Ahmad A’zam. Buzuq til havosi

Men vaqti-vaqti bilan lug‘at varaqlashni xush ko‘raman. Eng yaxshi ko‘rganim ellik to‘qqizinchi yili chiqqan «O‘zbekcha-ruscha lug‘at» edi, uni roman yo qissa o‘qigandek berilib o‘qiyman. So‘zlar ohanrabodek o‘ziga tortadi. Ellik yil oldin odamlar qanaqa gaplashgan, tilimizning ahvoli qanday bo‘lgan, buguni bilan solishtirganda nima o‘zgarishlari bor – lug‘atni o‘qib bu haqda ancha tasavvur olish mumkin. Tilimizning yarim asr ilgarigi manzarasi bugunni ham yoritib, nimalar qilishimiz zarurligini ta’kidlab turadi. Mazkur lug‘atda qadimdan kelayotgan beqiyos gavharlar qatorida davr, mafkura taqozosi bilan to‘qilgan shag‘al toshlarigacha aks etgan. Unda ba’zi so‘zlar bor, ma’no teranligi, ifoda tovlanishlari odamni hayratga soladi, lekin bugunga kelib tasarrufdan chiqib ketgan, tarjima-parjimada ishlatilib qolmasa, qo‘llanilmaydi; ayrim ibora yo atamalar borki, tilimiz tiynatiga yot, sun’iy ko‘chirma, lekin ko‘p foydalanilgani uchun quloqqa quyilib, qo‘llash odatga aylanib, avom tilidan, keyin lug‘atdan ham joy olib qolgan, endi chiqib ketishi juda qiyin.
Sho‘ro davrida til rivoji turg‘unlikda kechdi, ha, rivoj­ning o‘zi ham turg‘un edi. Shu turg‘unlikni davrning lug‘atida yaqqol ko‘rasiz. Bugun o‘qiganda lug‘at ham mafkura quroliga aylanganiga taajjublanasiz. «Million yillar o‘tganda ham, toshga yo‘nilgan xatlar o‘chganda ham, Lenin kishilarning ko‘nglidan o‘chmaydi» (O‘zbekcha-ruscha lug‘at. 1959. 594-bet). Bir vaqtlar mazkur gaplar hikmatdek o‘qilgan, bugun esa unga yosh bola ham ishonmaydi, to‘g‘rirog‘i, bilmaydi. Siyosat ekan-da, nima deysiz, «barqarorlik» so‘ziga misol tarzida «sovet so‘mining barqarorligi» deb misol keltirilgan, bugun g‘ashingiz keladi.
Har holda, oqar suvni tindirib ichish zarur bo‘lganidek, lug‘atni ham mafkura loyqasini cho‘ktirib o‘qiysiz, unda zamon quyqasi bisyor. Sho‘ro davri isqotiga aylangan bo‘lsa-da, avom tilining mag‘zi-mag‘ziga singib, hali-hanuz urfda bo‘lib kelayotgan yot so‘z, so‘z birikmalari, atama, ibora va tushunchalar son-mingta. Tushuncha deganim shuki, bir narsa yoki hodisani, masalan, ruscha eshitsangiz, siz ham uni ruscha ishlatsangiz, u haqdagi tushuncha ham ruscha bo‘ladi-da. Ayniqsa, muqobili bo‘lmasa. «Pomidor» deb ko‘ring-da, o‘ylang: qayoqdandir chetdan kelgani mudom esingizda turadi, uni hatto «pamildori» desangiz ham o‘zbekchalashmaydi. Yassiombirni «plaskagubsi» («ploskogubtsы») deb ketdik, asli, o‘z tilimizda qanaqaligi xayolimizga ham kelmaydi, o‘zbekcha o‘ylashga intilib ruscha fikrlaymiz. Mixni tishlab sug‘uradigani Samarqand tomonlarda «kampirog‘iz» deyiladi, juda topilgan o‘xshatma, ikkinchidan, bu xil ombir vagoni bilan Moskovdan keltirilgan bo‘lsa-da, xuddi o‘zimizning temirchilar yasagandek jaringlaydi, lekin adabiy tilda qo‘llashga chakkamiz tirishadi: qishloqi so‘z-da. Qashqadaryoda uning «tishlog‘ich» istilohi bor, bu ham ma’lum hududlardagina aytiladi.
