Taras Shevchenko (1814-1861)

Shevchenko Taras Grigorevich [1814.25.11(9.3), hoz. Cherkassk viloyati Zvenigorod tumani — 1861. 26.2(10.3), Peterburg] — ukrain shoiri va rassomi.
14 yoshidan pomeshchik P.V. Engelgardtning dastlab Vilshan qishlog‘i, so‘ng Vilno, 1831 yildan Peterburg shaharlaridagi uyida rassom chifatida tarbiyalangan. Shevchenko 1836 yil rassom I.S.Soshenko va u orqali K.P.Bryullov, V.I.Grigorevich, V.A.Jukovskiy singari taniqli rus rassom va adabiyotchilari bilan tanishgan. 1838 yil Bryullovning kimoshdi savdosida topgan puli evaziga krepostnoylikdan ozod etilgan. Shu yil Badiiy akademiyaga qabul qilingan Shevchenko tasviriy san’at sirlarini egallash bilan birga ilg‘or va kurashchan dunyoqarashli ijodkor sifatida shakllangan.
Shevchenkoning ilk balladasi 1838 yilda e’lon qilingan. Uning 1840 yil Peterburgda nashr etilgan «Qo‘buzchi» she’riy to‘plami ukrain adabiyoti tarixida yangi davrning boshlanganidan darak beradi. Shevchenkoning romantik ruh bilan yo‘g‘rilgan ilk ijodida ballada, qo‘shiq va «o‘ylar» ustuvorlik qiladi. «Katerina» (1838) singari dastlabki she’r va dostonlarida krepostnoy voqelikka bo‘lgan norozilik kayfiyati yaqqol ifodalangan.
Shevchenko ijodining shoh namunalaridan biri — «Gaydamaklar» (1841) dostonida ukrain xalkining 1768 yilda polyak feodallari zulmiga qarshi ko‘targan qo‘zg‘oloni tasvir etilgan. Shevchenko 1842—43 yillarda rus tilida «Nikita Gayday» dramasi, «Ko‘r qiz» va «Iste’dodsiz» dostonlarini, rus va ukrain tillarida esa «Nazar Stodolya» (1843) dramasini yozgan.
Shevchenko 1843 yil mayida Ukrainaga kelib, ukrain xalqi hayoti bilan yaqindan tanishgan. U shu safar chog‘ida ko‘plab rasmlar yaratib, ularni «Ukraina manzaralari» (1844) albomida e’lon qilgan. 1844 yil fevralda Peterburgga qaytgan Shevchenko Badiiy akademiyani «erkin san’atkor» unvoni bilan tugatib, 1845 yilda yana Ukrainaga kelgan. U Kiyev arxeologik komissiyasining rassomi sifatida Ukrainaning bir qancha viloyatlariga sayohat qilgan. Shevchenkoning 1843—45 yillarda yaratgan «Tush», «Kavkaz», «Dahriy», «Ukki», «Cho‘ri» singari dostonlardan iborat «Uch yil» to‘plami ukrain she’riyatining yangi janrlar bilan boyishi, unga siyosiy mavzularning kirib kelishiga zamin hozirladi.
Shevchenko 1847 yil aprelda «Uch yil» to‘plamiga kirgan she’rlari uchun qamoqqa olinib, Orsk qal’asidagi Orenburg alohida korpusiga soldat sifatida yuborilgan. 1848 yil kapitan-leytenant A.I. Butakov Sh.ni Orol dengizini tekshirish ekspeditsiyasiga rassom sifatida taklif etgan. Shevchenko mazkur safar paytida 350 dan ziyod akvarel portret va manzaralar yaratgan. Ammo 1850 yil aprelda Shevchenko yana qamoqqa olinib, Kaspiy dengizi bo‘yidagi Mang‘ishloq yarimoroliga jo‘natilgan.
Shevchenko qattiq nazorat ostida bo‘lishiga qaramay, 1851 yil geologik ekspeditsiya tarkibiga rassom sifatida jalb etilgan. Shevchenko Novopetrovskda qal’a komendantining ijozati bilan rus tilida «Sozanda», «Egizaklar» (1855), «Baxtsiz» (1856), «Nash’ali sayr» (1858) singari qissalar yozgan. Ammo muallif bu asarlarini hayotlik paytida e’lon qilolmagan. Nikolay I vafotidan keyin Shevchenko ozod etilgan va 1858 yil martida Shevchenkoga Peterburgda yashashi uchun ijozat berilgan.
Rossiya shu yillarda krepostnoylik huquqini bekor qilishga tayyorlanayotgan va inqilobiy uyg‘onishlar davriga kira boshlagan edi. Krepostnoylik tuzumini isloh etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni ko‘rgan Shevchenko xalqni hurriyatni inqilobiy yo‘l bilan qo‘lga kiritishga chaqiruvchi asarlar yozgan.
Shevchenko yangi ukrain adabiyotiga xalqning tarixiy taqdiri va kelajagi bilan bog‘liq g‘oya va obrazlarni olib kirgan, undagi realistik yo‘nalishga yangi hayot bag‘ishlagan. Ayni paytda ukrain tilining milliy adabiy til sifatida shakllanishi va kamol topishida Shevchenko ijodi katta rol o‘ynagan.
Sh.ning ayrim asarlari o‘zbek tilida nashr etilgan. Toshkent shahrida unga haykal o‘rnatilgan, nomiga ko‘cha qo‘yilgan.


