Biz hayot kechirayotgan atrof-muhitni ifloslantirgan kimyoviy moddalarning turi to‘rt milliondan ortiq. Ular orasida eng yomoni—inson uchun xatarlisi ksenobiotiklar, ya’ni tabiatga yot bo‘lgan zahri-qotil pestitsidlardir. Qishloq xo‘jalik ekinlarini turli kasallik va zararkunandalardan himoya qilish uchun mo‘ljallangan gerbitsidlar, zamburug‘larga, hasharotlarga qarshi ishlatiladigan kimyoviy moddalar shular sirasiga kiradi. Har yili yer yuzining 15 million kvadrat kilometrga yaqin maydoni dorilanadi. Buning natijasida faqatgina rivojlanayotgan mamlakatlarda 375 ming kishi zaharlanib, 10 mingdan ortiq kishi hayotdan ko‘z yummoqda. Bizda bunday ma’lumotlar yo‘q. Ammo ahvol ancha murakkabligi sir emas.
Tuproq, suv va havoda keng tarqalib ketgan bu moddalar inson hayoti uchun favqulodda xatarli vaziyatni vujudga keltirdi. Biz bugun irsiy va ekologik xavf ostida yashamoqdamiz. Taniqli irsiyotshunos olim, akademik N. Dubininning yozishicha, …bu xatarli omillar tirik tabiatdagi moziyi-azal rivojining mahsuli sanalgan eng noyob durdona — hazrati INSON naslining buzilishiga olib kelayotir.
Biz butun choralar bilan bu xavfni bartaraf qilmog‘imiz zarur. Aks holda insoniyat uchun, umumiy tirik mavjudotlar uchun tiklab bo‘lmaydigan irsiy talofotlar boshlanishi muqarrar. Chunki pestitsidlar AESlarning radioaktiv chiqitlari xavfidan 9 barobar xavfli.
Shunday bir sharoitda, SSSR Kimyoviy o‘g‘itlar ishlab chiqarish mahkamalarining rahbarlari mineral o‘g‘itlar va pestitsidlar ishlab chiqarishni yanada ko‘paytirishga da’vat etmoqdalar. Holbuki, keyingi chorak asrda agroximikatlar miqdori 12—15 barobar ko‘paygan bo‘lsa-da, hosildorlik amalda oshmadi. Ko‘ryapsizmi, xarajatlar botmon-botmon, samara haminqadar, salbiy asoratlar esa chidab bo‘lmas darajada!
X besh yillik mobaynida O‘zbekiston paxta maydonlarining har gektariga yiliga o‘rtacha 54,6 kilogramm pestitsid ishlatilgan edi. Hozir esa gektariga 24—30 kilogrammdan ishlatilmoqda. O‘zbekiston paxta dalalariga solinayotgan o‘g‘itlar miqdori Finlyandiya yoki Bolgariyadagiga nisbatan 2—2,5, Shvetsiyadagiga qaraganda 3, AQShdagiga nisbatan esa 4 barobar ko‘p. Biroq g‘o‘zaga shuncha ko‘p miqdorda solinayotgan azotli o‘g‘itlarning atigi 45—50 foizigina foydali ta’sirga ega. Qolgan 50—55 foiz qismi tuproqdan yuvilib, havoga uchib, inson yashayotgan atrof-muhitni ifloslaydi.
O‘tgan besh yillikda jumhuriyatimiz paxtachiligida 10 million tonnaga yaqin azotli o‘g‘itlar ishlatilgan. Amalda ularning yarmidan ko‘pi hosildorlikni oshirishga emas, balki muhitni bulg‘ashg‘a isrof bo‘lgan, xolos. Shuning uchun ham, bugun dalaga solinayotgan mineral o‘g‘itlar va pestitsidlardan to‘g‘ri, me’yorida foydalanish eng dolzarb muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Xo‘jaliklar amiiakli selitraning tonnasini 70 so‘mdan, ammofosning tonnasini 96,5 so‘mdan xarid qilishadi, oddiy kotoran gerbitsidining tonnasi 12 ming so‘m turadi.
Ko‘ryapsizki, qishloq mehnatkashlarining necha millionlab so‘m mablag‘i hech qanday nafsiz sarf bo‘layotir. Zaharli moddalar saqlanadigan omborlarning atigi 30—40 foizigina ishga yaroqli, qolgan 512 ombor sanitariya hamda tabiat muhofazasi talablariga mutlaqo javob bermaydi. Pestitsidlarni sotib olish, dalalarda ishlatishda juda katta xatoliklar bor: 1804 xo‘jalikda uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘g‘irlash hollari aniqlandi. Qishloq joylaridagi 212 mingta hovlidan zaharli kimyoviy moddalar topilgan. 300 dan ortiq qishloq xo‘jalik aerodromlari va paxta dalalarida esa necha minglab tonna pestitsidlar ochiq-sochiq holda yotibdi.
