Ulug‘ ustozlardan ilmning ibodatga qiyoslanishi mazmunidagi hikmatni eshitganimda kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishim ikki-uch barobar oshgan. Boshqa bir ustozning “O‘qigan kitoblaringdagi muhim fikrlar, fakt va raqamlar, voqea-hodisalarning qisqacha bayoni, muhim so‘z va iboralar, maqol va matallar, noyob aytimlarni yon daftaringga qisqacha yozib qo‘y (ya’ni konspekt qilib ol) degan gapi esa meni kitobxonlik olamining sirli olamiga yetaklagan. Uzoq yillar davomida bu odat men uchun qat’iy qoidaga aylangani bois, bundan o‘n-o‘n besh yil avval o‘qigan kitobim haqidagi yozuvlarimni varaqlar ekanman, asarning bosh mazmuni, xulosasi xotiramda aniq jonlanadi. Maqolalarimda, talabalarga dars berayotganimda ulardan g‘oyat unumli foydalanaman. Jaloliddin Rumiyning “Ichindagi ichindadir”, Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar”, Radiy Fishning “Uyqudagilar uyg‘onajak” kabi asarlaridan, Mahmud Asad Jo‘shon ma’ruzalaridan keltirilgan iqtiboslar tinglovchilarda yaxshi taassurot qoldiradi.
“Kalila va Dimna”ni birinchi marta qachon o‘qiganimni eslay olmayman. Ammo undagi hayvonlar tilidan aytilgan ko‘plab purma’no hikmatlar yodimda qolgan. Olovda yonayotgan Janna d-Ark va Taras Bulbaning nidosini, “Boy ila xizmatchi”da Jamilaga oshiq bo‘lgan boyning devorda haqi bo‘lsa, ho‘llab somonini olishga tayyor qirriq domlaga qarab, “Taqsir, bir-ikkita rivoyatni biz tomonga qarab yumalatvorsangiz bo‘ldi-da”, degan makkorona so‘zlarini hali-hanuz aytib yuraman. Yaxshi kitoblar o‘quvchi nutqini ravon qiladi, idrok darajasini oshiradi.
So‘nggi yillarda avvallari o‘qimagan, ammo o‘qishim zarur bo‘lgan ko‘plab kitoblarni o‘qidim. Biror sabab bilan emas, ehtiyoj paydo bo‘lgani bois o‘qidim. Kitoblarni maktab yoki oliygoh o‘qituvchisiga imtihon topshirish, baho olish uchun emas, o‘zing uchun o‘qi, bu olamga o‘zingni o‘zing boshla, degan ma’noda alohida risola yozdim. Abu Rayhon Beruniyning “Qimmatbaho javohirlar haqida bilimlar kitobi (Mineralogiya), Atomalik Juvayniyning “Jahon fotihi tarixi”, Svetlana Aleksiyevichning “Urush ayollarning ishi emas”, polyak adibi Luish Monteyruning “Mayizxo‘r erkak”, turkman adibi Otajon Tog‘onning “Begona” asarlari mutolaasi, taniqli publitsist Yan Parandovskiyning “So‘z kimyosi”, Fitratning “Sharq siyosati”, Ismoil Gasprinskiyning qadim Andaluziyaga doir turkum maqolalarini qayta o‘qish menga ko‘p narsa hadya qildi.
Yana to‘rtta asar – O‘zbekiston xalq rassomi Alisher Mirzoning “Kallaxonalik yigitcha”, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Dilorom Karimovaning “Po‘rtana”, taniqli iqtisodchi olimlar Bahodir Umrzoqovning “Oyjamol”, Tohirjon Iminovning “Xotira saodati” kitoblari o‘quvchilar qo‘liga borib yetdi. Yozuvchilikka da’volari yo‘q, boshqa kasb sohiblari bo‘lmish to‘rt muallifning maroq bilan o‘qiladigan to‘rtta asari.
