Yaqinda bir tanishimning “Boburnoma”dagi ba’zi ifoda yoki jumlani tushunmasam, asarning Salye tomonidan rus tiliga o‘girilgan nashriga murojaat qilaman” deganini eshitib qoldim. Bu menga g‘alati tuyuldi, to‘g‘risi, og‘ir botdi: o‘z tilimizda yozilgan buyuk asarni, garchi ayrim ifoda va jumlalarini bo‘lsa-da, boshqa tilga tarjimasi orqali tushunsak! Shu bahona bo‘ldiyu, asarni tarjimasi bilan biroz solishtirdim va tanishimdan bejiz koyinganimni tushundim. Chunki “Boburnoma”da har qanday bilimdon mutaxassisni ham o‘ylantirib qo‘yadigan jihatlar anchagina ekan. Birgina Andijon ta’rifi bilan bog‘liq tafsilotlar misolida bunga iqror bo‘lish mumkin. Solishtirish asnosida tug‘ilgan mulohazalarimni qog‘ozga tushirishga ahd qildim.
“Boburnoma” boshlanishidagi “Tengri taoloning inoyati bilan va hazrati on Sarvari koinotning shafoati bilan va chahoryori bosafolarning himmati bilan seshanba kuni, ramazon oyining beshida, tarix sekkiz yuz to‘qson to‘qquzda Farg‘ona viloyatida o‘n ikki yoshta podshoh bo‘ldum” jumlasi shunday berilgan: “Vo imya Allaxa milostivogo, miloserdnogo!
V mesyatse ramazane goda vosemsot devyanosto devyatogo ya stal gosudarem oblasti Ferganы na dvenadtsatom godu jizni”.
Tarjimada jumlaning “ramazon oyining beshida…”gacha bo‘lgan qismi tashlab ketilgan. Asar tarjimasining 1993 yilgi qayta nashrida diniy ifodalarni qo‘llash uchun to‘siq bo‘lgan mafkuraviy tazyiqlar allaqachon barham topgan edi. Binobarin, qayta ishlanib, tahrir qilingan bu nashrda avval tashlab ketilgan ifodalar aks etishi kerak edi. Ular shunchaki an’anaviy boshlanish bo‘lib qolmay, muallif dunyoqarashi, e’tiqodining in’ikosi hamdir. “Tengri taoloning inoyati” deyish bilan tom musulmonlarga xos barcha yaxshi va yomonliklar Olloh taolodan ekanligiga iqror bo‘lish, “hazrati on Sarvari koinotning shafoati”ni ta’kidlash bilan ayrim buzuq toifalar singari payg‘ambarimiz (s.a.v)ning shafoat haqini inkor qiluvchilardan emas, balki Yaratgan tomonidan rasuli akramga berilgan bu imtiyoz ne’matiga, ilohiy iznga dildan ishonuvchi hidoyatdagi musulmon ekanligi, “chahoryori bosafolarning himmati” iborasi shialar kabi o‘n ikki imomga emas, balki sunniy bo‘lganligi uchun to‘rt choryorlarga ergashishi ta’kidlangan. Shayboniyxonga qarshi shia mazhabdagi Ismoil Safaviy bilan tuzgan siyosiy va harbiy bitimi tufayli o‘z vaqtida mazhabfurushlikda ayblangan Boburning bu ta’kidi o‘ziga xos oqlov hamda ta’nalardan himoyalanish ham edi. “Seshanba kuni” ham bejiz esga olinmagan. Chunki musulmon Sharqida insonning qaysi kunda tug‘ilganiga ham diqqat qilinadi, tavallud kunining kishi taqdiriga ta’sir etishiga ishoniladi: tarix buning ko‘p guvohi bo‘lgan. Bulardan bexabar Ovrupo kishisi, ayni paytda, diniy bilimlari bo‘lmagan, “Boburnoma”ni rus tilida o‘qiydigan yurtdoshlarimiz uchun muqaddima satrlarning to‘liq o‘girilishi shart deb bilamiz.
Boburning bayon uslubi mazmunni boshqa tillarda berishda ehtiyotkor bo‘lishni talab etadi. Olaylik, “Muxtasar viloyattur, oshlig‘ va mevasi farovon. Girdo-girdi tog‘ voqi’ bo‘lubtur. G‘arbi tarafidakim, Samarqand va Xo‘jand bo‘lg‘ay, tog‘ yo‘qtur. Ushbu jonibtin o‘zga hech jonibtin qish yog‘iy kela olmas” jumlalari quyidagicha tarjima qilingan: “Fergana – nebolshaya oblast, xleba i plodov tam mnogo. Vokrug Ferganы naxodyatsya gorы; s zapadnoy okrainы, gde Samarkand i Xodjend, gor net; zimoy ni s kakoy storonы, krome etoy, vrag ne mojet proyti”.