Balki qurib borayotgan Orol dengizidagi suvning o‘lik holga kelib, noyob turdagi baliqlarning qirilib ketishiga ham mineral o‘g‘itlar va pestitsidlarni ishlatishga haddan ziyod ruju qo‘yganimiz sabab bo‘lgandir. Bugina emas, dengizning qurigan tubidan tuzlarga qo‘shilib havoga uchib chiqayotgan zahar (pestitsidlar) qoldiqlari unumdor yerlarimiz va ajoyib bog‘larimizga ham qiron keltira boshladi. Bu zng xatarli yovdir. Hozirning o‘zidayoq, Oroldan yuzlab kilometr olislikdagi yerlarning har gektariga yiliga 200—300 kilogrammdan zahar-zaqqumli chang o‘tirmoqda.
Keyingi 15—20 yildan buyon, O‘zbekiston tabiatida falokatli jarayonlar kechmoqda. O‘lkamiz ko‘rki va 32 boyligi bo‘lgan o‘nlab o‘simlik va hayvonot turlari butunlay yo‘q bo‘lib ketdi. 60 dan ortiq hayvonot va 160 dan ortiq nabotot turi ham bugungi kunda shunday taqdir bilan yuzma-yuz turibdi. Jumhuriyatda, ayniqsa, Qoraqalpog‘iston muxtor jumhuriyatida ekologik vaziyat nihoyatda tahlikali. Olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligida agroximikatlar ishlatilishi hajmiga monand holda, qishloq joylarida bolalar o‘limi ham keskin oshib borgan. Bolalar o‘limining ko‘rsatkichlari Chernobil zonasidagidan bir yarim, ikki va ayrim tumanlarimizda 3—4 barobar yuqori ekanligi kishida dahshat uyg‘otadi! Paxta ekuvchi tumanlardagi onalar va bolalar o‘limining miqdori paxta ekilmaydigan joylardagiga qaraganda, 3 barobar ko‘pdir. Chunonchi, bizda ich terlama kasalligi Ittifoq bo‘yicha o‘rtacha darajadan 3—4 barobar ko‘p. Muxtor jumhuriyat bo‘yicha kasallik ko‘rsatkichlari esa yanada tashvishli. Bu yerda paratif xastaligi Ittifoq darajasidan 9—10 barobar yuqori. Ancha yillardan buyon O‘zbekiston yuqumli sariq xastaligining ko‘pligi bo‘yicha Ittifoqdagi eng oldingi o‘rinlardan birini egallab turibdi. Onkologik kasalliklar, bolalar o‘limi miqdori o‘rtacha Ittifoq darajasidan 2—3 barobar ko‘p.
To‘g‘ri, ko‘pgina pestitsidlarning bir tomonlama samarali jihatlari bor. Biroq, ro‘y-rost aytadigan bo‘lsak, ularning berayotgan foydasidan ko‘ra, yetkazayotgan zarari, ekologik jihatdan olib kelayotgan xatarlari nihoyatda kattadir. Shuning uchun ham, bugungi kunga kelib, tsestitsidlarning, foydayu zararini oshkora muhokama etishimiz, erishilgan va boy berilgan narsalarni taqqoslab ko‘rishimiz nihoyatda zarur. Bunday deyishimning sababi, uzoq yillar mobaynida zahri-qotil to‘plangan, sabzavot, poliz, ekinlari, meva-cheva va boshqa mahsulotlar bilan oziqlanib kelishimiz tufayli, muayyan darajada aqliy zaif, jismonan nochor bolalar ko‘p tug‘ilmoqda. Bu 15 yildan ko‘proq vaqt mobaynida, paxtazorlarimizga samolyotlar yordamida butifos sepganimizning kasri ekanligini unutmaylik.
Afsuski, jamoatchilik talabi bilan bu zahri-qotil moddani ishlatish taqiqlanganiga qaramay, ming-minglab kishilarimiz salomatligi izdan chiqishiga aybdor bo‘lgan birorta mas’ul xodim xalq oldiga javob bergani yo‘q. Butun bir xalq kasalmandga aylantirib qo‘yilgan bo‘lsada, ularning birortasi kechirim ham so‘ragani, jarima ham to‘lagani yo‘q. Mana shunday jazosizlik, ekologik buzg‘unchilarga nisbatan muruvvat ko‘rsatilayotgani tufayli, hamon bunday hollar davom etmoqda.