O‘YLARIM SIZ, MENING O‘YLARIM

O‘ylarim siz, mening o‘ylarim,
Mendir ado, siz kuydirasiz.
Nega qog‘oz betiga tushib,
Ko‘z oldimda g‘amgin turasiz?
O‘ylarim siz, mening o‘ylarim,
Nega sizni shamol chang kabi
To‘zitmadi cho‘llarga yozib?
Nega hasrat o‘z bolasiday
O‘ldirmadi, tagiga bosib —
Uyqusirab sizni, o‘ylarim?
Chunki hasrat bilan dunyoga
Tahqirlanish uchun keldingiz:
Qancha yig‘i-sig‘ilar bilan,
Ko‘z yoshlarda siz quyildingiz…
Nega axir o‘sha ko‘z yoshlar
Sizni yuvib va g‘arq etmadi?
Na dengizga to‘kdilar sizni,
Na dalalar chanqab yutmadi?
So‘rashmasdi ana o‘shanda
El-xaloyiq dard tortganimni…
So‘rashmasdi nega la’natlab,
Taqdirimga tosh otganimni,
Nega dunyo azoblar meni?
Entikaman, qalbimda yara.
«Laqillaydi bekordan-bekor!»
Deya etmasdilar masxara.
Bolalarim, sevgan o‘ylarim!
Sizni ekib, o‘stirdim nega?
Jahonaro bironta yurak
Sizning bilan yig‘laganimdak
yig‘larmikan botib qayg‘uga?
To‘g‘ri chiqar, balki o‘ylashim,
Mening kabi ko‘ksin tig‘lovchi,
O‘ylarim-la birga yig‘lovchi
Biror yurak topilar qizdan,
Qizdan, balki, quralay ko‘zdan?
Shundan o‘zga yo‘qdir hojatim.
Quralay ko‘z to‘ksa tomchi yosh,
Bas … shundadir baxtim, rohatim.
Uylarim siz, mening o‘ylarim,
Ado bo‘ldim, siz kuydirasiz.
Quralaydek ko‘zlar o‘yida,
Nafis, qora qoshlar ko‘yida,
Yuraklarim tolpindi shodon,
Yuraklardan so‘z oqdi ravon.
O‘z holicha va bilganicha
Tim qorong‘i kechalarni deb,
Olchazor-u bog‘chalarni deb,
Qizlardagi g‘amzalarni deb…
Ukrainadagi cho‘llarni,
Qo‘rg‘on-mozor tepalarni deb,
Yuraklardan so‘z oqdi ravon;
Yuraklarim achindi yomon,
Istamadi kuylaigni sira
Begona yer, g‘urbatlar ichra…
O‘rmonlarda, qirlarda turib,
Tug‘ ko‘tarib, gurzi ko‘tarib,
Yurgan o‘sha kazak ahlidan —
Bir chaqirib yordam olgani,
Yo maslahat, hamdam olgali,
Dil chopmadi, ko‘ngil bo‘lmadi…
Qo‘ying, mayli, Ukrainada
Kazak ruhi kezsin, sarfaroz,
Sahroday keng, cheksiz siynada
U boshidan bu boshigacha
Sevinch-quvonch to‘lgan, juda soz…
Oqib o‘tgan erkinlik kabi
Keng bir daryo Dnepr — dengiz.
Cho‘llar, cho‘llar, sahrolar cheksiz,
Qirday mozor tepalar-tog‘lar,
Pishqiradi harsang qirg‘oqlar,
U yerlarda tug‘ildi,o‘sdi
