XX asrning 30 — 50-yillarida, sobiq SSSRning barcha jumhuriyatlarida bo‘lgani kabi, O‘zbekistonda ham sovetlarning katta terror siyosati oqibatida bir qancha taniqli davlat va jamoat arboblari, fan, madaniyat va adabiyot namoyondalari begunoh qatag‘on-qirg‘in qilingan edilar. Ular safida boshqa millatga mansub kishilar ham bor edi. O‘zbekistondagi rus yozuvchilaridan Boris Cheprunov shulardan biri edi.
Boris Cheprunov 1891 yil 25 yanvarda Xorazm vohasining Ko‘hna Urganch shahrida tug‘iladi. Uning otasi O‘rta Osiyo rus imperiyasi tomonidan bosib olingandan keyin mustamlakachi hukumatning kolonial siyosati oqibatida bu yerlarga Rossiyadan majburan ko‘chirib keltirilgan rus krepostnoy dehqonlaridan edi. Boris kichikligidanoq otaonasi yashab turgan yerdagi o‘zbek, turkman bolalari bilan birga o‘ynabo‘sib, ularning otaonalaridan hikoya, ertak va afsonalarni eshitib, birga inoqlashib ketadi; mahalliy xalq tarixi, tili va urf-odatlariga bo‘lgan muhabbati tobora orta boradi. 1905 yili, otasi vafotidan keyin, endigina 14-15 yoshga kirgan yosh Borisga ishlab, oilaga yordamlashishga to‘g‘ri keladi. U Urganchdagi bir korxonaga kichik xizmatchi bo‘lib ishga kiradi. Bu yerda u ayrim mustamlakachi to‘ralarning mahalliy xalq ishchilariga nisbatan shafqatsiz munosabatlari, poraxo‘rliklarini ko‘rib ularga nisbatan nafrati, mehnatkash yerli xalqlarga nisbatan mehr-muhabbati, achinish tuyg‘ulari o‘sa boradi…
1910 yili Yangi Urganchdagi Rossiya Osiyo banki bo‘limiga ishga o‘tgan Boris dam olish kunlari idora qoshidagi arabcha xatsavodni o‘rganish mashg‘ulotlariga qatnay boshlaydi, Toshkentda chiqib turgan “Turkestanskiy kurer” gazetasida ilk maqolalarini e’lon qiladi. Keyinchalik esa Toshkentga kelib, mahalliy rus va o‘zbek matbuotida faol qatnashadi, o‘zbek va rus yozuvchilari bilan aloqaga kirishib ketadi; 1934 yili O‘zbekiston yozuvchilari uyushmasida rus adabiyoti bo‘yicha adabiy maslahatchi, 1935 yili rus yozuvchilari bo‘limi raisi, “Literaturniy Uzbekistan” jurnalining tahrir hay’ati a’zosi vazifalarida ishlaydi. Jurnalda mahalliy rus yozuvchilari bilan birga, o‘zbek yozuvchilaridan Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Oybek, Usmon Nosir asarlarining ruscha tarjimalarini ham bostiradi. O‘zining “Xorazm hikoyalari”(1931), “Matyoqubov”(1933), “Miyoviddin Mirzo”, “Junaidxon”(1936) kabi asarlari e’lon qilinadi. “Mustamlakachilar” degan roman yoza boshlaydi.
Cho‘lpon 1935 yili “Mushtum” jurnali tahrir hay’atiga jalb etilishi bilanoq Boris Cheprunovning “Miyoviddin Mirzo” qissasini o‘zbek tiliga tarjima qilib, jurnalning 1936 yilgi o‘ndan ortiq sonida chop ettiradi. Qissaga qisqagina kirish so‘zi ham yozib, asar haqida shunday degandi: “O‘rtoq Boris Cheprunov tomonidan yozilgan “Miyoviddin Mirzo” qissasi xalq ijodiga taalluqli bir asardir. Xalq ijodida “Miyoviddin Mirzo”ga o‘xshagan hayvonlar hayotiga oid asarlar ko‘pdir. Bu asarlarda ayrim hayvonlarga turmushdagi jonli tiplarning sifati berilgan. Shuning bilan ayrim bir davrning xususiyatlari izoh qilinadi. “Miyoviddin Mirzo” qissasi Farg‘onaning so‘nggi xoni Xudoyorxon davriga oiddir. Bu asarda xon hukumatining butun qabihligi va shariat qonunlari panjasi ostida himoyasiz holdagi kambag‘allarning ezilganligi ko‘rsatiladi. Asardag‘i har bir hayvon o‘sha turmushdagi jonli bir kishini juda ustalik bilan ifoda qila oladi. Xalq ijodida satira juda yaxshi tomir yozg‘on. Bizning satiramiz keng xalq ijodidag‘i tajribalardan, ustaliqlardan foydalanishi kerak. Shuning uchun “Mushtum”da “Miyoviddin Mirzo” qissasini bosib boramiz”.
