Darhaqiqat, buyuk nemis shoiri Iohann Volfgang Gyote ta’riflagandek, “Shekspir bepoyon” — uning merosi, mana, to‘rt asrdirki dunyo xalqlarini o‘ziga rom qilib kelmoqda. Vatanimiz O‘zbekistonda ham Shekspir nomi, uning mashhur asarlari kitobxon hamda tomoshabinlar qalbidan chuqur joy olgan.
Yaqinda “Fan” nashriyoti Shekspir asarlarining shoir Jamol Kamol tarjimasidagi uch jildli “Saylanma”sini chop etdi. Nashrga akademik Baxtiyor Nazarov mas’ul muharrirlik qilgan, taniqli adabiyotshunos olim, professor Ibrohim Haqqulov mazmundor so‘zboshi yozgan. Birinchi jildga adibning “Qirol Lir”, “Hamlet”, “Makbet”, “Afinalik Timon”, ikkinchi jildga “Romeo va Juletta”, “Otello”, “Koriolan”, “Yuliy Sezar”, uchinchi jildga “Venetsiyalik savdogar”, “Qish ertagi”, “Qirol Genrix IV”, “Antoniy va Kleopatra” kabi komediya va fojealari kiritilgan.
Shekspir ijodidan tarjima qilish tajribasi haqida gapiradigan bo‘lsak, adibning “Hamlet” (“Hamlet”, 1600 — 1601) fojeasi dunyo tillariga eng ko‘p va xo‘p tarjima qilingan asar hisoblanadi. Masalan, XVIII — XX asrlar davomida rus tiliga yigirma bir (asardagi Hamlet monologi esa o‘ttiz uch) marotaba tarjima qilingan bo‘lsa, o‘tgan asrda o‘zbek tiliga uch marta o‘girildi. Birinchi tarjima Cho‘lpon (1934), ikkinchi tarjima M.Shayxzoda (1948) va uchunchi tarjima J.Kamol (1991) qalamiga mansubdir. Darhaqiqat, asarning eng ta’sirli qismi Hamlet monologidir. Hayotda behisob fisqu fujurlar bilan to‘qnash kelgan, borliq va inson haqidagi sof tushunchalarga zarba bergan achchiq haqiqat qarshisida esankiragan Hamlet oldida “yo hayot, yo mamot” masalasi ko‘ndalang turadi. Asliyatda “To be, or not to be: that is the question” satrlari bilan boshlanuvchi hayajonli monolog ruscha tarjimalarda: “Bыt ili ne bыt — takov vopros” (M. Vronchenko, 1829); “Bыt ili ne bыt? Vot v chem vopros!” (A.Kroneberg, 1844); “Bыt ili ne bыt — takov vopros” (M.Lozinskiy, 1933); “Bыt ili ne bыt: vot v chem vopros” (B. Pasternak, 1940) qabilida qariyb bir xil qolipda o‘girilgan bo‘lsa, o‘zbek tarjimonlari uni turlicha ko‘rinishda tarjima qilganlar. Monolog Cho‘lpon tarjimasida “Yo hayot, yo o‘lim, masala shunda”; M.Shayxzoda tarjimasida esa “Tirik qolmoq yo o‘lmoq? Shudir masala!” tarzida jaranglaydi. Jamol Kamol uni “Yo hayot, yo mamot: masala shundoq”, deb o‘girgan. Tarjimalarni asliyat bilan solishtirganimizda, Cho‘lpon tarjimasi ruschadagi M.Lozinskiy nusxasiga, M.Shayxzoda tarjimasi A.Kroneberg matniga yaqinligi oydinlashadi. Jamol Kamol tarjimasi esa asl nusxaga monand o‘girilgan ko‘rinadi. Hamlet monologining oxirgi uch misrasi asliyatda quyidagi ko‘rinishga ega:
… Soft you now!
The fair Ophelia! Nymphe, in thy orisons
Be all my sing remeniber’d.
