Atoqli turk shoirlaridan biri Abdurrahim Karakoch (Abdurrahim Karakoç) 1932 yilning aprelida Turkiyaning Qahramonmarash viloyatiga qarashli Elbiston tumanida tug‘ildi.
Muallif ilk she’rlarini ikki kitob holida nashrga tayyorlaydi biroq she’rlari o‘ziga yoqmay kitobini yoqib yuboradi. Keyinroq yozgan she’rlarini to‘plab “Hasanga maktublar” nomi bilan 1964 yilda nashr ettirdi. Bu kitob 10 000 nusxada nashr qilindi. To‘plam tez orada qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketgach, ikkinchi nashri ham ayni tirajda chop qilindi. Shundan keyin shoir katma-ket 12 she’r kitobini she’riyat muxlislariga tuhfa qildi.
Abdurrahim Karakoch 2012 yilning 7 iyunida Anqarada vafot etdi.
* * *
Po‘lat pichoq bilan suvlarni kesdim.
Suvlarni yuvdim-da, devorga osdim.
Tushimda tushimga kirdim tun oqshom.
Bulutga yaslandim, nurlarni tutdim.
Seni xotirladim, seni unutdim.
O‘zimdan o‘zimni so‘rdim tun oqshom.
Yo‘llarni to‘pladim. Bir to‘p ayladim.
Musalloni toq bir manzil sayladim.
Turmasdan o‘ylanib turdim tun oqshom.
Tuprog‘ni bo‘yadim, o‘tlar yig‘ladi.
O‘tirdim, qalqmadim – otlar yig‘ladi.
Tutdim, yo‘rg‘inlikni yo‘rdim tun oqshom.
Dardlar kechikarkan, borib yo‘qladim.
Yirtiq bo‘xchalarda umid saqladim.
Zangli dard zanjirin qirdim tun oqshom.
Shishada tutqundir bir chechak isi,
Yog‘di yuragimga rang-rang qo‘rquvsi,
Yo‘q yerga yo‘qlikni surdim tun oqshom.
Oy chiqdi. Ko‘lkalar cho‘kdi ustimga.
Hijron olov-olov oqdi ustimga.
Ko‘zimni yo‘llarda ko‘rdim tun oqshom.
Oydinlikka chopdim – qorong‘liq chiqdi,
Har sevgi, har vafo bir onlik chiqdi.
O‘zimdan o‘zimga bordim tun oqshom.
Do‘stimga she’r bitdim, xotira dedim.
Balki bir do‘st kelar, o‘tirar, dedim.
Ko‘nglimni tuproqqa qordim tun oqshom.
OYNANING IKKI YuZI
Tepada mol semirsa, semirib, suzganni ko‘r,
Undan qochib, yumalab, loy suvda yuzganni ko‘r.
Bir o‘lka yonib yotsa, yonboshlab yeb yotganni,
O‘t o‘chirmay, baqirib, olamni buzganni ko‘r.
TANISh
Bu kirli muhitning muhrdorlari
Azroilga pora bermoqni o‘ylar;
O‘larkan dunyoning eng ayyorlari
Tanish-la jannatga kirmoqni o‘ylar.
ILON YaXShIDIR
Sizning “haqiqat”dan nafratlanaman,
Yolg‘onni suyaman, yolg‘on yaxshidir.
To‘ydim shu guldanu maddoh bulbuldan,
Ilonni suyaman, ilon yaxshidir.
Shu churuk odatlar xo‘p jonga tegdi,
Yaltoqi nochorlar ko‘p azob chekdi,
Kim bo‘lsa o‘ziga – afandi, bekdir,
Hayvonni suyaman, hayvon yaxshidir.
Mayli, shuyam oxir jinni bo‘pti, deng,
Haqimda ming turli mish-mishlar to‘qing,
Elkamdagi yukdir tirigingiz, men
O‘lganni suyaman, o‘lgan yaxshidir.
Turkchadan Tohir Qahhor tarjimasi
AYTMADI DEMA
Qo‘rqaman, ehtimol, erta kech bo‘lar,
Kelar bo‘lsang, bir kun avval kelgin-ey.
Dardmandlarga yo‘l qaramoq qiyindir,
Kelar bo‘lsang, bir kun avval kelgin-ey.
Qor yog‘ar, qorlarda yo‘llar yurilmas,
Sellar yog‘ar daralardan o‘tilmas.
Kafolat yo‘q umr qancha bilinmas,
Kelar bo‘lsang, bir kun avval kelgin-ey.
Jon qushi qafasda turmas, demishlar,
Qochgan qush qafasga qaytmas, demishlar.
So‘nggi pushaymonlik foydasiz, derlar,
Kelar bo‘lsang, bir kun avval kelgin-ey.
TOG‘ BILAN SUHBAT
Hech boshing og‘ridimi, charchadingmi hech?
Birovdan ranjidingmi, siqildingmi hech?
Sevdingmi, o‘pdingmi, sevildingmi hech?
Sog‘inch nimayu, nima emas, aytgin qani…
Quvonchni kim tortar, g‘amni kim o‘lchar?
