Tarjima boshqa tildagi bir asarni o‘z ona tiliga muvaffaqiyatli bayon qilmoqlik, asarni aslidagi mazmun va ma’nolarni, balog‘atu fasohatini saqlagan holda ikkinchi bir tilga o‘girmoqlikdir.
Yuksak badiiylik va balog‘at bilan yo‘g‘rilgan asarlarni ona tilimizga maromiga yetkazib tarjima qilish unchalik oson ish emas. O‘rta asrlarning ijod namunalari bo‘lgan arabiy va forsiy tildagi asarlar tarjimasining esa o‘ziga yarasha murakkab, mushkul jihatlari bordir. Chunki arab tili favqulodda murakkabligi bilan boshqa tillardan ajralib turadi. Ikkinchidan, xati bir-biriga o‘xshamagan kotiblar tomonidan turli xat turlarida ko‘chirilgan qo‘lyozma kitoblarni o‘qish va uqish olim odamdan chidam, sabot, uzoq vaqt davomida ko‘nikishga majbur bo‘lgan mehnatni talab qiladi. Shu boisdan xalqimiz bekorga “ilm bu igna bilan quduq qazishdir”, demagan. Ilm o‘qib-o‘rganish bu qadar mashaqqatli bo‘lmaganida, ehtimol ilm va olimning qadri ham shu qadar yuksak qadrlanmagan bo‘lur edi.
Badiiy ijod yoki ilmiy tadqiqot natijasida yozilgan asarlarni tarjima qilish ko‘p jihatdan o‘sha asar tilini, muallifining hayoti va ijodini, u yashagan zamonni, u mansub bo‘lgan tamaddunni bilish bilan, albatta, chambarchas bog‘liqdir. Mana shu xususlarga e’tibor bermasdan o‘sha asarni mukammal tarjima qilish aslo mumkin emas.
Gap Qur’oni karim va hadisi shariflar haqida borganda esa, arab tilini bilishning o‘zi kifoya qilmaydi. Qur’on oyatlarining inish va hadisi shariflarning rivoyat sabablarini ham yaxshi bilmoq lozim. Qur’oni karim va hadisi shariflar o‘nlab ilm sohalarini o‘zida mujassam etgan Ilohiy manbadir. Shuning uchun ham Qur’oni karim oyatlariga va hadisi shariflarga yozilgan tafsirlar, sharhlar, hoshiyalarni sanab sanog‘iga yetib bo‘lmaydi.
Qur’oni karim oyatlarining ma’no tarjimalari ziyoli xalqimiz e’tiboriga mana, oxirgi yigirma yil mobaynida bir necha bor taqdim etildi.
Qur’oni karim oyatlarining tarjimasini amalga oshirish eng murakkab, eng mas’uliyatli va eng mushkul ishdir.
Mazkur nashrlar ommabop ilmiy tarzda bo‘lib, hurmatli tarjimonlarimiz o‘z bilim saviyalari, imkonlari va ilmiy salohiyatlariga ko‘ra oyati karimalarning tarjimalarini muvaffaqiyatli amalga oshirganlar. Taniqli adabiyotshunos olim va mohir tarjimon Ibrohim G‘afurov o‘zining “Qur’on tarjimalari: tajribalar” maqolasida tarjimaning balig‘u fasih bo‘lishi kerakligini alohida ta’kidlagan. Olimimizning bu talabi o‘rinlidir.
Bahriddin Umurzoqovning “Tafsiri bahr” kitobi (Qo‘lyozma kitoblar asosida Qur’oni karim oyatlari ma’nolarining ilmiy-izohli tarjimasi, tafsirlari va ta’villari (29-30 juz’). Toshkent islom universiteti nashriyot-matbaaa birlashmasi, 2010 y.) mazkur va boshqa ilmiy talablarga javob beradigan asardir. Bu kitob muhtaram olimimizning uzoq yillik zahmatli mehnatining samarasidir.
“Tafsiri Bahr” qo‘lyozma kitoblar asosida yozilgan jiddiy ilmiy asar, ya’ni yangi zamonaviy ilmiy tafsirdir. Bu kitobda ko‘proq akademik nashr xususiyatlari o‘z aksini topganligi uchun ham u soha mutaxassislari ehtiyojlarini e’tiborga olgan holda nashrga tayyorlangan.
