Abdulla Qodiriy. Yashasun ko‘nchilar tashkiloti (1924)

Mehnatkashlar tashkilotsiz yashay olmaydirlar. Bu mantiqiy bir so‘z. Butun o‘lkamizda biror mahkam tashkilotlik kasaba uyushmasi yo‘q. Magar bor bo‘lsa-da, u ham yakka va yagona Toshkanddagi ko‘nchilar tashkilotidir.

Bu tashkilot bizning «milliy an’ana»larimizni oqizmay-tomizmay saqlab kelishi barobarida, uni keng suratda tarqatish uchun ham juda yaxshi tashabbus ko‘rsatmakdadir. Tangri ko‘nchilar tashabbusini samarasiz qoldirmasun!..

Bu yil dalalarni kim obod qildi? Bazmlar taraq; nog‘ora, chirmanda qars-vadavang; bachcha va bachchabozlik namuna bo‘larliq darajada el qoshida manzur etildi. Ko‘nchilar jumhuriyati bo‘lg‘an Ko‘kcha dahasining Musso‘linisi[1], Gardingi[2], Puanqarasi[3] bor. Eski shahar militsa idoralarining ko‘nchilar harakatiga irod yetkizishga[4] hech bir haqi yo‘q. Payshanba kechalari qiyquruqdan qo‘shni jumhuriyat xalqi mijja qoqa olmaydir.

— Ha, nima g‘alva?

— Qizil tirnoqlar tashkiloti o‘zining qanday mahkam tashkil topqanini ko‘rsatmakdadir.

— Aniqmi?

— Aniq!

— Bo‘lmasa millat yashaydi, desang-chi.

Namoyish… payshanba kuni Yangi shahar ko‘chalaridan arava-arava qizil tirnoqlar tashkiloti nog‘ora, chirmanda chalib, bachcha o‘ynatib ko‘cha aylanurlar.

— Ha, nima gap?

— Qizil tirnoqlarning aysh-ishratini yovrupoliq burodarlar ham ko‘rsun emish…

Yoshlar, komsomollar deb qo‘ya qolay, bir kun Qo‘ylo‘qskiy ko‘chadan namoyish qilib o‘tub ketayotqan qizil tirnoq jamoatiga: «Bu ishingiz chetlar qoshida kulgi-ku», degan ekan, o‘shal on haligi komsomollardan biravi onasini uchqo‘rg‘ondan ko‘rgan.

Afsus, yoz o‘tib, nog‘ora, chirmanda bilan bo‘ladurg‘an bazmning vaqti ketib boradir. Endi tor mehmonxonalarda dutor, tanbur bilan bazm qilish qanday ko‘ngilsiz…

Nima chora, juvong‘a[5] kokil solinib qo‘yulg‘andan keyin tor uyda ham keng fe’l boshlanib keta beradir. Shuning uchun «Ko‘nchilar tashkiloti yashasun!» deymiz.

«Mushtum», 1923 yil, 12-son, 2-bet.

[1] Mussolini Benito — (1883 — Italiya — 1945) italyan fashistik partiyasining va fashistik hukumatining rahbari (1922-43).

[2] Garding — Xarding Uorren (1865 — AQSh — 1923) davlat arbobi, 1921 yildan AQShning prezidenti.

[3] Puanqara — Puankare Raymon (1864-1934) frantsuz siyosiy arbobi, 1913-20 yillarda Frantsiya prezidenti, 1922-24 yillarda bosh ministr va tashqi ishlar ministiri, 1928 yilgacha moliya ministri. Sovetlarga qarshi hujumning tashkilotchilaridan biri. Genuya konferentsiyasiga borgan Frantsiya vakillarining rahbari.

[4] Irod yetkazish — qarshilik qilish.

[5] Juvon — yosh yigit.