Alinazar Egamnazarov. Tirik yetimlar (1987)

«Hurmatli tahririyat! Yaqinda gazetadagi bir maqolani o‘qib, respublikamizda hozir 30 dan ortiq bolalar uyi borligini bildim. Men urushdan ancha keyin tug‘ilganman. Yoshim o‘ttizda. Lekin 1941—45 yillardagi urush davrida dushman vaqtincha bosib olgan shahar va qishloqlardan ota-onasiz qolgan o‘n minglab bolalar O‘zbekistonga ko‘chirib keltirilganligi, ular bu yerda tashkil etilgan o‘nlab bolalar uylaridan, mehri daryo o‘zbek oilalaridan panoh topganligini bilaman.

Reyxstag ustidagi G‘alabaning bayrog‘i hilpiray boshlaganiga yarim asrdan oshdi. Urush davrining bolalari allaqachonoq voyaga yetib, hayotda o‘z o‘rnini topib ketishdi. Hozir xalqimiz farovon turmush kechiryapti. Shunday sharoitda respublikamizda o‘nlab bolalar uylari borligi meni taajjubga solyapti. Norasidalar qanday qilib bu yerga kelib qolishgan?

Ma’murjon HAMROEV, Samarqand viloyati, Urgut tumani, «Haqiqat» jamoa xo‘jaligi».

Avvalo, bor haqiqatni ta’kidlab o‘tmoqchiman. Yetimlar hamma zamonlarda bo‘lgan. Ular kelgusida bo‘lmaydi, deb hech kim kafolat berolmaydi. Dunyoda har xil falokatlar, bevaqt o‘limlar, noahil oilalar, qolaversa, urushlar mavjud ekan, yetim bolalar paydo bo‘lishi ham muqarrardir. Bizningcha bu yerda yetimlarning qay darajada ko‘p yoki ozligi, ularga jamiyatning munosabati eng muhim masaladir. Masalan, yetimlarga munosabat masalasiga kelsak, u turli zamonlarda turlicha bo‘lgan.

Etimlik nimadir bizlardan so‘ra,
O‘ninchi yillarning sargardonligi…

Shoir G‘afur G‘ulomning mashhur she’ridagi bu satrlar asr boshidagi yetimlarning og‘ir qismatini yodga soladi. Darhaqiqat, eski mustamlaka Turkistonda ko‘chada qolayotgan ota-onasiz bolalar jamiyatning mushkul muammolaridan bo‘lgan. Yetimlik inson bolasining boshiga tushadigan eng og‘ir ko‘rgilik sanalgan.

Hozirgi G‘arb dunyosida ona va bolaga munosabat har vaqtdagidan ham ayanchliroqdir. U yerda fan-texnika taraqqiyoti ishsizlar armiyasining ko‘payishiga, insonning qadrsizlanishiga olib kelyapti. Bu hodisa, hech so‘zsiz, ona va bolaga munosabatda ham o‘z aksini topib, xor-zor, tashlandiq bolalarning ko‘payishiga keng yo‘l ochyapti.

Shu yil 5 aprelda Moskva televideniyesining «Xalqaro panorama» ko‘rsatuvida Amerikaning Nyu-Jersi shtatining Xakensak shahridagi sud jarayoni ko‘rsatildi. Mahalliy sud go‘dak tirnog‘iga zor bo‘lgan er-xotin Elizabet va Uilyam Sternlar bilan Meri Uaytxed o‘rtasida tuzilgan bitishuvni qonuniy deb tan olish haqida qaror chiqardi.

Voqea bunday bo‘lgandi. Muhtojlikda kun kechirayotgan Meri Uaytxed 1985 yilning fevral oyida Stern shahvatidan sun’iy ravishda homilador bo‘lishga rozi bo‘lib, ikki tomon o‘zaro shartnoma tuzgandi. Buning uchun ayolga pul to‘lash ko‘zda tutilgandi. Meri chaqaloqni «biologik» otasiga qaytarib berishi lozim edi. Oradan bir yil o‘tdi. Merining ko‘zi yorib, u jajjigina qizaloqli bo‘ldi. Onaning bolaga mehri tovlandi. Qizidan ajralolmasligini his qildi. Buni Sternlarga aytib, o‘ziga va’da qilingan puldan voz kechishini ma’lum qildi.

Sternlar esa ayolni sudga berishdi. Sud ishni Sternlar foydasiga hal qilib, bolani ularga olib berdi.

Katta shov-shuvga sabab bo‘lgan bu ishning huquqiy jihatlari atrofidagi tortishuv ancha vaqt davom etdi. Ko‘pchilik Xakensakdagi sud hukmidan norozi ekanligini aytdi. Advokatlarning fikricha, mazkur sud hukmi shu taxlitdagi bitishuvlarning qonuniyligini tasdiqlab, ayollarga bola olamga kelmasidan ilgariyoq undan voz kechish uchun majburiyat olishga ruxsat beradi, tashlandiq bolalarning yanada ko‘payishiga yo‘l ochadi.

Bizning jamiyatda esa ona bolasini yeotishi, ko‘chaga tashlab ketishi uchun hech bir moddiy va ijtimoiy asos yo‘q.

Jurnalxon M. Hamroyev o‘z maktubida o‘rtaga qo‘ygan masala xususida respublika Maorif vazirligining bolalar uylari boshqarmasida bo‘ldim. Boshqarma boshlig‘i M. Yunusova bilan bir soatdan ortiq gurunglashdim. Malika Qayumovna avval maktab-internatda tarbiyachilik qilgan. Keyin Maorif vazirligiga ishga o‘tgan. Hozirgi vazifasida ikki yildan beri ishlayapti. U suhbatimiz boshidayoq «juda zarur, g‘oyat dolzarb masala» bilan qiziqayotganligimni qayd etdi. Keyin ishidan «hasrat» qildi.

— Bilasizmi, ishim juda og‘ir, — dedi u. — Avvalo, kishining yuragi baquvvat, irodali bo‘lish kerak. Qo‘limdan o‘nlab delolar o‘tadi. Hozirgi to‘qlikdan tuyaning qorni yorilay deyayotgan zamonda ayanchli ahvolga tushib qolgan bolalarning qismati bilan tanishganimda ko‘zimga yosh keladi… Biz inson qo‘li bilan yaratilayotgan moddiy boyliklarni asrash-avaylash haqida va’zxonlik qilamiz, lekin tabiatning eng oliy mahsuli bo‘lgan inson taqdirini o‘ylamaymiz. Axir, bizning jamiyatimizda inson eng qimmatli sarmoya sanaladi-ku?! Nahotki hanuz bu haqiqatni tushunmagan kishilar bo‘lsa…

— Respublikada nechta bolalar uyi bor?

— 29 ta bolalar uyi, 5 ta maktab-internat, tarbiyasi buzilgan bolalar uchun 2 ta maxsus maktab bor. Bularda hozir 6500 dan ortiqroq bola tarbiyalanmoqda. Bundan tashqari, ota-onasining ichkilikbozligi oqibatida onasining qornidaligidayoq har xil jismoniy va ruhiy kasalliklarga chalingan go‘daklar va bolalar tarbiyalanadigan o‘nga yaqin bolalar uyi bor. Bu uylarda tarbiyalanadigan bolalarni ham yetim hisoblash mumkin. Ular umr bo‘yi davlat qaramog‘ida bo‘ladilar.

— Malika Qayumovna, hozirgi bolalar uylari va maktab-internatlarda tarbiyalanayotganlar qanday qilib bu yerlarga kelib qolishadi?

— Lev Tolstoy: «Baxtli oilalarning hammasi bir-biriga o‘xshaydi, baxtsiz oilalarning esa har biri o‘zicha baxtsizdir»,— degan. Men hozirgi bolalar uylarida bo‘lib, ularda tarbiyalanayotgan norasidalar taqdiri bilan qiziqqanimda ko‘pnncha shu so‘zlar yodimga keladi. Ularning qismati turlicha, har biri o‘zicha baxtsiz.