“Tafsiri Bahr”dagi ilmiy yangiliklar quyidagi jihatlarda namoyon bo‘ladi:
1. Tarjimon “Tafsiri Bahr” kitobiga asos qilib olgan manbalar qo‘lyozma kitoblardir. Bu qo‘lyozma kitoblarning soni ikki yuzdan ortiq bo‘lib, O‘zR Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar xazinasida saqlanadi. Bu manbalarning o‘nga yaqini mashhur mufassir zotlarning dastxatlari deb taxmin qilingan nodir nusxalar hisoblanadi.
Chunonchi, X asrda yozilgan tafsirlar va ularga bitilgan hoshiyalar, XI asrda yozilgan tafsirlar va ularning hoshiyalari, XIII-XV asrlar mobaynida yozilgan tafsirlar, XV-XVIII asrlar oralig‘ida yozilgan tafsirlar shular jumlasidandir.
Ma’lum bo‘lmoqdaki, kitobxon “Tafsiri Bahr” orqali, nainki keng ziyoli omma, balki zamonamiz ilm ahllari va soha mutaxassislari butkul bexabar bo‘lgan o‘nlab tafsir kitoblar bilan tanishish baxtiga muyassar bo‘ladi. Zahmatkash tarjimon kitobga ana shu mo‘tabar qo‘lyozma tafsir kitoblarning ikki sahifadan fotonusxasini ham berganki, bu shubhasiz, tahsinga loyiq ishdir.
“Tafsir-i Bahr”da siz o‘nlab Xojagon-naqshbandiyya mashoyixlarining tafsir kitoblari bilan ham tanishasiz. Natijada ulardagi ilmiy asoslangan va dalillar asosida bayon qilingan tafsirga oid daqiq ma’nolardan bahramand bo‘lasiz. Binobarin, “Tafsiri Bahr”da biz Qur’oni karim oyatlarining tafsirlarini shariat olimlaridan tashqari tariqat pirlari tafsirlari bilan qiyoslash imkoniga ega bo‘lamiz.
“Tafsiri Bahr” mutolaasidan so‘ng shunga amin bo‘lasizki, shak-shubhasiz, Xojagon-naqshbandiyya ulamosi va shayxlari tafsir ilmida ham o‘ziga xos maktab barpo qilganlar va bu sohada boy ilmiy meros qoldirganlar. Bu nafaqat bizning yurtimizda, hatto xorijlik tadqiqodchilar nazaridan Naqshbandiyyaning hozirgacha e’tiborsiz qolib kelayotgan muhim qirralaridan biridir.
2.“Tafsiri Bahr”dagi ikkinchi o‘ziga xoslik: muallif ko‘p o‘rinlarda izoh qismida oyatlarning tafsir va ta’villaridan keyin o‘sha oyatga bevosita aloqador mavzularda aqiyda, fiqh va tasavvufga oid ma’lumotlarni ilova qilgan. Bu o‘ziga xoslik Masalai aqiyda, Masalai fiqh, Nukta, Nafha degan eslatmalar bilan ta’kidlab bayon qilingan. Bu ma’lumotlar Ahli sunnat va-l-jamoaning eng mashhur aqiyda kitoblari: Imom Abu Haniyfaning al–Fiqhu-l-akbar, Imom Nasafiyning Aqoyidi Nasafiyya, Imom Tahoviyning Aqiyda-yi Tahoviyya va boshqa shu kabi aqiydaga doir matn ilmiy asarlardan olingandir. Fiqhga doir masalalar esa Hidoya-yi sharif, Muxtasaru-l-viqoya, Fatavoyi ulamoi Hanafiyya, Multaqo-l-abhur, Nuru-l-iyzoh va boshqa shu kabi hanafiy fiqhiga tegishli yuzga yaqin muhim ilmiy asarlardan olingan. Tasavvuf ma’lumotlari esa O‘rta Osiyo mintaqasida yashagan, o‘z davrining muqtadosi va piru murshidlari bo‘lgan muhtaram zotlar – Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Xoja Sayyid Amir Kulol, Xoja Bahouddin Naqshband, Xoja Ubaydulloh Ahror, Maxdumi A’zam Dahbediy, Xoja Ishoq Valiy kabi valiy zotlarning asarlari, manoqiblari, tazkiralaridan keltirilgan. Bu manbalarning barchasi muhtaram olimimiz ishlayotgan Sharqshunoslik qo‘lyozmalar xazinasida ba’zilari nodir nusxada, ba’zilari esa o‘nlab qo‘lyozma kitoblar holida saqlanadi.
