Aleksey Turobov. Har kungi Amerika (2000)

Tabiatshunos maktublari

G‘ALATILIK

Bir yarim soatlik mashg‘ulot mobaynida talabalar qarshimda beysbol shapkalarida o‘tirishadi. Taqir boshlariga shiftning suvog‘i ko‘chib tusharmikin? Mashq zalida shu shapkalarini kiygancha shtanga ko‘tarishadi, har ko‘tarishganida shtanga shapkaning ayvoniga tegib o‘tadi. Ko‘chada basketbol o‘ynayotganlarida esa uning ayvonini xalaqit bermasligi uchun orqaga qaratib qo‘yishadi.
Umuman olganda amerikaliklarda kiyimga munosabat g‘alatiroq. Ko‘pchilik butun qishni kalta shim kiyib o‘tkazadi, faqat ustlaridan ichi g‘ovak kurtka tashlab olishadi. Sal qor yog‘sa xuddi qutbchilar va terroristlar kiyadiganga o‘xshash faqat ko‘z oldigina ochiq sherst niqob kiyib olishgancha qorni eshiklaridan nariroqqa kurashadi. O‘zim ham kalta shimga asta-sekin o‘rganib ketdim, uyda shunday yura boshladim, mashg‘ulotlarga ham shu alpozda boradigan bo‘ldim. Shunaqasi qulay ekan. Amerikaliklar kiyim-boshning qulayligiga alohida e’tibor berisharkan. Muhimi bajariladigan ishga mosligi. Sokin ko‘chada velosipedda bir kilometr sayr etish uchun darhol shlyom va tezlikni oshirishga yordam beradigan badanga yopishib turadigan shim kiyib olisharkan. Uylari oldida rolikda uchishmoqchi bo‘lishsa darhol shunga munosib anjomlar bilan qurollanishadi, badanni tortib turadigan kostyum-shim, shlyom kiyishadi, qo‘llari va tizzalariga qalqoncha bog‘lashadi, qoraytirilgan ko‘zoynak taqishadi.
Sport zaliga hech kim oyoqyalang bormaydi. Krossovka kiyish majburiy. Hatto shippak ham bo‘lmaydi. Krossovkalar kattaroq bo‘lgani ma’qul. Uni odatda bog‘lashmaydi. Shunda oyoqlarga shamol tegib turadi, ular erkin harakat qiladi.

HAY! BAY!

Amerikadagi muomala tarziga rus kishisining ko‘nikib ketishi qiyinroq kechadi. Bu muomala tarzini hech o‘zlashtira olmasdim. Suhbatdoshga e’tibor, shu bilan bir vaqtning o‘zida unga nisbatan loqaydlik bor amerikaliklarda. Men esa u bilan yo apoq-chapoq bo‘lib ketaman, yo bo‘lmasa urishgan odamday miq etmay o‘tiraveraman. Ularning o‘zaro muomalasi o‘n sakkizinchi asr kishilarining hozirgi davr uchun unchalik yarashmaydigan, bir oz chuchmalroq muomalalariga o‘xshab ketadi nazarimda.
Ularda odamlar bir-birlariga qanchalik yaqin bo‘lsalar o‘zaro uchrashganda va xayrlashayotganda shunchalik kamroq xitob qilishadi. Bizda esa buning teskarisi — qanchalik yaqin bo‘linsa xitob-olqishlar shunchalik quyuq, begonalar oldida esa siporoq bo‘linadi.
“Hay!” deb olqishlayman ularni zo‘rg‘a. Bunday olqishlash menga qandaydir sekingina vovullab qo‘yishga o‘xshab tuyuladi. Bizning “Salom!” va “Hozircha!” so‘zlarimiz quvvatliroq, jozibadorroqqa o‘xshaydi.
Qo‘l berib so‘rashishlari ham o‘ziga xos. Bizning erkaklar bir-birlariga sal yonboshroqda turib, bir oz makkorona so‘rashishadi. Bunaqa so‘rashishni maktabda “qisqichbaqani ushla” deyishardi. Bular esa bir-birlariga to‘g‘ridan ro‘baro‘ kelishib, uzoqdan qo‘llarini cho‘zishadi, ko‘zingga tik boqishadi.

NEKBINLAR

— Ishlaringiz qanday?
— O, rahmat, ajoyib! O‘zingizniki-chi?
— O, rahmat, judayam zo‘r!
— Zo‘r bo‘lsa juda yaxshi!
Ular shunday uchrashishib, xayrlashib ketishadi.
Qachondir qo‘shni xonadagi ispan tilining quvnoq o‘qituvchisi bo‘lgan ayolga bunday ortiqcha tavoze mening asablarimga yomon ta’sir etayotganidan shikoyat qildim. Shuni qisqacharoq bayon qilsa bo‘lmasmikin? — deb mulohaza bildirdim.
— Yo‘q, bo‘lmaydi! — javob berdi u. — Onam bolaligimdayoq birov sening ahvolingni so‘raganda sen ham uning ishlarini so‘rashni unutma, aks holda odobsizlik bo‘ladi, deb uqtirardi.
O‘shandan beri qo‘shni xonadagi kasbdoshimni yo‘lakda uchratganimda unga ayyorona qarab qo‘yaman, salomlashishini kutib turaman va muqarrar ravishda “o‘zingizning ishlaringiz yaxshimi?” deb so‘rayman.
Televideniyeda qarzdan qutulish to‘g‘risidagi ko‘rsatuv ketayotgandi. Tomoshabin telefon qilib boshlovchiga murojaat qilyapti.
— O‘zingizni qanday his etayapsiz?
— Zo‘r! Siz-chi?
— O, rahmat, juda zo‘r!
— Qanday masala bo‘yicha telefon qilyapsiz?
— Bankrotga uchradim. Juda og‘ir ahvolda qoldim. Nazarimda butun dunyo menga qarshi urush ochganday.
Bizda esa “Ishlaringiz qanday?” savoliga — “Ajoyib!” deb javob berilguday bo‘lsa, demak, u halol bo‘lmagan yo‘l bilan pul topadi yoxud ishlamaydi. Bundan chiqdi sotuvchi o‘g‘rilik qiladi, mansabdor pora oladi. Agar u “sekin-sekin” deb javob berguday bo‘lsa bilingki, u ishchan odam.
Ular uchun esa “sekin-sekin” so‘zi biror nojo‘ya narsani o‘ylab topganini, miyasida nimanidir yashirib turganini, birovning tagiga suv quyishni mo‘ljallayotganini bildiradi. “Ajoyib” deb javob bersa boshqalarga ko‘z olaytirmayotganini, o‘z ishidan mamnunligini anglatadi.

MUOMALA QOIDALARI

Amerikacha muomalaning muhim qoidasi “Dilkash bo‘l!” shioridir.
Bu hamonki sen jamiyatga qo‘shildingmi, qovog‘ingni osiltirib, burchakda o‘tiraverma, o‘zingni aqlli odamga o‘xshatishga harakat qilmay qo‘yaqol, degan ma’noni ifodalaydi. Aytadigan biror gaping bo‘lmasa ham, baribir, nimalarnidir gapiraver. Agar bu yerda biror odam bilan gurunglashadigan gaping yo‘qday tuyulsa-da, kimningdir oldiga borib nimanidir gapiraver!
Lafzingdan chiqayotgan tovushlar jarangdor va aniq bo‘lsin. Umuman bu tovushlar iloji boricha ko‘proq bo‘laversin. Ming‘irlashga bu yerda o‘rin yo‘q. Bu yerda hingir-hingir qilish va nimtabassumli ayyorona kulgi o‘rinsiz. Baland ovozda va xo-xo-xolab aniq-taniq kulmoq kerak! Mum tishlab o‘tirish nojoiz. Odamlar sen to‘g‘ringda aniq tasavvurga ega bo‘lishni istashadi, sen esa ularning bu intilishiga ko‘maklashmog‘ing kerak. O‘z o‘tmishing, avlodlaring, kelib chiqishing haqida gapirib bersang yana ham yaxshi. O‘z hayoting to‘g‘risida qisqagina rivoyat to‘qib olish maqsadga muvofiq bo‘lardi. Toki unda hayotingga oid uch-to‘rtta muhim va boshqalar uchun ahamiyatga molik daqiqalar o‘z aksini topgan bo‘lsin.
O‘z rejalaringiz to‘g‘risida ochiqchasiga gapirishdan uyalmang, hatto bu rejalaringiz manfaatparastlikka asoslangan bo‘lsa ham tashvishlanmang. Chunki bu yerda hamma shunaqa, sizni darhol tushunishadi.

TO‘SIQ

“Amerika ovozi”ni eshita turib “Dushmanni yuzidan bilmoq kerak” degan eski iboramizning ma’nosini o‘ylab qolaman. Bizning ahmoqona kekkayishimiz, o‘zimizni katta tutishimiz ko‘pincha o‘zimizga pand beradi. Ko‘zimizni yerga qaratib o‘zimizni hamma narsani biladiganday tutishimiz qon-qonimizga singib ketgan.
Ularda ham ko‘zimizga yaqqol tashlanib turadigan badaxloqliklar bor albatta. Ba’zan odamga laqmalarcha angrayib qarashadi, bizda esa boshqalarga ayyorona, tulkicha qarash qilinadi. Har kimning ham oldida o‘ziga yarasha to‘siq bor. Har kimniki o‘ziga ma’qul tuyuladi.
Ular senga qarab turishganda ham o‘z ishlarini o‘ylashadi, bir qo‘lini baland ko‘tarib “Ehtiyot bo‘ling!” deyishadi.

QOG‘OZLAR

Rossiyada hamma narsaga to‘siq bo‘lib turadigan narsa qog‘ozlardir. “Qog‘oz uchun oyoq kerak” deyishadi.
AQShda buning aksi. Suv yuzidagi doiraga o‘xshaydi: biror narsa og‘zingdan chiqdimi, bajarishga shoshilishadi. Agar iltimosing bajarish mumkin narsa bo‘lsa darhol ado etishadi, ovorai sarson bo‘lishga hojat yo‘q. Lekin imkondan tashqari iltimos bo‘lsa hech qanday qog‘ozu oyoq yordam berolmaydi.
(Universitet ma’muriyatida shu narsani sinab ko‘rdim — rus harflari bilan ishlanadigan kompyuter bilan ta’minlashlariga buyurtma berdim. Bir oydan so‘ng shunday kompyuterni to‘g‘ridan-to‘g‘ri zavoddan yuborishdi).
Ular odamlarga ishonuvchan. Bir yilga shartnoma tuzdik (shartnoma bor-yo‘g‘i universitet prezidentining ishga taklif etuvchi imzo va mening rozilik bildirganligimni anglatuvchi imzo chekilgan faksdan iborat xalos) va meni yoshlarga bilim berish uchun auditoriyaga qo‘yib yuborishdi. Na universitetni bitirganligim va na nomzodlik diplomimni biror kimsa surishtirishmadi. Hamonki, Turobov o‘zi haqida shunday deb yozibdimi, demak, shunday-da.

ChEK DAFTARChASI

Oziq-ovqat do‘konidan tushlikka ba’zi yeguliklar xarid qildim-da, cho‘ntagimdagi yap-yangi chek daftarchasini chiqarib, navbatdagi sahifaga “Marsh” do‘konining hisobiga 4,56 — to‘rt dollaru yuzdan ellik olti tsent o‘tkazilsin deb mamnuniyat bilan imzo chekdim-da, varaqni yirtib kassir qizga uzatdim. Holbuki, cho‘ntagimda anchagina naqd pullar ham bor edi. Shunday qilishlarini kinolarda ko‘rgandim. U yerda barcha amerikaliklar sigaralarini so‘rganlaricha bir-birlariga chek yozib berishadi.
Aslida mening bu harakatim kulgili, hatto shubhali tuyulardi. To‘rt yarim dollarga chek yozib berish odamning bechoraholligini, maoshga qarab qolganini, chek varag‘i bankka yetguncha unga pul tushishiga umid qilayotganini anglatardi. Ehtimol, bundan ham yomonroq holat ro‘y bergan, hisob-kitob allaqachon berkitilgan-u, chek daftarchasi qo‘lida qolgan bo‘lishi ham mumkin.
So‘ngra qarz kartochkasiga o‘tdim. Uning eng universal shaklini tanladim. Shuningdek, yana Amerikan ekspress daftarchalari ham bor, lekin bu shakl chet ellarga tez-tez chiqib turadiganlar uchun juda qulay. Berilishi mumkin bo‘lgan qarzning eng yuqori darajasini — oylik maoshning yarmi — ming dollar berishdi. Qarz olishning yagona sharti — ish joyining tayinligi. Shunday banklar ham borki, ular doimiy daromadingiz bo‘lmasa-da, besh ming dollar miqyosidagi yirik garov hisobiga qarz berib turishaveradi.
Ijtimoiy muhofaza bo‘yicha ham muqarrar ravishda kartochka yuritish zarur. Uning barcha kompyuterlarga kiritilgan raqami mohiyat-e’tibori bilan barcha amerikaliklar uchun “pasport ma’lumotlari” o‘rnini ham bajaradi.
Umuman olganda esa qarz daftarchasi ham kerak emas. Sirasini aytsam, men qarzga narsa olish, to‘g‘risi, to‘lovni kechiktirishdan biror marotaba ham foydalanmadim. Lekin juda ko‘p ishlarda daftarcha muayyan mulkka egaligingizni tasdiqlovchi hujjat sifatida xizmat qiladi. Masalan, busiz mashinani ijaraga berib turishmaydi. To‘lov yo‘li ham osongina, kassirga uzatdingmi, vassalom, buyog‘iga u andarmon bo‘ladi, sen esa hushtagingni chalib turaverasan.

