Mumtoz she’riyatimizning nodir namunalariga xos eng muhim xususiyatlardan biri shuki, ularda shoir (lirik qahramon) qalbining adadsiz qiynoqlari, ohu zorlari o‘quvchini larzaga solar darajada butun keskinligi, dramalari bilan izhor etiladi. Ayni paytda shu ruhiy qiynoqlar ifodasi kishi ko‘nglini asir etadigan, ovutadigan nafosat, g‘aroyib bir shoirona tuyg‘u bilan chulg‘angan bo‘ladi, ya’ni ularda dard bilan lazzat, mung bilan taskin uyg‘unlikda keladi. Jahon adabiyotidagi eng hazin va nurli sevgi qissasi — hazrat Navoiyning «Layli va Majnun» dostoni buning yorqin namunasi. Mana shu mo‘tabar an’ana yangi o‘zbek adabiyotiga, jumladan, nasriga ham ko‘chib o‘tgan, ayniqsa, to‘ng‘ich milliy romanimiz «O‘tkan kunlar»da bu fazilat yangicha ko‘rinishda yuksak darajada namoyon bo‘lgan.
Roman muallifi to‘g‘ridan-to‘g‘ri Otabek va Kumushning «hajr va firoqli» ishqiy muloqotlarida «samimiyat, yana to‘g‘risi she’riyat bor», deb e’tirof etadi va butun asar davomida ana shu nafosat — romantik ruhni badiiy kashf etish yo‘lidan boradi. Bu hol XX asr tanqidchiligida ko‘p bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan, buni eskicha usul, yangi zamon uslubiga, shafqatsiz realizmga zid deb kitobiylikda, shirinzabonlik, hatto chuchmallikda ayblash hollari ham yuz bergan.
Bunday qarashlarning muayyan sabablari bor, albatta. XX asr jahon adabiyotida romantik ruhdan butunlay xoli, hayotning o‘ta dag‘al, shafqatsiz, absurddan iborat haqiqatini butun keskinligi, dahshati bilan ochib beruvchi ulkan adabiy oqim paydo bo‘ldi. Bu yo‘nalishda yaratilgan nodir asarlarning badiiy kashfiyoti va shuhratiga mahliyo bo‘lgan biz kabi bandai ojiz munaqqidlar endi romantikaning davri o‘tdi, deya hukm chiqara boshladik. Shoirona ehtiros bilan yo‘g‘rilgan asarlarning «sharqona shoirona uslubi»ga nopisand munosabat so‘nggi yillarda bizda xiyla keng yoyildi.
Ana shunday bir sharoitda G‘arbda, jahonning turli mintaqalarida nima bo‘ldi deng?! Turmushning o‘ta shafqatsiz, dag‘al ifodalaridan toliqqan, zada bo‘lgan kitobxon, tomoshabin ehtiyojini o‘z vaqtida nozik payqagan sezgir ijodkorlar ayni o‘sha «puf sassiq»qa chiqarilgan sharqona romantik an’analarga qayta boshladilar, XX asr poyonida paydo bo‘la boshlagan «Titanik», «Hayratomuz aql», «Qish sonatasi» filmlari, P.Koeloning «Alkimyogar», «Beshinchi tog‘» romanlari xuddi shu xislati tufayli G‘arb dunyosida shuhrat qozongani, katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgani g‘aroyib hol! Go‘zallikka, nafosatga shaydolik inson zotining boqiy fazilatlaridan ekani, fan-texnika, zamonaviy informatika mo‘jizalari ham uni bu noyob tuyg‘udan mosuvo etolmasligining yorqin isboti bu!
Sinchiklab qaralsa, Qodiriy romanlaridagi sharqona ehtiroslarga yo‘g‘rilgan ifodalar yangi zamon uslubiga, yangi davr odamlari ehtiyoji, zavqiga aslo zid emas edi. «O‘tkan kunlar» muallifi jahon adabiyotidagi yangi jarayonlardan, adabiy-badiiy oqimlardan, «so‘nggi priyom»lardan yaxshi xabardor bo‘lgan. O‘zi aytmoqchi, hatto «so‘nggi priyom»larning ba’zilarini «O‘tkan kunlar»ga ertaroq kiritgan; ayni paytda xalqning saviyasini, zavqini, ruhini e’tiborga olib «eski priyom»lardan, an’anaviy sharqona ifoda yo‘llaridan samarali foydalangan. Adib «Modomiki, asar saviyasi o‘zimizga ma’lum shu xalq uchun yozilar ekan, yana bir muncha vaqt «so‘nggi priyom»lardan ko‘z yumib turish, oraliqda «so‘nggi priyom»ni oz-oz qistira borish lozim»ligini aytadi va qat’iy qilib: «eski priyom bilan yozadi, binoan alayhi bu yozuvchiga birinchi nomerni bermaymiz» deb qilingan tanqidlardan hurkmaymiz», deydi.