Alisher Mirzo romanining bir qarashda janr talablariga to‘g‘ri kelmaydigan ayrim “jihat”lari bordek: asar voqeligi hayotda, ijtimoiy turmushda qanday sodir bo‘lgan, yosh Alisher ong-shuuriga qanday muhrlangan, xotirasiga naqshlangan bo‘lsa, shunday tasvirlanadi. Muallif badiiy bo‘yoqdan, ortiqcha zeb-ziynatdan, syujetni kuchaytirish, uni yanada qiziqarli qilish uchun ijodiy to‘qima, orttirma-bo‘rttirmadan foydalanmaydi. Jo‘n, xalqona, yengil tushuniladigan jumlalar. “Kallaxonalik yigitcha”ni o‘qigan kitobxon ko‘z o‘ngida o‘zining ham olis bolalik, o‘spirinlik yillari, bo‘lib o‘tgan xush-noxush voqealar tafsilotlari, turfa taqdirlar-u, turfa chehralar namoyon bo‘ladi. Xotira uyg‘onadi. Asarning yutug‘i shunda.
“Oyjamol” romanida ham deyarli shunday “manzara”ga duch kelamiz. Poyon Ravshanov, Rustambek Shamsutdinov kabi fidoyi olimlarning yillar davomida olib borgan zahmatli tadqiqotlarida aks etgan sovetlarning yovuz niyat bilan bosqichma-bosqich, har gal aniq bir maqsadni ko‘zlab, o‘zimizdan chiqqan shovvoz ijrochilarning rejasi asosida amalga oshirgan qatag‘on siyosati va uning mudhish oqibatlari “Oyjamol”da bir oila boshiga tushgan azobu ayriliqlar, og‘ir yo‘qotishlar, bu qisqa hayotning anglab bo‘lmas, intihosiz imtihonlari misolida ochib beriladi. Ayni chog‘da, dunyoning yozilmagan, anglanmagan ne-ne hikmatlari, haqiqatning sinmasligi, adolatning yengilmasligi, jinoyatning jazosiz qolmasligi o‘quvchi ong-shuuriga singib boradi.
Dilorom Karimovaning “Po‘rtana” asari ham shu tahlikali davr haqida. O‘quvchi ko‘z o‘ngida jadid bobolarimizning ayanchli taqdiri, amalga oshmagan orzu-umidlari, asossiz ayblovlar, oila a’zolarining tahqirlanishi, “bolshavoy”larning ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan g‘oratgarliklari, Vatanni tark etishga majbur bo‘lgan ne-ne iqtidor egalarining mungli qiyofalari namoyon bo‘ladi. Adabiyotshunos olim Suvon Meli bu kitobni haqli ravishda “Ota haqida mungli qo‘shiq” deb atadi.
Chindan ham mungli, afsusli qo‘shiq. Muallif qalbida adolat izlab isyon ko‘tarayotgan botiniy tuyg‘ularni, hamon javobsiz qolayotgan iztirobli savollarni farzandlar, nabiralar his etadilarmi? Bugungi dorilomon kunlar, millatning tiklangan erki, faxri-g‘ururi qanday og‘ir yo‘qotishlar, haqsizlik, tahqiru zo‘ravonliklarni chidam bilan yengish evaziga qo‘lga kiritilganini tushunadilarmi, qadriga yetadilarmi? Ochiq havoda, erkinlikda tug‘ilib voyaga yetgan bulbul qafas nimaligini bilmaydi. Buni e’tibordan soqit qilmasligimiz kerak.
