Mira Alechkovich (1924-2008)

Mira Alechkovich (Mira Alechkoviћ; 2 fevral 1924, Novi-Sad, Yugoslaviya — 27 fevral 2008, Belgrad, Serbiya) — serb yozuvchisi, shoir. Serb fan va san’at akademiyasi a’zosi. Yugoslaviya yozuvchilar uyushmasi prezidenti.

SIRK

Bizga keldi ko‘chma tsirk,
Quvonchlarga berdik erk.
Hamma yugurib-eldi,
Sirkni ko‘rishga keldi.

Ko‘tarib shovqin-suron,
Yopirildi olomon.
Mana, ochilar hozir
Qirmizi-moviy chodir!

Sahnada – qora ko‘ppak,
Bilag‘on, sara ko‘ppak.
Quvnoq akillab shu on,
Nenidir qilar e’lon.

Yo‘rtib chiqar oq laycha,
Tishlab olgan cho‘p naycha.
Orkestrga yuz burar,
Qaddin tutib g‘oz turar.

So‘ng hurmat qilar izhor,
U – taniqli dirijyor!
Bundan hamma, albatta,
Og‘iz ochar hayratda.

So‘ng do‘mbira gumburlar,
Sochilar rangli nurlar.
Sahnaga chiqar mamnun
Uch juft yasangan maymun.

Maymunchada zar nimcha,
Yonboshida xonimcha.
Ko‘p shoyondir ta’rifi,
Makaki ism-sharifi!

Maymunlar o‘ynar shodon,
Muxlislar kular xandon.
Osiyocha raqslar soz,
Hamma unga ishqiboz!

Gumkarnay yangrar gum-gum,
Fil chiqar – uzun xartum.
U bahaybat va azim,
Barchaga qilar ta’zim.
So‘ng bir oyoqda turar,
Raqsga tushib kuldirar.

Velosipedda shu choq
Chiqib keldi qo‘sh maymoq.
Kiyim-boshi po‘rim, shay,
Gir-gir aylanar tinmay.

Shovqin-suronga moyil
Muxlislar qolar qoyil.
Keyin hamma urar oh,
Bir g‘ildirakli maymoq!

Bu ham, mayli, engashib,
Bir-biriga mingashib,
Ikki ayiq shaylanar,
Arenani aylanar.
Mo‘jiza! Eng keragi,
Yo‘q ular g‘ildiragi!

Ana, to‘rtta akrobat,
Kutib turishar navbat.
Ular epchil va abjir,
Aylanishadi gir-gir.
Havozada uchishar,
Bir-birini tutishar.

Ko‘zboylog‘ich, chavandoz,
O‘yinchi, masxaraboz,
Arslon o‘rgatuvchi,
Tomosha ko‘rsatuvchi,
Ne istasang bari bor,
Kulgili, mo‘jizakor!

Baqaloq masxaraboz,
Kiyib chiqdi papoqni.
Hammaga salom berdi,
Boshdan olib qalpoqni.

Bir payt qalpoq ostidan
Ko‘rindi kulrang laycha.
Yana bu ne mo‘jiza?
Hayratga tushdi barcha.

Kimdir eshik ortidan,
Itni chaqirib qoldi.
Laycha ketdi yugurib,
Zumda ko‘zdan yo‘qoldi!

Barcha izlar laychani,
Lol bo‘lib nag‘masidan.
Masxaraboz ur-surda
Ayrildi tugmasidan.

Hayajonda olomon
Der:
– Laychani ko‘rdi kim?
Kechir, do‘st,
Izlab men ham,
Orqasidan yugurdim!

Nurulloh Oston tarjimasi