Qanchalik jasorat bilan aytilgan dono so‘zlar! Bu fikr bugungi kunda ham ahamiyatini yo‘qotgan emas. Jahon adabiyoti va san’atining qariyb bir asrdan keyingi holati adibning bu borada naqadar haq ekanini tasdiqlab turibdi. Ulug‘ adibning o‘z vaqtida eski milliy an’analar bilan «so‘nggi priyom»lar, ya’ni zamonaviy adabiyot uslubini oqilona qo‘shib olib borishdan iborat noyob tajribasi yangi asr boshida ham asqotmoqda, jahon adabiyoti va san’atida yangidan-yangi badiiy ixtirolar uchun yo‘l ochmoqda. Abdulla Qahhor «Abdulla Qodiriy, ba’zi bir odamlar aytmoqchi, «bir-ikkita risola yozgan» anchayin yozuvchi emas, balki yangi davr adabiyoti, Yevropa adabiyoti gazi bilan o‘lchaganda ham to‘laqonli asarlar yozgan, o‘zbek romanchiligini boshlab bergan ulkan adibdir» deganida to‘la haq.
«O‘tkan kunlar»dagi Otabekning ruhiy dramalari ifodasi talqiniga oid ayrim lavhalarni shu jihatdan ko‘zdan kechiraylik.
Otabek Zaynabga unashtirilgani haqidagi xabarni Kumushga, uning ota-onalariga yetkazish uchun Marg‘ilonga otlangan; u «ko‘tarib bo‘lmayturgan bir qayg‘u, chidab bo‘lmayturgan bir hasrat»ni orqalab borar ekan, Kumushbibi shumxabarni eshitganda nimalar bo‘lishini va qanday hollarga tushishini, ota-onalari nima deyishini o‘ylab ot ustida ezilib, o‘rtanib, o‘zining dunyoda bor-yo‘qligiga ham tushunmay ketayotir… Ko‘klam fasli tarovati, tabiat, tevarak-atrof nafosati, qushlar chug‘uri ham ko‘ngil dardiga taskin berolmaydi. Qutidor xonadoniga yetib borgach, shumxabarni aytmaslikka va bu dargohdan qaytmaslikka qaror beradi. Ammo, baribir, sir oshkor bo‘ladi, Biroq oqibat-natija ham qahramon, ham kitobxon kutganidan o‘zgacha bo‘lib chiqadi: mulohazakor, andishali Qutidor quda tomon arz-hollarini tushunib, unga rozilik bildiradi, naqadar noxush, mushkul bo‘lmasin xotini Oftob oyimni, qizi Kumushni, nihoyat Otabekni o‘z qaroriga ko‘ndiradi. Mana shu jarayon naqadar nafis, san’atkorona ifoda etilgan. O‘sha topdagi har bir qalbning titrog‘i, iztiroblarini, ularga oson emasligini baralla sezib, his etib turasiz. Ayni paytda yuksak odob-axloq sohibi, o‘zbekona andisha bandasi bo‘lmish bu shaxslar bunday vaziyatda o‘zlari uchun har qancha mushkul bo‘lmasin, o‘zgacha yo‘l tuta olmasliklariga amin bo‘lasiz. Ayniqsa, Otabek Kumushdan itobomiz so‘zlar, achchiq xitoblar kutib o‘tirganida u farishtadek uyga kirib kelib, kutilmagan joyda uni og‘ir holatdan qutqaradi: «Men rozi, men ko‘ndim», deydi daf’atan. Yozuvchi shu zahoti Kumush «bu so‘zni nimadandir qo‘rqqandek shoshib aytdi» deya izoh beradi. Mana shu shoshib va nimadandir qo‘rqib aytilgan so‘zda Kumushning shu topdagi ko‘ngil iztirobi va nafosati ufurib turibdi! Shundan keyingi ifoda o‘quvchi ko‘ngliga g‘aroyib bir taskin va surur baxsh etadi:
«— Ko‘ndingiz… nega, a?
Otabek hayrat va taajjub ichida edi.
