Ahmadjon Meliboyev. “Sharqdan g‘arbga shovlab oqqan shon…”

Dorilfundagi saboqlarim payti mendan ko‘pincha jurnalistika sohasiga kelishim, ijodkorlikni tanlashim sabablari haqida so‘rashadi. Bu savolga hamisha “Adabiyot o‘qituvchimiz sabab bo‘lgan”, deb javob beraman  va shu fandan  maktabda bizga dars bergan o‘kituvchilarimni eslayman.

O‘tgan asrning elliginchi yillari, eski masjid binosida joylashgan maktabda o‘qiymiz. Qish-qirovli kunlarda yengil-elpi kiyimda, ba’zan yalangoyoq maktab binosiga yetib olishning o‘zi bir azob. Yo‘ldosh tog‘a pechkaga o‘t yoqib, xonani isitguncha dildirab o‘tiramiz. Ammo dars boshlanishi bilan sovuq qotganimiz, ertalabgi chala-chulpa nonushtamiz yoddan chiqib ketadi. O‘qituvchilar muqovasi allaqachon yirtilib, sahifalari sarg‘ayib ketgan yagona darslik kitobini varaqlab, undan she’r, hikoya o‘qib berishadi, suratlarni ko‘rsatishadi, uyga vazifa berishadi. Maktabga borib o‘qishga puli yo‘q Yun Su degan tirishqoq xitoy bolaning harflarni qumga chizib o‘rganganini bizga ibrat qilib ko‘rsatishadi. Keyinroq har bir sinfga besh-oltitadan darslik ajratiladigan bo‘ldi. Ammo ularni faqat a’lo bahoga o‘qiydigan, ozodalikka rioya qiladigan, tartib-intizomli o‘quvchilarga berishdi. Keyingi sinfga o‘tganimizda, “Falon o‘quv yilida ushbu darslikni falonchiyev tutdi”, deb ism-familiyamizni yozib, kutubxonaga topshiramiz, kutubxonachi opa topshirayotgan kitobimizning holatini “a’lo”, “yaxshi” yoki “o‘rta” deb baholaydi. Qanday baho qo‘yilishi keyingi o‘quv yilida qanday kitob olishimizga bog‘liq bo‘ladi.

To‘rt tarafini tog‘ va tepaliklar o‘rab olgan qishlog‘imizda to‘ylar asosan qish kunlari bo‘lar, doshqozonda elga osh berilardi. U yillari hammaning uyida ham qozon qaynamas, ko‘p bolalar maktabga och-nahor  kelishardi. O‘qituvchilarimiz, qishloq mutasaddilari va to‘y egalari buni hisobga olib, o‘g‘il bolalarni sinf-sinf saf torttirib, to‘yga olib borishardi (ayol o‘qituvchilarga va qiz bolalarga osh tog‘orada maktabga yuborilardi). Ammo to‘yga borishning bir muammosi bor ediki, buni eslamasligim mumkin emas: bolalarga osh tortuvchi Mirusmon buva to‘yxonaga kirishimiz bilan “Qani, kundaliklaringni ko‘rsatinglar”, deb turib olardi. Bu ham mayli, she’r yodlash, o‘qigan kitoblarimizdan parcha aytib berish, kitob mualliflarini bilish bo‘yicha imtihon ham qilardi.

A’lo bahoga o‘qiydiganlarning har ikkitasiga, uch-to‘rt bahoga o‘qiydigan, she’r yodlamayliganlarning har uchtasiga kichik likopchada ikki marta qo‘l uzatsangiz tugaydigan osh tortilardi. Buvaning bu “uslub”ida ta’sirchan tanbeh bilan birga, oz bo‘lsa-da, iqtisodiy rag‘bat ham bor edi. Qishloqda “Kelasi hafta falonchinikida to‘y”, degan gap tarqalsa, o‘rta baho oluvchi, ulgurmovchi bolalar baholarini to‘g‘rilashga, kitob o‘qishga  harakat qilib qolishardi.