Achchiq til yarosi qanchada bitar?
Kutmoq azob, ayriliq misli hanjar
G‘urbat nimayu, nima emas, aytgin qani…
O‘rmoning bor, bulog‘ing bor, toshing bor,
To‘rt faslda bulut sochli boshing bor.
Bilolmayman, qancha uzoq yoshing bor.
Muhlat nimayu, nima emas, ayt qani.
Turk tilidan Ma’rufjon Yo‘ldoshev tarjimasi
MEHRIBON
Sorig‘ sochlaringga telba ko‘nglimni,
Bog‘lamishlar, yechilmagay
mehribon.
Ayriliqdan og‘ir, dema o‘limni,
Chekmaguncha sezilmagay,
mehribon.
Yor degan dam, qalam yerda bo‘zlagay,
Ko‘zlarim ingragay, yurak so‘zlagay,
Chiroqda titragan olov muzlagay,
Ishq qog‘ozga yozilmagay
mehribon.
Oldin nozi, so‘ng so‘z ila ming hiyla,
Ma’shuqa oshiqni joylagay dilga,
Oradan asrlar, yillar o‘tsa-da,
Eski odat buzilmagay
mehribon.
Tabiblarda davo yo‘qdir yaramga,
Ishqqa yetmay boshqasini izlama,
Har narsaning bir zavoli bor, ammo,
Ishqqa hudud tuzilmagay
mehribon.
Bekor qo‘nmagaydir bulbul guliga,
Yondirsang, ko‘r bo‘lgay ishqin kuliga,
Lolman qaro baxtning tahammuliga,
Toshga ursam ezilmagay
mehribon!
Ta’rifga sig‘maydi sevgi mazmuni,
Faqat, chekkan bilar bu dard, huznni,
To azaldan oxir shu bir tugunni,
Echolmadim, yechilmagay
mehribon!
* * *
Sirotdan nozikdir ko‘prigi savdo,
Kel, birga kechaylik tut qo‘llarimdan.
Niyat oq kabutar, makoni samo,
Kel, birga uchaylik, tut qo‘llarimdan.
Ko‘ngildagi istak qalqdi zohirga,
Bermagin ayozga, bo‘ron, yomg‘irga,
Ketgan bahorlarga, kelajak qishga,
Kel, birga ko‘chaylik, tut qo‘llarimdan.
Birlashmoq vaqtida shafaqla g‘urub,
Qo‘rquv kutilmaydi eshikda turib,
Ista og‘u bo‘lsin, istagin shurup*,
Kel, birga ichaylik, tut qo‘llarimdan.
Chorla xayollarning eng injasini,
Yaqindan tuyarsan ishqning sasini,
So‘ngsiz baxtiyorlik panjarasini,
Kel, birga ochaylik, tut qo‘llarimdan.
Esla unut bo‘lgan xotiralarni,
Olmosdan yorqinroq, oltindan sarig‘,
Vaqtning jilovidan endi ularni,
Kel, birga tortaylik, tut qo‘llarimdan.
Shubha “muqaddima”, qaror “nihoya”,
Zamonni zamonga qilma shikoyat,
Qochmoq qutulmoqdir, desang gar shoyad,
Kel, birga qochaylik tut qo‘llarimdan.
____________
* zahar.
* * *
Ko‘ngil dastgohida misra to‘qidim,
Harir-harir naqishinda sen borsan.
Ishq yo‘lining qonuni o‘qidim,
Modda-modda xat boshinda sen borsan.
Fikr vodiysidan bir irmoq kechar,
Sarvlar egilib suvidan ichar,
Bag‘rida oy tug‘ar, chechaklar ochar,
Sokin-sokin oqishinda sen borsan..
O‘z suvisan hayot degan shishaning,
Nimasisan kadar ila na’shaning,
Savdo maydonida shahid tushganning,
Sovuq-sovuq boqishinda sen borsan.
Sening tasviringda ko‘rinar bahor,
Yaproqdan yashilsan, gulda hiding bor,
Yamoq-yamoq qalbimdagi yaralar,
Qator-qator choklarinda sen borsan.
O‘ksinmagin ketib huv olislarga,
Sen “seni”ingni kelgil o‘zimdan izla,
Umid quyoshimning mo‘r bulutlarga,
Kirib-kirib chiqishinda sen borsan.
* * *
Daryolar ishq istab jo‘shar Haq deya,
Boshin toshga urib-urib, oh chekar.
Shamol tog‘dan tog‘ga ko‘char Haq deya,
Orada bir to‘xtab turib, oh chekar.
Maysa hatto Yo Haq debon bitarmish,
Yomg‘ir Haqdan kelar, Haqqa ketarmish,
Haq oshig‘i ko‘zi qora bir darvesh,
Haq yo‘lida yurib-yurib, oh chekar.
Daraxt mudom Haqqa ochar quchog‘in,
Og‘riq bermas Haq amrining pichog‘i,
Ko‘kda quyosh Haqning so‘nmas o‘chog‘i,
Cho‘qqida qor erib-erib, oh chekar.