Hozirgi bolalar uylariga ota-onasi vafot etganligi sababli kelib qolgan bolalar bor. Ammo ular ko‘pchilikni tashkil etishmaydi. Asosiy qismini nikohsiz tug‘ilgan, onasi tug‘ruqxonalarga tashlab ketgan, nototuv, ma’naviy yuztuban ketgan oilalarda tarbiyalanib, turli yo‘sinda oilasini tark etgan bolalar tashkil etadi.

Bolalar uylaridagi har bir bolaning oilasidan bolalar uyiga kelguncha bo‘lgan hayoti butun bir dramadir. Avval bola uyidan qochib ketadi, yerto‘lalarda, tomlarda, vokzallarda yotib yuradi. Keyin uni militsiya xodimlari ovora-sarson bo‘lib, qidirib topishadi. Yoki ba’zida oiladagi bolaning nochor ahvoli haqida tegishli tashkilotlarga qo‘ni-qo‘shnilar xabar berishadi. Tekshirilganida faktlar tasdiqlanadi. Keyin bolaning taqdiri masalasi tuman ijroiya komiteti qoshidagi maxsus komissiyada ko‘rib chiqilgach, zarur hujjatlar tayyorlanib, bola bolalar uyiga topshiriladi. Bunday bolaning ota-onasini xalq sudi ota-onalik huquqidan mahrum qiladi. Ba’zilari ota-onalik huquqidan o‘z ixtiyorlari bilan voz kechishadi. Bunday kishilar davlatga ma’lum miqdorda nafaqa to‘lab turadilar.

Kakkuning qiziq odati bor. U boshqa qushlarning uyasida jo‘ja ochadi. Jo‘jalari tuxumni yorib chiqqach, uyani tark etadi. Jo‘jalarni uyaning egasi bo‘lgan qush boqib, uchirma qiladi. Kakkuda aql yo‘q. Ammo million yillik evolyutsiya mobaynida unda jo‘jalari och qolib, halok bo‘lmasligini sezadigan instinkt shakllangan. Hozirgi ayrim yengiltak ayollar esa o‘z qilmishlari bilan mana shu qushdan ham past turadilar…

1985 yil 7 fevral kuni ertalab qattiq sovuq edi. Yomg‘ir aralash yog‘ayotgan qor yuzga tikandek urilayotgandi. Toshkent shahar Sobir Rahimov tumani Katta Olmazor ko‘chasidagi ko‘pqavatli uylardan birida istiqomat qiluvchi bir ayol qo‘lida bir chelak axlat bilan tashqariga chiqdi. Ko‘chani kesib o‘tib, katta ko‘prik yonidagi axlat qutisiga axlat ag‘darmoqchi bo‘ldi. Shunda quti ichida eski lattaga o‘rog‘liq bir narsa qimirlayotganiga e’tibor berdi. Lattani ko‘tarib qarasa, ichidagi chaqaloq ekan. Ayol bolani uyiga olib kirdi. Bechora go‘dakning hali kindigi ham kesilmagan ekan. Darhol militsiyaga xabar berdi, qo‘ni-qo‘shnilarni chaqirib chiqdi. Tez vaqtda militsiya xodimlari yetib kelishdi, akt qilib, go‘dakni yaqin joydagi tug‘ruqxonaga olib ketishdi. U yerda bir oy ona suti bilan boqilgach, zarur hujjatlari rasmiylashtirilib, Chilonzordagi go‘daklar tarbiyalanadigan bolalar uyiga topshirildi.

1984 yilning mart oyida Toshkentdagi «Xalqlar do‘stligi» ko‘chasida, «O‘zbekbirlashuv» binosi ro‘parasidagi bekatda yo‘lovchilar egasiz katta ro‘zg‘or sumkasi turganligiga, ichida nimadir qimirlayotganligiga e’tibor berishdi. Sumkani ochib qarashsa, eski lattaga o‘rog‘lik egiz chaqaloqlar ekan. Yo‘lovchilar militsiyaga xabar berib, akt tuzishdi. Bolalarni shahardagi tug‘ruqxonalardan biriga olib ketishdi.

Toshkent shahar sog‘liqni saqlash Bosh boshqarmasi bolalik bo‘limining mudiri Maya Muhamedovna Yo‘ldoshevaning aytishiga qaraganda, respublikamiz poytaxtida hozir 12 ta tug‘ruqxona bor ekan. Bu tug‘ruqxonalarda har yili ayolllar o‘rtacha 200-250 taga yaqin bolani davlat ixtiyoriga tashlab ketisharkan. Bundan tashqari, 25-30 nafar bolani (uch yoshgacha bo‘lgan bolalar nazarda tutilyapti) ko‘chalarga tashlab ketishadi. Shunday hollar bo‘ladiki, kechqurun ayol tug‘ruqxonaga dard tutib keladi. Anketaga ism-familiyasini ham, adresini ham noto‘g‘ri yozdiradi. Eson-omon qutulgach, ertalab ko‘zni shamg‘alat qilib, qochib ketadi. Ba’zi ayollar tug‘ruqxonaga kelganlarida g‘irt mast bo‘ladilar. Bolani tuqqach, bosh shifokor xonasida lablariga sigaret qistirgancha, yurist-konsultant guvohligida boladan voz kechish haqida tilxat yozishadi.

— Hayotda bola tirnog‘iga zor bo‘lgan oilalar bor. Biz bu go‘daklarning asosiy qismini o‘shalarga beramiz,— dedi Maya Muhamedovna. — Aks holda, hammayoqni bolalar uyi bosib ketgan bo‘lardi.

Xo‘sh, ayol uchun yorug‘ dunyodagi eng muqaddas vazifa — onalik burchini bajarishdan bosh tortayotganlar kimlar ekan? Bularning bir toifasi insoniy muhabbatga o‘ta yengiltaklik bilan munosabatda bo‘lib, aldanganidan keyin ko‘zyosh qiladigan nodon qizlardir. Ikkinchi toifasi onalik burchidan umri qisqa kayfu safoni, shaxsiy farog‘atni ustun qo‘yadigan kaltabin, meshchan ayollardir. Uchinchi toifasi buzuqlikni kasb qilib olgan ayollardir. Bundaylar bolasining otasi kim ekanligini ham aytib berolmaydilar.

Bu ayollar boladan voz kechish haqida tilxat yozayotganlarida nimalarni bahona qiladilar? Masalan, aldangan talaba qizlar isnodga qolishlarini, bebaxtbo‘lishlarini, o‘qishlarini bitirolmasliklarini aytishadi. Ikkinchi toifasi kvartirasi yo‘qligini, yolg‘iz qo‘lligini, ham ishlab, ham bola tarbiyalash og‘irligini ro‘kach qiladi. Uchinchi toifasi dangaliga ko‘chib, bolasiz yashash yaxshiligini, yoshligida o‘ynab qolishni xohlashini aytadi.

Tug‘ruqxonalarda esa onaning ra’yiga qarab ish tutishadi. Chaqalog‘ini tashlab ketishni istovchilarga monelik ko‘rsatishmaydi. Ayolning qilmishi sir saqlanadi. Bu qonunda ko‘zda tutilgan. Afsuski, ayrim yoshlar davlatimizning chuqur insonparvarlik ruhi bilan sug‘orilgan mana shu qonun-qoidalaridan bexabarliklari oqibatida yoki xabardor bo‘lsalar ham, o‘zlaricha iz qoldirmaslik maqsadida, jinoyat yo‘liga qadam qo‘yadilar. Yengiltakliklari oqibatida dunyoga kelgan go‘dakning taqdiriga loqayd qaraydilar.

Men ilgari fabrika direktori bo‘lib ishlaydigan bir erkakshoda ayolni ko‘rgandim. Yonidagi xodimlari uni ta’riflab: «Bu kishi bizning opamiz emas, «akamiz», — deyishgan edi. Darvoqe, bu ayolning butun xatti-harakati, gap-so‘zlari erkakcha edi. U hatto, qo‘l ostidagi xodimlarni koyiganda ham xona eshigini ichidan qulflab, erkakchasiga so‘karkan. Men shu ayolni ta’riflagan kishidan: «Akang»lar oilasida o‘zini qanday tutadi?» — deb so‘radim. U: «Voy, qo‘yaverasiz, eri bechorani tokchaga o‘tqazib qo‘yadi. Bu er, u xotin», — dedi. Men shunda beixtiyor shu ayolning qo‘lida o‘sgan bolalar qanday odamlar bo‘lib yetishar ekan-a, deb o‘ylab qoldim.

Hadisda: «Olloh ayollarga taqlid qiladigan erkaklarni va erkaklarga taqlid qiladigan ayollarni la’natlaydi», — deyilgan.

Xo‘sh, bizda erkakshoda, oiladan birmuncha uzoqlashgan, ayolga Olloh ato etgan burch va vazifani unutgan, farzandlarini ona mehridan bebahra qiladigan ayollar qanday paydo bo‘ldi? Nega bugungi kun ayoli ham iqtisodiy jihatdan, ham shuuri bilan ko‘chadagi ishga bog‘lab tashlangan? Nega ko‘chadagi mehnat — ijtimoiy mehnat bo‘ladi-yu, uyda farzandlar tarbiyasi bilan shug‘ullanish ikkinchi darajalp ish bo‘lib qoldi? Nega bugungi kunda uyida bolalarini gulday qilib o‘stirgan, oqshom turmush o‘rtog‘ini gulday ochilib qarshi oladigan ayollar tobora kamaymoqda? Nega ayollarimiz na idora ishini, na uy ishini eplay olmay, «ikki olam ovorasi» bo‘lib qoldilar? Aslida bu ham xotin-qizlarni «to‘rt devor orasidan» olib chiqishga ahd qilgan chalasavod bolsheviklar pala-partish qilgan ishlarning achchiq mevalaridandir, deyish mumkin.

«Xotin-qizlarni ijtimoiy muhofaza etish, ularning haq-huquqlarini belgilab, erkaklar bilan teng huquqli qilish muammosi ko‘p asrlardan beri insoniyatning diqqat markazida bo‘lgan, ammo hamon o‘z yechimini topa olmayotgan o‘tkir muammolardandir, — dedi biz bilan suhbatda faylasuf olima Hafiza Nasrullayeva, — Kommunistlar bu muammoni bir zarb bilan hal qilmoqchi bo‘ldilar. Ya’ni xususiy mulkchilikka barham berib, mamlakat barcha fuqarolarining haq-huquqlarini tenglashtirish bilan o‘z-o‘zidan xotin-qizlar ozodligi ham ta’minlanishini ta’kidladilar. Darhaqiqat, mulkning umumiyligi mehnatning umumiyligini taqozo etadi. Ya’ni unda ayol va erkak huquqi teng bo‘lishi kerak. Kommunistlar qurgan «kazarma sotsializmi»da shunday bo‘ldi ham. Bunda ayollar «ijtimoiy foydali mehnat»ga tortildi-ku, lekin unga tabiat tomonidan ato etilgan burch, ya’ni oila, bola tarbiyasi ikkinchi darajali ish bo‘lib qoldi. Nikohning muqaddasligini unutgan ayollar ko‘paydi…

20-yillarda o‘tkazilgan, qonli voqealarga boy bo‘lganligi bilan odamlar xotirasida mudhish taassurotlar qoldirgan «Hujum» kampaniyasi ostida xotin-qizlar taqdirlariga emas, balki o‘zbek xalqining madaniyatiga, diniga, an’analariga, udumlariga hujum qilindi. Bu hujum Turkiston xalqlari taqdirida ma’lum bir muddatda emas, balki turli shakl va ko‘rinishlarda Sho‘ro hukumatining dastlabki davridan so‘nggi kunlarigacha davom etib qeldi, deyish mumkin».

Hozir aholisi 2 milliondan ziyod bo‘lgan Toshkentda 4 ta bolalar uyi (etimxona) bor. 30-yillarda aholisi 500 mingga yetar-etmas bo‘lgan Toshkentning o‘zida 30 ta bolalar uyi bo‘lgan. Bu bolalar uylarida tarbiyalanganlar qanday insonlarning farzandlari edi? Ular aksariyat «Hujum» kampaniyasida, qishloq xo‘jaligini zo‘rlik bilan jamoalashtirish oqibatida 1932—33 yillarda yuz bergan dahshatli qahatchilikda halok bo‘lgan yoki Sho‘ro davlatining‘ dushmani sifatida qatag‘on qilingan kishilarning farzandlari edi.

Darhaqiqat, keyingi davrda ayol kishining jamiyatdagi erkini boshqacha tushunadigan, «erkakchasiga» yurgish-turishga havas qiladigan ayollar paydo bo‘layotganligi ham sir emas. Bunday havasmandlik aslida oilani barbod qiladigan, bolalarni tirik yetimga aylantiradigan, ayol hayotini ma’nosiz, puch bir narsadan iborat qilib qo‘yadigan o‘ta xavfli yo‘ldir. Bunday xotin-qizlar aroq ichib, sigaret chekadilar… Turmushga chiqqach esa, erkak kishining yelkasiga minib olishga harakat qiladilar. Iloji bo‘lsa eri sochlarigacha tarab, jamalak qilib qo‘ysa… Bola esa bunday ayollar uchun ortiqcha yuk. Ularning «yashab qolishlari»ga, maishat qilishlariga xalaqit beradi.

1984 yilda Gorkiy shahridagi universitetda o‘qiydigan 200 talaba qiz bilan psixologlar savol-javob o‘tkazishgan. Savol-javob mobaynida bu qizlarning 15 foizi erkakcha kiyinishga ishqiboz ekanligi, 29 foizi ayollarday kiyinishni xohlashi ma’lum bo‘ldi. Ikki qutbni tashkil etgan bu guruhlar solishtirilgayda, shim kiyib yurishga ishqiboz qizlar orasida bolalarni sevadiganlari ikki baravar kam, bolasiz oila qurishni istovchilar esa ikki baravar ko‘pligi ma’lum bo‘ldi. Ular o‘rtasida kashandalar to‘rt baravar ko‘p, bo‘ydoq yigitlar bilan ulfatchilik qilib, beg‘am, betashvish vaqt o‘tkazishni istovchilar esa yetti baravar ko‘p ekan.

Bu yerda asosiy maqsad qanday kiyinishda emas. Did haqida bahslashib bo‘lmaydi. Eng muhimi, bolalarga mehr-shafqatli, iboli, sharmu hayoli qizlarni tarbiyalashda. Chunki, bola — nihol. U mehr-shafqatga, e’tiborga muhtoj. Bunday fazilatlar birinchi navbatda onada bo‘lishi kerak. Ona bolaga eng yaqin inson, oilaning charog‘boni sanaladi.

Ming afsuski, hozirgi qizlarimiz orasida erkakcha kiyinish ham mayliku-ya, hatto karate tushadiganlarini ham ko‘rish mumkin. Men shunday qizlarda tuqqan farzandlariga nisbatan kuchli onalik mehri bo‘lishiga kam ishonaman. Bunday qizlar ko‘proq hissiz, berahm onalar bo‘lishadi. Aynan shundaylar «sho‘xlik qilib qo‘ygach», chaqalog‘ini axlat qutisiga tashlab ketishdan toyishmaydi.

Toshkent shahridagi 21-bolalar uyida 160 bola tarbiyalanadi. Bu bolalar uyiga tajribali pedagog Nuriddin Ibrohimov direktorlik qiladi. Shu kishi bilan dastlab uchrashib, suhbatlashganimda:

— Ishingiz qiyin emasmi?—deb so‘radim. U:

— Oson tomoni ham bor, qiyin tomoni ham bor,— dedi

— Masalan?

