(Yozuvchi yon daftaridan)
1. Samolyot Minskka qo‘ndi. Mahalliy vaqt bo‘yicha soat o‘n biru yigirma. Havo salqin. Osmon bulut. Shabada.
Aeroportdan chiqishingiz hamono ajoyib manzaraga duch kelasiz; oynaday tekis yo‘l o‘rmonni yorib kiradi — Belorus zamini Sizga shunday bag‘ir ochadi. Albatta, avval bunday ohangjamani ko‘rmagan bo‘lsangiz hayratlanasiz, hayajonlanasiz.
— Qanday chiroyli joylar-a?
— Belorus o‘rmon va ko‘llar, botqoqliklar o‘lkasi, — deydi haydovchi beparvogina, — birinchi marta kelishingmi?
— Hmm. Baribir chiroyli ekan.
— O‘rmonni yaxshi ko‘rasanmi?
— Bilmasam, umrimda haqiqiy o‘rmonga endi duch kelishim.
Haydovchi meni ajabtovur sayyohu-siyyoh ekan deb o‘ylaydi (buni sezaman), angrayib qarab qo‘yadi. Men yo‘l cheti — o‘rmondan ko‘z uzmay mum tishlayman.
— Nega jim qolding?
— Belorusni shu o‘rmonlar asrab qolgan, — deyman bexosdan.
Haydovchi endi taajjubini yashirolmaydi.
— Nega bunday deyapsan? Kimdan, nimadan asrab qolgan?
— Fashistdan… Bunda har bir daraxt fashistga qarshi kurashgan. Har bir daraxt askarning, partizanning joniga ora kirgan. O‘rmonlar bo‘lmaganda partizanlar bo‘lmas edi. O‘rmonlar jasur partizanlar timsolida fashistning ko‘zidan o‘tini olgan, tinkasini quritgan. Yo‘qsa, it emgan gazanda allaqachon Moskvaning tumshug‘i tagiga borib turardi.
Hamrohim yelkamga qoqib qo‘yadi:
— Uh, Seni qara-yu, yuz foiz qo‘shilaman. Topib gapirding. O‘rmonlar ham jang qilgan. Mening bobom, ikki amakim urushning dastlabki kunlari o‘rmonga qochib kirishgan. Partizanlar otryadiga a’zo bo‘lishgan. Qirq to‘rtinchi yilgacha bosqinchilarning dodini berishgan. Eh, nimasini aytasan, beloruslarda bir gap bor: “Hech bir xonadon eshigi yo‘qki, urush tepib ochmagan bo‘lsa…”
Men o‘yga cho‘maman. Ko‘z o‘ngimda kinolarda ko‘rganim, kitoblarda o‘qiganim urush dahshatlari, o‘rmon ichidan gurros-gurros o‘tayotgan partizanlar safi, oziq-ovqat, o‘q-dori ortilgan aravalar, yerto‘lalarda ingragan yaradorlar tepasida mijja qoqmagan hamshiralarning so‘niq qiyofasi namoyon bo‘ladi.
Tuyqus… tuyqus… Yo‘l yoqasi — o‘rmon chetidagi osmonmonand qarag‘ay ortida ko‘ksida qurol, yelkasida jangto‘rva osgan qorako‘z, qoraqosh, qoramag‘iz o‘zbek o‘g‘loni qarab turganini ko‘raman.
Ha, men aniq ko‘raman.
U jilmayib qo‘yadi. Yuragim uvishadi.