Bugun bu gaplar quloqqa erish tuyuladi. Ammo men ularni chinakam xalqona pedagogika deb hisoblayman. Bizni faqat maktab o‘qituvchilari emas, kutubxonachi, mahalla oqsoqollari, qishloq feldsheri, sartarosh, qo‘ni-qo‘shnilar ham tarbiya qilishgan. Ertalab maktabga borayotganimizda oqsoqollarga duch kelib qolsak, darhol salom berardik, ular “Barakalla” deb  salomimizga alik olib, peshonamizni silab, imonboy bo‘linglar deb duo qilishardi, ba’zi birlarimizga sal engashib, past ovozda: “O‘g‘lim, o‘qishlaring yaxshimi, qulog‘imga bir nimalar chalinganday bo‘ldi, tinch­likmi?”, deb ma’noli qarab ko‘yishardi. Feldsher kiyim-boshimizga, sartarosh o‘sib ketgan sochimizga qarardi. Ta’lim-tarbiya jarayoni maktab pedagogika kollektivi va qishloq jamoatchiligining umumiy ishi edi. Bu jarayondan hech kim chetda turmasdi. Maktabga biror yordam zarur bo‘lib qolsa, hamma “labbay” deya yeng shimarib kelardi. Qishlok ko‘chalarida o‘ynab yurganimizda yoki boshqa bir joyda kattalarga duch kelib qolsak, ular kutilmaganda “Etti joyda sakkiz” yoki “Olti joyda to‘qqiz” deb karradan imtihon qilib turishardi. Qancha kitob o‘qiganimizni so‘rashardi. Mahalla oqsoqollari dars payti ko‘chada sandiroqlab yurgan bola yonidan beparvo o‘tib ketishmasdi. Bu ham mayli, ular o‘quvchilarning odob-axloqi, ko‘chada, to‘y-tumoqda o‘zini tutishi, darsni o‘zlashtirishi bilan ham qiziqishardi. Kutilmaganda sinf xonasiga kirib kelib, orqa partaga o‘tirib, biz bilan birga dars tinglashardi.

Maktab haqida gap ketganda, ko‘p narsalar yodga tushadi. Ko‘pdan-ko‘p voqealar xuddi kuni kecha yuz bergandek ko‘z o‘ngingdan o‘ta boshlaydi. Buning sababi mehnat faoliyatimni o‘qituvchilikdan boshlaganim bo‘lsa ajab emas. Bugun, hayotimizning barcha sohalari jiddiy isloh qilinayotgan, ta’lim-tarbiya tizimini zamonaviylashtirish, o‘qituvchilarning ijtimoiy-ma’naviy mavqeini oshirish milliy yuksalishga erishishning yagona yo‘li bo‘lib turgan bir paytda, o‘tgan elliginchi-oltmishinchi yillarning g‘aroyib pedagogikasini eslash zarurmikin, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bunday ishtibohlarga qiyinchiliksiz javob qaytarsa bo‘ladi.

Buning sababi shuki, yurtimizdan chiqqan, nomlari hamon dunyo ilmiy-ma’naviy hayotida  yulduz yanglig‘ yorqin chaqnayotgan allomalarning hammalari boshlang‘ich ta’limni oilada ota-onadan, maktab-madrasalarda zaxmatkash murabbiylardan olishgan. Benazir Navoiy bobomizga, Ibn Sinoga, Beruniy, Buxoriy, Zamaxshariydek allomalarga ham o‘z kasbining fidoyi ustalari saboq berishgan. Bugun davlatimizning faxru g‘ururi bo‘lib turgan, nomlari dunyo kengliklariga chiqqan olimlar, davlat va jamoat arboblari, taniqli ijodkorlar to‘g‘risida ham shunday deyish mumkin. Demakki, “eski” o‘qitish uslubida keyinchalik qattol zamonaning zo‘ri-zug‘umi bilan unut bo‘lib ketgan nimalardir bo‘lganki, ular ta’limda bunday yuksak natijalarga erishishgan, tajribalari dunyo­ga yoyilgan. Ikkinchi jahon urishidan mayib-majruh bo‘lib qaytgan, bor-yo‘g‘i uch yoki olti oylik pedagogika kurslarida tahsil olgan, anketalariga umrlarining oxirigacha ma’lumoti “to‘liqsiz o‘rta”, deb yozilgan domlalarimiz bizlarni o‘sha oltmishinchi yillari qanday o‘qitishgan? Nahotki bunga qiziqmasak?

Xotiramga muhrlangani shu: ona tili, arifmetika, geografiya, jismoniy tarbiya, mehnat darslari hayotiy misollar, qishloqda yoki yon-atrofimizdagi kishloqlarda bo‘lib o‘tgan xush-noxush voqealarning tafsiloti, o‘rnak bo‘ladigan va bo‘lmaydigai jihatlari bilan bog‘langan holda o‘tilardi. To‘g‘ri talaffuz, ravon nutq, ifodali o‘qish, erkin bayon qilish va shu orkali qulokni ding, xotirani mustahkamlashga alohida e’tibor berilgan. Tuman miqyosida o‘tkaziladigan tanlovlarda g‘olib chiqqan o‘quvchilarning ustozlari, sinf rahbarlari, ota-onalari rag‘batlantirilgan.

Maktab kutubxonasidagi yagona nusxa kitoblarni o‘qituvchilarimiz, so‘ng tili burro, ovozi shirali o‘quvchilar so‘zlarni dona-dona qilib, qiroat bilan, ba’zi joylarida aktyorlarday mahorat ko‘rsatib (o‘zlari bilmagan holda obrazga kirib) o‘qishar, boshqalar esa ularni diqqat bilan tinglar edi. Ba’zi darslar maktab yonidagi bog‘da, tog‘ yonbag‘ridagi lolazor sayhonlikda o‘tilardi. Jam bo‘lib ertak tinglash, qahramonlar jasoratini muhokama qilish odatga aylangandi. Ayrim domlalarimiz o‘quvchilarni biror ertakning davomini to‘qishga, o‘qigan narsalaridan xulosa chiqarishga, oz bo‘lsa-da, fikrlashga undardi.

