Abdulhamid Cho‘lpon jo‘shqin she’larida Vatan ozodligi, mustaqilligini bor ovoz bilan kuylaganini hozir deyarli barchamiz bilamiz. Ayni paytda u hurriyat, erk yo‘lida faol bir fuqaro sifatida ham jonbozlik, fidoyilik ko‘rsatgan insondir. Otashin shoir ham ijodi bilan, ham ijtimoiy faoliyati bilan mustaqilligimiz yo‘lida yonib yashagan insonlardan bo‘lgan…
1917 yil fevral to‘ntarishi oqibatida chor hukumati yiqitilgach, yurtdoshlarimiz nazarida go‘yo mustabidlik davri tugab, hurriyat, erk va ozodlik zamoni yetib kelgandek bo‘lgan. Hademay Vatanlari mustaqillik epkinidan yashnab, dillari quvonchdan yayrab ketadigandek, asriy orzulari ushaladigandek tuyulgan. Bunga qattiq ishonganlari holda hurriyat, mustaqillikka tezroq yetishish uchun kurashga otlanganlar. Shoir Cho‘lpon ham bor kuchini, g‘ayratini, shijoatini bu ezgu maqsadga erishish uchun sarf eta boshlagan. Uningcha, bu muqaddas yo‘lda hech kim befarq turishi mumkin emas. Befarqgina emas, bu maqsad har bir kishi hayotining mazmuni, qilinishi farz deb bilgan ishi bo‘lishi kerak. Timsolli aytganda, chinakamiga «ish vaqti – ishlash vaqti» kelgan. Shu nuqtai nazardan qaraganda, kavkazlik mashhur rejissyor va aktyor Mirakbar Xontolishskiyning bu qadar mas’uliyatli paytda Turkistonga kelib «xotirjam» gastrol berib yurishi Cho‘lponga g‘alati bo‘lib tuyulgan, taniqli siymoning shunday harakatini «hazm» qilolmagan. U atoqli san’atkorga ochiq xat bilan murojaat qiladi. Uning maktubi «Ish vaqti – ishlash vaqti!» sarlavhasi ostida Abdulla Avloniy muharrirlik qilayotgan «Turon» gazetasining 1917 yil 22 aprel sonida e’lon qilingan. Xontolishskiy — Turkistonga mehmon. Shoir Cho‘lpon achchiq bo‘lsa-da, diliga tinchlik bermayotgan gaplarni ochiq aytadi: «Rusiya katta. Rusiya, unda yashaydigan ko‘b millionlar xalq 300 yillik og‘ir bir tojni tagidan zo‘rg‘a qutuldi. Bir odamning qo‘lida taqdiri o‘yunchuq bo‘lub yurg‘on ko‘b millionlar xalq zolimning qo‘lidan (taqdir)ini tortub olub, o‘zi idora etmakka boshladi». Rusiyadagi «musulmon qavmlar uchun bu voqea ikkinchi bir yaratilish, ikkinchi bir tug‘ilish, ikkinchi bir dunyoga kelishdir». Ular «bukungi kunda o‘zlariga berilgan, o‘zlarining milliy va madaniy ishlarig‘a yo‘l ochadurg‘on bir qancha huquq va pravolarin eblab joylab ola olurlarmi? Bu savolning javobini o‘zum qisqagina berib o‘taman: Rusiya musulmonlari o‘shal huquq va pravolarni saqlab qolub ishlata olurlar shul vaqtdaki, uning hamma ziyoli yoshlari o‘zlariga bukungi kunni: «Ish vaqti – ishlash vaqti!» deb shior qilib olsalar». Cho‘lpon yozadiki, Petrograd, Moskva, Qozon, Ufa, Orenburg, Toshkent, Boku, Tiflis va boshqa shaharlardagi musulmon qavmlari, xususan, ularning g‘ayratli yoshlari «hurriyatoyim» betlaridagi qora chimmat – zulm va istibdod pardasini olib tashlab, hamma olamning ko‘ziga «Adolat va musovot, hamma millatlarning milliy o‘sishlariga keng yo‘l!» degan muborak pok siynasidagi yozuvni ko‘rsatub chiqqandan beri o‘zlarining xususiy tirikchiliklarini tamom tashlab, «oyim»ning sochqon gullarini terishka, ulardan ko‘chatlar olub millat bog‘chasining muborak, pok siynasiga o‘tquzushka urundilar. Muharrir (yozuvchi – B.D.) qalamini, shoir she’rini, mudir (gazeta muharriri – B.D.) idorasini, muallim o‘qutushini, artist o‘yunini bir necha kunga tashladi. Yugurib, chopub ketdi «oyim»ning muborak gullarini terishka! Bu orada qofqosiyali artist Xontolishskiy janoblari atrofiga bir necha «artist» (?) larni to‘plab teatr o‘ynab yurubdur. Ajabo!… Durust, Xontolishskiy yaxshi bir artist, ondan umidim ko‘b, orqasidagi «artist» (?) ham, ehtimol, durustdirlar. Ammo hozirgi o‘ynalub turgan «huquq va pravolarni joylab olish» nomlik minglarcha pardalik dramadan rul olmag‘on artist, to‘g‘risi, «orsiz»dir».