TURMUSh

Yashaydigan uying ikki qavatli bo‘lsa yana ham yaxshi. Men hech qachon bunaqa uyda yashamaganman. O‘zingni muhofaza qilinganday his etasan, xuddi qal’a minorasida turgandek. Pastda noma’lum odam turibdi, sen uni tepadan o‘ziga sezdirmay kuzatib turaverasan, xohlasang, ustidan qaynab turgan suv yoki qatronni ag‘darib yuboraverasan.
Lekin shu yerda ba’zi sir-sinoatlar ham paydo bo‘ladi. Qorong‘u uyning zinasidan tepaga ko‘tarilaverasan, lekin chiroq yoqgichga yetmaguningcha bir oz qo‘rqinchliroq tuyuladi, yuraging hapqiradi. Amerikaliklarning juda ko‘p filmlari shu asosga qurilgan. Tepadagi eshik orqasida xuddi qandaydir dahshatli narsa kutib turganday.
Atrofga qarab kiraverish eshigini yopmaganingni fahmlaysan. Mashinani ham qulflamagansan. Bir safargina kuldondagi tanga-chaqalarni o‘marib ketishibdi xolos. Bir yil mobaynida esa hech narsaga tegishmagan. Kichkina shaharlardagina shunaqa osoyishta hayot hukm suradi.
Bir kuni mehmonda o‘tirganimda mezbondan so‘rab qoldim — uylaringiz nechta? Barmoqlarini bukib sanashga tushdi, lekin baribir anig‘ini aytib berisha olmadi. Uy esa odatdagi uylardan. Faqat yotoqxonalargina rasman xona hisoblanadi. “Ikki yotoqxonali uy”, “uch yotoqxonali uy” sotib olishadi. Boshqa xonalarga esa qo‘shimcha, ikkinchi darajali uylarday munosabatda bo‘lishadi. Bu yerda hisobga olinadigan foydali turarjoy sahni qancha o‘zi?
Menda ikkita yotoqxona bor. Uy yaxlit xonadan iborat, ozroq hovlisi ham bor. Shunday uyga oyiga 400 dollar to‘lanadi. Uy universitetga tegishli bo‘lgani uchun insof doirasida haq olishadi.
Bu yerdagi qo‘lyuvgichlar uncha yaxshi emas. Jo‘mraklar yo‘g‘on va xuddi pakana qo‘ziqorinlarday kalta. Qo‘lingni yuvayotganingda nuqul chig‘anoqqa tegib ketaverasan. Umumiy hojatxonalar, ayniqsa, ma’qul emas. Unitazlarni ayting. Bizda axlat keramikaga tushadi, so‘ngra suv bilan yuvib ketadi. Ularda boshqacharoq. Unitazda doimo suv turadi. Uni tushirib yubormoqchi bo‘lsang girdob bo‘lib pastga intiladi, o‘rnini darhol yangi suv egallaydi. Ko‘rinishidan ozodaga o‘xshaydi. Lekin suvga og‘irroq narsa tashlab ko‘rsangiz suv sachraydi. Tagingizga har safar suv sochiladi. Ba’zilar o‘rinlaridan turib ketishadi, boshqalar esa qanaqasigaligini bilmayman-u, bu yoqimsiz holatga bir umr chidab kelishadi.
Biz foydalanib bo‘lganimizdan keyin hojatxona eshiklarini berkitib qo‘yamiz. Ular esa aksincha, shamollatish uchun ochib qo‘yishadi. Mana sizga milliy o‘ziga xosliklar. To‘g‘ri, ulardagi konditsionerlar shu ondayoq havoni tortib ketadi. Biz esa konditsionerlarga boy emasmiz.
Bizning shahrimizda kaptarlar yo‘q hisobi, ular axlat va nonni cho‘qishmaydi, chunki nonni hozir hech kim tashlamaydi. Mushuklar va kuchuklar ham shunchaki izg‘ib yurishmaydi. Ko‘chalarimizning ruhsizroq ko‘rinishi shundan. Oshxonamdagi rakovina tagida axlat maydalaydigan moslama bor. Rakovina teshigiga har xil ortiqcha axlat, ovqat qoldig‘i, hatto suyaklarni tashlab yuborsang bas, hammasini maydalab suv bilan olib ketadi. Faqat haftasiga bir marotaba, chorshanba kunlari shisha va kartonlarni xaltachaga solib eshik oldiga chiqarib qo‘yasan. To‘q- sariq kiyimdagi axlat tashuvchilar mashinalarda ularni olib ketishadi.

KAShFIYoT

Universitet kirxonasiga ichki kiyimlarni keltirdim-da, qo‘shimcha ravishda ko‘rpajildni yuvib berishlarini iltimos qilmoqchi bo‘ldim (men shu kirxonaga biriktirilgan edim). Eng muhim so‘z — ko‘rpajildni nima deb atashlarini bilmasdim, shuning uchun imo-ishoralar bilan tushuntirmoqchi bo‘ldim.
— Mana bunaqa konvert bo‘ladi, unga ko‘rpajild solinadi.
— Ey, yo‘q, bizning Amerikada bunaqasi bo‘lmaydi.
Amerika turmushiga oid kichik kashfiyot ochildi: Amerika ko‘rpajildni bilmas ekan!
Haqiqatan ham ularga ko‘rpajild kerak emas ekan. Ularda o‘rin boshqacharoq to‘shalarkan. Avval choyshab tashlanib, uning ustidan adyol bilan birga ikkinchi choyshab tashlab qo‘yilarkan. Choyshab va adyolning chetlari to‘shakka qistirilarkan. Bu juda qulay bo‘lib, adyol sirg‘anib ketmaydi, yonboshing ham ochilib qolmaydi, choyshab ham g‘ijimlanmaydi.

NAShA

Ilk marotaba mashinamga benzin olgan yonilg‘i quyish shoxobchasidagi yigitcha meni tanib qolgan ekan, har safar yonidan o‘tib ketayotganimda qo‘lini silkitib salomlashadi. Ko‘m-ko‘k ko‘zlari va bug‘doyrang mo‘ylabi uni ukrain yigitlariga o‘xshatib yuboribdi. Lekin farqi shuki, bu yigit yog‘ yemaydi, qo‘lbola araq ichmaydi.
U yaqinimizda turardi. Kamtaringina bir qavatli oq uyda onasi, yoshgina xotini, bizning iboramiz bilan aytganda, qaqildog‘i va yashikchada saqlaydigan olmaxoni bilan istiqomat qilishardi. Eski avtomobillarni sotish va tuzatish bilan ham daromad qilardi.
Kunlardan bir kun men ularning uylariga borib qoldim-da, shunchaki, to‘g‘ri ko‘ngilda Amerika yoshlarining afsonaviy dori-darmoni — nashani bir sinab ko‘rsang-da, deb yuboribman.
Oradan ikki kun o‘tib yigitning o‘zi kutilmaganda uyimizda paydo bo‘ldi-da, menga ayyorona tikildi. Odatdagidan ko‘ra ingichkaroq sigaret chiqardi.
Besh martadan so‘rganimizdan keyin o‘rtamizda g‘alati suhbat boshlandi. Shu daqiqaga kelib Maykl gapning ikkinchi yarmini aytayotganda fikrining birinchi yarmi esimdan chiqib keta boshladi. Chunki uning gapi o‘rtasiga kelganda mening xayollarim boshqa joylarga uchib ketayotganday bo‘layotgandi. To‘g‘risi, fikr yarmiga borganda to‘satdan yorilgan sharday yo‘qolardi-qo‘yardi. Ehtimol, xayollarim bo‘linib, Maykl gaplarining birinchi qisminigina ilg‘ayotgandirman.
Biz galma-galdan bir daqiqa-bir daqiqa uxlab qolib, uyg‘ongach, yana suhbatni davom ettirmoqchi bo‘layotgan odamlarga o‘xshardik. O‘z xayollarimni bir joyga jamlab ololmayotganim o‘zimga juda kulgili tuyulayotgandi.
— Gapimga quloq sol, — Maykl bilan taassurotlarimni o‘rtoqlashmoqchi bo‘ldim, — men nasha chekuvchilar uchun “Hozir nima to‘g‘risida gaplashayotgan edik?” savolini shior qilib olgan bo‘lardim.
— Shunaqaga o‘xshaydi, – rozi bo‘ldi u.
Keyin meni o‘z mashinasida o‘ttiz kilometr naridagi sharsharani tomosha qilib kelishga ko‘ndirdi. Mashinasiga qo‘rqmay o‘tirdim, nima qilganda ham axir u mexanik-ku.

O‘RTA TOIFA

Shanba kuni ertadan-kechgacha yoqimsiz tirillagan ovoz o‘chmadi. Chap tomondagi qo‘shni maysazorini mashinka bilan tekislayapti, o‘ng tomondagisi esa traktor bilan maysazorni tartibga solyapti. Nazarimda har ikkalasining ham dam olish kuni qiladigan boshqa ishlari yo‘qqa o‘xshaydi. Hafsala bilan tanlab xarid qilingan taraktori bo‘lgandan keyin nima ham qilardi — ishlatadi-da. Yigirma kilolar chamasidagi mashinkani ishlatish ham jismoniy mashq o‘rnini bosadi, u yoqqa olib borasan, bu yoqqa olib kelasan. Maysalarning hidi ham odamga xushyoqadi.
Nariroqdan kelayotgan kuchli traktor ovozi bamisoli reaktiv samolyotning o‘zi. Ertalab soat o‘nda ish boshlashgan edi, faqat soat to‘rtga borib tugatishdi. Yer haydashayotgan bo‘lsamikin? Uchastkalarda daraxtlar ham, butalar ham yo‘q. Nima qilganda ham o‘rta toifadagilar ko‘p jihatdan oliftagarchilikka zeb berishadi-da.
Kentukkida istiqomat qiladigan bir professornikida mehmonda bo‘lgan edim. Uyi oldida kattagina yer maydoni, taxminan o‘ttiz sotix joyi bor ekan. Maydon qup-quruq, o‘t bosib yotibdi. Maydonning o‘rtasigagina ozgina daraxt va butalar ekilgan. Bularning o‘rtasidagi yerga ozgina ko‘katlar ekilgan. Surishtiraverganimdan keyin o‘z taxminlarimga javob topdim.
Ular qo‘shnilari ko‘z o‘ngida o‘z yerlarida uymalanishdan uyalishar ekan. Bir bog‘lam rediska sotib olish uchun magazinga mashinasida borib-kelishga pullari yo‘qmi deyishlaridan andisha qilisharkan. Agar puling bo‘lsa ham yerda uymalashsang, demak, sening ortiqcha vaqting ko‘p, bundan chiqdi, iste’foga chiqqansan va hech kimga kerakliging yo‘q. Har ikkala holat ham xijolatli.

SEMIZLAR

Amerikada semiz odamlar juda ko‘p. Bizdagiga qaraganda sezilarli darajada ko‘proq. Amerikacha semizlik o‘ziga xos — po‘k, shalviragan, qappaygan — bukrinamo semizlik. Moskvada ahyon-ahyonda shunday semizlarni orqasidan ko‘rib qolsang-u, uni quvib o‘tib yuziga qarasang, amerikalik bo‘lib chiqadi.
Eng ko‘p kaloriya qanddan kelib chiqadi. Bir litr koka-kolada 8 bo‘lak qand bor! Amerikada juda ko‘p narsalar — kolbasa, non, sharbatlarga ham ancha miqdordan qand qo‘shilgan. Yeguliklar yevropaliklar uchun darhol seziladigan darajada shirin bo‘ladi.
Amerikacha semizlik xuddi xamirturush xamirni shishirib yuborganday tez paydo bo‘ladigan semizlik. Bu Amerikaning turli burchaklarida ko‘plab marotaba ko‘rilgan tipik holat. Ochiq kuzovli, iflos “jip” mashinasidan uch bahaybat gavda tushib keladi. Orqasi katta, o‘rdakka o‘xshab yurayotgan ona keng ko‘ylak va kanakunjutdan shim kiyib olgan. Ota qizg‘ish-qora ko‘ylakda va beysbol shapkada. Qorni tarang tortilgan kamar ustidan osilib turibdi, lekin u hali ayol darajasida semiz emas. Chamasi u o‘z fermasi va fabrikada ko‘p mehnat qiladi, shekilli. Ularning ketidan parnikdagi bodringday endi semirib kelayotgan yigitcha. U ipi bog‘lanmagan krossovka kiyib olgan, beysbol shapkasini boshiga teskari qo‘ndirgan, qo‘ltig‘iga paket qistirib olgan.

GAMBURGER

Amerika ovqatlarining turli-tumanligi ko‘proq ularning mazmuniga emas, shakli hisobiga. Kotlet grilda qovurilsa burger bo‘ladi. Bulka ichiga kotlet qo‘yilsa gamburger bo‘ladi. Buning ichiga yana maza-matrasiz oppoq pishloq qo‘yilsa chizburger paydo bo‘ladi. Uning o‘rniga xuddi o‘shanday to‘qsariq pishloq “Chedder” tiqilsa “Chedder melt” tayyor deyavering.
Sendvich noni odatdagi bulka nondan uch barobar uzunroq bo‘lsa, “Sub” (“Submarina”ning qisqargan shakli), haqiqatda esa u suvosti kemasiga o‘xshaydi.
Qo‘shgamburgerni men umuman Amerikaning timsoliga aylantirgan bo‘lardim.
Unda hamma narsa qalashtirib tashlangan, amerikacha ishtiyoq va amerikacha omilkorlik (bir yo‘la portsiyada ikki gamburgerni yeganday bo‘lasan), shu omilkorlikdan kelib chiqadigan amerikacha ahmoqonalik o‘z aksini topgan.
Qo‘shgamburgerni hech qachon yeganmisiz? U og‘zingizga sig‘maydi! Kotletlar va kesilgan piyoz doirachalari chiqib ketadi, qayla barmoqlaringizga tomadi, yuzingiz bulg‘alanadi. Bundan ko‘ra ikkita ixchamroq gamburgerni oldinma-ketin yegan yaxshimasmi — yo‘q, qayda!
Rossiyani pirojkalar mamlakati degan bo‘lardim. Pirojkada ham ko‘p ma’nolar bor, ruslarda boriga qanoat qilish xususiyati bor. Uni isitish, yonida olib yurish mumkin. Aldashga asoslangan milliy ishtiyoq unda mujassam. Men ichidagi masallig‘i xamiridan ko‘ra ko‘proq pirojkani ko‘rishni orzu qilaman. Nihoyat, unda ruslarning ishonuvchanligi ham ko‘rinadi. Pirojkani sotib olaverasan, ichida nima borligini esa bilmaysan, yaxshi bo‘lishiga ishonasan.
To‘g‘ri, gamburgerlar kelib chiqqan joy “Makdonalds” restorani, u Kanadada. “Gamburger” so‘zi esa Gamburg shahri nomidan olingan. Lekin qo‘shgamburger baribir Amerikada ixtiro qilingan.
Aytishlariga qaraganda, uch qo‘shaloq gamburgerlar ham bor emish.

QAHVA

Amerikaliklar barvaqt uyg‘onishadi. Yetti yarimda ish yoki o‘qish boshlanishi mumkin. Bunaqangi erta turgan odamning ko‘ngli hech narsa tusamaydi. Shu boisdan ko‘pchilik bir piyola qahva ichish bilan kifoyalanadi.
Krasnoyarskda xizmat safarida bo‘lganimda ishchilar oshxonasida nonushta qilayotgan bir odamga ko‘zim tushdi: stoli ustida kattagina taqsimchada limmo-lim yog‘liq borsh, vermishelli ikkita kotlet, besh bo‘lak qand, choy, oppoq non, bir stakan araq turibdi. Dahshat, deysiz.
Ishda to‘xtovsiz qahva ichiladi, qandsiz yoxud pechenesiz qora va taxir qahva. Har bir xonada qahva tayyorlaydigan mashina, shisha kuvachada doim issiq qahva tayyor.
O‘ylashimcha, ketma-ket ichib turiladigan bir piyola qahva sigaret o‘rnini bosadi. Hozir kashandalar hamma joyda ham raddi ma’raka. Universitet ijtimoiy fanlar o‘qitiladigan binodagilardan tanaffus vaqtida bor-yo‘g‘i to‘rt-beshtagina odam ko‘chaga chiqib zinalarda turgancha chekishadi. Ular uchun hatto axlatdon ham qo‘yilmagan. Sigaret qoldig‘ini kim qayerga yashirishini bilmaydi. Talabalar o‘rtasidagi chekuvchilar foizi gomoseksualist yoxud sotsialistlar foiziga yaqin.
Nega bizda ilgari xizmat vaqtida to‘xtovsiz choy ichishgan? Qiladigan boshqa ish bo‘lmagan.