Taniqli olim Tohirjon Iminovning “Xotira saodati” kitobini o‘qish men uchun oson bo‘lgani yo‘q. Aslida, qiziqarli kitob hech bir qiyinchiliksiz o‘qiladi, asar voqeligi sizni o‘ziga tortib ketadi. Bosh ko‘tarmay o‘qiysiz. “Xotira saodati” o‘quvchidan mavzuga doir ma’lum tayyorgarlikni ham talab qiladi. Boisi, so‘zboshida ushbu kitob bir sulola shajarasi xususida deyilgan bo‘lsa-da, aslida mavzu qamrovi ancha keng: sho‘rolar davrida ilm-ma’rifatli, imon-e’tiqodli, diyonatli insonlarning ayanchli taqdiri, alifboning ikki marta o‘zgartirilishi oqibatlari, quloqlashtirish siyosati keltirgan jabru jafolar… Bularning barchasi ayanchli hikoyalar, sulola vakillari taqdiriga doir hayajonli xotiralarga aylanadi.
Kitobni o‘qir ekanman, yoshligi Ukrainada surgunda o‘tgan To‘raxon domlaga e’tibor berdim. Garchi u kishini hayotda ko‘rmagan, suhbatlaridan bahramand bo‘lmagan bo‘lsam-da, menga tanishday, xuddi ko‘pdan beri biladiganimday, bir nimalarni o‘rgangan mo‘tabar ustozimday ko‘rinib ketdi ko‘zimga. Muallif shunday yozadi: “To‘raxon domla va u kishi kabilar axloq, e’tiqod, ma’naviyat va ma’rifat bobida o‘z davrining peshqadamlari bo‘lgan. Yoshligimizda maktabda “Eski domlalar din vakillaridir, din esa af’yundir” degan fikr ongimizga singdirilgan edi. Bu muhtaram zot ta’sirida ko‘plar islom dinining asl va chin ma’rifatidan bahramand bo‘lishdi. Bunday insonlar zimmasiga islomiy madaniyat va aqoidlar asosida millatning ilg‘or fikrlari, urf-odatlari va ma’naviy boyligini asrab-avaylash, yoshlarga ruhiy-jismoniy poklikka erishish yo‘llarini ko‘rsatish mas’uliyati yuklanganini asta-sekin anglab bordik”.
Bu jumlalar menga To‘raxon domlaning tanish tuyulishi sababini anglatdi: u zot menga qo‘qonlik marhum Jo‘raxon to‘ra va taqdir taqozosi bilan tug‘ilgan qishlog‘im Safed Bulonga borib qolgan, oxirat safarigacha shu yerda istiqomat qilgan, o‘zlaridan qobil farzandlar qoldirgan alloma Abdunazar qorini eslatgan ekanlar.
Jo‘raxon to‘ra Qo‘qonning ilm-ma’rifatli, serfazilat insonlaridan biri edi. U kishi bilan bor-yo‘g‘i bir marta suhbatlashgan, yuz yoshli otalari haqidagi xotiralarini tinglagan, yoqimli talaffuzda Bobo Mashrabdan, Bedildan, Fuzuliydan o‘qigan g‘azallari ma’nosidan bahramand bo‘lgan kishining, agar ko‘ngli toshdek qotib qolgan bo‘lsa, moydek yumshar, g‘ussaga botgan bo‘lsa, dilida umid chirog‘i yonar, jahl otiga mingan bo‘lsa, egardan tushar, yo‘lidan adashganlar diyonat ko‘chasiga burilib ketardi. Bu yorug‘ olamni erta tark etgan yana bir qo‘qonlik ma’rifatparvar inson – Nurillaxon aka bilan bu mo‘tabar insonning suhbatlarini ko‘p bor tinglaganmiz. U kishining choqqina xonadonlaridan uzoq yillar ma’naviy ziyo, ma’rifiy yog‘du taralib turganiga guvohman.