Shunday nozik bir paytda, «huquq va pravolarni joylab olish» zamonida shoir Cho‘lponning o‘zi millatdoshlarining istiqloli va istiqboli uchun nimaiki qilish zarur bo‘lsa, uni amalga oshirish uchun qo‘lidan kelgancha harakat qilish namunasini ko‘rsatdi. «Bu mening qo‘limdan kelmaydi», deb chetda turishni «orsizlik» deb bildi. Darvoqe, Mirakbar Xontolishskiy ham Cho‘lponning ta’nasini to‘g‘ri tushungan shekilli, Turkiston shaharlarida sahna asarlari namoyish qilish bilan birga, siyosiy-ijtimoiy hayotda ham faol ishtirok qilgan. 1917 yil sentyabr oyida Toshkentda Turkiston musulmonlarining uchinchi s’ezdi bo‘layotgan paytda Xontolishskiy so‘zga chiqib, Eronda g‘alla mo‘l, u yerda qand yetishmaydi. Turkistonda esa, buning aksi. Erondan qand evaziga g‘alla olib kelishni tashkil etish kerak, degan taklif bilan chiqqanini o‘sha davr gazetalari yozgan. Mazkur yilning noyabr oyida Qo‘qonda Turkiston muxtoriyati e’lon qilgan o‘lka musulmonlarining to‘rtinchi favqulodda s’ezdiga Samarqanddan Mahmudxo‘ja Behbudiy, Akobir Shohmansurov, Shamsiddin Ibrohimov va Abdurauf Fitratlar qatorida beshinchi bo‘lib Xontolishskiy ham delegat etib saylangandi. Demak, Mirakbar Xontolishskiy ham «orsizlik» qilishdan or qilgan ko‘rinadi.
1917 yilning aprelida Turkiston musulmonlarining s’ezdi bo‘lib o‘tgandi. Unda Turkistonga muxtoriyat berish masalasi qo‘zg‘alganda, ayrim qardosh xalqlar vakillari: «Sizlar muxtoriyat olgan bilan, hozir uni boshqaradigan kadrlarga ega emassizlar», degandi. Shunda atoqli siymo Mahmudxo‘ja Behbudiy so‘zga chiqib, bizda muxtoriyatni boshqarish uchun kadrlar yetarli bo‘lmasa-da, unga hozir erishmasak, ertaga kech bo‘ladi. Muxtoriyatni boshqaradigan kadrlarga kelganda, ularni Volgabo‘yi, Kavkazdagi qar-doshlarimiz berib turadi. O‘zimizning kadrlar yetarli bo‘lguncha ular yordam beradilar, degandi. Bu gaplar behudaga aytilmagan. Muxtoriyat, mustaqillik singari nozik masalalarni yuzaga chiqarish uchun kurashga kirishilarkan, eng avvalo, qardosh xalqlar, qondosh qavmlarning madadiga umid ko‘zlari tikilgandi. Shu bois fevral to‘ntarishidan so‘ng turkistonliklar hurriyat, ozodlikka erishish yo‘lidagi harakatlarida bahamjihat bo‘lish, maslahatlashish uchun turkiy qavmlar yashaydigan joylarga hay’atlarini yuborishni lozim deb bildilar. Ana shunday hay’at, farg‘onaliklardan tarkib topgan guruh Kavkazdagi birodarlari huzuriga otlanadi. Samarqandda nashr etila boshlagan «Hurriyat» gazetasining 1917 yil 15 avgust sonida mazkur hay’atning poyezdda ketayotib yozilgan muxtasargina murojaati bosilgandi. Murojaat yurtdoshlarga yo‘llangan bo‘lib, unga hay’at a’zolaridan Zunnunboy Qutlug‘boyev, Fotih Baxtiyor va Abdulhamid Sulaymonlar imzo chekkanlar. Ular fevral to‘ntarishidan keyingi vaziyatni shunday baholashadi: «Baxtimiz, taqdirimiz, yozish-yozmishimiz qartaga qo‘yuladur. Yo yutub, dunyoda tinj va hur yashayish uchun asoslar qurarmiz, yo yutulub dunyoda yana ilgarigiday siqilub ezilishka mahkum bo‘lurmiz. Munday bir zamonda so‘ngg‘isidan qutulish uchun har tarafda tarqalgan «turk»larning, «Turon» bolalarining birlashishlari lozim. Shuning uchun Qofqozda bizdan, Turkistonda Qofqozdan, Vo‘lg‘abo‘yidan bizda, bizdan Vo‘lg‘abo‘yinda hay’atlar, vakillar bo‘lushka kerak. Boshqa tarafdagilarga hozir vaqt nomunosibdur». Shundan so‘ng hay’at a’zolari u yerga borishdan ko‘zlangan maqsadlarini bayon qilishgan: «Ul yerdagi turk qardoshlarimizga Turkiston turkiylarining issiq salomlarini olub boramiz, o‘z ahvolimizni ularga bayon qilub, yordamchi yoshlardan, ishlaydurgon kishilardan chaqiramiz, ularning ahvollarini tegshirub, bilub, o‘z vatandoshlarimizga bayon qilurmiz, harna bo‘lsa ham birlashdiramiz, maqsad birlashishlik, turklik!» (Hay’at a’zolari yurtdoshlaridan o‘zlarini moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashlarini so‘ragan).
