Xarri Martinson (1904-1978)

Xarri Edmund Martinson (Harry Edmund Martinson) — shved shoiri va yozuvchisi, adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti laureati (1974 yil, Eyvind Yunson bilan birga). Unga «Aniara» ramziy-fantastik dostoni (1956) katta muvaffaqiyat keltirgan.

ShARShARALAR

Kumush ilonlari sharsharalarning —
Pastga uloqarkan yashil tog‘lardan
sehrlardi bizni,
qalblarimiz yuksaltirardi.
Suvidan ichardik kallapo‘shlaru
oqib kelgan meva po‘stloqlarida.
Biz kabir g‘orlarning tagida turib
eshitardik suvning tubsiz o‘ngirlar,
qoyalar poyiga urilishini.
Qunishib tumanli dara kunjida
bandi tushgan oqsoch sharsharalarning
mislsiz tug‘yonin tuyar edik, o!

QAShShOQLIK

Qashshoqlikning dahshati — uning uqubatimas,
hayotning tugashi bilan tugaydigan.
Bu — tor poyabzal kabi umr yo‘lingni
adoqsiz og‘riqlarga ko‘muvchi azobmas aslo.
Qashshoqlikning dahshati — nafratdadir
o‘zidan o‘sib chiqqan
va turmushning ninalar sanchmoqligida to‘xtovsiz.
Teran qiynoqlar ostidagi muqarrar o‘limdir
kambag‘alning umri.
Ko‘zing tinar, boshing aylanar — shu’lani-da,
shamolni-da tuymaysan…
Ko‘zingga ninalar sanchilar nuqul;
bilmaysan og‘riqdan boshqa narsani.

MAKTUB

Qora izg‘irinlar manzilga ildam
Yugurdilar xatni dastida tutib.
Shu tun yetib keldi o‘lik qo‘l bilan
O‘liklar yurtidan bitilgan maktub.

Oqarib uchdi u zulmat bag‘rida
Archazorlar osha, qirlar oralab.
Oshib o‘tdi taxtadevorlar uzra,
Yopiq darchalarga bosib o‘tdi lab.

Ustidagi muhr — ro‘y-rost do‘zahdan,
Ichida yozuvlar — dilni qilar xun:
«Men ajal dastiga tushmasdim hech ham,
Bo‘lsaydim sen bilan aqalli bir kun».

O‘ShANDA

Gumburladi qaldiroq sarmast,
Va tund shamol esib shu asno –
Jala quyib berdi basma-bas,
Ust-boshimiz qilib shalabbo.

Suzar ekan bulutlar tog‘-tog‘,
Biz turardik ayvonda xushhol.
Ora-sira chaqnagan chaqmoq
Yoritardi bug‘doyzorni ol.

Uy-uyiga oshiqar qizlar,
Ko‘k yuzida jazava, tanglik.
Do‘l o‘ynadi o‘tloqpar uzra
Yirik-yirik tangalar yanglig‘.

LI DI MASLAHATI

Dunyoni kezarkan, degandi Li Di:
qolgan bo‘lsa agar eng so‘nggi puling,
non sotib olgin va xarid qilgin gul.
Non – qorning uchun.
Xarid qilgan guling
Yashash – ezgu, degan fikringga dalil.

MUHABBAT O‘RMONI

Oq qayin bu –
sevimli zaminning
bayram libosidagi jig‘a.
Uning boshiga mag‘rur qo‘ndirilgan telpakdir
qarag‘ayning shox-shabbalari.
Eski ko‘mir jarligi –
o‘rmondagi sayxonlikning qora yuqqan
dudog‘iga o‘xshar,
bo‘saga tashna, osmondagi bulutlar
sari talpingan.
Bu jarlik – Annaning g‘uncha lablaridir
maymunjonni yeb, qon rangini
yuqtirgan.
Qaytar u uyiga
o‘rmonning ko‘m-ko‘k hoshiyasin yoqalab,
oppoq qordek tishlari girdidan.
Tutar yelinlarni uning qo‘llari
va o‘sha on kuylar chelaklar.

OChIQ SOHIL

Yalang‘och sohilga urilar to‘lqin.
Qurib-qovjiragan suv giyohlari
oyoqlar ostida sinar –
bolalar o‘ynar bunda,
asrlar tegirmonida to‘g‘ralgan qoyalar
qumini qorib,
kulchalar yasarlar.
Sohil ulkan,
to‘lqinlarning guvranishlari
sig‘mas inson his dunyosiga.

YoVVOYI GULLAR

Ins-jinslar zavol topar yasmin g‘uncha ochgan choq,
Lekin uni mahv etar qaqragan tashna dudoq,
G‘oyib bo‘lar guldondan, tugarkan so‘ngsiz firoq.

Yovvoyi, bo‘z chechaklar mahkummas bunga aslo,
Zero, asl go‘zallik bo‘lsa ham mujassam, jo,
Hasratu sevgilarga emas ular oshno.

Barq urib gullar turfa alaflar-la yonma-yon,
Tillasharlar dasht ila bilarlar bir kun qayon –
Izg‘irinlar eltishin, qish kirib kelgach shoyon.

Didimiz bilan bizning ishi yo‘q ularning hech,
Sirlasharlar yakkash sho‘h yellar bilan erta-kech.

Bir tutam umrlari kechgay bamisli ertak,
O‘rnida qolar so‘ngra yolg‘iz cho‘pu cho‘kirtak.

Ular yashar xilvatda, bilmay hech dunyo g‘amin,
Ularning beshigiyu boshpanasi – shu zamin.

YaXLAGAN SO‘ZLAR

Ayoz muzlatar so‘zlarni va narsalarni.
Lekin so‘zlar o‘z quvvatin yo‘qotmas aslo.
Yaxlab yotsalar-da, cho‘mgancha garchi
uzoq uyqu og‘ushiga, o‘lmaslar zinhor.
Davr yana yonganida alanga ichra
misli qaqnus tug‘ilgan tong sururi kabi
ular yana tirilgaylar qushlar bo‘g‘zida.

OJIZLIK

O‘rmonning qorong‘i kunjidan bir kun
bolta topib oldim,
erga bo‘g‘zigacha urilgan.
Qoldirdi bu menda shundoq taassurot –
kimdir kurramizni
ikkiga bo‘lib tashlamoqchi bo‘lgan g‘azabdan.
Haddan ortiq bo‘lgan qahri uning, ha,
faqatgina pand bergan bolta.

KOINOT SOATI

Vaqt tog‘larin yutib yuborar ummon,
Ular vaqt nahriga qular begumon.
Barglar shovillagan joy bo‘lar ungur,
O‘rmonlar gurkirar dengiz o‘rnida.
Soat chiqillaydi, so‘nmas aslo nur,
Sanoqlar hisobi hadsizdir juda.
Dengiz tubidayu cho‘qqida yiroq
Koinot soati bir xildir biroq.

Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari