G‘affor Mirzo 1929 yil 5 yanvarda Tojikistonning Xovaling tumanida tug‘ilgan. Dushanbe davlat pedagogika institutini tamomlagan.
«Chin dildan» (1952), «Ming rahmat» (1954), «Erak qa’rida» (1962), «Asror» (1957), «Davlat toji» (1958), «366 burchak» (4 qism; 1963, 1964, 1970, 1972), «Noru Nur» (1972) kabi kitoblari chop etilgan.
U V. Mayakovskiy, N. Nekrasov, Sh. Petefi, N. Hikmat, A. Surkov, P. Voronko, A. Tvardovskiy asarlarini tojik tiligan tarjima qilgan.
Tojikiston xalq shoiri (1994).
2006 yil 26 avgustda vafot etgan.
MAJNUNTOL
Ulki majnuntol — majnuntol emas,
Suvrati Laylodir ul, derlar, ishon.
Baski, zor Majnun arab sahrosida
Layli, deb chekmish, base, ohu fig‘on.
Ishqiga go‘yo aza tutgan kabi
Kifti uzra to‘zg‘itgan kokillarin,
Qomati mavzun, ruhi mahzun ila
Noilojlikda solingan qo‘llarin —
Yod etmish, yod hamisha, dam-badam
Yod etib, bechora Majnun yig‘lamish.
Ul g‘amistondek arab sahrosida
Oshiqi devona dilxun yig‘lamish.
Yor ko‘zi deb qaynagan ko‘z yoshida
Aks etardi yor ko‘yi — joyi hazin.
Aks etardi Layliyu ko‘z yoshlari —
So‘ng oqardi, qayda, deb ro‘yi zamin.
Majnun ashki, boq, ko‘kardi dasht aro,
Yashnadi, har lahza sabza urdi ul.
Ko‘z solib Qays boshi uzra ko‘rdi tol,
Tol emas, Layloni unda ko‘rdi ul:
Ishqiga go‘yo aza tutgan kabi
Kifti uzra to‘zg‘igan kokillarin,
Qomati mavzun, ruhi mahzun ila
Noilojlikda solingan qo‘llarin…
Sochini yoymishdi Majnun boshida,
Dasht-biyobon ichra xuddi soyabon.
Aslo, majnuntol — majnuntol emas,
Suvrati Laylodir ul, derlar, ishon.
OShIQ DIL ROZI
Ayt-chi, biror kimsani suyganmisan?
Yorni sevib, ishqida kuyganmisan?
Oh, bu huzur misli huzur qayda bor?
Bo‘yla, yana chashmai nur qayda bor!
Kel, yana bir so‘zga qulog‘ingni tut,
Ishq so‘zi bu, boshqani bir dam unut.
Yo‘q, demasmen, menga aslo g‘am bo‘lmadi,
Hissai g‘am men sari kam bo‘lmadi.
Hattoki, baxt qo‘ynida, bilmam, qalay,
Hozir edi men sari g‘am, har qalay.
Gar gohi turmush g‘amidin tufladim,
Ustiga boz ishq g‘amini yukladim.
Ishq desa birdak, hama birdak ekan,
Tuprog‘u zar farqi ham andak ekan.
Yo‘qsa, menu besaru somon qayon,
Ul sanamu dilbaru jonon qayon?
Yo‘qsa, bu bechorayu bezeb qayon?
Ishqi parizodi Sarandeb qayon!
Menda biror mashqi hunar yo‘q edi,
Balki hunar sori nazar yo‘q edi.
Yo‘q edi boshim sari maqsad yana,
Yo‘q edi ko‘nglim sari rag‘bat yana.
Keldi-yu, ishq sehriga band ayladi,
Bir yo‘la ul bandi kamand ayladi.
Vohki, ajab, menda ajab hol edi,
Gohida g‘am, gohida iqbol edi.
Qayg‘u, quvonch bo‘lmadi kam-kam sira,
Otashi ishq topmadi barham sira.
Otashi ishq tushsa agar er sari,
Er yo‘li tushgay shu zamon she’r sari.
O‘ylaki, shoir ne degan bandadir,
Ishqqa o‘sha erkayu arzandadir.
Boshqasi, solsam nazarim, past edi,
Loyig‘i ishq she’r edi, shu kasb edi.
To‘rt yil ishq ichra sabr ayladim,
Yordin dil rozini sir ayladim.
Toki biror ranji alam bo‘lmagay,
Yor mening ishqim eshitib, kulmagay.