Abdunazar qori haqida ham shunday deyish mumkin. U kishining islomiy va dunyoviy ilmlari chuqur, buning ustiga, ko‘p jihatdan o‘zaro uyg‘un edi. “Dil ba yoru dast ba kor” degan hikmatni ilk bor shu ustozdan eshitganman. Bu qoidaga, avvalo, o‘zlari amal qilar edilar. Qishlog‘imizga kelib uzoq vaqt suvoqchilik qildilar. Uy qurayotgan kishi ishga aytsa, kim bo‘lishidan qat’i nazar, yo‘q demasdilar. Islomiy ma’rifat, odob-axloq, halol va harom, rizq-nasiba, birovning haqi, omonat, guvohlik mas’uliyati, g‘iybatning og‘ir yuki, izzaning haromligi haqidagi suhbatlari qulog‘imda qolgan. Jo‘raxon to‘ra, Abdunazar qori kabi insonlar Tohirjon Iminovning kitobida tavsif etilgan To‘raxon domladek “ming shamlik chiroq” edilar. Taassufki, sobiq tuzum bunday daholarning qadriga yetmadi, ulardan taralayotgan ziyo nuridan bahramand bo‘lmadi, aksincha, boshlariga ko‘p kulfatlar yog‘dirdi.
Bunday kulfatlardan birini Tohirjon Iminov kitobda g‘oyat ta’sirchan qilib ko‘rsatgan: sobiq tuzum otalarning imon-e’tiqodiga qarshi kurashdi, farzandlarini dinsizlik, e’tiqodsizlik yo‘liga boshladi, ayrim hollarda bunga erishdi ham. Otalar fojiasi yoniga farzandlar fojiasi qo‘shilib, jamiyatni jar yoqasiga olib keldi.
“Xotira saodati”da g‘oyat muhim bir ma’lumot keltiriladi. Qur’oni karimni rus tiliga o‘girish harakatlari Rusiyada Pyotr 1 davrida boshlanib, birinchi marta 1716 yili amalga oshirilgan ekan. Uzoq yillar davomida turli darajadagi tarjimalar o‘n olti marta nashr etilgan. Ammo ularning aksariyati arab tilidan emas, boshqa tillardan tarjima qilingani bois, ko‘p noaniqliklarga yo‘l qo‘yilgan. 1871 yili D.N. Boguslavskiy birinchi marta Ollohning bu kalomini rus tiliga arab tilidan o‘girgan. Lekin bu tarjima ham, boshqalari ham mukammal bo‘lmagan. Rus islomshunoslari akademik I.Yu.Krachkovskiyning tarjimasini nisbatan mukammallikka yaqin deb hisoblashadi. Bu variant 1998 yilgacha besh marta chop etilgan.
Bu faktlarni keltirishdan maqsad shuki, ma’rifiy dunyoda bunday harakatlar bo‘lib turgan paytda sho‘rolar tuzumi butunlay boshqacha yo‘l tutdi – diniy e’tiqodga qarshi muttasil kurash olib bordi, mamlakatda uzoq yillar yalpi dahriylik harakati hukm surdi, nikoh o‘qitish qoralandi, uyida Qur’on kitobi yoki arab imlosida yozilgan oddiy risola bor kishi ustidan avj olgan chaquv ne-ne allomalarning umriga zomin bo‘lmadi. “Xotira saodati”ni o‘qigan o‘quvchi bunga chuqur amin bo‘ladi.
Sovet tuzumi dunyo dunyo bo‘lganidan beri hech bir davlatda, hech bir jamiyatda va hech bir holatda qo‘llanilmagan g‘ayriinsoniy bir ishga qo‘l urdi: dindorlik uchun jazo belgiladi, tadbirkorlikni taqiqladi, o‘qimishli, ilmli kishilarni “xalq dushmani” deb e’lon qildi, ishbilarmonlarning mol-mulkini musodara qilib, yurtidan, oilasidan ajratib, olis-olislarga badarg‘a qildi. Ko‘plari nom-nishonsiz yo‘q bo‘lib ketishdi. O‘zbekistondan olis yo‘l bosib, ne mashaqqat bilan Ukrainaning Xerson viloyatidagi Mixaylovka qishlog‘iga borib, shu yerdagi qabristonlardan birida bobo va buvilari, boshqa hamyurtlari qabrini izlab topib, ularga yodgorlik toshi o‘rnatayotgan, ko‘zda yosh bilan Qur’on tilovat qilayotgan, qarovsiz joylarni tozalayotgan jabrdiyda vatandoshlarimizni bir ko‘z oldingizga keltiring. Gunohsiz marhumlarning chirqillab yotgan ruhlarini bir tasavvur qiling.
