Rahimjon Ali. “Qazo darslari”dan darslar (2013)

(Mug‘anniy ijodiga chizgilar)

O‘lim Haq! U inkorsiz haqiqat!
Balki bu dunyoda barcha haqiqatlar inkor qilinar, lekin insonning o‘limi inkorsizdir! Qo‘limdagi mo‘jazgina bu kitobchaning muallifi – ustozimiz Mug‘anniy.
Kitob nomi esa “Qazo darslari”.
Kitob nomi bilan sizga allanechuk tuyg‘uni olib kiradi. Kitobni ochishni boshlaysiz, kitobning kaliti “Fotiha” to‘rtligidir:

U KUNda o‘pishar yuzimdan,
Shirmoy non yopishar so‘zimdan.
Ortingdan ketyapman, yetolmay,
Topishar borganlar izimdan!

Ha, bu bir tayyorgarlik yoki tayyorgarlikka chorlov!
Kitob to‘rtliklardan iborat bo‘lib, besh qismni o‘z ichiga oladi va barcha to‘rtliklar “Robbim!” so‘zi bilan boshlanadi. Ya’ni bularning barchasi Rabbga iltijo, Yaratganga, Tarbiya qiluvchiga iltijo! Shoir iltijo natijasida goho “erkalik” qiladi, goho “shakkoklik” ham qilganday bo‘ladi, ammo barchasi Haq yo‘lidagi xolislikdan tug‘iladi.
Kitobning birinchi qismi – “Munojot”dir!

DARIChA
Men Sening KUNingga sig‘magan So‘zing,
O‘zingga termilib to‘ymagan Ko‘zing.
Zamonlar charxida titragan Ko‘za,
Men Sening O‘zingdan O‘zingga O‘zing!

Mazkur to‘rtlikda bir dunyo masala ihota qilingan. Va qanchalab javobsiz savolga javob qilsa bo‘ladiganday…

Men Sening “KUN”ingga sig‘magan So‘zing…

Bunda insonning naqadar ulug‘ligi u yuksak maqomda ekanligi shoir tilidan ilk yaralish jarayoni so‘zlanilyapti.
Bilamizki, “Kun fayakun” so‘zi Qur’oni Karimning ko‘pgina yerlarida uchraydi. “Bo‘l deydi bas, bo‘ladi” ma’nosini anglatuvchi bu muborak kalom o‘zbek mumtoz adabiyotining ham ildizlaridan hisoblanadi. Demak, shoir shunday demoqchi bo‘ladi nazarimda:
Alloh “Bo‘l!” (ya’ni “KUN”) so‘zi bilan butun olamni, bashariyatni, borliqni yaratdi. Hatto yerni olti kunda yaratib qo‘ydi va bu “Bo‘l!” buyrug‘i natijasida yaralish hanuzgacha davom etmoqda. Bunda vaqt tezligi bilan birga mohirlik, hikmat va yuksak kamolot peshqadamlikdadir. Xo‘sh, bu kalomning ichida Odam yaraldimi?..
Yo‘q, yaralmadi. Odam Allohning “Bo‘l!” degan so‘ziga sig‘madi. Alloh tomonidan Odamni yaratish uchun alohida “tayyorgarlik” ko‘rildi. Sababi ma’lum Alloh O‘zining halifasini yaratmoqchi edi. O‘zining xalifasi esa oddiy boshqa mavjudotlar qatorida yaratilishi mumkin emas edi. Mazkur satrda inson naqadar oliy darajali ekanligi yana bir karra eslanyapti.
To‘rtlik davomida yana shuni uqish mumkinki, insonda yaratuvchining Qudrati, Ilohiyyasi borligi, aytiladi, so‘ngi satrda esa bunday deyiladi:

Men Sening O‘zingdan O‘zingga O‘zing!

Bu so‘z albatta Qur’oni Karimga taqaladi. Baqara surasining 156- oyatidagi “Inna lillahi va inna ilayhi roji’un” kalimasi mazmuniga hamohang. “Albatta Allohdanmiz va albatta Unga qaytamiz.”
“Munojot” bo‘limida Allohga iltijo qilinib undan madad so‘rash va albatta biz Uningsiz hech kim ekanligimiz qalamga olingan.