Ushbu misralarning so‘zma-so‘z tarjimasi:
… Jim bo‘l!
Sohibjamol Ofeliya!
Nimfa, o‘z ibodatlaringda
Mening gunohlarimni ham eslagin.
Rus tarjimoni M.Lozinskiy yuqoridagi misralarni asliyatdan shunday tarjima qiladi:
… No tishe!
Ofeliya! — V tvoix molitvax, Nimfa,
Vse, chem ya greshen, pomyani.
Maqsud Shayxzoda bu misralarni o‘zbek tiliga quyidagicha o‘girgan:
… Endi bas, yetar!
Ofeliya! Quvonchim! Gunohlarimga —
O‘z duoingda kechirim tila, ey pari!
Jamol Kamol monologning bu misralarini bevosita ingliz tilidan quyidagicha tarjima qiladi:
Bas, kifoya! Ofeliya! Ey, go‘zal pari,
Bir osiyman, duoingda yod ayla meni.
Hamlet mahbubasi, sohibjamol Ofeliya qarshisida, unga qarata aytayotgan ushbu monologida o‘zining, odamlar o‘ylaganidek, telba emasligini isbotlamoqchi, bunga qallig‘ini ham ishontirmoqchi bo‘ladi. Uning purma’no otashin so‘zlarining mag‘zini chaqishga ojiz, falsafiy mushohadalarini telba odam so‘ziga yo‘yayotgan Ofeliyani sarosimadan qutqarmoq, tinchlantirmoq maqsadida Hamlet unga qarab: “Soft you now!” (“Jim bo‘l!”); “The fair Ophelia!” (“Sohibjamol Ofeliya!”); “Nymphe, in thy orisons / Be all my sing remeniber’d” (“Nimfa, o‘z ibodatlaringda mening gunohlarimga kechirim tilagin”), deya murojaat qilayapti. Asl nusxa matnida “Ophelia” va “Nymphe” ismlari yonma-yon kelayapti. Bu yerda Hamlet o‘z sevgilisi Ofeliyani qadim yunon mifologiyasidagi tangri Zevsning qizlari bo‘lmish Nimfa (“Sohibjamol, qalliq” ma’nosida — M.X.)lardan biriga mengzab, unga ilohiy go‘zallik va zukkolikni tilamoqda. Sababi, nimfalar, ya’ni sohibjamol go‘zallar tabiat qo‘ynida Apollon, Dionis va Artemida kabi oliyjanoblik timsoli bo‘lgan tangrilarga hamrohlik qilishgan. Rus tarjimonlari (M.Lozinskiy, B.Pasternak, M.Morozov) o‘z matnlarida “Nimfa” nomini saqlab qolishgan va tarjima so‘ngida unga sharh berib o‘tganlar. Afsus, keltirganimiz M.Shayxzoda va J.Kamol tarjimalarida bu nom tushirib qoldirilgan. Oqibat-da ikkala tarjima ham asliyatdan birmuncha uzoqlashgan.
Yoki “Otello” (“Othello”, 1604) fojeasidagi Otello monologi ilk satrlarining G‘afur G‘ulom va Jamol Kamol tarjimalaridagi ko‘rinishini qiyoslaylik. Monolog ingliz tilida quyidagi mazmunda jaranglaydi:
Soft you, a word or two before you go.
I have done the state some service,
and they know“t.
No more of that…
G‘afur G‘ulom yuqoridagi misrani asarning ruscha M. Lozinskiy tarjimasidan quyidagicha o‘girgan:
Ozgina to‘xtang.
Ketar ekan, ikki og‘iz so‘zim bor xolos.
Venetsiyaga xizmat qildim —
hamma biladi.
Bu to‘g‘rida shu kifoya.
Jamol Kamol esa uni bevosita inglizchadan tarjima qilarkan, asliyat mazmuni va ruhini to‘laroq ifodalashga intilgan:
Jindek sabr qilinglar.
Ikki og‘iz so‘z aytaman ketish oldidan.