Ot sakratib sarbast kazaklar.
Unda shlyaxta, tatarlar bilan
Bo‘lgan jangda qonlar to‘kildi.
Horimadi kazaklar erki,
Dalalarga gavda ekildi…
So‘ngra tindi…
Ana o‘sha zamondan beri
Ko‘p qabrlar yerdan o‘sdi-da,
Qora burgut qorovul kabi
Uchib yurar uning ustida.
O‘sha janglar, ko‘plab qabrlar
To‘g‘risida aytalar hamon
Ko‘zi ojiz, kobzar faqirlar
Kuylaydilar tarixiy doston.
Chunki aql bilan to‘lgandir
O‘shalarning donishmand boshi…
Lekin men-chi? Lekin mengina,
Menda faqat bir yig‘igina,
Ukraina uchun faqat ko‘z yoshi…
So‘zlagani tilim kelmaydi…
Alam, hasrat!.. Hasrat deysizmi?..
Axir uni kim ham bilmaydi?..
Kimki xalqqa qadrdon bo‘lsa,
Ko‘ngil berib, jonajon bo‘lsa,
Og‘irlikka bo‘lsa u hamdam,
Unga ushbu dunyo va hayot
Ko‘rinadi do‘zax, jahannam,
U dunyoda, U dunyoda-chi…
Shuncha yonib, yutib hasratni,
Gar saodat menda bo‘lmagach,
Chaqirmayman baxt va qismatni.
Mayli, shuncha jafo, mashaqqat
Umr surar uch-to‘rt kun faqat,
Yashiraman jafo, fig‘onni,
Yashiraman yovuz ilonni —
Yuragimga, toki ko‘rmasin —
Dushmanlarim hasrat kulkisin…
Mayli, qo‘ying, o‘y qarg‘a kabi
Uchib yursin hamda sayrasin.
Lekin yurak bir bulbul kabi
Kuylasin ham fig‘on aylasin.
Bu yashirin — kishi ko‘rolmas,
Masxaralab, mazax qilolmas…
Ko‘zlarimdan yoshlar to‘kilar —
Kecha-kunduz, qo‘ying, artmangiz,
Oqsin-oqsin, hech to‘xtamangiz,
Toki-toki… begona qumlar
Bilan ko‘zim qachon yumilar,
Chet yerlarni sug‘orsin ular,
Oqsa-oqsin, mayli, artmangiz…
Shunday ekan… Endi ne chora?
Hasrat yordam qilolmas zarra.
Kimki menga qilsa g‘ayirlik,
Men yetimni etsa istehzo,
Xudo bersin o‘shanga jazo!
Uylarim siz, gul lolalarim,
Uylarim siz, jon bolalarim,
Parvarishlab o‘stirdim, netay?
Qayerlarga sizni uzatay?
O‘ylarim siz, jon bolalarim!
Boring o‘sha Ukrainaga,
O‘sha bizning Ukrainaga,
Devorlarning tagidagi zor —
Yig‘lab yurgan bo‘lib xokisor —
Etim-esirlarning oldiga.
Men uzoqda halok bo‘laman.
Siz u yoqda topa olasiz
Samimiy qalb hamda hurmatni,
O‘sha yerdan topa olasiz
Chin haqiqat, balki, shuhratni…
Ukrainam,
Sevimli ona,
Shu beaql bolalarimni,
Uz go‘daging, bolangdek qarab
Kutib olgin, sevib do‘stona.
1839