Tarjimadagi ikki bor qo‘llangan “Fergana” so‘zi asl matnda yo‘q. Umuman, Andijon ta’rifigacha Bobur “Farg‘ona” so‘zini ikki bor qo‘llagan bo‘lsa, Salye olti bor ishlatgan. Bu adibga xos bo‘lgan so‘zga xarislik, ifodadagi lo‘ndalik fazilatiga futur yetkazgan. Nazarimizda, bundan qochish mumkin edi: “Oblast nebolshaya, xleba i plodov mnogo. Vokrug naxodyatsya gorы” tarzida bersa bo‘lar edi-ku. Bizningcha, iqtibosning oxiridagi “kela olmas” fe’lining “ne mojet proyti”(o‘ta olmas) tarzida berilishi o‘rinli emas. Bu e’tiroz so‘zma-so‘z tarjimadagi mos kelmaslik tufayligina emas. Birinchidan, “bundan boshqa yoqdan o‘ta olmas” ma’nosini qo‘llash uchun tog‘ yoki o‘rmon, suv kabi tabiiy yoxud boshqa xil to‘siqlarni yengib o‘ta olishni muallif nazarda tutgan bo‘lishi kerak edi. Bu yerda esa, Farg‘onaning Samarqand va Xo‘jand tomoni tekislik, qishda ham harakatlanishga qulayligiga ishora qilingan. Ikkinchidan, Bobur qaysi hudud, viloyat va shahar to‘g‘risida fikr yuritsa, uni chetdan emas, ayni paytda xuddi uning o‘ramida, uning ichida turgan kabi ta’riflaydi. Birgina misol: Kandibodomni(hozirgi Konibodom) tasvirlab turib, “Hamisha bu dashtta yel bordur. Marg‘inong‘akim, sharqidur, hamisha mundin yel borur”, deydi. Bobur “hamisha u yerdin” emas, go‘yo Konibodomda turgandek, “mundin” (bu yerdan) deb yozadi. Holbuki, muallif bu satrlarni yozayotganda vatandan ancha uzoqlarda edi. Ma’lumki, kishi biror yerda tursa, u yerga yaqinlashayotganlarga nisbatan “kelmoq” (keldi, kelayapti) fe’lini qo‘llaydi. Shu bois zikr etilgan parchada (uni qayerda bitgan bo‘lsa ham) go‘yo Farg‘onada turgan kabi “yog‘iy kela olmas” deydi. Bu joyda “proyti” emas, balki “podstupitsya” so‘zini qo‘llash durust bo‘larmidi? Shu nuqtai nazardan tarjima matnidagi “tam” (u yerda) ortiqcha, to‘g‘rirog‘i, noo‘rin qo‘llangan. Agar bunda ravish qo‘llash zarur bo‘lsa, “zdes” so‘zi o‘rinli bo‘lardi.
“…dыni i vinograd xoroshi; vo vremya sozrevaniya dыn (iz-za obiliya) ne v obыchaye prodavat ix s baxchi, grush luchshe andidjanskix ne bыvayet” satrlarini o‘qigan odam hosil mo‘lligidan polizdan qovun sotilmaydi deb tushunadi. Aslida Bobur “qovun mahali poliz boshida qovun sotmoq rasm emas” der ekan, shu yaqin yillargacha davom etib kelgan udum – dehqonlarimizning hosil cho‘g‘i qanday bo‘lishidan, ko‘p yo oz yetishtirilishidan qat’i nazar, qovunni xuddi bozordagi kabi polizda donalab sotishdan or va irim qilishlarini nazarda tutgan edi. Poliz boshida yo ushur berilgan yoki xudo yo‘lida ehson etilgan yoxud o‘zbekona jo‘mardlik bilan kelgan odam qovun so‘yilib, mehmon qilingan, siylangan. Bizningcha, qavsdagi “iz-za obiliya” o‘rniga shu sahifa ostiga (ya’ni havolada) o‘zbek dehqonlarining mazkur tanti udumini kengroq izohda berish ma’qul bo‘lardi. Shuningdek, “Andijonning noshpotisidin yaxshiroq noshpoti bo‘lmas” gapidagi “noshpoti”ni (hozirda nashvati) “grush” deb emas, balki nokning Andijonda yaxshi bo‘ladigan turi ekanligidan kelib chiqib, uni atama sifatida tarjima qilmay qo‘llash to‘g‘ri bo‘lar edi deb o‘ylaymiz. Hozirda ham Andijonda kattayu-kichik nashvatini nokning boshqa navlaridan farqlab gapiradi. Mashhur rus biologi, taniqli selektsioner olim P.M.Jukovskiyning “Madaniy o‘simliklar va ularning turdoshlari” nomli dunyo e’tirof etgan kitobida ham “nashvati” tarjima qilinmay, ya’ni “grusha” deyilmay, rus tilida ham “nash-puti” deb berilgan. Qolaversa, Bobur Kobul viloyati haqida gapira turib, “Kobul va kentlarida sardseriy mevalardin uzum va anor va o‘ruk va olma va bihi va amrud va shaftolu va olu va sanjid va bodom va yang‘oq ko‘ptur” der ekan, nokning boshqa yovvoyi turi — “amrud”(olmurut)ni o‘z nomi bilan qayd etgan.