ANVOYILIKLAR

Tuzlangan haqiqiy seld balig‘ini obdon qidirdim. Xantal qaylasidagi qotirilgan island seldi bankasini ochib mazasini ko‘rsang — shirin va sirkaga solingan bo‘lib chiqadi. Qalampirli qayladagi norverg bankasi ham shirin va sirkali. Laoqal o‘zimizning yevropaliklar risoladagidek tayyorlashsa bo‘lmasmikin?
Kunlardan bir kun to‘satdan “Qaymoqqa qorilgan seld”ni uchratib qoldim — tortib olinadigan, qimmatbaho, sarg‘ish rangli, xuddi o‘zimiznikiga o‘xshaydigan baliq. Men kallamni likillatib uning atrofida aylanishib qoldim, sotuvchi qoidaga xilof ravishda mazasini tatib ko‘rishim uchun undan ozgina kesib berdi. Bu yaramas ham shirin ekan!
— Dudlangan baliq sho‘r bo‘lishi kerak! — foydasi bo‘lmasa-da, sotuvchiga o‘rgatishga harakat qildim. Sotuvchi sarosimaga tushib kular va yelkasini qisardi. Mijozlariyu salomatliklari boshqacharoq bo‘lsa ularda nima ayb?
Makkajo‘xorini odamlar o‘z uylarida qovurishadi. Quruq tovaga quruq makkajo‘xori solinib obdon qizdiriladi, usti berkitib qo‘yiladi. Keyin makkajo‘xori chirsillab yoriladi, usti yopiq tovada sakrab-sakrab ochiladi va so‘ngra qotib qoladi. Ilgarigi zamonlarda safarga chiqqan hindilar haftalar mobaynida shunday tirikchilik qilishgan.
Kartoshkaning qo‘rda pishirilganini yoqtirishadi. Uni ikki bo‘lakka bo‘lib, ichiga saryog‘ yoki qaymoq surishadi-da, tushiraverishadi.
Og‘ir, kattakon, hajmi patnisga yaqinlashib qoladigan oq tarelkalarni yoqtirishadi. Deyarli pichoqlardan foydalanishmaydi, faqat sanchqi ishlatishadi, uni doimo, hatto rasmiy qabullarda ham o‘ng qo‘lda ushlashadi.
Tarvuzni ham ikkiga bo‘lib sanchqida yeyishadi. Apelsinni esa po‘stlog‘idan qoshiq bilan ajratishadi.
Sovib qolgan nonni yeyishmaydi, bu ular uchun bizdagi xom baliqni yeganday bir gap, shu tufayli uni elektr pechkada isitib yeyishadi.
Lekin barcha ichimliklarga muz qo‘shib ichishadi. Bir kuni mehmonda bo‘ldik, sovutgichga qo‘yilmagan iliqroq sharbat berishlarini iltimos qildik, qizimizning tomog‘i og‘riyotganini aytdik. Bunaqasi yo‘q ekan. Emallangan tovoqcha berishdi, shunda ilitishga to‘g‘ri keldi. Shunda bizga xuddi isitilgan benzinni ichmoqchi bo‘lgan telbalarga qaraganday tikilishdi.
Tez ovqatlaniladigan “Ponderoza” restoranida (bu yerda besh dollarga burningdan chiqquncha ovqatlanishing mumkin) muz solinmagan suv keltirishlarini iltimos qildik.
— Qanday-qanday?
— Muz solinmagan suv. Bir stakangina!
Shuncha gapdan keyin ham baribir suv emas, muz keltirishdi. Amerikaliklar qandaydir ichimlikni ho‘plab-ho‘plab ichib yurish uchun bankacha yoki shishani yarim kun ko‘tarib yurishga tayyor. Chanqadingmi, birato‘la ichib olaver, chanqamasang ko‘tarib yurib nima qilasan? Balki chanqash endigina boshlanayotgan paytdayoq uni bartaraf etar. Xullas, konfetmi, tuzlangan makkajo‘xorimi, qovurilgan kartoshkami — biror narsa bilan og‘izlari qimirlab turishini, semirishga olib keladigan ishtaha karnayligini jilovlashni istashadi.
Velosipedda uchib ketayotgan qiz, boshida shlyom, qo‘lidagi shishani birov hozir tortib oladiganday koka-koladan xo‘playdi — bu Nyu-York manzarasi.

BIR STAKAN ARAQ VA MUZ, GAZAGI MARHAMAT

Ruslarning normasi ma’lum: yigitlarga bir shisha araq, qizlarga bir shisha vino. Amerikalikning normasi qancha?
Bu savolning javobini “Oqshomgi o‘tirishingiz uchun qancha o‘tkir ichimlik kerak?” risolasidan topdim. Risolani turadigan shaharchamiz Anduz Liduorsdagi vino magazinida bepul tarqatishgandi. (Ma’lumot uchun aytib qo‘yay: Grinfildda uchta vino magazini, adres kitobi bo‘yicha yigirma oltita cherkov bor ekan.)
Tushlik oldidan 4 kishi ichadigan kokteylga 8-12 hissa drink, oqshomgi o‘tirishga esa 12-16 kishilik (bir shisha) drink qo‘shiladi xolos.
“Drink”ning qancha bo‘lishini hech kim aniq hisoblamagan. Lekin mashina haydovchilariga ikki drinkdan ortiq mumkin emas deb belgilangan. Bir hissa drinkni taxminan 40-50 gramm deb hisoblash mumkin. Demak, amerikalik butun oqshom mobaynida 150 gramm ichishi mumkin.
Shuningdek, yana amerikaliklarda “zalp” tushunchasi ham bor. Bu esa taxminan bizdagi “yuzta-yuzta” degan tushunchaga to‘g‘ri keladi. To‘g‘risi, tikka turgancha bir ko‘tarasanu yugurgilab yo‘lingga ketaverasan. Bir kuni mayxona sotuvchisidan “zalp” deganlari necha grammni anglatishini so‘rab qoldim. Bu tushuncha bir untsiya, ya’ni 29,5 grammni anglatar ekan.
Rutubatli kunlarda Amerika gangsterlari buyuradigan ikki hissali viski bor-yo‘g‘i 60 gramm ichkilikdan iborat ekan. Bizda risoladagidek hisoblangan bir shishani besh kishi bo‘lib ichishi haqida Amerikada gap ham bo‘lishi mumkin emas. Shanba kuni otdingmi — yakshanbada albatta cho‘milishga bor. Vino do‘konlari ochiq, lekin ularda spirtli ichimliklar sotishga ruxsat berishmaydi. Ba’zi shtatlarda butun kun mobaynida sotilmaydi, boshqalarida esa peshindan keyin sotiladi.
Amerika yoshlari o‘rtasida 21 raqami chuqur mazmun kasb etadi. Bu yoshga yetmaganlarga ichish qat’iyan man etiladi va mazkur masalaga jiddiy yondoshiladi.
Bizning Indianada barcha o‘tkir ichimliklar maxsus vino do‘konlari va dorixonalarda sotiladi, odatdagi supermarketlarda esa vino va pivo sotiladi. Nyu-Yorkda vaqtimda Brodveydagi aptekaga kirib qolganimda o‘rganib qolganimdek: “Sizlarda o‘tkir ichimliklar bormi?” deb so‘radim. Ular menga xuddi telbaga qaraganday tikilib qolishdi. Boshqa shtatning tartibi boshqacha.
Uning shundoqqina yaqinidagi dorixonada esa turli dori-darmonlar yonida uch litrlik kattakon chang bosgan shishalarda rom va viskilar turibdi. Ularni biror odam xarid qilganini hech ko‘rmadim. Bo‘lmasa kim olarkin ularni? Asosan boylam-boylam pivo sotib olishadi.Bog‘lamda olti yoki o‘n ikki banka bo‘lib, narxi judayam arzon. Olti banka pivo alohida sotib olgandagi bir yoki ikki banka pivoga to‘g‘ri keladi.
Eng mashhur pivo — Bad Layt. U ancha kuchsiz va sersuv. Necha darajaligini bilish qiyin, amerika pivo bankalari va shishalarida daraja ko‘rsatilmaydi. Lekin shishani ochish nihoyatda qulay. Temir qopqog‘i ko‘rinishidan odatdagiday, buradingmi – bo‘ldi, ochildi deyaver.
Pivoning yana bir alohida turi bor — Malt Liker. Malt durustgina kayf qiladigan pivo bo‘lib, uysiz xabashlar o‘rtasida juda ham mashhur. Bu atalaga o‘xshash quyqaroq, boshqa pivolarga qaraganda shirinroq va o‘tkirroq, moskvaliklarga ma’qul kelib qolgan, “Oq ayiq” va “Amsterdam” pivolariga o‘xshab ketadi.
Musallas ham oqshom o‘tirishlarida pivo va limonadlar bilan yonma-yon turadi, lekin xalq o‘rtasida unchalik e’zozlanmaydi. Kaliforniya musallasi arzon, shishasi uch dollar turadi, lekin sifati pastroq. Import musallaslar, ayniqsa, frantsuz va italyan vinolarining narxi darhol ko‘tarilib ketadi, yetti-to‘qqiz dollar.
Lekin oddiy odamlar uchun spirt qo‘shilgan uzum va olma sharbatlari bor. Ular “20/20” deb yuritiladi va to‘rtburchakli shisha idishlarda sotiladi, darajasi 18. Bu bizdagi portveynlarga o‘xshab ko‘ngilga tegadigan va yopishqoq emas, lekin yaxshigina kayf beradi. Ishonchim komilki, bizda bu ichimlikni xalq suyub iste’mol qilgan bo‘lardi.
Istagan magazinda bir turdagi ichimliklar matreshka o‘yinchoqlaridek saf tortib turishadi. Ichimliklar gallon (uch-u o‘ndan bir litr), yarim gallon, nolu yetti, uch yuz ellik grammlab o‘lchanadi va shu tariqa ketaveradi, juda qulay.
Umuman olganda amerikaliklar odamlar orasida, restoranlarda juda kam ichishadi, ichmaslikka harakat qilishadi. Hech kim man etmaydi, olayib ham qaramaydi, iloji boricha o‘zlarini ichmaydigan qilib ko‘rsatishadi. Bizda esa teskarisi — iloji boricha o‘zini ichadigan qilib ko‘rsatadi.
Universitet gazetasi xabaridan: “Umummilliy miqyosda o‘rta hisobda barcha talabalarning 24,5 foizi haftasiga hech bo‘lmaganda bir marta ichishadi. Bizning universitetimizda bu raqam 85 foizni tashkil etadi. Universitet kichikroq, atrof bilan muomala doirasi torroq bo‘lganligi uchun talabalar ichishni afzal ko‘rishadi: 71% — pivo, 28% — kokteyl, 12% — o‘tkir spirtli ichimliklar, 14% — vino ichisharkan”.

POLISIYa

Birinchi marotaba politsiya qo‘liga tushib qoldim. Tezlikni oshirib yuboribman.
Qorong‘ilikda to‘satdan orqangdan kuchli qizil-ko‘k chiroqlarni pirpiratib yo‘l chekkasiga chiqishni buyurishganida vujudingni vahimali tuyg‘ular egallab “meni to‘xtatishmoqchimi?” degan savol paydo bo‘larkan.
Lekin mashinadan chiqish — orqaga, politsiyalar oldiga yugurgilab borishning hojati yo‘q, hatto bu narsa taqiqlanadi. Sening oldingga o‘zlari kelishadi, chap yelkang yonida turganlaricha hujjatlarni tekshirishadi, zarurat bo‘lgan taqdirda politsiya mashinasiga o‘tirishingni iltimos qilishadi.
Ularning qo‘liga tushib qolishni o‘zim maxsus kutayotgandim. Haydovchilik guvohnomamni tekshirmoqchi edim. Yigirma yil avvalgi yosh vaqtimdagi rasmim yopishtirilgan, ruscha so‘zlar qing‘ir-qiyshiq qilib qo‘lda yozilgan haydovchilik guvohnomamni allaqachon plastik kartochka shaklidagi guvohnomaga almashtirishim lozim edi.
Politsiyachi guvohnomamga tikildi, lekin hech narsa anglamadi, ratsiya orqali men haydayotgan mashina qora ro‘yxatda bor-yo‘qligini aniqladi-da, qaytarib berdi (bunaqa paytda olinadigan 60 dollarlik jarimaga qog‘oz yozib berdi). Bundan chiqdi, mening haydovchilik guvohnomam Amerikada o‘tarkan-da! Amerika mana shunday mamlakat!
Ularning politsiyachilari ham semiz va sekin harakat qilishadi. Lekin ularning qorinlari tepaga kamar bilan sirib tortib qo‘yilgan, biznikilarniki esa pastga osilib turadi. Formalari eskicha. Bizdagi politsiyachilarning oq-qora rangli belburma kamzullari ularni xotin kishilarga o‘xshatib qo‘yadi.
Mashinalardagi qizg‘ish-ko‘kish pirpiraydigan chiroqlar faqat hukumat a’zolarida bor, militsiya va tez yordamda faqat ikkinchi nav ko‘k chiroq. Amerikaliklarda esa teskarisi, bu politsiya va “tez yordam”ga hurmat.

HAMMA JOYDAGIDEK

50-yillarning oxirlaridagi bizdagi bog‘chali uylarimizni ko‘z oldingizga keltiring, ularni oq rangga bo‘yab qo‘yilganini tasavvur qiling. Bu Amerikadagi kambag‘allarning uylariga o‘xshaydi. Bunday uylar biz yashayotgan Grinfildda bir necha mavzeni tashkil etadi.
Soyabonli zinapoya va peshayvonsiz, ko‘chaga qaragan bir juft parda osilgan derazali, mashinasi yer ostiga tushirib qo‘yilgan. Har xil ashqol-dashqollar mashina qo‘yiladigan joy orqasiga uyib qo‘yilgan. Chunki bularni qo‘yadigan risoladagidek garaj yoki omborxonalari yo‘q. Bunday uylar kerosin, do‘konining qayta ta’mirlanganiga o‘xshab ketadi.
Lekin ko‘rinishdan hammasi joyidaga o‘xshaydi. O‘tlar tekislangan, to‘shama yo‘l pokiza, hovlida arg‘imchoq u yoqdan-bu yoqqa borib kelyapti. Kiraverishning tepasida esa deyarli hamma joydagidek Amerika bayrog‘i hilpirab turibdi.

G‘ILDIRAKLAR USTIDAGI UY

Agar kun bo‘yi katta ko‘chalardan yurguday bo‘lsang, o‘ndan ortiq marotaba odatdagidan boshqacharoq yuklarni uchratasan. Uning oldi va orqa tomonlarida ixcham yuk mashinalari tepasiga: “Nogabaritli yuk” ogohlanturuvchi yozuvini osgancha ohista yurib boradi. Ularning o‘rtasidagi shatakchiga esa g‘ildiraklar ustidagi uy ortilgan. Uy oppoq va uzun, eni deyarli butun ko‘chani egallaydi. Uni yuragingni hovuchlab quvib o‘tasan.
Biror odam yo yangi uy sotib olgan yoxud eski uyini shatakchiga ortib yangi joyga ko‘chiryapti. Mo‘ljallangan manzilga yetib olgach, g‘ildiraklarni olib tashlab, uyni o‘rnatadi, teshik-tuynuklarni berkitadi, uyga elektr, gaz, suv olib kiradi, mashinasini uyning yoniga qo‘yadi-da, yashayveradi. Tabiiyki, egallangan joyining hujjatlarini rasmiylashtiradi.
Bunday uyda odatdagi uylardagi hamma narsalar: vannaxona, konditsioner, yotoqxonaning hammasi bor. Ikkinchi qavat va yerto‘lagina yo‘q, xolos.
Odam bunday uyda bir yil yashaydimi, uch yil yashaydimi, yangi ish topganmi yoxud bu yerlar shunchaki ko‘ngliga tegdimi — uyga g‘ildirakni o‘rnatadi, hisob-kitobni joyiga qo‘yib, shatakchi yollab jo‘nab ketaveradi. Bu joydan u va bolalari tomonidan bosilgan o‘tloqzor qoladi, xolos. Bu uyning egasi unchalik kambag‘al emas, ko‘chirib yuriladigan uy ham unchalik arzon emas. Albatta, o‘ta badavlat odam bunday uyni sotib olmaydi. Lekin yoshlarga, kamsonli oilaga bunday uylar juda asqotadi. Shunday uyni sotib oldingmi, demak, o‘z uying o‘lan to‘shaging bor. Garchi g‘ildiraklar ustidagi uyda istiqomat qiluvchilar hayoti daydilar hayotini yodga tushirsa ham ular yaxshi kunlarning kelishiga ishonch bilan yashaydilar.