2. “Planeta” degan mehmonxonaga joylashdim. O‘zbekistonning Belorusdagi elchixonasiga, elchimizga, elchixona vakili Doniyor akaga tashakkur aytaman. Urush haqida kitob yozayotganimni bilishgach, ishlari qanchalik ko‘p va tig‘iz bo‘lishiga qaramay menga katta yordam berishdi. Rasmiyatchilikdan holi, samimiy yordam. Bayonnoma-yu xat-qog‘oz aralashmadi. Xuddi o‘z Vatanimda yurganday edim. Meni Belorus Respublikasi Axborot vaziri, taniqli yozuvchi va arbob Ales Karlyukevich bilan tanishtirib qo‘yishdi. Ales aka bilan suhbat avvalidayoq yulduzimiz to‘qnashdi — bir-birimizni tushundik; yozuvchilik yaxshi-da, uning samimiyati arboblik sarhadlarini buzib o‘tdi. Karlyukevich qayerga borishim, kimlarga uchrashishim, qaysi joylardan manba yig‘ishim mumkinligini zumda hal etdi, har bir kunim rejaga tushdi. Ulov ajratdi. Mehmonxonaga bir quchoq kitob olib kelib berishdi. Har zamonda qo‘ng‘iroq qilib turishdi, goh vazirlikdan, goh elchixonamizdan: “charchamadingizmi, zerikmayapsizmi?” “Yo‘q, hammasi yaxshi: yozayapman, yozayapman!”
3. Urush muzeyiga bordim. Ancha payt tashqarida turib qoldim. Ichkariga kirish oldidan botiniy bir tayyorgarlik onlarini boshdan kechirdim, negadir oyoqlarim zil-zambil edi, yuragimda allanechuk og‘riq cho‘kib yotganday. Men bu dargoh qa’rida kishi ko‘nglini ostin-ustun qiladigan, larzaga soladigan dahshatu ko‘rguliklar jo ekanligini bilardim; bu joy haqida internet orqali ma’lumotga ega bo‘lgandim. Safar oldidan uyushmamiz rahbari Sirojiddin Sayyid ham: “Eng avvalo, Sen urush muzeyiga kirgin, aytishga til ojiz musibatlarni o‘z ko‘zing bilan ko‘rib, yig‘laysan..”, — degandi. Xullas, men ro‘paramdagi dahshat oldida o‘zimni bir pas chog‘lab, o‘zimda sovuqqonlik tuyg‘usini uyg‘otishga urinib go‘yo beparvolik bilan qadam tashlayman, qayoqda deysiz, yuragimda allanechuk bezovtalik hissi to‘lqin uradi. Muzeydan chiqayotganlarni kuzataman, barchasining qadam olishi og‘ir, barchasining nigohi mahzun, xuddi og‘ir jang ichidan mag‘lub chiqqan kabi boshlari xam, ayrimlarining ko‘zlarida yosh. Eshikka tirkalgan o‘rindiqda kepkasini qoshigacha bostirib olgan jikkaktutamgina, ozg‘in bir chol o‘tiribdi. U menga qiziqsinib qaraydi:
— Nega halidan beri joyingda depsinasan, kirmaysanmi? Ke, o‘tir.
Qiziq boboy ekan-ku. Buning nima ishi bor ekan, kiramanmi, yo‘qmi…
— O‘zim shunchaki, — cholning yoniga cho‘kaman — Siz kirib-chiqdingizmi, qanday bo‘ldi?, — deyman dabdurustdan.
Chol sinchkov nazar tashlaydi:
— Nimaydi? Men kirmayman. O‘g‘lim bilan nabiram kirib ketishdi, hozir chiqib qolishadi.
— Siz nega kirmadingiz? Xohlamaysizmi? — Sizga insoniyat tarixining qizig‘i yo‘qmi, degan iddaomni payqab qolgan chol xo‘mraydi:
— Bundan o‘ttiz yil avval bir kirganman, bu muzeyga. Men bu yerdagi dahshatlarni, mana bu joyga, ko‘ksimga, yuragimga joylaganman. Men bu ko‘rguliklarni bolalagimda, olti yoshimda o‘z boshimdan kechirganman. Mening mana bu yerim (chol o‘z ko‘ksiga ko‘rsatkich barmog‘ini niqtaydi) tirik muzey. Uning qopqog‘ini har kuni zichlash bilan ovoraman. Qayoqda deysan, ichingda, qalbingda ko‘milgan xotira bo‘roni baribir qayta-qayta xayolingda tirilaverar ekan. Endi tushungandirsan, mening o‘zim muzeyman-ku, o‘g‘lim…
— Noo‘rin gaplarim uchun kechiring, ota, — deyman mulzam bo‘lib.