— Osonligi shundaki, biz pedagoglarmiz, tarbiyasi har qancha ishdan chiqqan bola bo‘lsa ham uning qalbiga yo‘l topishga, to‘g‘ri yo‘lga solishga harakat qilamiz. Aksariyat bunga muvaffaq bo‘lamiz ham. Bizni faqat ota-onalar qiynaydi. Bu o‘rinda ba’zida eng yaxshi pedagogik metodlar ham ish bermaydi.

— Yaqinda xonamga bir juvon kirib keldi, — deb hikoyasini davom etkazdi direktor. — Ustiga Belgiya paltosini kiygan, qulog‘ida qimmatbaho taqinchoq, barmoqlariga brilliant uzuklar taqqan, savlatidan ot hurkiydi. U bizda tarbiyalanayotgan bir bolaning onasi edi, bir yildan beri qorasini ko‘rsatmasdi. Ayolning salomiga alik olgach, nima ishi borligini so‘radim.

— Mening o‘g‘lim shu yerda tarbiyalanyapti. Bolam borligi haqida ma’lumotnoma bersangiz.

— Ma’lumotnoma nima uchun zarur bo‘lib qoldi?

— Kvartiramni kengaytirmoqchiman. Tuman ijroiya komitetining kvartira bo‘limidan talab qilishyapti.

— Bolangizni bir yilda bir marta kelib ko‘rishga yaramayapsiz. Yangi uy olmoqchi bo‘lganingizda bola yodingizga tushdimi? Uni siz emas, davlat tarbiyalayapti. Sizga ma’lumotnoma yo‘q, chiqing xonadan!

Ayol tarsaki yegan kissavurday bo‘lib chiqib ketdi.

Ota-onalarning boshqa bir toifasi shanba, yakshanba kunlari ichib, mast bo‘lib olishgach, tosh yuraklari «erib», farzandlari yodlariga tusharkan. Bolalar uyiga kelib, bolamni beringlar, deb xarxasha qilisharkan. Tarbiyachilar qarshilik ko‘rsatishsa, ularni so‘kib, haqoratlashar ekan.

— Ba’zan soppa-sog‘ kelib, bolalariga ikki kunga uyga borishiga ruxsat berishni iltimos qilishadi — deydi Nuriddin Muhitdinovich. — Biz rozi bo‘lamiz. Ammo ikki kun o‘tgach, qaraysizki, bola kelmaydi. Uyiga qidirib borsangiz, ona g‘irt mast bo‘lib yotgan bo‘ladi, bola esa magazinga shisha topshirgani yoqi sigaret keltirgani ketgan bo‘ladi.

21-bolalar uyida bundan to‘rt-besh yil burun Samad va Shavkat degan bolalar tarbiyalanib ketishdi. Hozir ular hunar-texnika bilim yurtini tamomlab, shahardagi qurilish tashkilotlaridan birida montajchi bo‘lib ishlashyapti. Ularning otasi yo‘q, onasi qamoqda. Bolalari 21-bolalar uyidaligi paytida ona o‘g‘illariga ikki-uch marta xat yozdi. Tarbiyachilarning da’vatiga qaramay, Samad onasiga javob yozmadi. Shundan keyin ona shahar xalq maorifi Bosh boshqarmasiga shikoyat xati yozdi. Maorif boshqarmasi yo‘riqchisi xatni ko‘tarnb kelib qoldi. Nuriddin Muhitdinovich Samadni xonasiga chaqirib, yo‘riqchi oldida u bilan jiddiy gaplashdi.

— Samadjon, mana ko‘rdingmi, sening loqaydliging butun jamoaning obro‘sini to‘kyapti. Onang bizning ustimizdan yuqori tashkilotga shikoyat yozibdi. Nega unga xat yozmaysan, ayt hozir ochig‘ini?

Bola oyog‘i bilan yer chizib, bir oz sukut saqladi. Keyin uning ko‘zlaridan duvillab yosh oqib ketdi.

— Nega yig‘layapsan? Nima bo‘lgan o‘zi?

— Qanday qilib bunday onani eslash mumkin? U ukam ikkimizda yomon xotiralar qoldirgan.

— Nechun?

— O‘shanda men to‘qqiz yashar, ukam yetti yashar edik. Onam bilan Chilonzordagi kvartiramizda yashardik. Qish kunida, kechasi yigirma gradus sovuqda onam ukam ikkimizni ko‘chaga chiqarib qo‘yib, begona kishi bilan…

— Ota-ona qanday bo‘lmasin, uni hurmatlash farzandning burchi sanaladi. Sen bari bir onangga xat yozishing kerak. Bizni hurmat qilsdng, shunday qilasan.

Shundan deyin Samad noiloj onasiga xat yozdi.

21-bolalar uyida yana Alyosha Fyodorov degan bola tarbiyalangan. Hozir u Toshkentdagi Yosh tomoshabinlar teatrida elektrik bo‘lib ishlayapti. Kunlarning birida Alyoshaning onasi kelib, pasportini garovga qo‘yib, o‘g‘lini bir oyga Chorjo‘yga olib ketdi. Oradan bir yarim oy o‘tgach, bola asabiy bo‘lib qaytib keldi. Tarbiyachilar ancha vaqtgacha uni o‘ziga keltirolmay yurishdi. Oradan besh-olti oy o‘tgach, onasi vafot etganligi haqida habar keldi. Ayolning pasporti bolalar uyida qoldi. Alyoshaning bolalar uyidan ketganiga besh-olti yil bo‘ldi. Bu orada u hunar-texnika bilim yurtini tamomladi. Armiya safida xizmat qilib keldi. Ammo bolalar uyini unutgani yo‘q, ora-sira kelib turadi. Alyosha dastlab bir-ikki kelganida tarbiyachilar onasining pasportini esdalik uchun olib ketishni taklif etishdi. U esa ko‘nmadi: «Onamning yomon hunarlarini shu darajada ko‘p ko‘rganmanki, ularni hali-veri unutolmasam kerak. Unutganimdan so‘ng olib ketaman, hozircha pasport shu yerda tursin», — dedi.

Bizningcha, Alyosha bu xotiralarni unutishi qiyin. Chunki bolalik xotirasi xuddi toshga bitilgan yozuv singaridir.

Respublika Maorif vazirligining xodimi A. Ablyatipov bir voqeani gapirib berdi. Bundan ikki yil muqaddam u Toshkent shahar Yakkasaroy tuman maorif bo‘limida bolalikni himoya qilish bo‘yicha yo‘riqchi bo‘lib ishlayotganida Bogdan Xmelnitskiy ko‘chasidagi 67-uyda yashovchi G. Muslimova degan ayol onalik huquqidan mahrum qilingan ekan. Bu ayolning muntazam ichkilikbozlik bilan shug‘ullanib, ikki yosh qiziga qaramay qo‘yganligi haqida qo‘ni-qo‘shnilari xabar berishgan edi. Tekshirishda faktlar tasdiqlandi. Masalani tuman ijroiya qo‘mitasi komissiyasi ko‘rib chiqqach, biri o‘n bir, ikkinchisi sakkiz yoshli qizlarni bolalar uyiga topshirishga qaror qilindi. Xalq sudi G. Muslimovani onalik huquqidan mahrum etdi.

— Shundan keyin uchastka yo‘riqchisi bilan ayolning kvartirasiga bordik, — deb hikoya qiladi Aydar Ablyatipov. — Qish, havo sovuq edi. Qizlar esa kvartirada yarim yalang‘och yurishardi.

— Qizlarning kiyimlari qani?—deb so‘radik onadan.

— Yuvganman, batareyaning ustiga quritish uchun yoyib qo‘ydim.

— Boshqa kiyimlari yo‘qmi?

— Yo‘q.