TALABALAR

Amerika talabalari kam o‘qishadi. Kafedra yig‘ilishida o‘z guruhimdagi talabalarning barchasidan “Aka-uka Karamazovlar”ni to‘la o‘qib chiqishlarini talab qilishimni aytganimda hamkasblarim gapimga ishonishmadi. Bu narsa ular uchun oddiy maktab o‘quvchilarini jismoniy tarbiya darsida o‘n kilometrlik masofaga chopishga majbur qilishday bir holat bo‘lib tuyuldi. Holbuki, mazkur kurs rus adabiyoti bo‘yicha maxsus guruh edi.
Ikki-uch kishigina o‘qibdi. Boshqalar kitobni to‘la o‘qib chiqishga vaqtlari ham, imkoniyatlari ham yo‘qligini aytishdi, asarning ayrim qismlarini o‘qib qo‘yaqolishni iltimos qilishdi. Natijada ularga yon berishga to‘g‘ri keldi.
Lekin talabalar ko‘p yozishadi. Universitetimizdagi to‘rt yillik o‘qish mobaynida ular 31 dan ortiqroq kurs tinglashadi, bulardan o‘ntasi tanlangan asosiy kasbga bevosita aloqador, boshqalarini esa talabalarning o‘zlari tanlashadi. Har bir kursda talabalar uch marotabadan nazoratdan o‘tishadi. Bu oralik imtihoni, uy inshosi va yakuniy imtihondan iborat. Uchchalasidan umumiy baho chiqariladi. A — eng yuqori baho, minusli A — undan pastroq. V — taxminan bizdagi to‘rtga to‘g‘ri keladi va shu tariqa davom etadi. Deyarli barcha tekshiruvlar yozma ravishda bo‘ladi. O‘rtaga ikki-uch masala tashlanadi. Talabalar bulardan birini tanlab oladi-da, auditoriyada yoxud uylarida bu masalaga javob topadilar. Bu masalalarni muhokama qilish, zarurat tug‘ilsa, bahslashish ham mumkin.
Baholarni hammaning oldida e’lon qilish shart emas, bu bilan birovlarning nafsoniyatiga tegish mumkin. Hammaning oldida maqtash ham, tanbeh berish ham mumkin emas, zero o‘qish har kimning xususiy ishi hisoblanadi. Hamma narsa professor xonasida yakkama-yakka muhokama qilinadi. Sirasini aytganda professor talabaning yollangan ishchisi hisoblanadi, ma’muriyat esa ular o‘rtasida vositachi sanaladi.
Bizning xususiy va anchagina qimmat universitetimizda talaba yiliga o‘qish uchun 14 ming dollar, yotoqxonada yashash va ovqatlanish uchun esa 4 ming dollar to‘laydi. Bunday mablag‘ to‘lab qo‘ygan talaba esa o‘ziga e’tibor bilan qarashlarini talab etishga haqli. Shunisi ham borki, hamma talabalarning 60 foizi qaysidir shaklda moliyaviy yordam olib turadi.
Bizda bir professorga o‘rtacha 12 talaba to‘g‘ri keladi. Bu esa auditoriyadagi professorning holatini kontsert zalidagi yakka xonanda holatiga yaqinlashtirib qo‘yadi. Davlat universitetlarida bu nisbat yanada kattaroq. Auditoriyadagi talabalar shu qadar ko‘pki, professorga yaqinlashishning sira iloji yo‘q, lekin o‘qish haqi ancha arzon.
E’tiborli xususiy kollejni bitirgan yoshlarning ish topishi osonroq. Agar sen o‘qishga boshqalardan ko‘proq to‘lagan bo‘lsang, hech kim seni boshqalardan ko‘ra aqlliroq va qobiliyatliroq demaydi. Barcha holatlar e’tiborga olinadi. O‘qish sifati, mansabga intilish (o‘qishga ko‘p pul sarfladingmi, demak, ishlashga ham ishtiyoq shunchalik zo‘r ekan-da), mustaqillik qobiliyating, kursdoshlar ichida ajralib turishing, tafakkur iqtidoring — hamma-hammasi e’tiborga olinadi.
Turli kursdagi talabalarning nomlari turlicha ataladi: freshmen, sofomor, junior, sener. Talabalar endigina o‘qishga kirishlari bilanoq, o‘zlariga ish qidira boshlaydilar. Muayyan kunlarda universitetga mafaatdor kompaniya va muassasalarning vakillari kelishadi. Talabalar ular huzuriga “intervyu” deb atalgan suhbatlarga kirishadi. Yo bo‘lmasa talabalarning o‘zlari e’lonlar bo‘yicha ish qidirishadi, ko‘pincha intervyu uchun boshqa shtatlarga ham borib kelishadi. Xatlariga firmalardan javoblar olishadi (o‘nta murojaatning to‘qqiztasi, odatda, javobsiz qoladi). Intervyu uchun taklif etilishning o‘zi katta muvaffaqiyat hisoblanadi. Universitetni bitirish bilanoq, o‘z sohasi bo‘yicha ish topish ulkan omad sanaladi.
Talaba odatdagi maykasi va beysbol shapkasi o‘rniga sipo kostyum-shim kiyib olgan, odatdagidan ko‘ra rangi o‘chganroq va xayolparastroq ko‘rinsa, bilingki, u mashg‘ulotlardan keyin intervyuga boradi.
“Tarjimai holi”ni yozishi va u bilan tanishishi lozim odamlarga tarqatishi zarur. Uni qanday yozish, boshqalar e’tiborini o‘ziga qanday tortish uning shaxsiy ishi. Intervyu vaqtida o‘zini qanday tutish to‘g‘risida juda ko‘p qo‘llanmalar yozilgan.
Hali hayotda ko‘p narsani ko‘rmagan yigirma yoshlik yigit o‘zi to‘g‘risida qanday maqtov gaplarni yoza olishi ham mumkin. Testlarda olgan yaxshi baholaridan tashqari (firmalar albatta bu narsaga diqqatlarini qaratishadi) o‘zining ijtimoiy faolligini ta’kidlagan ma’qul. Chet elga borgani, Salvador yoki Gvatemalada bemorlarga yordamlashganini yozsa yanada yaxshi. Bu uning ijobiy tomonlariga o‘tadi. Demak, u chaqqon, dunyoqarashi keng, qora ishlardan cho‘chimaydigan odam degan taassurot qoldiradi. Biror sport komandasiga yoxud talabalar kengashiga a’zoligingni aytsang yana ham soz. Bularning ustiga rahbar bo‘lganingni bilishsa, qadring yanada oshadi. Yotoqxonadagi tartibga qaragan bo‘lsang ham, biror gunoh ish qilib qo‘ygan talabaning axloqini tuzatishga hissa qo‘shgan bo‘lsang ham ma’qul ish qilgan bo‘lasan. Ishga qabul qilmoqchi bo‘lgan firma bularni muqarrar ravishda hisobga oladi. Demak, bu bola talabalik yoshidayoq rahbar bo‘lib ishlagan degan xulosa chiqaradi.

PROFESSORLAR

Professor kurs boshlanishi oldidan talabalarga qo‘yiladigan talablar, materiallarni o‘tish, imtihon va adabiyotlarni so‘rash tartibi “sillabus”ni yozma ravishda e’lon qiladi. Qizig‘i shundaki, talabalar to birinchi mashg‘ulotgacha bu “sillabus” bilan tanish bo‘lmaydilar. Ular o‘zlari xohlagan kurslarini katta ro‘yxatdagi qisqa nomlarga qarab belgilaydilar.
Professorlarning o‘zlari esa kurslarini tugatish oldidan sinab ko‘riladi. Yosh o‘qituvchilar, hali universitetda o‘zini unchalik ko‘rsata olmagan domlalar esa har bir kursdan keyin muqarrar ravishda imtihon topshirishadi. Lekin tajribali professorlar ham har uch semestrda tekshiruvdan o‘tkazib turiladi.
Talabalar turli ko‘rsatkichlar bo‘yicha maxsus so‘rovnomada professorlarga baho qo‘yishadi. Bunday ko‘rsatkichlarga professorning dars berishi, mashg‘ulotni rejalashtirishi, talabalarni bilimga qiziqtira olishi, materiallar bilan talabalarni qo‘llab-quvvatlashi, yordam berishi va hurmat singari omillar kiradi. Bularga qo‘shimcha ravishda talaba o‘z istaklarini erkin tarzda ilova qilishi mumkin. So‘rovnoma qog‘ozlarini biror o‘qituvchi yig‘ib oladi-da, konvertga berkitib dekanatga topshiradi. Tabiiyki, talaba bu so‘rovnomaga imzo chekmaydi. Lekin o‘qituvchi istasa, o‘zi haqida salbiy fikr bildirgan talabani xatiga qarab tanib olishi hech gap emas. Zero yarim yillik o‘qish mobaynida talabaning xati o‘qituvchiga ma’lum bo‘lib qoladi.
Ikki haftalar ichida so‘rovnomaga raqamlar asosida berilgan javoblar – g‘oyat aniqlik bilan ishlab chiqilgan qog‘oz qo‘lga tegadi. Qog‘ozdagi qo‘shuv alomati boshqa professorlardan kuchliroq ekanligingni, oluv alomati kuchsizroq ekanligingni, nol esa umuman darajada — o‘rtacharoq ekanligingni ko‘rsatadi. Oradan bir necha yil o‘tib, universitetda doimiyga qolish yoki qolmasliging masalasi qo‘zg‘alganda bu qog‘ozlar hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Doimiy ishga qabul qilinishi bilanoq, professorning oyligi keskin ko‘tariladi. AQShdagi besh yillik xususiy universitetlarda “to‘la professor”ning o‘rtacha oyligi 80 ming dollarni, dotsentniki 53 ming, assistentniki 45 ming dollarni tashkil etadi. Davlat universitetlarida esa “to‘la professor” o‘rta hisobda 63 ming dollar maosh oladi. To‘rt yillik kollejlardagi maoshlar bundan kamroq: xususiylarida 54 ming, davlat kollejlarida 48 ming dollarni tashkil etadi.
Taqqoslash uchun aytib qo‘yay: biz yashayotgan joylarda mebelli uylarni 500 dollarga ijaraga olish mumkin, bir kishining ovqatlanishiga 200 dollarga yaqin, mashinani bir oyga ijaraga olish 350 dollarga tushadi. 80 mingga esa uncha katta bo‘lmagan shinamgina uy sotib olish mumkin.
Kafedradan doimiy joy olish uchun kurash ko‘pincha janjalga aylanib ketadi. Ish sudgacha yetish holatlari ham uchraydi. Kafedradan o‘ziga joy topolmagan odamlarning eng sevimli dalilu quroli boshqalarni tahqirlash. Bunday paytda muayyan odamning qoraligi, ayolligi va marksistligi o‘rtaga tushaveradi. Yoxud hatto buning teskarisi bo‘lgan tahqirlash holatlari ham uchraydi. Universitetlarga kirish vaqtlarida negrlarga rasman imtiyoz berilgan paytlarda shunday bo‘ladi, oqlar ikkinchi planga tushib qoladi.
Lekin sen universitetga doimiylikka qabul qilingan bo‘lsang, juda kam uchraydigan istisnolardan tashqari holatlarda nafaqaga chiqquningcha seni hech kim ishdan bo‘shata olmaydi. Yillik ta’tillardan tashqari, har yetti yildan keyin bir yil mobaynida barcha mashg‘ulotlardan ozod qo‘yilasan, maosh to‘la saqlangan holda qayerga ketsang ketaverasan.

JASUR JOAN

Universitetda qaysidir tantanaga bag‘ishlangan oqshomgi o‘tirish. Ikki yuz chog‘li butun professorlar tarkibi uchun stollar bezatilgan. Yig‘ilganlar ikki yoki uch kishidan bo‘lib marosim boshlanishini kutishmoqda. Shunda to‘satdan xuddi komanda berilganday, odamlar o‘z stollari atrofida doira tashkil etishadi. Shunday turgancha qo‘llarini qorinlaridan pastroqqa qo‘yishadi, boshlarini egib, ko‘zlarini yumishadi, shu alpozda yarim daqiqalar chamasi turib cho‘qinishadi-da, keyingina joylariga o‘tirishadi.
Men ham doiraga turdim, lekin qo‘limni qo‘ymadim, boshimni egmadim. Shu tufayli Joan ham boshini egmay turganini ko‘rdim. Aksincha, u lablarini tishlagancha og‘zini ohista chapillatib turibdi. Uning bu holati boshqalarning telbanamo qilig‘ini ko‘rganda ajablanayotgan odamning holatiga o‘xshaydi. Joan ikkalamiz bir-birimizni tushunganday qarab qo‘yamiz. Qoyil, Joan. Lekin ehtiyotkorroq bo‘lsang bo‘lmasmikin?
O‘zim esa universitetda doimiy qolish uchun harakat qilayotgan bo‘lsam nima qilardim? Bilmadim-u, ammo lozim bo‘lsa bo‘ri bo‘lib uvillashga ham rozi edim.

HAMMALARI HAM TUShUNIShADI, FAQAT RUSChA HECh NARSA DEYIShA OLMAYDI

Talaffuzimni eshitganlar qanday gapiryapti bu o‘zi, deganday hayron bo‘lishadi. Amerikacha gapirishdan iloji boricha o‘zimni olib qochib, inglizcha gapirishga harakat qilaman. Lekin lablarim bir-biriga yopishib qolganday.
Amerikalik ayoldan bir kuni so‘rab qoldim: “Ruscha nutq boshqalarga qanday eshitiladi? Men buni chekkadan turib kuzata olmayman”. U sal cho‘chchaygan lablari bilan “Ap-ap-ap” dedi.
Men uchun amerikalik ayollarning nutqi tomga yopiladigan tunukaning shaqir-shuquriga o‘xshaydi. Erkaklar nutqi esa kekkaygan qarg‘aning qag‘illashiga o‘xshab tuyuladi. Britaniyadagilarning inglizcha so‘zlashuvlari muloyimroq hiqichoqqa o‘xshab ketadi.
Rus tili bolalarcha tilni chuchuk qilib gapirishga mos keladi, ingliz tili esa ming‘irlab gapirishga qulay.
Ular durustroq so‘kinishni ham bilishmaydi. So‘kinishga ketadigan energiyalari “eh, shayton!” singari bir-ikki so‘z bilan tugaydi qoladi.
Faqat chet elda yashaganingdagina tilning moslashuvchan va muloyimligini his etasan. O‘zingda rus foniga o‘ralgan yangi iboralar, urg‘ular paydo bo‘lganini his etasan. Rus muhojirlari, ayniqsa, ularning bolalarida quloqqa yoqimsiz eshitiladigan jargonlar paydo bo‘libdi. Agar ahvol shunday davom etaversa, pirovardida ne bo‘larkin?

