O‘zbek va boshqa turkiy xalqlar jamiyatda ro‘y bergan to‘s-to‘polonlar tufayli qadimgi ajdodlaridan meros qolgan Yozuvlaridan bir necha marta mosuvo bo‘lishdi. Bu ham yetmaganday, turkiy xalqlar turli-tuman sabablarga ko‘ra, masalan, yaylov talashib yoki yangi sulolalar tarix sahnasiga chiqqach, eskidan yashab kelgan xalqlarni boshqa hududlarga qasddan ko‘chirib yuborishgan. Bu va shunga o‘xshash holatlar ular yozma yodgorliklarining, osori-atiqalarining turli o‘lkalarda qolib ketishiga olib kelgan.
Xususan, O‘rxun-Enasoy yozma obidalari Mo‘g‘ulistondagi O‘rxun va hozirgi Rossiya hududidagi Enasoy (Enisey) daryolari bo‘yidan topilgan turkiy bitiklar sifatida fanda tan olingan. Shunisi e’tiborga molikki, ushbu tosh bitiklar topilgan joylarda hozir turkiy xalqlar deyarli yashamaydi. Lekin bu bitiklar turkiy xalqlarniki bo‘lganligi uchun barcha turkiy xalqlar olimlari ushbu obidalarni o‘z ota-bolalarining qadimgi yozma yodgorliklari sifatida o‘rganadilar va mazkur bitiklar yuzasidan ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqdalar. Yozma yodgorliklarga bunday munosabat tabiiy va haqqoniy ilmiy munosabat hisoblanadi. Biroq, filologiya fanlari doktori Ergash Umarovning “O‘zbek tili va adibiyoti” jurnalida e’lon qilingan “Mustaqillik: til va adabiyot” maqolasida: “Modomiki, ajdodlarimiz ikki daryo oralig‘ida tup qo‘yib, palak yozib yashab kelgan ekanlar, bu hududda yaratilgan yodgorliklar nechanchi asrda yaratilganligidan qat’i nazar o‘zbek tili yodgorligi hisoblanadi. Biz shu paytgacha ularni turkiy degan mavhum nom bilan atab keldik. Chunonchi, XI-XII asrda yaratilgan “Muqaddimat-ul adab”, Marg‘ilonda topilgan XIV asr yodgorliklarini turkiy degan mavhum nom bilan atadik. Endi bu xatoni tuzatishimiz kerak. O‘zbek degan nom nechanchi asrda paydo bo‘lishidan qat’i nazar qadimgi Turkiston hududida bitilgan yodgorliklar o‘zbek tili yodgorliklari hisoblanadi” degan fikrlari ayrim mulohazalarga undaydi.
O‘zbek tilida yozilgan asarlar XIV asrdan, ya’ni umumxalq o‘zbek adabiy tili paydo bo‘lganidan keyin vujudga keldi. Undan oldin yaratilgan asarlar esa turkiy tilga (qadimgi yoki eski turkiy tilga) oid hisoblanadi. Bunday qarash butun turkologlar tomonidan tan olingan. XII asrda yaratilgan “Muqaddimat-ul adab” eski turkiy tilga oid yodgorlikdir. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, qadimgi va eski (VII-XIII asrlar) turkiy tilni qadimgi va eski o‘zbek tili deb, ya’ni faqat o‘zbek tiliga nisbat berish ham xato bo‘lar edi, chunki VII-XIII asrlardagi turkiy qabila va urug‘ tillari faqat o‘zbek tili uchun emas, balki boshqa turkiy tillar (uyg‘ur, turkman, qozoq, qirg‘iz, qoraqalpoq v.b.) uchun ham asos bo‘lgandir”, deb yozishgandi bundan chorak asr oldin yirik tilshunoslar G‘. Abdurahmonov va Sh. Shukurov.
Shuni ta’kidlash kerakki, turkiy xalqlarning olimu fuzalolari, jumladan, o‘zbek xalqining haqiqiy olimlari tor qobiqqa o‘ralashib qolgan emaslar. Hozirgi O‘zbekiston hududidan tashqarida, xususan, Qashqarda (Xitoyda) yaratilgan Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asarini, Balasog‘unda (hozirgi Qirg‘izistondagi qadimgi shahar) yozilgan Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig”, Ahmad Yugnakiyning “Hibatul haqoyiq” asarlarini o‘z yodgorligi singari o‘qiydi, o‘rganadi va undan ma’naviy ozuqa oladi.
Alisher Navoiy hozirgi Afg‘oniston hududidagi Hirot shahrida tug‘ilgan. Deyarli butun nasriy va nazmiy asarlarini Xurosonda bitgan. Buyuk bobomiz ona tilimizni, Navoyining o‘z ta’biri bilan aytganda turkiy tilni yuksak darajada sayqallangan va rivoj topgan bir adabiy til darajasiga ko‘targan.
Boshqa turkiy xalqlarning vakillari ham Movarounnahr va Xuroson zaminida, o‘zbek xalqi yashab turgan hududda topilgan, XIV-XV asrlardan oldingi davrlarda yaratilgan yozma yodgorliklarni turkiy xalqlarning yodgorligi deb biladi va uni o‘qiydi, tahlil qiladi. Ulardagi mavjud mushtarak lisoniy dalillarni topib, ota-bobolarining bobokalonlari qadim-qadimdan bir-birlariga qavm-qarindosh, quda-anda ekanliklarini, yaqin munosabatda bo‘lganliklarini bilishib, bundan cheksiz faxrlanishadi.
Demak,o‘zbek xalqi (va uning tili) turkiy xalqlar (tillari) oilasiga kirganligi bilan qanchalik faxrlansa, o‘zbekligi bilan ham shunchalik g‘ururlanadi. Shunday ekan, turkiy yozma yodgorliklarga xolis yondashishgina xalqlarni bir-birlariga yaqinlashtiradi, do‘stlashtiradi, birlashtiradi va shunga undaydi.
Masharif Safarov,
filologiya fanlari nomzodi, dotsent
“Hurriyat” gazetasidan olindi (2008).