Biz qo‘shnilardan iltimos qildik. Ular bolalarining eski-tuski kiyimlaridan berishdi. Qizlarni kiyintirgach, bundan buyon ular bolalar uylarida yashashlarini aytdik. Norastalar indashmadi. Faqat sakkiz yashar qiz uyidan chiqib ketayotib, kichkina kuchugini qo‘ltiqlab oldi. Men:

— Qizim, kuchugingni tashlab ket, endi bu yerga kelmaysan,— dedim. U esa:

— Yo‘q, amaki, kuchugimni bu yerda qoldirib bo‘lmaydi. Anavi hamma narsamizni sotib ichdi. Endi itni ham sotadi, — dedi onasini ko‘rsatib.

Bizning ko‘zlarimizga yosh keldi.

* * *

Biz bu yerda ota-onasi ma’naviy yuztuban ketganligi oqibatida tirik yetimga aylanib, davlat muassasalarida tarbiyalanayotgan bolalar taqdiri haqida so‘z yuritdik. Ammo hali qismat yetimxona eshigiga yetaklab kelmagan, ota-onasi ajrashib ketganligi oqibatida tirik yetim bo‘lib qolayotganlar nechta ekan? Toshkent shahar ZAGS byurosida bizga ma’lum qilishlaricha, faqat 1986 yilning o‘zida shaharda 7395 oila ajralishibdi. Agar bu oilalarda o‘rtacha bitta-ikkitadan bola bor edi, deb faraz qilsak, 10 mingdan ortiq bola tirik yetim bo‘lib qoldi degan so‘z. Endi butun respublika miqyosida qancha shahar va tuman borligini, ularda har yili qancha bola tirik yetim bo‘lib qolishini tasavvur etish qiyin emas.

Xo‘sh, xalq sudlari ajralish haqida ariza bergan oilalarni yarashtirish uchun harakat qilishadimi? Harakat qilishadi, hatto o‘ylab ko‘rish uchun ikki-uch marta muhlat ham berishadi. Afsuski, aksariyat hollarda bu urinish behuda ketadi.

— Sud paytida har ikki tomonning yaqinlari qatnashadi. Bolalarni ham olib kelishadi,— deb hikoya qildi bizga Sobir Rahimov tuman xalq sudining sudyasi Muxtabar Hoshimova. — Har ikki tomon arzimagan lattani talashib, dahanaki jang qilayotganida ota-onasiga javdirab qarab turgan jajji bolalarni ko‘rganingizda rahmingiz keladi. Beixtiyor: «Hey, noinsoflar, nega burgaga achchiq qilib ko‘rpaga o‘t qo‘yasizlar? Bolalarda nima gunoh, ular otasiz yoki onasiz bo‘lib» o‘ksinib yashash uchun dunyoga kelmagan-ku?»— deb yuborging keladi. Ammo bu paytda ota-ona ko‘ziga bola emas, latta ko‘rinadi.

Odatda er-xotin ajralishganidan keyin har bir ota, agar u otalik huquqidan mahrum etilmagan bo‘lsa, o‘z farzandini ko‘rib turish huquqiga ega. Bu ayni paytda bolaning ham huquqidir. Ayrim onalar farzandlarini mana shu huquqdan ham mahrum qilishadi. Avvalo, bolaning qulog‘iga otasining «yaramasligi», «iflosligi» haqidagi bo‘htonlarni quyadi. Tabiiyki, yosh bola bu so‘zlarga ishonadi. Otasini ko‘rsa qochadigan bo‘ladi. Ona bu bilan ham kifoyalanmaydi. Bolasi qatnaydigan bog‘chaga, maktabga borib tarbiyachilarga, o‘qituvchilarga mabodo otasi kelsa bolani ko‘rsatmanglar, deb tayinlab qo‘yadi. Shu yo‘sinda bola bir umr o‘z otasiga begona bo‘lib ketadi.

1983 yilda Chirchiq shahrida 300 taga yaqin oila ajralishgan. Bularning asosiy qismi endigina 4—5 yil turmush qurgan yosh, mustaqil oilalar bo‘lgan. Mutaxassislar o‘rganishganida mazkur oilalarning 35—40 foizi bitta bolali bo‘lgunicha yaxshi yashab, keyin o‘rtada nizo chiqib, ajralishgani ma’lum bo‘lgan. Yana 30 foiz oilaning ajralishiga ichkilikbozlik sabab bo‘lgan. 20—25 foiz oila esa er va xotin o‘rtasida o‘zaro hukmronlik uchun kurash natijasida nizo paydo bo‘lib, ajralishgan.

Birinchi sababga to‘xtaylik. Ikki yosh uchrashib, sevishib turmush qurishadi. Ammo bu paytda hali ikkisi ham oila mas’uliyatini chuqur anglab yetmagan, hayotlaridagi shu muhim o‘zgarishga yaxshi tayyorlanmagan bo‘lishadi. Masalan, qiz ovqat qilishni, yirtiq-yamoqqa qarashni bilmaydi. Oila byudjetini rasamadi bilan sarflashni ham unga hech kym o‘rgatmagan bo‘ladi. Shunday sharoitda «chilla» oylar ham ko‘z ochib yumguncha o‘tib, birinchi farzand tug‘iladi. Beixtiyor ayol ro‘zg‘or yumushlariga ko‘milib qoladi, eri atrofida parvona bo‘la olmaydi.

Bu esa «boyvachcha» erga yoqmaydi, xotiniga munosabati o‘zgara boshlaydi. Er xotin haqida «patriarhal» zamonidagi tasavvurga ega. Xotinim uyda misoli cho‘ri bo‘lishi, botinkamning ipigacha bog‘lab qo‘yishi kerak, deydi. Xotin esa amaldagi teng huquqlilikni orzu qiladi. «Nega baravar ishlab kelib, yana bolani yaslidan olib kelishim, ovqat qilishim, kir yuvishim, u esa oromkursiga yastanib, televizor ko‘rishi yoki choyxonada ulfatchilik qilishi kerak?» — deydi. Shunday qilib, o‘rtaga sovuqchilik tushadi. Er bittani, xotin ikkitani aytadi, dahanaki jang boshlanadi. Erning tili aylanmay qolgan paytda mushtiga zo‘r beradi. Qarabsizki, ertasi kuni xotin ko‘zini «olxo‘ri» qilib, onasinikiga arazlab ketadi. Shunday ahvol ikki-uch takrorlangach, ikki tomondan biri sudga ajralish haqida ariza yozadi. Sudyalarning harakati esa behuda ketadi. Chunki bu paytda g‘isht qolipdan ko‘chgan, er-xotin bir-birini ko‘rsa, sochlari tikka turadigan ahvolga tushgan bo‘lishadi. Bunday hollar aksariyat mustaqil yashaydigan yosh oilalarda yuz beradi.

Bunday yoshlarga nima deyish mumkin? Avvalo, oilada erdir, xotindir adolatli bo‘lishi, bir-birini hurmat qilib yashashga o‘rganishi kerak. Er-xotinning biri general, ikkinchisi askar bo‘lmay, har ikkisi ham askar bo‘lib yashasin. Uy-joy, ro‘zg‘or ishi, bola tarbiyasi qadimdan ko‘proq ayolning vazifasi bo‘lib kelgan. Bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi. Aynan shuning uchun ham Davlatimiz ro‘zg‘ordagi ayol mehnatini yengillashtirish haqida g‘amxo‘rlik qilyapti, bolali ayollar uchun yangidan-yangi imtiyozlarni joriy etyapti. Ammo bu ayol uyda cho‘ri bo‘lishi, erkak tarallabedod qilib yurishi kerak, degan so‘z zmas. Er rafiqasi o‘zi qatori kun bo‘yi mehnat qilib kelishini unutmay, insofli bo‘lishi lozim. Aytaylik, xotinidan barvaqtroq ishdan qaytgan er bog‘chadan bolasini olib kelsa ovqat uchun zarur masalliqni to‘g‘rab, tayyorlab qo‘ysa, ishdan horib keladigan rafiqasiga ancha oson bo‘ladi-ku? Bu bilan kishining yigitlik sha’ni yerga urilib, xotiniga «bandi» bo‘lib qolmaydi-ku?! Qolaversa, har ikki tomon ham qiyinchiliklar vaqtincha ekanligini, bolalar dastyor bo‘lib qolsa, ro‘zg‘or yumushlari yengillashuvini o‘ylashi kerak.

