Inson hamisha yanada yorug‘, tinch-totuv, to‘kin-sochin kunlarga intilib, shunday zamon kelishiga ishonib yashaydi. Bunga erishishning “sir”li kaliti esa, balki bilar, balki bilmas – o‘zining qo‘lida. Chunki, til, adabiyot va kitobning mavjudligi fikri so‘nmagan, qalb ko‘zlari ochiq, o‘ziga ishonchi mustahkam, harakatchan xalqni najot tuynuklari yo‘llari sari yetaklaydi. Bu uch in’omning bosh vazifasi shu. Bu vazifadan ijodkorning jamiyat, el-yurt oldidagi ijtimoiy hamda ma’naviy mas’uliyati kelib chiqadi.
Shundaylikka shundayku-ya, ammo bugun kimdir qayerda va qaysi mavzuda bahs ochmasin, unga “Ha endi, dunyo o‘zgarib ketdi, birodar, dunyoga qo‘shilib odamlar ham o‘zgardi, avvalgi andozalar qolmadi. Mana o‘zingizni olaylik – kechagi odam emassiz endi”, deyishadi. To‘g‘ri, o‘zgarmagan hech narsa qolmadi. Jumladan, adabiyot ham. Lekin o‘zgarayotgan adabiyot bugun qaysi tomonga yuz burmoqda, o‘zining bosh vazifasini bajarmoqdami? Daniil Granin adabiyotning haqiqiyligi va buyukligi uning hamma zamonlarda ham hamma uchun o‘zining qiziqarliligini saqlab qolishida ko‘rinadi, degan edi. Bugun milliy adabiyot shunday martabaga egami? Yaratilayotgan badiiy asarlar “O‘tkan kunlar” kabi ellik-oltmish yildan keyin ham qiziqish bilan o‘qiladimi? Qozoq yozuvchisi O‘ljas Sulaymonov ijodkor ziyolilarning Issiqko‘l forumida “So‘nggi o‘quvchisidan mahrum bo‘lgan yozuvchining umri ham nihoyasiga yetadi”, degan fikrni o‘rtaga tashladi. Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, bugun peshtaxtalarda savlat to‘kib turgan asarlar mualliflarining ijodiy taqdiri qanday bo‘ladi?
Adabiyotshunos olim Boris Setrov “Jiddiy adabiyot qayoqqa ketdi?” sarlavhali maqolasida shu savolga javob berayotganday: “O‘zini “mamlakat ichkarisidagi mamlakat” maqomida qo‘rayotgan faol nashriyotlar hammayoqni sarguzasht, oldi-qochdi kitoblar bilan to‘ldirib, mo‘may daromadni yonga urib bo‘lgach, “Sarguzasht tovuqlar sarguzasht tuxumlar tug‘adi, ulardan esa sarguzasht jo‘jalar yetishib chiqadi, gap bizda emas”, deya o‘zlarini oqlamoqchi, bizlarni esa ovutmoqchi bo‘ladi”. Bu gap “Menda nima gunoh, masalliq chatoq-ku”, deyayotgan oshpazni eslatadi.
O‘ylab ko‘rilsa, bu gapda jon borday. Negaki, adabiyotning qon tomirlari jamiyatning qon tomirlari bilan chirmashib ketgan. Jamiyat va adabiyot olomon poygada yonma-yon chopayotgan tulporlarga o‘xshab ketadi: goh birlari, goh ikkinchilari oldinga o‘tib, bir-birlarini ruhlantirib, musobaqaga zavq bag‘ishlashadi. Aslida shunday bo‘lishi kerak. Lekin bu ikki tulporning biri orqada bir o‘zi qolib ketsa, poyganing poygaligi qolmaydi. Otni ortiqcha qamchilashdan, “hayyo-huyt” deya qichqirishdan foyda yo‘q. Bunday deyayotganimizning boisi – keyingi yillarda o‘tkazilayotgan yirik xalqaro kitob ko‘rgazmalari, kitob va kitobxonlik mavzusidagi bahs-munozaralar ko‘ngilga ishtiboh soladi: poyga susayib bormoqda. Jamiyat o‘zicha, adabiyot o‘z holicha yashayotgan, aniqrog‘i kun ko‘rayotgan joylar oz emas va bu hol hech kimni tashvishga solayotgani yo‘q. Aksincha, “Internet bor-ku, kitob, gazeta-jurnallarsiz ham yashash mumkin”, degan mantiqsiz iddaolar quloqqa chalinayotir. Bu fikrga ta’lim-tarbiya ishiga bevosita daxldor mansabdorlar ham qo‘shilayotgani g‘oyat ajablanarli.