Albatta, Cho‘lpon Boris Cheprunovning Turkiston o‘tmishidagi xonlar beboshligi va zulmiga qarshi allegorik shaklda, hayvonlar turmushidan olib yozilgan “Miyoviddin Mirzo” qissasinigina emas, balki unga g‘oyaviy jihatdan yaqin bo‘lgan “Mustamlakachilar” romanini ham tarjima qilishi ehtimoldan uzoq emas edi. Chunki bu davrda Cho‘lponning chor va sovet istibdodiga kuchli nafrati uning faqat badiiy asarlari (masalan, “Kecha va kunduz”) orqaligina emas, balki ayrim tarjimalari orqali ham izhor qilinayotgan edi. (Masalan, A.Afinogenovning 30-yillari stalincha dahshatli qo‘rqituv siyosati ta’sirida yozilgan “Strax” hikoyasining “Vahm” nomidagi tarjimasi.) Afsuski, 1937 yili respublikamizda ro‘y bergan stalincha qirg‘in siyosati oqibatida Boris Cheprunovning so‘nggi asari — “Mustamlakachilar” romani bosilmay qoladi. Cho‘lpon tarjimasidagi “Miyoviddin Mirzo” qissasi ham alohida kitob bo‘lib chiqmaydi. Cho‘lponning o‘zi esa Cheprunovdan ancha burun qamalib, tarjimaning qo‘lyozma nusxasi ham yo‘q bo‘lib ketadi. Qamoqqa olingunga qadar o‘sha vaqtdagi matbuot va majlislarda Boris Cheprunovni ayovsiz “fosh qilish” davom etadi.
1937 yilning 2 — 7 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasining 4-plenumida bir qancha talantli o‘zbek, rus yozuvchi va shoirlari kabi Boris Cheprunov ham sovetlarga qarshi bo‘lgan trotskiychi-buxarinchi terrorchilarning Toshkentdagi guruhi a’zosi, tarixni soxtalashtiruvchi, burjua millatchilik g‘oyalarining himoyachisi deb ayovsiz tanqid qilindi. Bu haqda 5 sentyabrdagi yig‘ilishda rus yozuvchisi Pletnev so‘z olib, Boris Cheprunovning “Junaidxon” romanida jadidlar ideallashtirilgan, deb chiqadi. “Men, — deydi u, — o‘rtoq Cheprunovning “Junaidxon” romaniga to‘xtalmoqchiman. Bizning adabiy doiralarimizda mazkur asar adabiyot olamimizda butun bir adabiy hodisa deyilib, ko‘klarga ko‘tarildi. Men mehnat ta’tiliga ketganimda ushbu kitobni o‘zim bilan birga olib ketib, sinchiklab o‘qib chiqdim. Bu yerda shuni ochiq aytishim kerakki, kitobda juda ko‘p nosog‘lom fikrlar, ko‘p siyosiy xatolar mavjud. Jumladan, asarda asosiy mavzu — jadidizm masalasida shunday xatolar bo‘lgan. Romanda jadidlar bo‘yab, nuqsonsiz qilib tasvirlangan. Asarda mayda savdogarlar, hunarmandlar — hammasi go‘yo o‘z xalqining madaniyati haqida qayg‘uradilar, inqilob uchun faol kurashadilar. Buning oqibatida romanda jadidizmning mohiyati ochilmay qolib ketaveradi. Bu oqimning ortiga bekingan yirtqich odamlar basharasi ochilmaydi. Ularning hammasi go‘yo bir farishtasimon, gunohsiz kishilar qilib ko‘rsatiladi. Bu to‘g‘ri emas, o‘rtoq Cheprunov! (Cheprunov: — Romanni tushunmapsiz!) (Qarang: “Stenogramma 4go plenuma Soyuza sovetskix pisateley Uzbekistana”, nachato 2 sentyabrya 1937 goda, okoncheno 7 sentyabrya 1937 goda, SGA UZ, fond № 2356, opis, 1 yed.xr.30, str. 42.)