Olis Ukraina tumanlaridan birining sobiq rahbari, urush qahramoni unvoniga sazovor bo‘lgan, O‘zbekiston haqida yaxshi taassurotga ega Zlix ismli kishining “Xotira saodati”da keltirilgan so‘zlariga e’tibor beraylik. Bu inson ajdodlari xotirasini unutmagan andijonlik mehmonlarga qarab shunday deydi: “O‘zbekistondan bu yerlarga surgun qilinganlarning aslida hech qanday aybi yo‘q, begunoh odamlar. Ularni bu yerga quloqlik bahonasida paxta yetishtirish uchun ishchi kuchi sifatida olib kelishgan. Ajdodlaringizning zahmatli mehnati bilan o‘sha yillari bu yerda tashkil etilgan ko‘plab xo‘jaliklar oyoqqa turgan. Biz, ukrainaliklar, buni g‘oyat qadrlaymiz va unutmaymiz. Mashaqqatli yo‘l bosib shu yergacha kelganingizning o‘zi hammamizga ibrat ”.
Tinch-totuv yashayotgan, halol mehnat qilib, o‘ziga yarasha daromad topayotgan imon-e’tiqodli odamlarni “quloq” deb e’lon qilishdan ko‘zlangan maqsadning nimaligi shu so‘zlarda aniq-ravshan ko‘rinmoqda. Afsuski, adolatsiz yillarni, ayanchli taqdirlarni ortga qaytarib bo‘lmaydi.
“Xotira saodati”ni mutolaa qilgan o‘quvchi o‘zi uchun bundan-da ko‘p va muhim ma’lumotlarga ega bo‘ladi. Muallif matn ustida ishlashni davom ettirsa, uni yangi ma’lumot va mushohadalar, xotiralar bilan boyitsa, talabchan kitobxonlarimiz javonlarida olis va yaqin o‘tmishimizning mash’um sahifalari va ulardan anglashiladigan saboqlar haqida yoshlar tarbiyasi uchun g‘oyat muhim bir asar paydo bo‘lishi shubhasiz.
Yuqorida qisqa bo‘lsa-da, tahlilga tortilgan to‘rt hujjatli kitobdan qanday umumiy fikr kelib chiqadi?
Adabiyotning muhim vazifalaridan biri hayot voqeligini badiiy ifoda vositalari orqali tasvirlashdan iborat. Adabiyotni, demakki, badiiy tafakkurni yuksak maqomda tutib turadigan, o‘quvchini obrazli mushohadani to‘g‘ri idrok etishga o‘rgatadigan o‘zgarmas qoida bu. Ammo jahon adabiyotida boshqacha qarash va tajribalar ham bor. Chunonchi, sof badiiy asarlarda goho real hujjatlilikka, hujjatli asarlarda esa yuksak badiiylikka ham duch kelamiz. Portugaliyalik adib Luish de Stau Monteyruning “Mayizxo‘r erkak” romani ruhan va ma’nan bir-biridan mutlaqo yiroq erkak va ayolning baxtsiz turmushi, ayolning fojiali o‘limi haqida. Asar g‘oyat ta’sirchan, ammo noan’anaviy ifoda uslubida yozilgan. Unda shunday “hujjatli” o‘rinlar ham borki, ular asar voqeligi kechayotgan joy va muhitni ko‘z oldingizga juda aniq keltiradi. Birgina iqtibos: “Har safar portugaliyaliklar vaqtichog‘lik qiladigan joylarga borganimda, meni bir narsa hayratga soladi: butun dunyoda kabarelar kechqurunlari mijozlar bilan to‘lib ketadi, tomosha zallarida birorta bo‘sh o‘rindiq qolmaydi. Odamlar miriqib dam olishadi, bemalol xursandchilik qilishadi. Portugaliyada bo‘lsa bunday joylardagi kechki hayot kunduzgi hayotning davomi – zerikarli, bir xil. Odamlar raqsga tushishmaydi, durustroq kulishmaydi ham. Qahqaha o‘z umrini yashab bo‘lganday. Kulishdan qo‘rqishadi – kimdir ko‘rib qolishi mumkin-da”.