To‘rt yil yondim, vale yongan sari,
Oxiri qo‘l berdi hunar men sari.
Koshki bilsang, na qiyindir, inchunin,
She’r yozish men kabi nekbaxt uchun.
Fikru havas seli puroshub edi,
Ammoki she’r kosachayi cho‘b edi.
Qofiya ham vazni suxan tang edi,
Unda satr oqsoq edi, lang edi.
Baski, dilimdan uchubon o‘tli oh,
She’r bo‘lib daftarga u tushguncha to,
Muzlar edi, muz bosibon rohini,
Ko‘rgay edi suvrati arvohini.
Misraki, qog‘ozga bitib, joyladim,
Yor nazari birla nazar ayladim.
Yorga agar bo‘lmasa she’rim pisand,
Ohki, o‘larman bu alamlar bilan.
Bo‘yla, arosat edi ijod menga,
Bo‘yla, edi vasvasa ustod menga.
Yorning yodi ila sursam qalam,
She’r edi husnda zebo sanam.
To‘rt yil yondim tutashib siynaso‘z,
Payvand etib she’r aro so‘zga so‘z.
To‘rt yil tunlarni yoritdi so‘zim,
She’r ila ishq darsiga soldim o‘zim.
O‘z nuridin ko‘zni judo ayladim,
Ko‘zga o‘shal yor nurini joyladim.
Toki dilimdan, base, ketgay g‘ubor,
Toza bo‘lib toza qadamgohi yor.
Nuri jamoli qalam erdi menga,
Nomi azizi qasam erdi menga.
Oh menga, bu holi parishonga oh,
Men kabi bu soddayu nodonga oh.
Shuncha yuribmanki gumon aylamay,
Ishqqa jahon ichra garov bo‘lmagay.
Uchmoq uchun bolu paring bo‘lsa ham,
Bitta emas, yuz hunaring bo‘lsa ham,
Yoki baland poyada sulton esang,
Yoki yurib, it kabi sarson esang,
Ko‘yida joningni nisor ayla, bas,
Ishqqa garov, ishqqa inobat emas.
Xo‘sh, keyin ne bo‘ldi?
Mana, tingla, ko‘r,
To‘rt yil shu zaylda kechdi umr.
Bir kuni keldim o‘shal ostonaga,
Rozi dilim aytgali jononaga.
Tashna edim, ortdi yana nolishim,
Tushna edim, tosh ushatdi tishim.
Xayriyatam, she’r menga hamroh ekan,
Menga suyanchiq, menga ogoh ekan.
Yo‘qsa, alamdan yana bo‘lgay edim,
Bo‘lgay edim, o‘rtanib, o‘lgay edim.
Qolgay edim ikki ko‘zim ko‘r bo‘lib,
Ichganim achchiq, yeganim sho‘r bo‘lib.
Baxt quvib haydadi dargohidan,
O‘lmayin qoldim, ajab, dil ohidan.
O‘ylar edim, yakkayu tanho o‘zim,
Loyiqi hamxonayu hamroh o‘zim.
O‘ylar edim, yor muyassar bo‘lur,
Bir umr jonimga barobar bo‘lur.
O‘ylar edim, yor muyassar bo‘lur,
Bir umr baxtimga birodar bo‘lur.
Endi-chi, hijronzada bir bandaman,
Yor ko‘yidin quvg‘inu sharmandaman.
Sindi umidim, uni bas ayladim,
Jahl aro, o‘ylaki, qasd ayladim:
Endi dilim bandi sanam bo‘lmagay,
Bandi sanam, balki alam bo‘lmagay.
Ketdi jahl, ketdi jahl birla qasd,
Ko‘nglim aro o‘zga azob qoldi, bas.
Kam edimu menga magar eski g‘am,
Voh, yana ko‘nglim to‘rida ul sanam.
Solsam agar bir pari ruxsorga ko‘z,
Ko‘nglim aro boz o‘shal qoshu ko‘z.
Qaysiki, bir sanamga solsam nazar,
Ko‘nglim aro boz o‘shal jilvagar…
Izlaganim — chehrasidin bir nishon,
Istaganim — bahrasidin bir nishon.
Bir saname, ul kabi anvar emas,
Bir saname, unga barobar emas.
Bo‘yla, azob ichra yasharman, netay,
Bunga nechuk chorai tadbir etay?
Uf, na qilay men, na qilay bu nafas,
Dardi dilim barchasi zoye, abas…
Tilak Jo‘ra tarjimasi