Taassufki, keyin-keyin bunday xalqona usullarning barchasi birin-ketin barham topdi. Ura-urachilik zamonlari keldi. Darslarga kelmaydigan, fanlarni o‘zlashtirmaydigan sust o‘quvchilar ham sinfdan-sinfga bemalol ko‘cha boshladi. Hamma illat shundan boshlandi. Bilsa ham, bilmasa ham, o‘qituvchi baho qo‘yib berishi kerak. Bunga qo‘shimcha, maktab degan muassasaga xalq maorifi bo‘limidan tashqari o‘sha paytlari mavjud bo‘lgan xo‘jalik tashkilotlariniig katta-kichik rahbarlari ham boshchilik qila boshladi. G‘o‘za yaganasi, qatqalok, chopiq, o‘rim-yig‘im, qo‘zilatish, pichan o‘rish kabi tog‘-dala ishlari maktab zimmasiga yuklandi. Ta’lim-tarbiya ishi butunlay izdan chiqdi. Darslarning saviyasi, o‘qituvchining obro‘-e’tibori keskin tushib ketdi. Erkak o‘qituvchilar boshqa sohalarning etagidan tutishdi.

Istiqlol yillarida ta’lim-tarbiya tizimini isloh qilishga ko‘p bor kirishildi. Ma’lum natijalarga erishildi ham. Ammo maktab hayoti, uning mamlakat, millat taqdiridagi o‘rni, o‘qituvchining mavqei hamon pastligicha qolayotgan edi. Shu boisdan ham davlatimiz rahbari ushbu tizim faoliyatini tubdan yaxshilash, ta’lim saviyasining bugungi ilg‘or dunyo­viy tajribalar darajasiga ko‘tarish, ta’lim sifatini alloma ajdodlarimizdan qolgan ilmiy-ma’naviy meros asosida yangilashni o‘qituvchi-murabbiylar, xalk maorifi mutasaddilari bilan birga jamiyatning fikrlovchi, izlanuvchi, ertangi kunimizga befarq bo‘lmagan mushohadali a’zolari oldidagi muhim vazifa deb belgiladi.  Bu boradagi zalvorli qadamlardan biri hukumatimiz tarkibida maktabgacha tarbiya masalalari bilan shug‘ullanadigan vazirlikning tashkil etilishi bo‘ldi desak, xato bo‘lmaydi. Bu idorani umummilliy ta’lim-tarbiya imoratining poydevoriga qiyoslash mumkin. U qancha mustahkam bo‘lsa, oldimizga qo‘yilgan  vazifani talab darajasida bajarishimiz shuncha oson bo‘ladi. Ammo… birgina  poydevor bilan ish bitmaydi.

Biz hanuz ta’limni birlamchi, tarbiyani ikkilamchi deb hisoblaymiz, “ta’lim-tarbiya” deb yozamiz. Aslida tarbiya birlamchi bo‘lishi kerak. Yoshligimizda ko‘cha changitib yursak, mahalla oksoqollari “Hay-hay, shovqin ko‘tarmanglar, yaqinda mahallamizga kelin tushadi, kuyov bolaning asabini buzmanglar”, deyishardi. Yillar o‘tib bildikki, bu tanbeh tug‘ilajak farzandning sog‘lig‘i to‘g‘risidagi g‘oyat muhim ehtiyotkorlik ekan. Demakki, tarbiya ishini juda erta, nikohdan ham avval boshlash, yapon birodarlarimiz kabi, farzandlarimizni savodli qilishdan oldin ularning mitti qalblarida to‘g‘rilik, rostgo‘ylik, halollik, mehnatkashlik, vatansevarlik kabi sof milliy tuyg‘ularni shakllantirishimiz, millatimiz kelajagi yanada buyuk bo‘lishiga ishontirishimiz zarur. Bunga erishmay turib xorijiy tillar ta’limini boshlavorsak,  yanglishgan, tuzatib bo‘lmaydigan xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lamiz. Ingliz tilini o‘rganishga alohida e’tibor berayotganimizning sababi bu tilning dunyo xalqlari tillari ichida eng zo‘ri ekanligida emas, dunyoning bugungi ilmi  shu tildaligida.

Taklif sifatida aytish zarurki, pedagogika oliy o‘quv yurtlariga qabul chog‘ida abituriyentlar nutq mukammalligi, ifodali o‘qish, to‘g‘ri talaffuz, ishontirish mahorati, murabbiylik bo‘yicha ijodiy imtihondan o‘tishlari maqsadga muvofiq, deb o‘ylayman. Negaki, bo‘lajak o‘qituvchining ayni shu jihatlarga doir qusuri shogirdlariga,  albatta, o‘tadi.

Maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilarini ta’lim bilai bog‘lik bo‘lmagan turli tadbirlarga jalb etmaslik, ulardan huda-behuda yozma hisobot (o‘tkazilgan tadbirning suratlari bilan) talab qilmaslik kerak. Har kungi saboq to‘la o‘tilishi zarur.

Maktablarda o‘quv-tarbiya ishining sifati past ekanligining bevosita va bilvosita sabablari mavjud. Sir amas, keyingi paytlarda maktab­larga turli kasb egalari, jumladan, sobiq o‘quvchilar – bugun deputat, taniqli tadbirkor, san’atkor, olim, hokimiyat, vazirlik va idoralarning mas’ul xodimlari, yozuvchi va shoirlar tez-tez kelib turishibdi. Ular ishtirokida ta’sirchan uchrashuvlar, davra suhbatlari o‘tkazilmoqda. Bu – albatta yaxshi. Ammo…

O‘zingiz ham guvoh bo‘lgansiz: maktabga mehmon yoki komissiya keladigan bo‘lsa, darslar to‘xtatilib, o‘quvchilar kech kuzmi, bahor izg‘irinimi, bundan qati nazar, yengil kiyimda turnaqator bo‘lib, hovlida soatlab saf tortib turishadi. Keladiganlar ko‘p hollarda bir soat – yarim soat kechikib kelishadi, ammo hech kim safni tark etmaydi. Sobiq tuzumdan qolgan bu nomaqbul marosimdan voz kechish kerak. Mehmonlar saboqni maroq bilan tinglayotgan yoshlarni, ilhom bilan ularga dars o‘tayotgan o‘qituvchilarni, biyron javob berayotgan a’lochilarni o‘quv xonalarida ko‘rishsin, kuzatishsin. Dars payti hech kim ularni chalg‘itmasin.

Ona tili, adabiyot, tarix fanlaridan, shuningdek, ma’naviyat, odob- axloq, musiqa, sport yo‘nalishlari bo‘yicha saboq beradigan o‘qituvchilarga ijodiy erkinlik, ya’ni darsga o‘z bilimi va tajribasi asosida yondoshish, qo‘shimcha manbalardan unumli foydalanish, saboqlarga taniqli kishilarni taklif etish, ijodiy sayrlar uyushtirish huquqi berilsa, ayni muddao bo‘lar edi.

Shu o‘rinda pedagoglik faoliyatimdan bir misol keltirmoqchiman. Milliy universitetimizning jurnalistika fakultetida magistratura bo‘limi talabalariga publitsist mahorati fanidan saboq beraman. O‘quv yili boshlanmay turib, yil davomida qaysi kuni qaysi mavzuni o‘tishim aniq bo‘ladi va tasdiqlanadi. Unga qat’iy amal qilish kerak. Belgilangan tartib-qoida shunday. Ammo men xalqimizning fidoyi farzandlari Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Erkin Vohidov, Abdula Oripov vafot etgan kunlari rejadagi mavzuda emas, shu aziz ustozlarning hayoti va ijodi to‘g‘risida, publitsistik asarlari xususida erkin dars o‘tdim. Davlatimiz rahbarining Farmoniga binoan faol ijodkorlar oliy mukofotlarga sazovor bo‘lganlarida ham shunday qildim. Buni kimdir ma’qulladi, kimdir xush ko‘rmadi.

Maktabni isloh qilish bilan bog‘liq vazifalarning eng qiyini va eng zaruri darsliklar masalasidir. Bu muammoni hal qilmay turib, kutilgan natijaga erishib bo‘lmaydi. Hamma harakatlarimiz zoye ketadi. Bu borada mutaxassis emasman, ammo kuzatganim shuki, AQShda, qator Yevropa mamlakatlarida maktab darsliklari matni bizdagiday ko‘p va og‘ir emas: sodda, qisqa va tushunarli. Ular har yili yangilanmaydi, bir yozilgan darslik mazmun-mohiyatiga ko‘ra ko‘p yillar o‘quvchilarning qo‘lida bo‘ladi. Maktablarning quyi sinflarida uzoq yillar ishlagan (ishlayotgan), qanchadan-qancha bolalarni savodli qilgan tajribali murabbiylar o‘quv darsliklarining asosiy (ha, asosiy!) mualliflari bo‘lishadi. Chunki, yigirma-o‘ttiz yil davomida bola bilan yonma-yon yashagan, boshida onaday parvona bo‘lib, birga nafas olgan, turli holatlarda ko‘zi qanday chaqnashi, nimalardan hayratlanishi, bolalik tafakkuri qanday shakl­lanishini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, qalban his etgan kishigina bolalarbop darslik, dastur, qo‘llanma yarata oladi. Bunday pedagoglar ijtimoiy holati turlicha bo‘lgan oilalarning farzandlariga qanday muomala qilishni, ular bilan o‘zaro til topishni ham yaxshi anglashadi.

