Adabiyot – insonni kashf etish

Kitob nomi: Adabiyot – insonni kashf etish (Muallim, adabiyotshunos Tal’at Solihovni xotirlab)
To‘plovchi va nashrga tayyorlovchilar: Xurshid Do‘stmuhammad, Ulug‘bek Hamdam, Adolat Qudrat qizi
Nashriyot: Yangi asr avlodi
Yil: 2016
Mavzu: Xotiralar
Sahifa: 118
Hajm: 714 Kb
Fayl: PDF
Manba: Ziyouz.com kutubxonasi

Saqlab olish

Tal’at Solihov kim edi? U kishining taskin berarlik salohiyati, siri nimada edi?

Avvalo, Tal’at Solihov jahon adabiyotining bilimdoni edi. Bilimdonligi – jahon adabiyotining eng murakkab, eng chigal, eng hazmi og‘ir namunalari, hodisalari, holatlari haqida nihoyatda bosiqlik bilan, juda soddalashtirib, deyarli hech qanday hayratlarga chalg‘imay hikoya qilib berardi. Qaysi ijodkor yoki qaysi asar haqida so‘z bormasin Tal’at aka o‘sha ijodkor bilan yonma-yon yashaydigandek, o‘sha asarning yaratilish jarayonida bevosita ishtirok etgandek taassurot qoldirardi. Konkret bir asarni talqin etish (ochig‘i, badiiy asarni talqin etish borasidagi kemtiklik hamon yo‘qolganicha yo‘q) san’ati, mahorati borasida, qolaversa, jahon badiiy tafakkuri dunyosidagi an’analar, tendentsiyalar, oqimlaru qonuniyatlarni tushuntirib berish borasida hech kim Tal’at akaga o‘xshamasdi. Sho‘ro davri zamzamalaridan mutlaqo xabarsiz, mafkurabozlikdan tamomila holi odamga – to‘la-to‘kis adabiyot odamiga aylanardi ma’ruza soatlarida, suhbat chog‘larida domla. Ko‘cha-ko‘yda tasodifan ro‘para kelib bir chimdim gurung asnosida ham tizimli bilim olgandek bo‘lardingiz. Tal’at aka bilimini ayamasdi, boshqalarga gapirib bergani bilan bilimi ozayib qolmasdi, balki gapirgani sayin rohat qilardi. Adabiyot haqida berilib-miriqib so‘zlashni umrining mazmuni deb bilar, bunday so‘zu suhbatlardan cheksiz-adoqsiz huzur topardi.