O‘tgan asr o‘rtalaridagi lug‘atning til manzarasi bugungi kundagi muammolarni, aytish mumkinki, til ekologiyasi dolzarbligini, ya’ni beparvolik, bepisandlik, e’tiborsizlik, ko‘p hollarda esa, savodsizlik tufayli guftugo‘ zabonimizning buzilishi muammolarini uqtirib turadi. Misollar ko‘lami, tabiiyki, millionlab odam tasarruf etgani bois, nihoyatda keng.
Bir yozuvchining asarida to‘g‘on «damba» deb yozilganini o‘qidim; hayotda shunday, xalqdan olingan, qahramonlari shunday deydi, avom tilida ham, adabiy tilda ham asli bu «dam» – suvni to‘sib, damlaydigan joy, bu so‘z rus tiliga «damba» bo‘lib ko‘chib, yana o‘zimizga qaytib kelgan, endi ruscha bo‘lib. Yaqin-yaqingacha G‘allaoroldagi temir yo‘l bekati «Bogarniy» deyilardi. Bolaligimdan bilaman, odamlar ham bu bekatni «Bogarniy» deb kelgan. Tubini surishtirsangiz, bu so‘z ham asli o‘zimizniki: «bahorigi», «bahorgi», «bahorikor»dan. «Bogarnыe zemli», «Bogarnыe sorta» – G‘allaorolning lalmi-bahorikor yerlaridan g‘alla olinadi, rasmiy yozishma, hukumat topshiriqlarining ruscha bo‘lgani bu topshiriqlarni tushunishni ham «zernovoy sovxoz» singari ruslashtirib yuborgan.
Tepadan tilni ruslashtirish haqida buyruq yo xos ochiq ko‘rsatma tushmagan, tilning buzilishlari aksariyat holda mafkura bosimining odamlar ongiga ta’sir o‘tkazishi bilan bog‘liq. Bizga hozir bu o‘z-o‘zicha shunday bo‘lgandek tuyuladi, avom nutqi.
Bizdagi Jomboy (hozir shaharcha) temir yo‘l o‘tgandan beri aholi tilida «Raziz», bolaligimizda «Jomboy» degan atama aytilmas (nariroqdagi bir manzil «Eski Jomboy» deyilar) edi, hu temir yo‘l bitta qo‘sh iz vaqtlari poyezdlar bir-biriga yo‘l beradigan bekat, uni, masalan, «Ayirg‘ich» yoki «Ayirma» desa ham bo‘lardi, lekin ruscha «Raz’ezd» deb atalgan va «Raziz» tarzida omma tiliga singib ketgan. Mus­taqillikdan keyin Jomboy atamasi asliga qaytarildi, lekin «Raziz» avom tilidan butkul chiqib ketganicha yo‘q.
Shu shaharchamiz yonidan Katta o‘zbek yo‘li o‘tadi, u bilan qishloqlardan chiqqan yo‘l kesishgan joy ham bolaligimizdan beri jonli tilda «Pirkiroska». Yo‘l yotqizilgan payti «Perekryostok» degan ko‘rsatkich qo‘yilgan bo‘lsa, shundan qolgan. Jami odam «Pirkiroska» der edi, yaxshi ham bu yerda bozor qurildi-da, joyning asl nomi o‘ziga qaytdi. Hozir «Shayman» yoki «Shaymanbozor» «Pirkiroska» bilan muqobil aytiladi.
Ha, darvoqe, adabiy tildan farqli ravishda, jonli so‘zlashuv tilining «avom tili» degan aniq atamasi bor, «avom» bunda omi, jo‘n ma’nosini emas, balki omma, ko‘plik ma’nosini beradi. Jonli so‘zlashuv tilining «qora til», «yalpoq (jalpoq) til» kabi yana lo‘nda istilohlari mavjud.
