Taniqli shoira Edit Syodergran (Edith Irene Södergran) 1892 yilning 4 aprelida Sankt-Peterburgda finlyandiyalik shved injener oilasida tavallud topgan. U dastlabki she’rlari 4 tilda: shved, frantsuz, nemis va rus tillarida yozgan.
Yosh shoiraning ijodi frantsuz simvolizmi, nemis ekspressionizmi va rus futurizmi ta’sirida shakllanadi. Syodergran fin-shved adabiyotidagi modernizmning ilk vakilasidir. 1916 yili Xelsinkida shoiraning ilk «She’rlar» («Dikter») deb nomlangan to‘plami nashr etilgan. Bu to‘plamdagi shved she’riyatiga xos bo‘lmagan yangi ohang va shakllar olib kirgan she’rlar fin tanqidchilari tomonidan salbiy kutib olinadi, ular hatto shoirani masxara qilishgacha borishadi. Oqibatda shoira uzlatga chekinishni majbur bo‘ladi. Ammo, tanlagan yo‘li — yangi shakllar izlash, xususan, ijodining asosi bo‘lmish verlibrni rivojlantirishdan qaytmaydi. Fevral inqilobini katta umidlar qarshilagan shoira hayoti qashshoqlikda o‘tadi boshlaydi. Buning oqibatida uning kasalligi yana ham kuchayib boradi.
Shoira 1923 yilning 24 iyunida Kareliyaning Rayvola shaharchasida olamdan o‘tgan. O‘limidan keyin shoiraning ikkinchi she’riy to‘plami nashr etiladi. Bugungi kunda Edit Syodergran ham Shvetsiyada, ham Finlyandiyada eng mashhur shoirlardan biri sifatida tan olinadi.
* * *
Men sening bog‘ingda ko‘karib undim,
Chanqab yomg‘irlarni ichdim men, ey, yor,
Saraton oftobin shimirib qondim
Va gulladim – endi seni kutgum zor.
KUTISh
Men tanho kezarman ko‘l yoqasida,
Qarag‘aylar safin do‘stim atarman.
Milashga sirimni men ochdim asta
Va seni kutarman… Intiq kutarman.
Ammo so‘qmoq xoli, men qancha kutmay…
Moychechaklar mendan kular: oshiq, deb.
Bo‘ynimni qitiqlar ko‘katlar tinmay,
Shularning barisi atalar ishq, deb.
TONG OLDIDAN
I
Tong otmoqda… Jonim, kelib qo‘lim ol,
Ich, undan bahorning otashli qonin.
Kel, jonim, qo‘lim tut. Titrab, bemalol
Oqarib yoritar u zulmat shomin.
Kel, ojiz yelkamni erkala, axir…
Bu qanday baxtli tun – oqar ko‘zyoshim –
Ko‘ksimda bosilmish sening bu og‘ir
Menga taqdirini ishongan boshing.
II
Sen mening ko‘ksimga sevgining alvon
Gulini tashlading – ko‘ksimga bosdim.
Uni mahkam siqdim – oqdi qo‘ldan qon,
Ammo so‘ldi gulim – ko‘zimga bosdim.
Sening qo‘llaringdan bu oliy tojni
Boshini egaru olar hangu-mang,
Sevgiling – ko‘zlari sovuq ma’shuqang.
III
Uni birinchi bor ko‘rdim men bugun.
Uni tanib titrab ketdim va bu on
Bilagimda tuyib turibman uning
Kuchli qo‘llarining taftini hamon.
Qayda qoldi qizlik kulgum – g‘ururim
Va hech kimga bo‘yin egamagan boshim?
Hamon vujudimga titrog‘ing – yangrar
Nozik orzu uzra kuchli tovushing.
IV
Gulni izladingu
Olmani topding.
Buloqni ko‘zlading,
Dengizni topding.
Ayolni izlading,
Yurakni topding.
Afsus chekarsan…
QORA VA OQ
Oqaversin, mayli, daryolar,
Moychechaklar gullasin qiyg‘os.