Amin Umariy tarjimasi

VASIYaT

O‘lsam mening jasadim
Ukrainaga ko‘milsin;
Qabrim u keng dalaning
Eng o‘rtasida bo‘lsin.
Poyoni yo‘q ona yer
Va zangori Dnepr
Ko‘rinib tursin menga,
Vag‘illab oqqan daryo
Bilinib tursin menga!
Dushman qonini daryo
Yuvib oqizgan zamon,
Elim topgan kun omon,
Qo‘zg‘alarman qabrimdan.
Ko‘ming-u qo‘zg‘ang isyon,
Kishanlar kul-kul bo‘lsin,
Erk jangida dushmanning
Qora qoni to‘kilsin.
So‘ng ulug‘ oilada
Boshlangiz erkin hayot,
Sekingina meni ham
Yod etib qilingiz shod.
1845

KIChKINA MARYaNAGA

O‘s, go‘zalim, o‘s, mening qushcham,
Ey, sen mening lola rangim, o‘s.
Hali qalbing parchalanmagan,
Yaproq yozu ochil, ma’sum o‘s.
Sen ko‘kargan jimjit vodiyni
Odam zoti ko‘rmagan hali,
Agar bilib qolguday bo‘lsa
Yulib olib, quritar seni.
Na pokiza navnihol yillar,
Na husnga to‘lgan yuzlaring,
Na tong chog‘i ko‘z yoshi yuvgan
Sening qora qiyg‘och ko‘zlaring.
Na-da ma’sum, poku ozoda,
Va begunoh qiz qalbing sening
Och ko‘zlarni to‘ydirolmaslar…
To‘ydirolmas, yumdirolmaslar.
Ular kelar, o‘g‘irlar seni
Va do‘zaxga sen bechorani
Kuydirarlar tashlab beomon…
Qiynalursan o‘t azobida,
Va Tangrini qarg‘arsan yomon.
Yangi gulim ochila ko‘rma,
Ochilmasdan, xazon bo‘la qol;
Hali qalbing parchalanmagan,
G‘unchalikda sekin so‘la qol.

* * *

Gar bo‘lmasa bir kulba xonang
Va kutmasa hamshira onang,
Bundan yomon bir xo‘rlik yo‘qdir,
Diling qayg‘u bilan to‘liqdir.

Menda yo‘qdir singil va opa,
Bu baxt menga tamom begona.
Men bu baxtni hech bir bilmadim;
Faqat shunday qovrildi umrim.

……………………………………..
Qachonlardir uzoq yot elda,
Ko‘zim mening yo‘qoldi senda!
Qismat yomon, deya yig‘ladim,
Bir oshiyon, deya yig‘ladim.
……………………………………..

Uzoq kezdim dengizda sarson,
Sirdaryoga chiqdik bir zamon;
Langar tashlab to‘xtagan bo‘ldik,
Ya’ni bo‘shab dam olgan bo‘ldik.
Vatagadan xat keltirdilar,
O‘qigali el o‘ltirdilar.
Biz, ikki do‘st yonboshlab yotdik,
Ikki sirdosh xayolga botdik;
Men: “Dunyoda ona va bir xat
Toparmanmi”, der edim faqat.
– Sen yolg‘izmi? – deb so‘radim jim,
– Uyim, bolam bor, – dedi do‘stim, –
Kulba xona, ona, hamshira
Boru, biroq xat yo‘qdir sira…

Hamid Olimjon tarjimasi

***

Alla, bolam, alla, g‘ussam,
Dardim sen tun-kun…
Ukrainada kezganing dam
Qarg‘aysan bir kun.

Sen otangni, o‘g‘lim, hech vaqt,
Qilma gunohkor.
Meni qarg‘a, menman badbaxt
Mendan qilgin zor.