Robbim!
Aqlimning ko‘zlari gumonim,
Ko‘nglimning ko‘zlari yomonim.
Ko‘r bo‘lay, ko‘r bo‘lay, qo‘limdan
Etaklab yursa bas, iymonim.

Iymonning yetaklab yurishi bu-Hidoyat! Iymon yetaklab Haqqa eltadi. Biroq iymonsiz ochiq ko‘zlarimiz bilan ham ko‘pincha zulmatlarga g‘arq bo‘lamiz, Haqni topolmay qolamiz. Qani endi bu ko‘zlar “ko‘r” bo‘lsayu iymon ko‘zi bilan yo‘l topsak, uning ko‘zi bilan ko‘rsak dunyoni!
Kitob ajib bir simfoniyaga o‘xshaydi. Ba’zan qalbingizni titratsa, ba’zan xotirjamlik beradi. Ba’zan qalbingizga qalbingizni tanitib, o‘zingizga o‘zingizni ko‘rsatadi ham. Kitobning ohang ohanrabosi sizni o‘ziga jipslashtiradi, uzilgingiz kelmay qoladi.
Endigi to‘rtlikda shoir Ishq sarhadlariga ko‘tarilib, alal oqibat oriflik maqomida so‘zlaydi.

Robbim!
Yuzingdan Behishtga qandoq burilsam?
Naylayin, ishqingga shundoq berilsam?
Sakkiz jannatingning zavqin toparman,
Ko‘rsamu, kuysamu, o‘lsam tirilsam…

To‘rtlik so‘ngidagi nuqtalarga e’tiboringizni qarating, ya’ni shu hol takrorlanishi so‘ralyapti Haqdan. Haqning jamolini ko‘rsayu kuysa, o‘lsa tirilsa va yana ko‘rsa va yana kuysa va yana o‘lsa va yana tirilsa…
G‘alati holatga tushib qoldingizmi? Insonning abadiy umri faqat shunday davom etishini o‘ylab ko‘rdingizmi? Ana hatto etingizni seskantirib ham yubordi.
Mug‘anniy bir to‘rtligida butun tuzilishi tuproqligini ta’kidlab, to‘rtlik so‘ngida shunday savol tashlaydi:

Robbim!
Boshim tuproq, yuzim tuproq – kun qayda?
Kun ko‘rgani ko‘zim tuproq – tun qayda?
So‘zim mayda, izim qayda, nasim-ey,
Jon seniki, jism tuproq – men qayda?

Shoirni bir qarashda tasavvuf ahlidan deb o‘ylarsiz, lekin tasavvuf ahlining maylariga “cho‘kib o‘lgan” shoir mayning ichidan izlaganini topolmaydi:

Robbim!
Aytdilar: “Dayr aro maydasan,
Kosayu va paydar paydasan.”
Qonmayin sho‘ng‘idim jomiga,
Men cho‘kib o‘ldimay qaydasan?

Bu balki she’riyatda bir burilishdir…
Ustoz to‘rliklarining ustunlari ko‘pincha Qur’oni Karim va Hadisi Sharif mazmun-mohiyatlariga muvofiqdir. To‘rtliklar suyangan bu ustunlar yiqilmas ustunlardir. Biz ham domlaning she’rlarinining yiqilmasligini, balki boqiy satrlar bo‘lib qolishini umid qilamiz.
“Munojot”ning yakuniy to‘rtligi esa mana bunday:

Robbim!
Suyib, suymoqlikka kuchim yetmaydi,
Kalomingdan ortiq yechim ketmaydi.
Iblis ishvasidan iymonim asra,
Mahshar maqomida o‘chim o‘tmaydi.

Ustoz Mug‘anniy satrlarini hali ko‘p sharh qilish mumkin. Bu ishni biz ham qo‘ldan kelgancha bir muxlis sifatida ko‘z qarashlarimizni joylashtirdik. Hali bu to‘rtliklar kelajakda ko‘p marotabalab sharhlar, munozaralar qilinajak. Men oddiy bir muxlisman, lekin ishonamanki Xudo hohlasa kelajakda albatta yetuk adabiyotshunoslar yechilmagan ko‘p satrlarni bizga izohlab berishar. Bizning bu kichik ishimizdagi kamchiliklardan uzr so‘rayman! Alloh barchamizdan rozi bo‘lsin!

Rahimjon ALI
O‘sh shahri
2013 yil, sentyabr, “Olam” gazetasi