“Elining lafzi qalam bila rosttur. Ani uchunkim, Mir Alisher Navoiyning musannafoti, bovujudkim Hirida nash’u namo topibtur, bu til biladur” gaplarining o‘girmasida tarjimonning matndan ancha chetlashganligi ko‘zga tashlanadi: “Govor naroda sxoden s literaturnыm; sochineniya Mir Alishera Navai, xotya on vыros i vospitыvalsya v Gerate, (napisanы) na etom yazыke”. “Nash’u namo” lug‘atda unib-o‘sish degani. Tarjimon shundan kelib chiqib uni Alisher Navoiyga nisbatan tushungan. Aslida u “topmoq” so‘zi bilan birga (ya’ni nash’u namo topmoq shaklida) yuksak e’tirof topmoq, shuhrat qozonmoq ma’nosida ishlatiladi. Navoiyning Hirotda yaratilib, shuhrat qozongan asarlari bu til bilan (Andijon shevasida) yozilganligi tarjimonning birikmani yaxlit olish lozimligiga diqqat qaratmaganligidan “xotya on vыros i vospitыvalsya v Gerate, (napisanы) na etom yazыke” tarzida berilishiga sabab bo‘lgan. Muharrir Sabohat Azimjonovadek bilimdon olima tahrirda ko‘zdan qochirganligi tufayli nashrda bu xato o‘tib ketgan.
“Elining orasida husni xeyli bordur. Xoja Yusufkim musiqida mashhurdur, Andijoniydur” jumlalarining tarjimasi ham islohtalab: “Sredi jiteley Andidjana mnogo krasavtsev; Xodja Yusuf, kotorыy izvesten v muzыke, andidjanets”. Matndagi “husni xeyli bor” birikmasi “mnogo krasavtsev” deb o‘girilgan. Lug‘atlarda “husn” go‘zallik, chiroy, “xeyli” ancha, juda deb izohlanganligi uchun tarjimon birikmani “go‘zallik ancha bor” deb tushungan. Boburning Andijonda chiroyli odamlar ko‘p deb yozishi mumkin emasligini har bir o‘zbek kishisi biladi, his qiladi. Negaki, go‘zallik tufayli ayollargina maqtalgan. Bobur yashagan davrda esa ayollarning faqat yuzi emas, ovozi ham satri avrat qilinardi. Qolaversa, hamiyatli bir erkak o‘z xonadonidagi ayollarning go‘zalligi to‘g‘risida gapirib yurmaganidek, Bobur ham o‘z yurti ayollarining husni jamolini “Boburnoma”dek jiddiy asarda bozorga solmasdi. Erkaklar chiroyi hech mahal maqtaladigan fazilat bo‘lmagan. Shuning uchun hech bir asarda falon joy erlari chiroyli degan ta’rifga duch kelmaymiz. Xo‘sh, unda muallif bu ibora bilan nima demoqchi?