Tarjimonning o‘z tafsiriga bu uch muhim xususiyatni jo qilganligi bejiz emas, balki zaruriyat jihatidandir. Zero, bugungi beqaror dunyoda yurtimizda o‘zaro hamjihatlikni saqlash, tinchlikni asrash yo‘lida Ahli sunnat va-l-jamoa aqiydasi asoslaridan, Hanafiy mazhabi fiqhidan puxta boxabar bo‘lishimiz lozimligi barchamizga kunday ravshan haqiqatlardandir. “Tafsir-i Bahr”dagi bu ma’lumotlar xalqimizga g‘oyat manfaatli, zarur narsadir. Ayni chog‘da, Qur’on oyatlarining ma’nolarini sog‘lom aqida, ota-bobolarimiz amal qilgan muborak hanafiy mazhabi asoslari va talablariga muvofiq o‘qishimiz, anglashimiz ham Qur’oni karimni mukammal tushunishimizga yordam beradi.
Tasavvuf boshdan-oxir taqvo, odob, ko‘ngil ishidir. Bu xususiyat millatimiz vujudiga sut bilan kirgan o‘ziga xos fazilatdir. Insoniylik, axloq, odob, insof, adolat, diyonat, ixlos tushunchalari yurtimiz dong‘ini olamga yoygan aziz zotlarning diqqat-e’tiborida turgan bebaho qadriyatlardir. Xususan, zohir pokligi botin pokligi bilan vobasta bo‘lsagina maqsad hosil bo‘ladi, murodga yetiladi. Chunki, qalb nazargohi Ilohiydir. Alisher Navoiy, Lutfiy, Bobur Mirzo, Fuzuliy, Ogahiy va boshqa yuzlab ijod ahli ko‘ngil yo‘lining haq va ustunligini o‘z asarlarida takror va takror bayon etganlar va o‘z davrining ko‘ngil sultonlari bo‘lgan solih zotlarga sidqidildan hurmatu izzatlarini izhor qilganlar.
Shu o‘rinda tafsir ilmiga taalluqli g‘oyat muhim bir jihatni eslatish o‘rinli va foydadan xoli bo‘lmas: muhtaram olimimiz “Tafsiri Bahr”da xojagon tariqati shayxlarining tafsirlaridan ko‘proq zohiriy mazmunlarnigina saralab olgan. “Tafsiri Bahr” sohibining shunday yo‘l tutishi Ahli sunnat va-l-jamoa aqiydasi talabiga ko‘radir. Zero, bu xususda ehtiyot bo‘lmoqlik avlodir.
“Tafsiri Bahr” mutolaasidan chiqariladigan yana bir xulosa shuki, ajdodlarimiz boshqa ilm sohalarida qanday dunyo ahliga ustozlik qilgan bo‘lsalar, diniy ilmlarda, ayniqsa, tafsir sohasida ham komil ustoz bo‘lganlar.
Ba’zilar “Qur’oni karim bir necha bor tarjima qilindi va nashr bo‘ldi. Yangi tafsir va yo ma’no tarjimalarga ehtiyoj bormikin?” degan fikrga borishi mumkin. Shuni aslo unutmaylikki, hattoki, har qanday ma’lum va mashhur badiiy asarlar ham, ilmiy asarlar ham vaqt o‘tib takroran tarjima qilinadi. Bu zamon va taraqqiyot taqozosidir. Qolaversa, yillar osha tildagi o‘zgarishlar ham bu zaruratni yuzaga chiqaradi. Natijada tarjimonlar talab va istaklarni inobatga olgan holda, ba’zan esa o‘z istaklari, zavqu ishtiyoqlari bilan yangi tarjimaga qo‘l uradilar. Mumtoz adabiyotimizda ham, jahon adabiyoti durdonalari bo‘lgan adabiy asarlarda ham bunga ko‘plab misol keltirish mumkin. Lekin Qur’oni karim badiiy asar emas. U Alloh ta’oloning muqaddas kitobi. Vahy bilan nozil bo‘lgan va mana o‘n to‘rt asrdan ham oshibdiki, tilovat va qiroati ibodat sifatida o‘qib kelinayotir. Bu ulkan davr mobaynida Qur’oni karimga yuzlab tafsirlar yozilgan. Ularning ko‘pi arab tilida, bir qismi esa fors va turk tilida bitilgan. Bu yangi tafsirning eng muhim jihati: u zamonaviy bosma kitoblar asosida emas, balki O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar xazinasida saqlanayotgan ikki yuzdan ortiq arab va fors tilidagi Qur’oni karim tafsir kitoblari asosida yozilganligidir. Mazkur qo‘lyozma tafsirlarni yaqin o‘ttiz-qirq yil mobaynida shu zahmatli olimimizdan boshqa hech kim batafsil tadqiq qilmagan.