To‘g‘ri, dunyo o‘zgardi. Ma’naviy-axloqiy qadriyatlar tiklanmoqda, ammo ular orasida ong-shuurimizga, turmush tarzimizga surbetlarcha o‘rnashayotgan soxta “qadriyat”lar ham bor. Ular yoshlar xarakteriga ko‘proq ta’sir o‘tkazmoqda. Rossiya Federatsiyasida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovlarda qatnashgan yoshlarning 72 foizi “Biror maqsadga erishish uchun axloq-odob qoidalari va adolat printsiplarini buzishingiz mumkinmi?”, degan savolga “Bemalol”, deb javob berishgan. “Ustozlarning maslahatlariga ehtiyojingiz bormi?”, degan savolga so‘ralganlarning 84 foizi “Qanday yashashni bizga o‘rgatishmasa bo‘ldi, nima qilish kerakligini o‘zimiz bilamiz”, deyishgan. Tarbiya sohasi kuzatuvchilari bugun yoshlar xarakterida tarbiyalilik va axloqsizlik, mehr va qahr, kamtarlik va ochko‘zlik, farosat va didsizlik, halol va harom degan tushunchalarning mavqei bir darajada ekanini ta’kidlab, jamiyatlar bu holatga deyarli ko‘nikib bo‘lganlari haqida bong urishmoqda. Buning oddiy misolini birgina bejirim tikilgan shimni to‘rt-besh joyidan yirtib, uvadasini osiltirib kiyish urf bo‘lganida ham ko‘rish mumkin. Avvallari bir joyiga bilinar-bilinmas dog‘ tegib qolgan ko‘ylak yoki shimni kiyib ko‘chaga chiqish deyarli ayb hisoblangan bo‘lsa, endilikda badanning to‘rtdan uch qismini ochib yurish zamonaviylik belgisi hisoblanayotir.
2018 yili Rossiyaning beshta federal okrugida o‘tkazilgan so‘rov natijalari respondentlarning 44 foizi yil davomida bir marta bo‘lsin qo‘liga kitob ushlamaganini ko‘rsatgan. Rossiya Federatsiyasi Prezidentining bola huquqlari bo‘yicha vakili A.Kuznetsova hayratini shunday ifodalaydi: “Ota-onalar ba’zan bolalar uchun chop etilgan kitoblarda shunday narsalarga duch kelishadiki, aytishga til ojiz”. Bu xavotirni rus matbuotida keyingi paytlarda tez-tez tilga olinayotgan boshqa bir fikr ham tasdiqlaydi: “Ahvol shu darajaga yetib bordiki, go‘yo Oktyabr to‘ntarishidan keyin bolsheviklarning ommaviy tus olgan “Yo‘qolsin uyat” shiori qayta jonlanayotganday”.