Oilalarning ajralib ketishi sabablaridan biri ichkilikbozlik ekanligini ta’kidladik. Bu illat aslida faqat oilalarni buzibgina qolmay, butun jamiyatning turmush tarziga katta moddiy vl ma’naviy zarar yetkazayotganligi, hayotimizdagi ko‘pgina baxtsizliklarning sababchisi ekanligi bugungi kunda hammaga ayon. Hozir ko‘chalarimizda ichkilik ichib gandiraklab yurgan, jamoat tartibini buzayotgan kishilar kamaydi. Ammo bu ichkilikbozlik tag-tomiri bilan tugadi, degan gap emas. Ichkilik hamon ichilyapti. Faqat hozir u ko‘chadan uyga kirdi. Tug‘ilgan kun, gap-gashtak, mukofotni yuvish, turli bayramlar bahonasnda uylarga to‘planib, bolalar ko‘z o‘ngida «ixtiyoriy jinni bo‘lish» hamon davom etyapti. Bu o‘z navbatida oilaviy janjallarni ko‘paytirib, er-xotinning ajralib ketishiga sabab bo‘lyapti.

O‘zbek oilalarida qaynona va kelinning murosa qila olmasliklari, molparastlik oqibatida o‘rtaga sovuqchilik tushib, er-xotinning ajralib ketish hollari hamon ko‘p uchrab turibdi. Aslida bu ish ko‘hna olamday qadimiy muammodir. Bir kuni gazetada qiziq bir xabar o‘qidim. Turkiyadagi uch ming yillik eski bir shahar xarobasidan qadimshunoslar yozuv bitilgan tosh topishibdi. Uni o‘qishsa, kelinning qaynonasini yomonlab eriga yozgan maktubi ekan. Men shu xabarni o‘qiganimda beixtiyor: «E-ha, insoniyat uch ming yil mobaynida shuncha kam o‘zgardimi?» — deb o‘zimga-o‘zim savol bergandim. Qaynona va kelin munosabatlarini uzoq yillardan beri o‘rganib kelayotgan bir folklorshunos olimning yozishicha, kelinlarning (yaxshilari bundan mustasno) o‘z erlari qarindosh-urug‘lari sha’niga aytgan, eshitgan har qanday kishini ranjitadigan so‘zlari — qarg‘ishlari turi uch yuzdan ortiq ekan.

Hech shubhasiz, oqila qaynonalar ham, dilbar kelinlar ham ko‘p. Ammo tomonlar o‘ylab ish qilmagan, kaltabin bo‘lgan oilalarda, nazarimizda, qariyalar bilan yoshlar o‘rtasidagi fikrlashdagi hozirgi keskin tafovut o‘zaro ziddiyatni kuchaytirib yuboryapti.

Ba’zi bir kelinlarning xatti-harakatini kuzatganingda hayron qolasan, kishi. Uning uchun eri yaxshi, ammo qaynona va qaynotasi yomon. Bu ham ma’lum ma’noda ayol erqini suiiste’mol qilish oqibati bo‘lsa kerak. Bunday kelinlar bitta-ikkita bolali bo‘lishga ulgurmay, darhol alohida yashashni orzu qilishadi. Bunga muvaffaq bo‘lishgach, qaynota va qaynona bilan ishlari bo‘lmay qoladi. Oxiri shunday bo‘ladiki, bir ota-ona yetti-sakkiz farzandni boqib katta qiladi-yu, ammo sakkiz farzand o‘rtasida bir ota-ona sarson bo‘lib, vaqti kelsa bir choynak choy damlab bera oladigan odamga muhtoj bo‘lib, qiynalib qolishadi. Bu g‘irromlik hech so‘zsiz, ularning haqli noroziligiga sabab bo‘ladi. Oilaviy janjallarning yuzaga kelishiga zamin yaratadi.

Xalqimiz qari bor uyning zari bor, deydi. Bu hikmatli so‘zning ma’nosi katta. Negaki keksa kishi yelkasidagi katta hayot tajribasidan kelib chiqib, to‘g‘ri gaplarni so‘zlaydi. Shunday bo‘lgach, yoshlar keksalarning fikr-mulohazalariga quloq solishlari, ularni hurmat qilishlari foydadan xoli bo‘lmaydi. To‘g‘ri, ba’zi keksalarimiz, bir tomoni qarilik, fikrlash qobiliyati susayganligi oqibatida ba’zan shu kunimizga to‘g‘ri kelmaydigan gaplarni ham aytishlari mumkin. Bunday hollarda betgachoparlik qilmay, bardoshli bo‘lish, ularni kechirish kerak.

Ammo hozirgi ba’zi bir yosh qaynonalar orasida haddidan oshadiganlarini ham kuzatish mumkin. Qizig‘i shundaki, bunday onalar o‘z qiziga g‘oyat mehribon bo‘ladi, bilmaganlarini sidqidildan o‘rgatadi. Qelin bilan munosabatda esa to‘nini teskari kiyib oladi. Vaholanki, kelin ham farzand, bir umrlik hamxona-ku! Nahotki, unga sabr-toqat, shirin so‘z bilan bilmaganlarini o‘rgatish mumkin emas?

Kelin ishlaydi, erta ketib, kech keladi. Qaynonaga bu yoqmaydi. Bundan 35—40 yil avval qaynonasi unga qanday hukmronlik qilgan bo‘lsa, u ham kyoliniga shunday hukmronlik qilgisi keladi. Buning ustiga kelin hali yosh, ovqatni lazzatli tayyorlay olmasligi, «keling-keting»ni qaynonasi istagan darajada qilolmasligi mumkin. Shundan keyin qaynona bilan kelin orasida gap qochadi, o‘rtaga sovuqchilik tushadi. Er esa o‘rtadagi janjalda betaraf bo‘lib turadi yokn aksariyat hollarda ota-onasining yonini oladi. Bunday paytda kelin bardoshli, es-hushli bo‘lsa bir navi, shim kiyib, breyk o‘ynab yurgan yengiltak qizlardan bo‘lsa, oilaning «doston»i yetti mahallaga ma’lum bo‘lib, ish er-xotinning ajralishi, bolaning tirik yetim bo‘lishi bilan tugaydi.

Eridan ajrashgach, ayol uchun bolani boqish yanada mushkulroq bo‘lib qoladi. Buning ustiga hali u yosh, yana turmush qurishni istaydy. Erga tegish uchun esa bolasiz bo‘lish yaxshi. Shunday qilib, u farzandini bolalar uyiga topshiradi yoki qari ota-onasiga qoldirib, turmush qurib ketadi. Chol va kampir nevarasini yoshligida tarbiyalashi mumkin. Kattaroq bo‘lib, ko‘chadan o‘rtoqlar orttirgach, aksariyat eplolmay qolishadi. O‘smir yomon bolalarga qo‘shilib, har xil tartibbuzarliklar qiladi. Oxiri chol bilan kampir bola tarbiyasi mutlaqo izdan chiqib ketishidan qo‘rqib, uni bolalar uyiga topshirishadi.

Yoki ona bolasidan voz kechmay, yana turmush qurdi deylik. Ikkinchi er aksariyat qayerdadir o‘z oilasini tashlab kelgan odam bo‘ladi. O‘z farzandiga achinmagan insonning begona bolaning boshini silashi dargumon. Beixtiyor o‘gay ota bilan bola o‘rtasida ziddiyat chiqadi. Bola uydan qochib ketadi yoki uni onasining o‘zi bolalar uyiga topshiradi.