1937 yil 19 oktyabrda O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasining rus adabiyoti bo‘limi faollari bilan birgalikda o‘tkazilgan kengaytirilgan majlisda 1937 yil 20 sentyabrda “Komsomolets Uzbekistana” gazetasida bosilgan “Burjua millatchilari va ularning homiylari” degan maqola muhokamasi bo‘lib o‘tadi. Maqolada Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Usmon Nosir kabi bir qancha o‘zbek yozuvchi va shoirlari millatchiliqda ayblangan, mahalliy rus yozuvchilaridan Bondarenko, Titov-Omskiy, tarjimon Lidiya Sotserdotova va boshqalar rus hamda o‘zbek millatchi yozuvchi-shoirlarining homiylari va targ‘ibotchilari deb tuhmat qilingan edi. Mazkur majlisda so‘zga chiqqan Boris Cheprunov va Lidiya Sotserdotova gazetaning bu fikrlariga qarshi chiqib, tanqidning tuhmat va uydirmaligini, maqolada ayblanib tilga olingan shaxslarning gunohsizliklarini isbotlashga harakat qiladilar. Lekin oldindan shunday qarshiliklar bo‘lishini kutgan NKVDning matbuot va adabiyot tashkilotlarida ishlayotgan ayrim ayg‘oqchilari “Komsomolets Uzbekistana” gazetasida bosilgan mazkur tuhmatkorona tanqidni yoqlab chiqadilar. Boris Cheprunov esa, ularga qarshi chiqib: “Maqolaning ruhi tuhmatdan iborat, u shaxsiy o‘ch olishga o‘xshaydi. Bondarenko halol, mehnatkash bir odam, u bizning yaxshi do‘stimiz… Men Titov-Omskiyni ham anchadan beri bilaman, u yosh yozuvchilar ichida ishchan, g‘ayratli bir yigit, uni axloqiy-maishiy buzuqlikda ayblashlari o‘rinsiz, deb bilaman”, — deydi.
Shundan keyin majlisda Vilenskiy degan kimsa so‘zga chiqib, Boris Cheprunov bilan birga, o‘zbek yozuvchilaridan Cho‘lpon va Usmon Nosirga tosh otib, ularning asarlarini “Literaturniy Uzbekistan” jurnalida e’lon qilgan muharrir Kartsevni trotskiychi buzg‘unchilikda ayblaydi: “Yozuvchilar organi bo‘lgan jurnalda ko‘p ishlar qilinishi kerak edi, — deydi u hujumga o‘tib, — lekin uning rahbari trotskiychi Kartsev buning o‘rniga Cho‘lponning romanini o‘zi bosh bo‘lib olib kelib, jurnalda bosishga buyruq berdi, bu ham yetmagandek, keyin yana xalq dushmanlari bo‘lgan Cheprunov va Lavrentevning asarlarini ham bosdi. Bularning hammasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri siyosiy ko‘rlikdan boshqa narsa emasdir”(SGA Uz, fond 2356, opis , yed.xr. 27, str. 9). Shundan so‘ng tarjimon Lidiya Sotserdotova so‘z olib, Boris Cheprunov fikrlariga hamohang fikrlarni aytadi, “Adabiyotda burjua millatchilari va ularning homiylari” maqolasida nomlari tilga olingan o‘zbek, rus yozuvchi, tarjimonlarning nohaq ayblanganliklarini, jumladan, u gazetada Abdulla Qodiriy kabi yozuvchilarga nisbatan bo‘layotgan nohaq hujumlar, uning tarjimonlariga nisbatan ham nohaq tuhmat toshlari otilayotganligi noto‘g‘ri, deydi. Sotserdotova Abdulla Qodiriyga hujum qilgan Kovalchuk bilan bahslashadi:
“Kovalchuk(Lidiya Sotserdotovaga): — Siz Abdulla Qodiriyning siyosiy qiyofasini bilasizmi?
Lidiya Sotserdotova: — Ha, men u kishini yaxshi bilaman, u kishi ozodlikda yuribdi.
Kovalchuk: — Siz Abdulla Qodiriy taqdirida faol ishtirok etganmisiz?
Sotserdotova: — Ha, men Abdulla Qodiriy taqdirida muayyan darajada ishtirok etganman… Abdulla Qodiriyning xalq dushmani ekanligiga ishonmayman.
Kovalchuk: — Siz o‘rtoq Stalinga xat yozganmisiz?
Sotserdotova: — Ha, Abdulla Qodiriyga yordam qildim, men yozdim, lekin, nimagadir, xatning qoralama nusxasi bu yerdagi yozuvchilar uyushmasida ekan…”
Boris Cheprunovni qamoqqa olish haqida O‘zbekiston ichki ishlar xalq komissarligi 1937 yil 4 dekabrda qaror qiladi.