Yurtga bir oz xizmat qildim,
bu endi ma’lum,
Balki aytish shart emasdir.
Biz bu yerda sharq va g‘arb she’riyatining bilimdoni, alloma shoir G‘afur G‘ulom tarjimasini aslo kamsitmoqchi emasmiz. Shoir o‘z tarjimasini ruschadagi M.Lozinskiy variantiga yaqinlashtirishga uringan. Tarjimashunoslarning ta’kidlashicha, M.Lozinskiy tarjimasi asarning mavjud ruscha tarjimalari orasida asliyatga eng yaqini hisoblanadi. Jamol Kamol bo‘lsa o‘z tarjimasini bevosita asliyatdan amalga oshirayapti. Shu bois, uning tarjimasida asliyat mazmuni aniqroq ifodalangan.
Shekspirning yana bir shoh asari “Romeo va Juletta” (“Romeo and Juliet”,1597) fojeasidir. Uni rus tiliga turli davrda T.Shchepkina-Kupernik va B.Pasternak tarjima qilgan. Har ikkala tarjima hozirga qadar peshma-pesh nashr qilinib, teatrlarda o‘ynalib kelinadi. Fojeani o‘zbek tiliga 1949 yilda Maqsud Shayxzoda, oradan qariyb oltmish yil o‘tib Jamol Kamol tarjima qilishdi. Shayxzoda asarni ruschadagi B.Pasternak variantidan o‘zbekchalashtirgan, tarjima jarayonida Ja’far Jabborlining ozarbayjoncha tarjimasidan ham foydalangan, deyishadi munaqqidlar. Tarjima muvafaqqiyatli chiqqan bo‘lsa-da, sahnada u “Otello” va “Hamlet” kabi shuhrat qozonolmadi. Teatrshunos M.Rahmonov va T.Silmilshteynning ta’kidlashicha, rejissyor asar “g‘oyasi va uslubini yaxlitlikda bera olmagan edi”. Yaxshisi, yuqoridagi fikrlarning nechog‘li haqiqatga yaqinligini tarjimalarni asl nusxa matni bilan solishtirib kuzataylik. Masalan, fojea yakunida Verona hokimi, shahzoda Eskal (Escalus, Prince of Verona — Eskalus [lotincha], Verona shahzodasi — M.X.)ning yakuniy so‘zi asliyatda shunday jaranglaydi:
Prince
A glooming peace this morning
with it brings.
The sun for sorrow will not show his head.
Go hence, to have were talk
of these sad things.
Some shall be pardoned,
and some punished.
For never was a story of more woe
Than this of Juliet and her Romeo.
[The tomb is closed] Exeunt.
Endi, yuqoridagi misralarni B.Pasternak tarjimasida keltirib o‘tamiz:
Knyaz
Sblijene vashe sumrakom ob’yata
Skvoz tolщu tuch ne kajet solntse glaz.
Poydem, obsudim soobщa utratы
I obvinim ili opravdayem vas.
No povest o Romeo i Djulette
Ostanetsya pechalneyshey na svete.
Uxodyat.
Maqsud Shayxzoda bu misralarni quyidagicha o‘girgan:
Bek
Hammangizga tong keltirdi motamsaro sulh,
Hatto qalqmoq istamaydi alamli quyosh.
Yuring, hali kengash qurib o‘ylamoq kerak —
Kimga — bizdan iltifotu kimlarga jazo!
Romeo va Julettaning qissasidan ham,
G‘amli qissa ko‘rgan emas tarixda olam!
Ketadilar.
Jamol Kamol shahzoda nutqini asliyatdan bunday tarjima qilgan:
Bek
Shuning bilan tong keltirdi g‘amgin osoyish,
G‘amdan boshin ko‘tarolmay, qiynalar quyosh.
Yuring, gaplashaylik yana, etaylik tayin,
Kimni kechiramiz, kimga bergaymiz jazo.