Shu asardan yana bir misol: “Fabrikalar ish boshlaganidan keyin ayollar sanoat sohasida ishlashga o‘tib ketishdi. U yerda ko‘proq pul topishadi, pul bo‘lgandan keyin ko‘ngillariga kelgan ishni qilishadi. Dahshat. Vaqti kelib bu yo‘lni tanlaganlaridan afsuslanishadi. Ular ko‘p imkoniyatlarga ega bo‘lgan issiq uylarimizni tashlab ketishmoqda, hayhotday fabrikaning harakatdagi bir murvatiga aylanishmoqda”.
Badiiy asarlardagi bunday hujjatli tasvirlarga xorijiy adabiyot namunalarida, masalan, Jeyms Gann, Jan Rey, Aneri de Rene, Gyunter Grass qissalarida ham duch kelamiz. Amerikalik jurnalist-adib Sara Jioning “Erta ochilgan binafsha”, “Sho‘rshamol”, “Kameliya” kabi romanlari bugun dunyoning yigirmadan ortiq mamlakatlarida chop etilib, zavq bilan o‘qilmoqda. Bolgar yozuvchisi Yelena Aleksiyevaning “Madam Misima” sarlavhali monodramasini janr nuqtai nazaridan yangilik deyish mumkin. Yangicha, noan’anaviy uslubda yozilgan bu asarda hayotning achchiq haqiqatlari hujjat darajasida aniq tasvirlanganki, ularga e’tiroz bildirish qiyin. Shu asardan bir ko‘chirma: “Yozuvchilarga xos muhim bir xususiyat shundan iboratki, ular ijodiy tasavvurlariga chunonan berilib ketadilar, shu tasavvurlar ichida yashay boshlaydilar, keyin-keyin esa… bu tasavvurlarning ko‘pi reallikka aylanadi. Tasavvurdagi baxt va omad bilan birga, fojia, og‘riqli yo‘qotish va azob-uqubatlar ham…”
Bunday kitoblar bugun butun dunyoda sof badiiy asarlar kabi mutolaa qilinmoqda. “Taom yeyilsa, to‘n kiyilsa, ot minilsa ma’qul” deganlaridek, ijod mahsuli, u qaysi janrda yozilgan bo‘lmasin, saviyasi joyida, ega-kesimi o‘rnida, tishli-fikrli bo‘lsa, albatta, o‘qiladi. Bugun adabiyotimizda turfa xil xotiralar, umr yo‘llari va ulardan anglashiladigan xulosalar asosida yozilgan memuarlar nisbatan ko‘proq ko‘zga tashlanmoqda. Fikrimizcha, bu yangi yo‘nalishni ma’qullamoq zarur. Yozuvchilik kasb emas, yoza bilishlik muhim. Shunday ekan, boshqa kasb egalarining qo‘lga qalam olishlarida ham ma’lum hikmat bordek. Taniqli publitsist Yan Parandovskiyning fikricha, so‘z san’atini egallagan ijodkorlarni allaqanday alohida hodisa sifatida yoxud… psixologik jumboq tarzida ommadan (oddiy odamlardan) ajratib qo‘yish kerak emas. Hamma ham shaxsiy hayotida boshqalarni qiziqtiradigan, ba’zan esa hayratga soladigan, lol qoldiradigan ajoyib-g‘aroyib sarguzashtlarni boshidan kechiradi, ularni so‘zda ifodalashga, shu orqali o‘zlarini namoyon qilishga harakat qiladilar. Ko‘p odamlar pinhona, biror kishiga oshkor qilmay, chop etilishini xayollariga ham keltirmay ham kundalik tutadilar, xotiralar, iqrornoma, hasbi hol yozishadi. “Garchi, qog‘ozga tushganida biroz xira tortsa-da, ular aslida bo‘lg‘usi adabiy asarning boshlanmasidir”.