— Hech qisi yo‘q. Bor endi, bora qol.
Men muzey eshigiga qo‘l cho‘zaman.
4. Muzeydaman. Qayg‘u-musibatning cheki yo‘q. Yelkangdan bosgan dard vujudingni zirqiratadi. Tanangga og‘irlik qiladi. Urush bilan yuzma-yuz kelasan.
Hayot va o‘lim oralig‘ida tosh qotasan.
Urush muzeyida ostona hatlab
Yuragim uvishdi. Urushni ko‘rdim…
Yoshlik… Afg‘on jangi yodimda portlab,
Tanklar panasiga o‘zimni urdim.
Fashist qirg‘in soldi — amr etgan Gitler,
Tirik jon qolmadi. O‘ldirdi, yoqdi.
Nega tars yorilib ketmayapsan Yer?!
Olovda chinqirgan go‘daklar haqqi.
Tongda odamlarni tizib devorga
Fashist huzur qilib tortdi tamaki.
Chinqirib yig‘ladi shunda bir bola:
“Onam bilan meni otmang, amaki!”.
Miltiqlar o‘q otdi borliqni tilib,
Bulutlar qon sochdi tongning yuziga.
Osmon oqib tushdi yopmoqchi bo‘lib,
Qo‘rquvdan tosh qotgan bola ko‘ziga.
Gidqiz, qayg‘udoshim, to‘kmagin ko‘z yosh,
Zaminning kosasi ko‘z yoshga to‘lgan.
Titragan labingda eng so‘nggi bardosh:
“… har uch belorusdan bittasi o‘lgan…”
Muzeydan chiqsam bas.
Tugaydi azob,
Ungacha tik turmoq o‘zi g‘alaba.
Katta bobosining rasmini silab
Yum-yum yig‘layapti sho‘rlik talaba…
Chiqdim, bir niyat bor qalbning ostida:
“Dunyo turguncha tur. Illo, o‘lma, o‘s!
Tirik qolganing-chun Yerning ustida
Kel, Seni bag‘rimga bosay, Belorus!”
5. Puxovichi tumani markazi Marina-Gorkadamiz. Jurnalist Anotoliy amaki ikkimizni keksa Aleksandr Aleksandrovich kutib oldi. U yetmish yoshda. O‘qituvchilik qilgan, hozir nafaqada. Puxovichi tarix muzeyida ishlarkan. Yo‘l-yo‘lakay Anotoliy amaki ikkisi beloruslarda tug‘ilish haddan ziyod kamayib ketayotgani, qishloqlar huvillab qolgani haqida kuyinib gaplashishdi. Men tomoq qirdim, ularning o‘zlariga tegishli og‘riqli suhbatini eshitib borayotganimdan xijolat tortib shunday qildim.
— Buning hech qanday sirligi yo‘q. Yosh avlod soni bu ketishda qari-qartang, pensionerlarga teng bo‘lib qoladi, — deydi Aleksandr Aleksandrovich.
— Hozir mamlakatda aholi soni qancha?
— To‘qqiz yarim million. Tasavvur qiling, shuning yarmi keksalar. Aholi kamayib bormoqda, — dedi qariya.
— Sizlar urushda qirilib ketgansizlar, — deyman og‘ir tin olib.
— Nimasini aytasiz. Uch millionga yaqin belorusning yostig‘ini quritdi urush. 433 ta qishloqni fashistlar yoqib, kulini ko‘kka sovurdi, odamlarini qirib tashladi.