Publitsist Valentin Osipov “Literaturnaya Rossiya” gazetasida e’lon qilingan (2018, № 46) “Tashxis: halokatli behayolik. Uni qanday davolash mumkin?” sarlavhali maqolasida bugun rus jamiyatida chuqur ildiz otayotgan noxush holatlar – televideniyening “Dom-2”, “Komedi klab” dasturlarida, “Pust govoryat” ko‘rsatuvida efir yuzini ko‘rayotgan, teatr sahnalarida ochiqchasiga namoyish etilayotgan oshkora fahsh holatlariga matbuot, ijodiy tashkilotlar, jamoatchilik deyarli munosabat bildirmayotganidan afsuslanadi. “Ermitaj” operasida ayol aktrisa ruscha uyat so‘zni zalga yuzlanib, bor ovozi bilan aytganida, tomoshabinlar ehtiros bilan unga jo‘r bo‘lishayotganini misol tariqasida keltiradi. “XXI asrda Rossiya teatr madaniyati tomoshabinlarni san’atdan zavqlantirishni shahvoniy jo‘shtirishga almashtirdi”, deb yozadi u.
Muallif Karl Marksning qo‘yidagi fikrini keltiradi: “Kapital daromad bo‘lmasligidan qo‘rqadi. Ishingizda 10 foizlik daromadga erishing – kapital sizga e’tiroz bildirmaydi. Bordi-yu daromad 100 foizdan oshib ketsa, pul degan maxluq ajdahoga aylanib, jamiki insoniy qonunlarni toptaydi, uni jilovlash, boshqarish mumkin bo‘lmay qoladi”. Bu fikr bundan uch-to‘rt yil avval Davos forumida (Shveytsariya) aytilgan “Kapital vahshiylashmoqda”, degan xulosaga ayni mos keladi.
Bu holatni, taassufki, dunyo mamlakatlari adabiyoti, madaniyati va san’atida bugun bemalol ko‘rish mumkin. Rus tanqidchilari she’riyatda bulamiq so‘z va iboralar, so‘kinish, nafsoniyatga tegish, boshqalarni kamsitish, tarixni soxtalashtirish, axloqsizlik ko‘payib borayotgani, ijodiy tanlovlarda professionallardan ko‘ra havaskorlar, puldorlar, yog‘li mansab egalari faol qatnashayotganini e’tirof etishmoqda.
Tahlilchi V.Krivosheevning fikricha, Rossiyada davlat ideologiyasi bilan bevosita bog‘liq ijtimoiy fanlarga e’tibor susaygan. Olimpiya kompleksidagi mashhur kitob yarmarkasi faoliyati deyarli to‘xtagan. Jamiyatda “kitob biznesi” degan ibora ko‘proq ishlatilmoqda. Uddaburonlar bu bozorni qizitishmoqda. Usti yaltiroq, muqovalariga g‘ayriaxloqiy suratlar ishlangan kitoblarda nimalar yozilayotgani, o‘quvchi ongiga ta’siri haqida hech kim o‘ylayotgani yo‘q. Avvallari qaysi va qanday kitobga ehtiyoj borligini aniqlaydigan, ilmiy, badiiy kitoblar eng olis kutubxonalarga ham vaqtida yetib borishini nazorat qiladigan bibkollektorlar endi yo‘q. Janrlar aralash-quralash bo‘lib ketgan. Fojiali tomoni shundaki, ularda Yerda hayotning so‘nishi, omon qolganlarning Oyga yoki Marsga yetib olishi, u yerdagi jangu jadallar, o‘zga sayyoraliklarning Yerdagi g‘aroyib tajribalari shunchaki badiiy to‘qima tarzida emas, ilmiy xulosalar asosida bayon etilmoqda. Mana, ularning ba’zilari: Quyosh har soniyada 4 million tonna vaznini yo‘qotmoqda, demak, bor-yo‘g‘i 4 milliard yildan so‘ng u butkul so‘nadi. Olimlar Shimoliy muz okeani tubida necha yuz trillion tonna metan gazi to‘planib qolgani, Arktika muzlari bugungi darajada eriy boshlasa, bu “ajdaho” hademay yuzaga chiqib, Yer o‘z o‘qi atrofida aylanishni to‘xtatishini bashorat qilishmoqda.