G‘oyat aniq gap. Ammo hamma boshlanma ham birdek bo‘lavermaydi. Adabiyotda esa, Nazar Eshonqul “O‘zAS”da to‘g‘ri ta’kidlaganidek, eng muhimi – saviya. Saviya biror joyda tayyor holda turmaydi, uni bora solib, egallab olishning iloji yo‘q. Birovning tahorati bilan… deganday, kimningdir saviyasiga orqa qilib adabiyot maydoniga kirish esa gunohi azim. Saviya ba’zan erta, ba’zan umr poyonidagina namoyon bo‘ladi. Namoyon bo‘lmasligi ham mumkin.
Shunga qaramay, adabiyotdagi kichik bir irmoqcha, bilinar-bilinmas iz yoki shivirga ham e’tibor bermoq zarur, deb o‘ylayman. Chingiz Aytmatov yoshlardan (ba’zan esa kattalardan ham) faqat tolstoycha, chexovcha, bunincha yoki sholoxovcha yozishni talab qilish to‘g‘ri emas, bunday talab ijodkorlarni mayib qilib qo‘yadi, deydi. Nazar Eshonqul bu fikrni davom ettiradi: “…yangi adabiyotni tushunmaslik oqibatida (boshqalarni) shunchaki o‘zlariga o‘xshab yozmayotgani, izlaridan ergashmayotgani uchun danak po‘chog‘iga qo‘shib mag‘izni ham tashlab yuborish halollik emas, bu xil fikrlash tarzida xolislik yo‘q. Faqat xolis va samimiy munosabat bo‘lsagina, adabiyot o‘z haqiqatlarini davrga oshkor etadi”.
Yuqorida nomlari zikr qilingan to‘rt asarni men o‘zbek adabiyotida favqulodda hodisa deyish fikridan yiroqman. Ammo ular va, Xurshid Do‘stmuhammad e’tirof etgan yana ko‘plab shunday asarlarda, muhimi, xolislik, samimiyat va rostgo‘ylik bor. Shu fazilatlardan unib chiqqan iste’molga yaroqli “meva”lar ular.
Bir holatdan qat’iy umidvorman. Biz bugun milliy adabiyotimizning qadamlari qutlug‘ va umidbaxsh ushbu kunlar shiddati va mazmuniga mos bo‘lishini, dunyo kengliklariga dadil yo‘l olishini orzulab turibmiz. Xalqimiz boshiga yaqin o‘tmishda tushgan azob-uqubatlar, sobiq tuzumning hiylayu nayranglari haqida hali ko‘p yoziladi, ko‘p narsa oshkor bo‘ladi. O‘tmish ajdodlarimiz yodi bilan birga, kecha-yaqinda safimizda bo‘lgan, umrini xalqimizning chin ma’nodagi erki va saodati uchun bag‘ishlagan davrdoshlarimiz xotirasi uchun ham shunday qilishimiz kerak. Shunday qilsak, ehtimol, dunyo adabiy-madaniy kengliklari sari yo‘l oladigan badiiy kitoblarimiz karvoni orasida xolislik va samimiyat libosiga burkalgan memuar asarlar ham bo‘lar…
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 9-son