Bir hafta o‘taro‘tmas, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi shoshilinch ravishda majlis o‘tkazib, go‘yo g‘oyaviy zararli unsur sifatida qamalishi munosabati bilan uni uyushma a’zoligidan chiqarishga qaror qiladi.
Boris Cheprunov bir yarim oy qamoq azobini chekkach, 1938 yil 23 yanvarda birinchi bor tergovga chaqiriladi. Bungacha u va uning asarlari haqida yozuvchilar uyushmasida tuhmatli hujumlar uyushtirilgan va ichki taqrizlar yig‘ilib bo‘lgan, u endi tergovchi oldida faqat unga qo‘yilgan o‘sha “ayb”larni so‘zsiz bo‘yniga olishi va o‘zini oxirigacha “fosh qilishi” kerak edi, xolos! Uzoq vaqt qamoq va qiynoq azobidan holsizlangan Boris Cheprunov o‘ziga qo‘yilgan ayblarni bo‘yniga olishga majbur bo‘ladi, tergovchilar esa, bayonnomada ularni yanada bo‘rtirib, o‘z qo‘llari bilan bichibto‘qib yozib qo‘yadilar.
Boris Cheprunov besh oydan ziyod qamoq azobida qiynalib yotadi va 1938 yil 8 oktyabrda SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasining Toshkentdagi ko‘chma sessiyasi qarori bilan oliy jazo — otuvga hukm qilinadi. Hukm o‘sha kuni ijro etiladi.
Bu mash’um hodisadan so‘ng adibning oila a’zolari ham ta’qib va tazyiqqa uchraydilar, qo‘rquvda yashaydilar. Ular o‘z uylaridan chiqarilib, sarsonsargardonlikka yuz tutadilar. Yozuvchining NKVD xodimlari tomonidan olib ketilgan asarlari yondirib tashlanadi, faqat ba’zilarigina (masalan, so‘nggi asari “Mustamlakachilar”ning qo‘lyozmasi) tasodifan omon qoladi. Stalin vafotidan so‘ng, bir necha yil o‘tgach uning oila a’zolari (rafiqasi, ukasi va boshqalar) Boris Cheprunovning ishini qayta tekshirib, oqlanishiga yordamlashishlarini so‘rab yuqori huquq organlariga ariza bera boshlaydilar. Boris Cheprunovni bilgan va uning asarlariga taqriz yozgan ayrim rus yozuvchilari, Uzlit rahbarlari guvoh sifatida qayta surishtiriladi. Uni 30-yillardan yaxshi bilgan Andrey Ivanov, Aleksandr Udalov Boris Cheprunovning o‘sha vaqtdayoq adabiyotda mashhur bo‘lganligi, boshlovchi rus shoir va yozuvchilariga samimiy yordam ko‘rsatganligi, undan g‘oyaviy zararli fikrlarni eshitmaganliklarini aytadilar. “Junaidxon” romaniga yozilgan salbiy taqriz muallifi Uzglavlit boshlig‘i o‘rinbosari Breslovskiy chaqirilib, o‘sha vaqtdagi taqrizga bugungi munosabati haqida so‘ralganida, u taqriz boshqa mutaxasis tomondan yozilib, faqat uning imzosigina borligi, o‘zi bu sohada mutaxassis emasligini tan oladi. Birmuncha vaqt o‘tgach ish qayta ko‘rilib, SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasining 1957 yil 28 iyundagi qarori bilan B.Cheprunov oqlanadi.
Boris Cheprunov rasman oqlanganidan keyin ba’zi asarlari qayta bosilib, yozuvchi hayoti va ijodi haqida ilk maqolalar ko‘rina boshlaydi. U haqda rus tanqidchi va adabiyotshunoslaridan I.Grinbergning “Edinstvo tvorcheskogo i jiznennego puti”(1965), Irina Tyomkinaning “Ne listay stranitsы, voskresi”(1990) maqolalari e’lon qilinadi. Ularda birinchi bor B. Cheprunovning hayot yo‘li, yaratgan asarlari va ularning g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari xolis yoritiladi. Biroq, shunga qaramasdan, o‘tgan ellik yil ichida Boris Cheprunov haqida boshqa ishlar amalga oshirilmadi, uning “Yashirin dushman”(1931), “Matyoqubov” (1933) kabi asarlari qayta nashr etilmadi. Cho‘lpon tarjimasidagi “Miyoviddin Mirzo” qissasi ham halihamon kitob holida chop etilganicha yo‘q…
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 51-sonidan olindi.