Romeo va Julettaning ishqidek, evoh,
Qayg‘uli bir muhabbatni ko‘rmamish dunyo!
Ketishadi.
Shekspir o‘z komediya, tragediya va xronikalarini qofiyali va qofiyasiz-oq she’r shaklida bitgan. Har ikki holatda ham uning misralari ravon va ohangdor o‘qiladi. Hatto adib zamondoshi, dramaturg Robert Grin uning bu boradagi muvafaqqiyatiga rashk qilsa-da, tan olgani manbalardan bizga ma’lum. Misol keltirganimiz yuqoridagi misralar asliyatda ab ab aa ko‘rinishida qofiyalanib kelinayapti. Misralardagi qofiyalar holati ruscha tarjimalarda ham asliyatga monand saqlangan. Maqsud Shayxzoda tarjimasida faqat oxirgi ikki misrada qofiya aa tarzida ruscha va asliyat matniga vobasta kelayapti. Jamol Kamol tarjimasida faqat oq she’r rusumini ishlatib, qofiyalarni chetlab o‘tgani ko‘rinib turibdi.
Fojea so‘nggidagi, Romeo va Juletta jasadi qo‘yilgan dahma ichida shahzoda Eskal Montekki va Kapuletti xonadonini yarashtirarkan, motamsaro nutqining dastlabki ikki misrasi asliyatda shunday:
A glooming peace this morning
with it brings.
The sun for sorrow will not show his head.
Uning so‘zma-so‘z tarjimasi ma’nosi quyidagicha:
Bu tong o‘zi bilan olib keldi
motamsaro sulh,
Hatto g‘amdan quyosh boshin ko‘tarolmas.
Bu misralar Maqsud Shayxzoda tarjimasida asliyatga yaqinroq ko‘rinadi:
Hammangizga tong keltirdi
motamsaro sulh,
Hatto qalqmoq istamaydi alamli quyosh.
Sababi, Shayxzoda bevosita asliyatdan o‘girilgan ozarbayjoncha tarjimadan ham mohirona foydalangani ko‘rinib turibdi. Masalan, ruscha tarjimadagi asliyatga yot “Skvoz tolщu tuch” iborasini tarjimada tushirib qoldirayotgani ham bunga misol. Jamol Kamol tarjimasida esa, ikkinchi misra inglizcha matnga monand jaranglaydi.
Shuning bilan tong keltirdi g‘amgin osoyish,
G‘amdan boshin ko‘tarolmay, qiynalar quyosh.
Endi, shahzoda Eskal nutqidagi oxirgi ikki misraning tarjimalarini asliyat bilan solishtirib ko‘raylik. Bu yerda rus tarjimonlari ham, o‘zbek tarjimonlari ham so‘z va iboralarning asliyatdagi ma’nolarini to‘liq anglab yetmaganlar nazarimizda. Misralarning asliyatdagi ko‘rinishiga yana bir bor e’tibor beraylik:
For never was a story of more woe
Than this of Juliet and her Romeo.
Bu misralarni so‘zma-so‘z shunday tarjima qilish mumkin:
Juletta va uning Romeosi qissasidan
Qayg‘ulirog‘ini ko‘rgan emas bu olam.
Shekspir fojeani “Romeo va Juletta” deb nomlagani bilan sinchkov kitobxon butun asar davomida Julettaning Romeoga nisbatan faolroq harakat qilganini, muhabbatini himoya etishda doimo tashabbuskor bo‘lganini osongina fahmlab oladi. Shuningdek, voqealar davomida Juletta Romeoga qaraganda sidqidildan harakat qiladi, aqlan birmuncha pesh ekanligini ham namoyon qila boradi. Shu bois, muallif so‘nggi misrada, ko‘rib turganimiz “Than this of Juliet and her Romeo” (“Juletta va uning Romeosi qissasidan”) qabilida qahramoni Julettaning ismini oldingi o‘ringa olib chiqadi. Shunday ekan, ruschadagi B.Pasternak, o‘zbekchadagi M.Shayxzoda va J.Kamol tarjimalarida ham asl nusxa mazmuni to‘liq ifoda etilmagan, deyishga haqlimiz.