Mashina oynasidan tashqariga qarayman, kichik, yog‘ochuylar mung‘ayib turgan qishloqning olov ichida kunpayakun bo‘lib, ming-minglab odamlarning borliqni larzaga solib dod-faryod solishini tasavvur qilaman. Ko‘z oldim qorong‘ulashadi.
— Biz hozir o‘rmonga kiramiz. Partizanlar jang qilgan hududga yaqinlashayapmiz, — deydi Aleksandr Aleksandrovich.
Ulovimiz tor, lekin ravon asfalt yo‘lda bepoyon o‘rmon oralab yuradi. Borliq jimjit. Biroz vahimali. Atrofda na biror texnika, na biror tirik jon ko‘zga chalinmaydi.
— Bu yo‘ldan fashistlar ham yurganmi? — so‘rayman hamrohlarimdan.
— Be, qayoqda. Ular bu yerga kirisholmagan. Partizanlar qo‘l ostida bo‘lgan bu joylar. Gazandalar partizanlardan o‘lguday qo‘rqishgan. Adashib-netib kirsa ham fashistni bu yerga ajal haydab kelgan…
— Partizanlar ichida o‘zbeklar ham ko‘p bo‘lgan deyishadi? — bilgim keladi.
— Albatta. O‘zbeklar ham jang qilgan.
— Shulardan biri Mamadali Topiboldiyev. Judayam mard, yovqur jangchi bo‘lgan. Sovet Ittifoqi Qahramoni. Eshitganmisizlar?
— Adashmasam, Gerasim Kirpich boshchiligidagi “Chekist” deb nomlangan partizanlar brigadasida jang qilgan, — deydi Aleksandr Aleksandrovich. — Bu brigada haqida bizning muzeyimizda yetarli ma’lumot va fotolavhalar bor.
Aleksandr Aleksandrovich yo‘l-yo‘lakay fashistlar qirg‘inbarot qilgan qishloqlar haqida gapirib beradi. Puxovichi tumaniga qaytish yo‘lida to‘xtaymiz. Mashinani qoldirib o‘rmon chetiga o‘tamiz. Yodgorlik o‘rnatilgan. Fashistlar bu yerda 1203 nafar odamni otib o‘ldirishgan. Ular asosan keksalar, ayollaru bolalar edi. So‘ngra murdalar va yaradorlarni birga qo‘shib ko‘mib yuborishadi. Do‘ppayib turgan tuproq qanchalab faryodu nola, chinqiriqlarni yutib yotganiga guvoh bo‘lasiz. Umumqabr tepasiga, bizning yonimizga shu yaqin orada yashovchi keksa kampir va yosh juvon bolakaylarni ergashtirib kelishdi.
— Bolaligim shu yerlarda qo‘ziqorin terib o‘tgan. Onam menga u yoqlarga borma, deb ko‘p tayinlardi. Onamning aytishicha, bu yerda bir necha kun yer ostidan ihroqli nola eshitilib, umumqabr siltanib turgan, — deydi Olga Vasilevna. — Bolalarni bu yerga urushning dahshatlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rishsin, tinchlikning qadriga yetishsin, to‘qlikka-sho‘xlik qilib kechagi tariximizni unutib yuborishmasin, degan maqsadda tez-tez olib kelamiz.
Aleksandr Aleksandrovich meni o‘rmon ichkarisiga boshlab kiradi. Shu hududda jang qilib halok bo‘lgan partizanlarga o‘rnatilgan ramziy yodgorlik va qabr qarshisidan chiqamiz. Boshimizda, osmono‘par daraxtlar tepasidan bizni ming-minglab nigohlar, jasur jangchilar ruhi kuzatib turganday tuyuladi.