1960 yilgi nashrda Porso Shamsiyev domla bu iborani “husn xili bor” deb o‘qigan ekan. Unda, umuman, ma’no chiqarish qiyin bo‘lib qoladi. Men arab yozuvida “xili”, “xeyli”, “xayli” so‘zlarining bir xil yozilishidan kelib chiqib, aslida “husn xayli” emasmikan degan fikrga bordim. Husn “go‘zallik” ma’nosini beradi, go‘zallik esa san’at so‘zining ma’nodoshi. Xayl “ahl” ma’nosida keladi. Shundan kelib chiqib, “husn xayli”ni san’at ahli deb qabul qilish mumkin. Keyingi mashhur musiqashunos Xoja Yusuf haqidagi fikr ham bunga mos keladi. Bu haqda Andijon davlat universiteti sharqshunos domlalari Nishonboy aka Soliboyev va Shuhratbek Qahhorov bilan fikrlashdik. Ma’no men o‘ylaganimga yaqin bo‘lib chiqdi. Ammo yozuvdagi ifodasiga aniqlik kiritildi: birikma forsiy izofa bo‘lib, “husni xayli” tarzida yozilishi kerak ekan.
“Havosining ufunati bor. Kuzlar el bezgak ko‘p bo‘lur” jumlalari ustida ham biroz o‘ylashga to‘g‘ri keladi. Salye domla “V vozduxe Andidjana yest gnilostnost, osenyu mnogiye boleyut lixoradkoy” deya o‘girgan. Lug‘atlarda, jumladan, “Navoiy asarlari lug‘ati”da “ufunat” “sassiqlik, badbo‘ylik” ma’nosini berishi ko‘rsatilgan. Shu bois darsliklarda “Boburnoma”dan olingan parchalar uchun berilgan lug‘atlarda bu so‘z aynan shunday izohlanadi. “Boburnoma”ni mazkur lug‘atga tayanib o‘qigan odam u paytlari (balki hozirda ham) Andijonning havosi sassiq, badbo‘y bo‘lgan ekan-da, deb o‘ylaydi. Biz lug‘atlarga murojaat etganimizda “ufunat”ga o‘zakdosh bo‘lgan “afinun”ning ruscha tarjimasi bo‘lmish “gniloy” so‘zining o‘zbekchada “sernam”, “rutubatli” ma’nolari ham borligi e’tiborimizni tortdi. Xo‘sh, Bobur mirzo ufunat deganda sassiqlik, badbo‘ylikni nazarda tutganmi yoki sernamlik, rutubatnimi? Bu borada bir fikrga kelish uchun asardagi tafsilotlar bilan bog‘liq ba’zi jihatlarga to‘xtalishga to‘g‘ri keladi.
Muallif Farg‘ona viloyati to‘g‘risida gapira turib, “Etti pora qasabasi bor” deb yozadi. Qasaba lug‘atlarda va ularga suyanilgan adabiyotlarda shaharcha, shahar deb izohlangan. Shu bois aksar kitobxonlar Andijon, O‘sh, Isfara kabi qasabalar haqida gapirilganda shaharlarnigina tushunadilar. Aslida esa, Bobur markazi shu shaharlar bo‘lgan ma’muriy-hududiy bo‘linishlarni nazarda tutgan. Uzoq-yaqin aholi bozor-o‘char kabi iqtisodiy, ilm olish kabi madaniy-ma’rifiy ehtiyojlarini qondirish uchun tilga olingan shaharlarga kelishgan. Jumladagi “pora” so‘zi bo‘lak, qism ma’nolarini anglatadiki, qasaba bu so‘z bilan birgalikda matnda ma’muriy hudud ma’nosiga to‘g‘ri kelishi bilinib turibdi. Har bir hudud (qasaba) aholi yashaydigan qishloq, ovullar, kimsa yashamaydigan to‘qay, chakalakzorlar, tog‘lik va tekisliklarni o‘z ichiga olgan. Andijon tasviridagi “qovun mahali poliz boshida qovun sotmoq rasm emas”, Marg‘ilon to‘g‘risidagi “purne’mat: anori va o‘rugi asru xo‘b bo‘lur. Bir jins anor bo‘lur, “donakalon” derlar, chuchuklugida zardolu mayxushlugidin andak choshni bor”, Xo‘jand haqidagi “mevasi farovon va bisyor yaxshi bo‘lur” kabi jumlalar qishloq va ovullar tavsifi bo‘lsa; “ovi qushi dog‘i ko‘p bo‘lur, qirg‘ovuli behad semiz bo‘lur”, “oq kiyik yovuqta topilur” kabi tafsilotlar changalzor, to‘qaylarga tegishli. Boburning “Sohibi “Hidoya” Marg‘inonning Rushdon otliq kentidindur” deb yozishidan Burhoniddin