Bu hay’atda qancha kishi va ular kimlar bo‘lgani hozircha bizga ma’lum emas. Lekin ularning el uchun, yurtdoshlar uchun qo‘llaridan kelgancha harakat qilganlari aniq. Birgina fakt. 1917 yilning 8 sentyabrida Turkiston musulmonlarining uchinchi qurultoyi ish boshlagandi. Abdulhamid Sulaymon (Cho‘lpon) qurultoyning ikkinchi kuni so‘zga chiqib shunday degandi: «Qofqozdan keldim. Onda (Shimoliy Qofqozda) g‘alla nihoyatda ko‘b, qayda sotishni ham bilmaydurlar. Ammo shul yerga yaqing‘ina turg‘on Bokuda ochliq hukm suradur. Buning sababi naqliyot (transport – B.D.) ishlarining tartibsizligi, temir yo‘llarning tangligidur. Yo‘qsa, Rusiyada oshliq oz emas, faqat tevishli o‘rinlarg‘a ko‘chirilmaganlikdangina ba’zi bir o‘rinda ochliq davom etadur. Qofqoziyoda oshliqqa qat’iy baho qo‘yulg‘on yo‘q. Oq nonning qadog‘i 6-7 oqchag‘a sotilur. Xulosa, naqliyot ishi bir tartibka qo‘yulg‘onda ochliqdan qutulish mumkin» («El bayrog‘i» gazetasi, 1917 yil 28 sentyabr. /Adabiyotshunosligimizda shu paytgacha Cho‘lpon 1920 yildagina Kavkaz (Boku)ga borgan, deb hisoblash mavjud edi./).
Bu gaplarni Cho‘lpon s’ezd oziq-ovqat masalasini muhokama qilayotganda aytgan. Darvoqe, 1917 yilga kelib o‘sha paytdagi Rossiyaning ko‘pgina hududlarida ochlik yuzaga kelgandi. Bu, avvalo, cho‘zilib ketgan Jahon urushi sababli bo‘lsa, ikkinchidan, mamlakatning talaygina g‘allakor mintaqalaridagi qurg‘oqchilik tufayli edi. Ochlik Turkistonda ham dahshatli tus ola boshlagani haqida o‘sha davr matbuoti yozgan. Demak, o‘z davrida Cho‘lponning (hali yigirma yoshga ham to‘lmagan) xalq boshiga tushgan og‘ir kul-fatni yengillatishga intilgani va bu yo‘lda zimmasiga mas’uliyatli vazifalarni ola bilgani kishini hayratga soladi.
Kavkazga borgan hay’at nima ishlarni amalga oshirgani haqida hisobot qolmagan. Har holda, o‘sha davrda turkiy qavmlar uchun ham mushtarak bo‘lgan siyosiy-ijtimoiy masalalarni kavkazlik qardoshlari bilan muhokama etgan bo‘lishi tabiiy.
Cho‘lponning «Ish vaqti – ishlash vaqti!» sarlavhali maqolasidan siyosiy-ijtimoiy vaziyat taqozosi bilan shoir she’r yozishini birmuncha qo‘yib turishi kerak, deganini o‘qidik. Lekin… har qalay, shoir she’r yozishini tashlay olmas ekan. Cho‘lpon Kavkazga hay’at tarkibida ketar ekan, «Turk salomi» degan she’rini yozgan. She’rning boshlang‘ich qismi «Hurriyat» gazetasining 1917 yilgi 29 avgust sonida bosilgan. Taassufki, uning ikkinchi qismi, «Hurriyat» gazetasining 1918 yil 12 yanvar sonidagi e’tiroficha, tahririyatda yo‘qolib qolgan.
