Nyat Xan (1924)

* * *

Qayga ketding, birodar?
Mana, hozir, bugun-erta bahor keladigan…
Sen o‘lib ketaverding,
boychechaklar ochilishini kutmading…

* * *

Qirg‘oq kimsasiz…
Yomg‘ir odamlarning izlarini yuvmoqda.
Namchil qumloq
negadir dilga mahzunlik soladi.
Yalang oyoqlar hali ham bahor shamolining titrog‘ini unutolmagan.

* * *

Kimsasiz,
chirt uzilib tushgan barglar
ko‘mgan so‘qmoqdan boraman.
Xazonlar qizg‘ish rangga bo‘yagan yer
chaqaloqning qontalash lablariga o‘xshaydi.
Bu o‘xshashlikdan bexosdan qo‘rqib,
ehtiyotkorlik bilan
qadam qo‘yaman.

* * *

Quyosh ichimga kirdi.
U bulutlarni va anhorni ham ichkariga olib kirdi.
Men muzday anhorga kirdim
Va quyoshni ham suvga tushishga ko‘ndirdim.

Biz hamisha bir-birimizdamiz.

Quyosh mening ichimga kirishidan oldin ham
U mening ichimda edi,
Xuddi shunday, bulutlar ham, daryo ham.

Men daryoga kirishdan oldin ham
Allaqachon daryo ichida edim:
Dunyo – bir, olam – yaxlit, yaratgan birdir,
Bir nafasdan, bir g‘ubordan, changdan bunyoddir.

Biz hamisha bir-birimizdamiz.
Shuning uchun, sevgilim, to tirik ekansan,
Senda meni yo‘q dema aslo.

* * *

Sening issiq ko‘z yoshlaring
Mening ham ko‘z yoshlarimdir.
Biz hozir shu zaminda birga yurib boryapmiz,
Ammo bu yer
Tarixdan ham oldin bor edi.
Qishning zimnida yashardi bahor.
Navnihol ko‘m-ko‘k barglar qobig‘ida ayni zamonda xazonlar ham yashardi.

… Kel, sevgilim,
Shu hamdamlikni anglab yashaylik,
Tokim ko‘ra olaylik – qor chup-chup urib yog‘ayotgan qish osmonida
Bodroqdek ochilmoqda olcha gullari…

MENING ISMIMNI TO‘G‘RI YoZINGLAR

Ertaga baribir o‘lasan, demanglar,
Men bugun hali yo‘ldaman, axir.
Qarang, har daqiqa o‘z tanamni tark etayapman,
Har lahza oz-oz ketyapman.
Vujudimdan chiqarkanman, bahorgi novdada kurtakka aylanaman,
Qushchaga – qanotlari hali zaif,
yangi uyasiga quvonib chug‘urlayotgan polaponga aylanaman,
Aylanaman atirgul novdasiga osilgan yashil shilliqqurtga,
Sutrang nefrit toshida yuz ko‘rsatayotgan taram-taram yo‘lga aylanaman.
Men yana qaytaman yig‘lamoq va quvonmoq uchun,
Orzu qilmoq va hayajonlanmoq uchun qaytaman.
Mening paydo bo‘lishim va yo‘qolishim – bu bir nafasdir,
Tug‘ilishim va o‘lishim – million yuraklarning bitta urishi.
Men po‘stini suv yuzasiga tashlab ketadigan ilvirsinman
Va, ayni paytda, shu po‘stloqni ilib olish uchun bahorda daryo ustida uchib yurgan so‘fito‘rg‘ayman.
Kuzgi hovuzda beg‘am suzayotgan qurbaqaman men
Va, ayni paytda, o‘z qornini
qurbaqa tanasi bilan to‘ydiradigan suvilonman…

HAR OG‘UShDA ShE’RLAR VA HAR
BUG‘DOY DONIDA QUYoSh…

Quyosh kenglikka to‘kib yuborilgan,
she’rlarga to‘ladilar quyoshning nuri.
She’rlardan quyosh tug‘iladi, quyosh she’rlarni dunyoga keltiradi.
Quyosh chambaragida barcha halokatlar yashirindir,
Qishda, tashqarida shamol uvillaganda,
kosadagi sho‘rvaning ustidan
she’r ko‘tariladi va bug‘ga aylanadi.
She’rlar shamol bilan birga uchib ketadi
olis davrlarga,
huvillab egasini kutayotgan
poxol tomli qashshoq xonadon tomon yo‘l oladi.
Bahor yomg‘irining har tomchisi she’rdir.
She’rdir gulxandan otilayotgan har olov uchquni.
Quyosh yog‘och hidini taratayotgan daraxtga berkinadi,
Og‘ochning issiq ifori
she’rlarni tarix varaqlariga qaytaradi.
Kengliklarda quyosh yo‘q bo‘lgan paytda,
u olov gurillayotgan o‘choqqa kirgan bo‘ladi
va tutunga o‘ralib, ko‘tariladi,
she’rlar esa tuman rangiga kirib,
tuman ichida kezadi.
Bahor yomg‘irini shimib,
una boshlagan har bir bug‘doy donida quyosh mujassam,
uning tomchilari don unib chiqishi uchun
go‘yo yerga sajda qiladi va zaminni o‘padi.
She’rlar yomg‘ir izidan
daraxtlardagi har bir kurtakka qaytadi.
Shunday qilib, quyosh yashil rangga kiradi
va she’rlar – quyoshday qizaradi.
Asalarilar o‘z qanotlarida quyoshni olib ketadilar
va uning haroratini gullarga beradilar.
She’rlar quyosh ortidan
olis o‘rmonlarga qaytadilar, asal shimadilar.
G‘imirlagan, jonlangan kapalaklar va arilar
to‘ldiradilar zaminni.
Quyosh asalarilar va kapalaklarning raqsidir,
she’rlar – arilar va kapalaklarning qo‘shig‘idir.
Quruq tuproqni peshona terlari sug‘organda,
she’rlar shudgorning ustida kezib yuradi.
Zaminni omoch bilan haydaganingda
she’rlar har olgan va chiqargan nafasingga hamohang
kirib-chiqib turadi.
Quyosh daryo bo‘yiga uzala tushganda
va ohista, g‘ira-shira tun tushganda,
She’rlar quyoshni bulutlar o‘ragan
ufqqa ketadilar.
Quyosh yangi uzilgan,
barra sabzavotlar to‘la savatda yashillanadi.
Quyosh guruch solingan kosada ifor taratadi.
She’rdir ko‘zlaringning nuri, sevgilim,
bug‘doyrang chehrangning rangida she’rlar.
Do‘stim, har bir sinchkov nazaring she’rdir,
dunyoning bir chetida yerni omochlayotgan
barmoqlaringning uchlarida she’r.
Quyosh kungaboqar boshoqlarida xandon kuladi.
Quyosh avgustda shaftoli mevalari osilgan
daraxtlarni yerga egadi.
Har bir ongli qadam she’rdir,
she’rdir har bir satr,
she’riyat har bir Dardli va Darddosh yurakda yashaydi.

Rus tilidan Karim Bahriyev tarjimasi