Najib Dumaviy (1883-1933)

Najib Sib’atilla o‘g‘li To‘xtamishev (Nәҗip Dumavi) Oqsubay tumanidagi Duma ovulida tug‘ilgan. Qozondagi madrasa ta’limini olgach, ko‘p yillar tatar, qozoq bolalarini o‘qitadi. Keyinchalik surgunga hukm qilinadi va 1927 yili O‘zbekistonga keladi. Samarqandning Bulung‘ur tumanida maktabda ishlab, shu yerda vafot etadi.

SIBIR

Agar sen safarga chiqsang, ey, yo‘lchi,
Zulumot dunyosi – Sibirga kel-chi!

Oshga chaqirmadim, olgin oziqni,
Unutma boltayu kurak, qoziqni.

Butunlay boshqa bir dunyodir bu yer,
Xalqning ko‘pi erkak, xotinlar ozdir.

Xalq desam, behuda o‘ylanib turma,
Qishlog‘i, shahari qayda, deb yurma.

Bu yerda ovullar, shaharlar yo‘qdur,
Dovullar, shamollar esadir hur-hur.

Har yoq bulut, har yon qor uyum-uyum,
Bunda ish bermaydir har “modniy” kiyim.

Ko‘p qiziq narsa bor, kelsang, ko‘rursan,
Belingdan qorlarga botib yurursan.

Qiziq narsa desam, bo‘lmagin hayron,
Barin bir jumlada aylayin bayon:

Dovul, qor, muz, sovuq, rasvo havosi,
Vahshiy, hur, qayg‘uli har bir balosi!

Turma, kishan – bo‘g‘ovlaru bo‘g‘ovlar,
Qilich, miltiq, to‘qmoq, qamchi – siylovlar!

Qorong‘i – har kishi bunda baxtsizdir,
Baxtsizlik bunda xon, faqat taxtsizdir!..

QO‘RQINCh

Kuzgi bo‘sh qirlarda uvlar
Marhamatsiz bir shamol,
Topshirilgan unga go‘yo
Bu jahon, har mulku mol.

Ko‘zga tashlanmas aniq u,
Guvlashi chirkin, sovuq,
Bir ilon misli vishillar,
Vahmasi jonga yovuq.

Qoplagan har neni tussiz,
Vahmali ruh, bir tariyq,
Er ko‘kargan, bog‘u o‘rmon,
Bor og‘ochlar sap-sariq.

Ko‘k-da tussiz, bir azobdan
Xo‘p qabarmish yuzlari,
Chekchayib boqqay muhitga
O‘chli, vahshiy ko‘zlari.

Shaklanur ko‘nglim nechundir…
Vahma bosgay ayqirib,
Er yorilmishdir – shamol uvlab,
Qabrlar hayqirib!..

Hamma narsa vahma ichra,
Bir g‘azab kutgan kabi,
Qisqasi, Yer to‘xtagan,
Mahshar kuni yetgan kabi!..

Tatar tilidan Tohir Qahhor tarjimaci