1917 yil turkistonliklar uchun ham yirik tarixiy voqealarga boy bo‘lgan. Ikki to‘ntarish (fevral va oktabr), Turkiston muxtoriyatining e’lon etilishi birgina yil uchun ko‘pmasmikan? Bunga baho berishni «ona tarix»ning o‘ziga havola qilib qo‘ya qolaylik… Cho‘lpon ushbu o‘zgarishlarning har birini o‘ta ziyraklik bilan kuzatgan. Faqat kuzatibgina qolmagan, munosabatini bildirgan, u yoki bu tarzda faoliyat ko‘rsatgan. Shu nuqtai nazardan qaraganda, uning Turkiston muxtoriyati e’lon qilinishiga munosabati, ayniqsa, boshqacha bo‘lgan. Buyuk tarixiy kun munosabati bilan Qo‘qon aholisining shodiyonalari (mitinglari)da xalqning ruhini kuchaytirish maqsadida she’rlar o‘qigan, otashin nutqlar so‘zlagan… Matbuotda Muxtoriyatni saqlab qolishga da’vat etuvchi chiqishlar qilgan. Jumladan, «Hurriyat» gazetasining 1918 yil 12 yanvar sonida «Onaning javobi» she’ri e’lon qilingan.
«El bayrog‘i» gazetasining 1918 yil 26 yanvar sonida esa Cho‘lponning «Umid sizdan! (Muxtoriyat e’lon etildi!)» sarlavhali maqolasi bosiladi. Unda Turkiston muxtoriyatini do‘stlar hamda dushmanlar qanday kutib olishgani haqida so‘z yuritilib, «Do‘stlarimiz: «Muborak bo‘lsun, xayrlik natijalarini ko‘ringiz!» dedilar» deya ularning sevinganlarini bildirsa, dushmanlarning qanday holga tushganini sal tumanli tarzda anglatadi: «Endi bolsheviklarga kelsak, — deb yozadi u, — ularning nazarlari juda ochiq va qat’iy: «Bizning so‘zga unasang unading, unamasang – shop! Boshlaringda Krasnaya gvardiyaning… qilichi ko‘palakday (kapalakday — B.D.) pirildar… Xo‘bmi – xo‘b, bo‘lmasa, Allohu akbar!» Mana shunday hollar umidsizlik uyg‘otadi, deb yozadi muallif. Ammo… yurtimizda shunday ijobiy hodisalar ham bo‘lyaptiki, ular ko‘ngilda umidlar uyg‘otadi (ayrimlarini sanab ko‘rsatadi). «Bulardan umid, bulardan iymon, bulardan ruh ko‘runadir. Bular bizning istiqbolimizning, keladurg‘on yo‘limizning chaqiriqlari, alomatlari, belgilaridir. Turklar, turk urug‘lari, turk ellari inqirozga, yo‘q bo‘lishga mahkum emaslar. Bular o‘zlarining eski beshiklari bo‘lg‘on Turkistonda yana ilgarigi shavkat va saltanatlarini tirgizarlar… Turkiston nomi bor vaqtda Turkiston ulug‘dur, zo‘rdur, ul 100 milliondan ortiq kuchga tayanub uning ko‘ksiga qilich tiqqani kelganlarga qachon-da bo‘lsa:
— Ket, mahv bo‘lursan! Yaqinlama, kul bo‘lursan! — deya va deya olur. Aytingiz onangiz Turkistonga: «Yov suqqali kelgach qilichini yuragingga, tut oldida, «Ol ko‘ksumi, qalqonmi kerakdir?» deb…»
Abdurauf Fitrat she’rlaridagi ruh bilan Cho‘lpon maqolasidagi ohang yaqin, bir-biriga chatishib ketgandek. Bu tabiiy hol edi. Turkistonning vijdonlari sanalgan Fitrat, Cho‘lpon singari siymolar uning Mustaqilligini, Erkini hamma narsadan yuqori qo‘yganlar. Bu yo‘ldan jonlari fido bo‘lsa-da, qaytmasliklarini chin dildan izhor etganlar. Darvoqe, shunday bo‘ldi ham. Ularning qutlug‘ qonlari shu ezgu maqsadlari yo‘lida to‘kildi.
1991 yilga kelib chinakam mustaqillikka erishdik. Mustaqillik ko‘plab qadriyatlarimiz qatori ularning ham muborak nomlarini tikladi. Ular mustaqilligimiz tufayli tariximizga qaytdi.
Boybo‘ta DO‘STQORAEV,
dotsent
“Hurriyat” gazetasidan olindi.