Tan olaylik: qadim madrasalarda qanday fanlar o‘qitilgan, mudarrislar talabalarga ta’lim berishning qanday usullaridan foydalanganlariga deyarli e’tibor bermaymiz, ilmiy jihatdan tahlil qilmaymiz.  Achinarlisi shundaki, bu tajribalarning ko‘pi uzoq yillardan beri G‘arb ta’lim tizimini bezab keladi. Mana, maadrasalarda nimalar o‘qitilgan:

Usuli hijoiya (savtiya) – bo‘g‘inga bo‘lib o‘qish.

Ilmi sharh – tafsir.

Ilmi tahlil – tahlil, sharh, tavsif masalasi.

Ilmi munozara – munozara, bahs, munosabat ifodasi.

Ilmi qiroat – ohang va so‘z talaffuzi.

Ilmi fasohat (ilmi balog‘a) – so‘z va iboralarni o‘rinli qo‘llash.

Ilmi bayon – nozik ma’nolarni bayon qilish mahorati.

Ilmi g‘ariba – kam so‘z bilan keng ma’noni ifodalash mahorati.

Ilmi maoniy –  biror voqea yoki hodisaning mohiyatini ochib berish.

Ilmi nasr va insho – yozma ish  uslubi, maktub, yozuv savodxonligi.

Ilmi muhozirot – hozirjavoblik, zukkolik, quvnoqlik.

Ilmi mantiq – so‘zlar zamiridagi ma’nolarni chuqur anglash.

Ilmi kalom – naqliy masalani aqliy idrok etish, dalillash, isbot qilish (Qarang: M.Tursunova. Qadim madrasalarda ta’lim tizimi. “Jahon adabiyoti”, 2016, 4-son).

Ko‘rinib turibdiki, bu usullardan bugun o‘rta maktablarning yuqori sinflarida, yangidan tashkil etilgan ijod maktablarida va oliy o‘quv yurtlarining ijodiy fakultetlarida tanlov predmetlari sifatida  foydalanish mumkin. Ajablanarlisi shundaki, bu usullarning nomlarida bugun adabiyotimizda, xususan, milliy matbuotimiz faoliyatida mavjud bo‘lgan jamiki qusurlar o‘z ifodasini topgan.

Yana bir kuzatganim shuki, boshlang‘ich sinflar uchun mo‘ljal­langan darsliklarda birlamchi e’tibor (yuqori sinflar uchun mo‘ljallanganlarida qisman) o‘quvchining fahmlash, farqlash, idrok etish, o‘zaro qiyoslash, darslikning bir sahifasiga yonma-yon joylashtirilgan rasm, manzara, meva, barg, idish, jihoz, texnika vositalari va hokazolarning rangi, hajmi, tuzilishi, ko‘rinishi, bir-biriga aloqadorligi yoki buning aksi ekanligini, ya’ni atayin qilingan “xato”larni topa olishiga qaratiladi. Biz ham shu yo‘ldan borsak, yang­lishmaymiz.

Millatning intellektual darajasi, zehn quvvati uning ilm va hunarni nechog‘li egallagani bilan o‘lchanadi, Ismoil Gasprinskiy “Ilm va hunarga ega millat va xalq eng ulug‘, eng buyuk xalqdir”, deydi. Cho‘lpon maktablarimizning aftodaholligidan kuyunib, yoshlarni ilmli qilish borasida o‘ylamayotgan odamlar to‘g‘risida quyidagilarni yozgan edi:

Maktab o‘rniga ochildi har mahallada mayxona,
Nafrat etmak nari tursun, shodu xandon bizni xalq.
Maktaba yo‘q bir tiyini, to‘yga ming so‘mlab berur,
Chorasi mushkul kasalga mubtalodir bizni xalq.

Mulohaza qilamiz. Millat va xalq ilmli, hunarli bo‘lishi uchun nima zarur? Tinchlik, osoyishtalik, raiyatning adolatli boshqarilishi, yoshlar tarbiyasi, ta’lim-tarbiyaning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi, izlanish, bir joyda to‘xtab qolmaslik, kibrga berilmaslik, balo-qazolardan ogohlik, milliy birlik, hamjihatlik zarur. Bordi-yu bu “zanjir”ning bitta halqasi uzilsa, muammo kelib chiqadi. Yana bir zarurat shundaki, ta’lim sohasida dunyoda ibratli, o‘rgansa arziydigan tajribalar ko‘p. “Oz-oz so‘rab o‘rgangan olim, orlanib so‘ramagan o‘ziga zolim” deganlaridek, ta’lim masalasida uzoq-yaqinga tiyrak nazar solishimiz, samarali usullarni maktablarimiz, oliygohlarimiz hayotiga ijodiy ravishda tadbiq etishimiz obro‘yimizga putur yetkazmaydi. Yevropa ko‘p muammolarni Sharq misolida hal qilib olgani, bugungi O‘zbekistonning yangilanish tajribasi ularni jiddiy qiziqtirayotgani sir emas-ku, axir.