Biz bu yerda er-xotinning ajralib ketishiga olib kelayotgan ayrim asosiy sabablarga to‘xtadik. Aslida esa buning sabablari ko‘p. Sobir Rahimov tuman xalq sudida menga bir voqeani gapirib berishdi. O‘n besh kunlik kelin eriga: «Menga ko‘proq ko‘kragida yoli bor yigitlar yoqadi»,— debdi. O‘ylamay aytilgan shu bir og‘iz so‘z er-xotinning ajralishiga sabab bo‘libdi.

— Biz bunday oilalarni «obkatka»dan chiqolmagan oilalar hisoblaymiz, — dedi kulib Muxtabar Rahmatovna. — O‘lar «zavod»laridayoq bo‘lajak sinovdan o‘tishga noqodir qilib tayyorlanganlar.

Xo‘sh, oilalar buzilib ketishining oldini olish uchun nima qilmoq kerak? Ajralayotganlarning asosiy qismi endigina 4—5 yil turmush qurgan yosh oilalar ekan, hech so‘zsiz, bu oilalar butun jamoatchilikning nazoratida bo‘lishi zarur. Toshkent shahridagi, boshqa joylardagi yaxshi mahallalar tajribasi bizga shunday xulosa chiqarish imkonini beradi. Aholisi uyushgan, jamoat ishlari yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, qo‘ni-qo‘shnilar bir-birining holidan xabardor bo‘lgan mahallalarda oilalarning buzilib ketishi kam. Shu munosabat bilan shaharlarda yangi qurilishlar sababli mahallalar buzilib, oilalar ko‘chirilayotganida aholining yana bir joyga joylashuviga e’tibor berish lozim. Chunki yaxshi mahalla sog‘lom, baquvvat organizm singaridir. U o‘zidagi kasallikka qarshi faol kurashadi. Afsuski, Toshkentni qayta qurish jarayonida dastlabki yillarda bu muhim masalaga e’tibor berilmadi…

Hozir ko‘p qavatli uylarda yashayotgan oilalar, aksariyat hollarda tashqi olamdan ajralib, misoli bir orolday bo‘lib yashayapti. Oilada nimalar bo‘layotgani bilan qo‘ni-qo‘shnilarning ham, ishxonaning ham ishi yo‘q. Qo‘ni-qo‘shnilar faqat o‘zlarining tinchliklari buzilgandagina yuzaki aralashishlari mumkin. Bu paytda ko‘pincha er-xotin bir-biridan qo‘lini yuvib, qo‘ltig‘iga urgan bo‘ladi.

Muhabbat, oila qurish shaxsiy ish. Lekin buning zamirida uchinchi shaxs — bola paydo bo‘ladi. Endilikda muhabbat ijtimoiy ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun oila qurganlar jamiyat oldida mas’uliyat his etishi lozim. Hozirgi paytda mana shu mas’uliyat susayib, nikohning muqaddasligi olis ufqdagi sharpaday bo‘lib qolyapti. Bunday sharoitda oila qurishga tayyorlanayotgan yoshlar o‘rtasida tarbiyaviy ish olib borish muhim ahamiyat kasb etadi. Chet ellarda hozir bu masalaga jiddiy e’tibor berilyapti. O‘rta maktablarda oila hayoti psixologiyasi darsi o‘tilib, yoshlar oldida psixologlar, yuristlar, shifokorlar ma’ruza qilishyapti. ZAGS byurolari qoshida turmush qurayotgan yoshlar uchun konsultatsiya punktlari ochilyapti. Oila huquqi masalalari, yosh onalarga yaratilgan yengilliklar keng targ‘ib qilinyapti.

Oilaning totuvligi, asosan, ayolning oqila, dilbar, bolalariga mehribonligiga bog‘liq. Shu boisdan oilani mustahkamlash uchun kurashda xotin-qizlar o‘rtasida tarbiyaviy ishlar olib borishga ko‘proq e’tibor berish, xotin-qizlar kengashlari faoliyatini kuchaytirish lozim.

Mening zavodda tokar bo‘lib ishlaydigan bir tanishim bor. U sakkiz bolasi bilan 51 kvadrat metrli kvartirada yashaydi, uyi torlik qilayotganidan ko‘p noliydi. Men bir kuni: «Kvartirangiz dastlab olganingizda shunday tormidi yoki keyinroq ko‘payishib tiqilib qolganmisizlar?» — deb so‘radim. U: «Eskidan shunaqa, — dedi, — hovlim buzilganida tuman ijroiya komitetiga chaqirishdi. «Olsangiz mana shu kvartira, yo‘q desangiz yana bir-ikki yil kutasiz», — deyishdi. Sakkiz bolam bilan kimnikiga sig‘aman, tor bo‘lsa ham shu kvartirani olishga majbur bo‘ldim».

Men yana bir juvonni taniyman. U bir o‘zi uch xonali yarqiragan kvartirada yashaydi. Eri bilan ajralishgan, qizchasi allaqaysi shaharda buvisi bilan yashaydi. Haligi juvon uyida xo‘tikday it asraydi…

Respublika Ichki ishlar vazirligining voyaga yetmagan bolalar o‘rtasidagi jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limida menga har yili respublikada 600—700 bola uyidan qochib ketayotganligini, o‘smirlar orasida giyohvandlik, kashandalik, jamoat tartibini buzish hollari kuchayayotganini, yosh-yosh qizlarning homilador bo‘lib qolish hollari uchrayotganligini aytishganida yuqoridagi ikki dalil yodimga keldi. Bola nima uchun oilasidan bezib, qochib ketadi? Nima uchun yosh qizlar homilador bo‘lib qolishadi? Bu faqat ota-ona yaxshi tarbiya bermaganligi yoki televideniyedan har xil bemaza filmlarning namoyish qilinishi oqibatimi? Ma’lum darajada shunday. Ammo nega shaharga nisbatan qishloqda yashaydigan bolalar o‘rtasida shunday ko‘ngilsiz hodisalar kam uchraydi? Masalan, respublika Ichki ishlar vazirligidan bizga ma’lum qilishlaricha, shu yilning birinchi choragida Bo‘ka tumanida bolalar o‘rtasida bironta ham jinoyat sodir bo‘lmagan. Qishloq bolalari ba’zida jinoyat qilishadi. Lekin ular aksariyat hollarda bu ishni bilmasdan, mohiyatini anglab yetmasdan qilishadi. Shaharda esa bitta tumanda har oyda bolalar o‘nlab tartibbuzarliklar sodir etadilar.

Nega shunday? Chunki qishloqda bola muntazam kattalarning nazoratida! Ota-ona bolaning ko‘z o‘ngida mehnat qiladi. Go‘dak dala shiyponida tashkil etiladigan yaslidagi belanchakda yotgan paytidanoq ota-onaning jonli namunasi bilan tarbiyalanib, o‘z-o‘zidan mehnatkash bo‘lib o‘sadi, bemaza ishlarga vaqti qolmaydi. Shaharda esa bola bunday imkoniyatdan mahrum. Erta ketib, kech qaytadigan ota-onasi qaysi korxonada ishlab, qanday vazifani bajarishini ko‘pgina bolalar bilishmaydi ham. Ular maktabdan qaytgach, o‘z hollariga tashlab qo‘yiladilar. Bu ham yetmaganday, biz voqealarning dumida yuramiz. Bola taqdiri haqida u obdan rasvo bo‘lib, tarbiyasi izdan chiqqanidan keyingina o‘ylaymiz.