Qushlar Haq deb baland uchar har tongda,
Baliq suvda Haqni ichar har tongda,
Gullar o‘zin Haq deb ochar har tongda,
Hidlarini berib-berib, oh chekar.
Haqning yo‘lchilari Haqda topishar,
Borliq zarra-zarra Haqni yopishar,
Qalblar tinmay Haq-Haq, deya tepishar,
Qon tomirda qurib-qurib, oh chekar.
Haq muhri bor jayronlarning ko‘zinda,
Haq tanhodir butun bu yer yuzinda,
Haq Rasulu Muhammadning izinda,
Ko‘ngil Haqni ko‘rib-ko‘rib, oh chekar.
* * *
Yo Rab, bu hasratga ko‘nikmagay jon,
Vaqtim ozdir, men horg‘inman, yo‘l uzun.
Har qadamda bir to‘siq bor begumon,
Vaqtim ozdir, men horg‘inman, yo‘l uzun.
Mumkinmi bu yo‘lda bo‘lmoq avliyo,
Mumkinmi bu yurtda do‘stga do‘st tutmoq,
Oshiqqa or kelar qayrilmoq qiyo,
Vaqtim ozdir, men horg‘inman, yo‘l uzun.
Menga ortilganday eng og‘ir gunoh,
Zulmat cho‘kdi dilga hayronma, e-voh,
Umidim hech qachon bitmaydi biroq,
Vaqtim ozdir, men horg‘inman, yo‘l uzun.
Sevib sevilmaslik bo‘lsa qadarda,
Qay tabibda davo bor bu kadarga?
Hastaman, mag‘lubman soniyalarga,
Vaqtim ozdir, men horg‘inman, yo‘l uzun.
Ey xonlar xonini halq qilgan Xonchi,
Bir yutum ishq bilan tug‘di bu sanchiq,
Ey faqir yemagi, Mo‘min ishonchi,
Vaqtim ozdir, men horg‘inman, yo‘l uzun.
* * *
Maktub deya she’r yubormish, boq, yana,
G‘amlangaysan, men o‘larman, unutma…
Toza chirmovug‘im hasta badanga,
O‘ralgaysan, men o‘larman, unutma…
Bir kun quyosh bo‘lib ko‘lga tug‘arsan,
Bir kun yomg‘ir bo‘lib yo‘lga yog‘arsan,
Bir kun chechaklardan ifor sog‘arsan,
Charchagaysan, men o‘larman, unutma…
Qilich og‘zi yo‘ldir, o‘q uchi maydon,
Eslab qol, sen mening jonimsan ey jon,
Bog‘da kaklik kabi, qirlarda jayron,
Sakragaysan, men o‘larman, unutma…
Ishq, desalar, aqlni qo‘y, dali bo‘l,
Qatra-qatra ko‘kdan ingan nuri bo‘l,
Bo‘z-bulaniq oqqan yomg‘ir seli bo‘l,
Yog‘ilgaysan, men o‘larman, unutma…
Tinglash mushkul, anglash qiyin yor meni,
Ko‘rar bo‘lsang dardda, g‘amda ko‘r meni,
Ko‘ngil tuprog‘ida qurdim har neni,
Tirilgaysan, men o‘larman, unutma…
* * *
Men sobit har neni sevolmam, ey jon,
Sen
Agar meni tinglar bo‘lsang,
Toshguvchi irmoq bo‘l…
Va ko‘ngil dastasiga o‘ralgan
Nozli-nozli dolg‘alangan
Bayroq bo‘l…
Men zulmatni hech sevolmam, ey jon,
Vaqtning har onida,
Har qachon,
Oqargan shafaq bo‘l…
Quyosh nuri ila yashnagan chechak
Sahar yellarila uyg‘ongan
Yaproq bo‘l…
Men qorishiqlikni sevolmam, ey jon,
Sen
Yaylovlar chashmasida oqqan
Suvlardan pok bo‘l…
Ko‘l bo‘lma, to‘g‘on bo‘lma, tog‘ bo‘lma,
Yuksak bo‘l…
Men uyqularni sevolmam, ey jon,
Uyqulardan uzoq bo‘l…
Qahratonda qorni yorib chiqqan
Oppoq bir gul
Moviy bir zamboq bo‘l…
Men zaiflarni ham sevolmam, ey jon,
Haqiqatlarni ostin-ustun qilgan
Zaiflardan yiroq bo‘l…
Nari tur, nari tur, ey jon,
Nafrat saroyida sulton bo‘lgandan ko‘ra
Ilm o‘chog‘ida shogird bo‘l…
Senga maslahatim shuldur, ey jon,
Zolimlarning bo‘ynida go‘zal bo‘yinbog‘ bo‘lmoq o‘rniga
Borgil,
bir g‘arib o‘likning ustida
kafan bo‘l,
Yolg‘iz kelinlarning yuzida
ro‘mol bo‘l…
Turk tilidan Rahmat Bobojon tarjimasi