O‘zbek tilining ko‘pgina nazariy va amaliy masalalarini hal qilish bevosita sheva va lahjalarni o‘rganish bilan bog‘liq.
Adabiy til bilan shevalar o‘rtasidagi munosabatni belgilash masalasi shevalarni tarixiy-qiyosiy asosda atroflicha tadqiq etishni talab qiladi.
Jonli til — tarixiy yodgorlik. Shu bois shevalarda saqlanib qolgan ayrim so‘z va so‘z shakllari o‘zbek tili tarixi uchun ishonchli, muhim manba hisoblanadi.
O‘zbek shevalari adabiy tilimiz tarkibiga kirib, uning lug‘at boyligi va grammatik qurilishida birlik hosil qiladi.
Adabiy til bilan shevalar doim to‘xtovsiz munosabatda bo‘ladi. Adabiy til dialekt va shevalarga ta’sir etib, ularning xususiyatlarini yaqinlashtirib borar ekan, o‘rni bilan jonli tildan oziqlanib, shevalardagi so‘z va iboralar hisobiga boyib boradi.
Ma’lumki, ayrim narsa va hodisalarning nomlari adabiy til va lug‘atlarda uchramaydi, lekin dialekt va shevalarda mavjud bo‘ladi. Bunday vaqtda ularni hech ikkilanmay adabiy tilga kiritishimiz kerak.
Masalan: tomizg‘ich — pipetka (rus); qoqvosh — javraqi, vaysaqi; ponusgul — oduvanchik (rus.); shilon — turli masalliqdan tayyorlangan ommaviy ovqat, cho‘rpa — 1. cho‘chqa bolasi; 2. mayda bolalar ma’nosida. Bu so‘zni Navoiy ham ishlatgan. G‘unchachi — satang ayol; o‘ymoq — angishvona; tekis — chiroyli (ayollarga nisbatan qo‘llanadi); go‘sht-non — xamir orasiga jizza o‘rniga go‘sht solingan non; tortiq — sovg‘a; tortmasandiq — komod (rus.); asqotish — foydasi tegish; arpabadiyon — ukrop turi, anis (rus.); ulor — qush nomi; qiliq — xarakter; o‘ng — rang, tus; yit — yo‘q bo‘lmoq; olim — olinadigan narsa; ko‘kluv — chiroyli (ko‘rklik, ko‘rukluk); to‘tra (to‘lta) — yog‘ quyqasi; to‘ngladi — muzladi, qotdi (yog‘ to‘nglab qolibdi); qoramuq — yovvoyi o‘t nomi; tutmoch — ovqat nomi; yuriq — lozimanda, anggiz — ekinzor; shakarob — 1) pomidor, piyoz, garimdori va tuz qo‘shib tayyorlangan ovqat (salat); 2) qo‘l bilan paqirlab suv sepish; 3) bolalarning «eshak mindi» o‘yini nomini bildiradi. Sirg‘alik (Farg‘. tip shevalarda) — quloqning pastki qismidagi yumshoq isirg‘a osadigan yeri (rus. mochka). Toshkent tip shevalarida solinchoq, bertmoq — shikastlanmoq, lat yemoq; qilchi — sartarosh (bu so‘z Turdi she’rlarida ham uchraydi); uzangilik yoki bebilchak — oyoqning yuzi (pod’yom nogi); nastarin — siren (rus.); qasaba — shahar (bu so‘z Boburnomada ham ishlatilgan); hulbo‘y — yalpiz; xomutoyoq yoki chatanoq — oyog‘ini kerib yuradigan odam; o‘tik — o‘tadigan joy (perexod), kechik — suvning sayoz joyidan kechib o‘tadigan joy (XI asr yodgorliklarida bu so‘z ko‘prik ma’nosida ham qo‘llangan); pildiroqchi — firibgar; cho‘kkala — laganbardor; sadda — nuqul, faqat ma’nosida; samsoq — sarimsoq — go‘dakning nom qo‘yilguncha bo‘lgan ismi; uchuzak — uchta bola tuqqan xotinning bolalari yoki qo‘yning qo‘zilari (qiyoslang: ucham); nayin qoshiq — yog‘och qoshiq; nayin kosa — yog‘och kosa, tog‘ora; namit — xunuk, badbashara; naraki — 1) erkaklar singari xarakterga, ovozga ega bo‘lgan ayol; 2) o‘simlik tanasining yo‘g‘onlashib, o‘sib — avj olib hosil bermaydigani (nar akii); madang — yog‘ochdan qilingan eshik qulfi, tanba; qudra — ildizidan o‘sib chiqqan daraxt va alohida sepilmay yoki ko‘chat o‘tqizilmay urug‘idan o‘zicha o‘sib chiqqan o‘simlik. Namangan shevalarida o‘zining zotini «ulug‘» deb maqtanib yuruvchi ayrim kishilarga nisbatan «Qudraxo‘ja» iborasi; ustoz ko‘rmay, biror joyda ta’lim olmay o‘zini zo‘r usta hisoblab yuruvchi kosiblar va sayoq hofizlarga nisbatan «san qudrasan», «qudra kosib», «qudra hofiz» iboralari ishlatiladi; qalangg‘i (qalangqi — ko‘pchilik orasida o‘zini tutolmaydigan, yengil tabiat, ziyofatlarda tezda mast bo‘lib qoladigan kishi). Toshkent shevasida bu qalang‘i‑qasang‘i tarzida qo‘llanadi; o‘mganko‘krak, odam va hayvonlar ko‘ksi; peshgir — fartuk, bolalarning bo‘yinlariga osib qo‘yiladigan oshxo‘rak (toj, peshgir).
Xullas, shevalarga, jonli so‘zlashuvga xos so‘z va terminlar adabiy tilimiz lug‘atini boyitishda shak-shubhasiz katta ahamiyatga ega.
Abdug‘ani Aliyev, filologiya fanlari doktori, professor
“Yoshlik” jurnali, 1990 yil 9–son