Kutilmagan quvonch dilni yayratib, to‘ng‘igan vujudga issiqlik beradi, degan gap bor. Lekin, buni qarangki, sovuq sahroda quvonch ham ojiz qolarkan, ya’ni vujudni isitolmas ekan. Biz o‘zimiz uchun nihoyatda zarur bo‘lgan o‘sha haroratni tunda sahro bo‘ylab uzoqdan-uzoq tentiganimizdan so‘ng, tasodifan yo‘limizda uchragan cho‘ponning yolg‘iz o‘tovidan topdik. Ota-bobolarimiz bejiz, «jon olov, jonim olov», demaganlarini o‘tov o‘rtasidagi kattagina temir pechka yaqinidan joy olganimizdan so‘nggina ilk bor his qilganday bo‘ldik.
O‘tov tor bo‘lsa-da, mezbonlarning ko‘ngli keng ekan. Ular bizdan qaynoq choyini, shirin so‘zini ayamadilar. Qiziq tomoni, ichkarida do‘mbira, tashqarida esa bo‘rilar sas taratardi. Nima ham derdik, sahro sahro-da!
Ertasi Uchquduqqa qaytib, uning nomlanishiga asos bo‘lgan quduqlar bilan qiziqamiz. Ma’lumki, Uchquduq 1958 yili tashkil topgan kon shaharlaridan biridir. Shahar nomi joy nomidan olingan. Xo‘sh, o‘sha uchta quduq chindan ham mavjudmi? Agar mavjud bo‘lsa, ular hududning qayerida joylashgan? Biz joy tarixini yaxshi biladigan Safar Jabborov bilan quduqlar o‘rnini qidirishga tushamiz. Shahar va sanoat korxonalari taraqqiy etganidan so‘ng, tabiiyki, bu quduqlarga ehtiyoj qolmagan. Biror tirik jon yiqilib tushmasin, deb quduqlar ko‘milib, toshlardan belgi qoldirilgan ekan. Yillar o‘tib, toshlar ham ko‘milib ketganmi, quduq o‘rnini aniqlash bir oz qiyin kechmoqda edi.
Haytovur, quduqlarni topishga muyassar bo‘ldik. Safar buvaning ta’kidlashicha, shu maydonda qadimdan uchta quduq mavjud bo‘lib, ular chorvadorlar hamda sahrodan o‘tgan-ketgan karvonlarni obi hayot bilan ta’minlab turgan.
Endi ularning nomi shaharning bugungi navqiron qiyofasida qayta jonlanib, ma’no va mazmun kasb etgan.
Oqshom pallasi Uchquduq shahrini tark eta boshlaymiz.
Ekspeditsiya ishi juda qiziq-da. Kecha ayni shu payt bu bepoyon sahroning Tosho‘rmon hamda «O‘lik vodiy» hududlarida sovuqdan diydirab yurgan edik. Bugun esa kun iliq, zamonaviy tipdagi tekis va ravon yo‘ldan ketmoqdamiz. Kecha kimsasiz bu hudud, bu kenglikning biror yerida nochor qolib ketish ehtimoli xavf solib turardi. Bugun esa bu xavfdan asar ham yo‘q. Biz odamlar va shahar taftini yurakdan tuygan holda Qizilqumning ikkinchi durdonasi hisoblanmish Zarafshon shahriga intilardik.
Nurga g‘arq ko‘milgan Zarafshon o‘zining tungi jamolini ko‘z-ko‘z qilgan holda qarshiladi. Sahro qo‘ynida yog‘duga chulg‘anib, nurlanib turgan shahar. Bu shaharning tungi qiyofasi kunduzgisidan, kunduzgisi esa tungisidan go‘zal deyishadi. Bu shaharda go‘zallik raqobatlashadi. Tungi shahar jamoliga havas bilan tikilarkansiz, undan sal naridan hududsiz sahro boshlanishiga hech ishonging kelmaydi.
Ha, tungi Zarafshon sahro qo‘ynida yoqutdek tovlanib, jilvalanib turardi! Shaharni yerdan emas, ko‘kdan turib tasvirga olishni rejalashtirarkanmiz, bu ishni boshlashdan avval uning tevaragidagi qoya va toshlar yuzidagi qadimiy toshsuratlarni tasvirga muhrlashni niyat qilamiz. Sahroda toshbitiklar nima qiladi, deb o‘ylaysiz? Buni qarangki, sahroda ham toshsuratlar mavjud ekan.