TAQIQLANGAN SEVGI

“Kostyumingiz juda chiroyli ekan”, — dedi Sara barmoqlari bilan sekingina ushlab ko‘rib. Darhaqiqat, yaxshi kostyum, qoramtir-ko‘kish, tvitdan tikilgan. Odatda mashg‘ulotlarga uychi kiyimda ketaveraman, universitet yaqinginada, mashinada biror daqiqalarda yetib kelaman. Bugun esa bashang kiyinib olganman.
Saraning o‘zi darslarda hurpaygan jundan tikilgan kuzgi kamzulini yelkasiga tashlab o‘tirishni yoqtiradi. Sovqotmadimi deyman. Darsda faol qatnashadi, uyalmaydi. Qachondir u Rossiyadagi milliy masalani tobora torayib borayotgan sirtmoqqa o‘xshatgandi. Qoyil, u fikrlaydi.
Saraning yuzi chiroylikkina, kelishgan gavdasini jinsi berkitib turadi. Darsdan keyin shoshilmasdan bir o‘zi jo‘naydi, yonida biror dugonasi ham, biror yigit ham bo‘lmaydi.
Nazarimda men Saraga yoqadigandayman. U ham menga ma’qul. Balki undan yaxshiroq qizlar bordir, lekin ular uzoqroqda, u partaning narigi tomonida, yonginamda o‘tiradi va menga qarayveradi.
Hamkasbim Bab professorning ishdan haydalishiga ikki xil g‘ayriodatiy sabab bor deb tushuntirdi. Bular pora olish va talabalar bilan intim munosabatlardir. Porani hech kim olmasa kerak, chunki maosh shundoq ham baland. Ikkinchi masala bo‘yicha esa professorlar obdon nazorat qilib turiladi. Ishda va o‘qishda bu masala butun jamoatchilikning doimo diqqat markazida turadi. Boshqacharoq qaradingmi yoxud ortiqcha so‘z otdingmi, tamom — bu “jinsiy xiralik” deb baholanadi, universitet nomus sudiga tushasan va tamom bo‘ldim deyaver.
Bizda bu narsani “badaxloqlik” deb ataladi, bu yerda esa mazkur holat yaxlitlikning buzilishi deb yuritiladi. Topib aytilgan so‘z bu. Talaba qiz bilan yaqinlikni hech kim qandaydir qat’iy talablarning buzilishi deb baholayotgani yo‘q. Lekin sen talaba bilan yaqinligingni yashirishing kerak. Demak, sen ikki bo‘lakka bo‘linib ketding, bir bo‘laging barcha uchun ochiq, bir bo‘laging esa ular uchun sir. Demak, sendagi “butunlik” buzilgan.
Ha, shunaqa, Sara. O‘rtamizda biror narsa bo‘lishi mumkin emas, Sara. Bir-birimizga tikilib yuraveramiz. Men xotinim yetib kelguncha, sen qishki ta’tilga chiqquninggacha.
Bu qishloq emas. Manzara ham bizga xalaqit beradi. Tep-tekis usti qirqilgan, orasida hech narsani yashira olmaydigan daraxtlar bo‘lgan maysazorlar, bog‘siz va devorsiz sipo uylar.
To‘g‘ri, mening hamkasbim va oshnam Oleg Andreich Aniskin sen bilan shundoqqina sinf xonasidayoq do‘stlashib olgan bo‘lardi. Mayli, u kelsin va sinab ko‘rsin.

YIGITChALAR VA QIZLAR

Amerika talabalari odobsizroq, professorlar bilan betakalluf gaplashishadi deb hisoblashadi. Men bunday demagan bo‘lardim. Mening oldimda hech kim oyoqlarini partaga qo‘yib o‘tirgani ham, birortasi yelkamga qoqib ham qo‘ygani yo‘q. Binoyidek, odatdagidek yigitlar. To‘polon ham qilishmaydi. Oldilariga koka-kola yoxud mineral suv bankasini qo‘ygancha darsda o‘tirishadi.
Talabalarning shahvoniy intilishlari unchalik kuchli emasday tuyuldi menga. Qandaydir hammalari hissizday. O‘rindiqlarda o‘tirib olganlaricha o‘pishishayotgan yoshlarni biror marotaba ham ko‘rmadim. Hamma o‘z holicha xuddi chumolilardek maysazorlarda sayr etadi.
Bizning MDU da o‘qiydigan qizlar ularga qaraganda bashangroq kiyinishadi, ulardan atrofga o‘tkir hidlar taraladi, davra uchun portveyn ichishdan ham tap tortishmaydi. Bu orada esa ko‘pincha krossovka, kalta shim, mayka, beysbol shapkasi kiyib yurishadi. Basketbol o‘ynashadi, mashq zallarida jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishadi, qizlar va yigitlarning yotoqxonalaridagi dushlarda yuvinishadi. Ular “aka-singillik”, “opa-ukalik” maqomida alohida yotoqxonalarda yashashadi.
Amerika yoshlari basketbolni g‘oyat yoqtirishadi. Basketbol to‘ri faqat maxsus maydonlardagina emas, deyarli barcha hovlilarda osig‘liq turadi. O‘ziga jalb etuvchi basketbol to‘rining teshigini o‘n, yigirma, ming marotaba nishonga olish amerika o‘spirinlarining jazavasini qo‘zg‘atadigan ishtiyoq. Kelajak kurashlarga, g‘alabaga ular o‘zlarini ana shunday tayyorlashadi.
Soat 23 dan keyin yigitlar qizlar yotoqxonasini, qizlar esa yigitlar yotoqxonasini tozalab berishga majburlar. Yigitlarning hammasi o‘ttiz kishi bo‘lib devor bo‘ylab ishlangan uch qavatli so‘rilarda, qopko‘rpalarda uxlashadi, katta xonaning derazasi ochib qo‘yiladi. Bir kuni mehmonda bo‘lganimda ko‘rganman, bunday uxlash foydali. Bundan tashqari har birining yana boshqa xonasi ham bo‘ladi. Bu odatda ikki kishilik xonalar. Bularni mashg‘ulot o‘tkazish va dam olish uchun asrab qo‘yishga intilishadi.
Shaharda talabalarning alohida yashashi tavsiya etilmaydi, universitet istisno tariqasidagina bunga ijozat etishi mumkin. Hech kim alohida yashashga intilmaydi ham — zerikarli.
Kichik shaharlarda ishqiy sarguzashtlar bilan odamlar nigohidan panaroqda — mehmonxonalarda shug‘ullanishadi. Huzur-halovatning turlari esa ko‘p. Juma kuni kechqurun biror qiz bilan uzoq-uzoqlarga jo‘naysan, muzikaga mast bo‘lasan. Mashinani qo‘yib pivo ichish, televizor ko‘rish, tunni xush kayfiyatda o‘tkazish, oppoq sochiqlarga artinish, shanba kuni tushlikkacha yo‘lda joylashgan Disneylend yoxud bizonlar bog‘ini tamosha qilish, ko‘ngil tusagan ne’matlar bilan ovqatlanish, muzqaymoq yeyish mumkin. Shundan keyin uyga, mashg‘ulotlarga qaytib ketaverasan.
Bularning barchasi uchun eng kerakli narsa mashina. Amerika o‘spirinining yigit bo‘lib yetishib qolganligi birinchi navbatda mashina bilan bog‘liq: mashinaga muhabbat, mashinadagi muhabbat, mashinada muhabbat.

NASRONIYLAR BAYRAMI

Nasroniylar bayrami arafasida dekanning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Jim uyiga taklif etdi. O‘n besh kishicha edi. Chamasi bular xizmat yo‘li bilan yoxud Jimga shaxsan yaqin odamlar edi. Masalan, uning kotibasi eri bilan kelishgandi. Ularda takabburlik yo‘q.
Ozroq-ozroq musallas ichdik, ovqatlandik. Oshxonaga kirib kim nima yeyishni istasa shuni qo‘liga oldi.
Keyin asosiy narsa boshlandi. Taklif etilganlar keng, yumshoq divanlarga joylashishdi. Jim royal yoniga o‘tirdi, oldiga bayram kunlari aytiladigan ashulalar yozilgan qalin kitobni ochib qo‘ydi. Ashula boshlandi. Yaxshi aytishayapti, ovozlari ham bir-birlariga mos kelyapti. Ochiq turgan kitobga ham qarashmaydi. Chamasi bunday dam olish birinchi yili emas, shekilli.
Bir ashulani tugatishgach, qaysinisini aytishni kelishib olishadi.
— Kel, yigirma beshinchini ayta qolaylik.
— Yo‘q, eplay olmaymiz. Erkak ovozi kamroq. Yaxshisi, o‘ttiz birinchini ayta qolaylik, keyin elliginchini, “Xudoning Siondan tushib kelishi”ni aytaylik.
Ikki soat mobaynida to‘xtovsiz ashula aytildi. Men faqat bir joyda, “Alliluyya!” so‘zi qaytariladigan o‘rindagina ashulaga qo‘shilib qo‘ydim. Bizda esa bunaqa paytlarda “Oy, moroz, moroz!” so‘zlari takrorlanadi.
Hamkasbimiz yashaydigan mavze markazidagi butun yo‘lka bo‘ylab ikki qator qilib qog‘oz paketchalar qo‘yilgan, ularning ichida shamlar. Kechqurun yoqib qo‘yishdi. Ularning umumiy uzunligi ikki-uch kilometr keladi. Ular nasroniylar bayrami ashulalari aytilishi sharafiga qo‘yilgan. (Bugun 7 dekabr, bayramga esa hali ikki hafta vaqt bor.)
“Qaysi telba odam bularni ataylab qo‘yib chiqdiykin?” — degan fikr xayolimdan o‘tdi. Ertalab qarasam, yo‘l xizmatchisi eni odam yelkasiday keladigan ixcham mashinada yurib yig‘ishtirib ketayapti.
Bu mashinkani shamli bayram paketlarini yig‘adigan maxsus mashina deyishsa hayron bo‘lmasdim.
Mahalliy mehmonxonada bayram arafasida pryanik tayyorlanadigan un, shokolad plitkalari va konfetlardan butun boshli uycha yasashibdi. Uyning bolalar bo‘yicha keladigan deraza va eshiklari ham bor. Ustiga chiqa olsang bir chekkasidan ushatib yeyaver.
Bir ayol qulog‘imga shivirlab qo‘ydi: “Butun dunyoda odamlar ochlikdan o‘lib ketayaptiyu bular esa nima balolarni o‘ylab topishadi”.
Ular nasroniylar bayrami vaqtida qor yog‘ishini judayam yoqtirishadi. Qor esa bunaqa paytlarda ularda juda kam yog‘adi. Paxtadan qor yasashga to‘g‘ri keladi.

SOTIB OL! OLAQOL!

Bizda hech qachon pol lattalari sotilganini ko‘rgan emasman. Har kim har xil narsadan uni yasab olaveradi. Bu yerda turli-tuman pol lattalaridan istaganingizni tanlab olaverasiz, qimmatrog‘i deysizmi, arzonrog‘i deysizmi?
Kaminlarga o‘tin yoqishadi. O‘tinni esa tsellofan xaltachalarga solib qo‘yilgan holda univermagdan sotib olasiz. U televizor yonida turardi. Odatda kamin yonida televizor ko‘rib o‘tiriladi. Kaminlari oddiy emas, issiqqa chidamli, zich yopiladigan eshikchali. Hidi ham burningni achitmaydi.
U o‘zini narsalar bilan o‘rab oldi deyishadi. Men u narsalar bilan do‘stlashib qoldim degan bo‘lardim. Lekin bu boshqa narsa. Misol uchun sharti ketib parti qolgan stol lampasi, shapka bilan do‘stlashib qolish mumkin.
Amerikaliklarning aksariyati narsalar bilan o‘zlarini o‘rab olishadi, lekin ular bilan do‘stlashishmaydi.
Qancha ko‘p sotib olsang, shuncha ko‘p iqtisod qilasan. Bu televideniye reklamasi. Lekin bu gapda jon bor. O‘n dollarga narsa sotib olsang bir dollar yutasan, yuz dollarlik xarid qilsang o‘n dollar yutasan.
Supermarketdan chiqib kelyapmiz. “Men kuponlardan olti dollar iqtisod qildim” deydi iftixor bilan hamkasbim. (Kuponlar daftarchasi kiraverishda turadi, uni har haftada yangilashadi. Tanlangan molingga yarasha kuponni yirtib olasan-da, hisob-kitob uchun kassaga uzatasan va senga ozroq chegirim qilishadi). Agar chegirim qilinishi haqidagi xabar bo‘lmaganida umuman sotib olmagan, bu haftada salfetka yigirma tsentga arzonlashganini bilmagan va sotib olishni xayolingga keltirmagan bo‘larding.
Bu bayramoldi savdosi.
Olato‘polon 31 oktyabrda, dahshatli lotoreyalar o‘ynash kuni o‘tishi bilanoq boshlanadi. Uning avj pardasiga ko‘tarilishi noyabr oyining o‘rtalariga — Minnatdorlik kuniga to‘g‘ri keladi. Nasroniylar bayramiga bir hafta qolganda esa magazinlar oldidagi mashinalar to‘xtash joyiga yaqinlashib bo‘lmaydi.
Har yili odamlar tug‘ishganlarimga nima sovg‘a qilsam ekan deb o‘ylab qoladi. Nima o‘ylab topsam ekan? Magazinlar va reklama shu paytda gij-gijlaydi va yordamga keladi:
Nasroniylar bayramini munosib qutib olaylik!
Bayram kunlarida ko‘r-ko‘rona sovg‘a ulashishlarni jinim suymaydi. Umuman olganda sovg‘a tarqatishni. Hamma joyda sovg‘a qog‘ozlari, lentalari uyulib yotadi, kinoyaomuz kulgilar ko‘payadi. “Keraksiz narsani sovg‘a qilishibdi…” Mening unga qilgan sovg‘am o‘n besh dollar qimmatroq edi…
Sotib ol! Olaqol! Sotib ol!
Men esa sotib olmayman.

MEShChANLAR

Men hamon o‘ylashda davom etaman: Amerikadagi nima menga yoqmayapti? Ba’zi mayda-chuydalardan boshqa hamma narsa xuddi o‘zimizdagiday. Bu mayda-chuyda narsalarni Amerikada yashab ko‘rmagan odam tushuntirib bera olmaydi. Ularda ham biznikiga o‘xshagan, faqat biznikidan ko‘ra rivojlanganroq meshchanlikni ko‘raman. Mamnunlik, arzimas narsalarga jazavaga kelish, jiddiy narsalarga bepisandlik menga yoqmaydi.
Amerikaliklar muvaffaqiyatli amalga oshirilgan meshchanlik g‘oyasi deyish mumkin. Ularning barchasi moddiy ne’matlarni yaxshiroq iste’mol qilish g‘amida. Tishlari g‘oyat mustahkam, iste’mol qilishga qodir.
Kommunistlarimiz tomonidan G‘arbning tanqidi judayam jo‘n, lekin ularda haqiqat nishonalari ham bor. G‘arb odamlardagi qoniqish ruhini bo‘g‘adi. Bizda odamlarimiz ezilgan bo‘lishsa-da, buning boshqa tomoni ham bor, ular ko‘p iztirob chekishgan bo‘lishsa-da, ruhlarini saqlab qolishgan. Yetishmovchilik ruhni mustahkam saqlaydi, uni xotirjam bo‘lmaslikka undaydi.
Boshqa shaharga borib o‘qigan ma’ruzalarimning biridan keyin oshxonada bir yigit va qiz talaba bilan o‘tirganimda ulardan so‘rab qoldim:
— Xo‘sh, sizlarga Amerikadagi nima yoqmaydi?
— Nima desam ekan… — yigit o‘ylanib qoldi-da, ishonchsizroq javob berdi, — soliqlar.
Qiz boshini ma’qullab qimirlatdi.
— Ha, soliqlar.
— Hali sizlar ishlayotganlaring yo‘q-ku?
— Yozda meva terishda pul topgandik. Maosh oyiga ikki ming dollar edi — o‘ttiz foizini olib qolishdi.
Kattasidan kichigigacha hammasining ashulasi bir xil-a! Bundan boshqa narsadan norozi emasmi ular? Sizlarni bosqinchilardan kim himoya qiladi? Kambag‘al bo‘lib qolishdan kim asraydi?
Men buni “bo‘sh vaqtni to‘ldirish qonuni” deb atayman. Janubda dam olayotgan vaqtimda o‘zimga razm soldim: shaharda ishlab yurgan vaqtimga qaraganda butunlay bekorchilik, lekin baribir miyam fikrlash va tashvishdan bo‘shamaydi. U har xil narsalarning xayoli, reja va niyatlar bilan band: anavini olishim kerak, buni ulgurishim kerak. Bu yerda ham shunday. “Yangi soliqlar chiqib qolmadimikin?” Chiqqanda nima bo‘lardi: farqi bir kishiga yiliga o‘n dollar xolos. Lekin bu to‘qlikka sho‘xlik emas. Shunchaki jamiyat bir organizm sifatida qarshilik va mamnunlikning balansini qidiradi. Hamonki, katta muammolar bo‘lmagach, maydalariga ahamiyat beradi, ularni yiriklashtirishga intiladi.

