi. Ularga qarashli kishilar maqsadlariga yetib, beboshlar halokatidan qutuldi. Ularning o‘qlaridan saqlanmoq uchun ularning xatti-harakatlarini mahkam tutmoq har bir aqlli kishiga loyiq va munosibdir. Bularga yaqin bo‘lish uchun eng asosiy yo‘l — ularning tillarida so‘zlashishdir, chunki ular bu tilda so‘zlashuvchilarga yaxshi quloq soladilar, o‘zlarini yaqin tutadilar, ularga zarar bermaydilar. Hatto ular o‘z panohida turgan boshqalarning gunohini ham kechib yuboradilar» («Devonu lug‘otit turk»dan).
Ammo «zamonamiz xoqonlari» bobolarimiz asrlar davomida o‘z xoqonlik-hukmronlik davronlarida arab imlosiga o‘tilgan ona tilimizni, ya’ni davlat tilini fors tiliga almashtirib, siyosat yurgizib keldilar. Natijada Yassaviy, Hofiz Xorazmiy, Lutfiy, Otoyining sof tilini forsiy, arabiy so‘zlar «egallab» bordi.
«Til — til arab ast, forsiy shakar ast, turkiy hunar ast» kabi iboralar ziyolilarning orasida matallashib ketishining boisi ham ana shundan. Buyuk Alisher Navoiyning ona tilimiz himoyasi «jangi»ga kirishining ham boisi ana shundan. Navoiy davrida fors tilida yozuvchilar shu darajaga yetdiki… «Har kiro dar dahon zabon boshad, Dar sanoi shohi jahon boshad», ya’ni «Og‘zida tili bor har bir kimsa jahon shohiga hamdu sano o‘qisin!» bo‘ldi.
Keyinroq Zahiriddin Bobur ona tilimiz sofligi uchun kurashga harakat boshladi, hatto qadimiy turkiy imlomizni keng joriy qilish uchun «Xatti Boburiy» degan asar ham yozdi, biroq uni ommaviylashtirolmadi.
Bugungi kunda adabiy jamoatchilik o‘rtasida gohi-gohida «tilimizni forschadan, arabchadan tozalash» haqida gap ketib qoladi. Ammo, mening nazarimda bu biryoqlama, xato qarashdir. Biz eski o‘zbek imlosiga qaytishimiz joizdir! «Biz tariximizdan uzilib qolgan xalqmiz… Hayotning pastu balandini tushunganimiz sari bu masala yuzaga chiqib qolayapti. U chuqurlashib boraveradi («Guliston», 1989 yil, 7-son.). Bitta Abu Rayhon Beruniy nomli Sharqshunoslik institutida to‘plangan qo‘lyozmalar hozirgi kunda 18 ming tomdan oshib ketibdi.
Til libosi — imlo! Tilimiz libosidan ayiruvchilar, ko‘pchilik ta’kidlaganidek, 30-yillarda paydo bo‘lgani yo‘q. Uning ildizi XIX asrning ikkinchi yarmidagi chor Rossiyasining Turkistondagi mustamlakachilik siyosatiga borib taqaladi.
O‘ttiz besh yil Turkistonda yashagan, Samarqandga gubernatorlik qilgan chor ma’muri N. S. Likoshin («Poljizni v Turkestane. Ocherki bыta tuzemnogo naseleniya». Sankt-Peterburg, 1917 g.)ning yozishicha, Turkistonning sobiq general-gubernatori baron Vrevskiy 1891 yil o‘lka viloyatlari harbiy gubernatorlariga yo‘llagan maxfiy xatida quyidagi ko‘rsatmani bergan: «…ishni, janoblar, shunday tashkil qilish payti keldiki, mahalliy xalq (tuzemtsы) rus va faqatgina rus maktabida ijtimoiy faoliyat va davlat xizmati uchun zarur bilimlar maskani va targ‘ibotchisi timsolini ko‘rishsin va ayni vaqtda an’anaviy maktab va madrasadan olgan bilimlarining hozirgi davlat va ijtimoiy tuzumga yaroqsizligini anglab yetishsin» (56—57-betlar). Qarangki, chor general-gubernatori tarixiy madaniyatimizni, ona tilimizda ta’lim olishni ochiqdan-ochiq ta’qiqlagan yoki milliy maktab-madrasalarni yopishni tavsiya qilmayapti, balki ularni faqatgina «ijtimoiy va ma’muriy faoliyatda keraksiz» qilib qo‘yishni maslahat beryapti. Yana shu yuqorida ko‘rsatilib o‘tilgan nashrda aytilishicha, N. P. Ostroumov tomonidan ishlab chiqilgan eski o‘zbek alifbosini kirill alifbosi bilan almashtirish plani bo‘lgan. Bu plan nimagadir o‘z paytida amalga oshirilmay qolgan.
Ammo «…mamlakatda ona tilida ko‘p maktablar ochish kerak, ularni ona tilini biladigan o‘qituvchi kadrlar bilan ta’minlash kerak», «…boshqaruv apparatlarining hammasini, partiya va kasaba soyuzlaridan tortib davlat va xo‘jalik apparatlarigacha milliylashtirish, ya’ni ularni tarkibi jihatidan milliy qilmoq kerak», «…ona tilida matbuotni, teatrlar, kino va boshqa madaniy muassasalarni ko‘paytirmoq kerak…», degan Stalin va u boshliq mahalliy «rahnamolar» uni ming libosda turlanib, boplab amalga oshirdilar. Bu siyosiy «o‘yin»lar oqimiga qarshi turganlarning taqdiri bugun barchaga ma’lum.
Darhaqiqat, millat tili rivoji — millat maorifining rivojidir. Maorif rivojisiz hech bir millat, hech bir davlat tub tayanchga, yashab qolishdek poydevorga ega bo‘lolmaydi!
Bizga ma’lumki, hozirgi kunda butun dunyo xalqgtari havas bilan (ba’zilari hasad bilan) qarab turgan Yaponiya XX asr boshida faqat maorif vositasi orqali oz fursatda ulkan yuksalishlarga erishdi. Bu yuksalishning asosiy boisi o‘zining barcha kuch-qudratini maorif sohasiga yo‘naltirganligidadir. Buni Turkiya misolida ham ko‘rishimiz mumkin.
Maorif rivoji esa, ayonki, o‘zligini tanishga, milliy madaniyatni, milliy sanoatni rivojlantirishga, Vatanning ishlab chiqarish quvvatini oshirishga, davlat harakatlarini xalq orzu-intilishlari, murod-maqsadlari bilan birlashtirishga olib keladi.
O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, to‘la ma’nodagi huquqsiz tilli xalqning kelajagi yo‘q! O‘zbeklarda «chirog‘i o‘chgan xalq» degan ibora bor. Zero, ona tilisiz xalq — chirog‘i o‘chgan xalq.
Bugun oshkoralik, qayta qurish zamonida ko‘p millatlar, tillar borasida ham «dohiy»ga murojaat qilmoqda: «Kimki millat va tillarning teng huquqliligini e’tirof etmasa va himoya qilmasa, har qanday milliy zulmga yoki teng huquqsizlikka qarshi kurashmasa, unday kishi marksist emas, unday kishi hatto demokrat ham emas!» («Milliy masala to‘g‘risida tanqidiy mulohazalar» maqolasidan).
Haqiqat ayon: o‘zbek tiliga davlat tili huquqi berilishi — zaruriyat!
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati», 1989 yil 15 sentyabr.