Marg‘inoniyning ota yurti Rushdon (hozirgi Rishton tumani) ham Marg‘ilon qasabasiga tegishli bo‘lganligini bilishimiz mumkin. Andijon qasabasi hozirgi Asaka, Andijon tumanlaridan Baliqchi, Paxtaobod tumanlarigacha bo‘lgan yerlarni o‘z ichiga olgan. Asosan Qoradaryo va qisman Norin daryosi atrofidagi bu hududda o‘sha davrlarda ko‘plab aholi punktlari bo‘lishi bilan birga, ovloq to‘qaylar, ularga yondosh botqoqliklar talaygina joylarni egallagan. Kattagina bu ikki daryo, ular ta’sirida shakllangan har yer-har yerdagi jajji suv havzalari, botqoqliklar tufayli qasabaning aksariyat qismi havosida namgarchilik – ufunat yuqori bo‘lgan. “Kuzlar el bezgak ko‘p bo‘l”ishining sababi ham shundan ekanligi ma’lum bo‘ladi. Demak, “havosining ufunati bor” jumlasi Andijon qasabasining sassiqligi, badbo‘yligini emas, balki sernam, rutubati borligini anglatadi desak, xato bo‘lmaydi. Bunga yana bir dalil shuki, muallif Xo‘jand tabiati haqida ham shunday yozadi: “Havosi bisyor mutaaffindur, kuzlar bezgak ko‘p bo‘lur. Andoq rivoyat qildilarkim, chupchuq bezgak bo‘lg‘ondur. Derlarkim, havosining taaffuni shimoldag‘i tog‘ jihatidindur”. Parchadagi “mutaaffin”, “taaffun” so‘zlari “ufunat” bilan o‘zakdosh va matnda bir ma’noni ifodalagani uchun Salye ularni ham “gnilostnost” deb o‘girgan. Yana havodagi ufunat bilan bezgakni qayd etmoqda. Bunga sabab qilib esa shimoldagi tog‘ deb izohlanmoqda. Ma’lumki, biror joyning havosi tog‘ tufayli sassiq, badbo‘y bo‘lmaydi, balki uning ta’sirida namgarchilik yuqori bo‘lishi mumkin.
Maqolamiz minba’d tarjima haqida tanqidni o‘z oldiga maqsad qilmagan. Faqat u bahonasida “Boburnoma” hali to‘la o‘zlashtirilmagan ma’naviy boylik sifatida turganligini yanada his etdik. Shu o‘rinda “Boburnoma”ni birinchi marta rus tiliga o‘girgan, bu bilan xalqimizning faxri bo‘lmish mazkur asarning dunyoga targ‘ib qilinishiga katta hissa qo‘shgan zahmatkash tarjimon, bilimdon olim va yetuk sharqshunos marhum M.A.Salyeni minnatdorlik bilan, uning fidokorona mehnatini tahsinlar bilan yodga olamiz. Ayni paytda tarjimonning xayrli bu ishini davom ettirish, mukammallashtirish, yangilash payti kelganligini ham aytmoqchimiz. Buning uchun, avvalo, olimlarimizdan asar ustida fundamental tadqiqotlar, tekstologik izlanishlar olib borish talab etiladi. Asardagi har bir jumla, zarur hollarda, har bir so‘z ustida jiddiy mulohaza yuritib, bu ulkan adabiy obidani bor bo‘yi, mazmun-mohiyati bilan idrok etishishimiz kerak. Agar Andijondagi xalqaro Bobur jamg‘armasida saqlanayotgan “Boburnoma”ning XV asrda ko‘chirilgan mo‘tabar nusxasi faksimilesi ommaviy nashr qilinsa, respublikamiz adabiyotshunos va matnshunos olimlari uchun katta turtki va ko‘mak bo‘lur edi. Aynan o‘zimizdagi “Boburnoma”ni anglash, tushunish va tushuntirishdagi yutuqlar asarning boshqa tillarga tarjimalarida aks etishi zarur. Lekin hammasidan oldin “Boburnoma” va u kabi o‘zbek ma’naviyati qomusiga aylangan asarlarni xalqimiz, xususan, yoshlar orasida keng targ‘ib qilmog‘imiz, ularning ommaviy mutolaa qilinishiga erishmog‘imiz kerak, toki adib ta’biri bilan aytganda, “elining orasida husni xayli bor” millat sifatidagi e’tirofimiz zavol topmasin, balki ortsin, yuksalsin.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2008 yil 11-sonidan olindi.