Sasha Krugosvetovning “Oy bo‘ylab sayohat” kitobi voqealari Oyning Yerliklar yashaydigan maxsus koloniyasida bo‘lib o‘tadi. Bu yerda istiqomat qiladigan sobiq zamindoshlarimiz Oyga o‘tgan asrning 60-yillari, ya’ni “Apollon” dasturida ko‘zda tutilgan vazifalar jadallik bilan amalga oshirilayotgan paytda borib qolishgan. Bulardan tashqari, Oyda bir vaqtlar Marsda yashagan selenitlar (enkilar) qabilasi vakillari hamda yaqinda halok bo‘lgan Nibiru planetasida yashagan odamsimonlarning (nipurtilarning) avlodlari istiqomat qiladi. Ular birgalikda bugungi demokratik talablarga mos keladigan o‘ziga xos “jamiyat”ga asos solishadi. Rahbarlar, boshqaruvchilar, kuzatuvchilar, baho beruvchilar, tarbiyachilar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ammo, shunisi ham borki, bir vaqtlar enkilar ham, nipurtilar ham an’anaviy tabiiy ko‘payishdan voz kechgan, bu ishni donorlarning genetik materiali asosida amalga oshirish yo‘liga o‘tishgan. Bolalar onalar bag‘rida emas, “Kassandra tamg‘asi”dagi kabi maxsus probirkalarda kuchli nazorat ostida yetishtiriladi, maxsus kishilar tomonidan tarbiyalanadi. Har bir kishining boshiga boshqariluvchi “chip” kiritiladi…
Bunday bashoratlar zamirida g‘oyat yovuz maqsad yashiringanini sezish qiyin emas. Ularni o‘qigan o‘quvchida va nafaqat unda, boshqalarda ham “Toki tiriklikning tubi ko‘rinib qolayotgan ekan, ortiqcha kuyib-pishish, yugurib-elishning hojati yo‘q”, degan fikr tug‘iladi. Bu esa “befarqlik” deb atalmish tuzalmas illatning boshlanishidir. Bu fikrni adabiyotshunos Valeriy Rumyantsevning “Zamonaviy rus adabiyotining bosh dushmani” sarlavhali tadqiqot maqolasidan olingan quyidagi iqtibos bilan isbotlash mumkin: “Eksmo” nashriyoti xodimlari mualliflardan qo‘lyozma qabul qilish qoidalarini rasman e’lon qilishgan. Unga ko‘ra, nashriyot “detektiv, kriminal, jangari, fantastika, avantyura, mistika, ishqiy-seksual asarlar qo‘lyozmalarinigina qabul qiladi”. Demakki, she’r, hikoya, esse, an’anaviy romanlarga yo‘l yo‘q.
Nashriyotlar inson aqli bovar qilmaydigan yangi qurol turlari, ular vositasida planetalararo bo‘lajak urushlarning stsenariylari, biologik qurollarning kelajagi, yangi “ajal” viruslari haqidagi qo‘lyozmalarni, ta’bir joiz bo‘lsa, ko‘zlariga surtib chop etmoqdalar. Balki, bunda ularni to‘la ayblash mumkin bo‘lmas. Negaki, bugun Rossiya, Yevropa va AQSh matbuotida zamonaviy qurol-yarog‘ mavzusi yetakchilik qilmoqda. Internet tarmoqlarida badiiy adabiyotning inqirozi, qog‘oz kitobning o‘limi, badiiy janrlarning chippakka chiqqani haqida ko‘p yozilmoqda. “Yoshlar kitobsiz ham cho‘qqini egallashadi”, “Evropa kitobxonlikdan voz kechdi?”, “Kitobsiz hayot istiqbollari”, “Kitobxonlik qadriyat emas”, “Badiiy uydirmalar zamoni o‘tdi”, “Tadbirkor yozuvchilarga keng yo‘l” kabi biri ikkinchisidan tashvishli maqolalar ko‘ngilni g‘ashlashi bilan birga, ikkilanish holatini ham yuzaga keltiradi. Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Yer yuzidagi jamiki boyliklarning yarmidan ko‘prog‘i 64 kishiga tegishli. Qurolli mojarolar haqida Yevropa mamlakatlarida yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlarda 83 foiz kishi zamonaviy urushlarni “qiziqarli tomosha” deb baholagan. AQSh maktablarining quyi sinflarida “Sitrus mevalar qayerda o‘sadi?”, degan savolga 68 foiz o‘quvchi “Supermarketlarda” deb javob qaytargan.