AQShda 5-6 yoshli bolalar boshlang‘ich sinflarga (elementary school) qabul qilinib, 6-sinfgacha arifmetika, o‘qish, yozuv, tabiiy fanlar asoslarini o‘rgatishadi, bolalar musiqa, jismoniy tarbiya va rasm mashg‘ulotlarida  qatnashadilar, so‘ng maktabning ikkinchi bosqichiga o‘tib (middle school), matematika, ingliz tili, tarix va  tabiiy fanlardan saboq oladilar. O‘quvchilarning xohishiga ko‘ra, ularga qo‘shimcha ikki-uchta fanni mustaqil o‘rganish tavsiya etiladi. Masalan, xorijiy til, san’at va hokazolar. Bunda, albatta, o‘quvchining qiziqish yo‘nalishi, ma’lum layoqati  inobatga olinadi.

O‘quvning uchinchi bosqichida (high school) o‘quvchilarga o‘rganiladigan fanlarni erkin tanlash  huquqi beriladi. Qo‘shimcha predmetlar soni oshadi. 9-12 sinflarda (14-18 yoshda) ko‘pchilik o‘quvchilar kelajakda qanday kasblarni tanlashi ma’lum bo‘ladi, binobarin  ular oliy o‘quv yurtiga kirishda qo‘l keladigan fanlarni tanlaydilar. Ba’zi o‘quvchilar o‘zlari tanlagan fanlarni chuqur o‘rgatadigan Advanced Rlacement kurslariga qatnab, oliy o‘quv yurtining birinchi bosqichida o‘tiladigan darslarni deyarli o‘zlashtirib olishadi.

AQSh boshlang‘ich ta’limining bir necha o‘ziga xos xususiyati bo‘lib, ulardan biri shuki, har bir bosqich mashg‘ulotlari alohida binolarda alohida o‘qituvchilar tomonidan olib boriladi. Har bir bosqichni maktabning mustaqil ma’muriyati boshqaradi.

Ikkinchi xususiyat – boshlang‘ich ta’limda har tomonlama shakllangan, faol hayotiy pozitsiyaga ega bo‘lgan shaxslarni (ha, shaxslarni!) tarbiyalash asosiy maqsad hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, o‘quvchilarning darsdan bo‘sh paytlaridan maqsadli foydalanishga, jumladan,  mustaqil fikr yuritish layoqatlarini oshirishga e’tibor beriladi. O‘quvchilar asosiy vaqtlarini maktabda o‘tkazadilar. Yuqori sinflarda har bir o‘quvchi o‘ziga maqbul sport turini tanlab, u bilan jiddiy shug‘ullanishi mumkin, maktabda buning uchun imkoniyat mavjud. Bundan tashqari, maktablarda turli yo‘nalishdagi klublar mavjudki, o‘quvchilar havaskorlik teatr-studiyasida, bahs-munozara to‘garagida qatnashishi, tasviriy san’at,­ loyihalash, ma’lum bir reja tuzish bilan shug‘ullanadilar. Munozara klublari ayniqsa faol. Shu bois, bolalarda munozara yuritish, odob bilan bahslashish mahorati juda erta shakllanadi.

Uchinchi xususiyat – Amerika maktablarida kamdan-kam hollarda uyga vazifa beriladi va u  maktab kutubxonasida bajariladi. O‘quvchilar shu yerda dars tayyorlaydilar, munozara klublarida qatnashish uchun ma’ruza yozadilar, ijodiy loyihalar tuzishadi, kitob o‘qishadi.

Frantsiyada boshlang‘ich maktablarning talab-qoidalari bir-biridan jiddiy farqlanadi, ammo umumiy qoidalar ham bor. Chunonchi, darslar ertalab soat 8.00 da boshlanib, 16.00-17.00 gacha davom etadi. Maktab eshigi ertalab soat 8.00 da yopilib, 16.00 da ochiladi. Shu vaqt ichida hech kim (!) ichkariga qo‘yilmaydi. Eshik ochilgach, maxsus nazoratchilar  darslar tugaganiga ishonch hosil qilish uchun o‘quvchilarning kundaligini ko‘rishadi, so‘nggi darsdan qochayotganlarni qaytarishadi. Ota-onalar biror sabab bilan bolalarini ertaroq olib ketishmoqchi bo‘lishsa, bu haqda maktab ma’muriyatining maxsus jurnalida yozuv qoldirishadi va bolalarini umumiy eshik emas, maxsus eshik orqali olib ketadilar. Mashg‘ulotlar payti ota-onalar (boshqalar ham) maktab hududiga sababsiz kiritilmaydi.

