Xo Suan Xiong (1772-1822)

Shoira Xo Suan Xiong (Hồ Xuân Hương) “Vetnam she’riyatining qirolichasi” deb nom olgan. Uning ijodida inson qalbi va hayot go‘zalligi tabiat manzaralariga uyg‘un ifodalanadi. Xo Suang riyokorlik, axloqsizlik kabi illatlar keskin tanqid qilingan she’rlari bilan ham tanilgan. U kichik she’riy (to‘rtlik va sakkizlik) janrlarni mukammallashtirgan.

* * *

O‘tdi, Suan, sening bahoring o‘tdi,
Endi, mana, tez-tez qolarsan yolg‘iz.
Tongda boqqa eshik ochganing mahal,
Boq, ko‘rarsan kamroq gullarni, esiz.
Kapalaklar biqinib olgan xonada
Chuvalib tuyg‘ular rishtasi takror,
Xushifor gultuvak ham endi muzdayin…
O‘tdi, Suan, o‘tdi sendagi bahor,
Sirli orzularni inongung kimga?
Bosh uchida bolish, sen esa yolg‘iz.
Hatto zar jilosi abadiy qolmas,
Shundoq o‘tib ketdi bahor ham, esiz.
Bor edi yo‘l sari ming bitta so‘qmoq,
Peshanada bori – kelsa ming balo.
O‘tgan yillarni-chi, tanidingmi hech,
Shodlik bilan anduh egizak ammo.
Yaratganning amri metindan-metin:
Jazira, zamharir bergay bir yo‘la.
Yonboshda do‘st edi, endi u ham yo‘q,
Yarmi bo‘sh bolish ham dag‘al bir lo‘la.
Arzingni tinglaydi yakkash chor devor:
O‘tdi, Suan, endi qaytmaydi bahor!

Rus tilidan Tursun Ali tarjimasi