Robert Mugallimovich Minnullin (Robert Mөgallim ulы Miңnullin; 1 avgust 1948 — 27 marta 2020) — tatar shoiri, jurnalist, siyosiy arbob.
TUG‘ILGAN YuRTIM
Tegram to‘la oq chechaklar,
Kuylab asta aylanadi.
Oq qayinlar go‘zal suluv
Yosh qizlarga aylanadi.
Yig‘ilishib, qatorlashib,
Yo‘l olishar Sun bo‘yiga.
Yap-yalang‘och qolibgina
Singishadi tun qo‘yniga.
Chopqillagan bolakaylar
Nimalarni topmas o‘ylab,
Chaqmoqlardan qamchi yasab,
Osmon uzra yurar o‘ynab.
Bu qamchilar yerga teksa,
Chaqmoq chaqib gulduraydi.
Bosh ustida olov yoqib,
G‘azab bilan gumburlaydi.
Toylar birpas chiday olmay,
Gijinglashib o‘zin urar.
Ekinzorlar yuksak, baland
Ufqlarga tegib turar.
Tug‘ilganim – ona yurtim,
Shunday go‘zal – ta’rif ojiz.
Mayli meni maqtanchoq deng,
Maqtovlarim emas bejiz.
OTAM VA MEN
Otam bilan
Ikkalamiz,
Uni-muni
Chuqqalaymiz.
Burab yana
Parmalaymiz.
O‘lchab-chizib,
Chamalaymiz.
O‘zgartamiz,
Yangilaymiz.
Sozlab bo‘lgach,
Engillaymiz.
Silliqlaymiz,
Jilvirlaymiz.
Qiyshiq joyin
To‘g‘rilaymiz.
Ishlar bo‘lsa
Mayda-chuyda,
Uddalaymiz
Joy-joyida.
Buzilsa-chi
Mashinamiz,
Kasalini
Tushunamiz.
Otam usta
Tuzatuvchi,
Men yonida,
Kuzatuvchi.
Rus tilidan Ravshan Isoqov tarjimasi