Maktabda suratga olish, videotasvirga tushirish, qo‘l telefonidan foydalanish ta’qiqlangan. Bordi-yu bo‘sh soat bo‘lib qolsa, o‘quvchilar maxsus xonada navbatdagi mashg‘ulotga tayyorgarlik ko‘rishadi, davomati yomonlar qoldirgan darslarida o‘tilgan mavzularni o‘zlashtirishadi.

Yuqori sinflarga o‘tgan o‘quvchilarga bu mamlakatda ham ba’zi fanlarni ixtiyoriy tanlash huquqi beriladi. Ma’muriyat ota-onalarni farzandlarining o‘zlashtirishi, darsga qatnashishi, odob-axloqi to‘g‘risida muntazam xabardor qilib turadi. Ota-onalar bilan kamdan-kam hollarda majlis o‘tkaziladi. Tegishli ma’lumotlar har bir o‘quvchining ota-onasiga alohida-alohida (!) jo‘natiladi.

Finlandiyaning ta’lim tizimi samaradorlik bo‘yicha dunyoning ilg‘or tizimlaridan biri. Boshlang‘ich ta’lim mamlakat bo‘yicha qabul qilingan majburiy vaqtdan bir yil avval boshlanadi, olti yoshga to‘lgan har bir bola maktabda, bolalar bog‘chasida, oilaviy bog‘cha yoki shunga mos boshqa muassasada ta’lim oladi. Buni ota-ona bilan birgalikda mahalliy hukumat hal qiladi. Majburiy ta’lim 7 yoshda boshlanib, 16-17 yoshgacha davom etadi. Mamlakatda joriy etilgan bepul ta’lim tizimiga ko‘ra, o‘qish, darslik va daftarlar, o‘quv qurollari, ovqatlanish maktab hisobidan bo‘ladi.

Uchinchi sinfdan boshlab ingliz tili darslari o‘qitiladi,  to‘rtinchi sinfda o‘quvchilar o‘zlari tanlagan xorijiy  (frantsuz, nemis, rus) tillaridan birini o‘rgana boshlaydilar. Yettinchi sinfda shved tilini majburiy o‘rganishga kirishiladi.

Bir qarashda, ancha murakkab tizim. Ammo ko‘p yillardan beri bu ta’lim tizimi dunyo miqyosida o‘tkaziladigan  nufuzli reytinglarda birinchi bo‘lib kelmoqda. Fin o‘quvchilari maktabda boshqa davlatlardagi tengdoshlaridan ancha kam vaqt bo‘lsalar-da, tabiiy fanlarni, masalan, matematikani o‘zlashtirishlari juda yuqori. Buning boisi, Finlandiya o‘rta ta’lim tizimida o‘quv jarayoni bosqichma-bosqich murakkablashib boradi. Biror fanni chuqur o‘rganish boshqa bir fan soatlarini qisqartirish hisobiga bo‘lmaydi. O‘qituvchilar bolalarning ota-onalari  qaysi kasbda ishlashlari, ijtimoiy, iqtisodiy holatlari qandayligini bilishga qiziqishmaydi. Past natijali o‘quvchilarning ota-onalarini maktabga chaqirish odat emas. O‘quvchilar layoqatli va layoqatsiz guruhlarga ajratilmaydi. A’lochilar va ulgurmovchilar, nogiron va ko‘zi ojizlar hamisha bir sinfda o‘qishadi, ularga teng qarash taomili mavjud. Yanada muhimi, bu yerda nogironligi bor o‘quvchilarni mamlakat ijtimoiy hayotiga faol jalb etish uchun barcha sharoitlar mavjud. Tushlik taom, muzeylarga ekskursiyaga borish, avtobus chiptalari – bepul. Ota-onalardan pul yig‘ish mumkin emas. Yana bir xususiyat shuki, o‘qituvchilar o‘quvchilarga hamisha yaxshi munosabatda bo‘lishadi. Kimdir vazifani uddalay olmagan bo‘lsa, uni izza qilishmaydi, o‘rtoqlariga yetib olishi uchun imkon berishadi.

Xorijiy mamlakatlarning ta’lim tizimiga doir ma’lumotlarni keltirishdan maqsad ulardan ko‘r-ko‘rona andoza olishga da’vat emas, albatta. Har joyning o‘ziga yarasha tosh-tarozisi, tartib-intizomi bor. Har bir bola o‘zi tug‘ilgan oila, mahalla yoki jamiyatdagi ma’naviy-axloqiy muhit, turmush tarzi, urf-odat, milliy-ma’naviy qadriyatlar, ota-onaning o‘zaro munosabatlari ruhida tarbiya topadi. Ong-shuuriga yoshligidan sindirilgan qadriyatlarga amal qiladi. Shunday bo‘lsa-da, xorijiy tajribalarda ko‘zga tashlanadigan ko‘p jihatlar ham borki, ularni o‘rganishimiz foydadan xoli emas, deb o‘ylayman.