Aslida biz sahro qo‘ynidagi toshsuratlarni qidirishni Sarmishsoy safari davridayoq ko‘ngilga tugib qo‘ygandik. Nega deganda, aksariyat kishilar toshbitiklarni tog‘li hududga xos holat deb o‘ylashadi. Axir, insoniyat faqat tog‘li hududda faoliyat yuritmagan-ku, uning izlarini o‘zga sarhadlardan, jumladan, sahro bag‘ridan ham qidirib ko‘rish mumkin emasmi?
Sarmishsoyga emas, balki Qizilqumga tegishli o‘ta noyob toshbitiklarni biz Zarafshon shahri tevaragidagi qoya va toshlar yuzida uchratdik. Ular toshlar yuziga o‘yib ishlangan. Vaqt o‘tishi bilan tosh yuzasidagi shakllar xira tortganini nazarda tutib, tasvirga olish oldidan chizgilar ustidan bo‘r yuritib chiqdik. Ertangi yomg‘irda bo‘r yuviladi, suratlar esa asl holida qolaveradi. Toshbitiklar ko‘z o‘ngimizda yuksak bir falsafani, ya’ni inson zakovatining buyukligini namoyish etadi. Qoya va toshlarga muhrlangan suratlarning shaklu shamoili Zarautsoy (Surxondaryo) darasining yoxud Nurota yaqinidagi Sarmishsoy chizgilariga o‘xshab ketsa-da, ularning har biri o‘ziga xos bo‘lib, alohida o‘rganishni taqozo etadi. Insoniyat qadimda ham faqat tiriklik g‘ami bilan cheklanib qolmagan, balki o‘zining mushohada eta olish qudratini namoyon etgan holda o‘z mulohaza va munosabatlarini, mavjud olamga nisbatan o‘z qarashi va kechinmalarini, hattoki mo‘jazgina orzu- o‘ylari va aqidalarini ham xayolot dunyosining yuksak parvozlariga esh tutgan holda bu chizgilarda, ya’nikim bitiklarda aks ettirib ketgan. Bu toshbitiklarni shunchaki tomosha qilishdan hech naf yo‘q, ularga aql ko‘zi va tasavvur eta olish tuyg‘usi bilan boqilsagina nimadir anglab, nimadir tushunganday bo‘lasiz.
* * *
Toshsuratlardan so‘ng Zarafshon shahri hamda unga yondosh sahro manzaralarini tasvirga olish niyatida «Navoiy tog‘-metallurgiya kombinati» qoshidagi aeroklub maydoniga kelamiz.
Baxtimizga o‘sha kuni uchish maydonida respublika birinchiligi uchun navbatdagi musobaqa o‘tkazilayotgan ekan. Biz ham osmondan sakrashga hozirlanayotgan parashyutchilar safiga borib qo‘shilamiz. Klub rahbari, sport ustasi va bir necha marta respublika mutlaq chempionligini qo‘lga kiritgan Doniyor Nurjonov bilan suhbatimiz tezgina qovusha qoldi. U maqsadimizni eshitgach, yigitlarning sakrashi oldidan shahar va uning tevaragi bo‘ylab parvoz etishimizga rozilik bildirdi.
Biroq qo‘shqanotli samolyotda ko‘kka parvoz etib, tasvirga olish biz o‘ylaganchalik oson emas ekan. Negaki, biz tasvirga olish ishlarini yuqorida parvoz etayotgan samolyotning ochiq eshigi orqaligina amalga oshirishimiz mumkin edi. Buni hisobga olgan yigitlar tasvirchimizga maxsus kamar taqadigan bo‘lishdi. Kamarning bir uchi samolyot bandiga mahkamlanganidan so‘ng, tasvirga olishni bemalol uddalash mumkin. Faqat qo‘ldagi kamera mahkam tutilsa bas, qolgan ishlar o‘z yo‘sinida ketaveradi.