— Negaki, — dedi Kumush, — men sizga ishonaman…
— Shuning uchun…
— Shuning uchun ko‘ndim…
— Ko‘nglingiz farishtalar ko‘nglidek.
— Sizning ham ko‘nglingiz…
Ikki jon, ikki yurak go‘yoki bittadek bir-birisini anglar, birisidan birisiga o‘tib yurar edi shu vaqt.
… Qutidor tarafidan ertaga Toshkand jo‘nash e’loni berildi. Ikkisining hamma vaqtlari sham’ yonida so‘zlashib kechdi…»
Shunisi ham borki, vaziyat taqozosi bilan mushkul holatning bu xildagi go‘zal yechimi aslo personajlar qismatidagi dramalarning butunlay bartaraf etilishi emas. Balkim, bu yechim oldindagi yangidan-yangi mushkul jumboqlar, ko‘rgiliklarning debochasi ekanligi tasvirdagi shirin va hazin bir ohangdan anglashinib turadi. Bu hayot, taqdir shafqatsizligini nafosatga yo‘g‘rilgan holda ifoda etishning, nafis tuyg‘ular tili bilan so‘zlashning benazir namunasi!
Adib qahramonning faqat intim, ishqiy-oilaviy kechinmalari emas, ijtimoiy faoliyati, manfaatlari ifodasida ham ayni shu yo‘ldan boradi. Romanning «Qipchoqqa qirg‘in» bobini eslaylik.
Shaharda qipchoqqa qirg‘in uyushtirilgan kuni ertalab Otabek do‘sti bilan shahar tashqarisiga Mingo‘rikka sayrga chiqqan. Tabiatning ko‘rkam, latif quchog‘ida orom olib, turmush tashvishlarini bir dam unutib kechga yaqin shaharga qaytib, shahar darvozasiga qadam qo‘yishi bilanoq dahshatli manzaralarga — boshi tanidan olingan kishilar gavdasiga duch keladi. Surishtirib biladiki, shaharda qirg‘in boshlangan, kun bo‘yi qipchoq zoti bo‘lsa molday so‘yilgan. Otabek yo‘lida davom etadi, odim sayin boshi kesilgan murdalarni ko‘radi… Nihoyat, dahshatu vahshat ichida Hasanaliga yo‘liqadi. Hasanali mislsiz rahmsizlik to‘g‘risidagi hikoyasini boshlaydi: «Xudda qiyomat bo‘ldi! Bechoralar nima gunoh qildilarikin?.. Yigitlar tutib kelturib turadir, jallod bosh kesib boradir… Chidab bo‘lmadi, do‘konni yopib qochdim…»
Otabek «bas» deya Hasanali hikoyasini to‘xtatadi, unda bu yog‘ini eshitishga toqat qolmaydi, bekning yuragi ezilib oqish darajasiga yetadi. Bu hodisalardan o‘zini yo‘qotar holga keladi. Kechki oshni ham yemay, otasi bilan ham uchrashmay «go‘yo shu yirtqichlar dunyosidan yashiringandek oq kundayoq to‘shagiga yotib, ko‘rpasiga burkanib» oladi.
Nega o‘sha damlarda Otabek otasiga duch kelishni lozim ko‘rmadi? U bir oz o‘zini tutib olgach, ertasi otasiga ro‘para keladi. Otasiga duch kelganida ilk bor farzandlik odobini buzib unga salom bermaydi. Chunki o‘z otasini qipchoq qirg‘iniga aloqador deb o‘ylaydi. Kecha ko‘rgan, eshitgan dahshatlar ham biru o‘z otasining bu ishlarga «aloqador»ligi dard ustiga chipqon. Shu o‘y-xayol uni ezadi. Lekin Otabek, baribir, Sharq o‘g‘loni, kechagi holatda otasiga ro‘para kelganida «quyushqon»dan chiqib ketishiga ko‘zi yetgan. Shunga qaramay, kechagi dard asorati bugun ham unga tinchlik bermaydi. Qalb titrog‘i to‘la bosilgan emas… Otaga salomsiz ro‘para bo‘lgan o‘g‘lon holatini ko‘rib bu yog‘i nima bo‘larkin, deya entikib turasiz. Inson ruhiyatining mohir bilimdoni o‘sha topda oqil ota bilan yaxshi tarbiya topgan farzand orasidagi o‘ta keskin va nozik munosabatlar, ular ko‘nglida kechgan tig‘iz va nafis tuyg‘u, o‘y-xayollarni mislsiz mahorat va nazokat bilan qog‘ozga tushiradi. Har qancha qahr-g‘azab o‘tida yonmasin, Otabek, baribir, birinchi bo‘lib so‘z ocholmaydi, odob yuzasidan ota yuziga tik qarab «gunohi»ni yuziga solishga botinolmaydi. Orada birmuncha muddat jimlik hukm suradi. Nihoyat, birinchi bo‘lib ota gap boshlaydi. So‘ng Otabek tilga kirib kechagi qonli voqealar, bu ishlarda otasining ishtiroki xususida nozik qochiriqlar ila imo-ishoralar, ta’nalar qiladi. Farosatli ota darhol buni tushunib, ro‘y bergan voqealarning tafsiloti, bu ishlarga o‘zining aloqasi yo‘qligi, imkon qadar bu xatarning oldini olishga uringani, biroq ilojsiz qolgani haqida batafsil gapirib beradi.