Tillar aralashuvining juda g‘alati, gohida zavqli holatlariga duch kelasiz. Qishloqda kampirlar uddaburon, bilgich odamni yoqtirmasalar: «Juda xitir odam», – deydilar. «Xitrыy», «xityor» so‘zi o‘rischani mutlaqo bilmaydigan kampirlarning tiliga kirib, «ayyor», «ustomon» kabi so‘zlarning o‘rnida qo‘llanadi. Mana o‘zingiz qarang: «Ro‘zg‘orda ikanom bo‘lmasa, kapeyka», «Menga mushayt qilma», «Ha, kataysa qilib keldingmi?», «Kelinni padrushka qilib yuribsanmi?», «Shunaqa palitka qilib ketdi-da» («ekonomiya», «kopeyka», «meshat», «katatsya», «politika» so‘zlarining talaffuzda turlanishi)…
Shunaqa istilohlar lug‘atga ham kirib, uning izohi ham beriladi, masalan, «kataysa – kataysa qilmoq. Razg. katatsya; payok – payok, bir haftalik payok; paket – qog‘oz paket, palatka – palatka; palatka qurmoq, palyon – poleno, palitka – razg. politika, maxinatsiya…». Bu esa shunday aytganimiz to‘g‘ri degan tavsiyaga aylanadi.
Yana, masalan, «plan» so‘zi, o‘zimizda «reja» degan muqobili bo‘lgani holda, sho‘ro davrida, shunday qilsa mahobatli chiqib, tuzumning qudratini urg‘ulab turarmidi, ayniqsa, «etti yillik plan» (hozir uning nimaligini ko‘pchilik bilmaydi, bilganlar eslamaydi), ishqilib, «plan» tarzida tilimizdan o‘rin oldi. «Reja» yo «mo‘ljal» so‘zlarini qo‘llash qoloqlik yo eskilik sarqiti bo‘lib qoldi. Shu ildizdan «planbozlik», «planlashtirish», «planli», «plansiz», «plansizlik» kabi sun’iy istilohlar yasalib ishlatilaverganidan ular ham lug‘atdan joy olgan. Hozir rejaning asl istilohiga qaytdik, lekin «plan» tilimizdan butkul chiqib ketganicha yo‘q.
«Banka» so‘zi o‘zga tildan tayyor holicha olib qo‘yilgan, «banka», «shisha banka», vassalom! «Banka yopmoq», «Banka qo‘yish». Bunaqa istilohlarni sanayversangiz, ensa qotib ketadi – shu qadar ko‘p.
Davrning o‘zgarishlari ham qiziq, ayrim so‘zlar tilimizga kirib, yalpayib o‘rnashib, tomir otib, keyin yo‘qolib-yitib ham ketadi. Endi «batrak» degan so‘z ishlatiladi, u ham shu holicha tarjimasiz «batrak», «batraklashmoq», «batrak­lashtirilmoq», «batraklashtirmoq», «batraklik», «batrachkom» tarzida lug‘atga kiritilgan, xuddi shunday aytilsa, yo‘qsilning o‘tmishda ezilishi urg‘ulanib, sho‘ro g‘oyalari salmog‘i kuchayib qoladigandek.
Tasarrufga bir paytlar kirib, ancha muddat ishlatilgan bo‘lsa kerakki, «belat qilmoq» («belit», «proizvodit pobelku»), «belatchi» («malyar», «belilщik») lug‘atdan shu holicha o‘rin olgan. Holbuki, tilimizda «ohaklash», «ohakchi», «oqlash», «oqartish» singari o‘z so‘zlarimiz bor. «Berilmoq»qa misol tarzida «Zakaznoy xat o‘z egasining qo‘liga beriladi» jumlasi keltirilgan, chunki shu «zakaznoy» avom tiliga singib ketgan, «tegishli» yoki «buyurtma» so‘zlari qo‘llanmagan. Faqat «zakaznoy» manzilga aniq yetib boradigandek.
Muqobillari bo‘lgani holda, ko‘p so‘zlar shu tarzda tasarrufda ko‘p qo‘llangani uchun ancha chuqur joy olib qolgan. «Belat» («bilet»), «kassa», «istansa» («stantsiya»), «vokzal», «peron» («perron»), «tavarni» («tovarnыy»), «passajirski» («passajirskiy») singari. Ba’zi so‘zlar bo‘ladi, biron-bir uskuna yoki asbob atamasi sifatida kirib kelgan va shu narsa bilan birga chiqib ketgan. Sho‘ro paytida hamma yoqda shiorlar alvon bo‘lib, «lozinka» («lozung») deb aytilar edi. Mustaqillikdan keyin alvon shiorlar bilan birga «lozunka» ham tilimizdan tushib qoldi. Bundan ancha yillar ilgari jamoat naqliyotida (transportida) chipta bilan birga «abonement» keng qo‘llanar, har bir avtobus yo tramvayda bu abonementni belgilash uchun ikki yoki uchtadan teshgich – «komposter» bo‘lar edi. Hozirgi avlod ikkalasini ham bilmaydi, binobarin, har ikki so‘z faol tasarrufdan tushib qolgan. «Kontrolyor»ning ham qismati shunday kechdi. Bekatlarda qo‘liga qizil latta bog‘lab, transportdan tushgan har bir odamning chiptasini tekshirib, «quyon»larni tutadigan barvasta xotinlarni faqat katta yoshdagilar eslaydi, demakki, «quyon» so‘zining chiptasiz yurgan odamga nisbatan ko‘chma ma’noda ishlatilishi ham hozir o‘tmish xotirasiga aylanib qolyapti.
G‘alati, juda ajablanarli, «naqliyot» o‘zimizda ishlatilib kelgani holda, «jamoat transporti» deymiz. Transportni «ulov» demaymiz, uni faqat eshakka nisbatan ishlatamiz, go‘yo «ulov» desak, g‘ildiragi tushib qolib, dum chiqaradigandek, o‘zimiz qoloq andiga aylanadigandek.
Til o‘zgarishlarini kuzatgan odam sarguzasht asar o‘qigandan kam zavq olmaydi.
Shahar, qishloq, mahallalarda bundan atigi yigirma yil oldin joy nomlari qanday bo‘lganini bir eslang. Kuni kechagi tarix. Yuzlab, minglab Lenin, Ulyanov, Lunacharskiy, Frunze, Ordjonikidzelar… Yana o‘zimizda mahalliy miqyosdagi inqilobchilarimiz ham bor edi. Guliston cho‘llarida sho‘ro marshallari nima yo‘qotgan ekan, ishqilib, har biri bittadan sovxozni nomi tagiga bosib olgan edi. Yuriy Gagarin ham koinotga uchib qaytganidan keyin sho‘roning boshqa mintaqalaridagi kabi, jumladan, Mirzacho‘lga ham muqim o‘tirib qolgan.
Bizda oftob chiqmaydimi, nur sochmaydimi, unda nimaga yuzlab kolxoz-sovxozlarimiz nomi «Rassvet», «Zarya», «Krasnaya zarya», «Zarya Vostoka» bo‘lgan? Mayli, bularni qo‘yavering, necha-necha asrlardan beri kelayotgan tarixiy nomlarni o‘zgartirishdan mantiq nima? Ularning o‘rniga xilma-xil «yangi»lar, «obod»lar yasab tashlanavergan. Hech nom topilmasa, «Yangiqishloq», «Yangiobod» deb qo‘ya qolishgan. Qo‘shni, masalan, Tojikistonni aytmaylik, mamlakatimizning o‘zida nechta «Leninobod», «Mehnatobod» yo «Mehnat-rohat» atamasi bo‘lgan ekan? Toponimika bilimdoni Suyun Qorayev bularning sanog‘ini keltirib hayratga solgan edi.
Ba’zan esa so‘z yasashda inson aqlining topqirligidan esingiz og‘adi: «Nurli quyosh» emish! Qarang, xuddi quyoshning nursizi ham bo‘ladigandek. Bizni yoritib turgan o‘zi bitta quyosh-ku, osmonda ko‘ringan boshqalari yulduz, ahli donolar nurliga aksini qaydan topgan ekanlar? Biz tomonda bir qish­loqni haligacha Davlatli turmush deydilar. Mayda kolxozlar zamonidan shu ot qolib ketgan. Asli oti To‘tixolajon bo‘lgan. Katta bir qishlog‘imizning oti Pushkin, shu nomdagi kolxozdan qolgan, asli atamasi Xitoybola deyishadi.