HUQUQLARNI SOTIB OLUVChI

Birinchi qilgan ishim turistik chodirni topshirish bo‘ldi. Floridadagi ovloqroq joyda dam olib bo‘lganimdan keyin endi u menga kerak emasdi. Yomg‘irda ho‘l bo‘lib ketarkan deb bahona qildim. U haqiqatan shunaqa edi.
O‘shanda bahona qidirib o‘tiribman. Keyin aniqlashimcha, tushuntirib o‘tirishning hojati yo‘q ekan. To‘g‘ri kelmadi, vassalom. Muhimi chekni saqlab qo‘yilsa bo‘lgani. Topshirasan-da boshqa ma’qulini olaverasan. Shim sotib olding-u, ma’qul kelmay qoldi, topshirasan. Botinka olgan bo‘lsang topshirib boshqasini olasan. Fotoapparatlar ham shunday.
“Kodak” fotoapparati sotib oldim. Undagi plenka va batareyalardan foydalandim. Bu firma fotoximiya sohasida kuchliligini, optika sohasida uncha kuchlimasligini fahmladim. Shundan keyin fotoapparatni topshirdim. Hech kim mendan plenka va batareyalarni so‘rab o‘tirmadi.
“Nikon” fotoapparatining ba’zi tomonlari yoqmaganligi tufayli topshirdim. “Olimpus” oldim. Rasm olganimda tasvir men kutgan darajada ravshan emasligi ma’lum bo‘lib qoldi. Uni ham topshirdim.
“Kenon”ni olib “infraqizil, fokusini avtomatik o‘zi to‘g‘irlashi”ni tekshirib ko‘rmoqchi bo‘ldim. Tasvir aniq chiqdi. Lekin unda ob’ektiv yo‘q ekan. Boshqa, ob’ektivi bor “Kenon”ni oldim. Lekin bunda negadir oldingisida bor g‘ilof yo‘q ekan. Oldingi “Kenon”ni topshirib g‘ilofligini oldim. Shu bilan ko‘nglim joyiga tushib sarguzashtlarim tugadi.
Amerikaliklar davrasida o‘zim qilgan ishlarimni gapirib berib maqtandim. Ular mamnun bo‘lib kulib qo‘yishdi. “Bu nima bo‘pti! — dedi ulardan biri. — Men qachonlardir nasroniylar bayramiga yasatgan archamizni bayramdan keyin topshirgan edim”.

ChUChMALLIK

Mayda-chuyda narsalarga ham magazinga boraverish o‘zimga malol kela boshlaganini his etdim. Nega bunday bo‘layotganini keyin payqab qoldim. Istasang-istamasang sotuvchiga tirjayib qo‘yish menga yoqmayotgandi. Bu esa majburiy. Shunday qilish joiz, odatga kirgan. Agar tirjayib qo‘ymasang unga-ku baribir, keyin o‘zingni noqulay his etib yurasan.
Basharasidan zahar tomib turgan rus sotuvchilari qanday yaxshi. Yarim kilo “Podolskiy” kolbasasini sotib olasan-da, indamay ketaverasan.
Magazinlarda aravachani surgab yurgan xaridorlar bir-birlariga yarim metrlar chamasi yaqinlashib qolishsa, o‘zaro “Kechirasiz!” deb qo‘yishadi. Tegib ketishgani uchun emas, tegib ketish ehtimoli borligi uchun. Yoki peshtaxtani bir oz to‘sib qo‘yishgani uchun. Bu judayam chuchmal tuyuladi menga. Kimnidir aravacha bilan turtib yuborgim keladi. Yana kirayotganda va chiqayotganda bir-birlariga eshikni ochib turishadi. Buning ustiga-ustak, sen tomonga qayrilgancha muloyim kulib qo‘yishadi. Shunaqalarni o‘ldirib yuborgim keladi.
Sotuvchi ayol chekni yirtib olib, daftarchani sizga uzatadi va ko‘zingizga qarab “Tashakkur!” deydi. Tamomila notabiiy holat. Uning xayoli, ko‘zi kassa apparatida, raqamlarda bo‘lmog‘i kerak. U esa sizga qaraydi. Bunaqa nazokatdan mumnun bo‘la olmaysan, sotuvchi zavoddan chiqqan qo‘g‘irchoqqa o‘xshab tuyuladi. Lekin bu narsa unga buyurilgan. Bunaqa paytlarda ba’zi xaridorlar javob o‘rniga jimgina turishadi, ko‘pchilik esa “Marhamat!” deydi. Mening tushunishimcha, magazindan narsa xarid qilish ularga ko‘rsatilgan iltifot ekan.
Umuman olganda, sotuvchilarning “rahmat”, “tashakkur” deyishlari nojoiz. Nima sababdan u shunday deyishi kerak ekan. Aksincha, xaridor shunday yegulik borligi, uni topgani, shunday yegulik sotadigan odamlar borligi va sotayotgani uchun “rahmat” aytmog‘i kerak.
Odatiy magazinlarda “Ishlaringiz qanday?” deb so‘rashadi. Men “ajoyib” deb javob beraman. Pisvey Shoz poyafzal magaziniga kirsangiz: “Ertalab o‘zingizni qanday his etayapsiz?” deb so‘rashadi. Bu iltifotli muomala magazindagilarning o‘ylab topgan narsasi emas. Mazkur firmaning bundan yuzlab kilometr naridagi do‘koniga kirib qolsangiz ham xuddi shunday muomalaga shohid bo‘lasiz. Agar kunduzi kirsangiz: “Kunduzi o‘zingizni qanday sezyapsiz?”, kechqurun esa “Kechqurun kayfiyatingiz qanday?” deb so‘rashadi.
Kechqurungi kayfiyatim bilan ertalabki kayfiyatim o‘rtasidagi farqni ajratish uchun ham bosh qotirib o‘tiramanmi? Bu shunchaki, quruq rasmiyatchilik ekanligini bilib turasan-ku. Aslida javobing ham unga unchalik kerak emas. Kerak bo‘lmagach, nima zaruriyati bor? Buning ustiga, peshtaxtalar oldida bamaylixotir turishingga ham yo‘l qo‘yishmaydi. O‘zi bor-yo‘g‘i ikki-uch qator tuflilar turibdi-yu, shunda ham “Sizga yordamim kerakmi?” deb hol-joningga qo‘yishmaydi. Qanday yordam berarding? “Menga kerakli botinka yo‘qqa o‘xshaydi”, deyman unga. “Yaxshi, zarur bo‘lsam chaqirarsiz”, deydi u.
Keyinchalik xotinim bilan poyafzal do‘konining narirog‘idan o‘tib ketadigan bo‘ldik. “U yoqdan yurma, aks holda bugun qanday kayfiyatda ekanligimizni so‘rab qolishadi”.

NARSALAR SOTILADIGAN JOY

Turli-tuman narsalar sotiladigan joy bizning chayqov bozoriga o‘xshaydi. Lekin Amerikada har bir oila o‘z uyi yaqinida bunday joyni tashkil etadi. Mayda-chuyda ortiqcha matohlaridan qutulmoqchi bo‘lgan odam shanba kuni chiqadigan gazetaga e’lon beradi-da, o‘z garaji yoxud uyi oldidagi maysazorga stol-stullarini qo‘yib xaridorlarni kutadi.
Sotilmoqchi bo‘lgan narsalar orasida almisoqdan qolgan narsalar bo‘ladi. Yag‘iri chiqib ketgan kattakon ayiq o‘yinchoq deysizmi, xloroformli shisha idish deysizmi, eski kofeqaynatadigan deysizmi — topaverasiz. Jinsi esa albatta kichkina bo‘ladi. Ular qurib qoladimi deyman. Bir vaqtlar univermagdan olingan bu g‘aroyib narsalar qayoqdan paydo bo‘lib qoldi-ya.
Bir kuni shunaqa bozorchani rosa aylandim. Hammasi eski- tuski narsalar. Qirrali bolg‘a olishni mo‘ljallagandim. Keyinchalik Rossiyaga olib ketarman deb o‘ylagandim.
Mol egalari ikki toifaga bo‘linadi. Bir xillari ashqol-dashqoli ko‘payib ketganligi tufayli arzon-garovga sotib, ulardan qutulishni o‘ylashadi. Boshqalari esa ikki pulga qimmat narsalarini mo‘maygina pulga sotib, shundan ham daromad qilgilari keladi. Bunaqalardan indamay nari ketgan ma’qul.
Lekin gap faqatgina pulda emas. Ashqol-dashqol sotiladigan joy muomala shakli ham. Hech kimnikiga shunchaki, bekordan-bekorga kirolmaysan-ku. Chekka joylarda istiqomat qiluvchilarning aksariyati uchun shanbalik gazetalarda berilgan e’lonlar bo‘yicha chayqov bozorni kezish, okrug atrofidagi ellik-etmish kilometrlik masofadagi joylardan o‘ziga kerakli narsalarni qidirish hordiq chiqarishning yagona yo‘li hisoblanadi.

SAXIY DOKTOR

Xotinim saqich chaynashdan to‘xtab, tili bilan og‘zidagi nimanidir paypasladi.
— Tishim darz ketganga o‘xshaydi.
Men u ishora qilgan joyga qaradim. Tish ikkiga ajralib ketguday yorilibdi. Chamasi, vaqt o‘tishi bilan plomba bo‘shashgan.
— Hozircha og‘rimayapti. Ehtimol, Moskvaga yetib olgunimizgacha chidarman? Yarim yil qoldi xolos. Ovqatni bir tomonida chaynab turarman, — dedi xotinim.
Vaziyat kulgili edi.
Birinchidan, bu uning Amerikadagi birinchi nonushtasi. Kecha qizim bilan uni Nyu-Yorkdan olib keldim, tun bo‘yi yo‘l yurdik. Bugun ajoyib tong, Lena uchun tamomila yangi bo‘lgan qahva mashinasi, isitilgan non hidi anqib turgan nonushta mahali. Sovutgich uning kelishi sharafiga anvoyi yeguliklar bilan to‘la, istaganingcha yeyaver.
Ikkinchidan, tish nimaga yorildiykin? Suli yormasi, yong‘oq va mayiz qorishmasidan tayyorlangan amerika nonushtasini hali tatib ham ko‘rgani yo‘q-ku. Biz uni amerikaliklarga o‘xshab iliq sut qo‘shib o‘tirmasdan quruqligicha iste’mol qildik.
Doktor Bolenning klinikasi. Bolen ikki singlisi bilan ishlarkan. Lena bizdagidek yarim yotgani yo‘q, balki ag‘darilib qolgan qo‘ng‘izdek kresloda tepaga qarab yotibdi.
— Tishning holati jiddiy. Men vaqtinchalik plomba qo‘yaman. Kanikuldan qachon qaytasiz? Bu bir oyga yetadi. Keyin qoplama tish qo‘yish kerak bo‘ladi.
— Bunaqa qoplama tish qancha turadi?
— Hozir aniq aytish qiyin. Lekin besh yuz dollardan kam bo‘lmaydi.
— Yarim yil qoplama tishsiz yurib bo‘lmaydimi? Bizda, Rossiyada pulsiz poliklinikalar bor. Bu yerga kelishimizdan oldin maxsus davolatganmiz. Buni qarang endi. Amerika tish doktori hech qanday garantiyasiz shuncha pulga qoplama qo‘ymoqchi. Bundan ko‘ra dahshatliroq narsani topib bo‘ladimi?
Men shunday fikrlayapman, Lena esa og‘zini ochgancha kresloda yotibdi.
Bolen achingannamo gapimga quloq soladi.
— Yo‘q, qoplamani albatta qo‘yish kerak. Aks holda bundan ham ko‘proq yoriladi. Sizlar kelaveringlar, biror narsa o‘ylab toparmiz.
Yigirma kun o‘tgach, biz yana Bolen huzuriga keldik. Lena qoplamani qo‘yishga kirib ketdi, men esa oynachadan hamshiraga murojaat etaman:
— Qancha to‘lashimiz kerak?
— Yuz dollar. Keyin chek bilan to‘lashingiz ham mumkin, qaysi biri sizga qulay bo‘lsa o‘shanisini qilavering.
— Bu nimaga, materialning o‘zi uchunmi? Yoxud qandaydir chegirim bo‘ldimi?
— Yo‘q, doktor sizdan faqat shuncha dollar olishimni aytdi.
“Bir kambag‘al rusdan tishini davolaganim uchun shuncha pul oladigan noinsofmanmi?” deb o‘ylagandir u. Biz unga o‘zini bu yerda barcha shifokorlarni hisoblashgandek yirtqich deb emas, inson deb hisoblashga imkon berdik.
— Bu tish umringizning oxirigacha yetadi, — dedi doktor Bolen xayrlashayotganda. Talaffuziga qaraganda u ingliz bo‘lib, inglizcha hazil qilayotgandi.
Bolenga minnatdorchiligimizni mahalliy gazetada ifodalamoqchi bo‘ldim. Lekin keyinroq buni qanday tushunishlarini bilolmay o‘ylanib qoldim.