Erga qadar egilsin o‘rmon –
Endi menga bari bir, inon,
Men uchun oq qarodir endi,
Axir menmas, begona ayol
Sayr etadi ma’shuqam bilan.
O‘RMON ARO…
O‘rmon kezdim uzoq baxtiyor
Bolaligim so‘qmoqlarida.
Yuksak tog‘lar aro adashdim
Yoshlik degan qasrni izlab .
Bog‘ing aro sayragan kakku
Baxt bor, derdi ammo, baxtsizman.
TILLA EMAS, QUDRAT QOLDIRING
Ey odamlar, bu tilla, bu zar
Nega kerak? Sizning qalbingiz
Ko‘mir cho‘g‘iday alvon
Orzu bilan to‘lsin, iloyim.
Farishtalarning mag‘rur ko‘zlaridan
Qimmat yoqutlarni sug‘urib oling,
Jahannamning sovuq quduqlaridan
Muzdek suv iching — faqat
Gadolarga o‘xshab tilamang
Tilla taqinchog‘u qimmat toshlarni –
Siz insonsiz, farzandlarga ham
Jannat qopqalarin ochishga qodir
Timsoli topilmas qudrat qoldiring.
Xurshid Davron tarjimalari
YuLDUZLAR
Tun cho‘kdi.
Peshayvonga chiqdim, tingladim,
bog‘da g‘ujum-g‘ujum yulduzlar,
qorong‘ulik ichra poylab turdim jim.
Eshitdingmi, jaranglab sindi bir yulduz,
sira oyoqyalang yurma o‘tloqda:
bog‘imda yulduzlar sinig‘i g‘ij-g‘ij.
SO‘Z
O‘tli so‘z, chiroyli so‘z, teran so‘z…
Bu – qorong‘uda ko‘rinmaydigan gullar ifori.
Ularning ortida – cheksiz kengliklar.
Balki bu – sevgining otash gulxanidan
o‘rlayotgan xalqa-xalqa dud?
HAYoTNING OPASI
Hayot – o‘limga o‘xshar,
hayot bilan o‘lim tus opa-singil.
O‘lim – hayotga o‘xshar:
uni erkalagin, qo‘llaridan tut,
uning sochlarini silagin –
jilmayib guldasta tutar senga u.
Uning ko‘kragiga yuzlaring yashir –
ko‘zlarini yumib shivirlaydi: bo‘l!
biroq fe’li
singlisiga o‘xshamasligin aytmas.
Rangpar-ko‘kish yuzlarini
tuproqqa bosib yotmas.
oppoq, toza to‘shakda
chalqancha tushib yotmas:
yonoqlari qirmizi, gul-gul
kezib yurar dunyoda sarhush,
hamma bilan bir xil gaplashadi ul.
Gul yuzlari mayin, qadrdon,
nozikkina qo‘llari bilan
yuragingni ushlar nogahon.
Uning barmoqlari tekkan yurakni
sira isitolmas o‘t ham, quyosh ham,
Uning qo‘li tekkan yurak
muzlab qolar muzdan ham sovuq,
toshdek qotar, hech kimni sevmas.
MENING RUHIM
Mening ruhim gapirishni ham, ishontirishni ham bilmas,
mening ruhim faqat yig‘lashni, kulishni,
barmoqlarimni qarsillatib qayirishni
biladi, xolos,
mening ruhim eslab qolishni ham, himoya qilishni ham bilmas,
mening ruhim hukm qilishni ham, isbotlashni ham bilmas.
Bolaligimda qizil atirgulni ko‘rgandim ilk bor,
endi yonimdagi gul begona, rangsiz,
Biroq men undan
pari ajdarhodan qo‘rqqanidan kam qo‘rqmayman.
Ritsar qutqargan pallada qirmiz yonoq edi pari,
mening esa ko‘zlarimning tagida
qora xalqa, qora xalqa.
Rus tilidan Rustam Musurmon tarjimasi