Hozir eslab odam hayron qoladi. «Sotsializm» atamasi eng ko‘p ishlatiladigan so‘zlardan edi. «Sotsialistik majburiyat», «sotsialistik tuzum», «sotsialistik lager», «sotsialistik mamlakat». Bular tushunarli. Lekin «sotsialistik mehnat»ni qanday tushuntish mumkin? Boshqa tuzumdagilarning mehnati «kapitalistik» yo «imperialistik» bo‘ladimi? Keyin yana, yodingizdami, paxtadan yo boshqa narsadan ishlab chiqarish davlat rejasi bajarilsa, undan keyin «sotsialistik majburiyat»ni bajarish, e-e, ana shunisi sharafli bo‘lar edi. Uni «majburiy» yoki «qo‘shimcha» reja deb to‘g‘ri aytib qo‘ya qolsa bo‘lmasdimi? Yo‘q edi, shekilli-da. Neytral tuzumda yashaydiganlarning mehnati «neytral mehnat» deb atalsa g‘alati chiqadi-ku, a?
Hozir tushga o‘xshaydi: «viloyat», «mavze» kabi so‘zlarni qo‘llashdan eskilik hidi kelar, O‘zbekistonimizni «mamlakat» deb atash millatchilikning o‘zginasi bo‘lar edi. Chunki mamlakat bitta – boshi-keti ko‘rinmaydigan bepoyon Sovet Ittifoqi edi. Hozirgi mustaqil davlatning u paytdagi hududlari qog‘ozda bo‘lsa-da «mamlakat» emas, «respublika», «yurt», «el», «makon» edi. «Tuman» joy, hudud ma’nosida mutlaqo ishlatilmas, faqat ming yoki ob-havo hodisasi ma’nosida qo‘llanardi. «Birinchi sekretar»ni «birinchi kotib» deyish qiyin, chunki «kotib» uning amalini pastlatib, mafkuraga zid milliy qilib qo‘yardi.
Shunaqa, har bir davr, zamonning o‘z so‘zlari, sevimli atamalari bo‘ladi, shekilli. Hozirgi yoshlarga «dala malikasi» desangiz, hech birovi bilmaydi, holbuki, o‘tgan asrdagi Xrushchev zamonida makkajo‘xorining «qanotli» atamasi shu edi. «Shonli besh yillik»lar, «etti yillik»lar ham hozirgi yoshlarga lug‘aviy ma’nosidan boshqa tushuncha bermaydi. Bular «shonli» so‘zi bilan birga o‘tkinchi bo‘lib, tarixga cho‘kib ketdi.
Maktab darsligida Volga daryosi bo‘yida yashaydigan xalqlarning og‘ir ahvoli aks etgan bir rasm bo‘lardi, «Burloqlar» degan. Shuning nimaga «soldov», «soldovchi» istilohi o‘zimizda bo‘la turib, ruschasi («burlaki») olingan, badiiy asarlar tarjimasida ham «burloq» tarzida qo‘llanib ketgan – tayinli mantiq topa olmaysiz. Tarix darsliklarida o‘tmishdagi ishchilar «stachka» qilardi «stachkom boshchiligida». Adabiyot darsliklarida Ahmad Yassaviy, Sulaymon Boqirg‘oniy kabi buyuk shoirlar «feodal-klerikal» edi.