Bunday ma’lumotlar Braziliya qamoqxonalarida bitta kitob o‘qigan mahbusning qamoq muddati 4 kunga kamaytirilishi yoki Xitoyning ko‘pgina viloyatlarida rahbarlar, tarbiyachilar hamisha kitob o‘qishlari zarurligi to‘g‘risidagi xabarlarni bosib, yanchib ketadi. Braziliyalik qo‘riqchilar nega endi maxbusxonada o‘zini yaxshi tutgan, ichki intizom qoidalarini buzmagan, belgilangan miqdordan ko‘p mahsulot ishlab chiqarganlarni emas, aynan kitob o‘qiganlarni rag‘batlantirar ekan, degan savol kimdadir tug‘ilishi mumkinmi? Mumkin, ammo… kimda?
Belorus poytaxti Minsk shahrida Xalqaro kitob ko‘rgazmasi doirasida o‘tkazilgan “Yozuvchi va davr” simpoziumida dunyoning o‘ttizdan ortiq davlatidan kelgan shoir, yozuvchi, tarjimon va adabiyotshunos olimlar, jumladan, o‘zbek adiblari dunyoning bugungi ijtimoiy-siyosiy, madaniy-axloqiy muammolari, badiiy adabiyot, tarjimashunoslik oldida turgan vazifalar xususida fikr yuritdilar.
Davlatimiz rahbari so‘zlari bilan aytganda, inson o‘zining bugungi hayotidan, turish-turmushidan, orzu-niyatlari ro‘yobga chiqayotganidan bugun rozi bo‘lib yashashi zarur. Taassufki, bunga erishayotgan, bunday darajaga yaqinlashayotgan davlatlar bilan birga, orzu orzuligicha, niyat niyatligicha qolayotgan, shunchaki tirikchilik, kun ko‘rish, qozon qaynatish mashaqqatli tus olayotgan joylar ham bor va ular oz emas. “Sovuq urush” holatidan xalos bo‘lgan dunyo bugun yana qurol poygasi tomonga burilmoqda. Bu jarayonning borishi mavlono Rumiyning kambag‘al muallim haqidagi hikoyatini yodga soladi.
“Faqir bir muallim bor edi. Kambag‘alligi shu darajada ediki, qishda bir jubba kiyardi, xolos. Bir kun sel keldi, unda bir ayiqning boshi oqib borardi. Muallimga talabalari “Bir po‘stin oqib kelyapti, kerak bo‘ladi”, deyishdi. Muallim kiyimga muhtojligi tufayli o‘zini suvga otdi va borib, “po‘stin”ni ushladi-yu, shu zahoti bahaybat ayiqning changaliga tushdi. Shogirdlarning: “Muallim, yo po‘stinni keltir, yo o‘zing kel”, degan so‘zlariga javoban: “Men po‘stinni qo‘yib yubordim, ammo u meni qo‘yib yubormayapti”, deb javob qildi”.
Qurolfurushlar faqir muallim holida emaslar. Ammo boshqalarga nisbatan boy va kuchli bo‘lish, kuchsizlarni itoat maqomida ushlash, yakkahokimlik istagi ularni shafqatsiz ofat girdobiga otdi va dahshatli changal tutquniga aylantirdi. Yevropa ikki bor jahon urushini boshidan kechirdi. Mislsiz talafotlarga duch keldi. Yondi, kuydi, mayib-majruh bo‘ldi. Endilikda esa bu balodan qutilish yo‘llarini qidirmoqda, ammo qancha urinmasin, najot yo‘lini topayotgani yo‘q.