Yuqoridagi misralardan so‘ng, asliyatda: “The tomb is closed. Exeunt” (“Dahmaning qopqog‘i yopiladi. Ketishadi.”), deyiladi. Bu gap ham tarjimonlar nazaridan chetda qolgan. Vaholanki, motamga yig‘ilganlar voqea nihoyasida Romeo va Juletta jasadi qo‘yilgan “dahmaning qopqog‘ini yopib”, so‘ngra “ketishadi”.
To‘g‘ri, she’riy asarni bir tildan ikkinchisiga tarjima qilib bo‘lmaydi, she’riy tarjimada tarjimon muallifning raqibiga aylanmog‘i kerak, degan fikrlar bor. Bu degani, tarjimonning she’riy asarni o‘girish jarayonida tomomila erkin bo‘lib, asl nusxa matnidagi muhim so‘z va iboralarni tashlab ketaverishi mumkin, degani emas, albatta.
Yana bir masala. Hozirga qadar Shekspir asarlarining tilimizdagi nashrlarida uning ism-sharifi “Vilyam Shekspir” tarzida transliteratsiya, ya’ni harflar miqdori va nomiga monand yozilib kelinadi. Bu, albatta, o‘tgan asrning birinchi yarimida adib asarlarining ruscha tarjimalari va nashrlaridan tilimizga ko‘chib o‘tgan edi. Vaholanki, Shekspir asarlarining 1957 — 1960 yillarda chop etilgan “To‘la asarlar to‘plami”dan boshlab rus tilida dramaturgning ism-sharifi talaffuzda, ya’ni transkriptsiyada “Uilyam Shekspir” tarzida asli(William Shakespeare)ga monand to‘g‘ri qo‘llanila boshlandi. Afsuski, o‘zbek tilidagi 1981 — 1985 yillar nashr qilingan Shekspir “Tanlangan asarlar”ida ham, 1991 yilda bosilib chiqqan “Otello” kitobida ham, nihoyat qo‘limizdagi uch jildli “Saylanma”da ham muallifning ism-sharifi “Vilyam Shekspir” holida o‘zgarmasdan qoldi.
Shekspir dramalarining Jamol Kamol tarjimasida nashr etilgan uch jildlik “Saylanma”si haqiqatan ham katta voqeadir. “Saylanma”ning kitobxon ahliga manzur bo‘lishiga aminmiz. Unga yozilgan so‘zboshi ham Shekspir merosining g‘arb va sharq mumtoz adabiyotida tutgan o‘rnini chuqur tahlil qilib bergan tadqiqot sifatida o‘qiladi. Bizningcha, “Saylanma”ning har bir jildi so‘nggida piyesalarning yozilish tarixi, mazmuni, tushunish qiyin bo‘lgan so‘z va iboralar sharhi bitilgan ilova berilganda, jildlar illyustratsiyalar bilan bezatilganda o‘quvchiga yanada manzur bo‘lardi.
Cho‘lpon bilan Jamol Kamol tarjimalari o‘rtasida qariyb oltmish yil, G‘afur G‘ulom, Maqsud Shayxzoda va Jamol Kamol tarjimalari orasida esa ellik yillik vaqt chegarasi yotibdi. Tarjimalarni baholaganimizda bu “chegarani” hisobga olmog‘imiz zarur. Vaqt o‘tgan sari Shekspirdan yangi-yangi tarjimalar bunyodga keladi. Shekspirning o‘zi ham o‘zbek kitobxoni va tomoshabiniga yanada yaqinroq, yanada qadrdonroq bo‘la boradi. Shekspirning bepoyonligi ham shundadir. Jamol Kamol tarjimalarining yangi nashri ham shu yo‘ldagi yana bir qutlug‘ qadam bo‘lib qoladi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 9-sonidan olindi.