AKSIYa

Qizim: “Faqat aktsiyalar ko‘rsatiladigan kanalni qo‘ymang!” — deb qichqirdi. U multfilm ko‘rgisi kelayotgandi.
Lekin men ertalabdan televizor qarshisiga o‘tirib olaman-da, kasofat knopkani bosaman. Men to‘qqiz yarimda boshlanadigan SNVS biznes kanalini bosadigan ko‘k lentani shunday atayman.
Televizorimda ob-havo kanali, ikkitadan sport, filmlar, parlament majlislari ko‘rsatiladigan kanallar, faqat axborot beradigan SNN, ilmiy kanal, bolalarga multfilmlar ko‘rsatiladigan, o‘spirinlar, telefon orqali savdo uyushtiradigan kanallarni ham qo‘shib hisoblaganda bor-yo‘g‘i 38 kanal bor. Amerikaliklarning uzoqdan boshqariladigan pult orqali kanaldan kanalga olaverish kasali menga ham yuqdi. Reklamalardan “Myut” degan knopkani bosish bilan qutuldim.
Yuragimni hovuchlab kutayotgan ko‘rsatuv boshlanishini poylayman. Nihoyat bu ishlardan xabardor bo‘lmagan odamga g‘alati tuyuladigan harf va raqamlar ekranda paydo bo‘ldi: KSS 27 1/4 100s. Yuragim orziqib ketdi. Bir minut oldin Nyu-York birjasida KSS kompaniyasining yuz dollarlik neft aktsiyalaridan 100 tasini kimdir 27 dollaru 25 tsentdan sotib olibdi. Yuzta yuz dollarlik kattagina raqam. Aktsiya bahosi kechagidan bir dollar oshibdi. Ehtimol, kvartal hisoboti yaxshi chiqqandir. Yoxud biror yaxshi yangilik eshitgandir. Yoki televizorchilardan birortasi kompaniya haqida yaxshi gaplar aytdimikin? Bu yerda hamma narsa ovozaga bog‘liq. Anavini qara: 28 dollarga chiqibdi! 28,5 dollar bo‘ldi, darrov. Qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketyapti-yu. Tanazzul oyi bo‘lgan edi. Bu yog‘i yurishib ketdi.
Men oziq-ovqat magaziniga ketaturib bugungi “Uoll-strit jornel”ni varaqlab ko‘raman. Men deyarli hammavaqt shunday qilaman, lekin sotib olmayman. Hatto qaysi sahifaning qaysi joyiga qarashni yaxshi bilaman. Xuddi xarid qilayotgan vaqtda shunchaki qaragandek, hech narsaga tushunmay joyiga qo‘ygandek.
Aslida men uchun unday emas. Ko‘zim darhol zarur raqamlarga tushadi va uni eslab qolaman. Bugun yaxshi hisobot bosilibdi. Oldingi chorakka qaraganda foyda ikki barobar oshibdi.
Hozir esa ekrandan ko‘zimni uzmayman. Tushlikka yaqin aktsiyaning bahosi 30,5 dollarga ko‘tarildi, so‘ng 29 ga qarab ketdi. Vahimaga tusha boshlayman.
“Uzoqdagi quyruqdan, yaqindagi o‘pka yaxshi”. Shunday qilib mening ikki yuz aktsiyam ming dollar yutibdi. Avvalgi yo‘qotishlar o‘rni deyarli qoplandi. “Ey, Lyosha, hovliqma. Bu hali faqat birinchi kuni xolos… U hali yana bir yoki ikki hafta mobaynida o‘sib borishi mumkin…”
Tushlikdan keyin asablarim chidamadi. Telefon go‘shagini ko‘tarib shu Grinfilddagi brokerimga qo‘ng‘iroq qilib so‘radim: “30 dollardan sotib yuboraymi yoki yaxshisi…”
Hozir u jo‘natadigan faks Nyu-Yorkkacha, to‘g‘ri Uolt-stritdagi firmagacha yetib boradi. Uni brokerning vakili oladi, qo‘li bilan qandaydir tushunarsiz harakatlar qiladi va aktsiyalar kimningdir qo‘liga uchib ketadi. U esa o‘z navbatida yarim yil saqlab keyingi narxi ko‘tarilishini kutadi. Brokerdagi mening hisobimda esa olti mingdan kamroq pul qoladi, chunki bu ishdan u ham o‘z ulushini oladi.
Tug‘roli eng qimmatbaho aktsiyalarni men hali ko‘zim bilan ko‘rmaganman, ularni sotish, olishning hammasi telefon, elektronika orqali bajariladi.
Mening bu bitishishlarim internet lentalar orqali o‘tayotganini sezib turibman. Broker qo‘ng‘iroq qildi. “ZO dan sotilibdi”. Bu to‘g‘risidagi rasmiy qog‘oz ertaga konvertda keladi.
Men yana oziq-ovqat do‘koniga boraman. Qora shishadagi ispan shampan vinosini 6 dollaru 99 tsentga sotib olaman, shuningdek, konserva qilingan va dengiz mollyuskasi, qisqichbaqa go‘shti, “batterflyay” deb atalgan, kapalaksimon ingichka-ingichka kesilgan cho‘chqa go‘shti, yong‘oqli shokolad, ananas xarid qilaman. Afsuski, uyimdagi vanna juda yuza, kir yuvishga mo‘ljallangan. Bo‘lmasa vannani suvga to‘ldirib suvda o‘tirgancha ananas yerdim, shampan ichardim.
Soat 17 da birja yopilishi bilanoq, Rossiyadan beriladigan “Yangiliklar”ni parlament kanalidan qo‘yib yuborishadi. Ingichka bo‘yinli shalpangquloq tanish diktor rus tilida gapira boshlaydi. To‘g‘ri, uning ovozi ingliz tilidagi tarjimasi berib turilganligi bois, noaniqroq chiqayapti. Qandaydir qora kiyimdagi, shapka kiygan odamlar… Ular nimadir qilishmoqchi. Olomon nimagadir g‘alayon qilayapti… Ularda bu qanday atalardi? “Charamidi?”
Bir haftadan keyin ko‘k lentaga qaragim kelmay qoldi. U meni xuddi pichoq bilan so‘yayotganday: KSS 41 3/1 10S. Ololmay qolgan foydamga uch yuz shisha ispan shampan vinosi yoki eskiroq mashina sotib olsa bo‘lardi. O‘zimga o‘zim – shoshilma, to‘xtab tur, degandim-a!
Dunyodagi barcha birjalarning peshonasiga “Kim bilibdi deysiz?” deb yozib qo‘yish kerak.

SAFDOSh

— Spirtli ichimlik olib ketayapsizmi?
— Yo‘q.
— O‘ting bo‘lmasa.
Mashina yukxonasida o‘n ikki banka “Budvayzer” pivosi solingan quti bor. Shunchalik arzimas narsa uchun bojxona xodimlarining diqqatini tortib yuramanmi? Do‘stim Bobga sovg‘a qilish uchun olib ketayapman. Bob Torontoda ma’ruzalar o‘qishimni tashkil etdi. Kanadada pivo AQShdagiga qaraganda uch marotaba qimmat ekan. Boshqa sotsial ehtiyojlar ichkilikning qimmatligi hisobiga qoplanar ekan.
Chegaradan o‘tishing bilan yo‘llardagi mashinalar tezligi millar bilan emas, kilometrlar bilan o‘lchanarkan. Bu avvaliga jahlingni chiqaradi. “Mana, bu yerda soatiga 100 kilometr deb yozib qo‘yishibdi, bizdagi qancha kilometrga to‘g‘ri keladi bu o‘zi?”
Kanadaliklarning Amerikaga munosabatlari o‘zgacha: bu munosabatni g‘arazgo‘ylik bilan tasallining qorishmasi desa bo‘ladi. “Ha, ular ilgarilab ketishdi. Aslida biz emas, ularning o‘sib ketishi tasodifiy. Shunday bo‘lgani ham yaxshi. Ularda irqchilik avj olgan, har qadamda otishma, mana bizda esa xotirjamlik”.
Buning ustiga frantsuzlarning inglizlardan o‘pkalanishi ham bor. Ular nega biz emas, jahonga inglizlar boshchilik qilishadi deb g‘ashlik qilishadi. Frantsuz tilida gaplashadigan Kvebek shtati aholisi boshqa shtatlardan butunlay ajralib turadi. U xuddi er-xotin o‘rtasidagi munosabat har safar yomonlashganda eriga: “Bas, yetar, men sendan nima ko‘rdim, hayotimni xarob qilding, endi ketaman” deydigan xotinga o‘xshaydi.
Mening ma’ruzam qandaydir mo‘tabarroq odamlar vositasida yaxshi tashkil etilibdi shekilli. Afishalar chiqarilgan, zalga besh yuzga yaqin odam yig‘ilgan. Tadbirga tantanavor tus berilgan. Zalning uch tomonidagi devorlar bo‘ylab uch qator o‘rindiqlar qo‘yilgan, menga teatr dirijyorlari turadigan joyga o‘xshash balandroqqa joy tayyorlangan. Maktablardagi bitirish kechasida bo‘ladigan holatga o‘xshaydi. Erkinroq harakat qilishim, qo‘l harakatlari bilan bemalol gapirishim uchun mikrofonni ko‘kragimga qistirib qo‘yishdi.
Ma’ruzamni tugatganimda qarsak chalishdi, oldimga kelib maqtashdi. Ustiga oyna qoplangan faxriy guvohnoma, gonorariga bir ming yuz dollarlik chek berishdi.
Ma’ruzadan keyin yig‘in mutasaddilari, mo‘tabar odamlar bilan biror soatga professorlar klubiga kirdik. Ma’ruza tufayli obdon sillang qurib turgan bir paytda yana biror jo‘yaliroq gap aytishdan qiyini yo‘q. Klub a’zoligiga yiliga 200 dollar to‘lanadi. Shved stolidan bir tarelkani to‘ldirib olish rasm bo‘lgan. Ko‘p xil narsa olib tarelkani to‘ldirish mumkin, lekin unda hamma narsa aralash-quralash bo‘lib ketadi. Tuzlangan baliq va tovuq oyoqlari pishirilgan lagan ustiga spagetti bosilgan, bu laganning tepasi bir bo‘lak ananas va keks bilan bezab qo‘yilibdi… Ovqat mahalida dilkash, ruslar bilan bo‘ladigan barcha ishlarga bosh-qosh bo‘lib yuradigan Bob suhbat asnosida sanchqi bilan o‘z tarelkasini ahyon-ahyonda qitirlatib qo‘yayotganini ham sezmaydi.
Kechqurun Bobning uyida ma’ruzamni men keltirgan pivo va uning “Sara arog‘”i bilan yuvdik. Rossiyada yashagan har bir amerikalik (kanadaliklar o‘zlarini “shimoliy amerikalik” deb yuritishni afzal ko‘rishadi) qanday ichkilikbozlik qilganligining tarixi bor. Bunaqa paytlarda esa ertasiga rosa qiynalgan, boshi og‘rigan. Bob Leningradda o‘qigan, yotoqxonada turgan. Vasilev orolida bo‘lgan eski voqealarni esladik. Beradigan savolimning javobini ham oldindan bilaman.
— Albatta ichgandirsizlar?
— Bo‘lmasa-chi. Bir marta kasal bo‘lib qolganman. Yigitlar o‘lguday ichirishgan. Spirt ichgandik, juda yomon bo‘lganman.
Hozir esa Bob bolalarcha beg‘uborlik bilan so‘radi:
— Hozir bosh og‘rig‘i qilmaymizmi?
— Bo‘pti, Bob. Quyaqol!
Uning xotini allaqachon uxlab qolgan. U mendan bir oz xafaroq. Erini yo‘ldan urayotganim uchun. U bu yerda kim bilan ham bunaqa icha olardi? “Men putch vaqtida Gorbachyov qamalda qolganda rosa ichgandim. Juda hayajonlangandim o‘shanda”.
Bob uyqu oldidan har qanday sharoitda ham sayr qilishni kanda qilmaydi. Yo‘nalish bir xil: butun mahallani shahdam qadamda aylanib chiqadi, shu vaqt mobaynida sigaretasini ham chekib oladi.
Kurtkalarimizning oldi ochiq holda kayfimizni bir oz tarqatish uchun Kanada shamoliga qarshi yuramiz. Bob oxirida cho‘g‘i o‘chirilmagan sigareta qoldig‘ini qo‘shnining maysazoriga otib yubordi. Maysazor nihoyatda tekis, maxsus sotib olinib yerga qoplangan, xuddi uydagi gilamga o‘xshaydi.
— Bob… Atroflaring nihoyatda toza-ku, shunaqa qilish mumkinmi?
— Mumkin.
Bob — so‘l intellektual, hayotga shaxsiy talabi nuqtai nazaridan munosabatda bo‘ladi. Sigareta qoldiqlarini atrofdagi maysazorlarga bildirmay uloqtirishdan tashqari, eski odatlarni saqlab qolishga qattiq intiladi. Masalan, u eski Jipiga yopishib olgani olgan. Jip haqiqatan ham keng va unga ko‘p odam sig‘adi. Hozir bunaqasini chiqarishmayapti. Hamkasaba professorlarning gaplari bo‘yicha universitetning mashinalar turadigan joyini buzmaslik uchun bunaqa mashinani bundan o‘n yil oldinroq sotib yuborishi kerak edi. Bobda yana ikkita mashina va Floridada uyi bo‘lganligi uchun ham Jip kishi ko‘ziga g‘alati ko‘rinadi.
Xayr, safdosh! Men endi jahon kapitalizmining tayanchi bo‘lgan mamlakatga qaytaman.
Kanadadan AQShga mashinada o‘tayotgan har bir odamdan chegarachi “Siz qayerda tug‘ilgansiz?” deb so‘raydi. Dunyoning istagan burchagini aytib aldab ketish mumkin. Bir xayolga erk bergim ham keldi. Lekin yolg‘on aytilgan bitta so‘z uchun qamoqqa ravona bo‘lishingiz hech gap emas. Men javob berish o‘rniga jimgina qizil pasportimni uzatdim. Unda AQShdan ko‘ra uch marotaba kamroq vaqtdan beri yashab kelayotgan davlatning nomi yozilgandi.

DUNYo TOMI

“Nyu-York tayms” gazetasi amerikaliklar o‘rtasida so‘roq o‘tkazibdi: “Pulni o‘ylamagan holda dunyoning qaysi chekkasiga ko‘proq borishni istardingiz?” — degan savol berilibdi.
So‘ralganlarning 15 foizi Gavayi, 8 foizi Yevropa deb javob berishibdi. Boshqa joylarga qiziqish yo‘q. Menda o‘qiydigan talaba qiz Trishiga amerikaliklar qiziqroq, yorqinroq, erkinroq tuyuladi. Boshqa barcha xorijliklar jozibasiz, g‘alatiroq odamlarga o‘xsharkan. Xuddi bizga tuyulganidek.
9.00. da SNN – “Jahon yangiliklari” efirga chiqadi. Yangiliklar emas, qayoqdagi oldi-qochdi gaplar: kimnidir otib ketishgan, quyon qaysidir bolakayning qulog‘ini tishlab olgan, Klinton nimadir degan. Bularning yoniga soliqlarning oshganligi, qaysidir gollivud yulduzining qandaydir yutug‘i qo‘shib qo‘yiladi.
Hammasi AQShda bo‘lgan voqealar. Qani dunyoda, Rossiyada bo‘layotgan hodisalar?
Amerikada yurganingda dunyo tomining qandaydir tundligi va kengligini his etasan. Jahon Amerikada turganingda keng, sehrli, erishib bo‘lmaydiganday tuyulmaydi. Dunyo Amerikadan xuddi qadimgi xaritalardagidek tekis, hammasi ma’lum va shu tufayli qiziqarsizga o‘xshaydi. Chunki sen hozir dunyoning markazida turibsan.
Shu boisdan amerikaliklar bizga nisbatan baxtsizroq. Ularda Amerikaga ketib qolish orzusi bo‘lishi mumkin emas. Ko‘p pul topib, o‘z ishlaringni tubdan o‘zgartirib yuborish istagi bo‘lishi mumkin emas. Ularning harakat qilishlariga boshqa joy yo‘q. Chunki ular tomda turishibdi.
Amerika o‘rnida ularda boshqa — o‘ziga xos orzulari — Kaliforniya bor. Lekin bu boshqa narsa. Kaliforniya ham Amerika, lekin bu yerga faqat omadlilargina o‘rnashib oladi. Million dollar yutib olish — bu umumxalq orzusi, bu ishtiyoq va jazavaning o‘rnini Amerikada boshqa hech narsa bosa olmaydi.