Oilasi bilan 51 kvadrat metrli kvartirada yashaydigan tanishimga qaytaylik. O‘n jonning yotish-turishi uch xonada bo‘lganida, qanday qilib bolalar o‘rtasida sharmu hayoni, uyat-andishani tarbiyalash mumkin? So‘zsiz, bunday sharoitda bolalarning beti tez ochiladi, uyat-andishani yaxshi bilmaydigan bo‘lib o‘sadi. Shundan keyin qarabsizki, yosh qiz ko‘chada kim bilandir «donlashib», tug‘ruqxonaga tushadi. Bu jamiyat uchun yangi tashvish paydo bo‘ladi, demak. Axir buning oldini olish, oilaga mo‘tadil yashash sharoiti yaratib berish mumkin edi-ku?!

Shu satrlarni yozyapman-u, mas’ul vazifada ishlaydigan bir do‘stimning so‘zlari yodimga tushadi. U qishloqda o‘sgan, hozir shaharda ko‘p qavatli uylardan birida yashaydi. U bir kuni menga shunday dedi: «Og‘ayni, ochig‘ini aytsam, bolalarimga rahmim keladi. Ular zalda o‘ynasa xotinim haydaydi: «Bu yer zal, mehmonlar, o‘tiradigan joy», — deydi. Yotoqxonaga chiqib o‘ynashsa, u yerdan ham haydaydi: «Bu yer dam olish xonasi, chiqinglar, changitmanglar», — deydi. O‘zing o‘yla, bechora bolalar qayerda o‘ynashsin?!».

Ehtimol, hovliga tushib o‘ynash mumkindir? Yo‘q, mumkin emas. Hovlidagi bolalar o‘ynaydigan maydon allaqachon «tomorqa» tariqasida taqsimlanib, panjara bilan o‘rab olingan, ko‘k piyoz, bolgar qalampiri barq urib, ko‘karib turibdi. Bu yerda o‘ynash u yoqda tursin, qani, koptok tushib ketsin-chi, yettinchi qavatda derazadan qarab turgan kampir qo‘lini paxsa qilib qiyqira boshlaydi. Shundan keyin bola o‘ynaydigan joy qidirib, boshqa mikrorayonlarga ketadi. Bemaza bolalarga qo‘shilib, har xil tartibbuzarliklar qiladi. Ota-onasi iskanjaga olaversa, qochib ketadi. Bunday sharoitda bola topilgach, ota-onasiga ozgina mehr-muhabbati bo‘lsa qaytishi mumkin. Aks holda bolalar uyidan panoh topadi.

Militsiya xodimlari menga bitta bolani 3-4 kun qidirish davlatga 350-400 so‘mga tushishini aytishdi. Darhaqiqat, ichki ishlar organlari chor tarafga telegrammalar yuborishadi, bolaning rasmini ko‘paytirib, tarqatishadi. Biror kimsa uni ko‘rdim desa, yo‘riqchilar o‘sha yerga borib surishtirishadi. Bular hammasi ovoragarchilikni, xarajatni talab etadi.

Yangiyo‘l shahridagi Toshkent viloyati ichki ishlar boshqarmasiga qarashli bolalarni qabul qilish, tarqatish punktida menga Yu. Gazizov degan o‘n uch yashar bolani ko‘rsatishdi. Uni militsiya xodimlari Toshkent aeroportida ushlashgan. Bu bola bir yarim oydan beri uyi qayerdaligini aytmas ekan. Militsiya xodimlari uning ota-onasini topamiz deb Samarqandga ham, Qattaqo‘rg‘onga ham borib kelishdi. Tarbiyachilar jilla qursa onangning ismi-sharifini ayt, kimligini bilaylik deyishsa, u: «Aytmayman, aytsam meni yana uyga olib borib tashlaysizlar, onam yomon, u uyatsiz ishlar qiladi», — dermish.

Men qishloqda tug‘ilib, o‘sganman. Bolaligim urush davriga va urushdan keyingi og‘ir yillarga to‘g‘ri kelgan. O‘sha paytlarda qishlog‘imizda turmush og‘ir, o‘ziga yarasha nobop oilalar ham bor edi. Lekin qishloqda bironta bola uyidan qochib kettanligini eslamayman. Sababi, o‘sha paytda uyidan quvonch tonmagan bola ko‘chadan topar edi. Maktabning yaxshi stadioni bo‘lardi. U yerda o‘ynab charchasak, to‘lib oqadigan anhorda maza qilib cho‘milardik, kolxoz bog‘iga borib, kolxozchilarga ko‘maklashib, mevalar yerdik.

Mana shu fikrlar xotiramga kelganda XIX asr faylasuflari shahar va qishloq o‘rtasidagi tafovutni yo‘qotish haqidagi g‘oyalarni ilgari surganlarida, qishloqni shaharga yaqinlashtirish bilan bir qatorda, buning aksini ham nazarda tutishmaganmikin, deb o‘ylab qolaman.

Hozirgi shahar sharoitida nobop oilalarda tarbiyalanayotgan bolalarga uyida ham, ko‘chada ham yayrash uchun sharoit yo‘q. Bolaning murg‘ak qalbi quvonch axtarib, o‘zini har ko‘yga soladi. Oqibatda beixtiyor jinoyat ko‘chasiga kirib ketganini sezmay qoladi.

Shunday ekan, biz har bir mikrorayonda qishin-yozin ishlaydigan sport komplekslari, bolalar uchun bog‘lar bunyod etish haqida o‘ylashimiz kerak. Respublikamizning boshqa joylarini qo‘ya turaylik, hatto Toshkentday shahri azimda ham bu masalaga faqat shahar markazida e’tibor berilgan. Atrofdagi dahalarda bolalarning o‘ynab-kulishi uchun deyarli hech qanday sharoit yo‘q.

Ushbu satrlarni o‘qiyotgan o‘quvchi: «Axir nimasini vahima qilamiz, biz dunyodagi eng insonparvar jamiyatda yashayapmiz-ku?! Mamlakatimiz uchun eng og‘ir damlarda — 1941—45 yillardagi urush davrida ham bizda ko‘chada qolgan bolalar bo‘lmagan-ku, endi bo‘larmidi?» — deyishi mumkin. Darhaqiqat, «Hamma yaxshi narsalar — bolalarga!» degan shior amalda. Bizda ko‘chada qolgan bolalar bo‘lgan emas, bundan so‘ng ham bo‘lmaydi. Xalqimizning bolajonligiga hech kim shak keltirolmaydi. Bu fazilat yoshlarimizning hozirgi avlodida ham keragicha bor. Endilikdagi asosiy vazifamiz bu ajoyib fazilatimizni ko‘z qorachig‘iday asrashdan, uning azloddan-avlodga meros bo‘lib qolishiga erishishdan iborat. Qolaversa, Hukumatimiz barkamol insonni tarbiyalab yetishtirishni birlamchi vazifa qilib qo‘ygan. Buning uchun, esa avvalb, yaxshi oila, ahil ota-ona zarur. Busiz bu ulkan vazifani hal etish qiyin.

Men bolalar uyida birinchi bor bundan o‘n yilcha muqaddam bo‘lganman. Shunda keng, yorug‘ xonalarda yashayotgan, ozoda kiyingan, to‘q bolalarni ko‘rib, bir tomondan xursand bo‘lganman, Hukumatimizga tahsin aytganman. Ikkinchi tomondan, ko‘nglim buzilib, ko‘zimga yosh kelgan. Sababi, yuzaki qaraganda bu yerda bolalar uchun hamma narsa muhayyo. Aslida esa ular eng muhim narsadan — ota-ona mehridan mahrum. To‘g‘ri, bolalar uylarida qalbi o‘ksik norasidalarga ota-ona o‘rnini bosishga harakat qiladigan yaxshi tarbiyachilar ko‘p. Ammo ular bari bir ota-ona bo‘lisholmaydi. Mutaxassislarning fikricha, ota-ona mehridan bebahra bo‘lib o‘sgan inson katta bo‘lgach, o‘z bolalariga ham bemehr, loqayd bo‘larkan.

Bola tarbiyasiga loqaydlik o‘z kelajagimizga loqaydlik demakdir. Kelajakka loqaydlik esa insoniylikka zid ishdir.

1987 yil.