Yovvoyi tabiat jahon fondining 2017 yilgi hisobotida keltirilishicha, keyingi 40 yil ichida dunyo miqyosida parranda, baliq va amfibiyalar 60 foizga qisqargan. Ko‘l, daryo va botqoqliklarda yashovchi mavjudotlar nisbatan kam qisqargan, ichishga yaroqli suvlardagilar esa 81 foizga kamaygan. Har yili dunyoda 5 million go‘dak turli kasalliklar, ochlik, urush harakatlari bois nobud bo‘ladi. 60 million bola maktabga bormaydi. Shunga qaramay, dunyo mamlakatlarining har yilgi harbiy xarajatlari 1 trillion 700 milliard dollardan oshib ketgan. O‘z boshidan ne-ne balo-qazolarni o‘tkazgan, bugun ham jarohatlari bitmagan Yaqin Sharq mamlakatlari qurol xarid qilishda peshqadamlik qilishmoqda.
Simpoziumda ikkinchi jahon urushining belorus tuprog‘idagi kechgan qonli janglari, og‘ir yo‘qotishlar, qatliomlar, azobli jarohatlar, xotiralardagina yashab qolgan taqdirlar to‘g‘risida, bunday sharoitda badiiy adabiyot oldida turgan bosh vazifa, ijodkor ziyolining ma’naviy mas’uliyati, uyg‘oqligi, qalb ko‘zining ochiqligi xususida kuyunchak fikrlar bildirildi. Ayni shu paytda telekanallardan birida atom qurolini birinchi bo‘lib qo‘llash huquqi xususida jiddiy bahs bordi. “Bu huquqdan foydalanish zarur” degan hayqiriq yangradi. Inson o‘zi tarbiyalab voyaga yetkazgan “ajdaho”ga bandi bo‘lib qolgan ekan, bundan ortiq falokatni tasavvur qilish qiyin.
Yozma adabiyot yuzaga kelganidan beri So‘z inson, jamiyat va tabiat taqdiriga befarq bo‘lmagan. Qur’oni karim suralari nozil bo‘lgan paytlardan boshlab to hozirga qadar shunday. Hamma joyda, hamma zamonlarda shunday bo‘lgan. So‘z hech qachon jim turmagan, adabiyot jimlik ko‘chasiga kirmagan, beparvolik holatiga o‘tmagan. Hazrat Alisher Navoiy asarlarida, Mashrab va Bobur g‘azallarida, Makiavelli o‘gitlarida, Balzakning XIX asr frantsuz yozuvchilariga maktubida, Yan Parandovskiyning “So‘z kimyosi”da, Fitrat va Ismoil Gasprinskiy tadqiqotlarida buni yaqqol ko‘ramiz. “Jim turolmayman” deya hayqirgan Emil Zolya va Lev Tolstoy bitiklarida adabiyotning mangu bedorligiga amin bo‘lamiz. Shunday ekan, yozuvchi va davr mavzusi bir yig‘inlik, bir suhbatda poyoniga yetadigan mavzu emas. U ijodkor ziyolilar uchun hamisha haqiqat va adolat uchun kurash, tanlangan yo‘lni yoritish, xatolarni anglash, millatning tili, dini, tarixi va qadriyatlarini asrab-avaylash imkoniyatidir.
So‘z o‘z holicha yashamaydi. U fikrga aylansagina, ma’lum ta’sir kuchiga ega bo‘ladi. Fikrlayotgan odam yashashda davom etadi. “Fikrlashdan to‘xtagan odamning umri to‘xtaydi, endi u faqat mavjud bo‘lib qoladi”. Fikr jamiyatni harakat holatida, rivojlanishda ushlab turadi.