6. Fashist-gazandalari sho‘rlik belorus xalqini ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan qiynoqlarda azoblagani, o‘ldirgani, qirgani haqida shunday tafsilotu ma’lumotlar borki, ularni ko‘rgan, kuzatgan kishi aqldan ozishi, jinni bo‘lib qolishi hech gap emas. Hamrohim Aleksandr Aleksandrovich aytib bergan ayrim dahshatli voqealarni ko‘z o‘ngimda jonlantirib vujudimga ming-million igna sanchilganday seskanaman, boshimga og‘riq kiradi. Shu paytgacha biz ko‘rgan filmlar, o‘qigan kitoblarimizda bu darajadagi vahshiyliklar to‘liq aks etmaganini anglayman. Ehtimol, bu hodisalar film va kitoblarga sig‘mas, ular bularni ko‘tara olmas, ehtimol, ular bizni ayashgandir, ehtimol, shunday bo‘lgani ham bir hisobdan to‘g‘ridir. Yon daftarimda qayd etilgan ayrim xunrezliklarga siz ham ko‘z yugurtiring:
1942-1944 yillar nemis-fashistlari belorus xalqidan o‘ch olish maqsadida Mogilyov, Minsk, Vitebsk va Grodnensk viloyatlarida 200 ga yaqin qishloqlarni yoqib yuborishdi va yuz mingdan ortiq odamni qirib tashlashdi.
Xatin qishlog‘idagi fojiani o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, tasodif tufayli omon qolgan temirchi Iosif Kamenskiy shunday eslaydi: “Meni ham shu sarayga olib kelib qamashdi. Qizcham, o‘g‘lim va xotinim ham shu yerda. Odam tiqilib ketgan. Men qizalog‘imdan so‘radim:
— Nega kiyinib olmading? U javob berdi:
— Bizni bu yerga haydab kiritishayotib kiyimlarimizni yirtib tashlashdi…
Odamlarni dam-badam haydab kirishaverdi. Keyin saray ichi liq to‘lib qimirlashning iloji qolmadi. Havo yetishmasdi. Shu payt eshiklarni zichlab yopishdi. Saray tomidan o‘t qo‘yishdi. Borliq odamlarning oh-faryodiga to‘lib ketdi. Men o‘g‘limni yelkamga olib “tepaga intil”, deb qichqirdim, tomning yorig‘idan chiqib qochish mumkin edi. O‘g‘lim tomga tarmashdi. Izidan men. U besh metrlar chamasi yurgan ham ediki, o‘qqa uchdi, pulemyotdan otib o‘ldirishdi. Bunday dahshatli manzara, dod-faryodni hech bir inson ko‘rmasin…”
Xatin qishlog‘ida o‘sha kuni, o‘sha sarayda 149 nafar kishi o‘ldirildi yoki tiriklayin yonib ketdi. Shulardan 75 nafari bolalar edi.
7. Brest viloyati, Jabinkov tumani, Dremlovo qishlog‘i. O‘sha paytda bolakay bo‘lgan Nikolay Yemushko xotirasi:
“1942 yilning 11 sentyabrida erta tongda fashistlar qishloqqa kirib kelishdi, har bir xonadonga bosh suqib, odamlarni tashqariga olib chiqishdi. Uylarda hech kimni qoldirishmadi. Odamlar buni navbatdagi “ov”, yoshlarni saralab Germaniyaga jo‘natishsa kerak, deb o‘ylashdi. Erkaklar va yoshlarni alohida sarayga qamashdi. Ayollar va bolalarni esa boshqa uyga haydab kirishdi. Eshiklarni yopishdi. Keyin gazandalar rus tilida qichqirishdi: “To‘rtta-to‘rtta bo‘lib chiqinglar!!!” Saray eshigidan to‘rt kishi chiqdi. Ularni shu zahoti otib o‘ldirishdi. Saraydan chiqmaganlarni esa yoqib yuborishdi…”
Deremlevo qishlog‘ida o‘shanda 286 insonning yostig‘i quridi. Halok bo‘lganlarning 126 nafari yosh bolalar edi…
Vitebsk viloyati, Dokshitsk tumani, Shunevka qishlog‘idagi fojia: 1943 yilning 22 may kuni fashistlar tong mahali qishloqqa kirib kelishadi va bu yerda ham odamlarni qishloq chetidagi sarayga qamashadi. Sarayga o‘t qo‘yib yuborishadi. Yosh bolalarni esa olib qolishadi. Jallodlar norasida bolalarni quduqqa tashlab cho‘ktirishadi. Bu qishloqda bor-yo‘g‘i uch nafargina odam tirik qoladi.
