Masaki Imamura

SAFNI TUTING, KIShILAR!

Kurash chog‘i keldi bugun,
Safni tuting, kishilar!
Bu balodan xalos etur –
Yurtni metin kishilar!

Bitsin Kisi hukumati!
Bitsin barcha sotqinlar!
Kecha yurtni qirg‘in etgan,
Bugun uni xarid qilar!

Olg‘a bosing, yor-birodar,
Olg‘a yuring, o‘rtoqlar.
Vatanini jondan sevgan
Bugun uni ardoqlar!

Saflaringiz qattiq tuting,
Qo‘li qadoq kishilar!
Dushmaningiz tor-mor eting,
Sizni zafar olqishlar!

Vatanini chin sevganlar,
Bir saf bo‘ling ushbu choq,
To pokiza bo‘lgunicha
Xoinlardan bu tuproq!

Birlashmoqning vaqti yetdi,
Maydonga kir, yovni ur!
Bizning qo‘lda barcha quvvat,
Qani, ey xalq, olg‘a yur!

Shuhrat tarjimasi