Yana «Raziz» masalasiga qaytib, shu asnoda Jomboy tumani jonli toponimikasini misol qiladigan bo‘lsak, uni til o‘zgarishlari (buzilishi) qomusi deb atash mumkin. Mana, men tug‘ilgan qishloqning juda qadimiy bozorjoyi bor, adashmasam, tumandagi ikki bozorning biri edi. Bozorjoyligi tufayli uning G‘azira nomi kolxoz-sovxoz bo‘lib, nomlar o‘zgarsa-da, butkul o‘chib ketmadi, lekin goh «Lenin yo‘li», goh «Ukraina», goh «Bozorov» tarzida muvoziy qo‘llanaverdi. G‘aziraning chor-atrofida Istalin, Pushkin, Mo‘ltip, Varashilop, Kakanovich, Kalelin, undan keyin Abalin degan qishloqlar ham bor edi. Karil Markis, Engilis, Kamunizim, Oxunboboyip, Maskava, Kirop, Purunza, Partsez – bularning to‘g‘risini yozish shart emasdir. Shu talaffuz bilan aholi tiliga singgan.
Tuman xaritasi ustidan misoli mafkura to‘foni hamma yoqni g‘orat qilib o‘tganga o‘xshaydi. Lenin, Stalin, Kaganovich, Molotov, Voroshilov, Kuybishev, Frunze, Ulyanov, Oktyabr, Moskva, Kommunizm, Lenin yo‘li, Parts’ezd, Leningrad…
Hammasi otam zamonidan – bir vaqtlardagi mayda kolxozlardan yodgorlik, bu nomlar rasman o‘chgan, lekin avomda, xususan, katta yoshlilar tilida saqlanib qolgan.
To‘qson to‘qqizinchi yili tuman gazetasida saylov uchastkalari ro‘yxatida So‘xmon, Sariqipchoq, Xitoybola, Mitan, Qo‘lbosti, Qozoqovul, Xo‘ja, Tegirmonboshi, Tepa, Turkman, Dovcharariq, Sherqo‘rg‘on, Og‘ajon, O‘rdabozor, Go‘zay, Nogahon, Qo‘ziguzar, Archa, Dovchar, Qurmi, Qangli, Qoraxitoy kabi ko‘pini eshitish tushimga ham kirmagan joy nomlarini o‘qib hayratda qoldim. Shuncha atama sho‘ro qaznoqlarida mog‘or bosib yotaverar, saylov uchastkalarini nomlash paytidagina oftob yuzini ko‘rar ekan. Bu ham baxtli tasodif yo bir korafta bilimdon odam, balki, tuman gazetasi zahmatkash muxbiri yo muharriri shunday kommunizmu part’sezdlar zamonida yitmas matoh sifatida asl holida ro‘yxatlab qo‘ygan, baraka topsin!
Endi o‘zbek tiliga kirib qolgan, bugungacha tasarrufda kelayotgan yot atamalarning ko‘lami haddan keng: «istantsa», «astanovka», «uchastka», «plug», «lemex», «atval», «pritsep», «barana», «kultivassa», «chizil», «varaqachistitel», «karchopka», «chikanka», «svarka», «montyor», «montaj» – shu buzuq so‘zlarning hammasi so‘zlashuv tilimizda bor.
«Botinka», «tufli», «saposhka» deb ketdik. Holbuki, «boshmoq», «etik», «etikcha» so‘zlari o‘z tilimizda bor. «Paypoq» yoki «jilop» turganida «noski»ning keng ishlatilishiga nima deysiz?
Boshqa tilni mutloq bilmaydigan kampirlar «bekat» yo «manzil» demaydi, masalan, «Falonchi aptabus astanopkada simichka sotadi», – deydi («semichka»ni «kungaboqar» yo «pista» deb aytishmaydi).