Minsk viloyati, Logoysk tumani, Tristen qishlog‘i.
1943 yilning 7 may kuni fashist-qonxo‘rlar 15 ta hovlini yoqib yuborishdi, odamlarni o‘qqa tutishdi. Otib tashlanganlar orasida Shaparovlar oilasi ro‘yxatiga e’tibor bering:
Vera 32 yosh, Nikolay 9 yosh, Mariya 7 yosh, Tatyana 5 yosh, Nina 4 yosh, Ganusya 2 yoshda edi. To‘rt oylik Lyubani esa beshigi bilan qo‘shib yoqib yuborishdi.
Petrovlar oilasini esa tiriklayin olovda yoqishdi. Mana ular: “Pelageya 40 yosh, Mariya 16 yosh, Nina 6 yosh, Petya 10 yosh, Grishna 8 yosh, Boriska 6 yoshda.
Ha, bunday xunrezliklar Svetogorsk tumanidagi Sela qishlog‘ida, Gordensk tumanidagi Siniy Kamen qishlog‘ida, Osinovichesk tumanidagi Makove qishloqlari va boshqa bir qancha hududlarda sodir etiladi. Bunday ko‘rguliklarga sho‘ring qurg‘ur bu zamin qanday dosh berdiykin, bu xunrezlik, bu faryodu nolalardan nega osmon tars yorilib ketmadiykin, nega yerga qulab tushmadiykin, degan xayolga borasan. Butun boshli xalqlarni yer yuzidan supurib tashlashga o‘zini haqli deb bilgan, vos-vosga yo‘liqqan, itdan tarqagan vaysaqi Gitler bani-bashar oldida kelajak avlod qoshida juda ko‘p savollar javobini ochiq qoldirib ketdi… Nega, nima uchun, axir begunoh odamlarni o‘ldirish, qiynash, xonavayron qilishni nima bilan oqlamoq mumkin? Oqlab bo‘larmikin?
Men tilni titroqqa soladigan, so‘zlashga zabon muzlaydigan bu fojialarni eshitib, urushning mudhish oqibatlari asoratini Belorus zaminida o‘z ko‘zim bilan ko‘rib shunday xayolga bordim; Marina Gorkada uchrashgan chog‘imiz Aleksandr Aleksandrovich noligandi: “Belorusda tug‘ilish oz. Bir xonadonda nari borsa bir-ikki nafar farzand bor… Bu ketishda…”
Axir urush paytida bir xonadonda kamida 7-8 nafar jon yashagan-ku. Beloruslarning ayrimlari o‘nlab farzandlarni voyaga yetkazishgan. Urush ularni qirgan. Bugungi oilaboshilar esa o‘sha qirg‘indan omon qolgan, yuragida qurquv va hasrat ildiz otib, ruhiyatini o‘lim larzaga solgan ota-bobolar, sho‘rpeshona ayollarning avlodlaridir. Kim bilsin, urushning o‘sha dahshatli azoblari va qiynoqlari bugungi avlodda ko‘payish, palak otish hissini yo‘qotib yuborgandir. Axir qo‘rquv hissi qondan qonga o‘tadi-ku. Yana kim bilsin? Kim biladi, deysiz?
Aziz o‘quvchim! Men yon daftarimda qayd etilgan urushning jirkanch qiyofasidan ayrim lavhalarnigina keltirib o‘tdim. Insoniyat boshiga mislsiz kulfat keltirgan bu urushning hasratlari esa beadoqdir.
“O‘zAS”, 2019 yil, 27 son