Bizda G‘arbiy Yevropa mamlakatlaridagi singari zaharli ximikatlardan foydalanishni nazorat qilib boruvchi huquqiy va iqtisodiy mexanizmlar hamon ishlab chiqilmayapti. Bu mamlakatlarda atrof-muhitni pestitsidlar va nitratlar bilan ifloslanishining oldini olyash ikki yo‘nalishda tashkil etilgan. Birinchidan, pestitsidlar va azotli o‘g‘ntlarni qo‘llaydigan xo‘jaliklarga maxsus soliqlar solinadi. Bunda sotib olingan har kilogramm pestitsidga uning bahosiga olti-etti barobar ko‘p miqdorda soliq belgilanadi. Azot o‘g‘itlariga nisbatan esa ularning har kilogrammiga bahosining uch-to‘rt barobari hajmida soliq solinadi. Ikkinchi, zaharli moddalarni ishlatuvchi xo‘jaliklardan olinadigan ana shu soliq shaklidagi mablag‘lar qishloq xo‘jaligida dorilarni ishlatmasdan ekologik jihatdan xavfsiz noz-ne’mat yetishtiruvchi xo‘jaliklarning zararini qoplash uchun to‘lanadi.
Jumhuriyat hududidagi ekologik vaziyatni tez orada sog‘lomlashtirish uchun eng avvalo Orolbo‘yi mintaqasi, birinchi navbatda, Qoraqalpog‘iston muxtor jumhuriyati, Xorazm va Buxoro viloyatlari favqulodda ekologik falokat zonasi, dsb e’lon qilinishi zarur. Shu bilan, birga, jumhuriyat hududida zaharli kimyoviy moddalar solmasdan, ekologik toza noz-ne’matlar yetishtiriladigan maxsus xo‘jaliklar tashkil etishning ham allaqachon vaqti keldi.
Bu yo‘nalishdagi muhim ishlardan yana biri jumhuriyatimiz hududida atrof muhitning yanada ifloslanib borishini to‘xtatish uchun biomonitoring va ekogenetika bo‘yicha maxsus markaz tashkil etishdir. Agar shunday markaz O‘zbekiston Tabiatni muhofaza qilish Davlat komiteti qoshida tuzilsa, birora irsiy va genetik jihatdan xatarli modda uning ruxsatisiz ishlatilmagan bo‘lur edi.
Yana bir muammo paxtachilik bilan bog‘liq. Basharti, paxta jumhuriyatimizda asosiy ekin bo‘lib qolayotgan ekan, uning ekologik jihatdan tabiatga zarar yetkazmaydigan, to‘g‘rirog‘i, zaharli moddalarga ehtiyoj qoldirmaydigan navlarini yaratish talab etiladi. Bunda kam suv ichadigan, zaharli kimyoviy moddalarga hojat qoldirmaydigan navlarga ehtiyoj katta. Bu esa g‘o‘za genetikasi va selektsiyasini shu yo‘nalishda qayta qurishni taqozo qiladi. Ko‘p yillik tadqiqotlar shunday mukammal g‘o‘za navlari yaratish mumkinligini ko‘rsatmoqda. Eng qiziqarlisi O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining Biolog ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi laboratoriyalarida g‘o‘za pishib yetilishi bilan bargi o‘z-o‘zidan to‘kiladigan navlar yaratish ustida tadqiqot olib borilmoqda.
Albatta, bu ishlarni qiyomiga yetkazish uchun muayyan vaqt kerak. Shunga qadar esa mavjud zaharli moddalar, kimyoviy o‘g‘itlar paxtakor xo‘jaliklarimizga xuddi dorixonada bemorga darmondori qanday berilsa, shu tarzda ajratilishini maxsus tashkil qilish kerak. Shu bilan birga, hozirgi mushkul vaziyatni o‘nglab olmoq uchun jumhuriyat doirasida maxsus dastur ishlab chiqilishi maqsadga muvofiqdir. Avvalo, qishloq xo‘jaligida agroximikatlar, shu jumladan, zaharli moddalardan foydalanishda davlat tartibini o‘rnatish lozim. Zaharli moddalarni me’yordan ortiq qo‘llayotgan xo‘jaliklarga jarima solib, bunday moddalarni kamroq ishlatib, ekologik toza, og‘usiz noz-ne’matlar yetishtirayotgan xo‘jaliklar shu mablag‘ hisobidan rahbatlantirilishi kerak. Ko‘pgina xo‘jaliklar hududida tashlandiq holda yotgan va ishlatish man etilgan zaharli moddalar esa ekologik jihatdan xavfsiz joylarda maxsus omborlar qurib, davlat nazorati ostida saqlanishini tashkil etish zarur.
«Fitna san’ati» (2-kitob, «Fan» nashriyoti, Toshkent, 1993) kitobidan olindi.