Xo‘sh, bu qirg‘inlardan maqsad nima? Yana shu savol qo‘zg‘aladi. Javob ayon: Bu qirg‘inni uyushtirganlardan bittasi mingboshi bo‘lmoqchi, ikkinchisi Normuhammadning o‘rniga minmoqchi, uchinchisi yana bir shaharni o‘ziga qaram qilmoqchi. Xon esa Musulmonqulga bo‘lgan adovati uchun qipchoqni qirib alamdan chiqmoqchi… Ularda bundan boshqa maqsad yo‘q. Ota-bola suhbati asnosida Yusufbek hoji dilidagi asosiy dardini to‘kib soladi. «Men ko‘p umrimni shu yurtning tinchligi va fuqaroning osoyishi uchun sarf qilib» deb boshlanuvchi ko‘plar uchun yod bo‘lib ketgan mashhur nutq bu odam hayoti ma’nosi, umri, faoliyatining muayyan yakuni, umri davomida to‘plagan tajribalaridan chiqadigan bosh xulosasidir; avlodlar oldidagi armoni, uzridir; kelgusi avlodlarga qoldirgan vasiyati, achchiq sabog‘idir. Titrab, to‘lqinlanib aytilgan bu otashin so‘zlar, Hoji qalbi tubidan vulqonday otilib chiqqan bu dard-alam to‘la faryod butun bir mamlakatni, millatni larzaga solishga, hushyor torttirishga qodirdir! Bu so‘zlarda zarracha bo‘lsin yasamalik, sun’iylik yo‘q, boshdan-oyoq samimiy, binobarin, she’riy, ha, yuksak she’riy asar kabi baland pardalarda yangraydi. Otabek ota so‘zlarini tinglar ekan, o‘zining o‘rinsiz shubha, ta’nalaridan uyalib yerga qaraydi. O‘sha topda o‘zining el-yurt g‘amida kuyib-yonishlari otasining dardu faryodlari oldida arzimasdek tuyuladi unga.
Ma’lum bo‘lyaptiki, Otabekning ijtimoiy yo‘nalishdagi ko‘ngil dardlari ishqiy-oilaviy tashvishlari zalvoridan aslo kam emas. Shu bilan barobar, ular orasida, badiiy talqinida farqli jihatlar ham mavjud. Ishq iztiroblari paytida qahramon sentimental holatlarga tushadi, yig‘idan, ko‘z yosh to‘kishdan o‘zini tiya olmaydi. Misollarga murojaat etaylik. Otabek «tuturuqsiz sovg‘ani ko‘tarib» gullarga, ko‘katlarga burkangan qirlar oralab otda borar ekan, uzoqda qo‘sh haydab yurgan yigitning ashulasi qulog‘iga chalinadi, tevarakni zir titratgan «Ikki yorni ajratuvchi bu falakning gardishi!» misralari Otabekning istiqbolidan hikoya qilgandek ko‘nglini larzaga soladi, shu topda o‘zini tutolmay yig‘lashga tushadi, ko‘z yoshlari yuzi oraliq egarning qoshiga va otning yoliga toma boshlaydi… Otabekning «Navo» kuyini tinglash onlaridagi holati bundan-da mungli, ta’sirchan: «Dutorning nozik torlaridan, tilsimlik yuraklaridan chiqqan «Navo» kuyi o‘z nolasiga tushunguchi… bu yigitka borgan sayin dardini ochib, yig‘lab va ingrab so‘zlar edi… Eshitkuchi esa dunyosini unutib yig‘lar, kuchini yig‘ishtirib yig‘lar va hasratu alamini ko‘z yoshisi bilan to‘kib yig‘lar edi…» deb yozadi muallifning o‘zi ham to‘lqinlanib.