Belorus zaminida o‘tkazilgan mashvaratda badiiy so‘zning bugungi holati, ta’sir kuchi, xolis va haqqoniyligi jiddiy muhokama qilindi. Garchi, so‘z, badiiy adabiyot, yozuvchi va jamiyat munosabatlariga doir bahsli, tor qobiqli fikrlar ham bildirilgan bo‘lsa-da, dunyoning to‘rt qit’asiga mansub mamlakatlardagi ijtimoiy-siyosiy holat, adabiy jarayon haqida ma’lum tasavvurga ega bo‘lindi. Ammo, insoniyatning eng buyuk ixtirosi bo‘lmish kitobga munosabat hamma joyda ham bir xil emasligi oshkor bo‘ldi. Ko‘p joyda u boylik orttirish vositasiga aylantirilgan. Faqat shu emas, taassufki, kitob orqali tarixni soxtalashtirish, o‘quvchini chalg‘itish, odamlar ko‘ngliga qo‘rquv solish, millatlar o‘rtasida ixtilof chiqarish harakatlari mavjud. Bu borada faollik qilayotgan noshirlardan birini suhbatga tortaman. “E birodar, o‘ldim-kuydim qabilidagi she’r, romanlarni o‘qiydigan zamonlar o‘tdi. Lirika bilan qorin to‘ydirib bo‘lmay qoldi. Kitobxonni qiziqtirishimiz kerak”, deydi u bamaylixotir. Belorus Yozuvchilar uyushmasi raisi Nikolay Cherginets afsus bilan bosh chayqaydi: “O‘tgan yili bir qator Yevropa mamlakatlarida yilning eng ko‘p o‘qilgan kitoblari aniqlanibdi. Qaysi kitoblar g‘olib bo‘lganini bilasizmi? Oshqozonni tozalash mavzusidagi kitoblar. Mana sizga, bugungi kitobxon. G‘alabaning 74 yilligi oldidan nashr etilayotgan xotira kitoblarni yoshlar berilib o‘qishayotgani yo‘q. Ularni boshqa mavzular qiziqtirmoqda. Bir mamlakatda emas, butun dunyoda tinchlik-totuvlikni saqlash birlamchi vazifa bo‘lib turgan paytda buni tushunish qiyin. O‘tgan yili O‘zbekistonda G‘alaba kuni qanday nishonlanganini ko‘rib, havasim keldi”.
Rossiya Yozuvchilar uyushmasi raisi Nikolay Ivanovning fikricha, yozuvchilar orasida birlik, hamjihatlikning yo‘qligi, turli bo‘linishlar ijodiy jarayonga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. “Bu yerda Chingiz Aytmatovning umuminsoniy madaniyatni yuksaltirish uchun, avvalo, milliy madaniyatlar rivojiga e’tibor berish zarurligi to‘g‘risidagi fikri aytildi, – deydi u. – Bu fikrga to‘la qo‘shilaman. Milliy adabiyotlar madaniyatlar kabi bir-biridan uzoqlashmasligi kerak. Afsuski, biz – bu yerga yig‘ilganlarning barchasi, bir-birimizni endilikda yaxshi bilamiz, ijodimizdan, yutuq-kamchiliklarimizdan xabardormiz, deya ayta olmaymiz. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatda kitobxonlik madaniyatini oshirish, Yozuvchilar uyushmasini, ijodkor ziyolilarni, ayniqsa, katta adabiyotga kirib kelayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qarorini o‘qib behad mamnun bo‘ldim. Buni o‘zbekona muruvvatning yangi ko‘rinishi desa bo‘ladi”.
Shimoliy Kavkaz xalqlari adabiyotlari bo‘yicha mutaxassis Pyotr Chekalov abazin xalqning ma’naviy ehtiyojlari xususida fikr yuritdi. “Bu tilda bor-yo‘g‘i 35-40 ming kishi so‘zlashadi. Yangi matbuot nashrlari tashkil etish, yagona teatrni rivojlantirish, maktablar qurish zarur”, deydi u.