Bizga choy shimol xalqlariga nisbatan ilgariroq kirib kelgan, lekin unga taalluqli ayrim so‘zlar keyin islohga kirib, jonli so‘zlashuvdan ham joy egallagan. Men bolaligimda bir so‘zni eshitib hayron bo‘lardim: kampirlar nevarasiga: «Magazindan bir ashmishkagina choy ham olib kel», – deb tayinlar edi. «Ashmishka» nima ekan? Ko‘p o‘qisam ham kitoblarda uchratmaganman bu so‘zni. O‘zbekchaga ham, ruschaga ham o‘xshamasdi. Keyin bilsam, bu «osmushka» – «vosmushka», yarim yoki nimchorak, sakkizdan birning buzilgani ekan. Esingizdami, yaqinlargacha Samarqand choy fabrikasida choy shunaqa yarim qadoqli, bir qadoqli qog‘oz o‘ramlarda chiqarilardi. Shuning kichkinasi «ashmishka» ekan. Endi qarang til o‘zgarishlarini: «damlam» yoki «quruq choy» muqobili bo‘lgani holda, «zavarka», «objo‘sh», «qaynatma» bo‘lgani holda, «kipitok» ham keng qo‘llanadi. Turli millatlar orasidagi yaqin munosabatlar ularning tillari o‘rtasida kuchli ayirboshlashga olib keladi. Bu hol tarixda turkiy-arab, turkiy-forsiy yo‘nalishda juda keng tus olgan. Keyingi ikki asrda o‘zbek tili bilan rus tili o‘rtasidagi munosabatlarni ana shu siraga kiritish mumkin. Muqaddam uch yuz yillik tarix rus tiliga ham ta’sir o‘tkazdi. Masalan, yirik rus turkolog olimi N.A.Baskakov «Russkiye familii tyurkskogo proisxojdeniya» (M.: Nauka, 1979) kitobida shunday familiyalardan uch yuzini ko‘rsatib, ularning kelib chiqishini oilaviy shajara va gerblar misolida tarixiy-filologik nuqtai nazardan tahlil etadi. Bu turkiy til bosqini emas, Rossiya bosib olgan o‘lkalardan oq podsho xizmatiga o‘tib, dvoryanlik, knyazlik martabalari, mulk, unvon va boshqa amallar bilan taqdirlangan turkiy xalqlarning avlodi, turkiy familiyalarning rus tiliga kirishi tabiiy hol edi. Umuman, turkiy istilohlarning rus tiliga o‘tishi xalqlarning keng bir hududdagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy bordi-keldilari natijasi deb qaraladi.
Bizda hozir boshqacha hol kuzatiladi. Ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar, adabiy tilni quvvatlab turadigan adabiy jarayonning sustlashgani, haqiqiy badiiy asarlar kam yaratilgani yoki san’at o‘z vazifasi qolib to‘y-hashamlarda yallachilik, bazmgarlik bilan cheklanib qolishi oqibatida umumtil ham vazminchilikka uchradi, san’atning tili oldi-qochdi o‘ldim-kuydimga aylandi va alal-oqibat chet ta’sirlarga nisbatan mo‘rtlashib qoldi.
O‘zga tilning surunkali, uzluksiz ta’siri tilning asliga o‘zgalashishiga olib keladi, til ichdan yemirila boshlaydi va bunga, takror aytaman, o‘zimiz sababchimiz, tilni asrashni, uni chet bosqinlardan himoyalashni o‘ylamasligimiz oqibatlari ancha yillardan beri odatga aylandi.
Shukrki, til jarayoni bir yoqlama emas, avom tili o‘zini o‘zi tozalab boradi, lekin o‘zimiz bila turib ifloslantiraversak, bu tozalashdan umid qilmasa ham bo‘ladi.
Sotsialistik tuzum, kompartiyaning yakkahokim mafkurasi yitib, tilimizga mustahkam kirib qolgan «obkom», «partkom», «vigovor», «narodniy kontrol», «obixis», «proverka», «sledovatel», «ispolnitel» degan so‘zlar kelgan jo­yiga ravona bo‘layotir, qaytib chiqib ketayotir. Hozirga kelib, masalan, «sotsial xavfli unsur» – «sotsialno opasnыy element», «burjuaziya malayi» – «prispeshnik burjuazii» kabi hukmdek aytiladigan iboralar ishlatilmaydi.
Til ham mudom o‘sadigan daraxt, uni parvarishlash kerak, qaramasangiz, qiyshiq o‘sadi, g‘ovlab ketadi, bachki novdalari ko‘payadi. U ham sarishtalik so‘raydigan ro‘zg‘or, pokiza qilib turmasangiz, ivirsiq bosadi, isliqib, patarot topishi bor gap.
Shunchaki bir misol: «beshkokil» nima desangiz, kamdan-kam odam bilsa kerak, chunki qizlarning sochini bunaqa o‘rish faqat lug‘atda qolgan. So‘z boyliklaridan ishlatilmagani uchun yitib ketayotgani qancha!