Odatdagidek, bu o‘rinda ham Qodiriyning qahramonni toqat qilish mumkin bo‘lmagan og‘ir vaziyatdan, tig‘iz ruhiy holatdan olib chiqish san’ati kishini lol qoldiradi. Bu shunchaki adabiy priyom bo‘lmay, eng muhimi, unda adibning asl hayot falsafasi yorqin namoyon bo‘lgan: «Navo» kuyi uning butun tanidagi suvlarini ko‘zi orqaliq to‘kdirdi-da, falakning teskari harakatidan shikoyat etib qo‘ydi va dunyoda yolg‘iz hasratgina bo‘lmaganligini bildirgandek o‘zining «savt» kuyini yer yuziga shodlik va suyinch yog‘dirib arz eta boshladi. «Navo»ning sihirlik «savt»i Otabekning ko‘z yoshlarini quritdi-da, bir yengillik bag‘ishladi. «Navo» bilan yuvilib ketkan uning umid gulzorida yangi chechaklar unib chiqdi…»
Nihoyat, Kumush o‘limidan bir yil o‘tgach, Otabekning qabristonda Kumush qabri yonidagi holati, so‘nggi ko‘z yoshlari tasvirini o‘qiymiz. Avvalgi lavhalardagi ko‘z yoshlar go‘zal tabiat, go‘zal kuy jo‘rligida to‘kilgan bo‘lsa, bu galgisi fano intihosi va baqo bo‘sag‘asida ilohiy kalom sadolari og‘ushida oqadi:
«Qur’on oyatlari qabriston ichiga og‘ir ohangda oqar edi. Qabr yoniga tiz cho‘kkan yigitning ko‘z yoshlari ham Qur’on oyatlariga qo‘shilishib oqar edi». E’tibor bersangiz, Qur’on oyatlari oqimida faqat hazinlik emas, ilohiy bir taskin ham bor.
Bugun baralla aytish mumkinki, Otabekning ishqi har qancha hayotiy, tabiiy bo‘lmasin, ayni paytda u sirli-sehrli ilohiy ruh bilan yo‘g‘rilgan. Ayniqsa, bu hol oxirgi lavhada aniq ko‘rinadi. Moddiyunchi munaqqidlar bu holatni o‘ta noxush qabul qilganlar. Chunonchi, Sotti Husayn roman muallifi Otabekning ishq, muhabbatini ilohiylashtirgan, «A.Qodiriy «ilohiy muhabbat»ga aniq ishonib, shuni targ‘ib qiladir. Ya’ni g‘ayritabiiy kuchning borlig‘ini isbot qilmoqchi bo‘ladir», deya muallifga g‘oyaviy ayb qo‘yadi va qat’iy qilib: «Ishq, muhabbat ilohiy bo‘lmay, tabiiy, moddiy bo‘ladir, ilohiy deb qilina turg‘an har qanday ta’bir yolg‘on, ko‘z bo‘yavchilikdir», deb yozadi. Kim haq, kim nohaq, kim ko‘z bo‘yovchi ekanini hayotning, adabiyot, san’at rivojining o‘zi ko‘rsatdi, ko‘rsatayotir. Yuqorida eslatilgan har uch lavhada ham ko‘z yoshlari bilan yo‘g‘rilgan o‘ta ma’yus, mungli dramatik holatning bunaqa nafis, rangin, chiroyli tasviri so‘z san’atida siyrak uchraydigan noyob badiiy topilma! Meningcha, bunaqa sentimental holatlarni hamisha ham insoniy zaiflik alomati, deb atash to‘g‘ri bo‘lmas. Aksincha, u yuksak insoniylik, samimiylik belgisi. Dard-alamlarni chin dildan his eta bilish, o‘rtanish, ko‘z yoshi to‘ka olish ham buyuk bashariy fazilat.
Ishqiy, intim kechinmalar onlarida miskin, ojiz ko‘ringan Otabek el-yurt qayg‘usi yo‘lida har qancha o‘rtanmasin, kuyib-yonmasin, mardona, shijoatkordir. El-yurt yo‘lidagi shijoat, hatto fojia — o‘lim xabarida yozuvchining qalami ham shafqatsiz, mardona tus oladi: «Qanoatsho Avliyo otadan yozar edi: «O‘g‘lingiz Otabek yana bir kishi bilan bizning qo‘shunda edi. Olmaota ustidagi o‘rus bilan to‘qunushmamizda birinchi safimizni shu ikki yigit oldi va qahramonona urushib shahid bo‘ldi. Men o‘z qo‘lim bilan ikkisini dafn etdim…» Ota va ona esa, o‘z navbatida, jasur o‘g‘lonning qahramonona shahid bo‘lish xabarini mardona qarshi oladilar, bu o‘rinda nolalar, faryodlar, ko‘z yoshi to‘kishlar yo‘q: «Yusufbek hoji xatmi Qur’on qilib yurtka osh berdi. O‘zbek oyim qora kiyib ta’ziya ochdi».