“Tafsiri Bahr”ni o‘qir ekansiz, yurtimizda yashab, ulkan ilmiy meros qoldirib ketgan zabardast mufassir olimlarimizning tafsirlarini zamonaviy bosma tafsirlarga (masalan, o‘zbek tilidagi “Tafsiri Hilol”ga va yoki boshqa shu kabi yangi bosma nashrlarga ham) bemalol qiyoslash imkoniga ega bo‘lasiz. Bugina emas, “Tafsiri Bahr”da keltirilgan o‘nlab qo‘lyozma tafsir kitoblaridagi ma’lumotlar va xususan, Xojagon-naqshbanddiyya shayxlarining tafsirlaridagi daqiq va ajib ma’no kashflari, tafsirlar va ta’villar ham yuksak didli kitobxonlarimizni aslo befarq qoldirmaydi, degan umiddaman.
“Tafsiri Bahr”gacha zamondosh ulamolarimiz amalga oshirgan tarjimalar zohiriy ilmlarda yetuk bo‘lgan ulamo zotlarning tafsirlariga asoslangan bo‘lib, ma’no ahliga mansub zotlarning tafsirlariga murojaat qilinmagan. Zohiriy tafsirlar oddiy mo‘minlar ommasiga mo‘ljallangan bo‘lib, ularda birdaniga xilma-xil ma’nolarni berishlik oddiy kitobxonga og‘irlik qilishi mumkin. “Tafsiri Bahr” esa soha mutaxassislari, olimlar, jumladan bo‘lg‘usi Qur’onshunos va tafsirshunoslarga mo‘ljallanganligi uchun ham unda oyati karimalar haqida Ahli sunnat va-l-jamoa aqiydasi talablariga muvofiq batafsilroq, xilma-xil tafsiru ta’villarni bermaslik ilm talabiga ziddir.
Shu bois, “Qur’oni karimning yangi ilmiy tarjimasi kerakmi?” degan savol mutlaqo o‘rinsizdir. Shak-shubhasiz, zar qadrini zargar bilganidek, mazkur yangi ilmiy tafsir – “Tafsiri Bahr”ning qadr-qiymatini, uning ilmiy ahamiyatini yuksak didli, nozikta’b kitobxonlarimiz, tafsirshunos mutaxassislarimiz va qolaversa, vaqtning o‘zi yaxshi baholab beradi.
Men hech ikkilanmay “Tafsir-i Bahr” kitobini barcha ilmu qalam ahliga, jumladan, Toshkent Islom universiteti, Sharqshunoslik instituti dinshunoslik kafedrasi, Imom Buxoriy nomidagi Islom instituti o‘qituvchilari va talabalariga zarur kitob sifatida tavsiya qilgan bo‘lar edim.
Bahriddin Umurzoqovning kelgusida yirik olimlarimizdan biri bo‘lishini, chin olimga xos mana shunday zahmatli, halol mehnatlari bilan dohiy ajdodlarimizdan meros bo‘lib qolgan ko‘plab yirik qo‘lyozma asarlarni tadqiq va tarjima qilib, kitobxonlarimizni mamnun aylamog‘ini umid qilib qolaman.
Muhtaram olimimizga “Tafsiri Bahr”ning navbatdagi juz’larini ham mana shunday omonatdorlik, jiddiyat bilan nashrga tayyorlashini tilayman.