Lug‘at, tabiiyki, so‘zlashuv jarayonida tasarruf etilayotgan so‘zlarni aks ettiradi. Masalan, o‘zbekcha-ruscha lug‘atlar til o‘rganuvchilarga mo‘ljallanadi, biz qanday gapirsak, tilimizda qanday so‘zlarni qo‘llasak, rus tili orqali o‘zbek tilini o‘rganmoqchi bo‘lgan odam bularning hammasini shunday o‘zlashtiradi.
Albatta, jiddiy olimlarimiz, tilshunoslarga reklamadan misol keltirsangiz, shundan boshqa gap yo‘qmi degan ma’noda ensasini qotiradi, lekin reklama shunaqa surbet narsaki, har kuni o‘nlarcha marta takrorlanadi, tomoshabin miyasiga mixlanaveradi. Ya’ni tasarrufga kiraveradi. Quloq noto‘g‘ri iboraga o‘rgangandan keyin, to‘g‘ri so‘z talaffuzi qoloqlik bo‘lib tuyuladi. Tilchilarimiz keyin bunga til hodisasi sifatida qaraydilar (shevada gapirishni bir olim shunaqa oqim paydo bo‘ldi dedi).
O‘nlab misol keltirish mumkin. Chiqib ketgan, tushib qolayotgan so‘zlar o‘rniga yangi-yangi begona atamalar kirib, tilimizning ifloslanish jarayoni to‘xtamayotir.
O‘zimiz har kuni tasarruf qiladigan tanish so‘zlarning talay notanish ma’nolarini topib hayratga tushaman. Kundalik tasarrufda juda ko‘p so‘zlarni ishlatamiz, ko‘pincha uning kelib chiqishiga e’tibor bermaymiz. Mana, bitta «ko‘z» istilohini olaylik, qanchalar ko‘p ma’no va ma’no tovlanishlari bor.
Ilgari ijodkorlar, shoirmi, yozuvchimi, baxshimi, tilni xalqdan, xalq orasida yurib o‘rgangan, boshqa qayoqqa ham borsin edi? Bu gap ilgari «ular havodan nafas olgan» deganga o‘xshaydi. Hozir esa til, xususan, radio, ayniqsa, televideniye bosimi ostida. Televideniyening til havosi esa juda buzuq. Yo‘q, bugunga kelib tilga e’tiborning susaygani yo, hozir ko‘p aytiladiganidek, faqat shevachilikdan biliqsib ketayotganida emas, o‘zi televideniyening xarakteri shunday – undagi til – issiqxona tili, quritilgan, tozalangan, qaychilangan, qanoti, panjasi qirqilib, nihoyat, qush qilingan, xullas, sun’iy til. Til jozibasi televideniyeda yo‘q. Lekin boshqa o‘rgatuvchi ham yo‘q: kitoblarning tiraji past, rasmiy matbuot nashrlari adadi juda kam, kattaroq tirajda chiqayotgan xususiy gazetalarning o‘ziga til madaniyati yetib bormagan. Tuman muxbirlar lashkari «mulla bilganini o‘qiydi» qabilida og‘ziga kelganini gapirib, yozib yotibdilar. Hay, insof bormi, sizlar ham bir narsani o‘qiganmisizlar deb so‘raydigan odam yo‘q. Yasama so‘zlar, g‘aliz iboralar g‘ij-g‘ij, ularni bittalab sanab chiqishga umr yetmaydi. Ko‘cha chet atamalar, «Men uni xohlayman» (koka-kola haqida) kabi savodsiz reklamalar bilan liq to‘la. Ba’zan endi foydasi yo‘qmikan, shunday ketaveradimi deb ko‘ngling cho‘kadi. Keng tarqalgan nodonlik joriy donolik bo‘lib qolyapti.
Bu jarayon hozir ham davom etayotir, nafaqat davomda, balki o‘sishda pastlab ketyapti.
Hali gaplashamiz bu mavzuda. Gaplashganimizning foydasi yo‘qdir endi, lekin bir fikr olishaylik, zora…