Birinchi jihat – maktablarning yuqori bosqich (sinf) o‘quvchilariga fanlarni tanlashda erkinlik berishdir. Yodga olsak, avvallari maktab dasturlarida, aniqrog‘i, sinfdan tashqari mashg‘ulotlarda o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirishga jiddiy e’tibor berilardi. Keyin-keyin bu muhim yumush bir chetda qolib ketdi. Yuqori sinf o‘quvchilarining aksariyati, agar maktabda, oilada kasbga yo‘naltirish ishlari olib borilgan bo‘lsa, o‘qish tugashidan ancha avval  qaysi  sohani tanlashlari ma’lum bo‘ladi. O‘quvchi matematika yoki fizikani tanladi, deylik. So‘nggi sinflarda unga ayni shu yo‘nalishda ko‘proq bilim olish imkonini berish kerak. Til, adabiyot yoki tarixni tanlagan o‘quvchi bilan ham shunday yo‘l tutsa bo‘ladi. Hozircha amaldagi dasturlarda bu narsa o‘z ifodasini topmagan. Bu qusur ma’lum ma’noda oliy ta’limga ham o‘tgan. Chunonchi, jurnalis­tika fakultetida oliy matematika fani o‘qitiladi. Amaliyotdan kelib chiqadigan bo‘lsak, matematika, fizika yoki qimyoga qiziqqan o‘quvchilar kamdan-kam hollarda jurnalistikaga kelishadi. Sohaga bevosita taalluqli fanlarni yaxshi o‘zlashtirishadi, ammo oliy matematikadan oqsab qolishadi. Oqibatda yilma-yil davom etadigan, juda kam odam tushunadigan, tushunganlar esa boshlarini sarak-sarak qilishdan nariga o‘tmaydigan g‘aroyib muammo kelib chiqadi. Matematikani o‘rganishimiz kerak, albatta. Ammo jurnalistika fakultetida (boshqa ijodiy fakultetlarda ham) talabalarga uning oliy darajasini emas, bu fanning buyuk mantig‘ini tushuntirish ma’qul emasmi?!

Uyga vazifaning maktabda bajarilishi, o‘quvchilarning bo‘sh vaqt­larini maqsadli to‘ldirish tajribasidan ham foydalanishimiz zarur. Xullas, izlanganga tole yor deganlaridek, davlatimiz rahbari ilgari surgan g‘oyani amalga oshirish ishiga chuqur mas’uliyat bilan yondoshishimiz kerak. Poytaxtimiz Toshkentda va viloyatlarda Prezident maktablari, Abdulla Qodiriy, Ibrat, Ogahiy, Zulfiya va Hamid Olimjon, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Ibrohim Yusupov, Halima Xudoyberdiyeva, Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktablarining tashkil etilishi yoshlar orasida nafaqat gumanitar sohada, aniq fanlar yo‘nalishida ham ijodkorlik ruhini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz. Xalq ta’limi vazirligi maktablarda mehnat qilayotgan ijodkor o‘qituvchilar o‘rtasida o‘tkaziladigan (noma’lum sabablarga ko‘ra to‘xtab qolgan) respublika ko‘rik-tanlovini tiklasa, ularning eng yaxshi ijod namunalari nashr etilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Dunyoning dunyoligi shundaki, garchi u omonat va o‘zgaruvchan bo‘lsa-da (Aziziddin Nasafiy), muntazam harakat va aylanishdan  to‘xtamaydi.  Tarix ham shunday – voqea-hodisalar qanday sodir etilgan bo‘lsa, shunday qoladi, ammo u ham dunyo kabi aylanadi, mohiyatan uzoqlashadi va… qaytadi. Bugun yoshlarimiz xorijiy mamlakatlarning nufuzli ilm dargohlarida tahsil olmoqdalar. Ilmga chanqoqlikda, iste’dodda g‘arblik tengdoshlaridan kam emasliklarini namoyon etmoqdalar.  Bir vaqtlar bunday yoshlar g‘arbdan sharqqa qarab intilishgan, shu yerda kamolga yetishgan edi. Bu bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Toshkent, Samarqand, Buxoro oliygohlarida ta’lim olish, donishmand Sharq tamaddunidan, O‘zbekiston sahovatidan bahramand bo‘lish g‘arbliklar uchun yana orzuga aylanishidan, “Sharqdan G‘arbga shovlab oqqan shon”ning (Cho‘lpon) qayta tiklanishidan, yangi Uyg‘onishning mo‘tabar kunlarini ko‘rishdan umidvormiz. Zero, bugun mamlakatimizda ta’lim sohasini isloh qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan jamiki chora-tadbirlar zamirida shu ulug‘ maqsad  yotadi.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2019 yil 9-son