Hoji Muin. Yuqma kasal (1924)

Musulmonlar orasida ming uch yuz yildan beri ota-bobolaridan meros qolib kelgan juda qo‘rqunchlik yuqma kasal hukm surib kelayotibdirkim, ul ham xotunjallobliqdir. Bu kasal, qulg‘una va qaysari noxunadan ham yomonroq bo‘lib, sanoqsiz xotun-qizlarimizni baxti qaro qildi. Hadsiz singil-opalarimizni tiriklay qora tuproqqa topshirib keldi.

Tag-tagini surishtirib kelsangiz, bu yuqma kasal bizga yo‘qsul otalarimizdan emas, balki ko‘zi chiqqur amir va xonlarimizdan, qorni yorilg‘ur mulla va boylarimizdan yuqub kelgandir. Mullalarimiz fatvoi shar’iy berdilar. Podshoh va shahanshohlarimiz o‘zlarining o‘rdalarini joriyalari bilan to‘ldurdilar. Dindor ulamolarimiz «Muhammad ummati ko‘paysun» deb dalolati xayrda bo‘ldilar. Boy va sarvatdorlarimiz xotunni ko‘paytirib, shariat yuzasidan to‘rtdan oshug‘ini so‘fi qilib qo‘ydilar…

Mana, bizning haqparast musulmonlarimiz orasida birdan oshiq xotun olish shu yo‘sinda boshlanib, shu ravishda davom etdi. Go‘r-bago‘r ketgur ota-bobolarimizdan shu tariqada bizga meros qolib keldi.

Endi opa-singillarimizning huquqini poymol qiladurg‘on va ularning baxtini o‘yunchoq qilg‘on xotunjalloblarimizning ichki-oilaviy turmushlarig‘a bir ko‘z solayliq. Qani, bular o‘z xotunlarig‘a qanday muomala qiladir-lar va nechuk kayf suradirlar?

Birdan ortiq xotun olg‘on kishining tirikchiligi, aysh-ishrati juda qiziqdir. Boshlab shuni aytib beraylikkim, bunday uyda ishq-muhabbat, sadoqat va to‘g‘riliq degan narsa sira bo‘lmas. Siz har kun to‘y-tomoshag‘a boraman desangiz, to‘p-to‘g‘ri ikki xotunlik o‘rtog‘ingizning uyig‘a boring. Tiyotrlarda, sirklarda ko‘rmagan ajoyib tomoshani shunda ko‘rasiz. Xotunlardan biri «foloniy» deb chaqirsa, boshqasi «domona» deb javob beradir. Bunday uyda har vaqt osh deb toshni yediralar. Qosh tuzataman deb ko‘zni chiqaradirlar… Birisi eshikdan qarasa, unisi teshikdan qaraydir. Bularning o‘rtasida kunda necha qatla milla uzush, yoqa yirtish ham voqe’ bo‘lib turadir…

Mudohona va munofiqlik ilmini xatm kilg‘on er o‘z xotunlarini, bir tomondan, turlik g‘alati narsalar bilan, boshqa tomondan, «qamchi» siyosati bilan uncha-muncha aldab tursa ham, lekin bu aldashlar ko‘b vaqt davom etmas. Oxiri, yo er xotundan bezor bo‘lib uni haydaydir yoki xotun ajralib o‘zini qutqaradir… Shunday bo‘lmag‘onda ikkovidan biri albatta sil bo‘lib o‘ladir…

Shuni ham aytib o‘tish kerakkim, ikki xotunlik oilalarning erlari ko‘pincha dayusmizoj va xunasa aft bo‘lib, xotunlari ham bir muncha satangtabiat va oliftaxo‘y bo‘ladirlar… Biz xotunlarning bu ayb va gunohini hamiyatsiz erlarning bo‘ynig‘a qo‘yamiz. Chunki bu ishlarning bosh sababi ham shulardir.

Mulla Junbul

«Mashrab», 1924 yil, 7 — son