Italiyalik shoir Goffredo Muratjaning mushohadalari anjuman ishtirokchilarida kuchli taassurot qoldirdi: “Men ko‘p yillar Argentinada, Chilida yashadim. Dunyoning ko‘plab boshqa mamlakatlarida bo‘ldim. Bir yarim yildan beri Belorusda yashayman. Sayohatlarim davomida shuni angladimki, odamlar bir-birlarini yaxshi bilishmaydi, ko‘p hollarda yanglish tasavvurlar qobig‘ida qolib ketishadi. Bu kamchilikni tuzatish, meningcha, adabiyotning, san’atning, birinchi navbatda, she’riyatning ishi. She’riyat hech kimga yomonlikni ravo ko‘rmagan, aksincha, u bir-birini tushunmagan ikki kishini sirdoshu dildosh qiladi. Uning bu imkoniyatidan foydalanish kerak”.
Faqat shu emas, So‘zni, adabiyotni, adabiy tafakkur va kitobxonlik madaniyatini ona-tabiat, suv va havo, Yer va osmon kabi asrash, pok saqlash zarur. O‘ljas Sulaymonov ta’biri bilan aytganda, adabiyotni “o‘zining avvalgi taxtiga“ qaytarish kerak. Germaniyada har yili o‘tkaziladigan yirik xalqaro kitob ko‘rgazmasining rasmiy shiori “Bugungi dunyoni faqat kitob qutqarishi mumkin”, degan ta’sirchan jumladan iborat. Shunday, ammo, befarq bo‘linsa, kitob dunyoni buzishi, inson ruhiy olamini bulg‘alab tashlashi ham mumkin.
Nima qilish kerak, degan savol qo‘ymoqchi emasman. “O‘zini hurmat qiladigan odamning so‘zi ham hurmatli bo‘ladi”, degan hikmatli gapni yodga olmoqchiman, xolos. O‘tgan asrning to‘qsoninchi yillari mustaqillikka erishgan O‘zbekistonga kelmoqchi bo‘lganlarni: “Xo‘sh, o‘zbeklarning paxta va tilladan boshqa yana nimasi bor?” degan savol o‘ylantirardi. Endilikda O‘zbekistonning yangi siyosiy yo‘li, ijtimoiy-siyosiy muammolar yechimiga yangicha yondashuv, el-yurt bilan muloqot, oshkoralik bunday savollarga o‘rin qoldirmadi. Mamlakatimiz dunyo nigohida ibrat va havas manziliga aylanib bormoqda. Shunday, ammo hali bajariladigan ishlar, yechiladigan muammolar, tekislanadigan yo‘llar, obodlanadigan ko‘ngillar ko‘p, lekin farovon kelajak sari odimlarimiz shaxdam, maqsadimiz aniq. Faqat… bu shaxdam va aniqlik tezroq adabiyotga ham ko‘chishi zarur. Borgan joyimizda “Bizda mana bunday, mana bunday asarlar bor, inglizcha, nemischa yoki frantsuzchaga tarjima qilinsa ijobiy ma’noda shov-shuv ko‘tarilishi aniq”, deya olishimiz kerak. Hozircha, bu ma’noda ovozimiz jarangdor emas.
Afrikaning qaysi bir puchmog‘ida yashaydigan ikki yuzdan ortiqroq qabila a’zolari gapni cho‘zmay, yillar davomida talashib-tortishmay, o‘zlarining milliy alifbolarini yaratishibdi va bu alifboda Chingiz Aytmatovning “Jamila” qissasini kitob holida chop etib, o‘qiy boshlashibdi. Biz esa… salkam o‘ttiz yillik vaqtni qo‘ldan boy berdik. O‘zimizni ham, o‘quvchilarni ham bundan-da og‘iri, o‘zbek tilini o‘rganayotgan xorijliklarni ham qiynadik. Yozuvdagi chalkashlik ilmiy, badiiy tafakkurga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu tugunni akademik Abdulla A’zamov to‘g‘ri ta’kidlaganidek (qarang: “Tafakkur”, 2019, 1-son), shoshma-shosharlik qilmay, yana xatoga yo‘l qo‘ymay, tezroq yechish kerak.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2019 yil, 3-son