QALB

Amerikaliklar soxtaroq odamlarga o‘xshashadi. Lekin bu bolalarcha, g‘arazsiz soxtalik.
Dilkash odamlar. Lekin nima to‘g‘risida ham dilkashlik qilishardi.
Faqat ahyon-ahyonda, oqshomgi o‘tirishlar chog‘ida kimnidir mo‘ljalga olasan-da, savolga tutasan, qalbiga yo‘l izlaysan. Ularga esa bu odat emas. Chegaradan nariga o‘tishmaydi. Bir stakanni ichingga tashlab olgansan. Ularning odatlarini bir chekkaga yig‘ishtirib qo‘yasan.
Amerikaliklarning go-go-go xitoblari har xil bo‘lganidek, ruslar bilan amerikaliklarning, umuman esa g‘arbliklarning qalblari ham turlicha.
Ularda barcha ijtimoiy kategoriyalar, bir holatdan ikkinchi holatga o‘tish tartiblari aniq belgilab qo‘yilgan. Bizda esa bular majhulroq va vaziyatga qarab o‘zgarib turuvchanroq. Shular tufayli ruslar yoqimtoyroq bo‘lishadi, lekin g‘arbliklar buni unchalik tushunishmaydi.
Bizda ichib oldingmi, tamom, odamgarchilikdan chiqasan, o‘zingga keldingmi, boshqa odamsan, savlatli, vajohatingdan ot hurkadigan rahbarsan. Dala hovlingga keldingmi, eski kiyimlarni kiyib olgan oddiygina odamsan. Bundaylarning yashashi ham qiziqroq bo‘ladi.
Ular qanday bo‘lishsa shunday ko‘rinishadi. Ularga g‘alatilik yetishmaydi. Hammalari pardozlanganday, oliftaroq ko‘rinishadi, ko‘p tabassum qilishadi. Ularga ruslarning ayni ana shu g‘alatiligi yetishmaydi. G‘alati odamlar qayerdan paydo bo‘ldi? Ular o‘z qobig‘ida yashirin holda yotishadi. Buning natijasida o‘ziga xos, diqqati bir narsaga qaratilgan fe’l-atvor va tabiatli odam yuzaga keladi.
Amerikaliklar issiqxonalarda tez va notabiiy o‘sib ketgan bodringlarga o‘xshashadi. Bunday bodring garchi sotish uchun chiroyli tsellofanlarga solib qo‘yilgan bo‘lsa-da, unchalik xushta’m va vitaminga boy bo‘lmaydi. Bizning erkaklar esa qiyshiqroq, achchiqroq, cho‘tirroq bo‘lsa-da, tabiiy va samimiyroqdirlar.
Amerikaliklar toifa, millat sifatida zo‘r, shaxs sifatida esa sal chuchmalroq. Amerika g‘oya, tashkilot sifatida qiziq, odamlari haqida bunday deb bo‘lmaydi. Ruslar esa, aksincha, toifa sifatida jirkanch, lekin shaxs sifatida yoqimtoyroq, qiziqroq, jozibaliroq. Umuman olganda men xalqlarni singan va sinmagan xalqlarga bo‘laman. Amerikaliklar sinmagan xalq. Ular gamburgerlari, mehnatsevarliklari va boshqa ko‘p jihatlari bilan emas, balki ana shu tomoni bilan bizdan farqlanib turadi. Nemislardan ham.

AQLLI DUNYo

Amerikaliklarning ko‘zlari bilan qaraganda butun olam xuddi vodoprovodning o‘zi. Asbobni olaverasan-u o‘zing tuzataverasan. Podsho bo‘lsang kommunizm yoqmaydi, uloqtirib yuboraver.
Amerikacha antitotalitarizm ularning bir-biriga o‘xshashga intilishlaridan kelib chiqadi. Qanday? Qandaydir hukmdor o‘zini hammadan ko‘ra bilimdonroqman, hammadan ko‘ra ko‘proq huquqqa egaman deb hisoblay boshlaydi. Bunga yo‘l qo‘ymaymiz, bu to‘g‘ri emas. Marhamat qilib hamma qatori bo‘ling-chi!
Axir fashizm ham, bolshevizm ham o‘z ruhi jihatidan tajriba edi, meshchanlikdan bir qadam chekkaga chiqish edi. Mana shunisini kechirishmadi.
Sovetshunos bilan bahsga kirishamiz. Amerikacha dalil: agar sovet mehmonxonasida tualet ishdan chiqqan bo‘lsa, amerikalik qo‘liga otverka olib tuzatishga tushadi.
Mening dalilim esa: bu amerikalikning uddaburonligi va ruslarning yalqovligidan emas. Amerikaliklarning tasavvuri bo‘yicha olam tartibga tushgan va ba’zi buzilishlarni tuzatish mumkin. Ruslarning tasavvurida dunyo jamoatniki, begona, tartibsiz. Tuzatganing bilan baribir ishdan chiqaveradi.

ERKINLIK

Yoz payti. Bruklin. Brayton Bichdan qirg‘oq bo‘ylab bir kilometrcha uzoqlikdagi joy. Sohil bo‘m-bo‘sh, okean, ho‘l qum, uning orqasida bo‘sh yotgan joylar, uzoq-uzoqlardan uylar ko‘zga tashlanadi. Yomg‘irdan keyin birorta cho‘milayotgan odam yo‘q. Har ellik metr joyda o‘rnatilgan taxtasupada qizil kurtkalar kiyib olgan qutqaruvchilar o‘tirishibdi. Ularning qo‘lida durbin bor. Ularning tasmasi uzoq-uzoqlarga cho‘zilgan. Ko‘plari shunchaki kutib o‘tirishibdi, qaybirisidir zerikkanidan kitob o‘qiyapti.
Ularning biridan so‘rayman:
— Qayergacha suzib borish mumkin?
— Suvdagi anavi belgigacha.
— Qayergacha? Men tushunmayapman?
— Xo‘sh, men uni shu yerdan ko‘rib turibman. Agar o‘sha joygacha suzib borishsa, men darhol hushtak chalaman.

TIYDIRISh KO‘YLAGI

Ularning davri o‘tib bo‘ldi. O‘tgan asrda — hali G‘arb ancha yovvoyi bo‘lgan vaqtda, hozirgi asr1 ning 30-yillarida — gangsterlar vaqtida bo‘ldi bu hodisa. Ish shu yo‘sinda ketishi mumkin emasligini anglashdi. O‘zlariga tiydirish ko‘ylagini kiyib olishdi.
Hamma shtatlarda ham qimorxona ochishga ruxsat etishmadi. Las-Vegas joylashgan Nevada shtatida o‘yinlardan tushadigan pullar hisobiga qiyamalikdagi shtatning ahvolini o‘nglab olish uchungina bu yerda qimorxona ochishga ruxsat etildi. Odamlar ko‘zidan panaroqda, hamma tomondan tog‘lar bilan o‘ralgan. Qo‘shni Kaliforniyada ham “Qimorxona” deb yozilgan lavhalarni uchratish mumkin. Lekin bularni qimorxona demasa ham bo‘lardi. Bu yerda odamlar ma’lum tartibga solingan qarta o‘ynashadi xolos. Chikago yaqinida kemada daryo qimorxonasi bor. Kema ikki soatga suv ichiga kirib ketadi-da, yana qaytib kelib o‘z joyida to‘xtaydi. Shtatlarni bo‘lib turadigan daryo qimorxona-ishratxona uchun, betaraf joy deb hisoblanadi. O‘rtaga qo‘yiladigan dov puli ham qat’iy chegaralangan. 25 dollardan ortiq tikish mumkin emas.
To‘pponcha masalasi qoldi. Uni osongina va ancha arzonga (60 dollardan 200 dollargacha) haqiqiy to‘pponchani sotib olsa bo‘ladi. Faqat shaxsingizni tasdiqlaydigan hujjat ko‘rsatsangiz bas. Lekin uni otguday bo‘lsang sudga tushasan. Bittasi o‘g‘rini otib qo‘ydi. O‘g‘ri jinoiy ish bo‘yicha ma’lum muddatga qamaldi, lekin grajdanlik yo‘li bilan otib qo‘ygan odamga qarshi ish qo‘zg‘aldi. O‘g‘ri o‘q tufayli tizzasi yarador bo‘lib qolganini, ish qobiliyatini yo‘qotganini bildirib, endi o‘lgunimcha tovon to‘laysan, deb da’vo qildi.
Og‘zidan chiqadigan har bir so‘zga ehtiyot bo‘lish kerak. Oddiygina qilib “habash” degim keladi. Lekin bunday qilolmaysiz. Aks holda irqchilikda, jaholatparastlikda ayblanib, ishingiz sudgacha oshishi mumkin. “Qora” deb ham bo‘lmaydi, “afroamerikalik” deyish kerak. “Hindu” deya ko‘rmang, “asli amerikalik” deyish lozim. Negadir “oq tanli” deyish mumkin, lekin asli ularni “evroamerikalik” deyish lozim edi. Bunday deyilsa kamsitish bo‘ladi. Kimni kamsitish ekanligini tushunmayman. Bu ishlarda amerikaliklarning o‘zlari ham chalkashib ketishadi.
Yalang‘och odamlarni televizorda ko‘rsatishmaydi. Faqat bir marotaba Floridadagi mehmonxonada yotganimda yarim tunda ochiq shahvoniy kanalga duch kelib qoldim — qayerdan paydo bo‘lib qoldi o‘zi? Ehtimol, mezbon hindular mehmonlar uchun qo‘yib yuborishgandir. Hech qayerda bunaqa manzarani ko‘rishni xayolingga ham keltirmay qo‘yaqol. Faqat tungi qahvaxonalarda yarim yalang‘och ayollarning dumbalarini likillatib o‘ynashlari va bunga erkaklarning qarab turishlariga ruxsat etiladi. Ichkilik masalasi ham qattiq, giyohvandlik esa jazolanadi…
Biz, ruslar esa obdon o‘ynab qolyapmiz. Davrimiz keldi. Yovvoyilik, aysh-ishrat avjga chiqdi, o‘yin-kulgining barcha vositalari ishga tushib ketdi. Keyinroq, ehtimol, biz ham yuvosh tortib qolarmiz.

TENGDOSh

Pochta oynachasidagi ishlarga qaddi-qomati kelishgan, mo‘ylabli, yoqimtoygina odam boshchilik qiladi. Ko‘rinishidan qirqlarga yaqinlashgan. Uncha katta bo‘lmagan navbatda turganimda uning ishlarini kuzatdim. U qandaydir unumli, zavq bilan va jiddiy qiyofada ishlayapti. Qilayotgan ishi o‘ziga yoqadi shekilli. U mijozlarni ko‘p ushlamaydi, ish orasida ahyon-ahyonda kompyuterda epchil harakatlar bilan nimalarnidir yozadi.
Bizda pochta oynachalaridagi odamlar boshqacharoq, aksariyati ayollar, semiz, harakatlari sust xotin-qizlar. Ularning ko‘rinishlari ham bo‘lakcha. Ular o‘zlarini xuddi bu ishlarga daxllari yo‘qday, bu yerda vaqtincha, tasodifan ishlab turishganday, bundan ko‘ra yaxshiroq ishlarga munosibroq ekanliklarini ko‘rsatib qo‘ymoqchiday harakat qilishadi.
Mo‘ylabli odamni kuzatib turarkanman, men beixtiyor ravishda o‘zim bilan deyarli tengqur bo‘lgan bu odamni o‘zim bilan solishtirdim.
“U bilan hayot tarzimni almashtirishga rozi bo‘larmidim? — so‘rayman o‘zimdan. — Shunda amerikalik bo‘lardim!”
“Yo‘q!” deb javob beraman.
Men boshqa yerdan uchib kelgan odamman. Amerikada yashash men uchun sarguzasht. Tez orada uchib ketaman. Keyin yana qandaydir sarguzashtlar bo‘ladi. U esa bu yerda yana bir, uch, besh yilgacha, butun umr bo‘yi turaveradi.
Shunday xulosaga kelganimdan so‘ng bu xizmatchiga achinib ketdim. Ehtimol, qo‘limdagi qalin konvertdagi rus manzilini ko‘rganda uning xayolidan ham shunday fikrlar o‘tgandir, menga achingandir.

XAYR

Kennedi aeroportida Viza kredit kartochkasini qaychicha bilan ikkiga qirqdim-da, bir bo‘lagini konvert ichiga soldim. Busiz menga Indianadan Nyu-Yorkkacha yetib kelgan mashinamizni prokatga berib turishmagan bo‘lardi. Shuning uchun ham uni oxirgi daqiqalargacha asrab keldim. Oldindan tayyorlab qo‘yilgan qog‘ozga shunday yozdim, “Rossiyaga qaytib ketayotganligim tufayli kartochka endi menga kerak emas. Men sizlardan qarzdor bo‘lib qolganim yo‘q deb o‘ylayman. Rahmat”.
Bugun kechasi Bruklin ko‘chasi bo‘ylab arzon mehmonxona qidirib ancha hayajonlandik. Axir shunaqasini topdik: foye qop-qorong‘i, yotoqxonadagi choyshab sarg‘ayib ketgan. Tun bo‘yi uxlamadim, derazadan qarab yotdim, mashinadan xavotirda edim.
Ertalab, tong yorishgach, qabulxona devoriga yopishtirilgan taxtachadagi yozuvga ko‘zim tushdi: “1 soatga 7 dollar, “ 2 soatga 10 dollar butun kechaga 30 dollar”. Amerika bilan vidolashadigan kunni xotinim, to‘rt yoshli qizcham, cho‘ntagimdagi o‘n yetti ming dollar bilan habashlarning soatbay to‘lanadigan yotoqxonasida shunday o‘tkazdik.
Keyinroq kutish zalidagi chiroqlari charog‘on kioskadan “Uoll-strit djornel” gazetasini sotib oldim. Men oyoqlarimni chalishtirgancha bu gazetani o‘qishni, eski odatim bo‘yicha undagi aktsiyalar jadvaliga qarash, undan biror narsani anglashga intilib o‘tirishni yoqtirardim. Atrofimda anchagina ruslar yig‘ilib boshlaganligi Amerikada noodatiy hol edi…
Samolyot illyuminatoridan Nyu-York manzaralari avvaliga tobora xiralashib turdi, keyin butkul ko‘zdan yo‘qoldi. Bir yil oldin osmondan bu shaharga havas bilan tikilgandim, o‘zimni Kolumb his etgandim.
Negadir bu shaharning ruscha “Nyu-York” deb yozilishi uning qiyofasini yodga tushiradi. N va Y bu osmono‘par binolar, ular orasidagi chiziqcha esa ko‘rfazlar o‘rtasidagi ko‘priklarga o‘xshaydi. Inglizchadagi New Vork so‘zida esa chiziqcha yo‘q. Minoralar o‘rniga unda qandaydir qadah borga o‘xshaydi. “Moskva” so‘zi ham shunga o‘xshaydi. Xuddi Kreml devorlariniyu katta yo‘g‘on teshikkulchani ko‘rganday bo‘lasan. Lekin bu shunchaki tasodifan mos kelib qolish.

O‘QITUVChILAR

Men o‘qiydigan kurslardan biri “Rus adabiyotida axloq muammolari” deb atalardi. Unda Dostoyevskiy, Tolstoy va Soljenitsin ijodini o‘rganardik. Birinchi ikki yozuvchi ijodi o‘tib bo‘lingach, oraliq imtihoni olinadi. 17 mayda o‘tkazilgan yakunlovchi imtihonga men shunday savol o‘ylab topdim. “Soljenitsin “Raklar korpusi”da muqarrar o‘limga olib boradigan kasalga chalingan odamlarni tasvirlaydi. Ularning kasallikka va shifokorlarning davolashlariga munosabatlaridagi farqlar nimalardan iborat; ular hayotga qarashlaridan qanday axloqiy o‘zgarishlarga yuz tutishdi? Shaxsan siz uchun qaysi qahramon yoqimliroq?”
Syuzi Tizman uch sahifalik javobida asar personajlarini durustgina tahlil etibdi-da, oxirida to‘satdan shunday gaplarni yozibdi: “Men o‘zim ham o‘limga eltadigan kasalga chalinganman. Garchi men iztirob chekayotgan bo‘lsam-da, yaxshi muhit ichidaman, do‘stlar va o‘zim yoqtiradigan odamlar orasidaman. Ulardan ajrab qolganim yo‘q. Men hayotda hamon olg‘a tomon intilyapman, yaxshigina ilm olyapman va sirasini aytganda – baxtliman”.
Avvaliga bu qizning dugonasidan qanday hodisa ro‘y berganini so‘ramoqchi bo‘ldim. Keyin o‘ylanib qoldim, noqulayroq. Shunday sokin, kelishgan, Lotin Amerikasining qayeridandir kelgan qiz-a. Unga nima ham o‘rgata olardim?

1998 yil, may.

Rahmatilla Inog‘omov tarjimasi

“Novыy mir” jurnalining 2000 yil 4-sonidan olindi.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2003 yil, 7-son