Men olamdan o‘tgan nafas
O‘rmonga ketgin.
Hech kim kulib, tahqirlamas
Sen unda kezgin.

Kalinamni axtarib top,
Va qilgin ta’zim,
Sevar edim men uni sof
Jigarim, bag‘rim.

Xalq ichiga kirib qolsang
Tinmasin ko‘zing.
Ammo ona-bola ko‘rsang,
O‘girgin yuzing…

* * *

Boy qiziga uylanma,
Xo‘rlab uyidan quvar.
Qashshoq qizga boylanma,
Umring yo‘qlikda o‘tar.

Uylan ozod, erkinga,
Shudir kazak qismati:
Ochsan, lekin erkingga
Egasan shamol kabi.

Birov qilmaydi xushvaqt,
Azob ham solmas hech kim.
Qayering og‘rir, ne gap,
Ko‘nglingni olmas hech kim.

Deydilar: Er-xotinga
Bir dard chekmoq yengilroq
Inonma, ko‘z yoshingga
Ko‘z tushmagani behroq.

Zulfiya tarjimasi

PODShOLAR

I

Apollonning qari singlisi,
Hech bo‘lmasa, bir soat, bir oz
Biz tarafga tashrif etsangiz,
Yuksaltirib ilohiy ovoz –
Go‘zal qasidalar aytsangiz.
Qo‘llasangiz bir safar mani;
Madh etishga tushsak ikkimiz.
Shohlar yoki biror narsani.
Chunki sizga rostini aytsam,
Jonga tegdi anov mujiklar,
Boyvuchchalar, erga tegmasdan
Nomusidan ayrilgan qizlar.
Istar edim tojli boshlarning
Sarguzashtin so‘zlasam to‘la.
Valiahdlar qissasin kuylab,
Xumorimni yozsam bir yo‘la…
Hech boki yo‘q agar bilmasam,
Yordamingiz bo‘lsa bu yo‘lda,
Muqaddas yog‘ bilan moylangan
Kokillarni ushlardik qo‘lda.
Tashlang ko‘hna Parnas ingizni,
Bunda keling bir soat, bir oz,
Yoqimli, ilohiy tovushingizni
Soz maqomda yangratingiz boz.
Bu toj kiygan zumrani boplab
Ko‘rsatamiz orqa-oldidan –
So‘qirlarga yaxshi soatda,
Kel, kengashchim, boshlaylik tezda.