Shunga qaramay, kamarning mahkamligini yana bir bor o‘zimizcha ko‘rikdan o‘tkazamiz. Havodan sakrashi lozim bo‘lgan birinchi guruh bilan samolyot tomon yuramiz. Bahonada yigitlarning parashyutda sakrashini ham bevosita kuzatadigan bo‘ldik. Samolyotga chiqayotgan yigitlarni zimdan kuzatamiz. Barining yuz-ko‘zida nim hayajon seziladi. Bu sakrash vahimasi emas, balki g‘oliblikka intilish hayajoni. Chunki bu yigitlarga qo‘rquv begona, hammasi naq lochinning o‘zi, qo‘yib bersang, qanot chiqarib uchgidek bari.
Yigitlarning hozirligini ko‘rib, ko‘ngil ekan-da, bizning ham parashyutga osilib yerga sakragimiz keladi. Biroq bu mumkin emas, biz faqat ularga hamroh bo‘lishimiz mumkin, xolos. Nihoyat, parvozga buyruq berildi. Samolyot gurillagancha ko‘kka intildi. Dastlab shahar bo‘ylab parvoz qila boshlaymiz. Sahro quchog‘idagi Zarafshon xuddi kaftdagidek ko‘zga tashlanib turibdi. Bir necha soatgina burun biz shaharga yondosh qumli hududdagi qoya va toshlar yuzidagi suratlarni tasvirga olgandik. Endi esa, mana, uning osmoni bo‘ylab parvoz qilmoqdamiz.
Shahar shu qadar did bilan tiklanganki, binolar, ko‘chalar va boshqa qator maishiy binolar bir-biriga mos va hamohang tushgan. Atigi yarim asr burun shahar o‘rni sahro izmida bo‘lib, unda qum bo‘ronlar quturganiga kishining hech ishongisi kelmaydi. Sahro endi bu hududga o‘z hukmini o‘tkazolmaydi. U inson zakovati va mehnatiga tan bergandek, nari chekingan, lekin ko‘pam uzoqlab ketmagan.
Sakrashga shay yigitlar esa, negadir betoqatlanishadi. To‘g‘ri-da, parashyutda ko‘kda qushday parvoz qilishning gashtiga nima yetsin, axir! Biz shaharni chirmab, tevaraklab turgan sahro bo‘ylab parvoz qila boshlaymiz. Sahro yerdangina emas, ko‘kdan ham sokin va go‘zal ko‘rinadi. Umuman olganda, sahro tabiatining o‘ziga xos go‘zal jihatlari nihoyatda bisyor. Faqat bu go‘zallik sahro sokinligi bilan uyg‘unlashib, sukunatga yo‘g‘rilgan ulug‘vor bir teranlik hamda sarhadsizlik kasb etgani bois, uning mahobati oldida gohida inson o‘zini ojizroq sezadi, xolos. Ammo siz sahroning ayni shu xususiyatini qalbga yaqinroq tutsangiz, beixtiyor uning shaydosiga aylanganingizni payqamay qolasiz. Keksalar bejiz, sahro o‘ziga shaydo qalbni asraydi, avaylaydi, demagan. Bu orada parashyutchi yigitlardan biri ochiq eshikka yaqinlashib, quyiga mo‘ralagancha, nimanidir chamalay boshlaydi. Sakrashdan oldin avvalo shamolning holati va tezligi hisobga olinarkan. Ana, birinchi yigit sakradi. Keyin uning izidan boshqalari ham sakray boshladi.
Bir zumda samolyot bo‘shab, ichkarida biz va ikki uchuvchidan bo‘lak hech kim qolmadi. Yigitlar esa xuddi burgutday osmon bag‘irlab, belgilangan marra sari suzib borishardi.
Birinchi guruhdagi yigitlar sakrab bo‘lganidan keyin samolyot navbatdagi guruhni olish uchun yerga qaytadi. Biz birinchilik uchun kurashayotgan yigitlarni xoli qoldirib, yana sahro qo‘yniga qaytish uchun ular bilan xayr-xo‘shlashib, yo‘l tadorigini ko‘ramiz.
* * *
Sahroning bag‘ri keng, yo‘li esa uzun deydilar.
Uning yo‘li shu qadar uzunki, hadeb yo‘l yuraverganingdanmi, gohida butun olam faqat yo‘ldan iboratdek tuyulib qoladi. Ekspeditsiya shu ketishida, rejaga ko‘ra, sahro dengizi — To‘dako‘lni qora tortgandi. Oldimizda esa to‘rt yuz kilometrga yaqin uzoqdan-uzoq masofa yastanib yotardi…
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 14-sonidan olindi.