Ivan Lalich (1931-1996)

Ivan Lalich (Ivan V. Laliћ) – shoir, nosir, essenavis, munaqqid. Frantsuz, nemis, ingliz va mojor tillaridan tarjimalar qilgan. “Sobiq bola” (1955), “Melissa” (1959), “Argonavtlar va boshqa she’rlar”, “Vaqt, gulxanlar, gulshanlar” (1961), “Vizantiya” (1987) kabi she’riy kitoblar muallifi.
Ko‘plab she’riy antologiyalar va majmualarni tarjima qilib, nashr ettirgan. “Yangi frantsuz lirikasi – Bodlerdan bugungi kungacha” shular jumlasidan (1966).

AMOR FATI*

Kulbam yonidagi juft jo‘ka so‘ylar:
qiyalikning shimol tomoniga sen o‘tqazding-a bizni,
g‘addor – xatokor, ishqilib, tutishimiz kerak mustahkam,
xarob poydevoring kuz, qish, yoz, bahor – qancha suvlar oqdi,
ozmas, harqalay;
endi biz ulg‘aydik, saqlagaymiz kulbangni omon
oltin javzo qoni qizisa,
yomg‘ir va yel izg‘isa har yon.
Sen gunohkor, bugun bizning tomirlar tutash
ochko‘z, bepusht g‘ar shaharning ishvalariga,
shipshir menga shunday jo‘kalar, shivirlash-la aylayman javob:
nima bo‘pti, hatto bu omad –
oqibatin qilsa sarhisob;
alqagayman sizni toabad, siz ham meni duo qilsangiz,
qayta gulga kirar jonim, zamonim.
__________
* Taqdirga iymon (lot.).

XOTIRA BOG‘I

Ul bog‘ni unutma, Melissa, bir bog‘ki,
chekka bir ovloqda kechgan yoz, qadimiy
so‘z yanglig‘, bir bora atalgan, bir bora;
hosili yig‘ilgan totli bog‘,
xo‘b kamyob, xo‘b kechki, g‘arq pishgan oltin rang,
quvragan, qahrabo barglarin chekkasi naqshinkor,
olov o‘zgartirgan yo‘llarin.
Biz tildan hech qachon qo‘ymaymiz,
suvlarga nogahon tushgancha chopadi yuzada,
na totli shildirar xotirlar sog‘inchi.
G‘aroyib
o‘tgan kunlarimiz bisotin xayoldan kechirib, biz uchun,
kelajak uchun ham ko‘z ochar moziylar; men ayni lahzada tiklarman xiroming,
allakim chorlagan, nogahon ne’matga uzangan qo‘llaring,
beixtiyor va lekin har qanday taqiqlar o‘tkinchi. Oqshom shoshib yo‘lga tushar,
butoqlar bo‘lar gum, oydin yulduzlardan sut tomchilaydi;
daydirmiz tun bo‘yi, bor-yo‘g‘i bir qadam oldinda borasan
bog‘ osha, Yerdagi jamiki mevalardan totli va qimmatli,
bir ta’m bor bu yerda hech kimsa totmagan, terib ham ololmas biror zot.

ERDAGI HAYKALLAR QO‘ShIG‘I

Siyratim yot-dushman bog‘dadir,
soxtadan soxtakor, yuz burar imillab,
misoli yulduzlar nizomi;
shu joyda
qiyofam, o‘zligim ko‘milgan, gardanim irshayar o‘zda yo‘q
zaminiy tubanlik ustida, zulmatlar zamiri tusida
boradigan dalasiga bo‘g‘ilgan suv yo‘li;
shamol bor,
netongki ertadan esadi, g‘ilmonning
zalvorli qanoti, atrofimda
tomiri qilt etmas, lahzada qo‘nmoqqa shay-shoshqin turadi,
ko‘kning eng to‘ridan yog‘arkan shu’lalar;
o, barglar,
abadiy maromda ming bitta ko‘zlari!
Dilbarning borgan sari tomiri mendan nari,
bir tomchi yomg‘ir ham yelkada sirg‘almaydi,
chunki mubham dog‘uli bir qo‘lki, allaqachon
tamoman boshqa bir chorboqqa oralagan.

Rus tilidan Vafo Fayzulloh tarjimasi