II

Hech kishi yo‘q Quddus sharifda,
Darvozaga qulf solingan.
Maydoniga Dovud shahrining
Go‘yo vabo yastanib olgan.
Yo‘q, vabo yo‘q, yaramas bir vaqt
Isroil ni qoplab olmishdir.
Shoh urushi! Bechora xalqning
Boshiga g‘am, kulfat solmishdir.
Barcha quvvat, shoh knyazlari,
Tamomiy xalq: o‘smir, yosh, qari,
Shahar ichra beklab Kivot ni,
Tashqariga chiqdilar bari.
Talay jonlar chiqdi maydonga
Javlon qilib va ot soldirib,
Jang qildilar maydonda; aziz –
Go‘daklarin yetim qoldirib.
Shahar ichra, g‘amxonalarda
Yosh, yesirlar – sho‘rlik boshlilar,
Qorong‘i, zax, tor kulbalarda
Yosh juvonlar, qora qoshlilar –
Termulishib go‘daklariga
Yig‘laydilar. Payg‘ambarlari,
To‘ymas hokim, podsholari
Dovudni ko‘p qarg‘aydi bari.
U bo‘lsa-chi, zarbof jandada,
Xonasining baland tomida
Biqinini ushlab, har tomon
Borib-kelib, bosib yurmoqda
Xuddi mushuk ishtaha bilan
Qaraganday dumba yog‘iga,
U ko‘z tashlab qo‘yar qo‘shnisi –
Guriyaning go‘zal bog‘iga.
Tani qizil, yuragi o‘ynar,
Olov bo‘lib yonadi ko‘zi.
Guriyaning xotini, shohning
Quli – Virsaviya bir o‘zi
Xuddi jannat ichra Havvoday,
O‘zining soz go‘zal bog‘ida
Yuvar edi oppoq to‘shini:
Cho‘milardi suv quchog‘ida.
Podshoning o‘yi buzilib,
Cho‘risiga tikilib turdi:
Go‘zal Virsaviya avliyo
Podshoning yuragidan urdi.
Qorong‘ulik dunyoni ko‘mib,
Pardasini sudramoqdadir.
Qayg‘uli bir zulmatga cho‘mib,
Quddus sharif mudramoqdadir.
Dovud go‘yo o‘zni yo‘qotgan,
Turli tuman xayol suradi.
Hech to‘ymas shoh o‘z xonasida
Nari beri bosib yuradi.
O‘z-o‘ziga deydi: men… bizlar
Buyuramiz – tangri xalqiga!
O‘zim shohman! Va o‘z yerimda
Men Xudoman! Men hamma narsa…
Bir oz o‘tgach qullar bosh egib,
Kechki taom, may keltirdilar.
Shoh buyurdi: kechki taomga
Xotinlarin keltirsin qullar!
Go‘zal Virsaviya ham keldi
Tangri shohi oldiga shu on.
Taom yedi payg‘ambar bilan,
Sharob ichdi, ko‘z oldi tuman.
Taomdan so‘ng o‘z shohi bilan
Bir oz dam olishga jo‘nadi…
Guriya ham yotar, uxlolmas,
Bu xo‘rlikka qanday ko‘nadi?
Uyidan shoh oltin, kumushmas,
Balki asl Virsaviyasin,
O‘g‘irlaganini yaxshi biladi…
Shoh o‘ldirdi uni, bilmasin deb –
Virsaviyaning qilgan ishini
Shu ravishda mahv etdi Dovud
Kimsasiz qul, g‘arib kishini.
So‘ngra xalq oldida, xalqni aldab,
Shoh ozgina yig‘lagan bo‘ldi.
Oyat o‘qib eski tavrotdan
Yuragini tig‘lagan bo‘ldi.
So‘ngra yana avvalgiday mast,
Shodligini ko‘kka yetkazdi.
O‘sha go‘zal qul xotin bilan
Ishratini davom etkazdi.

Uyg‘un tarjimasi

* * *

Havas qilma sarmoyadorga,
Havaslaring sabil qoladi.
Do‘stlikni ham, muhabbatni ham,
U aqchaga sotib oladi.
Havas qilma qudratli zotga,
U barchaga o‘tkazar zug‘um.
Dongdorga ham havas aylama,
Dongdorning ham ahvoli ma’lum.
U biladi, odamlar aslo
Xush ko‘rmagay asl siyratin.
Dongdor zotning o‘zini emas,
Sevadilar faqat shuhratin.
Bamisoli jannatdagi hur,
Yuvoshgina yurishar yoshlar.
Bir qarasang, qovushgandan so‘ng,
Ular ham o‘z g‘avg‘osin boshlar.
Odamlarga havas qilma hech,
Olam kezib izlama jannat.
Na zamin va na osmon bor,
Topolmassan sen uni hech vaqt.

* * *

Tutqunlikda yashayman tanho,
Bironta ham hasratdoshim yo‘q.
O‘z o‘ylarim ichra men ado,
So‘zlasharga suhbatdoshim yo‘q.
Axtaraman parvardigorni,
Duch keladi nuqul boshqalar.
Yillar ezdi menday abgorni,
Boshim uzra kulfat tosh qalar.
Bahorimning qutlug‘ chog‘iga,
Soya soldi bulutlar xira.
Eslamoqqa gohi-gohida,
Topilmaydi yorug‘ xotira.
Yupanch kerak dilimga, ammo,
Bir muloyim so‘z menga, qani?!
Holim shudir: qor ko‘mgan go‘yo,
Hali sovimagan murdani.

Abdulla Oripov tarjimalari