Mana shu mardona xabar ham o‘zgacha ohangdagi she’riy ruh bilan yo‘g‘rilgan. «O‘tkan kunlar»da yorqin namoyon bo‘lgan shaxs hayoti, qalb dramasi va nafosatini badiiy kashf etishdek noyob fazilatning bugungi kunda yuqorida eslatilgan jahon adabiyoti, san’atining eng yaxshi namunalari bilan mushtarak ekanligi kishida faxr-iftixor tuyg‘usini uyg‘otadi. «Hayratomuz aql» filmining o‘zbekcha tarjimasi tomoshasi paytida hamkasb do‘stim g‘urur bilan film stsenariysi muallifi Zulfiya Nazar ota qonidan o‘tgan sharqona sevgi taronasi ruhini amerika kino san’atiga olib kiribdi, dedi. Bu gapda jon bor. Shu o‘rinda kichik bir izoh: film o‘zbekchaga ruscha «Igrы razuma»dan so‘zma-so‘z «Tafakkur o‘yinlari» deb o‘girilgan. Inglizcha asl nomi «Beautifull mind» «Go‘zal tafakkur» yoki «Hayratomuz aql» degan ma’noni anglatadi. Shu nom unga yarashadi. Zotan, Zulfiya Nazarning filmga asos bo‘lgan jahonga mashhur kitobi «Ajoyib aql» deb ataladi. «Hayratomuz aql»dagi sevgi, vafo, sadoqatning sehrli kuchi, «Qish sonatasi»dagi ikki yoshning nozik ibo, samimiyat, nafosatga chulg‘angan ishqiy muloqotlari, «Alkimyogar» romanidagi yosh ispan yigiti Santyago bilan arab qizi Fotima, «Beshinchi tog‘»dagi Ilyos payg‘ambar bilan beva ayol oralaridagi pinhona otashin muhabbat taronalari — go‘zallik, nafosat, ibo tuyg‘usi san’at, adabiyotning mangu uchar qanoti ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
G‘aroyib bir hol: ayni jahon adabiyoti, san’atida bo‘lgani kabi milliy adabiyotimiz ham muayyan muddat hayot va undagi shafqatsiz hodisalarning yalang‘och tasviriga o‘ta mahliyo bo‘lishdan chekinib, asl milliy qadriyatlarimizga qayta boshladi. Voqelikning fojiaviy haqiqatlari qalamga olingan «Oftob oyim», «Qorako‘z majnun» hikoyalari (S.Ahmad), «Tushda kechgan umrlar» romani (O‘.Hoshimov) boshdan-oyoq Qodiriyga xos latofat va nafosat tuyg‘usi bilan yo‘g‘rilgan; «Tepalikdagi xaroba» romanidagi (O.Muxtor) Malikul kalom Mavlono Lutfiyning latif sevgi dostoni tasviri asarga o‘zgacha ruh baxsh etgan, «Bozor»da (X.Do‘stmuhammad) esa Fozilbek va Qadriyaning Otabek bilan Kumush ishq dostonini yodga tushiruvchi sevgi qissasi milliy nosirlarimiz modernizmning o‘zgacha yo‘llarini qidirayotganidan bir dalolatdir.
Abdulla Qodiriy tajribasi va hozirgi jahon adabiyoti, san’atidagi, qolaversa, bugungi o‘zbek adabiyotidagi mushtarakliklar xususidagi kuzatish, o‘y-mulohazalardan chiqadigan eng muhim saboq shuki, san’at, adabiyotdagi «eskicha» va «yangicha» ifoda yo‘llari ustida shoshma-shosharlik bilan hukm-xulosalar chiqarishdan tiyilaylik, azizlar. Biz eskiga chiqargan ifoda yo‘llari bugun yoki ertaga birdan yangilanib buyuk badiiy ixtiro, kashfiyotlar uchun zamin, asos bo‘laverishi mumkin ekan.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 9-sonidan olindi.